“Fayzulla Xo‘jayev xotinimning akasi bo‘lgani uchun jinoyatchi bo‘lib qolamanmi?” – Sho‘ro otuvga hukm qilgan qorako‘lchi monopollarning aybi nima edi


Saqlash
18:06 / 07.06.2023 2376 2

Tarixiy manbalarga ko‘ra, VIII asrda arab va mahallay qo‘ylarning chatishishi oqibatida qorako‘l qo‘y zoti vujudga kelgan. Bu qo‘ylar go‘shtining lazzati, junining mayinligi, terisining yengil va yupqaligi, pishiqligi bilan asrlar davomida qadr topgan edi. XVII asr boshlarida savdo-sotiqning rivojlanishi bilan jahon bozoriga jingalakli mo‘yna uchun Buxoro qo‘ylarining qorako‘l terilari ham kirib bordi. XVIII asrning o‘rtalarida Buxoro amirligi hamda Xorazm xonligida Eron va Rossiya savdo aloqalarida mo‘yna sifatida qorako‘l terisining o‘rni ortib bordi. Buxorodan Astraxan, Qozon, Sibirga, Eron, Xitoy, Hindiston ular orqali Yevropa mamlakatlari bozorlariga yuborila boshlandi.

 

XIX asrning oxirlarida Yevropada mo‘yna bozorining tashkil etilishi bilan qorako‘l terisiga bo‘lgan talab to‘xtovsiz o‘sib bordi. Qorako‘l terisidan nimcha, palto, papaxa, telpak, yoqalar tikilishi uning dovrug‘ini dunyoga yoydi. Dastlab Namibiyada o‘z fermalari bo‘lgan nemis qo‘ychilari qorako‘l qo‘ylarini urchitish, ularni mahalliy qo‘ylar bilan chatishtirishga kirishdilar. Bir dona qorako‘l terisining bahosi bir ot narxigacha yetdi. Natijada Rossiya janubi, Qrim, Ukraina, Yevropa, Janubiy Afrika, hatto Lotin Amerikasi mamlakatlariga urchitish uchun qorako‘l qo‘ylarini olib ketadilar. Albatta, bu bozorning tashkil etilishidan 1930-yillargacha Buxoro savdogarlari mazkur bozorda mutlaq monopol mavqeni hech kimga bermadilar. Amirlikning Chor mustamlakachiligi zulmi ostida qolishi bilan Zarafshon daryosining suvi yildan yilga kamayib bordi. Oqibatda yashil bog‘lar, paxta dalalari qisqarib cho‘llashish avj oldi. Buxoro amiri maxsus farmon bilan qorako‘lchilik sohasining rivojiga cheksiz imtiyozlar joriy qilib, o‘zi eng katta qorako‘l terisi savdogariga aylandi. Qisqa muddatda bu yo‘nalishdan amirlik xazinasiga millionlab dollar oqib kela boshladi. Bugun eski suratlarda nafaqat Rossiya shaharlaridagi, Berlin, London, Parij shaharlaridagi Buxoro zardo‘zlari, ipakchilik mahsulotlari, gilam va qorako‘l terilari bilan to‘la do‘konlarga ko‘zimiz tushadi. Bunda buxorolik uddaburon savdogarlarning xizmati ayniqsa tahsinga sazovordir. Quyida Fayzulla Xo‘jayevning ota do‘stlari va sodiq safdoshlari Nurillaxo‘ja To‘raxo‘jayev, buxorolik millioner Aminjon Sulaymonov, Qilichxo‘ja Xo‘jayev va boshqalarning achchiq qismatlari haqida hikoya qilamiz. Bu qahramon shaxslar Buxoro Xalq Jumhuriyati istiqlolni qo‘lga kiritishi bilan uning iqtisodiy asosini ta’minlashi kerak edi. U vaqtgacha qorako‘l terisi savdosini davom ettirib, Fayzulla Xo‘jayevni har jihatdan qo‘llab-quvvatlab turishi ko‘zda tutilgandi. 1937-yilning boshida hukumatga saylanmay qolgan Fayzulla Xo‘jayev yurak xastaligini o‘tkazadi. Bundan xabar topgan Asadboy G‘afurov (o‘sha vaqtda Karkidagi sovet-afg‘on savdo idorasi xodimi bo‘lgan) Fayzulla Xo‘jayevni zudlik bilan, yashirincha Afg‘onistonga chiqarib yuborishga kirishadi. Shu maqsadda Afg‘onistonga Buxorodan yuborilgan Mizrobbek, Eshon Junaydulloxo‘ja Haqqoniylar bilan muzokara olib boradi. Afsuski, u Toshkentga yetib borganida Fayzulla Xo‘jayev allaqachon kasalxonadan chiqib, Moskvaga yo‘l olgan edi. Izidan tushgan NKVD xodimlari esa bu o‘n nafar taniqli qorako‘l savdosi vakillarini hibsga oladi...

 

Nurillaxo‘ja To‘raxo‘jayev 1873-yil ko‘hna Buxoroning G‘oziyon mavzesi Abdullaxo‘ja guzarida dunyoga kelgan. Nurillaxo‘ja akasi G‘aybullaxo‘ja To‘raxo‘jayev, Fayzulla Xo‘jayevning otasi Ubaydullaxo‘ja, uning amakilari Bo‘rixo‘ja, Otaxo‘ja, Jo‘raxo‘ja Latifxo‘jayevlar bilan hamkorlikda Buxoro amirligining xalqaro qorako‘l savdosini amalga oshirishardi. Birgina Nurillaxo‘ja To‘raxo‘jayev 1920-yilgacha har yili Moskvaga 4000 gacha qorako‘l teri olib borib, har birini 7–9 oltin rubldan pullab, 32000 rublgacha daromad ko‘rgan.

 

1920-yil, Buxoro inqilobidan so‘ng BXR hukumati rahbari Fayzulla Xo‘jayevning tavsiyasi bilan Nurillaxo‘ja To‘raxo‘jayev o‘zining qorako‘l teri, paxta mahsulotlari va harakatdagi pullarini Buxoro davlati hisobiga o‘tkazadi. “Quvvati jamiyat” savdo uyini ochib, yetishtirilgan qorako‘l va paxta mahsulotlarini Turkiyaga Abdullabek Boltabekovga, Germaniyaga Aminjon Sulaymonovga yetkazib bera boshlaydi. 1922-yilda Aminjon Sulaymonov SSSRga chaqirib olingach, Germaniya bilan savdo ishini Berlindagi BXR vakili Yusufboy Muqumboyev bilan davom ettiradi. Yusufboy bu daromad ortidan Germaniyada tahsil olayotgan turkistonlik talabalarning yashash, o‘qish xarajatlarini ta’minlar edi. Nurillaxo‘ja To‘raxo‘jayev 1923-yil o‘z pulini BXR davlati puli sifatida ko‘rsatib savdo qilgan degan ayblov bilan sud qilinadi. Shu yili sho‘ro yer islohoti bahonasida 200 tanob xususiy yerini tortib oladi. Shundan so‘ng To‘raxo‘jayev Nurullo qorako‘l va paxta savdosini “Ravnaq” savdo o‘rtoqlik jamiyati orqali amalga oshiradi. U 1928-yilgacha Afg‘onistondagi asli buxorolik savdo hamkorlari Eshon Junaydulloxo‘ja Haqqoniy va mirzo Zayniddin Bobojonovlarga mahsulot yuborgan. Nurillaxo‘ja To‘raxo‘jayev Eshon Haqqoniy bilan savdoda oltin, AQSh dollari, Angliya funtlaridan foydalanar edi. 1932-yil oltin va olmos savdosida ayblanib hibsga olinadi, 11 oy davom etgan qamoqdan so‘ng ozodlikka erishadi.

 

Nurillaxo‘ja To‘raxo‘jayev 1937-yil 19-avgustda aksilinqilobiy tashkilot a’zosi degan ayblov bilan yana hibsga olinadi. 1937-yil 20-avgust kuni to‘ldirilgan shaxsiy anketasiga ko‘ra oila a’zolari turmush o‘rtog‘i Fayzulla Xo‘jayevning singlisi Saida Ubaydullayeva, farzandlari Siddiqa, Maxfira, Muslima, Sayfiddin va Munavvarlardan iborat bo‘lgan...

 

Aminjon Sulaymonov 1885-yil ko‘hna Buxoroning Islohot guzarida dunyoga kelgan. Maktab va madrasa tahlilidan so‘ng avval qozilikda kotib, so‘ng qozi vazifalarida ish olib bordi. So‘ng ota kasbi – qorako‘l terisi savdosiga kirishib, qisqa muddatda amirlikning xalqaro qorako‘l terisi savdosida ko‘zga ko‘ringan shaxs bo‘ldi. Eron va Afg‘oniston orqali Buyuk Britaniyaga, Chor Rossiyasi hududidan Germaniyaga chiqib, keng miqdorda qorako‘l terisi xalqaro savdosini muvaffaqiyatli yo‘lga qo‘yadi. Rossiya, London va Berlin banklariga joylagan kapitali bilan “buxorolik millioner”ga aylandi.

 

Aminjon Sulaymonov 1918–1922-yillar Berlin shahrida yashab, jahon bozorida qorako‘l terisi savdosida avval amirlikning, so‘ng BXRning mutlaq monopoliyasini ta’minlashga harakat qildi. Yevropa banklariga katta miqdorda pul kiritdi. Uning obro‘sidan xavotirga tushgan sho‘rolar davlati “buxorolik millioner”ni kuch bilan qaytarishga botina olmadi. Uyi yongani va farzandlari hibsga olingani haqidagi yolg‘on xabarni yo‘llab Aminjon Sulaymonovni zudlik bilan qaytarishga erishadi. Buxoroga kelgach esa SSSRdan chiqa olmaydigan qilib qaror chiqarishadi. U BXR hukumati ko‘magida qorako‘l teri va paxta savdosi bilan shug‘ullanuvchi “Iqbol” savdo o‘rtoqlik shirkati ochib, 1922–1928-yillar unga rahbarlik qiladi. Aminjon Sulaymonov 1930-yildan Moskva shahri yaqinida NKVD nazoratida uy qamog‘ida saqlanadi. 1937-yilning boshlarida Buxoro shahriga qaytib keladi.

 

Aminjon Sulaymonov 1937-yil 20-avgust kuni Buxoro shahri Islohot guzari 87-uydan aksilinqilobiy tashkilot a’zosi sifatida qamoqqa olinadi. Bu vaqtda oila a’zolari turmush o‘rtog‘i Hamro Saidjonova, farzandlari Ayubjon, Yaqubjon, Nurulxudo va Surayyoxonlardan iborat bo‘lgan. Aminjon Sulaymonovning hashamatli uyidan farzandlari ko‘chaga quvib solinib, uy NKVD mal’unlari tomonidan egallab olinadi...

 

Aminjon Sulaymonov 20-avgust kuni ilk so‘roqda: “Avval Eronning Mashhad shahrida uy sotib olib, qorako‘l terisi savdosini boshladim. Afg‘onistonning Mozori Sharif shaharlarida uy va katta bog‘ sotib olib, Angliya bilan qorako‘l savdosini yo‘lga qo‘ydim. Hozirda bu uyga ikkinchi xotinimning amakisi Mirza Muhammad Ali qarab turadi. So‘ng Germaniyaning Berlin shahriga borib, bir uy sotib olib, qorako‘l terisi savdo uyini ochdim. Keyingi yillar 8 million markaga 2 ta hovli oldim. Germaniyadan qaytishimda uylarimdan birini Germaniyadagi ish yurituvchimga xususiylashtirib berdim. Qolgan ikkita katta uyimni NKVD Berlinga odam yuborib olib qo‘ydi. Men ularni sovet hukumatiga topshirishga majbur bo‘ldim. 1937-yil avgustda afg‘on xotinim Tamara-Shamsiya 3-4 kun Kerkiga borib kelgan edi. Ammo amakisi Mirzo Muhammad Ali bilan uchrashib, Afg‘onistonga o‘tib ketmoqchi bo‘lganidan xabarim yo‘q” deydi. Shundan so‘ng tergovchi Aminjon Sulaymonovni “Sovet hukumati qaroqchilardan iborat. Ular nafaqat meni aldadi, xorijdagi pullarimni ham undirib oldi. Ular oddiy xalqni ham talayaptilar” degan gapi yuzasidan so‘roq qiladi...

 

Qilichxo‘ja Xo‘jayev 1896-yil Buxoro shahrining Abuvakil guzarida yirik qorako‘l savdogari xonadonida dunyoga kelgan. Qilichxo‘ja 5 yillik maktab ta’limidan so‘ng bir muddat madrasa tahsilini oladi. Shundan so‘ng “Yosh buxoroliklar” partiyasiga kirib, uning siyosiy tadbirlarida faol ishtirok etadi. 1920-yil Buxoro Xalq Jumhuriyati tashkil etilganidan keyin Qilichxo‘ja Xo‘jayev Buxoro hukumati Markaziy Ijroiya Qo‘mitasida faoliyat boshlaydi.

 

(Qilichxo‘ja Usmonxo‘ja o‘g‘li)

 

1921-yil Qarshi shahar inqilobiy qo‘mitasi raisi vazifasida, 1922–1928-yillar Buxoro hukumati tomonidan tashkil etilgan qorako‘l savdosi idorasida mas’ul lavozimlarda ish olib boradi. Qilichxo‘ja Xo‘jayev 1929–1931-yillarda Buxoro shahar bozor ishlari qo‘mitasi raisi, 1931–1933-yillar “Iqbol” o‘rtoqlik jamiyatiga tegishli savdo do‘koni mudiri bo‘ldi. 1932-yil afg‘onistonlik qorako‘l teri savdogari G‘ani oqsoqol bilan oltin va 30000 rubl pul bilan qo‘lga olinadi. Bir muddat hibsda bo‘lib, o‘zining aybsizligini isbotlab ozodlikka erishadi. 1933-1934-yillar Buxoro qorako‘l zavodida bosh yo‘riqchi, 1935-yildan Ittifoqjun markazida mudir bo‘ldi. 1936-yildan Buxoro markaziy parkida madaniyat bo‘limi mudiri vazifasida ish olib boradi. Biroq, qorako‘l terisi savdosini ham butunlay tark etmaydi.

 

(Buxoro Xalq Jumhuriyati mulozimlari)

 

1937-yil 27-avgust kuni Xo‘jayev Qilichxo‘ja Usmanovich Abuvakil guzari 35-uydan aksilinqilobiy tashkilot a’zosi degan ayblov bilan hibsga olinadi. Oila a’zolari sifatida turmush o‘rtog‘i Rahima Atayeva, farzandlari Mo‘mina, Sidiqa, Munira, Umar, Abubakr, Haydar va Habibalarning nomlari keltirilgan. Shuningdek, yaqin qarindoshlari deb ukalari ipakchilik korxonasi ishchisi Otaxo‘ja, shahar ta’lim bo‘limi choyxonasi g‘aznachisi Yahyoxo‘jalarning, singillari Zuhraxon, Oftobxon va Maxfiratxonlarning ismlari qayd etilgan. 1937-yil 27-avgust kuni so‘roq davomida BXR hukumatining rahbarlari Fayzulla Xo‘jayev, Muinjon Aminjonov, Sattor Xo‘jayev, Ota Xo‘jayevlar bilan yaqin do‘stligi uning asosiy aybi sifatida talqin etildi. 28-avgust kuni so‘roqda Qilichxo‘ja Xo‘jayev 1933-yildan Karkidagi sovet-afg‘on savdo uyi xodimi Asadboy G‘afforov orqali Afg‘oniston bilan qorako‘l teri savdosini yo‘lga qo‘yganini, qorako‘l terisi asosan Karki, Kushka, Termiz hududlaridan chiqarilganligini, 1933-yil o‘zining Afg‘onistonning Andxo‘y shahri bozoriga 500 ta qorako‘l terisi, 1935-yil 18000 so‘mga 4000 qorako‘l terisi, 1936-1937-yillar ham Afg‘onistonga turli yo‘llar orqali qorako‘l terisi chiqarganligini tan oladi...

 

(Qilichxo‘ja Xo‘jayevning uyi. XIX asr oxirida qurilgan)

 

G‘iyosiddin Hasanov 1886-yil ko‘hna Buxoroning Usmonxo‘ja guzarida mudarris xonadonida dunyoga kelgan. Otasi keyinroq Ulyanov gubernasi, Buin shahriga borib mullalik qiladi. G‘iyosiddin Hasanov 1902-yil Buxoro madrasasini bitirib, bir yil o‘qituvchilik qiladi. 1904-yil onasi bilan Buin shahriga otasining oldiga ko‘chib boradi va 1906-yilgacha Buindagi jadid madrasasida o‘qiydi. G‘iyosiddin Hasanov 1906–1910-yillarda Turkiyaning Istanbul shahrida o‘qituvchilar institutida, 1910–1912-yillar universitetda o‘qiydi. 1912-yil Buin shahriga kelib geografiya, tarix, fizika fanlaridan dars bera boshlaydi. Biroq, ko‘p o‘tmay yana Buxoroga qaytib keladi. Amirlikda “Buxoroi Sharif” va “Turon” gazetalari ochilishida bosh-qosh bo‘lib, muharrirlik qiladi. 1914-yil gazetalar yopilgach, yana Buinga qaytib ketadi. 1921-yil Buxoroga kelgan G‘iyosiddin Hasanov Buxoro Xalq Jumhuriyatida Maorif noziri o‘rinbosari va Nozir, 1922-yildan Ichki ishlar noziri o‘rinbosari, 1923-yil Moliya noziri, soliq rahbari, 1924-yildan Buxorodavlat savdo idorasi raisi bo‘ldi. 1924-yildan 1931-yilgacha O‘zbekdavlat savdo idorasi raisi, 1932-yil O‘zjunsanoat idorasi direktori o‘rinbosari, 1933-yildan esa O‘zbekqorako‘l idorasida ish olib boradi.

 

1937-yil 29-avgust kuni G‘iyosiddin Hasanov Usmonxo‘ja guzari 38-uydan aksilinqilobiy tashviqotda ayblanib hibsga olinadi. Shaxsiy anketasiga binoan oila a’zolari turmush o‘rtog‘i Robiyaxon, farzandlari Nozika, Xolida va Ahrorjonlardan iborat bo‘lgan.

 

Asadboy G‘afurov 1872-yil ko‘hna Buxoroning Islohot guzarida dunyoga kelgan. Asadboy uzoq yillar Fayzulla Xo‘jayevning otasi Ubaydulloxo‘janing qorako‘l savdosini boshqargan. BXR tuzilganidan so‘ng ham qorako‘l savdosini davom ettirdi. 1922-yil bir guruh sobiq hamkorlarini jamlab xorij davlatlari bilan qorako‘l terisi savdosini yo‘lga qo‘yish uchun “Iqbol” savdo shirkatini tuzadi. 1933-yil maydan Kerki shahrida yashab sovet-afg‘on savdo idorasida ish olib boradi.

 

Asadboy G‘afurov 1937-yil 14-avgust kuni Islohot guzari 35-uydan qamoqqa olinganida oila a’zolari turmush o‘rtog‘i Muattar Saidmurodova, o‘g‘li Baxshullo, qizi Bo‘rigullardan iborat bo‘lgan...

 

Sharafiddin Saidov 1875-yil Buxoro shahrida tug‘ilgan. Amir zamonida eng mashhur qorako‘l savdogarlardan bo‘lgan Sharafiddin Saidov el ichida “Maxsum pochcha” nomi bilan tanilgan edi. BXR davrida “Iqbol” savdo shirkatida qorako‘l terisi savdosini olib bordi. Avval Aminjon Sulaymonov, 1922-yildan Yusufboy Muqimboyevlar vositasida Germaniya bilan qorako‘l teri savdosini yo‘lga qo‘yadi. Biroq, sovet mamlakati buxoroliklarning Yevropaga mol keltirish imkoniyatlarini muttasil qisqartirib bordi. Yusufboy Berlindan Afg‘onistonga keladi va 1926-yil Buxorodan ukasi Mo‘minboy Muqimboyevni ham Afg‘onistonga chaqirib oladi. Aka-uka Muqimboyevlar Afg‘onistonning Andixo‘y shahrida O‘zbekistondan keltirilgan qorako‘l terilarni dunyodagi talab katta bo‘lgan bozorlarga yetkazib berar edilar. Sharafiddin Saidov 1932-yil nohaq bo‘hton bilan qamoqqa olinib, ikki oy hibsda saqlanadi. Keyinchalik Buxoroda do‘kon mudiri bo‘lib ishlagan. 1937-yil 29-avgust kuni qamoqqa olinganida oila a’zolari turmush o‘rtog‘i Mumina Ahmedova, farzandlari Muqaddas, Karomat va Rofe’lardan iborat bo‘lgan...

 

(Pastda chapdan: qorako‘l savdogari Usmonxo‘ja Fozilxo‘ja o‘g‘li, yonida nabirasi – Qilichxo‘janing o‘g‘li Rofe’xo‘ja, uning tepasida Qilichxo‘ja Xo‘jayev)

 

Ahmadjon Kamolov 1889-yil ko‘hna Buxoroning Govkushon mavzesi, Po‘stindo‘z guzarida dunyoga kelgan. Madrasa tahsili vaqtida “Yosh buxoroliklar”, 1918-yil esa Kogon shahrida Fitratning tavsiyasi bilan “Sho‘roi Islom”ga a’zolikka qabul qilingan. 1920-yildan “Ravnaq” savdo o‘rtoqlik shirkati qorako‘l terisi savdosi bilan mashg‘ul bo‘lgan. 1922-yil BuxChK raisi Muinjon Aminov Ahmadjon Kamolovni Sharqiy Buxoroga yo‘llaydi. Ular maxfiy topshiriq asosida qizil armiyaga qarshi istiqlolchilik kurashchilarini qo‘llab-quvvatlashi kerak edi. Biroq, 1923-yil uning Boyqaro qo‘rboshiga kurashni davom ettirishi haqida yozgan xati chekistlarning qo‘liga tushib qolib, hibsga olinadi. BXR hukumatining aralashishi evazigagina qamoqdan eson-omon qutilib chiqadi. Ahmadjon Kamolov 1926-yildan Buxoro qorako‘l zavodida ish olib borgan.

 

Ahmadjon Kamolov 1937-yil 28-avgust kuni qamoqqa olinganida oila a’zolari turmush o‘rtog‘i Muborakxon, farzandlari Rahmatjon, Muazzamxon, Misboh va Muhabbatlardan iborat bo‘lgan...

 

Burhon Mo‘minov 1895-yil Buxoroning Qorako‘l bekligida tug‘ilgan. Katta yer egalaridan bo‘lib, 1923-yilgacha dehqonchilik bilan shug‘ullangan. Xususiy yer egaligiga barham berilgach, 1927-yilgacha “Qo‘shchi ittifoqi” a’zosi bo‘lgan.

 

Burhon Mo‘minov 1928-yildan qorako‘l savdosi bilan shug‘ullangan. 1937-yil avgustda aksilinqilobiy tashkilot a’zosi sifatida hibsga olinganida oila a’zolari sifatida turmush o‘rtog‘i Muhibaxon, farzandlari Zayniddin, Sadriddin, Saida, Halima va Nasriddinlarning nomlari qayd etilgan...

 

G‘ulom Muhiddin Yuldashev 1895-yil tug‘ilgan. G‘ulom Muhiddin Yuldashev avval “Iqbol” savdo shirkatida, so‘ng Buxoro Davlat savdo boshqarmasida mas’ul vazifalarda ishlagan. U hibsga olinganida oila a’zolari turmush o‘rtog‘i Saidaxon, farzandlari Mahdiya, Faxriddin, Firdavs va Shavkatlardan iborat bo‘lgan.

 

Mulla Ro‘zi Jumayev 1891-yil Buxoroda tug‘ilgan. Oila a’zolari xotini Xollixon Boboyeva, farzandlari Muzayyanaxon va Rahimjonlardan iborat edi...

 

Muttasil tahqirlar va qiynoq ostida o‘tgan tergovda hech kimga o‘zini himoya qilish imkoniyati berilmadi. Aksincha, bo‘hton va tuhmatlar bilan to‘la so‘roq bayonnomalariga ularning imzosini tushirish uchun inson bolasi chiday olmaydigan jismoniy qiynoqlar qo‘llandi. Qariyb ikki oydan ortiqroq cho‘zilgan dahshatli so‘roqlardan so‘ng, 1937-yil 5-noyabr kuni mash’um “uchlik” Aminjon Sulaymonov, G‘iyosiddin Hasanov, Ahmadjon Kamalov, G‘ulom Muhiddin Yuldashevlarni otuvga hukm etadi. Aminjon Sulaymonov, G‘iyosiddin Hasanov, G‘ulom Muhiddin Yuldashevlar 1937-yil 2-dekabr kuni, Ahmadjon Kamalov esa 1938-yil 5-yanvar kuni Toshkentdagi maxsus obyektda otib tashlanadi. Nurillaxo‘ja To‘raxo‘jayev, Qilichxo‘ja Xo‘jayev, Asadboy G‘afurov, Sharafuddin Saidov, Burhon Mo‘minov, mulla Ro‘zi Jumayevlar esa qo‘yilgan hech bir ayblov isbotini topmaganiga qaramay 10 yildan mehnat tuzatish lagerlariga hukm etiladi. Aslida 10 yildan konslagerga hukm etilgan zotlarning birortasiga sog‘-omon vatanga qaytish nasib etmadi...

 

Nohaq jazo bir tomon bo‘ldi, ularning Buxoroda qolgan farzandlariga otalari haqida hech qanday ma’lumot berilmagani bir tomon bo‘ldi. Natijada yillar davomida sovetlarning turli boshqaruv idoralariga oh-faryod bitilgan yuzlab xatlar yo‘llandi. Ishlar qayta-qayta “ko‘rildi”. Eski hukmlar kuchda qoldirilaverdi. Oila a’zolariga esa hech qanday javob berilmadi.

 

1939-yil 12-may sanasi bilan Nurillaxo‘ja To‘raxo‘jayev yozgan shikoyat arizasida o‘zining ustidan chiqarilgan hukmni lagerga kelganidan so‘ng eshitganini ma’lum qiladi. “Fayzulla Xo‘jayev xotinimning akasi. Xo‘sh, shunda men jinoyatchi bo‘lib qolamanmi yoki butun umr savdo ishi bilan shug‘ullanganman, shu jinoyatmi, o‘zi mening aybim nima?” deb masala qo‘yadi.

 

1940-yil 4-iyul kuni Saida Xodjayeva turmush o‘rtog‘i Nurullaxo‘ja To‘raxo‘jayevni Zangiotada deb eshitganini, yoshi allaqachon 68 dan oshgani va doimiy o‘pka tuberkulezidan aziyat chekishini aytib, qariligi va kasalligini inobatga olib farzandlariga qaytarishlarini o‘tinib, murojaat etadi.

 

Rahima Atayeva 1939-yil 10-may sanasi bilan yozgan shikoyat arizasida turmush o‘rtog‘i hech bir aybsiz qamoqqa olinib, hozirda Ulan Udedagi konslagerda ekanligi, o‘zining ayol boshi bilan yetti nafar maktab yoshidagi bolalarini ulg‘aytirishi juda og‘ir kechayotganini ma’lum qiladi. Shu farzandlarining tirik qolishi va tarbiyasi uchun ham bo‘hton bilan qamoqqa olingan Qilichxo‘ja Xo‘jayevning ishini qayta o‘rganib, xolis baho berishlarini so‘raydi. 1940-yil 28-iyulda Qilichxo‘ja Xo‘jayevning farzandlari Mo‘mina, Siddiqa, Umar, Munira, Abubakr, Haydar, Habibalarning har biri imzo chekib, otalarining gunohidan o‘tishini so‘rab “xalqlar dohiysi”ga yolvoradilar. Ular otamiz emas, uni nohaq bo‘hton bilan qamagan Volin haqiqiy xalq dushmanidir, deb yozadilar.

 

1939-yil 20-iyul sanasi bilan Buxorodan Saida Yuldasheva ham SSSRning mas’ul idoralariga xat yo‘llab, o‘zining besh go‘dak farzandi nomidan turmush o‘rtog‘i G‘ulom Muhiddin Yuldashevning qismati haqida so‘raydi. Afsuski, bu son-sanoqsiz murojaat va arizalarning birortasiga javob bo‘lmadi. Aksincha, begunoh insonlar qoni va ko‘z yoshlari ustida qad rostlagan zulm saltanati o‘zining ilk kunlarida mazlumlar ustida boshlagan qatag‘on siyosatini so‘nggi onlarigacha bir zum bo‘lsa-da to‘xtatmadi. Hatto 1957-yil ular nomiga oqlanganlaridan keyin ham bu ma’lumot oila a’zolaridan darig‘ tutildi...

 

1991-yil Aminjon Sulaymonovning qizi Sulaymonova Anna Aminjonovna otasining uyini qaytarishini so‘rab murojaat yo‘llaydi. Shu munosabat bilan so‘roqqa chaqirilgan guvohlar ularning jinoyat ishlarida qayd etilmagan butunlay boshqa tarix va voqeliklar haqida so‘zlaydilar. Jumladan, 1991-yil 12-mart kuni 1909-yilda tug‘ilgan Mahbuba Avazjonova: “Aminjon Sulaymonov mening otamning akasi edi. Ikki uyi bo‘lib, birida o‘zi oilasi bilan yashardi. Ikkinchisida idora ishlarini yuritib, doimo mehmonlar bo‘lardi. Qorako‘l terilari omborida ishchi-xizmatchilar molni saralab savdoga tayyorlashar edi”, deydi. Boshqa bir guvoh Muhtarama Saidjonova: “Aminjon Sulaymonov mening bolalik xotiralarimda qolgan. Juda nurli, kalta kuzalgan soqoli o‘ziga yarashgan, kelishgan kishi edi. Yuzida har doim tabassum, qo‘li ko‘ksida inson edi. Ko‘plab insonlar u kishidan ko‘rgan yaxshiliklarini eslashardi. Qorako‘l terisi bilan savdo qilgani uchun tez-tez xorij davlatlariga safarga ketardi. Kelganida albatta to‘y berib, mahallamizdagi hamma bolalarni sovg‘alar bilan xursand qilardi. 1924-yil bolalar uylaridan 40 nafar bolani keltirib, o‘zining o‘g‘liga qo‘shib sunnat to‘yini o‘tkazib bergandi. Bu xabar butun shaharga yoyilib ketgan edi. Aminjon Sulaymonovni butun shahar tanir va juda hurmat qilar edi. Xalq Moskvaga nega olib ketilib, yarim qamoq holatida yashaganining sababini bilmasdi. Ammo Moskvadan qaytib kelganida yana bayram bo‘lib ketgan edi. U kishini so‘rab uyiga butun el kelgandi. Oradan bir necha oy o‘tmasdan yana qamoqqa olindi va shundan so‘ng izsiz ketdi. 1953-yilgacha hech bir gap-so‘z bo‘lmadi. Bolalari boshqa yerlarda qiyinchilik bilan ulg‘aydi. Uning uyida esa Kapilov, Solnsev, Arslonov, Dadayan kabi NKVDning mulozimlari, polkovnik va mayorlari oilalari bilan yashadilar”, deydi.

 

Bahrom IRZOYEV,

tarix fanlari bo‘yicha falsafa doktori

2 Izohlar

Fazliddin MADIEV

00:07 / 01.07.2023

Bahrom o'ga baraka toping juda ham ajoyib ma'lumotlar. Men bu borada 2007-yillarda Turkiyda eshitgan edim. O'sha payti mo'ynachili bilan shug'ullanadigan firmaga ishga kirib, SWAKARA degan o'zimizni qo'rako'lni ko'rib hayron qolganman. Keyin tarixini surishtirib ko'rsam, 1907 - yilda Inglizlar tomonidan (siz Nemislar deb to'g'ri yozgansizz, men ingliz deb bilarkanman) Buxorodon olib ketilgan ekan bilishimcha 500 dona olib ketilgan. O'sha payti nomi Namibiya bo'lgan Afrika davlati keyinchalik Janubiy G'arbiy Afrika bo'lib o'zgargan va bizdan ketgan Qorako'llar ham dunyo bozoriga SWAKARA ya'ni Janubiy G'arbiy Afrika Qoralko'li bo'lib jahon bozoriga kirgan. Bu qo'y turi, u yerda yana ham genetik o'zgarishga uchraydi va juni, pishiqligi va nozikligi bilan qorako'ldan o'tadi. Hozir ham bu qo'y terisi ancha qimmat turadi va moda olamida ancha qiymatga ega.

Нодир

06:01 / 01.01.1970

Ассалому алейкум, Ахмаджон Камолов тугрисида купрок маълумот олса буладими, у киши бувимнинг оталари булади.

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi

Tarix

18:05 / 08.05.2024 0 479
Turkiston legioni: haqiqat va uydirma





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Adabiyot

18:04 / 05.04.2024 0 19393
Yaponiya sotuvga qo‘yiladi

San’at

11:08 / 28.08.2021 8 16588
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi