“Biz millat va davlat sifatida qonuniy yashashni o‘rganishimiz kerak” – publitsist Shahnoza Soatova


Saqlash
23:16 / 09.06.2023 1802 0

– Ayolga munosabat har qanday ilg‘or tafakkur va mafkuraning ajralmas tarkibiy qismi, ta’bir joiz bo‘lsa, ma’rifat va madaniyat mezoni sanaladi. Ayolini e’zozlagan xalq ham, inson ham kam bo‘lmaydi. Biz dunyoviy, demokratik jamiyat o‘laroq shu kunlarda ayolning haq-huquqi masalasini chuqurroq idrok etyapmiz, muhokama qilyapmiz; ayol kishi rahbar bo‘lsa, jamiyat jadal ravnaq topadi deya boshqaruvda ularning salmog‘ini oshirishga urinyapmiz. Lekin... hokimlikka tayinlangan bir-ikki arbob opaxonning siyosat-u dag‘dag‘ada haddidan oshib, “internet qahramoni”ga aylanganidan ham xabaringiz bor. Nima bu: siyosiy-boshqaruv tizim tabiatining voqelanishimi yoki ayol tabiatining?

 

– Ayollar orasida Senat raisi, vazir, elchi, universitet rektori, aeroport direktori... xullas, turli darajadagi rahbarlar bor. Erkaklar orasida ham shunday, albatta. Ammo negadir erkak-ayol “internet qahramonlari” faqat bir tizimdan chiqyapti. Bundan gap jinsda emas, tizimda degan xulosaga kelish mumkin. Umuman, “Ayollarning siyosiy va ijtimoiy faolligi nima uchun muhim?” tarzida konstruktiv savol qo‘yilsa, jamiyat bundan yutadi deya dadil javob bersa bo‘ladi.

 

Kuzatuvlarga ko‘ra, ayollar ma’rifatli, ijtimoiy-siyosiy jihatdan faol bo‘lgan jamiyat tinchroq, farovonroq va taraqqiyparvarroq keladi. Chunki ayol kishi resurslarni qurollanish, xavfsizlik, huquq-tartibot sohalaridan ko‘ra ko‘proq ta’lim, sog‘liqni saqlash, ilm-fanga yo‘naltirishni istaydi. Bu uning tabiati va onalik instinkti bilan bog‘liq bo‘lsa kerak. Demak, ayollarni ma’rifatli qilish, huquqiy bilimini oshirish, moddiy ta’minotini yaxshilash, kasb-hunar o‘rgatish, jamiyat a’zolari ongiga “ayolga munosabat – taraqqiyotga munosabatdir” degan tushunchani singdirish, ayollarni ijtimoiy qo‘llash tizimini rivojlantirish kabi yana talay amaliy chora-tadbirlar kelajak va taraqqiyot bilan bog‘liq dolzarb masalalardir.

 

Siz aytgan misollar esa dorilarning nojo‘ya ta’siri kabi gohi-gohida uchrab turadi, ammo bu hol aslo bugun gender siyosati jabhasida olib borilayotgan chora-tadbirlarni to‘xtatish yo ortga qaytarish zarurligini anglatmaydi.

 

– Fizika va kimyo sohasida – ikki marta Nobel mukofotiga sazovor bo‘lgan olima Mariya Kyurining tanasi shu qadar nurlanib ketgan ekanki, tobuti eshigiga 2,5 santimetrli qo‘rg‘oshin qoplashga to‘g‘ri kelibdi... Aslida ayol zoti rahbar, olim, jurnalist, ijodkor, san’atkorlikning yukini ayollik mas’uliyati ustiga oladi; ba’zida hayotini kasb-u koriga qurbon ham qiladi. Ayniqsa, yillab kutubxonalar changini yutib, laboratoriyalarda kolba-yu mikroskoplarga termilib o‘tish zebo qavmning ishi emasdek...

 

– Agar menga biron sohada iste’dod berilgan bo‘lsa-yu, uning yukini ayol bo‘lganing uchun ko‘tara olmaysan, uyda jimgina o‘tir deyilsa, bu adolatsizlik deb bong urgan bo‘lar edim. Iste’dodni bergan – Olloh, uni ro‘yobga chiqarmaslikka bandasi allaqanday stereotiplar, daqqi qarashlar bilan to‘sqinlik qila oladimi? Bu ilohiy hukmga, qadarga qarshilik emasmi?

 

Yoki mana siz, ayol ijodkor sifatida ayting, ichingizda yonib-toshib turgan salohiyatni ro‘yobga chiqarmay xotirjam yashay olasizmi? Bu xuddi to‘lg‘oqdek gap, hosilani dunyoga keltirish uchun hamma narsaga tayyor bo‘lasiz, shunday emasmi? Sirasi, ayoldir-erkakdir, har bir insonning javhariga joylangan mazmun-mohiyati bor. Ayolni Xudo faqat bola tug‘ish, ro‘zg‘or yumushlari uchungina yaratganida, unga iste’dod, iqtidor, aqliy salohiyat bermagan bo‘lar edi. Ilmiy salohiyat bilan tug‘ilgan ayol olimalik qilmasa, uning hayoti yengillashib qolmaydi. Bundan o‘zi ham, jamiyat ham yutqizadi. Jamiyatning yutqizgani shuki, u mavjud insoniy potensialdan to‘liq foydalana olmaydi. Insoniyat yarmi erkak, yarmi ayol qilib yaratilgan. Demak, ilmiy, ma’rifiy, madaniy va hokazo salohiyat ham jinslararo teng taqsimlab berilgan. Ana shu salohiyatning teng yarmini istifoda etmay to‘rt devor ichiga qamab qo‘yishdan insoniyat qancha narsa yo‘qotishini hisoblab ko‘rish qiyin emas. Bu xuddiki, ikki qo‘li bor odam faqat bir qo‘lini faol ishlatib, ikkinchisini ovqat yeyishga saqlab yurgandek gap.

 

Mariya Sklodovskaya-Kyurini yaxshi misol keltirdingiz. Nodir iste’dodli bu ayol Karpat tog‘larining eng baland qismida alpinizm bilan shug‘ullangani, xotin-qizlar orasida birinchi bo‘lib haydovchilik guvohnomasi olgani, umrining oxirigacha ona tiliga sadoqat o‘laroq ilmiy maqolalarini ikki tilda (polyak va fransuz) e’lon qilish orqali polyak ilmiy tili va tafakkuri rivojiga buyuk hissa qo‘shgani, Eynshteyn ta’biri bilan aytganda, “shuhrat aynitmagan yagona inson” bo‘lgani, olamshumul kashfiyotlarga qo‘l ursa-da ayol bo‘lib qolgani, Birinchi jahon urushi yillari askarlar uchun paypoq to‘qigani, ikki farzandni katta qilgani-

yu erining o‘limidan so‘ng boshqa turmush qurmay, 28 yil beva yashaganini bilsangiz kerak, albatta. Mariya Kyuri shuncha ish-yumushlarni eplash mumkinligini butun dunyoga isbotlab, mavjud stereotiplarni yo‘qqa chiqargan ayol! Tasavvur qiling, u ilmiy faoliyat bilan shug‘ullanmaganida, insoniyat nelarni yo‘qotardi! Albatta, Mariya Kyuri kashfiyotlarini bir kun kelib boshqa erkak olim ham qilishi mumkin edi. Lekin bu qachon va qay tarzda ro‘y berardi? Ilmiy taraqqiyot zanjirida aynan shu ayol bir halqa sifatida belgilangan va bu insoniyat taqdirini o‘zgartirishga xizmat qilgan ekan, bunda faqat hikmat mujassamdir.

 

Men ilmning “ayolning ishi”, “erkakning ishi” deya jinslarga ajratilishini to‘g‘ri deb bilmayman. Agar biz bunday yanglish yo‘l tutsak, shu vaqtgacha ayollar huquqlari borasida erishgan natijalarimizni bekor qilishimiz va taraqqiyot shiddatini susaytirishimiz kerak bo‘ladi. Chunki ayol huquqlari borasidagi asosiy g‘oya ayol va erkakning aqliy qobiliyati tengligi tamoyili ustiga qurilgan. Ayol faolligi esa taraqqiyot g‘ildiragini yanada jadalroq aylantiruvchi muhim omildir.

 

– Gap o‘zbek ayoli, uning jamiyatdagi o‘rni, taraqqiyotga ta’siri haqida ekan, “O‘tkan kunlar”ni eslaylik. Oilada ro‘y bergan fojialar, yo‘qotishlarda O‘zbekoyimning aybi alayno­ayon. Hatto davlat boshqaruvida o‘z so‘ziga ega Yusufbek hojidek tadbirli zot-da uning qaroriga taslim bo‘ladi. O‘zbekoyim degan nom ham ramziydek. Hayotning past-u balandini xo‘b ko‘rgan bir onaxondan “Ayol kuchli, o‘ktam bo‘lsa, er-o‘g‘illar bo‘shroq keladi, ruhini boy berib qo‘yadi” deb eshitganman... To‘y-ma’rakalarimiz jadid bobolarimiz davridan buyon epga kelmayapti; maishiy turmushimiz boloxonador hashamlar-u, luzumsiz jihozlarga to‘lib-toshgan; sarpo-suruq tortishuvlari tinmayotir... Shular barida voqelangan meshchanlik – xonaki mojaroga o‘xshab ko‘rinsa-da – ijtimoiy xavfi hazilakam emas. Yaxshilab mulohaza qilsak, bugun davlat siyosatining muhim qismiga, el-u xalqning sho‘riga aylangan oilaviy ajralish, korrupsiya, mehnat muhojirlari huquqlarining poymol etilishi kabi fojialar ildizi, bir jihati, xotinlarning orzu-havasi, o‘zaro poygasiga borib taqalmaydimi? Nima qilsak, qonimizdagi bu ko‘rinmas baloni yenga olamiz?

 

– “O‘tkan kunlar”dagi syujet chizig‘ida yana boshqa aybdorlar ham bor, ammo siz faqat O‘zbekoyimni ajratib ko‘rsatyapsiz. O‘zingiz ta’kidlaganingizdek, “uning qaroriga taslim bo‘lgan” – erkaklar-ku baribir. Umuman, Qodiriy biz kabi masalani ayol-erkak deya jo‘n talqin etmagan. U fojialar sababi sifatida jaholatni ko‘rsatadi. Asarda jaholatning O‘zbekoyimdan tashqari Azizbek, Xudoyorxon, Musulmonqul, Homid, Mingboshi, Sodiq kabi o‘nlab nomlari borki, biri mustabidlik, ikkinchisi irodasizlik, uchinchisi tamagirlik, to‘rtinchisi zulm, beshinchisi qotillik kabi illatlarni o‘zida tamsil etadi.

 

Albatta, men ayollarimizning johilligini oqlamoqchi emasman, siz tilga olgan muammolar mavjud va ularning miqyosi katta. Ayol o‘qitilmay, ko‘proq “uy qizi” qilib tarbiyalangach, undan johilona odatlar-u johil farzandlar tug‘iladi-da! O‘n olti-o‘n yetti yoshli qizini uzatadigan ham, shu yoshdagi qizga uylanadigan ham – erkaklar. Bu vaziyatda na ota va na er qizning ta’limi haqida o‘ylaydi. To‘rt devor va latta-puttadan boshqasini ko‘rmagan ayol esa maishiy orzu-havaslar bilan andarmon bo‘lishi tabiiy holdir.

 

Men qizlarni erta turmushga berishga qarshiman. Qizlarimiz o‘qishi, bilim, hunar egallashi, oq-u qorani tanishi – bu muammoning birinchi yechimi bo‘lsa, ikkinchi yechim oilada adolatli munosabatlarni yo‘lga qo‘yishdir. Ayol ilmli va oilada adolat poydor bo‘lsa, ajralishlar ham, bema’ni orzu-havaslar ham, moddiyatning ma’naviyatdan ustunligi ham yo‘qoladi.

 

Bir intervyuda O‘zbekiston xalq artisti Gavhar Zokirova aytgan edi: seplari olib kirilganda qo‘shnilar qo‘sha-qo‘sha og‘ir sandiqlarni ko‘rib, “Oh, rosa badavlat kelin ekan!” deyishibdi. Lekin sandiqlar to‘la kitob ekanini ko‘rib, hafsalalari pir bo‘libdi... Bugun bizda shunaqa sandiq-sandiq kitob bilan kelin bo‘lib boradigan qizlar bormi? Shunday kelinga orzumand qaynona yo kuyovlar-chi? Afsuski, bizning ilmga bog‘liq qadriyatlar tizimimiz izdan chiqqan va bunda ayol-u erkak birdek aybdor.

 

– Yuksalishni istagan xalq maktabga kuch beradi – bu aksioma mustaqillik yillarida tildan tushmadi-yu, lekin raqamlar ko‘p, sifat esa kam o‘zgargandek. Ta’lim tizimining hamma bo‘g‘inlarida – maktab, litsey, oliy o‘quv yurtida ishlaganman, uzoq yillar repetitorlik ham qildim. Eng asosiy omil – o‘quvchining o‘zi ekan degan xulosaga keldim: bolada istak bo‘lmasa, ta’lim natija bermaydi! Aslida bu ta’lim to‘g‘risidagi yangi qonunda ham belgilab qo‘yilgan: o‘quvchi endi ta’limning obyekti emas, subyektidir. So‘nggi yillarda davlat ushbu sohaga jiddiy e’tibor qaratyapti-yu, lekin ichimizdagi jaholat, ma’rifatga munosabat eskichasiga qolayotgandek. Darslikni yangilash, oylikni oshirish, qog‘ozbozlikka barham berish, maktabni ta’mirlash, chetdan muallim chaqirish... kabi islohotlar bilan ish bitmayotgandek. O‘ylab qolasiz: xo‘sh, o‘qituvchi avvalgidan ko‘p izlanib, munosib tarzda ishlayaptimi? Ota-ona bolasini surishtirib, maktabga ko‘proq boryaptimi? O‘quvchi maktabga munosabatda o‘n yil avvalgi tengdoshidan boshqacharoqmi?

 

– Savolingiz yaqindagina ro‘y bergan ayanchli, uyatli va ayni choqda saboq chiqarishimiz lozim bo‘lgan voqeani esga soldi. Janubiy Koreyadagi oliy o‘quv yurtida tahsil olayotgan yurtdoshlarimizdan biri onlayn dars chog‘i o‘qituvchisiga o‘zbek tilida haqoratli so‘zlarni yozgan. “Gugl tarjimon” orqali talabaning yozgani so‘kinish ekanidan voqif bo‘lgan o‘qituvchi uni jinsiy zo‘ravonlikda ayblab sudga bergan. Talabaning yonini olib oraga tushgan dekanning ustidan ham da’vo kiritib, uni jinsiy zo‘ravonlik tahdidini xaspo‘shlashda ayblagan. Da’vo isbotlansa, talaba 5 yilga qamalishi, dekan barcha ilmiy unvonlaridan mahrum etilib, ishdan bo‘shatilishi mumkin edi. O‘zbek tilshunos mutaxassislarining lingvistik ekspertiza xulosasi asosida talaba jinsiy tajovuz tahdidi qilmagani, shunchaki so‘kingani isbotlandi. Pirovardida u o‘qishdan haydalib, Koreyadan badarg‘a qilindi, bir necha ming dollar jarimaga ham tortildi; dekanga esa jiddiy ogohlantirish berildi.

 

Bu bizda va xorijda o‘qituvchiga munosabatning yer bilan osmonchalik farqini ko‘rsatuvchi holatdir. Mutaraqqiy dunyoda o‘qituvchining obro‘-mavqei vazir-u vuzarolardan yuqori ekanini yaxshi bilamiz. Ayni choqda, o‘qituvchi bo‘lish ham, bu maqomda turish ham katta mehnat talab qiladi. Nomzod bir necha yillar yordamchi, ikkinchi o‘qituvchi lavozimlarida ishlashi, qancha-qancha talablarni bajarishi kerak. Boshqa tomondan, o‘qituvchiga munosib munosabat ham ko‘rsatiladi: katta oylik, ma’naviy ishonch va hurmat, ijtimoiy imtiyozlar... Bizdagidek o‘qituvchini urish, so‘kish mumkin degan fikrda ulg‘aymaydi bolalar. Shuning uchun ham ular taraqqiyotda ilg‘or!

 

Tan olish kerak, biz kam o‘qiydigan, ta’limga munosabati haminqadar xalqmiz. Xo‘sh, “o‘qib shahar olib berasanmi”, “bir kun keyin olim bo‘larsan” kabi iboralarimizni qanday izohlash mumkin? Lekin eslasangiz, “Ikki eshik orasi” asarida Husan duma Robiyaning otasini “ma’lim” deya ayricha hurmat qiladi. Demak, o‘qituvchining obro‘si baland bo‘lgan davrlar ham o‘tgan tariximizda. Ammo keyin nimadir o‘zgardi, qayerdadir xatoga yo‘l qo‘yildi...

 

London, Amsterdam, Haaga, Moskva... Bu shaharlarda men havas qilarli darajada ko‘p kitob do‘konlarini ko‘rdim. Ularda san’at-u adabiyot ham ilg‘or o‘rinda, jamoatchilik fikrini shakllantirish, boshqarish va tarbiyalashda yetakchilikni boy bermagan. Badiiy asarlar asosida muntazam ravishda seriallar, filmlar suratga olinadi, spektakllar qo‘yiladi. Ijodiy erkinlik esa tafakkurni yanada o‘stirib, kitobga va ilmga ishtiyoqni orttirishga xizmat qilmoqda. Tafakkur, tarbiya va targ‘ibot pishiq asarlar ustiga qurilmog‘i darkor. Bizda pishiq-puxta asarga tayanib kino yo serial olinganini eslolmayman. Hatto tarixiy shaxslar to‘g‘risidagi seriallar ham tayyor badiiy asarlar emas, yo‘l-yo‘lakay yozib-o‘zgartirib boriladigan qoralamalar asosida ishlanyapti.

 

Korrupsiya, firibgarlik, yolg‘onchilik va bu illatlarga nisbatan befarqlikning bir tomoni adabiyot (adab) zaifligi, boshqa tomoni ta’lim inqirozi bilan bog‘liq. Adabiyotga, kitobga qiziqish deyarli so‘ngan jamiyatda yashab, ta’lim muammolari faqat o‘quvchilarga tegishli deyish to‘g‘rimi? Ta’lim maktabdangina iborat emas, ta’lim bu – hayot tarzidir! Hayot tarzimiz har doim ham aqliy mezonlar asosiga qurilmaydi, mazmunan boy, serg‘oya ham emas. Ilm befoyda bir soha deb qaraladi, internet lahjasida aytsak, trendda emas. Shunday holda o‘quvchilar ko‘zida siz kutgan ishtiyoq bo‘lishi mumkinmi?

 

Tanganing ikkinchi tomonida esa – mavjud ta’lim sharoiti va standartlari... O‘n to‘rt yashar o‘g‘lim “Oyi, nega “History” kanalida tarix qiziq, tarix darsida esa zerikarli?” deb so‘raydi. Hujjatli filmlarni jon deb tomosha qiladi-yu, darslikni ochib o‘qigisi kelmaydi. “Oyi, siz savollarimga qiziq javob berasiz, o‘qituvchimning gaplariga tushunmayman”, deydi. Maktabga oyog‘i tortmaydi, “YouTube”dan chiqmay hujjatli film ko‘radi. Aksar sinfdoshlari ham shunday. Nega?

 

Biz bolalarimizning emotsional intellektini o‘stirish bilan deyarli shug‘ullanmaymiz. Biz ularning ongini faqat axborot-u tafsilot bilan to‘yintiramiz, ammo zarur bo‘yoqlarni bermaymiz. Maktab bolaning oltin davrini sovurmasligi kerak. Bu kechirilmas xatodir.

 

– Bugun ilg‘or ziyolilarimiz o‘y-xayolini “mutaraqqiy xalqlar-u davlatlar safida tursaydik”, oddiy odamlarnikini esa “biz ham farovon yashasaydik” deganga o‘xshash orzu band qilgan.  Jamiyatning hamma qatlamida turli taklif-u g‘oyalar aytilyapti, qizg‘in munozara-yu bahslar kechyapti, qonun loyihalari muhokama qilinyapti. Dunyoni faqat ta’limotlar, shiorlar, tortishuvlar o‘zgartirmaydi; ular turmush voqeligiga aylanmasa bari bekor – buni yaxshi bilasiz. Eski haqiqat shu: so‘zning kuchi amal bilan! Bu gap qonunlarga ham tegishli. Jamiyatdagi muammolarga befarq bo‘lmagan, ijtimoiy fikr uyg‘otayotgan, huquqiy masalalarda ham o‘z fikriga ega ziyolilardan biri sifatida ayting-chi, tub o‘zgarishlarga to‘siq bo‘layotgan so‘z va amal, qonun va ijro tafovuti barham topishi uchun tepadagilar nima qilishi kerag-u oddiy odamlar nima qilishi kerak?

 

– Odamlarda qonuniy yashash noqonuniy yashashdan ma’qulroq, degan aqida shakllanmog‘i lozim. Masalan, men qonuniy yo‘l bilan tegishli to‘lovlarni to‘lab yer maydoniga ega bo‘lsam-u, qo‘shnim shu ishni noqonuniy yo‘l bilan, ya’ni pora berib osongina hal qilsa, qonunga asosan yashash kerakligiga kim ham ishonar edi? Uddaburonlar ishini shu yo‘sinda bitirib ketaversa, jamiyat parokandalikka yuz tutmaydimi?

 

Davlat buning uchun korrupsiyani jilovlashi, imtiyozlar mexanizmi ochiq-oshkora bo‘lishi hamda qonunbuzarlarga nisbatan jazo muqarrarligini ta’minlash kerak, mansabdorlar esa qonunga itoatda xalqqa ibrat ko‘rsatmog‘i lozim. Jamiyat qonunga itoatsizlikka munosabatini tubdan o‘zgartirmog‘i darkor. Hozir odamlarning “eti o‘lib”, befarq, ko‘nikuvchan, hatto huquqbuzarliklarni oqlaydigan ham bo‘lib qolgan. Aslida jamiyat huquqiy nigilizmga aslo toqat qilmasligi kerak. Kimdir yo‘l qoidasini buzyaptimi, o‘zboshimchalik bilan daraxt kesyaptimi, birovni urib-so‘kib qiynayaptimi, pora olyaptimi – indamay o‘tmang, qonunsizlikka aslo befarq bo‘lmang!

 

Biz millat va davlat sifatida qonuniy yashashni o‘rganishimiz kerak. Ba’zilar qonun ikkilamchi masala, insof, diyonat birinchi o‘rinda deydi. Lekin insof-u diyonatning o‘lchovi-me’yori bormi? Boz ustiga, yuzta odamda insof darajasi yuz xil. Shuning uchun qonun asosiy mezon bo‘lmog‘i lozim.

 

Xabaringiz bor, yaqinda yo‘llardagi qoidabuzarliklar haqida rag‘batlantirish evaziga tegishli tashkilotlarga xabar berish masalasi ijtimoiy tarmoqlarda ko‘p va xo‘b muhokama qilindi. Ko‘pchilik bu ishni “xoinlik”, “sotqinlik” deb baholadi; davlat qoidabuzarliklarga qarshi o‘zi kurashsin, fuqarolar orasiga tafriqa solmasin qabilidagi gaplar aytildi. Biroq masalaning boshqa tomoni ham bor: davlat hammaning ortidan nazorat qilib yursa, birinchidan, ma’muriy boshqaruv idoralari battar kattalashadi, xarajatlar ko‘payadi, davlat va jamiyatda kuchlar muvozanati buziladi (kuchli ijro hokimiyati va zaif jamiyat modeli nomaqbul ekani ayon); ikkinchidan, fuqarolik jamiyati rivojlanmaydi, jamoatchilik nazorati susayib, befarqlik ortadi.

 

Rivojlangan davlatlarda qonun ustuvorligi va jazo muqarrarligi tamoyiliga ko‘ra, qoidabuzar kim bo‘lishidan qat’i nazar, javobgarlikka tortiladi; demak, xabar yetkazuvchi adolatning yuzaga chiqishiga yordam beryapti deb qaraladi. Bizda esa aksincha: xabar berish – o‘zinikilarni sotish deb baholanadi. Ya’ni qonunlarga amal qilish emas, o‘zinikilarga yoki aynan bir shaxsga sodiq bo‘lish, uning aybini yashirish ko‘proq qadrlanadi. Umum qabul qilingan tartiblarga sadoqat emas, ma’lum bir guruh yo shaxslar manfaatlariga, ularning yozilmagan qonunlariga sadoqat muhimroq. Bunday sharoitda, tabiiyki, na korrupsiya va na boshqa qoidabuzarliklarga qarshi jamoatchilik nazorati asosida kurashish samara beradi.

 

Amalda ko‘proq yozilgan qonunlar emas, yozilmaganlari hisobga o‘tadi. Qoidalar va odatlarga munosabat taxminan mana bunday: “Yozilgan qoidalar davlatniki, yozilmagan qoidalar, an’analar – xalqniki. Yozilgan qoidalarni buzish mumkin, yozilmaganlariga albatta amal qilish kerak. Aks holda, odamlar nima deydi?” “O‘ziniki” va “ular” degan tushunchalar ana shu negizda shakllangan: biz va davlat, biznikilar va davlat odami, xalq va amaldorlar. Ehtimol, muammolarimiz ildizi rivojlangan mamlakatlardagi kabi fuqaro – davlat xizmatchisi, saylovchi – nomzod, xalq – yetakchi tarzidagi tasniflash ongimizga yetarlicha singmaganidadir...

 

Xo‘p, nima qilmoq kerak?

 

Bunda davlatning ham, jamiyatning ham o‘ziga yarasha mas’uliyati bor. Davlat zimmasidagi mas’uliyat qonunlarning hammaga birdek tatbiq etilishi, jazo muqarrarligini ta’minlash, adolatli qoida va tartiblarni yaratishdan iborat.

 

Jamiyat a’zolari esa bu jarayonda o‘zini tomoshabin emas, ishtirokchi va tashabbuskor sifatida tutishi kerak. Davlat tuzilmalari hammaning qonunga to‘liq rioya etib yashashini ta’minlab bera olmaydi, fuqarolarning ham barchasi birdek qonunga itoatkor emas. Shu sababli mutaraqqiy dunyoda jamoatchilik nazorati degan tizim shakllantirilgan. Bu xuddi ichki audit, o‘z-o‘zini nazorat qilish kabidir. Jahonga boqib amin bo‘lasizki, faqat kuchli fuqarolik pozitsiyasiga ega odamlari bo‘lgan jamiyatlargina ravnaq topmoqda.

 

– Bahs-u munozara uyg‘otgan yana bir mavzu – kitobxonlikka oid savol. Taassufki, biz yuqori minbarlardan yangragan olijanob da’vatni dasta-dasta kitob ulashish-u tadbirbozlik kampaniyasiga aylantirib yubordik. Olmonlarda esa “Bir marta kitobga qarasang, o‘n marta hayotga qara” degan maqol bor ekan...

 

– Kitob meni odam qilgan. Shu sabab doim kitob haqidagi savollarga jon deb javob beraman.

 

Bolaligimda onam “Bo‘ldi, uxla, ertalab maktabga tura olmaysan!” deya chiroqni o‘chirib chiqib ketganlaridan so‘ng ham kitobimni ko‘rpa ostiga yashirib, ko‘cha chirog‘i yog‘dusida o‘qishni davom ettirardim. Bolaligimiz ana shunday kitobxonlik asriga to‘g‘ri kelgan edi.

 

Onam men o‘qiyotgan kitoblar mazmun-mundarijasi bilan deyarli qiziqmasdi. Kitob o‘qiyotganimning o‘zidanoq xursand edi u. To‘qqizinchi sinfda o‘qib yurgan kezlarim “Qo‘rqinchli Tehron” asariga mukkadan ketdim. Bir kuni bosmaxonada ishlaydigan onam allaqayerdan romanning mazmunini eshitib qolib, kitobimni yashirib qo‘ydilar. Shundan keyin har bir o‘qiyotgan asarim haqida hisobot beradigan bo‘ldim. Ya’ni endi qancha o‘qiyotganim emas, nimani o‘qiyotganim muhimroq edi.

 

Bugun – kitob o‘qish kamyob hodisa bo‘lib borayotgan bir davrda farzandlarimizga uni emas, buni o‘qi, deya olamizmi? Balki kitoblar butunlay o‘tmishga aylanib borayotgandir-u, farzandlarimiz buni birinchi bo‘lib anglayotgandir? Zamon bolalari ongiga qiziqarli axborotning aksari televideniye, kompyuter va ijtimoiy tarmoqlar orqali kirib kelmoqda. Ammo jamiyatdagi har qanday o‘zgarishlardan qat’i nazar, bola bolaligicha qoladi. Demak, ularning qo‘liga sifatli kitob tutqazib, mutolaa zavqini anglatishga harakat qilaverishimiz kerak.

 

O‘tgan yil oxirida Toshkentda yoshlar forumi o‘tkazildi. Yoshlarga hayotiy rag‘bat berish uchun bir qancha ijtimoiy faol insonlar forumda ma’ruza qildik. Jurnalist va bloger Nikita Makarenko yoshlarning kitob haqidagi savoliga javob beraturib, “Faqat badiiy kitob o‘qing, qolgan barcha kitoblarni uloqtiring” degan bir oz keskin, ammo rost tavsiyani berdi. Nega aynan badiiy adabiyot o‘qish kerak? Uning shaxsiy rivojlanishga oid turli kitoblar, qo‘llanmalar, gazeta-jurnallar, internet saytlaridan afzalligi nimada? Badiiy adabiyot dunyoqarashni kengaytirib, nutqni boyitadi, tasavvurni rivojlantiradi, aynan adabiy qahramonlar bolaga ma’naviy saboq berib, nima yaxshi-yu, nima yomonligini anglatishga qodir. Qolaversa, u o‘quvchiga mislsiz zavq baxsh etadi. Ya’ni badiiy kitob miyani har tomonlama rivojlantirib, “megamiya”ga aylantiradi.

 

Ammo bog‘chaga borar-bormas smartfonni do‘st tutayotgan bolalarimizni bir joyda o‘tirib diqqat bilan kitob o‘qishga jalb qila olamizmi? “O‘qish – zerikarli” deb turgan bolaga nima deb uqtirgan ma’qul? Menimcha, bunda shaxsiy ibrat muhim. Bola ota-onasi qo‘lida kitob ko‘rsa – kitob, gadjet ko‘rsa – gadjetga oshno bo‘ladi. Bolalarimizni so‘zimiz emas, amalimiz tarbiyalaydi. “Men sening yoshingda falon ishlarni qilardim”ga o‘xshash quruq nasihatlar zamon bolalariga ta’sir qilmaydi.

 

Prezidentimiz ilgari surgan beshta muhim tashabbusning to‘rtinchisida kitobxonlikni keng targ‘ib qilish orqali yosh avlodning intellektual salohiyatini oshirish nazarda tutilgan. Ammo bugun bilim, axborot, xususan, huquqiy axborot tarqatishning muhim vositalaridan biri bo‘lgan bosma mahsulotlar – kitob, gazeta va jurnallarni chop etish hamda aholiga yetkazishda ba’zi muammolar mavjud. Avvalo, kitobxonlikni rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlarning tizimliligi va izchilligi, qolaversa, ularning samaradorligini baholash tizimi mavjud emas. Davlat statistika qo‘mitasining ma’lumotlariga qaraganda, 2016–2019-yillar oralig‘ida mamlakatimizda chop etilgan kitob va broshyuralar birligi qariyb 600 taga, adadi esa 7 mln nusxaga kamaygan. Gazeta-jurnallarning yillik adadi shu muddatda qariyb ikki baravar qisqargan. Bu ketishda yana o‘n yillardan keyin kitob muzey eksponatiga, biz esa mahdud fikrli odamlarga aylanmasak bo‘lgani!

 

Kitob bu – g‘oya degani, g‘oyasiz taraqqiyot, umuman, hayot bo‘ladimi?

 

“Biz qorong‘i damlarda ham yorug‘ kelajakka boqa olishimiz kerak” degan edi Arastu. Bugungi qiyinchiliklar ham o‘tar, kitob-u kitobxonlikni yorug‘ kelajakka eson-omon olib chiqolsak bas!

 

Nodira OFOQ suhbatlashdi.

 

“Tafakkur” jurnali, 2022-yil 2-son.

“So‘zning kuchi amal bilan” suhbati

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

//