Navoiy noutbuk ishlatganmi yo iPad?


Saqlash
20:19 / 06.10.2021 1640 0

 

Bir kuni tanish navoiyshunos olim hasrat qilib qoldi.

– Kecha nabiralarimni rosa urishdim. “Internetdan bosh ko‘tarmay har xil bo‘lmag‘ur narsalarni ko‘rib yotasizlar, nuqul “ur-ur”, “o‘ldir-o‘ldir” o‘yinlarni o‘ynaysizlar. Bobongiz navoiyshunos bo‘lsa, sizlar qachon bir odam bo‘lib, Navoiy hazratni o‘qiysizlar? O‘zbek bolasi bo‘laturib, Navoiyni bilmasangiz, uyat emasmi?”, deb tanbeh berdim.

Ikki nabiram – biri o‘n to‘rt, biri o‘n yosh, indamay yerga qarab turishdi, keyin kattasi: “O‘qiymiz-u, tushunmaymiz-da”, dedi.

“Nimasini tushunmaysizlar? “Bilmaganni so‘rab o‘rgangan olim, Orlanib so‘ramagan o‘ziga zolim”, degan she’riy bayt bilan ularga nasihat qildim. So‘ngra “Farhod va Shirin” dostonini qo‘limga olib, dastlabki duch kelgan parchani o‘qib berdim: – Mana, masalan, Shirin Farhodga “Nedur ahvoling, ey zori g‘aribim, Visolim davlatidin benasibim?”, deb maktub yozadi. Keyin: “O‘qub mazmunidin olsang hisobin, Karam aylab yiborgaysen javobin”, deya o‘z xatiga javob kutishini aytadi. Qani, buning nimasi tushunarsiz?”

Kichkina nabiram bosh irg‘ab qo‘ydi-da: “Tushunarli, lekin Shirin kapustani nima qiladi?”, deb so‘radi ko‘zlarini pirpiratib.

“Qanaqa kapusta?”, dedim hayron qolib.

“Ana, “karam yuborgaysan”, deyapti-ku?”, dedi nabiram jovdirab.

Kulib yubordim.

“E, afandi bolam, “karam” degan so‘zning “rahm qilish” degan ma’nosi ham bor-da”, dedim. Keyin bu ikki zumrashaning baribir kompyuter ishqida betoqat bo‘lib turganini ko‘rib, Navoiyni bu yo‘l bilan anglatib bo‘lmasligini tushundim.

“Navoiy bobongiz ham kompyuterdan zo‘r foydalangan, agar bilsangiz”, dedim.

Nabiralarning miyasida qandaydir lampochka yarq etib yonib, ko‘zlari porlab ketdi.

“U zamonda kompyuter bo‘lmagan-u?”, dedi kattasi ishonqiramay.

“Navoiy noutbuk ishlatganmi yo iPad?”, deb so‘radi kichkinasi.

“Mana shu kitobda, – deb javondan “Farhod va Shirin”ning nasriy bayonini olib, ularga uzatdim, – hammasi yozilgan, o‘qib chiqsalaringiz, darrov bilib olasizlar”.

Aka-uka kitobni qo‘ltiqlab, xonalariga yugurib ketishdi. Besh minutdan keyin oldimga qaytib kelishdi.

“Bobo”, dedi katta nabiram, – biz “Google”dan so‘radik, Navoiyning kompyuterini bilmas ekan.

Ukasi ham uning gapini ma’qullab turibdi.

“Ha, bu “Google” Xudo emas-ku, hamma narsani bilsa”, dedim. – Kitobni o‘qimadinglarmi?”

Nabiralar yer chizib qoldi.

“Esiz, dedim afsuslanib. – Mayli, o‘zim aytib beraqolay. Dostonda Farhod degan bir yigit haqida yozilgan, u Xitoy podshosining o‘g‘li bo‘ladi. Bir kuni otasining xazinasiga kiradi. Qarasa, javonda to‘rt burchakli bir oyna turgan ekan. Qo‘liga olib, o‘ng kafti bilan siypalagan ekan, oynada uzoq bir mamlakatning tasviri ko‘rinibdi...”

“Sensorli iPad ekan”, dedi kichkina nabira akasini turtib.

“Zoom programmasiyam bor ekan”, dedi akasi ko‘zi chaqnab.

“Oynada baland bir tog‘ning etagida ko‘p odam kanal qaziyotgani g‘ira-shira ko‘zga tashlanibdi”, deb hikoyamni davom ettirdim.

“Interneti sekin ishlar ekan”, deb luqma tashladi kichkina. – Bobo, o‘sha Farhod VPN dan foydalanmabdimi?

“Jinnimisan, balki Wi-Fi yo‘qdir”, dedi akasi e’tiroz bildirib. – Keyin nima bo‘pti?

“Keyin qarasa, bir chiroyli qiz oq otda kelib qolibdi. Uning oti Shirin, o‘zi malika ekan”, dedim kulimsirab. – Farhod shu zahoti u qizni yaxshi ko‘rib qolibdi, uning kimligini so‘rab-surishtira boshlabdi.

“Online gaplashibdimi yo offline?”, dedi kichkina nabiram ijikilab.

Shu yerga kelganda men xuddi “Ming bir kecha”dagi Shahrizod singari hikoyani to‘xtatib: “Endi kitobni o‘qisanglar, buyog‘ini bilib olasizlar”, deb ularning yuragini qizdirib qo‘ydim.

Aka-uka nochor bosh qashib, yana kitobni ko‘tarib, xonalariga ravona bo‘lishdi.

Ertasiga ertalab, ular bir-biriga gal bermasdan “Farhod va Shirin”dagi IT-texnologiyalarni menga tushuntira ketishdi.

Kichkinasi: “Bobo, bilasizmi, Navoiy eskalatorni ham bilgan ekan, faqat otini “uchar zina” deb atagan ekan”, desa, kattasi: “Eskalator nima bo‘pti, u hatto batiskafni ham ko‘rgan ekan. Farhod oynavand uy yasab, dengiz tagiga tushganini ham yozgan ekan”, dedi.

– O‘sha Farhodni-chi, dedi kichkinam ko‘zlarini katta-katta ochib, – lazer teshasiyam bor ekan, tog‘-toshlarni “shest sekund”da kesib tashlarkan.

– Lazer emas, bekor aytibsan, dedi akasi e’tiroz bildirib, – lazer toshni bunaqa kesolmaydi, grafen kesa oladi, bildingmi?

Nonushta qilib bo‘lganimizdan keyin aka-uka baravariga:

– Bobo, Navoiy yomon “krutoy” yozar ekan, davay, boshqa kitoblariyam bo‘lsa, bering, deb iltimos qilishdi.

 

Xayriddin SULTON

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi

Adabiyot

16:11 / 22.11.2024 0 79
Maktab amma

Adabiyot

15:11 / 20.11.2024 0 269
Abdulla Qodiriy – o‘zbek detektivi asoschisi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

San’at

16:08 / 28.08.2021 8 22083
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi

//