Bugun hali durustroq tili chiqmagan bolalarning telefonga bogʻlanib qolayotgani bizni qanchalik tashvishga solmasin, davr oʻzgarishlarini qabul qilishga majbur boʻlyapmiz. Farzandlarimizni mobil texnologiyalardan “ajratib olish” imkonsiz ekan, demak, ularni zararli matohdan kerakli vosita aylantirishning yoʻllarini topish ehtiyoji tugʻiladi. Buning eng samarali yechimlaridan biri esa, shubhasiz, bolajonlarimiz uchun har tomonlama foydali boʻladigan milliy mobil ilovalarni yaratish va ommalashtirish, nazarimizda.
Tan olish kerakki, mobil dasturchilik bugungi mehnat bozorida eng talab yuqori boʻlgan sohalardan hisoblanadi, jumladan, yurtimizda ham bu soha vakillariga ehtiyoj katta. Ayniqsa, masala bolalar uchun mobil ilovalar ishlab chiqishga borib taqalganda, dasturchidan yanada koʻproq malaka va qobiliyat talab qilinadi. Chunki ular mobil ilovani yaratishda bolalar ruhiyatidan, qiziqishi va dunyoqarashlaridan kelib chiqib ish koʻrishlari kerak. Shu bois, yurtimizda kichik yoshdagi auditoriya uchun moʻljallangan milliy mobil ilovalar tanqisligi sabablarini, avvalo, shu soha mutaxassislarining oʻzidan, yaʼni mobil dasturchilardan bilishga qiziqdik. Shu maqsadda 10 yillik ish tajribasiga ega veb-dasturchi, IT developer Xojiakbar Xoʻjayev hamda xalqaro darajadagi senior android dasturchi, “GITA” dasturchilar akademiyasi ustozi Sherzodbek Muhammadiyevga savol bilan yuzlandik.
Bolalarga moʻljallangan oʻzbek tilidagi foydali mobil ilovalarni koʻpaytirish uchun nima qilish zarur?
Xojiakbar Xoʻjayev: Foydali mobil ilova yaratish uchun yaxshi jamoa va turli ortiqcha tashkiliy ishlarga chalgʻimaslik imkoni boʻlsa yetarli, aslida. Yana ularni ragʻbatlantirish ham yoʻlga qoʻyilishi kerak, deb hisoblayman. Masalan, xuddi “Oskar” mukofotining nominatsiyalari kabi “Eng yaxshi oʻyin”, “Eng yaxshi qahramon”, “Eng yaxshi personaj”, “Eng yaxshi gʻoya”, “Eng yaxshi animatsiya” yoʻnalishlari boʻyicha tanlov, qoʻllovlar boʻlsa, dasturchilarda bolalar uchun ham ijod qilishga qiziqish kuchaygan boʻlardi, menimcha.
Sherzodbek Muhammadiyev: Ayni 2-6 yoshli foydalanuvchiga moʻljallangan ilovalar yaratish uchun avval bolalar psixologiyasini yaxshi tushunadigan, ular bilan koʻp vaqtini birga oʻtkazadigan mutaxassislar va ota-onalardan fikr-mulohaza olish kerak boʻladi. Negaki dasturchi bola ruhiyatini tushunishi, ularga nimalar qiziq yo foydali, nimalarni koʻproq oʻynashadi bilishi yaxshi natija beradi. Chunki qiziq narsalarning hammasi ham foydali boʻlmasligi mumkin. Shundan soʻng bolalar uchun qiziqarli va foydali boʻlgan texnik topshiriqni shakllantirib, kichkintoylarga ilovaning koʻrinishi muhim boʻlgani uchun mahoratli dizayner bilan ishlanadi. Agar ilovada faqat grafika emas, audio resurslardan ham foydalanilsa, eshitishga yoqimli ovoz bera oladigan suxandonlar ham kerak boʻladi.
Bolalar uchun mobil ilova ishlab chiqishda dasturchilardan asosan nimalar talab etiladi?
X.Xoʻjayev: Dasturchilar ikkiga boʻlinadi: Oʻzi mustaqil oʻrgangan va shu soha boʻyicha biror oliy oʻquv yurtini tamomlaganlar. Aslida, dasturchidan diplom yoki qandaydir sertifikat soʻrash shart emas, ularning portfoliyasini, yaʼni qilgan ishlarini koʻrishning oʻzi yetarli boʻladi. Demak, dastur yartish uchun diplom shart emas! Shuning uchun eng avval, oʻyin ishlab chiqayotganda uning kimga moʻljallangani, yaʼni auditoriyasini bilish zarur. Deylik, 2 yoshgacha boʻlgan bolalarga sensorni jildirishga qaratilgan, 2 dan 4 yoshgacha boʻlganlariga esa fikrlashni oʻrgatadigan, masalan, jonivorlarni toʻgʻri tanlab, ularning qaysi biri qanday ovoz chiqarishiga moʻljallangan oʻyinlar yaratish mumkin. Toʻrt yoshdan sakkiz yoshgacha boʻlgan foydalanuvchilarga fikrlash bilan birga, mantiqiy qobiliyatlarini rivojlantiradigan dasturlar toʻgʻri keladi. Muhimi shu – auditoriyani aniq bilgan holda ilovaga urgʻu berish.
Xoʻsh, demak, mobil dasturchilarimiz bor, intellektual resurslarimiz yetarli ekan, unda nega bolajonlarimiz uchun milliy mobil ilovalar haligacha anqoning urugʻi boʻlib turibdi?
Sh.Muhammadiyev: Pul, aniqrogʻi pulsizlik sabab. Oʻzbekistondagi mobil ilovalarning startap holatlari juda ham kam, yaʼni xayriya uchun chiqarilgan mobil ilovalar yoʻq hisobi. Hammasi maʼlum biznesni avtomatlashtirish yoki shu biznesga yoʻnaltirilgan boʻlib, manfaatdor tadbirkorlar tomonidan moliyalashtiriladi. Mobil ilovalarni bepul chiqaradiganlar, odatda, reklama hisobiga foyda koʻrishni koʻzlashadi. Bolalarga moʻljallangan mobil ilovalarda boʻlsa reklama uchun kontentlar cheklanadi va tabiiyki, daromad ham tushib ketadi. Tan olish kerak, bolalarga bagʻishlangan xorij tilidagi mobil ilovalarni ishlab chiqayotgan oʻzbekistonlik dasturchilar kam emas, lekin masala pulga borib taqalgandan keyin ular oʻzbek tilidagi mobil ilovalarni yaratishga qiziqish bildirmaydi.
Oʻzbek tilidagi bolalar dasturlarini koʻpaytirish, ommalashtirish uchun xalqimizni ularni sotib olishga oʻrgatish kerak. Qachonki, yurtdoshlarimizda mobil ilova xarid qilish madaniyati shakllansa, tabiiyki, ishlab chiqarish ham koʻpayadi. Shuningdek, ularning sonini oshirish uchun davlat yoki tegishli tashkilotlar tomonidan homiylik qilinishi, turli tanlovlar tashkillashtirish, umuman, bu yoʻnalishga qoʻshimcha mablagʻ ajratilishi kerak, deb hisoblayman.
Gap mablagʻga borib taqalar ekan, bitta mobil ilova yaratilishi uchun qancha mablagʻ kerak boʻladi?
Sh. Muhammadiyev: Bolalar uchun mobil ilova yaratishga sarflanadigan mablagʻning eng kam miqdoriga toʻxtalaman, chunki eng qimmati shuncha boʻladi deb aytolmayman, unga qancha ajratsangiz ketaveradi. Bunday ilova yaratish uchun kamida bitta mobil dasturchi va dizayner kerak boʻladi. Agar dastur matnli yoki audioli boʻlsa, uni yozib beradigan mutaxassislar ham jalb qilinishi kerak, shunga qarab narx hisoblanadi. Shuningdek, oʻyin uchun ssenariy tuzadigan odamga ham pul ajratiladi. Misol uchun, Oʻzbekistonda mobil dasturchilarning oʻrtacha oyligini 1 000 dollar deb hisoblasak, dizaynerlar ham oʻrtacha shunaqa ish haqi oladi va ular ishni bir oyda bitirishsa, kichikroq ilovani yaratish 2 000 dollar va undan koʻproqqa tushishi mumkin.
Sir emas, bugungi kunda yaratilayotgan aksariyat mobil ilovalar, birinchi navbatda, daromad keltirishga qaratilgan. Ayniqsa, turli tavakkalchilikka asoslangan mobil dasturlar koʻpchilikning yostigʻini quritib ulgurgani ham haqiqat. Afsuski, mana shunday mobil ilovalarga millionlarni sarflayotgan tadbirkorlar yoki ularning qarmogʻiga ilinganlar mablagʻlarining hech boʻlmaganda yuzdan birini bolalar uchun investitsiya qilish haqida oʻylab ham koʻrmasalar kerak. Yoʻqsa, shu vaqtgacha bolalarni rivojlantirishga moʻljallangan oʻnlab mobil ilovalarimiz allaqachon farzandlarimizning sevimli oʻyinlariga aylanib ulgurar edi. Mablagʻi borlardan bunday tashabbus chiqavermagach, aylanib-netib baribir davlat idoralariga suyanishga, ulardan najot izlashga toʻgʻri keladi. Bugungi kunda ushbu vazifani baholi qudrat bajarayotgan Oʻzbekiston Respublikasi Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi huzuridagi Innovatsion rivojlanish agentligi tomonidan turli startap loyihalari moliyalashtirilmoqda, ular orasida aynan mobil ilova yaratish bilan bogʻliq loyihalar ham yoʻq emas. Masalan, Ilm-fanni moliyalashtirish va innovatsiyalarni qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasining rasmiy saytida berilgan maʼlumotlarga koʻra, 2023-yilda moliyalashtirilgan jami 38 ta startap loyihasidan 11 tasini, yaʼni 30 foizini axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasi tashkil etishi koʻrsatilgan. Shu bois, mobil dasturchilarni qoʻllab-quvvatlash va bolalarga moʻljallangan mobil ilovalar yaratish boʻyicha Innovatsion rivojlanish agentligi tomonidan qanday imkoniyatlar yoʻlga qoʻyilgani, umuman, davlat tomonidan bu borada qanday sharoitlar yaratilganini bilish uchun Agentlikning Startap ekotizimini rivojlantirish boʻlimi bosh mutaxassisi Abdulaziz Suyarovga murojaat qildik.
Abdulaziz Suyarov: Vazirlar Mahkamasining 133-sonli qaroriga koʻra, bir yilda kamida 2-marta startap loyihalarini tanlab olish va moliyalashtirish tanlovini eʼlon qilamiz. Kelib tushgan loyihalarni 15 kun davomida inson omili aralashuvisiz faqat onlayn tarzda, elektron pochta yoki maxsus platforma orqali qabul qilamiz. Shundan soʻng loyihalar uch bosqichli ekspertizadan oʻtkazilib, startap ekotizimida faol boʻlgan loyiha tashabbuskorlari, iqtisodchilar, olimlar va mutaxassislardan iborat yetti kishilik ekspertlar kengashi tomonidan koʻrib chiqiladi. Ular ochiq ovoz berish yoʻli bilan loyihani moliyalashtirishga tavsiya berishadi yoki rad etishadi. Shuningdek, jarayonda qatnashuvchilarga dasturni qayta koʻrib chiqish imkoniyati ham taqdim etilishi mumkin. Tavsiya etgan loyihalar Oliy taʼlim, fan va innovatsiya vazirligi huzuridagi Ilm-fan va innovatsiyalar kengashiga kiritiladi. Ushbu kengash muhokamasida ham loyihani moliyalashtirish boʻyicha ovoz berilib, tasdiqlab olinadi. Bunda loyiha muallifi emas, balki ilmiy-texnik kengashning raisi ishtirok etadi va dasturni himoya qiladi. Har bir bosqich shaffof holda oʻtkaziladi, ular bir-biridan mutlaqo mustaqil, yaʼni yagona tashkilotga yoki yagona bir tarkibiy boʻlinmaga boʻysunmaydi. Xususan, texnik ekspertiza alohida tashkilot, moliyaviy-iqtisodiy ekspertiza esa undan boshqa masʼul boʻlinma tomonidan oʻtkaziladi. Umuman, ilmiy-texnik kengash mustaqil ekspertlar jamoasidan tuzilgan. Mana shu tartibda startap loyihalarini istalgan kishi topshirishi va gʻolib boʻlishi mumkin.
Innovatsion rivojlanish agentligi berayotgan imkoniyatlar sabab 2-6 yoshli bolalar uchun moʻljallangan birorta mobil ilovaning startap loyihasi ishga tushirilganmikan?
A.Suyarov: Hozirgi kunga qadar Innovatsion rivojlanish agentligi 175 ta loyihani qariyb 10 mln AQSH dollariga teng miqdorda moliyalashtirgan. Bu 5 yillik koʻrsatkich hisoblanadi. Ushbu davr ichida eng koʻp moliyalashtirilgan loyihalar IT sohasiga toʻgʻri keladi. Ular ichida bolalar taʼlimiga ixtisoslashgan platformalar bor. Misol uchun, Data science yoki IT sohasini oʻrgatishga qaratilgan taʼlim platformalari, shuningdek, nutqida nuqsoni boʻlgan bolalar uchun turli oʻyinchoqlar ishlab chiqarishga oid startap loyihalarini moliyalashtirganmiz. Ammo bolalar uchun xususiy mobil ilovalar shu kungacha moliyalashtirilmagan. Chunki bunday ilovalar yaratish borasida biror tanlovimizga taklif kelib tushmagan. Biz esa tanlov tashkilotchisi sifatida kelib tushgan loyihalar qamrovi bilan cheklanishga majburmiz. Agar bunday dasturlar taklif qilingan boʻlsa ham ekspertiza bosqichlaridan oʻtmagan, yaʼni loyiha toʻlaqonli shakllantirilmagan boʻlishi mumkin. Mobil ilovalar koʻpincha dasturchilar, bozordagi eng yirik va eng tajribali boʻlgan startapchilar tomonidan taklif etiladi, odatda. Ular bolalarga moʻljallangan mobil ilovalar yoʻnalishidagi muammolarni koʻra olmayotgan boʻlishi ham mumkin. Biz har qanday innovatsion, har qanday dolzarb startap loyihasini koʻrib chiqish va munosib koʻrilsa, moliyalashtirishga ochiqmiz.
Mavzuni oʻrganishdan avval milliy ilovalarni yaratish qiyin, mablagʻ koʻp ketadi, bizda pul kamdir, deb oʻylagandim. Ammo, ajablanarlisi, bugun bizda buning uchun mablagʻ ham, mutaxassis ham, vaqt ham yetarli ekan. Unda muammo nimada, balki hafsalada, balki birozgina milliy gʻurur, bolalarimiz va kelajak oldidagi masʼuliyatda, balki nafsimizdadir. Nima boʻlgandayam, yana oʻn besh, yigirma yildan soʻng bizga butunlay begona avlod yaralishini, millat taqdirini, bolalarimizni begona qoʻllarga topshirishni istamaskanmiz, bugun oʻz mahsulotlarimizni yaratishning ayni vaqti. Aks holda kech boʻlishi, bugun ayalgan 20-30 ming millionlab dollar zararga aylanib ketishi, milliylik, oʻzlik boy berilishi hech gapmas, afsuski. Chunki bugun farzandlarimiz qoʻlidagi ovunchoqlar ichini begonalar egallagan.
Suhbatning videotasvirini ushbu havola orqali tomosha qilishingiz mumkin.
Aziz MATYOQUBOV tayyorladi
Ma’naviyat
Adabiyot
Ma’naviyat
Ta’lim-tarbiya
San’at
Adabiyot
Til
Jarayon
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Tarix
Tarix
Din
San’at
//
Izoh yo‘q