
Samarqandda to‘rt nafar maktab bitiruvchisi to‘rtinchi qavatdagi derazadan tushib ketgan qizni qutqarib qoldi hamda ijtimoiy tarmoq yulduzlariga aylandi. E’tiborlisi, holat 1-iyun Xalqaro bolalarni himoya qilish kunida sodir bo‘lgan. Qizaloq peshonasidan kichik jarohat olgan, ayni vaqtda o‘zini yaxshi his qilmoqda. Voqea haqida dastlab viloyat IIB xabar berdi va yoshlarga minnatdorchilik bildirdi.
IIBga ko‘ra voqea quyidagicha bo‘lgan: 2023-yil 1-iyun kuni Samarqanddagi maktablardan birining 11-sinfini bitirayotgan Sh.Boborahimov, M.Saidalimov, O.O‘tkirov va J.Eshnazarov sayr qilib yurishganda ko‘p qavatli uyning 4-qavatida boshi panjara orasiga tiqilib, tanasi havoda osilib turgan kichkina qizchani ko‘rib qolgan. O‘quvchilardan biri darhol qizaloqning ota-onasiga xabar berish uchun kvartira tomon yugurgan, qolganlari qizaloq osilib qolgan balkon ostida qo‘llarini cho‘zib, tirik qutqaruv panjarasini yasashgan.Yigitlardan biri zinapoyadan yugurib chiqayotgan paytda, qizaloq pastga qulab tushgan. Yigitlar uni tutib olishgan.
Aniqlanishicha, onasi uy ishlari bilan ovora bo‘lgan paytda qizcha balkonga chiqib qolgan.
Samarqand viloyati IIB yuz bergan holatga befarq bo‘lmagan yoshlarga minnatdorchilik bildirgani yozilgan xabar yashin tezligida ijtimoiy tarmoqlarda tarqaldi va tarmoq foydalanuvchilari jonkuyar yoshlarni maqtov, iliq so‘zlar, minnatdorchilik izohlari bilan siyladi.
Maktabgacha va maktab ta'limi vazirligi yigitlarning harakati uchun mamnunligini bildirar ekan, viloyat mas’ullari tomonidan bitiruvchilar bilan uchrashuv tashkil etilganini ma’lum qildi. Uchrashuvda Shohrux Boborahimov, Murod Saidalov, Ozod O‘tkirov va Jasur Eshnazarov qilgan ezgu amali, mardligi alohida e’tirof etilib, viloyat boshqarmasi tomonidan tashakkurnoma va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlangan.
Yoshlar ishlari agentligi ham yoshlarga minnatdorchilik bildirdi. Agentlik jamoasi 4ta noutbuk va o‘qishga kirishda qo‘shimcha darslar hamda xorijiy tillarni o‘rganishdagi xarajatlarini qoplab beradigan bo‘ldi.
“Yaxshilikning mukofoti yaxshilikdir!”, deya yozdi Agentlik rahbari Alisher Sa’dullayev.
Yigitlar Samarqand shahridagi 80-umumta’lim maktabining 11-sinf bitiruvchilari bo‘lib, ular sanoqli soatlar ichida media, jurnalistlar e’tibor markaziga tushdi, yangiliklarning asosiy qahramonlariga aylandi.
“Qizaloq tushib ketgan ko‘p qavatli uyda o‘rtog‘imiz ham yashaydi. O‘sha kuni maktabda imtihonlarni topshirib, uy yaqinida do‘stimizni kutib turgandik. Tasodifan yuqorida osilib turgan qizchaga ko‘zimiz tushdi. Bir sinfdoshimiz qizaloqning yaqinlariga xabar berish uchun yugurdi. Biz, uch kishi bo‘lib qizchani tutib olishga intildik. Pastdan turib qizchaga biroz sabr qil, qo‘yib yuborma, deb baqirdik. U bizni eshitdi, lekin kuchi yetmay pastga quladi. Pastki qavatdagi tunukaga urilib, havoda ikki metrcha uzoqlab ketdi. O‘zimni orqaga olib qo‘limni tutdim, do‘stlarim ham tezda yordamga oshiqishdi. Xudoga shukur, qizcha qo‘limizga tushdi va omon qoldi”, – dedi Kun.uz nashriga intervyu bergan Shohrux Boborahimov.
Qizcha derazaga o‘rnatilgan temir to‘siq orasida ma’lum muddat boshi bilan osilib qolgani bois bosh qismi biroz jarohat olgan. Yigitlar uni tutib olgach, tezlik bilan unga dastlabki tibbiy yordam ko‘rsatilgan va shifoxonaga olib ketilgan.
Qizaloqning onasi yigitlarga minnatdorchilik bildirarkan, ushbu holatni Allohning mo‘jizasi, deb atadi.
Hudud24 nashri ham qahramonlar bilan bogʻlanib, voqea tafsilotlari va kelajak rejalari haqida soʻradi. “Bugun ertalabdan beri menga qoʻngʻiroq qilgan ming birinchi odam boʻlasiz, hech mubolagʻasiz. Ochigʻi, biz bunday shov-shuvni kutmagandik. Oʻzi voqeani hech kimga aytmagandik ham. Qizchaning onasi va qoʻshnilari guvoh boʻlishgan edi, ular boshqalarga aytishgan, shu bilan tarqab ketdi”, degan Shohrux Boborahimov jurnalist bilan suhbatda.
Ma’lum boʻlishicha, qutqarilgan qizaloqning ismi Shukrona va u 4 yoshda.
“Yaxshi ish qilganimizdan, hammasi yaxshilik bilan tugaganidan xursandmiz. Tengdoshlarimizga aytamanki, odamgarchilikni tark etishmasin. Masalan, biz ham balkonda osilib turgan qizchani koʻrib indamay ketishimiz yo qoʻrqib qochib qolishimiz mumkin edi. Lekin keyin biz qanday yashardik? Oʻsha paytda qoʻlimizdan kelgancha yordam berishga harakat qilganimiz yaxshi boʻldi. Agar doim hamma shunaqa qilsa, qochmasa, befarq boʻlmasa, harakat qilib koʻrsa, atrofimiz, hayotimiz naqadar boshqacha, toza va toʻgʻri boʻlishini angladik”, deydi yigitlardan biri Shohrux Boborahimov.
Ijtimoiy tarmoqda mazkur voqealar haqida yozilgan xabarlar ostida yigitlarga minnatdorchilik izhorlari to‘lib-toshdi. Ularning ayrimlarini keltirib o‘tamiz.
Shahnoza Ismoilova: “Ota-onasiga rahmat, shu qora koʻzlarni”.
Manzura Tojiyeva: “Voyaga yetkazib tarbiya bergan ota -onalariga rahmat shunday mehrli, qoʻlidan keladigan ishga jonini berishga tayyor boʻladigan farzandni tarbiyalagani uchun. Yashasin, yigitlar, sogʻ boʻlinglar”.
Baxtiyor Temirboyev: “Bizda hali oʻtyurak yigitlar bor, ofarin!”
Shoira Qosimova: “Yosh boʻlishsayam oʻzini yoʻqotib qoʻyishmabdi,ota onasiga rahmat. Bir oilani musibatdan qutqarishibdi. Olloh rozi boʻlsin hammasidan”.
Maftun Xolmatova: “Gap yoʻq yigitlarga, yigitlar endi sizlarni tutingan singlingiz bor, bu dunyoda u dunyoda sizlar uchun duo qiladigan, sizlarga yaxshilik tilaydigan hamda qiyin kunlarda qahramon akalarim bor deb umid bogʻlaydigan singlingiz bor. Qizaloq senga havasim kelyapti 4 akang bor endi 4 suyangan togʻing bor. Shu akalaring uchun ham yaxshi oʻqib, yaxshi inson boʻlib ulgʻaygin, balki kelajakda arxitektor boʻlarsan”.
Nigora Hamroyeva: “Mana sizga, halol boʻlsin mard yigitlar! “Osmondagi bolalar — 4!” Sogʻ boʻlishsin yigitlar!”
Asliddin Mavlonov: “Barakalla yigitlar! Har qalay baʼzi birovlarga oʻxshab syomka qilib tomosha qilib turmabsizlar. Ota-onangizga rahmat!”
Gulbahor Mirzaliyeva: “Juda munosib javob boʻlibdi, qolgan yoshlarga xam oʻrnak boʻladigan boʻldi.Ofarin yigitlar!”
Nazar Vohidov: “Bolalar oʻsha oilani baxtini saqlab qolishdi”.
Dilrabo Bahronova: “Xayriyatki yaxshi xabarlar ham bor!”
Bahor Karimova: “Odam internetni yoqishga ham “qoʻrqib” qolgan edi yana qandaydir koʻngilsizlik chiqib kelishidan. Kechadan beri bu bolalar qilgan ishni oʻqib qalbimda qandaydir taskin paydo boʻldi, demak hammasi hali tugamabdi insoniylik hali oʻlmabdi. Suhbatdagi eng yoqqan jumlalar; “Agar doim hamma shunaqa qilsa, qochmasa, befarq boʻlmasa, harakat qilib koʻrsa, atrofimiz, hayotimiz naqadar boshqacha, toza va toʻgʻri boʻlishini angladik”. Haqiqatda ham befarqlik qoʻrqoqlik koʻp muammolarimizning sababchisi”.
Ijtimoiy tarmoqda yuqoridagi mazmundagi minglab izohlar, postlar qoldirildi. Ularni hammasini bitta materialga sigʻdirish imkonsiz. Qisqa qilib aytganda, yigitlarning ushbu harakatini barcha birdek olqishladi, atrofdagi voqealarga befarq boʻlmaslik lozimligini yana bir bor angladi. Kunlik negativ xabarlardan charchagan media va ijtimoiy tarmoq kuzatuvchilari pozitiv xabarni katta quvonch bilan qarshiladi.
Maftuna ABDUSHUKUROVA tayyorladi.
Oyina.uz
Falsafa
Jarayon
San’at
Vatandosh
Adabiyot
Adabiyot
Til
Jarayon
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Tarix
Tarix
Din
Til
//
Izoh yo‘q