Bola yoshligidanoq hur fikr va mustaqil boʻlib tarbiyalanadi — Farzand tarbiyasiga munosabat xorijda va Oʻzbekistonda


Saqlash
16:28 / 29.05.2023 2378 0

Farzand tarbiyasi tashqaridan koʻringanidek yoqimli jarayonligidan tashqari, tasavvurdagidan koʻproq masʼuliyat talab qilib, uzoq davom etadigan harakat va munosabatlar yigʻindisidir. Bolaning qorin “gʻam”ini hal etish, tinch uyqusini taʼminlash va ust-boshini butlashdan tashqari, unga munosib hayot sharoitlarini yaratish, goʻzal tarbiya va xalqqa nafi tegadigan taʼlimga ega boʻlishida mustahkam poydevor qurish ham ota-onalik masʼuliyatidir.

 

Tarbiyaning butun dunyodagi maqsadi ezgulik va yorqin kelajak boʻlsa-da, uslub turli mamlakatlarda bir-biridan farq qiladi. Masalan, avvallari oʻzbek xonadonlarida oila kattalarining qoshini uyib qarashi bola notoʻgʻri ish qilayotgani tushuntirish uchun yetarli boʻlgan. Hozir esa bu usul “eskirgan” va samarasiz. Aytaylik, doʻkondagi biror narsa bolaga yoqdimi, u turli xarxashalar, juda boʻlmaganida, dod-voylar bilan boʻlsa-da aytganini qildirmoqchi boʻladi. Toʻgʻri tushuntirishlar besamar ketgach kattalar bolaga baland ohangda gapirishga majbur boʻladi. Afsuski, bu yoʻl “Oʻzbekcha tarbiya”ning ajralmas qismiga ham aylanib boʻlgan.

 

Aslida, bolaga nisbatan bunday munosabat koʻplab mamlakatlarda turli darajadagi javobgarliklarga sabab boʻladi. Ularga qoʻl koʻtarish esa ota-onalik huquqidan mahrum qilishi ham mumkin. 

 

Oʻzbekistonda

 

Oʻzbek — serfarzand, bolajon millat, deydilar. Buni joriy yilning mart oyidagi raqamlar ham qayta tasdiqlaydi — Statistika qoʻmitasining 2023-yildagi dastlabki maʼlumotlariga koʻra, respublika boʻyicha FHDYO organlarida 141.090 ta tirik tugʻilish holatlari qayd etilgan. Ushbu koʻrsatkich oʻtgan yilning mos davriga nisbatan 4.714 taga (3,5%) koʻproq

 

Bola xonadonning quvonchi, ertangi kunga umid bagʻishlovchi oila aʼzosi ekanini bilsak-da, jamiyatda ularga notoʻgʻri munosabatlar va hatto, qiynoqqa tutish holatlari borgan sari koʻpaymoqda. Tugʻilishi har bir oilaga ham nasib etavermaydigan, hali toʻgʻri-notoʻgʻrini ajratib bilmaydigan norasidalarga nisbatan bunday munosabat eng avvalo, odamiylikka toʻgʻri kelmaydi. Qolaversa, na qonuniy na diniy tomonlama oqlanadi. Shu oʻrinda bir savol tugʻiladi. 

 

Oʻzbekistonda bola huquqlari bilan bogʻliq vaziyat qanday?

 

Bolalar muammolar qarshisida hali ojiz, nohaqliklarga javob qaytarolmaydigan, huquq va majburiyatlarini bilmaydigan jamiyat aʼzosi boʻlgani bilan, ular alohida qonuniy meʼyorlar bilan huquqiy himoyaga olingan. Xususan, Oʻzbekistonda ham.

 

1989-yil 20-noyabrda BMT tomonidan Bosh Assambleyaning 44/25-Rezolyutsiyasi bilan “Bola huquqlari toʻgʻrisidagi konvensiya” qabul qilinib, 1990-yilning 2-sentyabr sanasida kuchga kirgan. Oʻzbekiston Respublikasi, Oliy Kengashining 1992-yil 9-dekabrdagi 757-XII sonli qarori bilan mazkur konvensiyaga qoʻshilib, mamlakatda 1994-yilning 29-iyunidan binoan kuchga kirgan

 

Bola huquqlari toʻgʻrisidagi ushbu konvensiya, har bir bolaning individual huquqlarini aniq koʻrsatib beruvchi birinchi va asosiy xalqaro hujjat hisoblanadi. 

 

Ushbu konvensiyada 18 yoshgacha boʻlgan har bir inson zoti bola sanalib, ular oʻzining irqi, dini, tana rangi, jinsi, siyosiy yoki boshqa eʼtiqodlaridan qatʼiy nazar, jamiyatning barcha aʼzolariga xos boʻlgan qadr-qimmatga, alohida gʻamxoʻrlik va yordam huquqiga ega ekani boshqa hujjatlardagi kabi alohida tilga olinadi. 

 

Unga koʻra, bolaning shaxsi sogʻlom va har tomonlama kamolot topishi uchun u oila gʻamxoʻrligida, baxt, mehr-muhabbat va ongli tushunish vaziyatida oʻsishi zarur. Bu bizning jamiyatda alohida taʼkidlanishi shart boʻlmagan jihat, degan fikrni esa bolalar bilan sodir boʻlayotgan bir nechta (1, 2, 3, 4, 5 ...) shafqatsizliklar rad etadi. 

 

Achinarlisi, bolalarga nisbatan tazyiq, zoʻravonlik va tajovuzkorona munosabatlar ular koʻproq vaqtini oʻtkazadigan bogʻcha va maktablarda ham sodir boʻladi. Biroq, ularning bir qanchasi jamoatchilik faollari orasida muhokama qilinib, mutasaddilar eʼtiborini tortishgacha yetib borar, yana koʻpchiligi jabrlanuvchi va zoʻravonning oʻrtasida qolib ketishi mumkin. 

 

Yana bir holat: Senat maʼlumotlariga koʻra, 2022-yilda qarovsiz qolgan 11 162 nafar bola oilalar va bolalar muassasalariga joylashtirilgan. Bolalarni tarbiyalashdan, ularning huquq va manfaatlarini himoya qilishdan bosh tortgan 652 nafar ota-ona mazkur huquqidan mahrum etilgan. 

 

Bu bolalar tegishli konvensiyaning 20-moddasiga koʻra, oʻzining eng yaxshi manfaatlari yoʻlida oilasidan mahrum boʻlgani tufayli, davlat tomonidan koʻrsatiladigan alohida himoya va yordam olish huquqidan foydalanib, mazkur joylarga joylangan. Qonunlar ijrosining taʼminlanishi bir tomondan kishini xursand qilsa, tanganing boshqa tarafi xavotirga soladi. Yaʼni, bolaning xavfsizligini taʼminlash maqsadida joylangan manzillarda ham, afsuski, ularning toʻliq himoyasi taʼminlanmayapti. Aksincha, u yerlarda ham bolalar turli darajadagi zoʻravonliklarga uchramoqda (1, 2, 3). 

 

Jinoyatchi jazolanadi, masʼuliyatsizlar ham javobini olar, biroq bugun psixologik travmalar bilan oʻsayotgan avlod, yaqin kelajakda bir oila boshi, farzand tarbiyachisi, tashkilotlarda yetakchi va hatto, boshqaruvchi lavozimini ham egallaydi. Ana oʻshanda uning bolalikdagi kechinmalari oʻz taʼsirini koʻrsatmay qolmaydi. Zoʻravonlarning bugungi qilmishi, butun kelajakni barbod qiladi. Shu tariqa jamiyatning eng yomon odatlari charxpalakning chelagidagi suv misoli avloddan-avlodga oʻtib boraveradi.  

 

Kelajak haqida soʻz ketar ekan, shuni ham unutmaslik kerakki, atrofida koʻngilsizlik, zoʻravonlik va nohaqliklarni koʻrib, ulgʻayayotgan avlodda norozilik kayfiyat shakllanadigan boʻlsa, u ertangi kuni, taʼlimi-yu ish faoliyatini Oʻzbekiston bilan bogʻlashi amri mahol! Jamiyatidagi nuqsonlar bolalarning bu yerlardan uzoqqa chorlovchi motivatsiyaga aylanib qolmasligi kerak. Aks xolda, yaqin yillar ichida mamlakatning turli jabhalarida oqsashlar yaqqol koʻzga tashlana boshlaydi. Biroq, unda aholi migratsiyasi yuqorilagan yoki ruhiy nosogʻlom aʼzolardan iborat mamlakat oʻz kelajagini allaqachon qoʻldan boy berib boʻlgan boʻladi...  

 

Tarbiyaning hurfikrlikka taʼsiri

 

Insondagi tavakkalchilik yoki tortinchoqlik, fikrini erkin ifoda etish yo zarur savollarni ham berolmaslik, mustaqil qaror qabul qilish va aksincha, har tanlovda yaqinlarining yordamiga ehtiyoj sezish kabi xarakter va koʻnikmalarning shakllanishida tarbiyaning roli katta. Hatto, eng muhim qarorlarda, masalan, kasb tanlashda individual qiziqish va xususiyatlardan kelib chiqish yoki klassik — doktor, oʻqituvchilik kabi kasblarga oʻzini urish, turmush masalasida ham tanlovdan to hayot tarzigacha masʼuliyatni ota-onaga yuklab qoʻyish yoki boshlangʻich va yakuniy qarorlarni oʻzi bera olish xususiyati ham tarbiyaning natijasidir. 

 

Masalan, Skandinaviya mamlakatlarida bolalarga nisbatan muhabbat ularga toʻliq erkinlik berish bilan ifodalanadi. Bolaning mashgʻulot, faoliyat va oʻyinchoqlar borasidagi tanlovi cheklanmaydi. Kun tartibiga ham u qadar qatʼiy amal qilish shartmas. Skandinaviyaliklarning fikricha, tarbiyaning asosiy vazifasi — boladagi ijodiy qobiliyatlarni rivojlantirishdan iborat. Shu bilan birga, kattalar bolalarning xavfsizligini ham eʼtibordan qoldirmaydi. 

 

Maktab va bogʻchalarda bolalar oʻz fikrini ifoda etish va uni himoya qilishga oʻrgatiladi. Taʼlimning katta qismi oʻyin shaklida oʻtkaziladi. Bolaga nisbatan pedagogik chora sifatida qoʻllaniluvchi istalgan zoʻravonlik qatʼiyan man etiladi (Shvetsiyada esa bu qonunan cheklangan).  Ota-onalar ham bolaga baland ovoz ohangida gapirishi va qoʻl koʻtarishi taqiqlangan, ijtimoiy xizmatlar bu borada qatʼiy nazorat qilib boradi. Bolalar esa ota-onasi ustidan shikoyat qilish huquqiga ega. Bu oʻz oʻrnida jiddiy oqibatlarga, jumladan, ota-onalik huquqidan mahrum boʻlishga ham olib keladi. 

 

“Oyina.uz” bu borada dunyoning turli nuqtalarida farzand tarbiyalayotgan oʻzbek onalariga murojaat qildi. Quyida ularning barchasiga bir xil savol berish orqali tarbiya va bolalarga munosabatning turli mamlakatlarda farqlanishini taqqoslaymiz. 

 

Germaniyada farzand tarbiyasining Oʻzbekistondagidan farqi

 

 

Madina Zarif. 3 yildan buyon Germaniyada yashaydi, 3 farzandning onasi:

 

 

— Oʻzbeklar bilan nemislarning farzand tarbiyasidagi katta farqi — bolaga erkinlik berilishida. Nemislar bolani tinglaydi, savollariga sokinlik bilan javob beradi va imkoni boricha mustaqillikka oʻrgatadi. Ammo bu erkinlik shundayki, bolada ota-onaga nisbatan hurmatsizlik yoki erkalik emas, qandaydir doʻstona ota-ona va farzand munosabatlari shakllanadi. 

 

Bundan tashqari, bolalar bilan otalar ham koʻp vaqt oʻtkazadi. Parklarda, koʻchalarda bolani faqat ona bilan emas, ota bilan yoki birgalikda yurishganini koʻrish mumkin. Yaʼni, nemislar bu vazifa faqatgina ayollarning masʼuliyatida, degan qarashlardan ancha yiroq. 

 

Turk oilalarida farzand alohida shaxs sifatida koʻriladi

 

 

Feruza Izzat. 11 yildan buyon Turkiyada yashaydi, 3 farzandning onasi:

 

 

— Turkiyaga endi kelgan vaqtlarimda eʼtiborimni tortgan narsa — turk oilasida farzandni alohida shaxs sifatida koʻrilishi boʻlgan. Bu yerda bolalarga alohida eʼtibor bilan munosabatda boʻlishadi. Oʻzbek oilalarida koʻp gapirma, kattalar gaplashganida aralashma, jim oʻtir, deydigan vaziyatlar koʻp uchraydi. Turklarda esa bola kichik boʻlgani uchungina fikrini ifoda etishdan cheklanmaydi. Ular bolani gapirgan vaqtida quloq tutib, eshitadi. Hattoki, farzandining fikri bilan ish tutadigan oilalar ham yoʻq emas. 

 

Men esa oilamda kattalardan koʻrib, oʻrganganim boʻyicha farzand tarbiyalaganman. Oʻzbekistonda bolalarga toʻgʻri tarbiya beryapmanmi, yoʻqmi, deb koʻp ham oʻylanmasdim. Lekin Turkiyaga kelganda, bu yerdagi tarbiyaning farqini koʻrib, bizning uslubda yutuqlar bilan birga, kamchiliklar ham borligini tushunib yetdim. Shundan keyin farzandlarimga koʻproq erkinlik bera boshladim. Ularning fikrlari bilan hisoblashishni ham aynan Turkiyada oʻrgandim. Hozirgi kunga qadar bu erkning faqat yaxshi tomonlarini koʻrib turibman. Shu bilan birga, oʻzbek tarbiyasining eng yaxshi tomonlarini ham tajribamda saqlab qolganman. 

 

Bola tarbiyasi Amerikadagi jiddiy muammoli masalalardan biri

 

 

Iroda Zokirova. 11 yildan beri AQSHda yashaydi, 2 farzandning onasi:

 

 

— Farzand tarbiyasi Amerikadagi jiddiy muammoli masalalardan sanaladi. Farzandingiz notoʻgʻri harakat qilsa ham unga baland ovozda gapirolmaysiz, urisha olmaysiz. Ona va bola oʻrtasida tortishuv boʻlayotganini, ona tanbeh ohangida gapirayotganini politsiya koʻrib qolsa, darrov yetib kelib, vaziyatni birinchi boʻlib boladan soʻraydi. Uyda ham farzandingizga baland tovushda gapirsangiz, qoʻshnilar politsiyaga qoʻngʻiroq qilib, siznikiga joʻnatadi. Unda ham birinchi boʻlib bola tinglanadi. 

 

Maʼlumot uchun, AQSH bola huquqlari toʻgʻrisidagi konvensiyaga aʼzo emas. 

 

Bolalarga beriladigan erkinlik va ularni mustaqillikka tayyorlash haqidagi fikrlar esa qoʻyidagicha boʻldi.

 

Germaniyada

 

— Germaniyaga kelgach, nemis ota-onalarini qushlarga oʻxshatdim. Farzandini uchishga hozirlayotgan qushlar har qancha xavotirli boʻlsa-da polaponini parvozga undaydi. Nemislar ham bolada ijtimoiy koʻnikmalar hosil boʻlishini chetdan turib kuzatishini koʻrdim. Shu bilan birga, biror xavf tugʻilgan on darrov bolasi yoniga yetib kelishadi. 

 

Biz esa maksimal darajada bolaga nimani qanday qilishi, nima gapirib, oʻzini qanday tutishigacha qaror beramiz. Natijada, bolada ijtimoiy koʻnikma hosil boʻlishi qiyin. Munosabat qurishda u bizning ogʻzimizga va reaksiyamizga qarab ish tutadigan boʻlib qoladi. 

 

Turkiyada

 

— Avvaliga, bu yerdagi bolalarning hammasi juda erka ekan, degan tasavvur boʻlgan. Balki, bu biz koʻrgan tarbiyaning aksi, arzimas tanlovlarni ham kattalar qilib bergani uchun shakllanib qolgan tasavvurdir. Biroq, bizning anʼanaviy tarbiya metodimiz qaysidir maʼnoda toʻgʻri — ota-ona chegarani oʻz nazoratida ushlashi asosli, deb oʻylayman. 

 

Turk bolalarining fikri yoshlikdan inobatga olinishi haqida esa shunday misollar keltirish mumkin: Masalan, kichikroq yoshdagi bola biror ovqatni yeyishni istamasa, unga boshqa tanlov beriladi. Tashqariga chiqish uchun nima kiyish boʻyicha ham bolaning oʻzi qaror qiladi. Biroq, bu yerda chegara oʻta muhim. Undan oʻtib, erkalik darajasiga kelib qolgan bolalar ham yoʻq emas. 

 

Amerikada

 

— Amerikadagi bolalar yoshligidanoq hur fikr va mustaqil boʻlib tarbiyalanadi. Unga atrofdagi munosabat, qilayotgan harakatlaridan cheklamaslik, oʻylaganini aytishi uchun imkon berish kabi omillar sabab boʻladi. Ular oʻzini doʻstlar bilan qanday boʻlsa, oila davrasida ham shunday tutadi. 

 

Odatda, oʻzbek farzandiga oʻz soʻzini aytishi uchun doim ham imkon beravermaydi. Ayniqsa, muloqot oʻzidan kattalar bilan olib borilganida. AQSHda bola har kim bilan erkin soʻzlashib, fikr almashadi. Albatta, u erkinlik ekan, deb xayoliga kelganini aytavermaydi. Aksincha, goʻdakligiligidanoq maxsus oʻqituvchi-mutaxassislar bilan shugʻullan bu mamlakat bolalari ancha teran va mantiqli fikrlaydi. Ularga quloq solish, qarashlarini hurmat qilish, biz oʻylaganimizdek taltayib ketishiga emas, ancha mustaqil boʻlib yetishishiga, oʻzini tushunib, istiqbolli tanlov qilishiga turtki boʻladi. 

 

Bu yerda tugʻilgan chaqaloqqa maxsus anketa toʻldirilib, undagi alohida jihatlarga koʻra, mutaxassis-ustoz uyga kelib, taʼlim beradi. Masalan, mening farzandim 3 yoshda. Sentyabrdan boshlab, “3-K” maktabiga chiqa boshlaydi. Lekin ungacha men qizimga 18 oyligidan boshlab maxsus oʻqituvchilar yollaganman. U qalam ushlashni, turli pazllar yasashni oʻrgatadi. Jumladan, maxsus oʻqituvchi, “A-V” oʻqituvchi, logoped kabi oʻqituvchilar kelib, qizim bilan hafta davomida kun boʻyi shugʻullanadi. Kunlik rejaga koʻra, bolaning uxlash va ovqatlanishi uchun ham aniq vaqtlar belgilanadi. Shu tariqa, bola maksimal erkin boʻlsa ham, unda yoshligidan tartibga avtomatik rioya qilish odati shakllanadi. 

 

Goʻdaklik davridan boshlanadigan taʼlim boʻyicha qisqacha: 

 

1.    “3-K School” — 3 yoshga toʻlgan mamlakat fuqarolari va AQSHda qonuniy yashayotgan immigrantlar taʼlimi; 

2.    “Pre-K School” — 4 yoshli, yuqoridagi talablarga mos bolalar (hozirda Meksika orqali kelgan oila farzandlarini ham qabul qilmoqda) uchun;   

3.    “Kindergarten School” oʻz ichiga 1-sinfdan 5 sinfgacha boʻlgan bolalar guruhini oladi (Yaʼni, bogʻcha boshlangʻich taʼlim hisobiga kiritiladi); 

4.    “Middle Junior School” esa oʻrta yoshli 6-sinfdan 8-sinfgacha boʻlgan oʻquvchilarni qamrab oladi; 

5.    “High School”da oʻquvchilar 9-sinfdan 12-sinfgacha taʼlim oladi. 

 

Bolalarning injiqliklariga qanday yoʻl tutiladi?

 

Germaniyada

 

— Kuzatishimga koʻra, nemis bolalari koʻchada shoʻxlik, toʻpolon qilmaydi. Qilganida ham boshqasiga zarar bermaydigan shaklda qiladi. Nemislarda baland ovozda gapirish, baqir-chaqir odati yoʻq, nazarimda. Bolasi bilan urishgan, uning shoʻxligi uchun koyiganlar, tartibga chaqiradigan ota-onalar boʻladi, albatta. Lekin bu gaplar sokinlik va ishonch bilan bolaning koʻzlariga qarab tushuntirilar ekan. 

 

Bolaga qattiq gapirish, urishish yoki unga qoʻl koʻtarish mumkin emas. Yaqinda bogʻchamiz yonida u yerga kelayotgan bola uzoq yigʻladi, onasi chetda kuzatib turaverdi. Bola yigʻlashdan charchagach, birgalikda bogʻchaga kirishdi. Ayol bolani na urishdi, na turtdi. Uning yigʻisi tugashini hech qanday eʼtiroz va reaksiyalarsiz, faqat kutdi. 

 

 

Farzandim shoʻxlik qilganida men ham deyarli ular kabi yoʻl tutaman — sokinlik bilan tushuntirib, u bilan kelishishga harakat qilaman. Buni qandaydir javobgarlik boʻlgani uchun emas, toʻgʻri yoʻl deb bilganimdan qilaman. 

 

 

Turkiyada

 

— Turklar bolalarning shoʻxligiga, nisbatan tolerant xalq deb, bilaman. Masalan, koʻcha-koʻyda xarxasha qilayotgan bolasini urgan yoki qattiq gapirib, urishgan ota-onani deyarli koʻrmaysiz. Biroq, aks vaziyatlarga — asabiyroq boʻlsa, bola ota-onasiga baqirayotgan holatlarga koʻzingiz tushadi. 

 

 

Ota-onaning farzandiga baland ohangda gapirmasligi va qoʻl koʻtarmasligi qonunan taqiqlanganidan emas, taʼkidlaganimdek, bu xalq farzandlariga alohida eʼtibor qaratishidan, deb bilaman. Undan tashqari, bolasi yigʻlab, qaysarlik qilayotgan ota-onalarga yon-atrofidagilar ham yoqimsiz qarab, “Bolangga qara!”, “Tovushini oʻchir!” yoki “Ovutsang-chi!” deydigan munosabatda boʻlmaydi. Albatta, juda chegaradan oʻtadigan vaziyatlar boʻladi. Aytaylik, bola samolyotda sizning oʻrindigʻingizni orqadan tepib oʻtirishi mumkin. Bunda ham bolaning oʻziga emas, ota yoki onasiga toʻgʻri tushuntiriladi.  

 

 

Turk ota-onalari har qanday vaziyatda oʻz bolasining yonini oladi. Agar ikkita bola urishib ketsa, ularning onasi ham bir-biri bilan tortishib ketadigan holatlar ham bor. Umuman, bola nafaqat tengqurlari bilan kelisholmay qolganida, balki, boshqa arzimas masalalariga ham uning oʻzi emas, ota-onasi haddan ziyod qaygʻurishini koʻrish mumkin. Toʻgʻri, bunda farzand oʻzini himoyalangan, har qanday vaziyatda suyanadigan togʻi borligini his qilib yashaydi. Lekin bunda bolaning barchasini kattalar hal qilishiga oʻrganib qolishi, keyinchalik ham oʻz muammolarini mustaqil yecha olmaydigan boʻlib ulgʻayishi ehtimoli ham bor. 

 

Amerikada

 

— Amerikada barcha bolalar “911” raqamini yoddan biladi. Ularga har bir taʼlim muassasasida “Agar ota-onang baqirsa yoki biror kishi urishsa, darhol politsiyaga qoʻngʻiroq qil!” deya uqtiriladi. Shuning uchun ham koʻcha-koʻyda bola dod-voy solib baqirsa ham, yerga yotib yigʻlasa ham, unga hech kim qoʻl koʻtarmaydi, qattiq ham gapirolmaydi. Bir necha daqiqa oʻziga kelgunicha shunchaki kutiladi. Men ham hech qachon bolalarimga qoʻl koʻtarmaganman. Lekin shunday tushuntirganmanki, ular bizning qarshiligimizga ham beeʼtibor boʻlmaydi. Ularga “Agar shoʻxlik qilsang, politsiya olib ketib, boshqa oilalarga berib yuboradi. Keyin ular bilan yashaysan va bizni qaytib koʻrmaysan”, deb tushuntirganmiz. Hozircha, shu gap yaxshi natija beryapti. 

 

Amerikada farzandingizga alohida eʼtibor berishingiz oʻta muhim. Bu, albatta, oʻzingiz bilib bajaradigan odatlardan biri, aslida. Biroq, buni bogʻcha va maktablardagi nazorati, sizni yanada sergaklikka chaqiradi. Masalan, bolaning kiyinishida liboslar ketma-ket takrorlanadigan boʻlsa, unga bogʻchasidan moliyaviy muammolar bormi, bola boqishga qiynalyapsanmi, degan muammoli eʼtirozlar boʻladi. Yana ularning ozodaligiga, soch-tirnoqlariga ham har kuni alohida eʼtibor qaratiladi. 

 

Mamlakatdagi qaysi omillar bola tarbiyasiga salbiy taʼsir koʻrsatishi mumkin?

 

Germaniya

 

 

— Farzandimning atrofidagi doʻstlar salbiy taʼsir qilishidan choʻchiyman. Har qaysi davlatda yashasak-da, farzandlarimizning doʻstlik muhiti muhim va ota-ona tarafidan doimiy kuzatuvda boʻlishi shart boʻlgan mavzu, deb bilaman. Boshqa tomondan hozircha yetarli tajribam yoʻq, chunki Germaniyaga 3 yil avval keldik, qizim 15 yoshda edi, oʻgʻlim esa 4 yoshda. Hozir qizim 18 yoshda, unda katta oʻzgarish boʻlgani yoʻq. Oʻgʻlim 1 sinfga chiqyapti. Hozircha tarbiyasiga salbiy taʼsir koʻrsatuvchi omillar bilan qarshilashmadim. Umid qilamanki, shundayligicha davom etadi. 

 

 

Turkiya

 

 

— Turkiya va Oʻzbekistonning urf-odatlari farq qiladi. Yuqorida aytganimdek, bu yer yoshlari ancha erkin fikrlaydi. Farzandlarim  oʻz fikrini aytsa, uni hurmatsizlik deb biladigan vaqtlari boʻladi. Bundan tashqari, ular baʼzi uy ishlarini bajarmaganida, “Bolalaring turklashib ketibdi”, deb ham xulosa qilishadi. Biroq, bularga men muammo sifatida qaramayman. Yagona muammo — Turkiyada yoshlar va kattalar, erkak-u ayollar oʻrtasida chekish odati juda avj olgan. Shunday boʻlsa-da, bolalarim u odatlardan yiroq. 

 

 

Umuman olganda, tarbiya bu ota-onaning mahorati, deb oʻylayman. Uydagi tarbiya kuchli boʻlsa, tashqi omillar bolaga salbiy taʼsir koʻrsatmasligiga ishonaman. 

 

Amerika

 

 

— Amerika hayotining havas qilsa arzigulik jihatlari koʻp. Biroq, yoshlarga salbiy taʼsirlari ham yoʻq emas. Masalan, bu yerdagi odamlarning haqoratomuz soʻzlar ishlatishi, soʻkib gaplashishning odatga aylanib qolgani bolalarimga ham tabiiydek tuyulib qolishidan qoʻrqaman. Bundan tashqari, bir jinslilar oʻrtasidagi munosabatlar ham meni xavotirga soladi. Oʻylashimcha, bu nafaqat AQSH, balki, butun dunyoni xavfga solayotgan, demokratiya deya nomlanib, qamrovi kun sayin ortib borayotgan muammolardan boʻlsa kerak. 

 

 

Tarbiya — qaysi tilga tarjima qilinsa ham maʼno-maqsadi oʻzgarmaydigan tushuncha ekaniga qaramay, amaliyotdagi koʻrinishining turli mamlakatlarda bir-biridan farq qilishi haqiqiy misollar orqali tasdiqlandi. Uning tuslanishi, qonunlarning esa toʻgʻri ishlashi bevosita bola tugʻilgan mamlakati bilan bogʻliq. Dunyoning qaysidir nuqtasida yashaydigan bola nohaq munosabat ustida ota-onasi bilan ham sudlashishgacha borsa, oʻzbek farzandi notoʻgʻri deb bilgan narsasini nafaqat ota-ona, umuman, kattalarga aytishi koʻpincha betgachoparlik va hurmatsizlik deb baholanadi, yana koʻp xollarda esa toʻgʻri deb bilgan qarashlar aytilmay ham qolib ketadi. Yoki bu yerda berilgan erkinlik, bolaning oʻzboshimcha boʻlib, atrofdagilarni eshitmaydigan darajaga olib kelsa, qayerlardadir beriladigani uning ijodkor shaxs boʻlib yetishishida oʻta muhim ahamiyat kasb etadi. Yaʼni, tarbiyaning oʻzbekcha metodikasi boshqa davlatda “yashab ketolmagani” singari, xorijiy baʼzi uslublar oʻzbekcha muhitda ham “yaramaydi”. Biroq, ikki tomonning eng yaxshi va bola uchun manfaatli jihatlarini saqlab qolish va ayni mentalitetga moslashtirib qoʻllash, har tomonlama foydadan xoli boʻlmasa kerak. 

 

Muqaddas MUSAYEVA.

Oyina.uz

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi

Adabiyot

15:11 / 20.11.2024 0 117
Abdulla Qodiriy – o‘zbek detektivi asoschisi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

San’at

16:08 / 28.08.2021 8 22032
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi

//