Zoʻravonlikka moyil bolalar, farzandini oʻldirayotgan onalar – Nosogʻlom oilalar muammolarini hal etishga koʻmaklashayotgan psixolog bilan suhbat


Saqlash
20:17 / 01.06.2023 1460 0

Soʻnggi vaqtlarda ijtimoiy tarmoqlarda onaning bolasiga zugʻum qilgani, hatto oʻldirgani yoki ayollarning oilada zoʻravonlikka uchrayotgani xususida turli xabarlar tarqalmoqda. Xoʻsh, jamiyatda bunday holatlar nega koʻpaymoqda? Buning sababi nimada? Oyina.uz muxbiri shu va boshqa masalalar boʻyicha shifokor, psixolog Diloraxon Xoʻjayevaning fikrlari bilan qiziqdi.

 

Farzandini oʻldirish darajasigacha borayotgan onalar

 

Oilada turli shaklda, hatto jinsiy zoʻravonlikka uchragan xotin-qizlar haqidagi xabarlar tez-tez quloqqa chalinadi. Biroq, koʻpincha mentalitet, oila shaʼni hamda andisha roʻkach qilinib bunday holatlar “bosti-bosti” qilinadi.

 

Eng achinarlisi, baʼzan oilada ayolning qaynona, er, hattoki, qaynota tomonidan tinimsiz tahqirlanishiga ham oddiy holdek nazarimizda. Sababi, ayollarimizga turmushda nima boʻlishidan qatʼiy nazar chidash kerakligi uqtiriladi. Yoshligidan shunga koʻniktirilgan qiz esa turmushga chiqqach oʻz xohish-istaklarini aytishga iymanadi, atrofdagilarning yomon munosabatidan stressga moyilligi oshadi. Bu esa yillar oʻtib kuchli agressiyani keltirib chiqarganiga ham guvoh boʻlyapmiz. Emotsional holatini boshqara olmay farzandini oʻldirishgacha borayotgan onalarning aksariyati ham ana shunday ruhiy bosimlarni boshdan kechirgan boʻlsa ajabmas.

 

Bolaning ona tomonidan oʻldirilishi kam oʻrganilgan va taqiqlangan jinoyat filitsid deb ataladi. Uning bir necha turlari bor. Agar ona yangi tugʻilgan chaqaloqni oʻldirsa neonatitsid deb ataladi. Infantitsid esa bir yoshga toʻlmagan bolaning oʻldirilishiga nisbatan qoʻllaniladi.

 

Bilasizmi, mutaxassislarning kuzatuvlariga asoslanib, qotillik qurboni boʻlish xavfi hayotning birinchi besh yilida ayniqsa yuqori ekanini ayta olaman. Ota-onalar koʻpincha ikki yoshgacha boʻlgan bolalarni oʻldiradi va aksariyat holatda bu voqealar qishda ertalab soat toʻrtlar atrofida sodir boʻladi.

 

Oʻrganishlarimga koʻra, yosh bolalarni oʻldirish boʻyicha alohida qonunlar dunyoning 20 dan ortiq mamlakatlarida, jumladan Braziliya, Kanada, Buyuk Britaniya, Germaniya, Italiya, Yaponiya, Yangi Zelandiya, Filippin, Janubiy Koreya va Turkiyada mavjud. Qonunlarda bir yoshgacha boʻlgan bolalarini oʻldirgan onalarga nisbatan jazo yengilroq. Chunki XX asrning boshidan boshlab tugʻruqdan keyin yoki emizish davrida onaning ruhiy muvozanati buzilgan deb hisoblanadi.

 

Yana bir qiziq maʼlumot: Kuban davlat universitetining kriminologiya boʻlimi xodimlarining fikricha, ochilmagan epizodlar jinoyat ishlariga qaraganda sakkiz baravar koʻp. Tasavvur qilishimiz qanchalar qiyin boʻlsa ham atrofimizda biz bilmagan, ochilmagan jinoyatlar talaygina.

 

Aksariyat hollarda tugʻruqdan keyin yashirin ruhiy kasalliklar namoyon boʻladi. Biroq baʼzida shifokorlar qotillikka moyil onalarni ajrata olishmaydi va ular bilan alohida shugʻullanilmaydi. Bu shuni anglatadiki, ayollar kundalik hayotda oʻzini namoyon qilmaydigan surunkali psixologik buzilish bilan yashashi mumkin. Homiladorlik, tugʻish yoki klimaks ayol uchun uchta asosiy stressdir. Bular uni qotillikka qoʻl urishiga turtki boʻlishi mumkin.

 

Qotillikka qoʻl urgan onalarning aksariyati surunkali shizofreniya tashxisi qoʻyiladi.

 

Shuningdek shizofreniyadan keyin ikkinchi oʻrinda “tugʻruqdan keyingi reaktiv holat” tashxisi qoʻyiladi. Bu vaqtinchalik ruhiy kasalliklar, jumladan rivojlangan psixotik depressiya va ayniqsa xavfli tugʻruqdan keyingi psixozdir. Bular mingdan bir yoki ikkita ayol bilan sodir boʻladi.

 

Jamiyatimizni xavotirga solishi kerak boʻlgan ogʻriqli nuqta

 

Agar JSST statistikasiga nazar soladigan bo’lsak, har beshinchi ayol va har o’n uchinchi erkak bolaligida jinsiy zoʻravonlikka duchor boʻlgan. Eng achinarlisi, kimlardir butun umri davomida zoʻravonlik ostida yashaydi va buni sir saqlaydi. Kimdir buni hatto oʻzidan yashirishga harakat qiladi yoki maʼlum bir nuqtaga qadar bolalikdagi epizodlarni travma deb hisoblamaydi. Fikrimcha, muammo juda dolzarb va nima qilish kerakligi, zoʻravonlikning oldini olish hamda kimga murojaat qilish haqida maʼlumotlar yetarli emas.

 

Biz agar bolalarga tana va jinsiy chegaralar haqida muhim bilimlarni bersak, ular xavfli vaziyatlarni anglay boshlaydi va oʻzini himoya qiladi, kerakli vaqtda kerakli odamlarga axborot beradi.

 

Bolalarga nisbatan jinsiy zoʻravonlik shunchaki “shok”ga tushiradigan holatdir. Eng yomon tomoni, bolalarga nisbatan jinsiy zoʻravonlik bilan bogʻliq tekshiruvlar, hatto psixologik koʻriklarni oʻtkazish ham oson emas. Bunda mutaxassislardan maxsus malaka talab qilinadi.

 

Afsuski, jamiyatimizda ayollarga hirs bilan qarash, voyaga yetmagan yosh qizlarga ham jinsiy zoʻravonlik qilish holatlari ham yoʻq emas. Masalan, yaqinda bir voqeani eshitib, hayratlandim.

 

Bir yigit sevgan qiziga bir necha bor shilqimlik qiladi. Qayta-qayta rad etilganidan soʻng alamzada oshiq qizni joniga qasd qilish uchun oʻqish joyiga borib, majburan olib qochishga urinadi. Yaxshi hamki, bu voqea jamoat joyida sodir boʻlgan va atrofdagilarning beeʼtibor boʻlmagani tufayli koʻngilsiz voqeaning oldi olingan, aks holda voqea qanday tugashi mumkinligini oʻylab qoʻrqasiz.

 

Bundan tashqari, oʻsmirlar orasida ham qarshi jins vakillariga nisbatan zoʻravonlikning turli koʻrinishlari uchrab turgani jamiyatimizni xavotirga solishi kerak boʻlgan ogʻriqli nuqtadir. Yaqinda ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokama qilingan bogʻcha mudirasi oʻgʻlining goʻdaklarga nisbatan qilgan axloqsizligi ham koʻpchilikning jiddiy eʼtirozlariga sabab boʻldi.

Umumiy olganda, oilada zoʻravonlik qiladiganlarni psixologik sogʻlom insonlar deb boʻlmaydi. Ularning aksariyatiga mehr yetishmaydi yoki qattiqqoʻl oilada muttasil kamsitilishlar ichida katta boʻlgan. Afsuski, ota-onalar farzandlari bilan munosabatda bu jihatlarga eʼtibor qaratmaydi. Nosogʻlom muhitda oʻsgan bolalar ulgʻaygach boshqalarga ham zugʻum oʻtkazishga urinadi. Ular shu yoʻl bilan oʻzlarini koʻrsatishni istaydi.

 

Yana bir omil. Oilaviy zoʻravonlik odamlarning asosiy ehtiyojlarining qondirilmasligidan kelib chiqadi. Asosiy ehtiyojlar nima? Bu bizning gʻamxoʻrlik, eʼtibor, eʼtirof, hurmat, hamdardlikka boʻlgan ehtiyojimizdir. Har bir insonda bular boʻlishi kerak va kerak boʻlishini xohlaydi. Agar bu ehtiyojlar qondirilmasa, u holda odamda norozilik kuchayadi yoki tajovuzkor odamga aylanadi.

 

Agressiyaning oʻzi shunday affekt holatidir. Bu kabi holatdagi odam bilan gaplashish mumkin emas. Lekin bizga baqirish, urish, eshikni qarsillatib yopib ketish, jazolash osonroq…

 

Zoʻrlangan yoki tegajogʻlikka uchragan ayol-qizlar psixologiyasi

 

Bilasizmi, zoʻrlangan yoki tegajogʻlikka uchragan ayol-qizlar psixologiyasida erkaklarga nisbatan ishonchsizlik, “men baxtli yasholmayman, baxtiyor oila qurolmayman”, degan qoʻrquv paydo boʻladi. Shu sababli ham ayollar oilada yoki ishda zoʻravonlikka uchrasa ham shu yerda qolishni tanlaydi. Agar ayol ichki ishlarga murojaat qilsa, uni barcha yaqinlari qoralaydi. Tushunmayman, nega bu ishni notoʻgʻri deb hisoblashadi? Har qaysi harakatda zoʻravonlik mavjud boʻlsa, jamiyatdagi xatti-harakatlar normasi buzilgan hisoblanadi, axir.

 

Tasavvur qiling, ana shunday psixologik travmalarga ega qiz kelajakda ona boʻladi va farzand tarbiyalaydi. Ruhiyatida kemtik boʻlgan bunday onalar tugʻruqdan keyingi depressiya vaqtida farzandiga ziyon yetkazmaydi deb kim kafolat beradi?! Nafaqat Oʻzbekistonda balki, butun dunyoda farzandlarini ayovsiz kaltaklagan, joniga qasd qilgan onalar haqida eshitamiz. Erkaklardan farqli oʻlaroq, ayollar hissiyotga beriluvchandir. Ijtimoiy tarmoqlarda yigʻlayotgan farzandini urayotgan ona tasvirlangan video keng tarqaldi. Mutaxassislar bu holatni kuchli ruhiy zoʻriqish va tugʻruqdan keyingi depressiyaning ogʻir koʻrinishi deb baholashadi. Ayollar bunday vaziyatlarda eri va yaqinlari tomonidan ortiqcha bosimlarga uchramasa, atrofdagilarning eʼtibori va qoʻllab-quvvatlashi yetarli boʻlsa, kelajak avlod uchun ham manfaatli boʻladi.

 

Eng yomon tomoni oiladagi zoʻravonlik bolalarga taʼsir qilishida. U ota-onasining bir-biri bilan sovuq suhbati, urishishi, janjal, doʻpposlanishlarni koʻrdimi? Ertaga u ham tengdoshlariga shunday munosabatda boʻladi.

 

Zoʻravonlikka uchrayotgan ayollarning belgilari

 

Oiladagi zoʻravonlik qurbonini aniqlash qiyin. Lekin taxminiy belgilar mavjud. Birinchi belgi — bu ayol harakat qiladigan “najotkor”lik roli.

 

Bu ayol unga qoʻl koʻtarilganidan keyingi harakatlarida namoyon boʻladi. Yaʼni eri tomonidan zoʻravonlikka uchrasa-da, eri betob boʻlsa uni davolab, shirin taomlar tayyorlab beradi. Ayollar shu tariqa eriga yordam berayotganini, uni tarbiyalayotganini his qiladi.

 

Ikkinchi belgi — koʻkarishlar mavjudligi, uchinchisi — kayfiyatning keskin oʻzgarishi. Misol uchun, agar ayol xursandchilikdan tushkunlikka tushib qolsa, bu “rolning oʻzgarishi”ni koʻrsatadi.

 

Bundan tashqari, keskin vazn yoʻqotishga eʼtibor qaratish lozim. Shuningdek, agar ayol jamoaviy mashgʻulotlarga borishni toʻxtatsa va doʻstlari bilan muloqot qilishdan qochsa, bu ham uning oilaviy zoʻravonlikka duchor boʻlayotganidan darak berishi mumkin. Moliyaviy qaramlik ham oiladagi zoʻravonlikning asosiy belgisidir. Barcha pullar turmush oʻrtogʻining nazorati ostida boʻlganda, u har bir sarflangan pul uchun ayoldan hisob talab qilishi mumkin. Bunday xatti-harakatlar tajovuzkorlikning ochiq namoyon boʻlishiga olib kelishi mumkin.Yana bir belgi — jabrlanuvchi har qanday holatda jinoyatchini oqlaydi. Misol uchun, u sinfdoshlarim bilan uchrashuvga borishga ruxsat bermadi, chunki u rashk qiladi, deyish bahona, xolos. Zoʻravonlikka bunday munosabat bolalikdan shakllanadi.

 

Baʼzi hollarda rashk ham zoʻravonlik mavjud ekanligini koʻrsatadi. Bu bahonani oʻzini past baholaydigan erkaklargina qoʻllaydi. Mashhur psixologlar qanday munosabatlarni umidsiz deb hisoblash mumkinligini va nima uchun ularni tugatish kerakligini aytib oʻtishgan. Unga koʻra, birinchi navbatda, agar oʻzaro yordam, tushunish boʻlmasa, aloqani uzish kerak.

 

Uchinchi taraf aralashuvini cheklash kerak

 

Kasbim yuzasidan insonlar bilan koʻp gaplashaman. Xususan, BAA, Rossiya, Angliya, Qozogʻiston, Qirgʻiziston kabi davlatlardan ham doimiy mijozlarim bor. Ular bilan onlayn muloqot olib boraman. Oʻzbekistonda, ayniqsa chekka viloyatlarda psixologga talab va sohaga qiziqish yuqori.

 

Faqat oʻzbeklar bilan emas, turli millat vakillari bilan ishlayman: ingliz, nemis, rus va tojiklar... Mutaxassis sifatida aytadigan boʻlsam, qanchalar bahsli boʻlmasin oilada erkak va ayol bir-birini tushunib yashashi uchun ularning hayotiga hech kim aralashmasligi kerak, deb hisoblayman. Uchinchi taraf yoshlarning oʻzi xohlagandek, bir-biriga mehr berib yashashiga qoʻyib bersa, oila shakllana boshlaydi. Oraga sovuqchilik tushmaydi, urush-janjallar soni keskin kamayadi. Albatta, tushunmovchiliklar mutlaqo boʻlmaydi demoqchi emasman.

 

Yana bir omil: bizda koʻp hollarda kattalar yoshlarning oʻzi xohlagan insonga uylanishi/turmushga chiqishiga yoʻl qoʻyishmaydi. Yoki qiz bola kimnidir yoqtirsa bu ota-onaga qiziq emas, uni majburlab uzatishadi. Natijada sevgisiz, baxtsiz oilalar quriladi. Toʻgʻri, sevishib turmush qurganlar ham yoʻq emas. Biroq, ayrim holatlarda ota-onalar bu holatni toʻgʻri qabul qilmaydi. Aralashuvlar koʻpayadi, natijada ideal oilani ham ota-ona barbod qilishi mumkin.

 

Zoʻravonlikka moyillik haqida

 

Biz koʻrgan negativ informatsiya, video, kinolar har bittasi ong ostida saqlanib turadi. Natijada ongimiz mana shunaqa yomon hodisalarni oʻziga chaqiradi.

 

Bu kabi xabarlarni koʻrganda farzandlarimiz oʻzi bilmagan holda negativlarni hayotiga tortib olishni boshlaydi. Shuning uchun zoʻravonlikka uchragan qizlar bilan ishlash davomida ular qanday filmlar koʻrishi ham oʻrganiladi. Yana bir muhim omil – farzandlarda ota-ona harakatlarining takrorlanishidir. Muttasil janjallarni koʻrib o‘sgan bolalar ulgʻaygach mana shu harakatni oʻz oilasida davom ettirishi, bunga normal hol deya qarashi mumkin. Unutmang, farzandlaringiz sizning aksingizdir!

 

Shahnoza TOʻRAMURODOVA,

Oyina.uz

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

San’at

16:08 / 28.08.2021 8 23625
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi

//