...Mirtemir akanikiga kirib borganimda allaqachon oqshom salqini tushib, atrof nimqorongʻi tortib qolgan edi. Hovlida Mirtemir aka atirgullarga suv sepib yurar, sadarayhonning tarovatli boʻyi hovlini tutib ketgan, gullarning barglariga sepilgan suv tonggi shudringday tiniq yiltillar, hovliga allaqanday bir goʻzallik baxsh etar edi. Mirtemir aka meni koʻrishi bilan qoʻlidagi rezina shlangni shundoqqina atirgullar joʻyagiga toʻgʻrilab qoʻydi-da, peshvoz chiqdi.
– Kel, mulla Nosir.
– Assalomu alaykum.
Odatdagi salom-alikdan soʻng oʻrtadagi kattagina ping-pong oʻynaydiganga oʻxshash stolga taklif qildi.
– Marhamat. Xoʻsh, boyagi gap nima bilan tugadi? – dedi Mirtemir aka tok shoxida iligʻliq turgan sochiqqa qoʻlini artayotib. Egnida koʻkish finka, pijamaning jigarrang yoʻl-yoʻl sharavari; poychalari suv tekkanidan hoʻl boʻlib, shalvirab turar edi. – Ishga kiradigan boʻldingmi?
– Kiradigan boʻldim, shekilli, – dedim sal dudmalroq qilib. Mirtemir aka hayron boʻlibroq qaradi. Men gapimga aniqlik kiritdim. – Oʻn besh kunlardan keyin boradigan boʻldim.
– Nega?
– “Qaragʻanda” romanining tarjimasini bitirib, mashinkaga bergan edim. Shuni biratoʻla tugatib, ustidan koʻrib, nashriyotga topshirib olay deb...
– Shunga rozi boʻlishdimi axir?
– Kutamiz, deyishdi-ku. Rozi boʻlgani shu boʻlsa kerak-da.
– Yaxshi, – dedi Mirtemir aka nimanidir oʻylaganday boʻlib.
– Boya kelgin, bir maslahatli ish bor, deganingizga keluvdim, – dedim oʻrtadagi sukutni buzib.
– Ha, aytganday, – deb Mirtemir aka uyga yoʻl oldi. – Men hozir...
Negadir hovlida Mirtemir akaning bolalari koʻrinmas, kelinoyimiz oshxona tomonda kechki ovqat bilan kuymanar, mening kelganimdan bexabar edi. Hovlida qandaydir taomning ishtahani qitiqlovchi hidi rayhon va atirgullarning boʻyiga omixta boʻlib ketgan, hozirgina sepilgan suvdan atrof qoʻngʻir salqin tortib, odamga orom baxsh etar, bu manzara menga – endigina universitetni tugatib, adabiyot deb atalmish sehrli gulshanga qadam qoʻyishni moʻljallab yurgan mullaquruq bir bola uchun jannatning goʻzal bir goʻshasiga oʻxshab koʻrinar edi. Xayol bilan boʻlib Mirtemir akaning chiqib kelganini ham payqamay qolibman. U kishi stolga pop etkazib qandaydir ogʻir papkani qoʻyganida oʻzimga keldim. Qarasam, boyagi tanish papka! Hayron boʻlib Mirtemir akaga qaradim.
– Mulla Nosir, seni chaqirganim... – dedi jiddiy tortib. – Menga bugun mana bu asarni berishdi. Muxtor ogʻaniki. “Abay”ning ikkinchi jildi. Shuni tahrir qilib berasan, deyishdi. – Menga bu asarning nima aloqasi bor ekan, deb hayron boʻlib oʻtirardim. Mirtemir aka biroz sukutdan soʻng soʻzida davom etdi. – Birinchidan, bu mening ishim emas, bunaqa katta asarni hech qachon tahrir qilmaganman. Ikkinchidan, Nekrasovni qoʻlga olganman, tarjima qilishim kerak, deb menga tikilib qoldi. Oraga biroz jimlik choʻkdi. – Olmaslikning iloji boʻlmadi. Sening ancha qoʻling kelib qoldi. Sobit ogʻani tarjima qilib berding. Tarjimang maʼqul. Ogʻaning “Qaragʻanda”sini agʻdarding. Ishonchim komilki, bu ham joyida boʻladi. Muxtor ogʻaning ijodi bilan ham yaxshi tanishsan. Qolaversa, shu kitobning birinchi jildiga taqriz yozgansan. Taqrizing “Qizil Oʻzbekiston” (hozirgi “Oʻzbekiston ovozi”)dek moʻtabar gazetada bosilib chiqdi. Odamlarga maʼqul. Gapning qisqasi: shu asarning tahririga bir qarashib yubor...
Nima deyishimni bilmay qoldim. Ancha vaqtgacha indamay oʻtirib:
– Bu ish mening qoʻlimdan kelarmikan? – dedim mingʻirlab.
– Keladi! – dedi Mirtemir aka ishonch bilan. – Mana qozoqcha originali. Tarjima bilan originalni solishtirib, maʼno buzilgan joylari boʻlsa, bemalol tuzataverasan. Hali oʻn besh kundan keyin ishga kiraman, dedingmi? Iloji boʻlsa shu oʻn besh kun ichida koʻrib bersang. Oʻzingning qoʻlyozmangni, yosh narsasan, ishlab yurib koʻrsang ham boʻlaveradi.
– Mayli, – dedim sal choʻchibroq.
Choʻchishimning boisi bor edi, albatta. Universitetni endigina tugatganman, shaharda turarjoy yoʻq, oilamiz shahardan oltmish chaqirim narida Vrevskiy (hozir Olmazor deb ataladi) degan joyda istiqomat qilardi. Men endi qoʻlyozma bilan originalni olib oʻsha yoqqa ketib ishlash niyatida ishonchsizroq gap qotdim:
– Unda bering qoʻlyozmani...
– Olib ketmoqchimisan?! Yoʻq, buni berib boʻlmaydi. Zumradxonim sal tixirroq tarjimon. Mendan tez-tez xabar olib turmoqchi, – dedi Mirtemir aka. – Yaxshisi, shu yerga kelib ishlay qol. Mana bu uyga joy qilib beraman, darvozadan kiraverishdagi oʻng qoʻldagi kichkina uyga ishora qildi. – Bemalol ishlayverasan. Zumradxonim kelib qolguday boʻlsa, koʻrinmaslikka harakat qil...
Mirtemir aka shunday dedi-yu, qornini ushlab qotib-qotib kuldi. Men u kishining gapiga koʻndim: ertadan boshlab kelib ishlaydigan boʻldim.
– Toʻrash! – deb chaqirdi Mirtemir aka. U kishi nimagadir kelinoyimni shunday deb chaqirardi. Vaholanki, kelinoyimning oti Yorqinoy edi. – Bir choy ichaylik.
Hammamiz dasturxon atrofiga jam boʻldik...
* * *
Oʻqishni endigina tugatgan, nazdimda hech qanday ish mendan qochib qutulolmaydigan, hali yalqovlik nima ekanini bilmaydigan, ishlab tolmaydigan vaqtim emasmi, oʻn kun ichida romanning uchdan bir qismini sharillatib koʻrib tashladim, oʻzimcha. Qanchalik tahrir qildim, sifati qanaqa boʻldi – bu bir Xudoning oʻziga maʼlum. Oʻzi tahrirga muhtoj odamning tahriri nima boʻlardi deysiz? Mirtemir aka ahyon-ahyonda oldimga kirib, tahrirning u yer-bu yerini koʻrib: “Ha, barakalla!” deb koʻnglimni koʻtarib qoʻyar, baʼzan gʻalat ketgan joylarini qalam bilan chizib: “Buning oʻxshamabdi, mana bundoq desak tuzuk boʻlar”, deb dalda berar edi.
Ish qizgʻin ketayotgan shunday kunlarning birida darvoza eshigi odatdagisidan qattiqroq taqillab qoldi. Eshikni hovlida kuymanib yurgan kelinoyim borib ochdi. Darvoza oldida boʻlayotgan gaplar men oʻtirgan xonaga bemalol eshitilib turar edi. Kelinoyim qandaydir bir ayol kishi bilan salom-alik qilardi. Negadir u ayolning tovushi menga tanishday tuyulib, oʻrnimdan turib asta derazaning oldiga kelganimda, haligi mehmon boʻsagʻa hatlab kirib keldi. Darrov tanidim: Zumrad opa! Obbo!
Sekin lip etib koridorga oʻtdim-da, katta uy orqali Mirtemir aka ishlab oʻtirgan xonaning eshigini taqillatdim. Ish bilan qattiq bandligi uchunmi yo qulogʻi sal ogʻirroq boʻlganligi sababmi, hadeganda javob boʻlavermaganidan shartta eshikni ochib, ichkariga kirdim. Mirtemir aka oʻtirgan joyida koʻzoynagi tepasidan menga “nima gap?” deganday qarab turardi.
– Zumrad opa! – dedim men sirli qilib.
– Iye, – dedi Mirtemir aka sarosimada koʻzoynagini olib stolga qoʻyarkan. U oʻrnidan turib, eshikka yoʻnaldi. – Men hozir... Sen shu yerda oʻtiratur.
Mirtemir aka chiqib ketgach, koʻnglimga kelgan birinchi gap shu boʻldiki: “Stoldagi qoʻlyozmalarni yigʻishtirmabman ham. Koʻrib qolsa nima boʻladi?” Biroz sarosimaga tushib turdim-da, keyin: “E, nima boʻlsa boʻlar!” deb Mirtemir akaning ijodxonasini tomosha qila boshladim. Bu xonaga birinchi bor kirishim edi. Italyan nusxa katta deraza oldiga ulkan, bejirim yozuv stoli qoʻyilgan. Stol usti nihoyatda betartib: qoʻlyozmalar sochilib yotar, bir chekkada gʻijimlangan varaqlar... Stolning oʻng tomonida ruscha-oʻzbekcha lugʻat ochilganicha turibdi. Nekrasovning uch-toʻrt tomi betartib taxlanib qoʻyilibdi. Oʻrtada hozirgina bitilgan yozuvlar. Engashib qarab, hech narsaga tushunolmadim, arab alifbesida yumshoq qora qalam bilan yozilibdi. Nazarimda, butun satr yoʻqday: oʻchirilibdi, qayta yozilibdi, baʼzi satrlar strelka bilan yuqoriga, pastga olingan, hoshiyasiga koʻndalangiga yozib tashlangan va hokazo... Arab alifbesi menga notanish boʻlgani uchun stolning oʻng tomoniga – devorga qapishtirib qoʻyilgan kitob javonini tomosha qila boshladim. Kitoblar, kitoblar, kitoblar!.. Zich qilib taxlab tashlangan. Javon oʻng tomondagi devorni shundoqqina enlab turardi. Shunda menda bir shirin orzu paydo boʻldi: “Mening ham shunday javonim, kitoblarim boʻlarmikan?”
Oradan taxminan yarim soatlarcha vaqt oʻtgach, Mirtemir aka jilmaygancha kirib keldi. Avzoyidan xursand edi.
– Hamma ish joyida, – dedi u oldimga kelib. – Sening dastxatingni tanimadi. Menikiga oʻxshatdi.
Mirtemir akaning gap-soʻzidan shu narsa maʼlum boʻldiki, Zumrad opani men ishlab oʻtirgan xonaga taklif qilibdi. U stol ustida yoyilib yotgan qoʻlyozmalarni, tahrirni koʻribdi. Eʼtiroz bildirmabdi, chogʻi. Ayniqsa, u oʻn kuncha vaqt ichida romanning uchdan bir qismini “koʻrib ulgurgani” uchun Mirtemir akadan minnatdor boʻlibdi, bu yogʻiga u kishiga sabr-toqat tilab, joʻnab ketibdi. Mirtemir aka, aftidan, biroz choʻchib turgan ekan, yoʻq, dastxatni taniyolmagani uchun, tahrirga unchalik eʼtiroz bildirmagani uchun xursand boʻlib ketib, uni naridan-beri kuzatib qoʻyibdi-yu, oldimga kiribdi.
U mening stol ustiga tikilib turganimni koʻrib:
– Nekrasov aʼlo hazratlari, – dedi mamnun bir qiyofada. – “Rusiyada kim yaxshi yashaydi”ni agʻdarib boʻlib qoldim. Bu ketishingda birga tugatamiz, shekilli...
Mirtemir aka quvlik bilan qotib-qotib kuldi. U kishining kayfiyati menga ham oʻtdi. Ikkalamiz miriqib kulishdik. Men Nekrasovning sariq super jildli bir tomini olib, tomosha qila boshladim: 1950-yili chop etilibdi, asarlarining toʻliq nashri ekan. Mening tomosha qilayotganimni koʻrib, xayoliga bir gap keldi, shekilli, Mirtemir aka javondan Nekrasovning hamma tomlarini ola boshladi, keyin ularni stol ustiga qoʻyib, sheʼriy tomlarini oʻziga qoldirdi-da, pyesalari, xatlari, publitsistikalari, turli yozishmalari, biografiyasini toʻldiradigan baʼzi materiallari, tugallanmay qolgan romanlari va, umuman, prozasi kirgan tomlarini ajratib menga berdi.
– Mana bu olti tom senga, mulla Nosir. Mendan esdalik.
– Oʻzingizga kerak boʻlmaydimi? – dedim hayajondan shoshib qolib.
– Keragini olib qoldim. Menga keragi poeziyasi-da.
Nekrasovning olti tom asarlarini qoʻltiqlab, Mirtemir akaning ijodxonasidan mamnun qiyofada chiqdim. Soʻng hovlidagi stol atrofiga choy ichgani oʻtirdik. Bu mahalda Mirtemir akaning bolalari ham birin-ketin koʻchadan qaytib kira boshlagan payt edi.
Kech kirdi. Men bugungi faoliyatimni tugatib, uyga qaytib kelyapman. Ha, darvoqe “uyga qaytib kelyapman”, dedim. Menda uy qayda deysiz? U paytlari “Bedananing uyi yoʻq, qayga borsa bitbildiq”, deganlariday, toʻgʻri kelgan joyda tunab ketaverar edim. Oʻqib yurgan kezlarimda Pushkin koʻchasidagi Darxon ariq bekatida bir qarindoshimiznikida istiqomat qilib yurdim. Bu gal ham “ishdan” soʻng vaqtincha oʻsha qarindoshimiznikida yashab turishga toʻgʻri keldi. Uy deyotganim oʻsha yer edi. Yoʻlda ketyapman-u, bugungi voqealar sira koʻz oldimdan ketmasdi. Ayniqsa, Zumrad opa kelib qolib, Mirtemir akaning xijolat boʻlgani-yu, mening qoʻrqqanim...
Bu holatlarning oʻziga yarasha sabablari bor edi, albatta. Mirtemir akaning xijolat boʻlishi sizga maʼlum: tarjimani oʻzi koʻrishi oʻrniga meni hasharga chaqirgani uchun, buning ustiga, elliginchi yillarning zahri hali ketganicha yoʻq edi. Mening qoʻrqqanimning boisi, birinchidan, sir ochilib qolib, Mirtemir aka xijolat boʻlsa – mening xijolat boʻlganim edi. Ikkinchidan, kamina 1951-yili oʻsha romanning birinchi kitobi oʻzbek tilida bosilib chiqqanidan soʻng gazetada “Abay” romanining tarjimasi haqida taqriz yozib, biroz chimdib oʻtgan edim. Unga Abdulla Qahhor muharrirlik qilgan edi. Oʻr, buning ustiga gʻoʻr “bilagʻon” emasmizmi, tarjimonni ham, muharrirni ham qozoq tilini bilmaslikda ayblab, talay gaplar aytganman. Shayxzoda domla aytganlariday, shu paytgacha birorta yozuvchi yo tarjimon “meni tanqid qilganing uchun” deb tanqidchiga osh damlab bergan emas. Tanqid kimga yoqadi deysiz? Endi kelib-kelib oʻsha odam mazkur romanning ikkinchi jildini tahrir qilib oʻtirsa, tarjimonga yoqarmidi? Albatta, yoqmaydi-da!
Hay, har holda, koʻngilsizlik roʻy bermadi. Men ham xursand, Mirtemir aka ham, Zumradxonim ham. Mening xursandchiligim ikki hissa edi. Nekrasovning olti tomini sovgʻa tariqasida olgan edim. Bu men orzu qilgan kitob javonimning dastlabki kitoblari bo‘ldi. Uyga kitoblarni qoʻltiqlab xursand kirib keldim...
* * *
Atrofga kuz nafasi urib, hamma kostyumga oʻtgan, yaproqlarning rangi sargʻayib, qushlarning chugʻuri kamaygan payt edi. Jurnalda ish boshlab yuborganimga ikki oylar chamasi boʻlgan. U paytlarda jurnal nashriyot binosining oʻng qanotida, birinchi qavatda edi. Tushlikda jurnal xodimlari bilan Taxtapuldagi “chollar choyxonasi”ga tamaddi qilgani borardik. Endi tushlikdan qaytib, xonamda ishlab oʻtirsam, Mirtemir aka kirib keldi. Chamasi, nashriyotga bir ish bilan kelgan-u, buyoqqa tushgan. Oʻsha mahalda jurnalning muharriri Erkin Jabborov edi. Hazil-mutoyibaga suyagi yoʻq, bagʻri keng odam. Birpas Mirtemir aka bilan chaqchaqlashib oʻtirdik. Mirtemir akaning bugun negadir kayfi chogʻ koʻrindi. Bilmadim, haqiqatan ham kayfi bormidi oʻshanda? Har holda, menga shunday tuyuldi.
– Bizga Mulla Nosir kerak edi-da! – dedi u biroz gurunglashganimizdan soʻng.
Men yalt etib muharrirga qaradim.
– Mana mulla Nosiringiz, – dedi Erkin aka shoʻxlik bilan.
– Birpas kechiksa koyimaysiz-da... – dedi Mirtemir aka.
Bu ruxsat soʻragani edi.
– Bamaylixotir. Bugunga ruxsat. Ammo-lekin koʻp ichib qoʻymasin...
Yengil kulishdik. Mening ichmasligimni hamma bilardi. Bu gap shunga ishora edi. Birpasda stolimning ustini yigʻishtirib, Mirtemir akaga ergashdim. Nashriyot eshigining oldiga chiqqanimizda u kishi meni xiyobondagi daraxtning tagiga boshlab bordi-da, choʻntagidan bir dasta pul oldi.
– Ma, mana buni olib qoʻy, – dedi haligi pullarni menga choʻzib.
Men shoshib qoldim. Har pullarki, shapaloqday-shapaloqday keladi. Nuqul yuz soʻmlik, ellik soʻmlik... Bir dasta! Eski pul-da, choʻgʻi koʻp!
– Ol, olaver, – dedi Mirtemir aka hamon meni qistab. – Qoʻrqma, bu sening haqqing.
Men umrim bino boʻlib buncha pulni koʻrmaganman. Uni qoʻlimga olishdan choʻchirdim.
– Qanaqasiga meniki boʻladi? – dedim men orqaga tisarilib. – Qoʻying, Mirtemir aka.
– Olaversang-chi axir, bular seniki dedim-ku... Anavi tahriringga. Hozir berishdi. Ma!
– Mayli, undoq boʻlsa boʻlishamiz.
– Ol degandan keyin olaver-da. Bu pullar seniki-ku, axir.
– Yoʻq, ikkalamizniki, – dedim men sal boʻshashib, – axir men... buni nashriyot sizga bergan-ku, axir. Tahrir ham sizning nomingizda, qanaqa qilib meniki boʻlsin. Men sizga qarashib yubordim, xolos.
– Ha, xoʻp, mana boʻlmasa, – deb Mirtemir aka haligi qoʻlidagi bir dasta puldan uchta yuz soʻmligini oldi-da, qolganini menga uzatdi. – Mana, oʻzimga tegishligini oldim. Yana elligini Qassobovga ham berdim. Bosh boʻgʻoltir-da, pulni beradi-yu, qoʻlingga tikiladi. Bir narsa bermay ketolmaysan.
Men pulni xuddi choʻgʻ ushlaganday avaylab olib, yon choʻntagimga soldim. Pul turgan joy bamisoli yondirib borardi. Xijolatdan yuzlarim yonib, xuddi oʻgʻirlik ustida qoʻlga tushganday Mirtemir akaga toʻgʻri qarayolmasdim. U boʻlsa mening egni-boshimga qarab boshini chayqardi. Nega ekanini kim bilsin? Balki kostyumimning tirsagidagi bir parcha yamoqqa koʻzi tushib qolgandir. Ehtimol...
* * *
Men qayoqqa, deb soʻramadim, u kishi ham aytmadi. Katta yoʻlga chiqqanimizda qandaydir bir mashinani toʻxtatib, chiqib oldik. Mashina ishchilar shaharchasiga qarab zuvullab borardi. Boya mashina egasiga nimadir deganday boʻluvdi, men nima deganini anglamadim. Qarasam, mashina zuvullagancha Mirtemir akaning uyi oldidan oʻtib ketdi. Hayron boʻldim. Qayoqqa ketyapmiz? Bir mahal mashina hozirgi Mikond zavodining oldiga borib toʻxtadi. Mirtemir aka kira haqini toʻladi. Ikkalamiz boshlashib, koʻchaning narigi tomoniga oʻtdik. Kichkinagina bir mato doʻkonchasi oldiga borganimizda Mirtemir aka “yur” deganday ishora qildi. Kirdik. Doʻkonchi bilan yaxshi tanish, shekilli, quyuq soʻrashib ketishdi. Pirovardida:
– Olib qoʻydingizmi, mulla? — deb soʻradi.
Doʻkonchi boshini liqillatib, ichkariga kirib ketdi-da, qogʻozga oʻrogʻliq mato olib chiqib, peshtaxta ustiga qoʻydi. Shundoqqina qogʻozning ochiq joyidan koʻrinib turibdi: toʻq koʻk jun material, oʻzidan chiqqan mayda yoʻlli... Aftidan, chet eldan olib kelingan mato boʻlsa kerak. Yaltirardi. Mirtemir aka meni doʻkonchiga koʻrsatib, bir nima deganday boʻldi. Sal matoga hushim ketib qolgan, shekilli, oʻzimga keldim. Doʻkonchi menga boshdan-oyoq tikilib:
– Bu bolangizga uch metrdan bemalol chiqadi, – dedi. – Beraymi?
– Maʼqul, bering, – dedi Mirtemir aka, – bu mulla bolayam bir kostyumlik boʻlib qolsin.
Men hayron boʻlib turardim. Hash-pash deguncha haligi doʻkonchi yana qogʻozga oʻrab haligi materialdan olib chiqdi.
– Qancha boʻladi? – Mirtemir aka doʻkonchining javobini kutmasdan boyagi olib qolgan uch yuz soʻmni olib peshtaxtaga tashladi. Doʻkonchi keragini oldi-da, ozroq mayda qaytim berdi. Men choʻntagimdagi puldan olib berishni ham unutib, baqrayib turardim. Chatoq boʻldi!
– Rahmat sizga, – dedi Mirtemir aka doʻkonchiga.
– Kelib tursinlar, – dedi doʻkonchi ikki qoʻlini koʻksiga qoʻyib.
Ikkalamiz qoʻltiqlarimizda oʻrogʻliq mato bilan yoʻlga tushdik. Menda un yoʻq. Bugungi voqealardan garang edim, chogʻi.
– Uyga boramiz, – deb qoldi Mirtemir aka koʻchaning berigi betiga oʻtganimizda. – Kostyumlarni yuvmasak boʻlmaydi endi.
Koʻcha boʻylab asta kelayotganimizda kun botay-botay deb qolgan, atrofga oqshom salqini tushgan edi. Kelinoyim xuddi bizning kelishimizni oldindan bilganday, hovlini chinniday qilib supurib, suv sepib qoʻygan, oʻrtadagi katta stolda dasturxon yozigʻlik turar, bolalar hovlini boshiga koʻtarishib, bir-birlarini quvlashib, qiyqirishar edi.
– Men senga bir gap aytay, – deb gap boshladi Mirtemir aka. U ancha jiddiy tortib qoldi. Aftidan, aytadigan gapi muhim, shekilli. – Endi aytsam ham boʻlaveradi. Kap-katta yigitsan, dunyoning pasti-balandini tushunadigan boʻlib qolding. Men miq etmay u kishiga tikilib oʻtirardim. Endi meni urishsa kerak, deb oʻyladim. Chunki, “kap-katta yigit boʻlib, dunyoning pasti-balandini tushunadigan boʻlib qolganimni” yuzimga solayotgan ohangda gap boshlagan edi.
– Xabaring bor, bir mahal meni soyuz aʼzoligidan oʻchirishgan edi. Nima uchun oʻchirishganining senga keragi yoʻq, – dedi u chuqur tin olib. – Endi soyuzga qayta tiklashlari uchun men ularning bir shartini bajarishim kerak edi. Yaʼni “Abay” romanini tahrir qilib berishim kerak edi. Bu ishda sen menga tengi yoʻq xizmat qilding. Men sendan juda minnatdorman. Bugun men juda xursandman. Soyuz aʼzoligiga qayta tiklandim...
Kap-katta bir shoirga, begunoh bir insonga mashʼum shart qoʻyilgani taʼsir etdimi, har qalay, diydam boʻshab, koʻzimga gʻilt-gʻilt yosh kelib, oʻzimni idora qilolmay qoldim. U kishi ham koʻngli boʻshab ketdi, chogʻi, boʻynimdan mahkam quchib:
– Baʼzan shunday ishlar ham boʻlib turarkan, mulla Nosir, nachora... – dedi. Uning tovushiga ham titroq ingan, koʻzlari yoshlangan edi.
...Allamahalda ketish uchun ruxsat soʻradim.
– Mayli boraqol. Haligi gaplar sir, a?
– Ishonavering... – dedim koʻrsatkich barmogʻimni lablarimga bosib.
– Aytganday, mato shu yerda qola qolsin. Bir ustam bor. Qoʻl tekkanda olib borib ikkalamiz ham tiktirib olamiz.
– Mayli...
* * *
Mirtemir aka bilan xayrlashib koʻchaga chiqqanimda tevarak-atrofga qorongʻi tushib qolgan edi. Koʻrmagan joyning uydim-chuquri koʻp deganlariday, qoqilib-surinib borar edim. Oyoqlarim odatdagidan yengilroq harakat qilar, koʻnglimda tushunib boʻlmas bir mavhum gʻalayon bor edi: “Nahotki shundoq odamga shunaqa mashʼum shart qoʻyishsa?! Nahotki...”
Ha, hurmatli oʻquvchim. Bu aytib boʻlmaydigan sir edi. Bu sirni men yigirma besh yildirki, koʻksimda koʻtarib kelardim. Bu sir koʻnglimning bir chekkasida goh kir boʻlib tabiatimni xira qilar, goh bir nurli xotira boʻlib koʻnglimni yoritib yurar edi. Har qanday sir yigirma besh yil oʻtgach, oʻz kuchini yoʻqotadi, degan gap bor. Hayotda shunaqa hodisalar ham boʻlib turar ekan. Men sizlarga koʻnglimni boʻshatdim, xolos.
Xullas, shunaqa gaplar...
Nosir FOZILOV
Muborak FOZILOVA tayyorladi.
Ma’naviyat
Adabiyot
San’at
Adabiyot
Tarix
Adabiyot
Til
Jarayon
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Tarix
Tarix
Din
San’at
//
Izoh yo‘q