YANGI O‘ZBEKISTON: kuchli iqtisodiyot — kuchli ma’naviyat


Saqlash
10:10 / 06.10.2021 1722 0

Joriy yilning 19-yanvar kuni o‘tkazilgan ma’naviy-ma’rifiy ishlar tizimini tubdan takomillashtirish, bu borada davlat va jamoat tashkilotlarining hamkorligini kuchaytirish masalalariga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi ma’naviy hayotimizda tarixiy voqea bo‘lib qoladi. Unda soha rivoji uchun ulkan ahamiyat kasb etuvchi fikrlar, g‘oyalar, tashabbuslar o‘rtaga tashlandi.

Mazkur yig‘ilishda “Biz yangi O‘zbekistonni barpo etishga qaror qilgan ekanmiz, ikkita mustahkam ustunga tayanamiz. Birinchisi — bozor tamoyillariga asoslangan kuchli iqtisodiyot. Ikkinchisi — ajdodlarimizning boy merosi va milliy qadriyatlarga asoslangan kuchli ma’naviyat”, deya alohida ta’kidlandi.

Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi rahbarining birinchi o‘rinbosari, pedagogika fanlari doktori, professor Muhammadjon QURONOV bilan suhbatimiz mamlakatimizda olib borilayotgan ma’naviy-ma’rifiy islohotlar, ularning mazmun-mohiyati hamda ahamiyati haqida bo‘ldi.

— Avvalo, iqtisodiyot va ma’naviyat uyg‘unligi haqida gaplashsak. Milliy iqtisodiyotimizning ma’naviy asoslari nimada?

— Iqtisodiyot — keng qamrovli tushuncha. U inson uchun zarur ne’matlar, yashash sharoitlari va vositalarini yaratish, tirikchilikni ta’minlash, ehtiyojlarni qondirishda foydalaniladigan xo‘jalik vositalari, obyektlar, jarayonlar majmuidir. Ma’lumki, aholi turmush darajasi daromadlari oshishi, sifatli iste’mol tovarlari bilan yetarli ta’minlanishi va boshqa huquqlarning ko‘pligi bilan o‘lchanib qolmaydi. Balki umumiqtisodiyot darajasi ma’naviyat va ma’rifat rivoji, turli shakllarda sifatli xizmat ko‘rsatish, ma’naviy barkamollik kabi ko‘pgina sifat ko‘rsatkichlarini ham o‘z ichiga oladi. Ularsiz farovon turmush darajasiga erishib bo‘lmaydi. Shularning o‘zi ham iqtisodiyot va ma’naviyatning qanchalik chambarchas bog‘liqligini ko‘rsatib turibdi.

Har bir kasb egasi xoh u shifokor, xoh u harbiy bo‘lsin o‘z libosini kiyganda ichki bir tuyg‘u ularni jasur, kuchli, hech narsadan qo‘rqmaydigan, Vatan uchun jonini berishga tayyor inson qiladi. Vatanimiz madhiyasi jahon arenalarida yangraganda sportchilarimiz ko‘z yoshlarida g‘urur va faxrni ko‘rish mumkin.
Darhaqiqat, kuchli iqtisodiyot bo‘lishi uchun kuchli ma’naviyat lozim. Sababi, ma’naviyatsiz jamiyat insonlarni halokatga yetaklaydi. Tarixdan ma’lumki, ma’naviy inqirozga yuz tutgan imperiyalarning oxiri voy bo‘lgan. Masalan, Mo‘g‘ullar imperiyasi, Buyuk Misr fir’avni va hokazolar. Demak, iqtisodiyotni insonsiz, insonni ma’naviyatsiz tasavvur qilib bo‘lmaydi. Inson omilisiz iqtisodiyot yo‘q. Inson bor ekan, intellektual ishchi kuchi sifatida unga iqtisodiyot, ishlab chiqarishning talablari bor.

— Bugungi kunda kuchli iqtisodiyot va kuchli ma’naviyat uyg‘unligiga erishish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Bu mamlakatimizda yangi Renessans poydevorini qurishda nechog‘li ahamiyat kasb etadi?

— Tan bahaybat bo‘lishi mumkin, lekin jon bo‘lmasa, u jasad. Qimirlay olmaydi, o‘zini himoya qila olmaydi. Jon-chi? Jon, ruh agar kuchli, qudratli tanga jo bo‘lmasa, ojiz nur nuqtasi bo‘lib qoladi. Tan bilan jon bir bo‘lmasa, ularning hech biri yashay olmaydi. Yo‘qlikka yuz tutadi.

Kuchli iqtisodiyot va kuchli ma’naviyat birligi tamoyili mustahkam ilmiy va tarixiy asosga ega. Biz ikki Renessansni ko‘rgan, qurgan millatmiz. O‘sha paytlarda ham iqtisodiyot rejali emas, bozor iqtisodiyoti edi. Ma’naviyatimiz kuchli edi. Demak, biz kuchli iqtisodiyot bilan kuchli ma’naviyatni birlashtirib, ikki marta yuksalib ko‘rganmiz. “Yangi O‘zbekiston = Kuchli iqtisodiyot + Kuchli ma’naviyat” formulasi ikki qudratli kuchni birlashtiradi. Mana shu ikki kuch, qudrat bizni uchinchi Renessansga olib chiqadi.

Uzoq yillar biz iqtisodiyot bilan ma’naviyatni ayro, alohida holida tushunib keldik. Hatto bir-biriga qarshi qo‘yishgacha bordik. Go‘yo iqtisodiyot boshqa joydan, ma’naviyat boshqa joydan chiqib kelib, raqobat qilar edi. “Miya to‘ymasa, qorin to‘ymaydi”, degan maqol ham bor. Bu iqtisodiyot bilan ma’naviyatni — jism bilan jonni bir-biridan sun’iy, mexanik ravishda ajratib tashlagan edi. Endilikda bir-birlaridan ajratilgan jism bilan jon birlashdi. Bozor tamoyillariga asoslangan kuchli iqtisodiyot hamda ajdodlarimizning boy merosi va milliy qadriyatlariga asoslangan kuchli ma’naviyat jipslashmoqda.

— Ma’naviyatni belgilovchi tushunchalar haqida aytib o‘tdingiz. Odam ma’naviyatli bo‘lish uchun biror risolaga yoki qoidaga amal qilishi kerakmi? Yoki har bir shaxsning o‘z “Ma’naviy risolasi” bo‘ladimi?

— Qadimda novvoylik, qassoblik, kulolchilikni olib qaraydigan bo‘lsak, har bir kasb egasi ustaxona eshigining tepasiga oq surp matoga o‘ralgan kitobcha osib qo‘ygan. Ichida isiriq ham bo‘lgan. Bu kitobcha shu kasbning risolasi edi. Bu, ayniqsa, avloddan-avlodga o‘tib kelayotgan kasbni qadrlagan sulolaviy hunarmandlarda bo‘lgan. Asriy an’anani davom ettirgan hunar egasining mahsuloti ham risoladagidek bo‘ladi. Masalan, nonni yeb, mazasiga baho berishda, “Bay, bay, risoladagidek bo‘libdi-da”, degan ibora ishlatamiz. Kulolning mahorati, duradgorning qo‘ligulligiga yasagan mahsuloti sifatiga, ish tutumiga qarab, baho berilgan. Mana shu e’tirof hunar egasi, ya’ni iqtisodiy jarayon sub’ekti faoliyatining ma’naviy asosini belgilagan. Uning halolligi, tozaligi, tarozining to‘g‘riligi — asosiy mezon bo‘lgan. Bugungi iboralar bilan aytsak, iqtisodiyotning joni, ruhini belgilab bergan.

Endi ustaxona eshigining tepasiga ilingan risolada nimalar yozilgan deyishingiz mumkin. Masalan, novvoyni oladigan bo‘lsak, tong g‘ira-shirasida pokiza bo‘lib ish boshlash, o‘z kasbiga doir qoidalar, birovning haqiga xiyonat qilmaslik, kasbiga oid hadislar, rivoyatlar, jumladan, nonning necha gramm bo‘lishi, uni xalqqa sotishda qanday yo‘l tutsa, savob bo‘lishligi kabi nozik jihatlar qayd etib kelingan.

— Iqtisodiyotni o‘ylab, ma’naviyatni chetga surib qo‘ygan bo‘lsa-chi? Ya’ni iqtisodiyot kuchli bo‘lib, ma’naviyat kuchsiz bo‘lsa, qanday oqibatlarga olib keladi?

— Agar iqtisodiyot kuchli bo‘lib, ma’naviyat kuchsiz bo‘lsa, nima bo‘ladi? Burchga xiyonat, mas’uliyatsizlik urchiydi, korrupsiya kuchayadi, ijro intizomi yo‘qqa chiqadi. Ma’naviyat kuchli bo‘lsa, korrupsiyani yeb bitiradi. Burchga xiyonat, mas’uliyatsizlikka qiron keltiradi. Vijdonni, burchni, korrupsiyaga qarshi nafratni, ijro intizomini kuchaytiradi. Iqtisodiyotni sog‘lom, kuchli qiladi. Ma’naviyat kuchli bo‘lsa, u uxlayotgan, mudrayotgan odamlarni uyg‘otadi. Ikkilanayotganlarga to‘g‘ri qaror beradi, ishontiradi, birlashtiradi. Maqsadli va halol mehnatga safarbar qiladi.

Tarixga razm tashlaylik, buyuk iqtisodiyotni yaratuvchilar — jo‘shqin qalbli va ezgu g‘oyaga ishongan odamlar bo‘lishgan. Milliy g‘oya, ma’naviyat iqtisodiyotni qanday ko‘tarishiga Ikkinchi jahon urushidan keyin vayronaga aylangan Yaponiya, Germaniyaning 30 yildan keyin qayta bunyod bo‘lgani misol. Tiklanish davrida och, sillasi qurigan yaponlar stanok oldida oyoqda turolmay qolishadi. O‘shanda o‘zlarini qo‘ltiqlaridan arqon bilan shiftga osib qo‘yib, tik oyoqda turib, ishni davom ettirishadi. Nemislar 10 soatlik mehnat uchun beriladigan bir parcha qora nonga 14 soat ishlashdi. O‘z hisoblaridan. Aytingchi, ularni nima harakatlantirdi? Albatta, ma’naviyat, ichki bir tuyg‘u, milliy g‘oyaga, ertangi kunga ishonch. Xalqimizni jipslashtiruvchi milliy g‘oyamizni, har bir o‘zbekistonlik “Mening g‘oyam!” deb qabul qilsagina, ertangi kunga ishonch metin qoyaga aylanadi. Iqtisodiyot gullab-yashnaydi.

Yuqorida qayd etilgan yig‘ilishda ta’kidlanganidek, afsuski, hali oramizda milliy g‘oya va ma’naviyatning mohiyatini to‘liq anglab yetmagan, “ma’naviyat o‘zi kerakmi-yo‘qmi?” deb yurganlar ham bor. Milliy g‘oya deganda, eski sovet mafkurasini xayoliga keltirib, “labiga uchuq toshadiganlar” ham yo‘q emas. Agar mafkura ezgulik va insonparvarlik g‘oyalariga, shaxsning huquq va erkinliklari, tinch-osoyishta hayotini ta’minlashga, odamning qadr-qiymatini ulug‘lashga xizmat qilsa, nima uchun undan qo‘rqishimiz kerak?

Bugun ilgari surilayotgan “Yangi O‘zbekiston” g‘oyasi zamirida milliy tariximizda birinchi va ikkinchi Uyg‘onish davrlariga asos solgan alloma bobolarimizning orzu-intilishlari va armonlari mujassam. “Yangi O‘zbekiston” va “Uchinchi Renessans” so‘zlari bizni birlashtiruvchi timsollar bo‘lib yangramoqda. Bu g‘oya yosh avlodga ma’naviy qanot va mafkuraviy kuch berishi tayin.

— Yoshlarning vatanparvarlik va milliy g‘urur, milliy g‘oyani to‘laqonli anglashlari uchun, yon-atrofda yuz berayotgan voqealarga daxldorlik hissini ko‘tarish uchun nimalarga e’tibor berishimiz zarur?

— Bu savolga markazimizning bir tadqiqotchisi tomonidan o‘tkazilgan tajriba-tadqiqotni misol qilib o‘tmoqchiman. Bir kollej misolida oldik. O‘quvchilar darsga kirib kelishyapti. Darvoza oldiga “shlangda” suv oqizib qo‘yildi. Binoga kiraverishda katta lampochka yoqib qo‘yildi. Ichkarida esa e’lonlar taxtasida o‘zbek xalq maqollaridan biri imlo xatolari bilan yozildi. Maqsad — loqaydlik, e’tiborsizlik yoshlarimizda qay darajada ekanligini bilish edi.

Kuzatuvimiz asnosida bildikki, aksariyat o‘quvchilarimiz behuda oqib yotgan ichimlik suviga e’tiborsiz bo‘lishdi. Ikki-uch o‘quvchi daxldorlik yo‘lini tutdi. Suvni yopib qo‘ydi. Keyingi qadam: ichkarida kunduz kuni charaqlab yonib turgan chiroq hech kimning parvoyiga ham kelmadi. E’lonlar taxtasidagi xatolar esa butkul befarqlikda o‘qildi yo o‘qilmadi. Bu tajribani biz videotasvirga olgan edik. Ertasi kuni o‘quvchilarni katta majlislar zaliga yig‘ib, kechagi sinov videoni ularga qo‘yib berdik. Boshida bolalar kulishdi. Video yakunida esa barcha jiddiylashib bordi. Negaki, biz ularga behuda yonib turgan chiroqni, sharillab oqib yotgan suvni, ¬xatosi to‘la maqolni qayta-qayta ko‘rsatdik-da. Bir oz o‘tgach, ular boyliklarimiz havoga sovurilayotganini nihoyat anglab yetishdi.

Ertasi kuni xuddi shu tajriba atayin takrorlandi. Ishonasizmi, mo‘jiza ro‘y berdi. Sharillab asfaltga oqayotgan suvni ko‘rgan o‘quvchilar yugurib kelib jo‘mragini yopishdi. Elektr chiroqni ko‘rgan zahoti darhol o‘chirishdi. Ilgari qaramaydigan e’lon taxtasini borib o‘qishdi. Hatto xatolarini tuzatib, mamnun bo‘lib ketishdi. Bu holatni ham namuna qilib o‘quvchilarga katta ekranda ko‘rsatdik. Ustozlar bor ne’matni qadrlash — qadriyat ekanligi borasida hikmatli gaplar, tushuntirishlar berishdi. Demak, loqaydlik, beparvolik illatlari iqtisodiy taraqqiyotimizga salbiy ta’sirini o‘tkazadi.

Bugun milliy tiklanishdan — milliy yuksalish sari qadam tashlayotgan ekanmiz, endi aqlimizni, intellektual salohiyatimizni, bilim va tajribamizni oshirishimiz, ularni iqtisodiy rivojlanishning ma’naviy resurslariga aylantirishimiz zarur bo‘ladi.

Bu biz uchun ham farz, ham qarzdir.

Obiddin MAHMUDOV suhbatlashdi.

"Xalq so'zi"

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi

Adabiyot

17:03 / 28.03.2024 0 216
Ideali hurriyat bo‘lgan Shaxs

Tarix

16:03 / 28.03.2024 0 59
Frederik Starr: Yevropani uygʻotgan olimlar

Vatandosh

11:03 / 27.03.2024 0 717
Azizaning qora va oq tuflilari





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

San’at

11:08 / 28.08.2021 7 15386
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi