Mustaqillik davrida tilimizda yangi atama paydo bo‘ldi: “repetitor”. Rasmiy va majburiy ta’limdan tashqari, asosan o‘quvchilarni universitetlarga tayyorlaydigan o‘qituvchilar shunday atala boshlandi.
Repetitorlikdan gap ochilganda ko‘pchilik bir xil savol beradi: u nimaga kerak? Nega maktabning ta’limi bilan o‘quvchilar OTMlarga kira olmayapti? Bola qo‘shimcha darslarga borib o‘qishga tayyorlanar ekan, maktab ta’limi nega kerak, davlat nima sababdan umumta’limga pul ajratyapti?
Birgina 2021-yili xalq ta’limiga 22,1 trln so‘m ajratilgan, bu raqam 2022-yili 25,8 trln so‘mni tashkil etgan. Davlat budjeti taqsimotida ta’lim eng katta ulushni egallab kelgan... Xullas, savollar juda ko‘p. Quyida ularning ayrimlariga javob topishga harakat qilamiz.
Davlat test markazi ma’lumotlariga ko‘ra, talaba bo‘lishni istayotganlar soni million nafardan kam bo‘lmaydi. Masalan, o‘tgan 2022-yili 1 214 232 nafar abituriyent oliy o‘quv yurtlariga hujjat topshirgan. Natijada repetitorga talab oshmoqda, xuddi shunga ko‘ra narxlar ham.
Statistika agentligi 2022-yil oxiridagi vaziyat bo‘yicha narxlar o‘sishini taqdim etgan. Unga ko‘ra, 2022-yilning noyabr oyida repetitorlik narxlari oktabr oyiga nisbatan, ya’ni bir oyda o‘rtacha 1,1 % ga oshgan. Repetitorlik narxlarining respublikada o‘rtacha 1,1 foizga oshishiga Buxoro (0,3 foiz) va Qashqadaryo (0,3 foiz) viloyatlaridagi narxlarning o‘zgarishi yuqori darajada ta’sir qilgan.
Repetitorlik narxlari 2022-yil boshidan buyon o‘rtacha 6,6 foizga oshgani kuzatilgan.
Qonunchilik nuqtayi nazaridan olib qarasak, repetitorlik bilan shug‘ullanuvchilar o‘zini o‘zi band qiluvchi shaxs sifatida hukumat yaratgan imtiyozlardan foydalanish huquqiga ega.
Qonunchilikka yuzlanamiz: O‘zbekiston Prezidentining “Tadbirkorlik faoliyati va o‘zini o‘zi band qilishni davlat tomonidan tartibga solishni soddalashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga ko‘ra, repetitorlik faoliyati bilan shug‘ullanuvchilarga imtiyoz berilgan. Hozirgi kunda o‘zini o‘zi band qiladigan shaxslar o‘z faoliyatini davlat soliq qo‘mitasidan ro‘yxatdan o‘tkazish orqali ish stajiga ega bo‘ladilar.
Buning uchun o‘zini o‘zi band qiladigan shaxs sifatida soliq idoralari yoki Davlat soliq qo‘mitasi mobil ilovasidan ro‘yxatdan o‘tib, yiliga bazaviy hisoblash miqdorining 50 foizi, ya’ni 122 500 so‘mni to‘lash orqali bir yillik ish stajiga ega bo‘lish mumkin. Ushbu summa to‘liqligicha budjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasiga yo‘naltiriladi va undan kelib chiqqan holda o‘rnatilgan tartibda pensiya hisoblash uchun daromad hajmi aniqlanadi.
Repetitorlik tarixi haqida so‘z yuritadigan bo‘lsak, jarayon 2000-yillarning avvalidan kuchaya boshladi. Bunga bir qator omillar sabab bo‘ldi: test sinovlarining tobora qiyinlashib borishi, maktab ta’limi sifatining tushib ketishi va abituriyentlar sonining oshishi.
2000-yillar boshida o‘qituvchilar maoshi keskin kamayishi sabab ta’limda kamchiliklar vujudga keldi va maktab ta’limi o‘quvchining OTMga kirishi uchun yetarli bilim bera olmay qoldi. Natijada qo‘shimcha darslar orqali bo‘shliq qoplana boshlandi.
Kitob tumanidagi 1-ixtisoslashtirilgan maktab-internat ustozi, O‘zbekiston xalq o‘qituvchisi Baxtiyor Abdiyevga ko‘ra, repetitorlikning kuchayib ketishiga oliy ta’limga kirishdagi korrupsiya ham sabab bo‘lgan.
– 1-avgust kuni “bunker”lar ishlardi, hammamizga ma’lum. Hatto 108 ta savolga yuz foiz javob berib, to‘lov-kontraktga o‘qishga kirgan shogirdlarimiz bor. Maktabni bitirgan abituriyent armiyadan imtiyoz olgan askarlar, “bunker”larga qarshi kurash olib borishga majbur edi. Buning uchun kuchli tayyorgarlik kerak bo‘lgan va maktab ta’limi yetarli emasdi. 2016-yillardan so‘ng vaziyat o‘nglandi, – deydi Baxtiyor Abdiyev.
To‘rt farzandning otasi bo‘lgan Odil Qarshiyev 61 yoshda. U 1985-yilgacha, ya’ni 34 yoshga qadar o‘qishga kirishga harakat qilib, muvaffaqiyatsizlikka uchragan. Sobiq ittifoq davrida na test tizimi bor edi, na repetitorlar... Afsuski, Qarshiyevning uch o‘g‘liga ham oliy ma’lumot olish nasib etmadi, faqat kenja farzandigina o‘qishga kira oldi. Otaning “achchiq tajribasi”ga ko‘ra, qo‘shimcha darslarga borish evazigagina o‘ta qiyin savollarga javob bera olish mumkin.
– 2006–2016-yillar o‘qishga kirish test sinovlari abituriyentlar uchun haqiqiy “janggoh”ga aylandi. 1-avgust kuni hamma “front”ga otlansa, 15-avgust kuni ko‘chalar, qo‘pol qilib aytganda, yuz minglab imtihondan yiqilgan “mag‘lub askarlar”ga to‘lib ketardi, – deydi u. – Afsus, uch o‘g‘lim universitetga kira olmadi. Ular ancha tirishqoq va zehnli edi. Lekin maktab bilimi yetarli bo‘lmadi, repitetorlik mashg‘ulotlariga esa qatnamagam edi. To‘rtinchi o‘g‘limni akademik litseyda o‘qitdim, Har uchta fandan jiddiy tayyorlanishga majburladim. Masalan, tarixdan 5–11-sinflar darsligini suv qilib ichib yuborishi kerak. Bizda esa 10-sinfni tugatgan o‘quvchi 9-sinfdagi ma’lumotni unutib yuboradi. Repetitor takrorlatadi, kerak bo‘lsa yodlatadi. Natijada to‘rtinchi o‘g‘lim birinchi yilning o‘zidayoq davlat granti asosida talabaga aylandi. Aytmoqchi bo‘lganim, amaldagi ta’limda hatto kuchli o‘quvchi ham o‘z ustida qo‘shimcha ishlamasa, o‘qishga kira olmay oddiy ishchiga aylanishi mumkin.
Abituriyent esa ushbu vaziyatda o‘qituvchilarni ayblamoqda. Biz bilan suhbatlashgan Shahzod M. ba’zi sabablarga ko‘ra o‘z shaxsini ochiqlashni istamadi:
– Ayb ko‘proq o‘qituvchilarda deya olaman. Chunki maktab bolani yetti yoshida qabul qilib oladi va u bilan yillar davomida shug‘ullunadi. Natija esa ko‘p hollarda qoniqarli bo‘lmaydi. O‘quvchi repetitorga borayotgan ekan, bu uning o‘qituvchisi o‘z vazifasini chala bajarayotgani isbotidir.
O‘zim tarix fanidan qo‘shimcha darsga boraman. Maktab ustozimiz mavzuni naridan-beri tushuntiradi, aytarli savol-javob ham qilmaydi. Internet materiallari, ko‘rgazmali qurollar bilan ishlamaydi. Kuni o‘tsa bo‘ldi. O‘qituvchilarning ko‘pchiligi maosh uchun ishlayapti, deb o‘ylayman. Repetitorda esa maqsad bor. U pul oladi, mana shu omil bolalar bilan iddiy ishlashga undaydi. Repetitorda muddao – o‘qishga kiritish. Natija esa niyatga va harakatga bog‘liq. Masalan, maktabda 10-sinfda faqat Birinchi jahon urushi mavzusini o‘rgansak, repititorda uning sabablari, xronikalari bilan tanishamiz. Bir paytning o‘zida 6–10-sinflar mavzusini qaytaramiz, testlar yechamiz, – deydi Shahzod M.
Kitob tumanidagi 50-umumta’lim maktabining oliy toifali matematika o‘qituvchisi Parvoz Elmirzayevga ko‘ra, maktab darsi va repetitorlik bir-biridan tubdan farq qiladi:
– An’anaviy darsda majburiylik prinsipi ishlaydi. Ya’ni o‘quvchi istaydimi-yo‘qmi, matematikani o‘rganishi kerak. Lekin o‘ttiz boladan bir nechasigina fanga haqiqatda qiziqishi mumkin. Darsda matematikani mutlaqo xush ko‘rmaydigan o‘quvchilar bilan ham ishlaymiz va bu bizning o‘qituvchilik burchimiz. Repetitorlik esa ixtiyoriylik tamoyili asosiga quriladi. To‘g‘ri, ularning orasida ota-onasi, bobosining tazyiqi bilan o‘qishga tayyorlanuvchilar topiladi. Lekin ko‘pchilikda istak bo‘ladi.
Davlat darsi 45 daqiqaga mo‘ljallangan. Shu vaqt ichida uy vazifalari, yangi dars, savol-javob, o‘quvchilar bilan ishlash kabi vazifalarni bajarishga majburmiz. Matematika shunday fanki, ayrim tenglamalar, masalalar yechimi borasida soatlab tortishish va o‘rganish mumkin. Repetitorlikda, masalan, o‘zim hatto 4 soatgacha dars o‘tgan vaqtlarim bo‘ladi, – deydi Parvoz Elmirzayev. – Albatta, qo‘shimcha darslarsiz o‘qishga kirganlar bor va ularning soni keyingi vaqtda ko‘paydi ham. Tushuntirib beraman: bizning maktabda, mana to‘rt yil bo‘ldi, vazirlik tashabbusi bilan variativ sinflar ochildi.
Variativ sinf 8-sinfda tuziladi. Dastlab asosiy (ixtisoslashgan, masalan, matematika) fanlar oz-ozdan ko‘paytiriladi, 10-sinfga kelib ixtisoslashuv kuchayib, dars jadvali deyarli 3–4 fandan iborat bo‘ladi. Bunday sinflar o‘z-o‘zidan oliy ta’limga kirishga yo‘naltiriladi. Ana shu sinflardan talabaga aylangan va bugungi kunda universitetlarda o‘qiyotgan shogirdlarim bor. Aytmoqchi bo‘lganim, ushbu tajriba qaysidir darajada repetitorlikka qaramlikni kamaytirdi.
Parvoz Elmirzayevga ko‘ra, qo‘shimcha darslarga ehtiyojning yana bir sababi – darslar kirish imtihoni savollari mavzusini to‘liq qamrab ololmaydi. Masalan, matematika darsliklarini suv qilib ichib yuborsangiz ham, test sinovida qaysidir mavzudan qoqilishingiz aniq. Shu sababdan qo‘shimcha darslarda boshqa manbalar, qo‘llanmalardan misollar yechiladi, shug‘ullaniladi.
– 10–11-sinflarga borib tanlov fanlari masalasi o‘rtaga tashlanmoqda. Ya’ni hamma sinf o‘zi qiziqqan fan bilan ko‘proq shug‘ullana boshlaydi. Bu yaxshi tashabbus. Ikkinchidan, 6–7- va 10-sinf darsliklari yangi chiqarildi. E’tibor bersangiz, ular faqat nazariya bilan cheklanmagan. U yerda loyiha ishlari, o‘quvchini qiziqtiradigan rasmlar, bilimlarni hayotga qo‘llashga o‘rgatuvchi topshiriqlar berilgan. Eski darsliklar faqat misol va masalalardan iborat edi. O‘quvchi sinus va kosinusni nazariy jihatdan bilsa-da, ertaga, masalan, tom yopish yoki qurilishda bilimlarini ishlata olmasa, bunaqa ta’limning kimga keragi bor?
Xulosa qiladigan bo‘lsak, repetitorlik O‘zbekistonda hali uzoq yashashi kutilyapti. Chunki mamlakatda yoshlar ulushi yuqori va OTMlarda kvotalar ehtiyojni to‘liq qamrab ololmaydi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev 22-may kuni maktabgacha ta’lim va maktab ta’limi tizimini rivojlantirish bo‘yicha takliflar taqdimoti bilan tanishdi. Ushbu taqdimotda aytilishicha, yuqori sinflarda o‘qitiladigan fanlar 16 tadan 11 taga kamaytirilib, dasturlarning fanlararo va sinflararo integratsiyasi ta’minlanadi. Bunda 11 ta majburiy va 2 ta tanlov fani tatbiq etiladi. Natijada o‘quvchi OTMga kirish uchun o‘zi istagan fan bilan ko‘proq shug‘ullana boshlaydi. Mazkur islohot ham repetitorlikka qaramlikni ma’lum darajada kamaytirishi kutilmoqda.
Ulug‘bek ORIPOV.
Oyina.uz
Adabiyot
Til
Adabiyot
Adabiyot
Jarayon
Til
Til
Jarayon
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Tarix
Tarix
Din
San’at
//
1 Izoh
Ravshan
12:01 / 01.01.1970
11 taga emas variativ tizimdek 3-4 ta fanga tushirgan maqul. Oʻzi qiziqmagan fanning 10-11 sinflarda oʻtiladigan darajasi qiyin va bu kerak boʻlmaydi kelajakda.