O‘n ikki farzandning otasi, 76 yoshli
dono mo‘ysafid Charli Chaplin 1965-yili
qizi – Parij sahnasida raqs tushib dong taratish orzusida
yurgan 21 yashar Jeraldinaga maktub yo‘llaydi. Ehtimol,
bu xatni daho san’atkor shaxsan bitmagandir.
Muhimi bu emas, chunki hishayajonga to‘liq ushbu
bitikdagi o‘git-nasihatlarni
har bir ota farzandiga aytishi mumkin...
Ona qizim!
Hozir tun. Mavlud kechasi. Mo‘jazgina qal’amning jajji askarlari allaqachon uyquga ketgan. Ukang ham, singling ham shirin tush ko‘rib yotibdi. Hatto onang mudrab qoldi. Qushchalarimni uyg‘otib yubormayin deb, nimyorug‘ bo‘lmamga oyoq uchida yurib keldim.
Mendan qanchalar yiroqdasan-a, qo‘zichog‘im! Biroq ishon, qiyofang har soniya ko‘z o‘ngimda, agar yolg‘on so‘zlayotgan esam ko‘r bo‘lay. Surating stolimda va yuragimda doim. Sen-chi, sen qaylardasan? Ertakmonand Parijda, Yelisey maydonidagi ulug‘vor teatr sahnasida charx urayotirsan. Buni-ku aniq bilaman, lekin oqshom sokinligida qadamlaring tovushini eshitayotgandek, qish osmonida charaqlagan yulduz misol ko‘zlaringni ko‘rayotgandek bo‘laman.
Eshitishimcha, tantanavor tomoshada tatar xoniga asir tushgan fors go‘zali rolini ijro etayotirsan. Barchani maftun etib xirom ayla! Yulduz bo‘lib yal-yal yon! Ammo tomoshabinning olqish-u maqtovlari seni mast qilib qo‘ygudek bo‘lsa, taqdim etilgan guldastalar iforidan boshing aylansa, xoliroq joyga o‘tgin-da, shu maktubimni o‘qi, qalbingga quloq sol. Men sening otangman, Jeraldina! Men Charliman, Charli Chaplin! Go‘dak ekaningda uyqudagi malika-yu mijja qoqmaydigan ajdar haqida ertaklar so‘ylab, ne-ne kechalar belanchak boshida bedor o‘tirganimni bilsang edi, jon qizim! Keksa otang ko‘zlari uyqudan yumilib-yumilib ketayozganda, “Meni tinch qo‘y, xalal berma! Qizimning orzusi, qizginamning kelajagi – shirin xayollarimni to‘zg‘itma!” deya uni bazo‘r aritardim.
Men sening orzularingni ko‘rardim, Jeraldina, istiqbolingni, bugungi kuningni ko‘rardim. Sahnada raqs tushayotgan qizginani, samolarda charx urayotgan malakni ko‘rardim. Qulog‘imga odamlarning shivir-shiviri kelardi: “Anavi raqqosani ko‘ryapsizlarmi? U haligi qari masxaraboz bor edi-ku, o‘shaning qizi. Charli edi ismi, esingizdami?” Ha, men o‘sha Charliman! Qari masxaraboz! Davring keldi, qizim, xirom ayla! Men beo‘xshov, yirtiq-yamoq cholvor kiyib raqs tushganman, sen esa malikalarning shoyi-ipak libosida charx urayotirsan. Bu raqs va gulduros qarsaklar seni ba’zan osmonlarga olib chiqib qo‘yadi. Uch! Ko‘klarga parvoz qil! Lekin oyog‘ing zamindan uzilmasin! Sen oddiy xalq turmushini, sovuqdan, ochlikdan tishi takillab tomosha berayotgan ko‘cha raqqoslari hayotini ko‘rishing kerak. Otang shularning bittasi edi, Jeraldina. Huv bir vaqtlar – sen ertak tinglab shirin uyquga ketgan g‘aroyib kechalarda otang mijja qoqmasdi. Sening farishta yanglig‘ chehrangga boqib, jajji yuraging duk-dukiga quloq tutar ekanman, o‘zimga o‘zim “Charli, shu norasida bir kun kelib, nahotki, sening tarixingdan xabardor bo‘ladi?“ der edim. Yo‘q, Jeraldina, sen mening kechmishimdan bexabarsan. Go‘dakligingda senga ko‘p cho‘pchaklar so‘zlab berganman-u, o‘z ertagimdan og‘iz ochmaganman. Bilsang, u ham maroqli – Londonning yo‘qsillar yashaydigan qasabasida qo‘shiq kuylab, raqs tushib sadaqa yig‘ib yuradigan och-yupun bir masxaraboz haqidagi ertak. Mening ertagim shu! Men ochlik bepanohlik, xor-zorlik neligini ko‘rdim. Ko‘ksida ummon qadar cheksiz g‘ururi bo‘laturib, daydi-masxaraboz edim men. Shunisidan kuyardim, shunisi alam qilardi. Sadaqaga otilgan sariq chaqalar jarangi bu g‘ururni battar sindirardi. Ammo qara, otang nomusdan o‘lib qolgani yo‘q, shunday ekan, bu gaplarni eslashga ne hojat!
Yaxshisi, sendan so‘zlashaylik, Jeraldina. Isming ortidan mening familiyam – Chaplin keladi. Otang shu nom bilan ro‘yi zamin odamlarini qirq yildan ziyod kuldirib yurdi. O‘zi esa ularning kulgisidan ko‘proq yig‘ladi.
Jeraldina, sen yashayotgan bu olamda hayot o‘yin-kulgi va musiqadangina iborat emas! Yarim kechasi azim tomoshagohdan chiqqan mahaling boy-badavlat muxlislaringni unutarsan, to‘g‘ri. Lekin seni uyga eltib qo‘yadigan taksi haydovchisidan uning bola-chaqasi-yu xotini haqida so‘rash esingdan chiqmasin. Agar ayoli homilador bo‘lib, tug‘ilajak bolaga taglik sotib olishga qurbi yetmasa, haydovchining cho‘ntagiga pul solib qo‘ygin. Bankdan ana shunday xarajatlar uchun ham pul olishing mumkin – otang buning chorasini ko‘rib qo‘ygan. Biroq boshqalarga – bariga qat’iy hisob-kitob bilan haq to‘laysan. Ba’zan metroga tushib tur yoki avtobusga chiq, piyoda yurib shahar kez. Odamlarni kuzat! Tul qolgan ayollar va yetim bolalarni ko‘zdan qochirma! Kunda hechqursa bir marta o‘zingga o‘zing “Men ham shularga o‘xshagan bandaman” deb ayt. Ha, sen shulardan bittasisan, ona qizim!
San’at, odatda, osmonlarga parvoz qilmoq uchun qanot berishdan oldin insonning oyog‘idan chaladi.
Bir kun kelib o‘zingni tomoshabindan yuksakda his qilib qolsang, darhol sahnani tark et. Duch kelgan taksiga o‘tir-da, Parij chekkasiga bor. U yerda o‘zingga o‘xshagan, hatto sendan suluv, xushbichim, g‘ururi osmon bo‘lgan ko‘plab raqqosalarni ko‘rasan. Men ularni yaxshi bilaman! Bu maydonlarda teatringdagi kabi ko‘zni qamashtirguvchi chiroqlar qayda... O‘sha raqqosalar oy shu’lasida xirom etadi, ular uchun chiroq – oydir!
Ularning raqsini kuzat, zehn solib kuzat! Shuginalar sendan qobiliyatliroq emasmi? Tan ol, jon qizim! Sendan yaxshi raqs tushadigani, sendan o‘tkazib tomosha ko‘rsatadigani doim topiladi!
Esdan chiqarma: Charli oilasidan aravakashni jerkiydigan yoki Sena qirg‘og‘ida o‘tirgan gadoyni mazax qiladigan betarbiya chiqmagan! Mening umrim poyoniga yetib qoldi, sen hali uzoq yashaysan. Kambag‘allik neligini aslo bilmasang deyman. Shu xat bilan chek daftarcha ham jo‘natayotirman: qancha xohlasang, shuncha xarjla, qizim. Lekin ikki frank sarflaganda, uchinchi frank meniki emas, deb o‘zingga o‘zing eslatib qo‘ygin. U shunga muhtoj bo‘lgan begona odamga tegishli. Bunday bechorani topish qiyin emas – atrofga qara, ularni har qadamda uchratasan. Senga pul haqida gapirayotirman, aybga buyurma, sababi – bu matohning iblisona qudrati menga ma’lum.
Xabaring bor, men sirkda ozmuncha umr o‘tkazmadim. Mudom dorbozlardan xavotirda, yurak hovuchlab o‘tirardim. Bilib qo‘y: bu qattiq yerga omonat dorda o‘ynagan dorbozdan ko‘ra, tekis yo‘lda yurgan odamlar ko‘proq yiqiladi.
Hoynahoy, biror ziyofat yoki bazmda allaqanday olmos ko‘zingni qamashtirib, seni o‘ziga rom etar. Shu ondanoq u sen uchun muqarrar dorga aylangusi – oyog‘ing toyib, yiqilishing hech gap emas. Kunlarning birida biror o‘ktam shahzoda aqlingni o‘g‘irlar. O‘shanda sen tajribasiz, havaskor dorbozga aylanasan – bundaylar esa, ma’lumingkim, har qadamda qoqiladi.
Qalbingni pul, zeb-u zarga almashma. Eng ulkan gavhar bu – boshimiz uzra charaqlab turgan quyosh, unutma. Ajabki, u shoh-u gadoga barobar nur sochadi. Vaqti kelib yuragingda chin muhabbat g‘uncha ochadi, biror yigitga ko‘ngil qo‘yasan – uni butun qalbing bilan sev, e’zozla. Onangga bu borada qizingga maktub yo‘lla, deb aytdim. Ishq-muhabbat bobida u mendan donoroq va qiz bola bilan bu xususda ona gaplashgani durust.
Kasb-u koringning o‘ziga yarasha qiyinchiligi bor, bilaman. Jismingni bir parchagina ipak mato yopib turadi. San’atni deb ba’zan sahnaga belibos chiqishga ham to‘g‘ri keladi, lekin u yerdan nafaqat kiyingan holda, balki pok-toza tushish kerak.
Mendek qari bir odamning gaplari senga erish tuyular, lekin fahmimcha, ayol jismi uning qalbini sevgan, uni boricha – fazilati-yu kamchiliklari bilan qadrlay olgan odamgagina nasib etmog‘i lozim.
Agar bu xususdagi qarashlaring hozirgi zamonnikiga hamohang kelmasa, o‘n yillar ortda qolgan bo‘lsa ham, hech bokisi yo‘q. Tashvish chekma, oradagi o‘n yillik farq seni qari qilib ko‘rsatmaydi. Biroq nima bo‘lgan taqdirda ham, men sening o‘shanday “malaklar oroli“ning so‘nggi fuqarosi bo‘lib qolishingni xohlayman.
Bilaman, ota bilan farzandning fikrlari doim ham bir yerdan chiqavermaydi, ba’zan ular bahslashadi, gap talashadi. Aytganlarim ma’qul kelmasa, men bilan tortishaver, qizim. Farzand degani har so‘zga bosh egib turadigan mo‘min-royish bo‘lishi kerak qabilidagi tutum otangga yot. Ko‘zyoshlarim hali xat ustiga tommay turgan shu fursatda ushbu tun – Mavlud kechasi mo‘jizavor ekaniga ishongim keladi. Qani edi, mo‘jiza ro‘y bersa-yu mo‘ysafid otang nima demoqchi bo‘lganini ipidan ignasigacha tushunib yetsang, jon qizim! Charli endi keksayib qoldi, Jeraldina. Ertami-kechmi, sahnaga kiyib chiqadigan oppoq libosing o‘rniga motamsaro qoraga burkanib qabrim boshiga kelasan. Hozir bu gaplarni aytib ko‘nglingni buzmay qo‘yaqolay, bas. Faqat iltimos, vaqti-vaqti bilan toshoynaga boqib o‘zingga ser solib qaragin – unda otangni ko‘rasan. Tomirlaringda qaynoq qonim oqayotir. Otang yuragi urishdan to‘xtab, tomirlaridagi qon ivib, sovib qolganda ham uni unutmasang deyman, jon qizim!
Men begunoh farishta emasman, ammo mudom odam bo‘lmoqqa intildim, sen ham shunga intil.
Peshonangdan o‘pib qolaman, Jeraldina.
Otang.
1965-yil dekabr.
SHOHSANAM tarjimasi.
“Tafakkur” jurnali, 2022-yil 4-son.
“Mudom odam bo‘lmoqqa intildim...” maktubi
Adabiyot
Til
Adabiyot
Adabiyot
Jarayon
Til
Til
Jarayon
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Tarix
Tarix
Din
San’at
//
Izoh yo‘q