Hammamiz kasalmiz! Asr vabosiga aylanayotgan nomofobiya


Saqlash
17:05 / 31.05.2023 1156 0

Havo, suv va ovqat… Bular hayot uchun zarur bo‘lgan elementlar. Tez orada inson yashashi uchun zarur bo‘lgan bu elementlar yoniga telefonlarimizni ham qo‘shsak, ajab emas. Negaki, smartfonlar allaqachon hayotimizning bir qismiga aylanib ulgurdi. Biror narsa haqida bilmoqchimisiz? Googledan qidiring. Biror narsani hisoblash kerakmi, marhamat, kalkulyator. Biror joyga borish kerak bo‘lsa va u manzilni bilmasak ham qo‘rqishga hojat yo‘q. Axir smartfonimizda butun dunyoni besh qo‘liday biladigan xarita bor-ku! Telegramda do‘stlar bilan suhbatlashish, ijtimoiy tarmoqlarda “suzish”, musiqa tinglash, filmlar tomosha qilish, bolalar uchun ovuntirish vositasi, hattoki uxlaganda ham yostig‘imiz tagida turadi… Telefonda qiladigan ish bo‘lmasa ham shunchaki uning yoniq ekraniga termilib o‘tiramiz. Shunday qilib, o‘rtacha foydalanuvchi o‘z smartfonini kuniga 150 marta ochadi. Bu esa asrning yangi kasalliklaridan biridir, demakki, hammamiz kasalmiz.

 

Nomofobiya – asr vabosi

 

Bugun ko‘pchilik nomofobiya kasaliga yo‘liqqan. Nomofobiya so‘zi – (Nomophobia – no mobile phone phobia) inglizchadan olingan bo‘lib, o‘z telefonidan uzoqlashishdan qo‘rqish ma’nosini beradi. Fobiya ya’ni qo‘rquv kasalliklarining ommabop turi. Davolash mumkin bo‘lgan xastaliklardan ham xavotirliroq bu yangi kasallik asr vabosi deb tan olingan. Psixologlar nomofobiyani giyohvandlik yoki spirtli ichimliklarga qaramlik bilan teng deb tan olishmoqda. Shuning uchun dunyoning ko‘plab davlatlarida bu kasallikni aniqlash va davolash ustida allaqachon ishlar olib borilmoqda.

 

Bugun dunyo bo‘yicha 7,2 milliarddan ortiq odam o‘z mobil telefoniga ega. Bu dunyo aholisining 91 foizini tashkil qiladi. Gadjetlar shu darajada ommalashdiki, kichik yoshdagi bolalar ham ota-onasining telefonidan cheksiz ravishda foydalanmoqda.

 

Saudiya Arabistoni va Iordaniyada o‘tkazilgan tadqiqot natijasiga ko‘ra, bu ikki davlat aholisining 51 foizidan ortiqrog‘iga telefonga qaramlik tashxisi qo‘yildi. 5191 kishi ishtirok etgan so‘rovnomaning 26 foizi ishtirokchilari telefonsiz qolish qo‘rquvi bilan yashayotganini va bundan davolanish istagini aytgan.

 

Buyuk Britaniyada esa aholining 53 foizi nomofobiyadan aziyat chekadi. Braziliyada bu tadqiqot o‘tkazilganda ishtirokchilarning 68 foizida smartfonlarga qaramlik aniqlangan. Natijalar ayollarga nisbatan erkaklarda mobil telefonlarga bog‘lanib qolish va nomofobiya xavfi yuqoriroq ekanligini isbotlagan.

 

Braziliyada yaqinda olib borilgan tadqiqotga ko‘ra, oddiy odam o‘yin, ijtimoiy tarmoq va boshqa ilovalarga kuniga o‘rtacha 4 soat vaqt sarflaydi. Bu haftasiga 28 soat degani. Foydalanuvchi kuniga 2617 marta telefonidan foydalanadi. So‘rovnomaga ko‘ra, 18-29 yoshli smartfonlar egalarining 22 foizi  o‘z telefonini, soatiga bir necha marta ko‘zdan kechiradi.

 

Dunyo mamlakatlarini xavotirga solayotgan bu holat haqida O‘zbekistonda hali biror tadqiqot o‘tkazilmadi. Statistik ma’lumotlarga qaraganda, 2022-yilning yanvar holatida respublikamizdagi har 100 ta uy xo‘jaligiga 308 ta mobil telefon to‘g‘ri kelishi aniqlangan. Demak bizda ham ahvol u qadar yaxshi emas…

 

Qaramlik – qurbonlik

 

Bir vaqtlar gazeta yoki kitobni ko‘p o‘qish ham ko‘zga zararli hisoblangan. Lekin bugungi kun muammolari oldida u hadiklar “pista po‘choq” bo‘lib qoldi. Inson gazeta o‘qiganida uni odatda 40 sm masofada ushlaydi. Kompyuterda ishlaganidan esa 60-70 sm masofa saqlaydi. Telefonda esa bu raqam 20-30 santimetrga tushadi va xavfli tus oladi. So‘nggi 20 yil statistikasi shuni ko‘rsatmoqdaki, Yevropaning aksariyat davlatlari orasida bolalar shabko‘rligi bir yarim barobar ortgan. Odamzod gadjetlar ummoniga borgan sari ko‘proq sho‘ng‘imoqda va buning uchun ko‘zlarini qurbon qilishda davom etmoqda.

 

Tibbiyotda etalon hisoblanuvchi nemis klinikalarining so‘nggi tadqiqotlariga e'tibor bering. Mamlakatdagi 50 mln nafardan ortiq aholi smartfon va gadjetlarga tikilishni odat qilib bo‘lgan. Ayniqsa 14-29 yosh oralig‘idagi yoshlar har kuni (!) kamida 274 minut vaqtini monitorga tikilib o‘tkazmoqda.. Arzimas tuyulishi mumkin, ammo bu bir hafta, oy yoki yilga ko‘paytirilsa, qancha muddatga aylanishini bilish qiyin emas. Bularning hammasi ko‘zga bevosita zo‘riqish beradi. So‘nggi uch yil ichida Germaniyada ko‘zoynak taquvchilar soni 1 mln kishiga oshgan.

 

Qaramlik qurboni nafaqat ko‘zlarimiz, balki miyamiz hamdir. Xitoylik olimlar tomonidan olib borilgan tadqiqotda smartfonlarga qaram odamlar miyaning kognitiv funksiyalar, ijodkorlik, aqliy moslashuvchanlik va ma’lumotni idrok etishda ravonlik uchun mas’ul bo‘lgan faol qismlari kamroq ekanini aniqladi. Tadqiqot natijalari shuni ko‘rsatdiki, smartfonga qaram bo‘lgan ishtirokchilar ravonlik, moslashuvchanlik va fikrning o‘ziga xosligi bo‘yicha pastroq ball olgan.

 

Yechim qanday?

 

Tan olish kerak, telefonga qaramlik hozirgi kunda ko‘pchilikning muammosi. Lekin ba’zilar buni arzimasdek qabul qiladilar yoki umuman muammo sifatida qaramaydi. Ushbu masala keng qamrovli ekanligini inobatga olgan holda nomofobiyadan qanday qutilish mumkinligi haqidagi savollarga javob topishga harakat qilib, psixolog Dilfuza Sattorova bilan bog‘landik.

 

– Unutmang, muammo borligini anglashingizning o‘zi muammoni bartaraf qilishga qo‘yilgan birinchi qadamdir! Ushbu kasallikdan qutilish uchun esa yotog‘ingizda telefondan foydalanmang. Biz yumshoqqina o‘rnimizda yonboshlab telefondan foydalanishni yaxshi ko‘ramiz. Afsuski, bu holat sog‘lig‘imizga jiddiy zarar yetkazadi. Tadqiqotchilarning aytishicha, uxlashdan oldin telefondan foydalanish nerv sistemasini faollashtiradi va siz uxlasangiz ham miya uyg‘oq holda qoladi. Yotoq o‘rningizda telefondan foydalanmaslik uchun o‘zingizga qat’iy talab qo‘ying. Telefonsiz ham uxlash mumkin. Har safar telefonni qo‘lga olmoqchi bo‘lganingizda o‘zingizga quyidagicha savol bering. “Hozir telefonda nima qilmoqchiman?”, “Bu ish juda ham muhimmi?”, “Shu ishni ertaga qilsam nima bo‘ladi?” kabi.

 

Uyg‘otkich soatlardan foydalaning. Siz uxlaydigan xonada telefon bo‘lishining o‘zi zararli, yoningizda tuni bilan turishini gapirmasa ham bo‘ladi.Ular insonda turli saraton kasalliklarini paydo bo‘lishiga sabab bo‘lishi olimlar tomonidan bir necha yillar oldin isbotlangan. 

 

Oila a’zolari va do‘stlar bilan muloqotda telefondan foydalanmang, eslatmalardan voz keching, telefoningizda qatorlashib turgan dastur(apps)larni saralang, barcha faoliyatingizni smartfonga bog‘lab olmang. Tan olish kerakki, qo‘limizdagi telefonlar bir vaqtning o‘zida kitob, jurnal, gazeta, MP3 pleyer, kamera, televizor, kompyuter kabi ko‘plab vazifalarni bajaradi. Telefonga qaramlikni keltirib chiqaruvchi asosiy omil ham shu. Ammo bu telefon hamma vazifani bajarishiga yo‘l qo‘yish kerak degani emas, – deydi psixolog Dilfuza Sattorova.

 

Darhaqiqat, inson o‘zidagi mavjud yomon odatlardan qutilishning eng oson yo‘li – bu ularning o‘rniga yangi foydali odatlarni yo‘lga qo‘yishdir. Shunday ekan avtobusda yoki metroda ketayapsiz yoxud navbatda turibsiz, telefoningizni olishga shoshilmang. Bu qisqa vaqt davomida siz, bir yoki ikki bet kitob o‘qishingiz, chet tilida 4-5 yangi so‘z yodlashingiz, yangi o‘rgangan mavzuni takrorlashingiz, yodlagan qoidalaringizni eslab ko‘rishingiz mumkin. Bu ro‘yxat cheksiz davom etishi mumkin. Muhimi vaqtingizni bir daqiqasini ham besamar o‘tkazmang. O‘ylab ko‘ring, har kuni shu tarzda ozgina bo‘sh vaqtdan ham unumli foydalansangiz, bir oyda qancha natijaga erishasiz? Bir yilda-chi?

 

Shahruza SATTOROVA.

Oyina.uz

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Adabiyot

18:04 / 05.04.2024 0 19341
Yaponiya sotuvga qo‘yiladi

San’at

11:08 / 28.08.2021 8 16449
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi