Bengaliyada qurilgan masjid, brendga aylangan Chorsu va Temur askarlari bir kechada qazigan g‘or haqidagi artefaktlar – qadriyatlar qorishuvi mutaxassis tahlilida


Saqlash
17:06 / 08.06.2023 891 0

Yetti yuz yoshli ustun

 

Xorazm – ro‘yi zamindagi qadim o‘lkalardan biri. Uning qudrati va ulug‘vorligini mo‘jiza tufayli bugungi kunlargacha saqlanib qolgan nodir inshootlar, san’at asarlari orqali tasavvur etsa bo‘ladi.

 

Birgina “temir daraxt” deya nom olgan gujum o‘stirish va undan ham qadimiyroq yog‘och o‘ymakorligi maktabini ayting! Ko‘hna ustunlar, darvoza-yu eshiklar va boshqa yog‘och buyumlarning bizgacha yetib kelgani mustahkamlikda po‘latdan qolishmas gujum sharofatidan. Asrlar osha quyosh olovi, yomg‘ir-u qorlar ostida qoyim turgan, tinkani quritadigan saraton-u qattol ayozlarga dosh berib kelayotgan yog‘och ustunlar, ayniqsa, e’tiborga molik. Men bir me’moriy obida hovlisidagi ustunlardan birini suratga oldim – eng qadimiysi 700 yillik ekan!..

 

Cherkov oldidagi og‘ochlar

 

Samarqanddagi ilk rus pravoslav cherkovi qurilganiga 140 yil bo‘libdi.

 

Avliyo Georgiy ibodatxonasi nimalarni ko‘rmadi deysiz: shon-sharaf va mutaassiblik, bayram va motam marosimlari... fojia-yu ta’qib, tahqir va xo‘rlik... Mehroblar murdor etildi. Ko‘zga ko‘ringan neki bor – gumbaz, qo‘ng‘iroqxona, xoch, ikonalar... vayron qilindi. Samolyot maketlari, yangi “yarimxudo”lar, qo‘lbola avliyo-yu o‘tkinchi muqaddas otalarning portretlari o‘rnatildi...

 

Hammasini o‘z o‘rniga qo‘yish fursati yetdi, bino ma’naviyat va ta’lim-tarbiya o‘chog‘iga aylandi.

 

Inshoot atrofidagi boqqa besh tup oqqayin o‘tqazib, ihotalab qo‘yilibdi. Bu nihollar o‘tmishdagi kabi og‘ir sinovlardan asrasin deya niyat qilingan bo‘lsa ne ajab...

 

“Artisane” oqshomi

 

Nukuslik Jo‘lliboy Izentayev (1943–2009) mening jon do‘stim, fikrdoshim, safdoshim edi. O‘zbekiston xalq rassomi unvonini birinchi bo‘lib olgan qoraqalpoqlardan, ilk akademik, rassom, tasviriy san’at ustasi, qoraqalpoq tarixi jonkuyari.

 

Ortida uch o‘g‘il va uch qiz qoldi. Nevaralari bir etak.

 

O‘g‘illariga poytaxt nomlarini bergan: Toshkenboy, Nukusboy, Jarliqog‘on.

 

Kenja  o‘g‘li Italiya  Tasviriy  san’at akademiyasini tamomladi, rassom,  uzoq yillar  Toshkent  suratgirlar  uyida  direktor  bo‘lib ishladi.

 

Nukusboyning ham fitratida musavvirlik bor, u bo‘sh vaqtlarida naiv usulida amaliy san’at namunalarini yaratadi. Shahar markazida “Artisane” nomli ajoyib restoran ham ochgan. “Artisane” qoraqalpoqchada “o‘z ishining ustasi” degan ma’noni bildiradi.

 

Aminmanki, o‘rtancha Izentayev ona shahrini yanada ko‘rkam qilish hamda Nukusboy degan nomni oqlash uchun bor kuch-g‘ayratini ayamaydi. Qoraqalpoqlar esa bobo tarix mezoni bilan o‘lchaganda navqirondan navqiron shahar bo‘lmish Nukus bilan hamisha faxrlanib kelganlar va bundan keyin ham shunday bo‘lajak.

 

Kun kelib Nukusga yo‘lingiz tushsa, aslo erinmang – albatta “Artisane”ga kirib o‘ting. Pushaymon qilmaysiz. Ikkilanmay “Nukus g‘elaklari”ga buyurtma bering. Keyin ko‘rasiz, “Artisane” tilingizdan tushmay qoladi!

 

O‘ylamangki, restoran reklamaga muhtoj deb. Aslo! Tamaddixona mudom gavjum, unda hamisha turnaqator navbat. Biz ham restoran sohibi bilan suratga tushish uchungina o‘n besh daqiqa kutib turishimizga to‘g‘ri keldi.

 

Betxovenning musiqiy so‘zanasi

 

Bu oqshom Katta teatr zaliga odam sig‘maydi. Mehmonlar qomusiy olim, do‘stim va safdosh akam Abdulla A’zam da’vati bilan hozir bo‘lgan. Oqshom olmon bastakori yaratgan durdonadan, baayni uning ohanglaridan, undagi timsollardan bunyod bo‘ldi... Simfoniya yaratilganidan buyon bugunga qadar dunyoning qay burchida ijro etilgan bo‘lsa, oqshomning musiqiy so‘zanasi o‘sha bari ijrolarning ovozi, aks sadolaridan “to‘qilgan” edi go‘yo.

 

Musiqa sehr-u jozibasi tug‘dirishi mumkin bo‘lgan shunday hissiyot meni bir gal Misrda – Juzeppe Verdining “Ehromdagi Aida”sini tinglaganimda asir etgan edi...

 

Rahmat sizga, Mavlono!

 

“...Hayot zavq-u safolaridan / Faqat sevgi qarshisida musiqa banda...” (Aleksandr Pushkin. “Tosh mehmon”dan, Hamid G‘ulom tarjimasi).

 

Hayratomuz tanosub

 

Bozor va mozor – o‘zbeklar uchun daxlsiz va ayricha ikki makondir. Ularga tegib bo‘lmaydi – xosiyatsiz deyishadi. Chorsu haqida ham shunday desa bo‘ladi. Naql qilishlaricha, hatto badqahr Chig‘atoy ham o‘rdasi ahliga Movarounnahr, jumladan, Shosh bozorlariga daxl qilmaslikni buyurgan ekan. Toshkentning eng qadimiy bozorlaridan bo‘lgan Chorsu ming yillik tarixga ega; Chig‘atoy ham, Hubilay ham kezgan uni. O‘tgan asrda Toshkentni istilo qilgan rus askarlari ko‘p joyni vayron qilgan-u, Chorsuga tegmagan. Ajabki, shahardagi qariyb barcha muqaddasot va ramziy obidalarni buzib tashlagan bolsheviklar-da bozorlarga, Chorsuga hatto barmog‘ini tekkizmagan. “Eski dunyo”ga o‘t qo‘ygan, cherkovlarni portlatib, masjid va sinagogalarning g‘ishtigacha yerga qorgan xudosizlar, yangi kommunistik ta’limot bayroqdorlari ham Chorsuni obod etsa etdiki, bir toshini-da nari-beri qilmadi.

 

O‘zbekistonning eski bozorlaridagi gumbazlar – qadimiy timlarning cho‘ng aks sadosidir. Zamonaviy gipermarket va malllar o‘z tuzilishini yuz yillar mobaynida me’moriy mumtozlik kasb etgan timlar – o‘sha savdo majmualaridan olgan.

 

1966-yilgi yer silkinishidan keyin, shoirlar ta’biri bilan aytganda, “Sharqning oltin darvozasi” – Toshkentni tiklashga ko‘plab respublikalardan talantli me’morlar jalb etildi. Arxitektorlarga zilzila xarob qilgan shaharning sharqona qiyofasini saqlab qolgan holda, uni qayta tiklash topshirilgan. Toshkentga kelganlar orasida Andrey Kosinskiy ham bor edi; u tim va gumbazlarning mislsiz tanosubidan hayratga tushdi. Me’mor o‘z topilmasini talabalari bilan birgalikda amalga oshirgan bir qator loyihalarida muvaffaqiyat ila qo‘lladi. O‘sha yillari ko‘pgina me’moriy yodgorliklar ta’mirlandi. “А ля Восток” (“sharqona”) bezaklari urfga aylandi. “Stalincha uslub”ga to‘yingan Toshkent sharqona moviy-feruzarang jilolarda yangicha qiyofa kasb etdi. “Moviy gumbazlar”, Eskishahardagi hammom (keyinchalik buzib tashlandi), Chorsuning yetti toqi kabi inshootlarda mayolikadan (ikki qavat sirlanadigan sopol) dadil foydalanildi. Chorsu gumbazlari shu tariqa O‘zbekiston poytaxtining “tashrif qog‘ozi”ga aylandi.

 

Aytishlaricha, gumbazlarning tarhi sopol kosadan olingan ekan. Kimdir-birov xorazmlik mashhur kulol Rahimberdi Matchonov yasagan kosalardan birini tushib sinmasin deya tasodifan stol ustiga to‘nkarib qo‘yadi; bu ajoyib manzara me’morning tasavvurini sozlaydi va shu tariqa Chorsuning yetti gumbazi kashf etiladi. Kosa naqsh-u nigori kobalt va feruza ranglarining matchonovcha uyg‘unlashuvi tufayli ayricha manzara kasb etgan. Qirq yillardan buyon sharqning olovli oftobi ostida turgan bu ulkan mozaikaviy pannoning na rangi o‘chdi, na nurab tushdi   – hali-hanuz yap-yangiday turibdi. Mana sizga muhabbat-u vijdon bilan qilingan ishning natijasi!

 

Kosinskiy rahbarlik qilgan va Toshkent Politexnika instituti bitiruvchilari V.Azimov hamda L.Nefedov tayyorlagan loyiha o‘sha kezlar “SSSR arxitekturasi” jurnalida e’lon qilingan (1970-yil, 12-son). 1980-yilda esa Odilov va Azimov loyihasi asosida Chorsu gumbazlarini qurish boshlangan...

 

Feruzarang yetti gumbaz – Toshkent brendi, uni bus-butun holda asrab, avlodlarga yetkazish – burchimiz.

 

Amir Temur darvozasi

 

Jizzaxga borishda Sangzor daryosi bo‘yida g‘or bor. U Amir Temur darvozasi deb ataladi. Mahalliy aholi va gidlar so‘ylab yuradigan afsonaga ko‘ra, Temur hali navqiron yigit ekanida mag‘orani askarlari bilan bir kechada qazgan va mo‘g‘ul lashkarining orqa tarafidan chiqib, yanchib tashlagan ekan.

 

Obida bilan bog‘liq muhim artefaktlar ham saqlanib qolgan; ular bu g‘orning ulug‘vor tarix uchun naqadar ahamiyatli bo‘lganini ko‘rsatadi. Mana ular: XV asrda Amir Temurning suyukli nevarasi Mirzo Ulug‘bek o‘sha qoyada o‘yma yozuvlar qoldiradi; XVII asrda Buxoro hukmdori Abdullaxoni soniy ham g‘alabasini shu joyga muhrlaydi; XIX asrda esa imperator Nikolay Ikkinchining so‘zlari bitilgan metall lavha o‘rnatiladi... Bu yodgorliklarning ayrimlari bugungi kunlarga qadar yetib kelmagan esa-da, mavjudlari tarixiy qimmatga ega ekaniga shubha yo‘q. Bugun dara-g‘or yonidan tezyurar poezdlar, minglab avtolar u yoqdan-bu yoqqa yelib o‘tadi. Qaniydi, turizm idorasi shu tarafga ham bir nazar tashlasa, mag‘ora sayyohlik “makka”siga aylantirilsa... O‘sha ustunlaru o‘yma yozuvlarning nusxasini tiklash uchun katta mablag‘ shart emas. Boz ustiga, keyinroq daromad ham o‘zi oqib kelaveradi.

 

Taassufki, yurtimizning bu mo‘tabar manzilida – darvoqe, uni umuminsoniy desak ham bo‘ladi – gohida vandalizm, manqurtlik va xo‘jasizlikni ko‘ramiz...

 

Sizdan minnatdorman, Maestro!

 

O‘rta Osiyo rassomligi, O‘zbekiston san’ati tarixiga daxldor ko‘p voqealar, yanayam chuqurroq kirganda esa, zamonaviy o‘zbek tasviriy san’at maktablaridan birining tavalludi shu inson nomi bilan bog‘liq.

 

Mening oilam, do‘stlarimning taqdiri ham shu ism bilan vobasta.

 

Men Benkov nomidagi Respublika rassomlar maktabida tahsil olganman, bo‘lajak umr yo‘ldoshimni o‘sha yerda uchratganman, farzandlarim ham shu dargohda o‘qigan. “Qayta qurish” yillarida o‘quv dargohi inqirozga yuz tuta boshladi, boshqa yurtlardan kelgan va “Benkov maktabi” dovrug‘ini oshirgan ustozlar ham uni tark etdi. O‘sha kezlar “Benkov”ga rahbarlik qilish mening zimmamga tushdi. Uch yil direktor bo‘lib ishladim. Boshqa yoqqa o‘tib ketganimdan keyin o‘quv muassasasi nomi ham o‘zgardi.

 

Yillar o‘tdi, ta’lim dargohining shon-sharafi ham, o‘ziga xos maktabi ham yo‘qlikka yuz tutdi. So‘ngroq dovruqdor Benkov nomi qaytarildi, ammo maqomi oddiy maktab darajasiga tushdi.

 

Tatarlarning olis Qozon shahrida tug‘ilgan rassom Benkovning sharafli nomi va ishlari esa yildan-yilga ulug‘vorlik kasb etayotir. 2009-yilda tavalludining 130 yilligi munosabati bilan ilk bora rassomning to‘liq asarlari ko‘rgazmasi tashkil etildi, bu tadbirga bosh qo‘shganimdan faxrlanaman.

 

Hammasi uchun Pavel Petrovichdan minnatdorman, uning yorqin xotirasi oldida bosh egaman...

 

Yubiley muborak bo‘lsin, Maestro!

 

Ulug‘xon qurdirgan ulug‘vor obida

 

Dunyoning turli shaharlarida ne-ne masjidlarni ko‘rganman. Mana bunisi esa meni lol qoldirdi!

 

Islom me’morchiligi uslubini Bengaliyaga XV asrda sarkarda Ulug‘xon Jahon keltirgan. Zahiriddin Muhammad Boburdan ancha yillar oldin Ulug‘xon Jahon uzoq Movarounnahrdan bu o‘lkalarga kelgan va 1442–1959-yillarda uni boshqargan sulton Nasriddin Muhammadshohni o‘ziga bo‘ysundirgan. Ulug‘xon saltanat poytaxtini ko‘chiradi va yangi boshkentda ulug‘vor bir masjid qurdiradi. Mazkur inshootda Vizantiya, Samarqand va hind me’morchiligi uslubi uyg‘unlashib ketgan. Eng qizig‘i, unda o‘nta mehrob mavjud. 77 gumbazni esa 33 ta ustun ko‘tarib turibdi.

 

Bangladesh aholisining 168 millioni musulmondir; ularning aksari Buxoro ziyoratini orzu qilar ekan. Binobarin, Bangladeshda ona zaminimizdan borgan zotlar barpo etgan o‘rta asr islom me’moriy obidalari ham talaygina.

 

Demokratiya qurbonsiz bo‘lmas

 

...Saylov qurbonlarsiz o‘tmadi. O‘ndan ziyod odam halok bo‘ldi. Demokratiya shu qadar qimmatli qadriyatki, uni qaror toptirish va hatto saqlab qolish ham qurbonlarsiz bo‘lmas ekan. Qarangki, dunyodagi eng faqir mamlakatlardan birining xalqi fikran qanchalar yetuk va jasoratli!

 

Shayx Hasina xonim to‘rtinchi marta bosh vazir etib saylandi. Darvoqe, uning otasi – Bangladesh mustaqilligi asoschisi Shayx Mujibur Rahmon 1973-yilda O‘zbekistonga kelgan. Erksevar, o‘z kelajagiga ishonchi sobit, insondo‘st, ayni choqda, bizga va yurtimizga xayrixoh Bangladesh xalqi davlat boshqaruvini to‘rtinchi marotaba oqila ayol qo‘liga topshirdi. Biz o‘zbeklar ham bangladeshliklarga ayricha hurmat bilan qaraymiz, shunday emasmi?

 

Olma – olam mo‘jizasi

 

Olma – insoniyat tarixidagi azaliy va serqirra ramzlardan biridir. Taqiq mevasi, Nyuton olmasi, Stiv Jobsning “Apple”i, Namangan olmasi...

 

Hamkasbim Aziza meni Parkent tog‘laridagi dalahovlisidan olib kelgan olma bilan siyladi. Uning rangi va naqshlarini hayrat ila tomosha qilar ekanman, xona muattar hidga to‘ldi. O‘zimni tutib turolmadim: olmani qars etib tishladim. Rohatijon!

 

Ro‘yi zaminda bu mevaning yetti yarim mingdan ortiq navi bo‘lib, 175 mamlakatda olmazorlar mavjud ekan. O‘zbekiston olma yetishtirish bo‘yicha jahonda 11-o‘rinda turadi. Basharti, olmalar musobaqasi o‘tkazilganda, Azizaxonimning Parkentdagi bog‘ida yetishtirilgan olma hidi, ta’mi va bejirimligi bilan albatta bosh sovrin sohibiga aylanardi. Bu san’at odami – rassomning anchayin mubolag‘asi deb o‘ylayapsizmi? Unda Azizaxonimdan iltimos qiling, zora, sehrli olma sizga ham nasib etsa... Axir, kaminangiz ham o‘sha olma timsolida olam mo‘jizasiga duch kelmadimi?..

 

Aytmatov avtobusi

 

Namangan shahridan uzoqroq qishloq va mahallalarda yashaydiganlar bu eski avtobusni – buyuk turkiy adib Chingiz Aytmatovning rangi unniqib ketgan surati tushirilgan ko‘chma kutubxonani sabrsizlik bilan kutadilar. Nodir kitoblar koni, filmlar makoni! Kutubxonachining aytishicha, qishloq ahli ko‘pincha Aytmatovning o‘zbekcha kitoblarini so‘rar ekan.

 

O‘ylashimcha, adibning baynalmilalligi qishloq odamining tuyg‘ulari, o‘y-tashvishi, dard-u iztiroblarini qalamga olganida; aynan uning tilida so‘zlab, uning timsolini yaratganida! O‘quvchining millati yoki tilining ahamiyati yo‘q, muhimi, u – qishloq odami. Yashash joyi, hatto ko‘ngil dunyosi-da bir xil, ruhiyati mushtarak. Shuning uchun qishloq odami – u o‘zbek yo qirg‘iz bo‘ladimi, tojik yoki rusmi, buyuk Aytmatovni sevib o‘qiydi.

 

Do‘ppiga loyiqmizmi?

 

Do‘ppini diniy marosim timsoliga aylantirdikmi deyman... Tushuncha va qadriyatlar qorishib ketsa, shunday bo‘ladi odatda. Bolaligimni eslayman: do‘ppisiz yurish ayb sanalardi. Endi esa do‘ppi kiysangiz, “Nima, ta’ziya bo‘ldimi?” degan savolga ro‘baro‘ kelasiz. Ha, bir qolipga solish amaliyoti kundalik do‘ppini marosim kiyimiga aylantirdi-qo‘ydi. Saudiyalik arab muzokara yoxud uchrashuvga milliy kiyimida kelsa, g‘alati tuyulmaydi; yahudiy siyosatchilar kipada chiqsa – hurmatga loyiq deb bilamiz. O‘zbek do‘ppi kiysin-chi, avval-boshlab o‘zimiz so‘roqqa tutamiz, hayron bo‘lamiz, o‘ng‘aysiz sezamiz o‘zimizni...

 

Bir rahbar o‘z idorasida do‘ppi kiyishni joriy qilibdi – vazirona ish, dadil qadam. Ishqilib bu kampaniyabozlikka   aylanib ketmasa   bo‘ldi. Ha-da, shu zahoti “choponbozlik” boshlanishi, qay bir “vatanparvar” “nimchapo‘shlik” taklifi bilan chiqishi ham hech gap emas. Baribir, tushunmaydi odam – arab BMTga galabeya, dishdasha va g‘utrada kelsa nega birov savol berib bezor qilmaydi, yahudiy kipada yursa taajjublanmaydi-yu...

 

Kamina o‘n besh yillardirki, kuzda Belgiya suvosti dengizchilari kepkasini kiyaman. Qishda XVIII-XIX asrga xos qalpoqda yuraman; Abdulla Qodiriyning Otabegi kiygan bosh kiyim esingizdami – o‘shanda. Qishda xizmat safariga borishga to‘g‘ri kelsa, ruslarning barrateri qalpog‘ini boshga ilaman. Birov so‘roq-savol qilmagan. Lekin o‘zbek millatiga mansub vazir do‘ppi kiysa, darrov hayronpazlik boshlanadi, ba’zilarning hatto achchig‘i chiqadi deng...

 

Tarhi toza, tarixi boy

 

Namangan madaniy, me’moriy yodgorliklarga boy. Ularning har biri betakror shakl va mazmunga ega. Mustaqillik yillarida shunday bo‘ldiki, masjid-u saroy qurilishi deysizmi, tarixiy maqbaralarni ta’mirlash deysizmi – hammasi bir qolipga solindi. Namanganda esa manzara mutlaqo boshqacha. Har bir inshootda xoldekkina bo‘lsa-da nuqta borki, me’mor ul naqsh yo xususni boshqa joyda ishlatmaydi. Shunday ustalardan biri – Mulla Qirg‘iz me’mor. U asli Namanganga tahsil olgani keladi. Talabaligida bo‘sh vaqtlari bir ustaga shogird tushadi. So‘ng esa mashhur binokor Ismatulla Oxund murabbiyligida me’morlik alifbosini o‘rganadi. Yigitcha o‘qimishli, aqlli, Qur’onni yod bilar; ham eskichasiga, ham yangichasiga savodli edi. Shuning uchun uni hurmatlab “mulla” der edilar. Binokorlik sohasidagi tahsil tez orada mahsulini berdi, yigit birin-sirin tarhi nihoyatda uyg‘un, go‘zal imoratlar barpo eta boshladi. Mulla Qirg‘iz yaratgan inshootlar ko‘zgusimon-simmetrik naqshlar tufayli ulug‘vor ko‘rinadi. U katta-kichik gumbazlar qurishda mohirga aylandi. Atoulloxon to‘ra, Mulla Qirg‘iz, G‘oyibnazar qori, Mavlono Lutfulloh masjidlari, shuningdek, Namangan ko‘prigi va boshqa ko‘plab inshootlar ana shu me’mor tomonidan barpo etilgan. Ustozi Ismatulla Oxund kasbning jamiki sirlarini unga o‘rgatadi va hatto ko‘zyumar chog‘ida dangasa o‘g‘liga emas, talantli va sabotli shogirdiga oq fotiha berib ketadi.

 

Me’morning asl ismini hech kim bilmaydi. Qachonki undan ismini so‘rashsa, “Qirg‘iz deyaveringlar, qirg‘izlar qanday iste’dodli ekanini bilib qo‘yishsin”, der ekan hazillashib.

 

Olislarga yetaklar xayol...

 

1957-yilning noyabri. Rim kinoteatrlarida mashhur kinorejissor va ssenariynavis Mario Monichelli suratga olgan film namoyish etiladi...

 

O‘g‘lim menga tushlik jo‘natibdi.

 

Xayol uzoqlarga olib ketdi. Bolaligim esimga tushdi.

 

Urushdan keyingi yillar. Otam maktab direktori o‘rinbosari bo‘lib ishlardi. Maktab uyimizdan 12 km uzoqda edi. U ertalab saharmardonda velosipedda ishga ketar, bizga nonushta qilib olinglar deb tayinlashni sira unutmas edi.

 

Yillar o‘tdi. Otam urushda yaralangan edi, shu sabab olamdan erta o‘tib ketdi.

 

Birin-ketin farzandlarim tug‘ildi. Qizlarim-ku yoshlikdanoq nonushta tayyorlab, ertalablari dasturxon tuzashni biladi. Biroq o‘g‘lim... har qancha tayinlashimga qaramay, tamaddi qilmay maktabiga ketib qolar edi.

 

Yillar o‘tdi... Endi o‘g‘lim mendan oldin ishga otlanadi va “Otajon, nonushta qilmay ishga ketmang, kardiomagnil ichishni unutmang...” deb sms yuboradi.

 

Tunov kuni ota-o‘g‘il jumaga chiqdik. “Tushlik qilamizmi?” deb so‘raydi o‘g‘lim. “Soat 2 da yig‘ilish bor... Oqshomgacha, sog‘ bo‘l, bolam!” deyman-u ishga yuguraman.

 

Yuqori qavatga chiqarkanman, yoshgina yigitcha “Sizga ovqat opkeldim, sovimasdan yeb olarkansiz, tayinlab yuborishdi”, deydi.

 

O‘g‘limning ham o‘g‘li bor – Temur Malik Tursunaliyev. O‘g‘lim, deyman pichirlab, sening zurriyoting ham shunday mehribon bo‘lsin! Iloyo, hamma bolalar ota-onasining tirikligida qadriga yetsin, vafotidan keyin esa haqqiga duo qilsin!

 

Darvoqe, Monichelli kinematografiya tarixida o‘ziga xos rekord o‘rnatgan: 1933-yilda faoliyatini boshlagan rejissor 2006-yilda 41-filmini namoyish etgan! Kinochining “Nishonga xato urma, Asunta” filmi bizda ayniqsa muvaffaqiyat qozongan. 2010-yilda saraton dardi bilan kasalxonaga yotqizilgan rejissor 95 yoshida o‘zini derazadan pastga otgan...

 

Uning filmlari esa aynan bizning kechmishimiz, hayotimiz haqida so‘ylagan kabi hamon yashayotir.

 

Italiyalik muazzin

 

Baxmal tumani markazida xayriya hisobiga jome masjid qurildi. Keksalar xuddi o‘sha joyda yuz yillar burun mavzening eng ko‘rkam sajdagohi bo‘lganini eslaydilar. Dahriylik taloto‘plari zamonida Butunittifoq xudosizlar jamiyati faollari uni buzib tashlab, o‘rniga “bolalar uyi” qurgan ekan. Holbuki, xudosizlar kelgunga qadar mahalliy xalq “bolalar uyi” nimaligini bilmagan, hech kim farzandini tashlab ketmagan... Xayolda bir yorug‘ umid uyg‘onadi: bu masjidda qilinajak duolar jamiyat zehniyatini yana toza o‘zanga buradi, endi odamlar farzandini tashlab ketmaydi, “bolalar uylari” butkul barham topadi... Zora! Shoyad!

 

Masjid ochilishi arafasida qurbonlik qilindi, yuz qirqqa yaqin quruvchiga ehson tarqatildi, Qur’on tilovatidan keyin xayrli ishga bosh qo‘shganlarning barchasi haqqiga duo qilindi. Marosimda olis Italiyadan kelgan Massimo Ambrozini ham ishtirok etdi. Mehmonning islomga muhabbati va dinimizga oid ko‘p narsani bilishi ma’lum bo‘lgach, imom “Masjidning ilk muazzini o‘zingiz bo‘lasiz”, deya lutf qildi unga. Janob Ambrozini taklifni bajonidil qabul qildi va qisqa fursatda iymon keltirib, muazzin vazifalarini o‘rganishga, 52 metrli minoraga chiqib azon aytishga so‘z berdi.

 

Tursunali QO‘ZIYEV

 

“Tafakkur” jurnali, 2023-yil 1-son.

“Qadriyatlar qorishganda” maqolasi

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Adabiyot

18:04 / 05.04.2024 0 19353
Yaponiya sotuvga qo‘yiladi

San’at

11:08 / 28.08.2021 8 16483
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi