1999-yili dunyo kinosida revolyutsiya sifatida talqin qilinuvchi film – aka-uka Vachovskilarning “Matritsa”si ommaga taqdim qilindi. U falsafa va ekshen (jangari) janrining aralashuvi bilan odamlar ichiga kirib bordi, tushunmaganlar uni mashinalar bilan jang qiluvchi qahramon haqidagi jangari-fantastik kino deb hisobladilar, uning sekinlashgan harakatlarini, qahramonning otilgan o‘qlarni havoda to‘xtatib qo‘yishini ko‘rib hayratga tushdilar, vaqt o‘tib uni qayta ko‘rgan kishilar esa uning asosiy g‘oyasi butunlay boshqa – antiutopiya ekanini tushunib qoldilar. Kiberpank (kompyuter davrida insoniyat madaniyati tanazzulining texnologiyalar taraqqiyoti fonida aks ettiruvchi ilmiy-fantastik uslub) uslubi asoschilaridan bo‘lmish fantast yozuvchi Uilyam Gibson film tomoshasidan so‘ng o‘z hayratini yashirolmaydi: “Anchadan buyon bunaqa hayajonga tushmagandim... Neo endi mening fantastikadagi eng sevimli qahramonim”. Darhaqiqat, “Matritsa”dan alohida subkultura o‘sib chiqdi, trilogiyadan so‘ng Neoning yangi sarguzashtlari aks etuvchi kompyuter o‘yinlari, anime ishlandi, moda uylari film qahramonlari uslubidagi liboslarni taqdim etdi, qorong‘ida ham qora ko‘zoynak taqish urfga kirdi.
Neo kim?
Trilogiyaning birinchi qismida Neo Tanlangan, Qahramon, Qutqaruvchi sifatida ko‘rsatiladi. Bunda ko‘proq ilohiy nomalardagi rivoyatlar, miflar, bashoratlarga – Injil va Iso payg‘ambarga ishora bor. Umuman, dunyo ustidagi har bir xalqning qutqaruvchi haqidagi bashoratlari mavjud. Bora-bora bu bashoratdan miflarga, ertaklarga, eposlarga va boshqa xalq og‘zaki ijodiga ko‘chib ko‘rinishini o‘zgartiradi. Matritsa esa yangi zamon – mashinalar davri oldidan odamzodni ogohlantirish uchun yaratilgan zamonaviy Injilga o‘xshaydi. Neo (yunon tilidan tarjima qilganda “yangi” degan maʼnoni anglatadi, yana ingliz tilidagi “One” – “tanlangan” so‘zining anogrammasi ham) esa bu kitobning qutqaruvchisi, yangi Isosi edi.
Tomas Anderson ismli dasturchi yigit kunduzlari el qatori nomdor kompaniyaga ishga qatnab, kechalari dasturlarni buzish bilan shug‘ullanuvchi xaker sifatida gavdalanadi. Uning kundalik hayoti Morfeus bilan uchrashuvdan so‘ng o‘zgaradi, unga Haqiqat – odamlar sivilizatsiyasi butunlay yo‘q qilingani, endidan odamlar mashinalarni quvvat bilan taʼminlash uchun kichik kapsulalarda, xuddi kataklarda biron narsa uchun boqilayotgan jonivorlardek asralishi va reallikdan uzib qo‘yilgani haqida aytiladi. Neoning vazifasi odamzodni mashinalar qo‘lidan qutqarish va film oxirida u o‘z joni evaziga (Injilda Iso o‘z jonini insoniyat gunohlari uchun qurbon qilgani kabi) ularni matritsadan real hayotga olib o‘tadi.
Ammo yana bir tomoni bor: Neo Bosh Muhandis – matritsaning yaratuvchisi bilan uchrashuvida boshqa haqiqatni eshitadi, unga ko‘ra Neoning o‘zi tizimning bir qismi, uning nozik va noqis qismlarini topish uchun yaratilgan alohida dastur, unga qadar sayyora matritsaning va Neoning oltita variantini ko‘rgan. Muhandis avvaliga xuddi jannatni eslatuvchi dunyoni yaratadi, ammo odamzodning bundan ko‘ngli to‘lmaydi, unga yaxshilik va yovuzlik bo‘lgan, oq va qoradan iborat, tanlash imkoniyati bor boshqa dunyo kerak edi va shunga ko‘ra isyon qiladi. Shuning uchun Neo yaratiladi, u Muhandisning – matritsa xudosining buyuk yaratig‘i nuqsonlarini, yumshoq joylarini bildiradigan va qayta ishga tushiradigan, yaʼni odamzodni bir matritsadan boshqasiga o‘tkazuvchi maxsus dastur edi.
Qizil va ko‘k dorilar, Morfeus va stoitsizm
Matritsa nafaqat Injilga doir voqealarni yuritadi, u dunyo falsafasining vatani bo‘lmish yunon asotirlarini, falsafasini ham o‘zida jamlaydi. Shulardan bittasi – Morfeus.
Morfeus yunon xudolaridan uyqu va tush ilohi Morfeyning filmdagi ko‘rinishi. Morfey bashoratli va yolg‘on tushlar xudosi sifatida keltiriladi. Yana u odamlardagi umid va orzularni ham uyg‘otadi. Shu maʼnoda Morfeusning Neoning oldiga kelishi, qizil va ko‘k dori tutishi, odamlar tushlarda (simulyatsiyada) yashaydigan matritsadan chiqishga ko‘maklashib Zionga – reallikdagi odamlar vataniga olib borishi va oxir-oqibat ushbu dunyo ham matritsaning bir qismi bo‘lib chiqishida uzviylik bor – aslida Neo kinoning boshidan-oxirigacha yolg‘on tushlarini ko‘rishda davom etadi.
Yunon falsafasining muhim maktablaridan biri stoitsizmda inson hayoti tanlovlar bilan o‘zgarib borishi taʼkidlanadi. Unga ko‘ra, odam o‘z tanlovlari natijasidir, uning hayoti o‘zgarmas va o‘zgartirish mumkin bo‘lgan jabhalardan iborat. Masalan, kishi o‘z ota-onasini, tug‘ilgan vatanini, farzandlarining kim bo‘lib yetishishini, kelib chiqqan millatini tanlay olmaydi, ammo uning hayoti davomida qilgan tanlovlari uning o‘zi kim bo‘lib yetishishi, hayotini qaysi yo‘lda o‘zgartirishi mumkinligini, uning o‘y-xayollari qayga boshlashi va reallikda qanday ko‘rinishga yetib borishini uqtiradi. Stoitsizmga ko‘ra, odam o‘z erkiga (tanlovlari natijasiga) o‘zi javobgar. Xuddi shunday, Neoning Morfeus qo‘lidan dorilardan birini tanlashi va matritsadan chiqib mashinalarga qarshi odamzod tomonida jang qilishi tanlovining birlamchi ko‘rinishi va oxirida o‘lmasligi ham o‘z taqdirini o‘zgartirishi, yaʼni tanlovlari natijasidir. Oxir-oqibat bularning barchasi yolg‘on bo‘lib chiqishi esa tafakkurning boshqa shakli – nigilizm bilan bog‘liq bo‘lib, film ijodkorlari o‘z fikrlaridan to‘r to‘qiganga o‘xshaydi, tushgan odam bu to‘rdan qutulishi dargumon.
Matritsa nima?
Matritsa – sunʼiy ong tomonidan yaratilgan dastur. U mashinalarga quvvat ishlab chiqarayotgan odamlarni uyquda ushlab turish uchun, ularning haqiqatda insoniyat mashinalar bilan jangda yutqazgani va qullikka duchor qilinganini anglab isyon qilmasligi uchun real hayot simulyatsiyasini beruvchi dastur. Filmda insoniyat va sunʼiy ong o‘rtasidagi jang qanday kelib chiqqani va natija nima bilan yakunlangani haqida biron gap yo‘q. Ammo shunga izoh beruvchi alohida yo‘llanmalar mavjud bo‘lib, insoniyat o‘zining mag‘lubiyati oldidan mashinalarni quvvat tizimidan butunlay uzib qo‘yganini tushunish mumkin. Yo‘q qilingan quvvat tizimi – bu quyosh va shamol energiyasi, boshqa qazilma quvvat energiyalari bo‘lsa ehtimol. Ammo sunʼiy intellekt odamzodning o‘zidan quvvat olishga va tirik qolishga erishadi. Bu insoniyatning yengilganidan darak, bir tarafi u mashinalar uchun quvvat ishlab chiqaruvchi jonivor-batareykaga aylantiriladi, boshqa tarafdan u o‘zining yaratig‘i bo‘lmish mashinalar qo‘lida qullik qilishni boshlaydi. Aslida bunday taqdirga kishilarning o‘zi aybdor – ular jamiyatda “shaxs” bo‘lish o‘rniga “foydalanuvchi”ga, o‘z taqdirini o‘zi belgilovchi ongli biologik tur o‘rniga gadjetlar taraqqiyotiga xizmat qiluvchi fikriy xomashyoga aylandi.
Trilogiya nima demoqchi?
“Matritsa” odamzodning buyuk orzu-istaklari ustidan mag‘zava ag‘daradi. Yorqin kelajak – yo‘q. Uning o‘rniga qorong‘i va tushunarsiz matritsa bor, shu bilan yashash kerak. Faqat endidan bosh qotirilishi kerak bo‘lgan boshqa masala mavjud – insoniyat boshqalar yaratib bergan qo‘shtirnoq ichidagi komfortda yashashni davom ettirishi va qullik qilishi kerakmi, yo shafqatsiz reallikka o‘tishi va qo‘liga qurol olib mashinalar bilan jang qilishi, o‘limni bo‘yniga olishi kerakmi – bu uning xarakterini belgilaydi. Bu bilan film odamzodni kelajakka emas, orqaga boshlaydi – u hali sunʼiy intellekt yaratilmagan, inon-ixtiyori o‘z qo‘lida bo‘lgan davrga borib xatosini tuzatishi kerak (“Terminator”ni eslang, unda qahramonlar yorqin shar ichida vaqtdan-vaqtga sakraydilar: robotlar ularning halokati sababchisi bo‘lgan bolani o‘ldirishga urinsalar, boshqa guruh qutqaruvchining tug‘ilishi uchun kelajakdan himoyachi va ota yuboradi), shunda uning oldidan boshqa yo‘l chiqadi va u bilan boshqa kelajakka yo‘l olish mumkin.
Zamonamizning sunʼiy intellekti otasi Jeffri Xinton yaqinda iqlim o‘zgarishi sunʼiy intellekt xavfi oldida unchalik muhimmasligi haqida gapirdi. Taxminan shunday degandi: “Men iqlim o‘zgarishi eʼtiborga arzimaydi, demoqchimasman. Ammo uni to‘xtatish unchalik qiyinchilik tug‘dirmaydi, sayyora uglerod yoqishni to‘xtatsa bas. Ammo sunʼiy intellektning nima ekani, u keltiradigan zarar va unga qarshi nima qila olishimiz mumkinligini bilmayman va shundan qo‘rqaman”. Xinton sunʼiy intellekt fikrlash borasida allaqachon insonni orqada qoldirganini, uning yovuz niyatli kishilar qo‘lida nimalar qilishi mumkinligini taxmin qilayotganini taʼkidlagandi. Xintondan tashqari Ilon Maskning Bill Geytsga ochiq maktubi ham bor. U sunʼiy intellektni biroz ortga surib turish kerakligini so‘ragandi ChatGPT asoschisidan. Aka-uka Vachovskilarning filmi esa kelajakdan noma – hozir sunʼiy intellekt yo‘q qilinmasa yoki boshqariladigan qilinmasa, odamzod yorqin kelajakda o‘zini katak ichidagi jonivor sifatida ko‘rishi mumkin.
Yakun: nigilizmmi yo shafqatsiz realizm
Trilogiyaning yakunida Neo va agent Smit o‘rtasida dahshatli jang tasvirlanadi. Agent Smit – matritsa ichidagi dastur. Uning ham vazifasi bor, u xuddi antivirus kabi tizimga yot, qarshi bo‘lgan dasturlarni va odamlarni yo‘q qilishi kerak. Bora-bora u matritsa qoidalariga bo‘ysunmay qo‘yadi, isyon qiladi va tizimga tegishli dasturlarni ham yutib, matritsaning halokatini yaqinlashtiradi. U ham xuddi Neo kabi chek-chegarasiz kuchga aylanib boradi – bashoratga ko‘ra matritsani odamzod yo‘q qilishi kerak, baʼzi taxminlarga ko‘ra o‘sha qutqaruvchi aslida Smit, ammo u bostiriladi. Neo unga qarshi Bosh Kompyuter bilan birlashadi. Bosh Kompyuter esa xuddi odamzod o‘z yaratig‘i sunʼiy intellekt izdan chiqqanida biron narsa qila olmagani kabi, agent Smitni yo‘q qilolmasdi. Ikkisining hamkorligi oqibatida esa tizim – matritsa qayta yuklanadi, ishga tushiriladi, “perezagruzka” bo‘ladi. Neo esa o‘z vazifasini bajardi, demakki, uning tirik qolishining hojati yo‘q. Uning murdasini odamlar emas, robotlar ko‘taradilar – qahramonning oxirida baxtli-saodatli hayot kechirishi, to‘y qilib bir etak bola ko‘rishi haqidagi optimistik yakun haqida gap bo‘lishi mumkinmas.
Trilogiyadan ancha o‘tib, aniqrog‘i 2021-yili Vachovskilar “Matritsa”ning yana bir qismi “Tirilish”ni chiqardilar va matritsachilarning duoibadiga qoldilar. Gap shundaki, trilogiyada Neo o‘z vazifasini bajaradi – u odamlarni haq o‘limdan asrab qoladi, Zionni butunlay vayron qilishi mumkin bo‘lgan robotlar qo‘shini to‘xtatiladi, matritsa ichidagi kishilar esa endi matritsadan uzilishi va odamzodning yangi vatanida reallikda yashash imkoniga ega bo‘lgandi. To‘rtinchi filmda esa Neoning o‘sha qahramonligi hech narsani o‘zgartirmagan bo‘lib chiqadi – uning va Trinitining miyasi mashinalar tomonidan yuvilib, qayta matritsaga ulanadi. Bunda Triniti va Neo alohida-alohida hayotlarda yashaydilar, Neo matritsani qabul qilish uchun tinimsiz ko‘k dori ichadi va psixologga qatnaydi, u vaqti-vaqti bilan ko‘z oldida paydo bo‘ladigan xotiralardan aziyat chekadi. Triniti esa bir necha bolaning yoshi o‘tinqirab qolgan onasi, uning avvalgi jangariligi va ishtiyoqi ham salqillagan yuz terisi orqasida qolib ketgan. Oxirgi film trilogiya uqtirmoqchi bo‘lgan xabarni butunlay yo‘qqa chiqaradi, o‘sha mashhurlik eyforiyasida rasvo qilingan sevgi haqidagi alohida film hissini beradi.
Alisher FAYZULLAYEV,
Oyina.uz
Adabiyot
Til
Adabiyot
Adabiyot
Jarayon
Til
Til
Jarayon
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Tarix
Tarix
Din
San’at
//
Izoh yo‘q