Totalitarizm fojealari, yo‘qotilayotgan onalik tuyg‘usi va qurolga aylantirilgan adabiyot – Chingiz Aytmatov va Daysaku Ikeda suhbati


Saqlash
20:34 / 09.06.2023 1442 0

Yapon mutafakkiri, yozuvchisi, buddaviylar jamiyati rahnamosi Daysaku Ikeda bilan bizni juda katta jug‘rofiy masofa ajratib turadi, ammo bizning umumiy boyligimiz bor: bu – So‘z.

 

Nima qilsam quyosh so‘nmaydi, dada?

 

Daysaku Ikeda. Bolaligimda boshdan kechirgan eng g‘aroyib tuyg‘u bu – kitobxonlik. Atrof-olam qanchalik o‘tkir idrok etilsa, yosh ong va qalbga shunchalik g‘ayrishuuriy ta’sir ko‘rsatadi, hissiy tajriba hosil bo‘ladi. Umuman olganda, o‘qish jarayoni nafaqat bilimni kengaytiradi, balki ruhiy yangilanish tufayli chuqur hayajon hissini ham hosil qiladi...

 

Chingiz Aytmatov. Gurungimiz boshida bolalik kitobi va uning inson taqdiridagi ahamiyati mavzusini o‘rtaga tashlaganingizdan bag‘oyat mamnunman. Axir, odamning hayoti ma’lum ma’noda kitob bilan – So‘z ila ilk uchrashuvi, uni qanday idrok etishiga ham bog‘liq. Fikrimcha, ayni lahzada muhim hodisa sodir bo‘ladi – biz “o‘zgalar hayotini his etish” degan eshik bo‘sag‘asida turamiz. Uni hatlab o‘tishga tayyormizmi? – masala shunda, inson mavjudligining mazmun-mohiyati ham shu. O‘sha tanlov odamning butun hayotiga ta’sir ko‘rsatadi.

 

Hammamiz ham yaxshi eslaymizki, bolalik va o‘smirlik davrida kitob o‘qiyotib qanday orzularga berilganmiz, tasavvur va taxayyulning qanday gulxanlari ichida qolganmiz! Va... keyinchalik hayotning achchiq voqeligi bo‘lmish alam va qo‘rquv, hiyla va adovatlar o‘sha taassurotlarga ters keladi, shirin xayollarimizdagi go‘zal-go‘zal dunyolar ostin-ustin o‘larak vayron bo‘ladi. Ammo, hatto shunday bo‘lganda ham, birinchi kitoblarning shu’lasi xira tortmaydi, o‘sha shu’la bois tug‘ilgan yuksak orzular changday to‘zib ketmaydi. Ularning kuchi va sehri shu qadar cheksizki, bir umrga saqlanib qoladi...

 

Ikeda. O‘smirlik va yoshlik yillarimda Hyugoni nihoyatda yaxshi ko‘rib o‘qirdim. Hozir ham o‘sha kitoblardan ko‘plab sahnalar ko‘z o‘ngimdan xuddi kaleydoskop kabi o‘tib turadi. Masalan, “Mardudlar”dagi mirshab Javertday shafqatsiz, muzyurak odam o‘zini Sena daryosiga otib, joniga qasd qilishi sahnasi men uchun ramziy ma’noga ega. U xo‘rlangan, haqoratlangan odamlarga hamdard va mehribon Jan Valjanning oldida ma’naviy mag‘lubiyatga uchraydi.

 

Hyugo bunday yozadi: “U (Javert) zulmatda qandaydir ma’naviy quyoshning vahimali balqib chiqqanini ko‘rdi; bu uni dahshatga soldi va ko‘r qilib qo‘ydi. Boyqush burgutning ko‘zlari bilan boqishga majbur bo‘ldi”.

 

Bu axloq nurini yovuz kuchlarning qora bulutlari qoplab olsa, butun dunyo zulmat qa’riga g‘arq bo‘ladi. XX asr hamma joyda buning mudhish ko‘lankasini namoyish qilmoqda, shunday ekan, ular yangi ming yillikning ostonasida turgan insoniyatni chetlab o‘tishi mumkin emas.

 

Aynan shuning uchun ham Hyugoni ko‘proq o‘qish kerak. Orzusini yo‘qotib qo‘ygan bugungi odam farang adibi asarlarini zamonga mos emas, eskirgan deb hisoblashga moyil. Ammo bu noto‘g‘ri. Yana o‘sha tasvirga, “ma’naviy quyosh”ga qaytib aytish mumkinki, zamonaviy odam quyosh haddan ziyod yorug‘ligi uchun uning nurlarini ayblamoqda. Viktor Hyugoning baquvvat poetik ruhi esa shubha-gumonlarga parvo qilmay, nafas olishda davom etayotir.

 

Yana bir jihatni ta’kidlab o‘tmoqchiman: ulug‘roq avlod faqat ruhiyatidan mahrum bo‘lgani uchun yoshlarning kurtak otayotgan dadil intilishlarini oyoqosti qilishiga, bu bilan ularning ijodiy quvvati bulog‘ini quritishiga yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi.

 

Aytmatov. Lev Nikolayevich Tolstoy yoshi bir joyga yetganda, bolalik, o‘smirlik, yoshlik va keyingi o‘n yillikda (har o‘nyillikni u o‘z tarjimai holida muhim bir bosqich deb hisoblagan) o‘qigan, kuchli taassurot qoldirgan va bir umrga hal qiluvchi rol o‘ynagan kitoblari ro‘yxatini tuzgan. Aqlni shoshiradigan ro‘yxat! Ko‘rinib turibdiki, erta yoshligida Russo, Shopenhauer kabilarning falsafiy asarlariga oshno tutingan, ammo ularni tushunish oson emasdi va bundan tashqari, fikrimcha, o‘spirin uchun unchalik qiziq ham bo‘lmagan. Ancha keyingi ro‘yxatlarda esa ertaklarni ko‘ramiz. Men beixtiyor hayratlanib gapirmoqchi edim, lekin mantiqan o‘ylaganda, to‘g‘ridek ko‘ringan narsalardan hayratlanishga chek qo‘yishning vaqti allaqachon yetmadimikan? Buni qarangki, barcha ro‘yxatlarda o‘qilishi zarur bo‘lganlar orasida kitoblar kitobi  – Injil bor.

 

Ikeda. Ha, lekin hozirgi oddiy o‘smir ma’naviy qadriyatlar mubham-mavhum tebranib turgan, unchalik madaniy bo‘lmagan muhitda yashayotgani haqida nima deyish mumkin? Boz ustiga, achinarli tomoni shundaki, “iste’molchilar jamiyati” yoki yana allakimlar didni aynituvchi, hayot haqida noto‘g‘ri g‘oyalarni singdiruvchi xom-xatala asarlarni o‘qishga majbur qiladilar – yana o‘sha hol, chunki bola kichikligidan ibtidoiy tuyg‘ular va fikrlar bilan ulg‘aysa, uni boshqarish oson kechadi.

 

Aytmatov. Afsuski, butkul haqsiz. Adabiyotda yaxshi va yomonni tanib olish uchun odamga ko‘p vaqt, ba’zan yillar kerak bo‘ladi. Bir qarashda juda oddiy tuyuladi. Lekin xatboshidan boshlab so‘zlar tarkibini, iboralar tuzilishini, eng muhimi, unda yashiringan ma’noni, sizni buyog‘iga nima kutayotganini va umuman, shu kitob o‘zi o‘qishga arziydimi-yo‘qmi – bilish uchun qancha kuch talab etiladi? Kim bilsin, siyqa, chaynalgan, bir xil qolipdagi qoralamalar changalzorida qancha vaqt sudralib yurishga to‘g‘ri kelarkan! Yoshlar bu changalzorda uzoq vaqt adashib yurmasliklari, didaktika, ritorika, yalang‘och deklarativlik botqog‘iga botib qolmasliklarini istayman. Ammo buni qanday eplash mumkin? Xayolga berilaman: o‘qishni o‘rganish nima o‘zi?

 

Ikeda. Yaxshi o‘quvchi bo‘lish ham yaxshi yozuvchi bo‘lishday gap – bu har bir shaxs ko‘tarilishi lozim bo‘lgan ma’naviy maqom, asli. Ustozim Toda-sensey “Kitob o‘qiyotganda kitob sizni o‘qishiga yo‘l qo‘ymang”, deb takrorlashdan hech charchamasdi. Buning uchun tasavvur kuchi inson tabiatining tug‘ma mulki bo‘lishi shart emas. Birida – ko‘proq, ikkinchisida – kamroq, uchinchisida... Ana shu uchinchi toifa – taqlid qilishga majbur, beparda jinsiy munosabatlar yoki shafqatsizlik, zo‘ravonlikni targ‘ib qiluvchi kitoblarni o‘qishga ruju qo‘ygan (albatta, ular fahm-farosat kasb etmay turib shunday tarbiyalangan), asosiy maqsad va istagiga erishish uchun har qanday to‘siqlarni yanchib tashlaydigan “kuchli” qahramon Supermenga o‘rnak sifatida qaraydiganlar meni tashvishga soladi.

 

Aytmatov. Dilimdagini aytdingiz. To‘g‘ri, yoshlar orasida kechagi qashshoq, siyosiy ruhdagi adabiyotga talab ko‘p emas. Ularning, ta’bir joiz bo‘lsa, rangi o‘chdi. Yoshlar pand-nasihatni ham, deklaratsiyani ham, soxta nekbinlikni ham qabul qilmay qo‘ydi. Bu yaxshi. Ammo... eng achinarlisi, bugungi kunda siz tilga olgan soxta adabiyot: pornografiya, kuchga sig‘inish, mistika va boshqalarga bo‘lgan ommaviy ishtiyoqning mavjudligi. Sababi kunday ravshan: taqiqlangan meva shirin tuyuladi. Afsuski, bundan vijdonsiz odamlar foydalanib qoladilar, o‘quvchilar bozorini shunday mahsulotlar bilan to‘ldirib, yoshlarning mo‘rt ongidagi bo‘shliqqa yovvoyi, ibtidoiy instinktlarni uyg‘otuvchi axloqsizlik urug‘larini sochadilar. Bu va bu kabi yovuzliklar yashovchan va ko‘p qiyofali. Albatta, bizning davrimizda bu – so‘z erkinligi, oshkoralik kabi “inqilobiy” shiorlar niqobi ostida amalga oshirilmoqda...

 

Ore rost, taqiqlash bilan buni hal etib bo‘lmaydi. Taqiqlash aks natija berishi mumkin. Xo‘sh, nima qilish kerak unda? Nimadir qilish kerak-ku, axir!

 

Ikeda. Gyote vaqti zamonida estetika da’vo qilarak diffamatsiya (Diffamatsiya – matbuotda badnom qiluvchi ma’lumotlarni e’lon qilish) bilan shug‘ullanuvchi badniyat jurnalizmni qattiq qoralagan. U bunday yozadi: “Jurnalizm ommaga o‘rtamiyonalik urug‘larini sochadi, ammo iste’dodlar uchun u – zararli tuman, yuqoridan tushgan zaharkim, daraxtning ijodiy quvvatini, barglarining yashil go‘zalligidan tortib o‘zagi-yu yashirin tomiriga qadar yemirib yo‘q qiladi”.

 

Ana shu joyda yozuvchilarning ma’naviy javobgarligi maydonga chiqadi.

 

Aytmatov. Ha, ammo faqat shuning o‘zigina emas-da. Har bir oila bolalarini har qanday mafkuraviy tajovuzdan himoya qilishi shart.

 

Ikeda. Yuksak haqiqat va yuksak hayotga havas – bolalikning qonuniy mulki, u sof qalbning butun do‘lvorligi-yu samimiyati bilan boshdan kechiriladi. Hayot va o‘lim, tiriklikning ma’nosi haqidagi savollar doimiy ta’qib etgan kezlar esingizdadir? Bu, shubhasiz, insonning psixobiologik tabiatini o‘rganishga bo‘lgan dastlabki talab edi. Uni qondirish, ma’lum ma’noda, adabiyotning ham zimmasida. Uning vazifasi – savol yordamida odamdagi o‘zi payqamagan qiziqishlarni uyg‘otish, tolstoychasiga aytganda, hayot sirlariga bo‘lgan muhabbatni yuqtirish. Yoshlar javobga chanqoq. Ammo zamonaviy sivilizatsiya bu chanqoqni qondira oladimi yoki yo‘qmi – bu boshqa masala. Shu ma’noda o‘g‘lingiz Eldorni men hammadan ko‘proq tushunaman va ich-ichimdan his etaman. U Siz bilan Yaponiyaga kelganida o‘n bir yoshda edi. Yodingizda bo‘lsa, Siz menga bir kuni uni juda g‘amgin, chuqur o‘yga tolgan holda, qo‘lida kitob bilan ko‘rganingizni aytgandingiz. Undan nima bo‘lganini so‘rasangiz, “Dada, bir yarim milliard yildan keyin Quyosh so‘nib, Yerdagi hayot yo‘q bo‘lib ketar ekan. Shunday bo‘lmasligi uchun nima qilish kerak?” degan. Albatta, bolaning o‘ylari sodda, ammo bu – yorug‘ olamdagi fikrlaydigan mavjudotning hayratomuz kuch-qudratidan dalolatdir!

 

Aytmatov. Bu kichik voqeani eslaganingizdan bag‘oyat ta’sirlandim. Haqiqatan ham, bu kabi savollarni zamonaviy bolalargina berishi mumkin. Aminmanki, bunaqasi avval bo‘lmagan, bo‘lolmasdi ham. Xo‘sh, bu – XX asr bolalari, deylik, ming yil avval yashagan tengdoshlaridan ko‘ra aqlli deganimi? Gap bunda emas. Va aql haqida ham emas. Bolalikning mangu sodda-donishmand qalbiga zamonning fojialari kirib bordi. Bu alfozda, biz – fikrlovchi kattalar anglaymizki, Yerdagi hayot yo‘q bo‘lib ketishi mumkin!

 

Ikeda. Tan olish juda achinarli, ammo insoniyat qadim zamonlardan buyon har doim ham issiq bo‘lmasa-da, sovuq urush vaziyatida yashagan. Bu sovuqlik pinhoniy xavfsirash, ishonchsizlik va, ayniqsa, bir-birini dushman deb biladigan qo‘shni xalqlarning ochiq adovatida namoyon bo‘ladi. Buning shohtomiri – tiriklikning yagona maqsadini anglab yetmaslikda. O‘sha maqsad hamma, har qanday turdagi milliy, diniy, sinfiy tartibotlardan yuksak ilohiy haqiqatga erishish uchun butun kuchni birlashtirish talabida ifoda topadi. Urushga moyillik insonning fitratida mavjudligiga ishonmayman. Ammo murosai madora, hayotni sevish – shunday fanki, u bolalikdagina chuqur o‘zlashtiriladi.

 

Aytmatov. Xuddi urush ilmi kabi, shunday emasmi?

 

Ikeda. Ha, albatta. Bu yerda ehtiyotsizlikka yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi. Aks holda, farzandlarimiz ulardan o‘z manfaatlari yo‘lida foydalanuvchi, bolalar ongiga vatanparvarlik, ozodlik, qahramonlik va hokazolarga oid yolg‘on tasavvurlarni singdirib-tarbiyalab-ilhomlantiruvchi turli noravo oqimlar ixtiyoriga tushib qoladi. Bolalar adabiyotisiz bularning oldini olib bo‘lmaydi, albatta.

 

Aytmatov. Kitob – tashviqot vositasi sifatida xavfli kuch. Inqilobiy-vatanparvarlik mavzusidagi adabiyot ijodkorlari orasida hech bir shubhasiz, iste’dodsizligi yaqqol ko‘rinib turganlar bo‘lgan. Ammo ularning eng talantlilari ham mafkuraga ixtiyoriy qaram, yozganlari o‘sha mafkuraga bo‘lgan samimiy ishonch bilan to‘la edi. Tan olish kerak, u mualliflar ko‘zlangan maqsadga erishdilar ham. Aytaylik, yosh avlodni ruhan urushga tayyorlashda. Urush tugaganidan so‘ng – ko‘p yillar o‘tib men militaristik g‘oya bizning bola ongimizga ommaviy tarzda qanday singdirilganini anglay boshladim. Yuqoridagi kabi “asar”larda urushda jonini qurbon qilish – eng yuksak vatanparvarlik jasorati o‘laroq ulug‘lanar edi.

 

Siz va men tengdoshmiz, urush yillarida Yaponiyada yoshlar adabiyotidan qanday foydalanilganini eslasangiz kerak. Axir, sizning mamlakatingizda ham “jasorat”ni qahramonlashtirish, tasavvur qilishimcha, favqulodda yuksaklikka ko‘tarildi.

 

Ba’zan tasavvurga berilaman, agar jang maydonida “Urra!” degan qichqiriqlar bilan jon bergan askarlar tirilib kelsa-yu ulardan “Siz yana jangga otlanishga tayyormisiz?” deb so‘ralsa, ishonamanki, ikkala tomonda ham qahramon topilmasa kerak. Inson ongli hayotining faqat ibtidosidagina tavakkal jasorat ko‘rsatishga tayyor turishi mumkin. Shuning uchun ham mafkura inson qalbini imkon qadar ertaroq, hatto bolaligidan zabt etishga shoshiladi. Totalitar turmushda biz buni ko‘p ko‘rganmiz. 

 

Targ‘ibot o‘z yo‘lida adabiyotni ham qurol qilib olib, odam tabiatiga qarshi kurashadi va shu bilan insoniy matohdan yangi basharni yaratishdek vahshiyona g‘oyani (tarafdorlar uni insonparvarlikning eng yuqori bosqichi, olijanob niyat deb ataydilar) ilgari suradi. Bu odamlar hech o‘zlaridan so‘rab ko‘rganmikan: hatto, aqldan ozgan taqdirda ham bunday rolni tanlash uchun kishi o‘zini kim deb hisoblashi kerak? Xudomi? Tarix ijodkorimi?

 

Ikeda. Aytmoqchisizki, bu g‘oya...

 

Aytmatov. Ha, olam yaralishidan ibtido oladi. U bizgacha ham bor edi. Bunaqasi o‘ylab topilmaydi....

 

Ikeda. Qadimgi odamlar uchun falsafaning bir qismi – yaxshilik va yomonlikni farqlash bo‘lgan. Ishonchim komilki, bu tushunchalar ular uchun chalg‘ituvchi va mavhum tuyulmagan. Zamonaviylikning asosiy muammosi, menimcha, insoniyatning tarixiy yo‘lini yorituvchi ideallarning tirik mazmuniga qaytish bilan bog‘liq.

 

Qora o‘rdak ko‘chasi

 

Ikeda. Agar mendan qaysi ayol obrazi ko‘proq unutilmas taassurot qoldirgani haqida so‘ralsa, hech ikkilanmay javob berardim: Natasha Rostova. Tushunaman, misol siyqasi chiqqanroqdek. Ehtimol, hozirgi ko‘p yigitlarni u maftun etolmas, balki ayrimlarining g‘ashiga ham tegar. Lekin urfdan qolgan – bir so‘z bilan aytganda, zerikarli tuyulgan bizning zamonni mensimagani yoki turmush tarzini hurmat qilmagani uchun zamonaviy yoshlarni qahri qattiqlikda ayblab, yozg‘irish shart emas. Ayni choqda ishonchim komilki, bu yigit-qizlar ulg‘ayib, dilbar, sodda, kezi kelganda injiq-tantiq bir qizning Ayolga, Rafiqaga, Onaga aylanish yo‘li mashaqqatini tushunganlarida, unga tan berishadi. Tolstoy qanchalik ishonarli qilib tasvirlagan buni! Ehtimol, jahon adabiyotida eng sara ayol obrazlarini erkaklar yaratganining biron siri bordir.

 

Aytmatov. Shubhasiz, Natasha Rostova – Tolstoy dahosi ila dunyoga kelgan eng ajoyib ayol obrazlaridan biri. Ammo ta’kidlash kerakki, Tolstoy uni o‘sha kezlar ommalashib ketgan emansipatsiya (Emansipatsiya – muayyan qaramlik, cheklovdan ozod bo‘lish; haq-huquq tengligi) g‘oyasiga qarshi yaratgan.

 

Ikeda. U hozir ham ahamiyatini yo‘qotmagan. Aksincha, zamonaviy shaklda yanayam kuchaygan, shunday emasmi?

 

Aytmatov. Shunday. Yozuvchi hayot haqiqatiga bekam-u ko‘st rioya qiluvchi chinakam realist sifatida tanlovning favqulodda murakkabligi va ayni choqda undan bo‘yin tovlab bo‘lmasligini anglagan. Uning fikriga ko‘ra, nafaqat insonning shaxsiy taqdiri, balki jamiyatning, umuman, butun xalqning taqdiri o‘shanga bog‘liq edi. Adibning qahramonlari har doim jahannam va jannat g‘alayonini boshdan kechiradi; yo‘ldan ozdiruvchi vasvasalar va nafs balosiga bardosh beradi; hech yerdan yordam kutib va hech nimadan umid qilib bo‘lmay qolganda, ikki o‘t – ruhiy va jismoniy halokatlar orasida yonadi.

 

Tolstoyning sabog‘i shundaki, u qahramonini o‘zini anglash va takomilning eng mashaqqatli yo‘liga kuzatar ekan, jamiyatdagi axloqiy muhitning naqadar muhimligiga, oiladan boshlanuvchi tarbiya insonning kelajak hayoti va taqdirida nechog‘li katta rol o‘ynashiga qat’iy ishonadi, bizni ham ishontiradi. Natashaning oxir-oqibat eng oliy baxtni onalikdan topishi – shunchaki tasvir emas, aytish mumkinki, ayollik qismatining yuzaga chiqishidir. Instinkt, tabiiy onalik ehtiyoji ma’naviyatni eng yuksak darajaga ko‘taradi. Qolaversa, bunda ayol ona atalmish qismati bilan o‘z ichki mazmunini, o‘z rostligini namoyon qiladi. Farzandlari tufayli u mislsiz abadiylik hissini tuyishga qodir. Buyuk Ona obrazi!

 

Ba’zan gazetalarda tuqqan ayol go‘dagini tashlab tug‘ruqxonadan qochib ketishi yoki hatto undan ham battarroq, aytishga til bormaydigan: bolani hayotdan mahrum qilishi kabi voqealarni dahshat va titroq bilan o‘qiysiz. Istisno holatmi? O‘zlikdan mahrumiyatmi? Ammo bunday voqealarni tasodifiy deb hisoblash noto‘g‘ri. Beixtiyor o‘yga tolasiz: tug‘ishni davom ettirish instinkti yo‘qolib ketayotganining sababi nima?

 

Menimcha, hayotning barcha mashaqqatlariga qaramay, butun borlig‘ini kelajak uchun, bolalari uchun bag‘ishlashga tayyor bo‘lgan ayol – onani madh etish judayam muhimdir. Men uchun onamning siymosi muqaddas. Unda eng nafis muhabbat, sadoqat va jasorat mujassam. Asarlarimdagi ayol qahramonlarda nimaiki yaxshi fazilat bo‘lsa, hammasi – uniki.

 

Bolalik kezlarim onaning o‘z bolasidan voz kechishi ko‘z ko‘rib quloq eshitmagan, tasavvurga sig‘maydigan hodisa edi. Ona o‘z go‘dagini himoya qila olmasligi, ayrim hollarda esa ochlik va musibatdan u bilan birga o‘lishi mumkin edi, lekin hech qachon uni tashlab ketmagan; Parvardigor tomonidan belgilab qo‘yilgan ilohiy burchidan tonmagan...

 

Taraqqiyotimizga tobora chuqurroq singiyotgan, afsuski, oxiri baxayr bo‘lmagan xudbinlik, faqat o‘zi uchun, shaxsiy huzur-halovati uchun yashash istagi haqida gapirish har qancha og‘ir bo‘lmasin, jim turish yoki uni himoya qilish mumkin emas...

 

Ikeda. Yaqinda Tokioda katta uylar oralig‘idagi mo‘jaz hovuzda yovvoyi qora o‘rdak paydo bo‘ldi. U yozga yaqin uchib kelib, tuxum qo‘ydi; yorib chiqqan polaponlarini katta qildi. Kuzda o‘n nafar ulg‘aygan bolasi bilan uchib ketdi. Ana shu hovuz joylashgan ko‘chaga odamlar Qora o‘rdak ko‘chasi deb nom berishdi. Hovuz atrofida hamisha odamlar yig‘iladigan bo‘ldi, o‘rdaklar oilasi haqida gazetada yozishdi, televizorda ko‘rsatishdi.

 

Bu hodisa nima uchun bunchalik jamoatchilik e’tiborini jalb etdi? Chunki bizning jamiyatda onalik mehri yetishmaydi. Odamlar shunchaki – mehrga zoriqqan. Odamzod aslida begemot, yo‘lbars yoki arslondan ham bolasini qanday voyaga yetkazayotganini o‘rgansa bo‘ladi.

 

Siz g‘ayriixtiyoriy onalik mehrini eng yuksak ma’naviy maqom deb ta’rifladingiz, ona bolalari vositasida abadiyatga daxldorligi haqida gapirdingiz – bu haqqoniy so‘zlar o‘ta muhim ahamiyat kasb etadi. Xudbinlik tuyg‘usiga butkul zid bo‘lgan onalik mehri va eng yorqin ranglarda tovlanuvchi chinakam ayollik tabiati jilo bergan onalik mehri – o‘zini namoyon qilish uchun bor ovozi bilan jar solayotgan taraqqiyotga buyuk aybnomadir.

 

E’tiboringizni g‘oyatda go‘zal bir iboraga qaratmoqchiman: o‘zidan kechish. U o‘zini rad etishni anglatmaydi. Aksincha, buddizm nuqtai nazaridan qaraganda, u yangi “men” sari yo‘l ko‘rsatadi.

 

Aytmatov. Taassufki, o‘zini o‘zi takomillashtirish mehnati ko‘p zamonaviy odamlar uchun nihoyatda zerikarli, hatto keraksiz yumush bo‘lib tuyuladi. O‘z ustida ishlash nega kerak? Hayot qanchadan-qancha yengil ermak va farog‘at taklif etib turganida, vaqt yo‘qotish chikora! Har qanday yosh pragmatist hech bo‘lmaganda qadimiy an’analar bilan tabarruk sanalgan yuksak axloqiy me’yorlarga tupurishni xohlaydi. Chunki biladiki, biz unga taklif qilganimizdan butunlay farq qiluvchi boshqa odamlarni namuna qilib olsa, o‘zi intilayotgan muvaffaqiyatga erishishi osonroq kechadi.

 

Ikeda. Nega birdaniga umidsiz, ishtibohli ruhda fikr bildirmoqdasiz? Aslida-ku, bunday tashvishmand kayfiyat har birimizda bot-bot uyg‘onadi. Yaxshisi, keling, charchoq va ko‘ngilsizlikka berilmaylik; umiddan chekinmaylik. Hind donishmandlari aytganidek, Xudo yerga farishtalarni yuborayotgan ekan, demak, U  odamlarga ishonchini butkul yo‘qotmagan.

 

Hech qachon ko‘zingni yerga tikma!

 

Ikeda. Albatta, biz har xil sharoitda, farqli davralarda tarbiya topganmiz. Ammo o‘rtamizda umumiyliklar bor – o‘smirlik davrimizga to‘g‘ri kelgan Ikkinchi jahon urushining shafqatsiz sinovlaridan keyin zamonning ma’naviy va siyosiy qiymati tubdan qayta baholandi. Basharti, biz nafaqat jismonan omon qolgan, balki yana nimalargadir erishgan ekanmiz, hech ikkilanmay ayta olamanki, bu – olijanob ideallar, hal qiluvchi bosqichda bizga namuna bo‘lgan ulug‘ muallimlar tufaylidir... Jamiyat bilan subyektiv munosabatingiz tarkib topayotgan o‘smirlik davringizda ruhan nimaga suyangansiz?

 

Aytmatov. O‘smirlik kezlarim jamiyat bilan subyektiv munosabat haqida o‘ylamagan bo‘lsam kerak. Biz yashagan totalitarizm va so‘zsiz bo‘ysunish lozim bo‘lgan qonunlar mulohaza-mushohadaga o‘rin qoldirmasdi. Aksincha, insonning davlat va hokimiyat amriga to‘liq itoat etishi omma tomonidan me’yordek qabul qilingan. Ushbu postulat – isbotsiz qabul qilinadigan qoida shundan darak berardiki, almashtirib bo‘lmaydigan odamning o‘zi yo‘q. Bizning muqarrar fojiamiz ana shunda edi. Shaxs davlatning quloqqoqmas xizmatchisigina, g‘oyaviy maqsadlarga erishish yo‘lidagi vositagina bo‘la olar edi, xolos. Qolgan bari – diniy-ma’naviy an’analar, odob-axloq va hatto qarindoshlik munosabatlari – sinfiy qiziqishlarga javob bermaydigan o‘tmish sarqiti, burjuaziya shaxsiyatparastligining ko‘rinishi sifatida rad etilgan. Men bunga ko‘plab misollar keltirishim mumkin. Deylik, dafn marosimini azaliy urf-odatlarga muvofiq o‘tkazish siyosiy g‘o‘rlik sanalgan: buning uchun odamlar siquvga olingan...

 

Ha, albatta, o‘sha davrda ham butun hayot yo‘lida yuksak or-nomus, olijanoblik, mardlik tushunchalarini ustun qo‘ygan chinakam insonlar bo‘lgan. Qoyil deyman, ular qanday qilib ommaviy hamfikrlik avj olgan, sodiq fuqarolar shovqin-suroni tinmagan g‘ayriinsoniy sharoitda bu xislatlarni boy bermay yashab qoldi ekan? Axir, shafqatsiz mantiqqa ko‘ra, ular yovvoyi o‘t kabi tag-tomiri bilan sug‘urilib, quritilib, yo‘qotib yuborilishi lozim edi-ku!.. O‘shanda chaqimchilik rasm bo‘lgan, sharaflangan edi-ku! Otasini sotgan o‘g‘il qahramonga aylandi, o‘rnak qilib ko‘rsatildi. Ko‘chalar, yoshlar otryadlari, o‘quv muassasalariga uning nomi berildi. Ota esa otib tashlandi. Shuning uchunmikan, sovet adabiyotining biz tengi avlodi bu fojiani og‘riq bilan tilga oladi.

 

Ikeda. Sizni yaxshi tushunaman. Hozir Yaponiyada qayta qurish sharofati bilan dunyo yuzini ko‘rgan ko‘pgina sovet asarlari tarjima qilinyapti. Ulardan biri – Anatoliy Ribakovning “Arbat bolalari” romani. Ta’sirli sahifalari bor: chaquv tufayli aybsiz aybdor bo‘lib surgun qilingan qat’iyatli va haqparast Sasha ismli o‘spirin o‘zi bilan o‘zi musohaba qiladi: “Axloqiylik nima o‘zi? Leninning aytishicha, nimaiki proletariat manfaatiga xizmat qilsa, o‘sha axloqiydir. Ammo proletariat – odamlar, proletar axloqi – odamlar axloqi. Bolalarni qorda tashlab ketish esa beshafqatlik va shuningdek, axloqsizlik. Va birovning hayoti evaziga o‘zinikini qutqarish ham axloqsizlik”. Sashaning mulohazalari har bir aqli raso odam uchun tabiiy tuyuladi. Xususan, qahramonning hatto o‘z-o‘zidan anglashilgan mantiqning haqqoniyligiga shubhasi totalitar tuzumning barcha zulmkor va g‘ayriinsoniy g‘oyalarini ishonarli tarzda fosh qiladi...

 

To‘g‘ri, bizning mamlakat biryoqlama mafkura bo‘roni avj olgan davrni boshdan kechirganda ham SSSR darajasida bo‘lmagan. Shunday sharoitda ham sog‘lom fikr aslo yo‘qolmadi. Vijdonli odamlar asta-sekinlik bilan, lekin qattiq turib insoniy sog‘lom fikrlar dalasiga ishlov berishda davom etishdi. Odam bolasi hamon odam bo‘lib qolar ekan, ertami-kechmi, har qanday mutaassib mafkurani rad etishga qodir.

 

Aytmatov. Siz haqsiz. Mening eng katta baxtim – bolaligimda totalitar ta’limotni yurakdan qabul qilmagan odamlarni uchratganimda. Ular menga mardlik tuyg‘usini tortiq qilishdi, har qanday holatda ham insoniy qadr-qimmatini baland qo‘yguvchi odam bo‘lish, hamisha shunday bo‘lib qolishni o‘rgatishdi. Men qishloq maktabidagi o‘qituvchimning ta’sirli so‘zlarini hech qachon unutolmayman: “Otang ismini aytayotib, minba’d ko‘zingni yerga tikma!” Gap shundaki, otam To‘raqul Aytmatov qatag‘onga uchrab, 1937-yilda qatl etilgan, oilamiz esa chekka ovulda yashirinib yashashga majbur edi. Bu men uchun unutilmas dars bo‘lgan...

 

Ha, men chinakam saodatliman, chunki hali-hamon menga yashashdan saboq beradigan hazrati insonlarni uchrataman. Taassufki, ko‘pchilik tengdoshlarim stalinchilikning g‘oyaviy to‘ridan hali ham sug‘urilib chiqa olgani yo‘q. Ular eskirgan va soxta aqidalarga zo‘r berib yopishadilar. Men hozirgi yoshlarga shu murakkab, ziddiyatlarga to‘la dunyomizda to‘g‘ri yo‘lga chiqib olish uchun bor kuchim bilan yordam berishni istayman. Hatto o‘z xatolarim bilan ko‘mak ko‘rsatish niyatidaman. Bismark aytganidek, ahmoqlar faqat o‘zining, aqllilar esa o‘zgalarning ham xatosidan xulosa chiqaradi.

 

Ruschadan OYDINNISO tarjimasi.

 

“Tafakkur” jurnali, 2021-yil 1-son.

“Ikeda yoqqan gulxan” suhbati

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

San’at

16:08 / 28.08.2021 8 23620
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi

//