“Momokalonimiz” boʻlgan Kleopatra, takyaga borgan Navoiy va Iblisga isyon qilgan yozuvchi – zamonaviy oʻzbek romanchiligida nimalar haqda yozilyapti?


Saqlash
23:16 / 26.05.2023 1393 0

Adabiy jarayon jonli va ayni paytda harakatdagi oʻzgaruvchan voqelik sanaladi. Shu bois ham bugun romanlar nafaqat mazmun-mohiyatiga koʻra, balki ifoda shakli, yondashuv usuli va uslubiy izlanishlar jihatidan ham xilma-xil. Nosirlarimiz turli mavzularga qoʻl urib koʻrishyapti. Tanlovlardagi oliy mukofotlar, tadbirlar “xolis” taqrizlar, kitoblar taqdimoti barcha-barchasi risoladagidek harholda. Lekin baʼzi savollar borki, jonni qiynaydi: Bugun oʻzbek nasrida tom maʼnoda millat Ruhini va Xarakterini ochib bergan yangi qiyofa yaratildimi, badiiy voqelik yaratildimi? Estetik ideal muammosi qanday hal etildi? Ideal bormi oʻzi bugun adabiyotimizda? Milliy adabiyotning maʼnaviy ustunlari qanday qiyofada boʻy koʻrsatyapti? Oʻzbek nasrida miqdor sifatni ortda qoldirib ketmayaptimikin? Shu kabi savollarga javob topish uchun Harakatdagi jarayon haqida tugal fikr aytish bir oz qiyinligini taʼkidlagan holda, milliy romanchiligimizda yaratilgan yangi asarlarni tahlilga tortdik.

 

Globallashuv davri romanlari axborot zichligi ortgan ayni vaqtda yashayotgan Shaxs xarakteri, tabiatidagi evrilishlar va hissiy sezgilarni oʻziga xos ifodalarda aks ettirishga harakat qilmoqda. Biz bugun taqdim etilayotgan oʻzbek romanlarini mavzu mundarijasiga koʻra guruhga ajratib olishni maʼqul bildik:

 

1.Tarixiy-biografik. 2.Ramziy-metaforik.

 

Eʼtiborli jihati, tarixiy mavzudagi asarlar orasida oʻtmishdagi mashhur ayollar qiyofasini jonlantirishga urinish sezilarli darajada oshgani koʻzga tashlanadi. Ustoz adiblardan Muhammad Alining “Kleopatra”, Shahodat Isaxonovaning “Gavharshodbegim yoxud qiyomat oʻyini”, “Nodirai Davron” va Luqmon Boʻrixonning “Imom Moturidiy” romanlarini misol qilib keltirish mumkin bunga. Ularning barchasida mashhur shaxslarning oʻtmish sahnasida qoldirgan “izi” haqida hikoya qilinadi. Ammo har bir tarixiy mavzuda bitilgan romanda bugunning nafasi, bugunning dardi va muammosi aks etganiga guvoh boʻlish mumkin... Dunyo adabiyotida Kleopatraga bagʻishlangan asarlar oz emas. Oʻzbek adabiyotida Misr malikasiga murojaat qilish ilk bor ulugʻ shoir Choʻlpon ijodida uchraydi. Shoir 1923-yilda “Kleopatra” (“Kileoʻpatra”) nomli hikoya yozadi. Shoir unda oʻzi yashayotgan jamiyat hayotidan norozilik tuygʻusini toʻgʻridan-toʻgʻri aytmaydi va voqealarni “Sirlar va yashirinliklar uyasi boʻlgʻon Misr”ga koʻchiradi. Choʻlpon malikani mehr-muhabbatga tashna ayol qiyofasida tasvirlagan boʻlsa, yozuvchi M.Ali shoirdan farqli, Kleopatrani oʻquvchiga Misr ozodligi yoʻlida kurashchi, yovlarga bosh egmaydigan gʻururli rahbar, vatani erki yoʻlida hayotini qurbon qilishga tayyor makkora sifatida tanishtiradi.

 

Asar muallif tomonidan yozilgan oʻngsoʻz bilan boshlanib, yozuvchining maqsadi ochiqlanadi. Kleopatra Spitamenning qizi ekaniga alohida urgʻu berilib, malika avlodlarining ildizlari tariximiz bilan chambarchas bogʻlanishi. malikaning yozuvchi taʼbiri bilan aytganda, “momokalonimiz” ekani urgʻulanadi va bu taʼkid roman davomida keragidan ortiq darajada takrorlanadi. Tarixiy jihatdan asoslanmagan bunday faktga yozuvchi asarning tub asosi sifatida qaraydi. (Muallif bunda A.Berdimurodovning “Samarqand tarixidan tomchilar” kitobiga tayanadi). Ammo bu ham badiiyat nuqtai nazaridan oʻzini oqlamagandek, nazarimizda, kompozitsion qurilmada zaiflik bor, jonli lavhalar yetishmaydi.

 

Yozuvchi talqiniga koʻra, malikaning hiyla-nayranglari, fitnalari zaminida yurt istiqboli qaygʻusi yotadi. Aynan shu tufayli u qancha fitnalarga bosh boʻlishi, zarur holda xiyonatdan ham qaytmasligiga ishora qilinadi. Kleopatra Misr davlatining ramzi sifatida keluvchi asarning voqelik tasvirida koʻtarinki ruh, fojiaviy ohang va pafosni sezish qiyin emas. Asarda muallif maqsadi anglashilmaydi, qahramon xarakterining chiziqlari xira, badiiy jihatdan yetuk emasligi oshkor boʻlib qoladi.

 

Badiiyat mezonlariga koʻra tarixiy mavzuda yozilgan asarlarda bir qancha talablarni ado etish zarur. Misol uchun, hujjatlilik va badiiylik tarixiy asarning asosini tashkil qiladi. Toʻgʻri oʻtmish fonida, muallif fantaziyaga erk berishi, toʻqimada ham erkin boʻlishi mumkindir, ammo bu tarixiy haqiqatga zid kelmasligi shart va adibga yangidan tarix yaratishga huquq berilmaydi. Muallif tarixiy vaziyatni yoritishda oʻquvchini voqealariga nafaqat guvoh, balki hodisaning ishtirokchisiga aylantira olsagina, asarning muvaffaqiyatini taʼminlagan boʻladi. Bu esa poetik mahorat bilan bogʻliq. Adib voqelik tasvirida makon va zamon chegaralarini zabt etmogʻi, tarix atalmish pardani oradan koʻtarib, oʻquvchi koʻz oʻngida oʻtmishni jonlantirmogʻi, davr ruhini koʻrsatib bermogʻi lozim. Afsuski, bugungi oʻzbek adabiy jarayonida eʼlon qilingan romanlarda bu kabi badiiyatning mezonlariga toʻla amal qilingan, deb boʻlmaydi.

 

Yana tarixiy romanlarning muhim jihatlaridan biri bu – asar voqealari tasvirida muallifning xolisligi masalasi. Yozuvchi M.Ali esa tasvirlarida voqelikka bevosita bugunning koʻzi bilan qarab, bugungi nuqtai-nazar ila munosabatini ochiq-oydin bildirib qoʻyadiki, bu asarning badiiy butunligiga soya soladi. Aslida muallifning voqelikka aralashib, munosabatini oshkor qilishi yoki ochiqchasiga izoh berishi nooʻrin. Ammo, asarda bunday lavhalar oz emas. Antik davr Rim haqidagi voqealarni hikoya qilaturib, yunonlarning musiqasi milliy koʻyimiz “Tanovor”ga oʻxshatiladi. (169-bet). Yana bir oʻrinda olimlar haqida gapirib, muallimning non topib yeyishi haqidagi bugunning nuqtayi nazarini oshkor qiladi. Yoki “Antoniy va Kleopatraning mudhish xatosi fursatni boy berganida, vaqtida kurashga kirmay, imillab qolishlarida va oʻzlari bilmagan holda dushmanga puxta tayyorlanib olishida imkon yaratib qoʻyganliklarida, deb joʻyali baholaydi bu vaziyatni keyin tarixchilar,” deyiladi va hokazo. Asarda xarakter tadriji va qahramon ruhiy tebranishlarni ochib berish masalasi yetarli darajada aks etmagan. Bayonchilik ustuvor. Malikaning qalb kechinmalari, iztiroblari koʻproq aks ettirilganda, maqsad ado etilgan, deyish mumkin edi.

 

Shahodat Isaxonovaning ijodiy konsepsiyasida tarixiy mavzuga murojaat qilish, mashhur shaxslarning hayotini yoritish, qahramon ruhiyatini anglashga urinish kabi xususiyatlar muhim oʻrin tutadi. Uning navbatdagi asari ham temuriylar saroyining malikasi Gavharshodbegim hayotiga bagʻishlangan boʻlib, millat oʻtmishining eng murakkab, ziddiyatli sahifalarini yoritib berishga qaratilgan. Adiba malika yashagan davrni tasvirlarkan, mamlakatdagi ijtimoiy-siyosiy vaziyat, saltanatning tanazzulga yuz tutishi, shahzodalarning taxt yoʻlida birodarkushlikka borishi kabi muammolarning ildizini ochib berishga harakat qiladi. Muallif Gavharshodbegim xarakterini yoritishda nihoyatda intirgalarga boy, ziddiyatli sahnalarni juda nozik ilgʻaydi, ammo bunday “lahza”lardan yetarli darajada foydalana olmaydi, bayonchilikka berilib ketadi. Nazarimizda, bunday yondashuv ijodkorning “Nodirai davron” romanida ham takrorlanadiki, bu hol adiba uslubidagi oʻziga xoslikni belgilaydi.

 

Malika obrazi tasvirida muallifda ayolni anglash, tushunishga urinish, dardini his qilish, hamdardlik tuygʻusi sezilib tursa-da, ammo ifodada bu toʻliq aks etmagan. Gavharshodbegim tarixda oʻzining qattiqqoʻlligi va davlat ishlariga haddan ziyod koʻp aralashgani bilan tanilgani sir emas. Saltanat dushmanlaridan oʻch olishda Shohruhga nisbatan ham talabchan boʻlganligi haqidagi maʼlumotlar tarixiy manbalarda aytilgan. Ammo romanda tarixdagi malikadan farqli oʻlaroq, qudrati va quvvatidan ayrilgan, judolikdan bagʻri qon Gavharshodbegim hayotining rangin lahzalari aks etadi. Asarda har bir shahzodaning taxt yoʻlida qurbon boʻlishida oʻzini aybdor sanagan malika, oʻtmishga nazar solib hayotidan maʼni qidirganday boʻladi, ammo afsuski, bu lahzalarda ayol qalbidagi poʻrtanalar ochib berilmaydi.

 

Asardagi bahsli oʻrinlardan biri muallifning Alisher Navoiy hayoti bilan bogʻliq sahnani roman voqeligiga olib kirishidir. Bundan koʻzlangan maqsad buyuk shoir siymosini yaratishmidi yoki Ruqiya Sulton bilan ular orasidagi muhabbatni tasvirlashmidi, bilib boʻlmaydi. Romanda Navoiy isteʼdodi shakllanishida malikaning xizmatlarini koʻrsatib berishni niyat qilgan muallif maqsaddan chalgʻib ketadi. Ayrim lavhalardagi tarixiy davr va shoir ijodi bilan bogʻliq tasvirlarda esa ortiqcha urgʻulash koʻzga tashlanadi. Tarixiy asar birinchi navbatda hujjatlilikka tayangani uchun badiiy toʻqimaning imkoni cheklanadi. Toʻgʻri, muallif asariga toʻqima obraz, voqeliklar kiritishga haqqi bor, ammo bu mantiqiy asosni talab qiladi. Boʻlmasa maqsad anglashilmaydi. Asarda ana shunday holni kuzatasiz. Misol uchun, Navoiyning shaxsiy hayoti bilan bogʻliq mavhum nuqtalarni yoritishga urinish, Ruqiya Sulton bilan muhabbat chizigʻini rivojlantirish, shoirning onasi Salima bonuning mingdan ortiq misralarni yoddan bilishi, madrasada dars berishi kabi tafsilotlar, ortiqcha boʻrttirishlar oʻquvchida soʻrovlarni koʻpaytiradi xolos. Holbuki, bu muhabbat chizigʻi romanning oʻq ildiziga borib ulanmaydi ham. Shu oʻrinda aytib oʻtilishi joiz boʻlgan bir jihat bor: shoirning shaxsiy hayoti bilan bogʻliq soʻz ketganda ehtiyotkorlik va hushyorlik kerak. Bugunning gʻami bilan Navoiyga baho berib boʻlmaydi, ulkan shaxsiyatni oʻz tasavvurlarimiz bilan cheklab qoʻyishdan saqlanish lozim, menimcha. Romanda Navoiyning “haydariya” toifasiga mansub darveshlar bilan oʻtkazgan kecha haqidagi sahna ham eʼtiroz uygʻotadi kishida. Ya’ni Olloh yoʻlida nafsiga jihod qilgan darveshlarning bir kechaga “darvishlikni xurjunga solib turamiz” qabilida ish tutishi hamda Navoiyning takyaga borgan kechadagi holatlari aqlga sigʻmaydi. Yana bir oʻrinda Navoiy Mashrab haqida soʻzlaydi. Bunday yoʻsinda tarixiy faktlarga beeʼtibor boʻlish, notoʻgʻri talqinlar albatta, muallif foydasiga hal boʻlmaydi.

 

Shuningdek, bir necha oʻrinlarda muallif tomonidan chalkashlikka yoʻl qoʻyiladi.

 

Koʻz birlan qoshing yaxshi, dudogʻing yaxshi,

Yuz birla soʻzingsh yaxshi, qabogʻing yaxshi (116-sahifa)

 

Muallif Navoiyning mazkur ruboiysini Ruqiya Sultonga yozgan maktubga kiritadi. Romanga koʻra, Navoiy uni 15-16 yoshligida, ayni muhabbatga toʻlgan oʻspirin paytda yozgan. Holbuki, mazkur gʻazal shoirning “Xazoynul maoniy”dan tarkib topgan devoniga kiritilgan, yaʼni 1491-yilda yozilgan. Demak, bu vaqtda Navoiy 51 yoshda boʻlgan. Yana bir oʻrinda keltirilgan “Qoshi yosinmi” gʻazalining yaratilish yilida ham shunday xatolikni koʻrasiz.

 

Adiba davr ziddiyatlari oraligʻidagi Gavharshodbegimning ruhiy holatlarni yoritishda voqelikning sathida qoladi, qahramon botinidagi ziddiyatlarga chuqurroq nazar solmaydi yoki buni muhim deb bilmaydi. Gavharshodbegim temuriy malikalardan biri sifatida juda murakkab qarama-qarshiliklarga toʻla hayot kechirgan. Uning sevimli ayol, davlat ishlarida faol malika, tadbirli xotin, shahzodalarni tarbiyalovchi buvi sifatidagi maqomi va undagi voqeliklarga chuqurroq kirilganda, muallif ham, asar ham bundan yutgan boʻlardi. Asarning “Gavharshodbegim yoxud qiyomat oʻyini” deb nomlanishi ham munozarali, nazarimizda. Qiyomat soʻziga oʻyinning birikma sifatida bogʻlanishi mantiqiy jihatdan notoʻgʻri. Qiyomat islomdagi zamon bilan bogʻliq inson tasavvuri yetmaydigan dahshatli hodisaning nomi. Shu maʼnoda qiyomat soʻziga oʻyin soʻzini tirkash oʻzini oqlamaydi. Bunday diniy atamalarni qoʻllashda bir oz kamtarlik va hushyorlik talab etiladi. Asardagi kemtik jihatlardan biri asar tilining nochorligidir. Masalan, temuriyzoda malikalar – Begika begim va Ruqiya Sultonning oʻzaro muomalasi bugungi kun maishatidan darak beradi. Ona bolaning “a desam, “be” deysan, “be” desam, “a” deysan” qabilidagi oʻzaro aytishuvlari taʼbni xira qiladi. Malika qiziga qarata “Boyning qizi gʻarlik qilur, oldini olib sharlik qilur” degan maqolni ishlatadiki (115 bet), asilzodalik haqida ozgina tushunchasi boʻlgan oʻquvchi ham buni tasavvur qilishi mushkul. Yana bir oʻrinda Gavharshodbegim Begika Sultonga “bozorchi xotinlarga oʻxshab” degan soʻzni ishlatadi (116 bet). Asarda bunday eʼtirozli oʻrinlar talaygina, barchasini aytishdan oʻzimizni tiyamiz...

 

Yozuvchi Loʻqmon Boʻrixonning “Imom Moturidiy” romanini adabiy jarayondagi yaxshi romanlaridan biri sifatida aytish mumkin. Asar milliy zamin asosiga qurilgani, madaniyatimiz, islomiy maʼrifat tuygʻusini oʻziga xos yorqin ranglarda bera olgani bilan eʼtiborga loyiqdir. Yozuvchi asarida romaniy tafakkur va epik koʻlam oʻzaro uygʻun tarzda boʻy koʻrsatadi. L.Boʻrixonning tarixiy mavzuda asar yozgan asarlarini kuzatib, adib bu borada yetarli tajriba va ijodiy potensialiga ega ijodkorlar sirasiga kirishini koʻrish mumkin. Asarni juda katta qiziqish va bir oz hadik bilan oʻqib chiqdim. Sababi diniy mavzuda asar yozish juda ehtiyotkorlikni talab etadi. Abu Mansur Moturidiy sharʼiy ilmlarning uchta yoʻnalishi: tafsir; usulul fiqh; aqoid bilan bogʻliq yoʻnalishda asarlar yozgan. Shunday ulugʻ siymoning qiyofasini badiiyat nuqtai nazaridan yoritish oson ish emas. Ammo asarni oʻqib, yozuvchi juda katta mehnat qilgani, koʻplab diniy manbalarni oʻrganganini sezish mumkin. Davr ruhi singdirilgan, badiiy matn puxta ishlangan romanni malollanmasdan oʻqiysiz, mutolaa chogʻida qoqilmaysiz.

 

Asar bilan tanishgan oʻquvchi aqida ilmining nozik jihatlaridan ham xabardor boʻladiki, bu romanning maʼrifiy ahamiyatini tasdiqlaydi. Yozuvchi Moturidiy qiyofasini ikki yoʻnalishda: maishiy va ilmiy faoliyati orqali ochib berishni maʼqul biladi. Qahramon siyratini yoritishda bir qancha toʻqima obrazlar ham asarga kiritilgan boʻlib, bu borada biroz bahsli oʻrinlar uchraydi. Masalan, Moturidiy shaxsini ochib berish uchun muallif uning xotini bilan munosabatlaridan vosita oʻrnida foydalanishni afzal biladi. Mana shunday sahnalarda asardagi mantiqiy birlikka putur yetadi. Aqoid ilmining bilimdoni “imomil xudo” sanalgan olim xotini bilan muqoyasa qilinib, dunyoqarashlari bir-biriga qarama qarshi qoʻyish natijasida yetuk ulamoning maishiy planga tushirilishi romanning yutqiziqlaridan biri, deb hisoblayman. Imom Moturidiy singari fiqh va aqoid ilmining ulugʻ allomasini maishiy muammolar kesimida tasvirlash zoʻraki sahnalarning vujudga kelishiga xizmat qilgan. Yuqorida taʼkidlaganimizdek, bu muallif ham bugunning qaygʻusi bilan qahramon xarakterini talqin qilinadi. Oʻquvchi romanda ulugʻ islomiy shaxsiyatning xarakter tadrijini, olimning bu maqomga erishuv jarayonlarini, komillik bosqichlarini koʻrishni xohlaydi. Ammo muallif bugun urfga aylangan er-xotin muammolari qamrovida qaraydi masalaga, bu esa asar saviyasiga taʼsir qilmay qolmaydi.

 

Romanda mantiq tizgini mahkam tutilgan sahnalar borligini aytmaslik adolatsizlik boʻladi. Muallifning yutuqlari asar tilida ham koʻrinadi. Asardagi kinoya, serqatlam qochirimlar oʻquvchini beeʼtibor qoldirmaydi. Mastonbibi oʻlim oldidan: “Duo qilgʻaysiz, iltijo etgaysiz, jannatlarda birga boʻlay deb”, soʻraydi. Imom “Men …axir andogʻ koʻp narsa soʻray olmasmen”, deb javob beradi. Mana shu savol javobda koʻp soʻzlar aytilib boʻlinadi. Roman koʻp talqinlarga yoʻl ochadi hamda munozaraga chorlovchi savollar yuzaga keltirishi bilan ahamiyatlidir. Ustoz professor Qozoqboy Yoʻldoshev asarni “ilk falsafiy aqidaviy roman” deb eʼtirof etadi. Ammo islomiy shaxsiyatga bagʻishlangan dastlabki roman deyish nechogʻli asosli, oʻylab koʻrish lozim. (Bu paytda Radiy Fish, “Jaloliddin Rumiy”, Saʼdulla Siyoyev “Ahmad Yassaviy” romanlari esga tushadi) Janrga koʻra esa badiiylik mezonlari borligi uchun aqidaviy deyish ham biroz munozarali. Aqida islomning eng murakkab ilmi, dinning ogʻish burchagi ham deyish mumkindir. Adashishlar, chalgʻishlar aqida buzuqligidan kelib chiqadi. Shu bois aqidaviy soʻzini qoʻllashda bir oz ehtiyotkorlik lozim, deb oʻylayman. Bizningcha, roman maʼrifiy-tarixiy-biografik asarlar sirasiga kiradi...

 

Tahlil nishonimizning navbatdagi romanlari noanʼanaviy uslubdagi asarlar sanaladi. Neʼmat Arslonovning “Xoʻtama” romani ilk bor “Sharq yulduzi” jurnalida eʼlon qilindi. Eng avval asar nomining oʻziyoq eʼtiborni tortadi. Xoʻtama – Doʻzax darvozalaridan birining nomi. Bu soʻz muqaddas Quroni karimda kelgan. “Yoʻq! Albatta u hutomaga xor-zor etib tashlanur. Hutoma qandoq narsa ekanini senga nima bildirur? U Allohning shiddatli, oʻchmas olovidir. Qalblargacha yetib borur”, deyiladi muqaddas bitigimizda. Aslida, sarlavha muallif didi va saviyasidan darak beradigan kichik lisoniy birlikdir. Odamzotni dahshatga soluvchi olovli qiynoqlar maskanini asarga nom sifatida tanlashda fahm va eʼtibor lozimligini unutmaslik kerak. Muallif asar kompozitsiyasini shakllantirishda mif va ramzlardan poetik vosita sifatida foydalanadi. Romanda yer osti saltanatining maʼbudalari haqidagi rivoyatlar qoliplovchi vazifasini bajargan. Undagi ramz va timsollar vositasida jamiyat hayotidagi muammolar fosh etiladi. Asarda bir necha syujet liniyasi koʻp tarmoqli shaklida rivojlantirilgan. Barcha voqeliklar asosan qahramon Tovashar nigohi vositasida yoritib beriladi. “...Nimaiki mavhum boʻlsa, shundan qoʻrqadi va shunga intiladi inson”. Muallif odamzot tiynatidagi bilishga boʻlgan ishtiyoq, anglashga boʻlgan shavq qoʻrquvidan ozod boʻlish uchun imkon berishiga ishora qiladi.

 

Asarni oʻqirkansiz, ijodkorning oʻziga xos kinoyaviy ohangini eʼtiborsiz qoldirolmaysiz. “Ikki minginchi yillarning atoqli gazetasi. Davlat rahbarlariga maqtov yogʻdirishga asoslangan: “Bargʻurur” “Madhibor”, “Purmadh” degan gazeta-jurnallar oʻrtasida raqobat kuchli. “Koʻrgʻurur”ni yamlamay yutib yubordi choh”. Roman mavhumlik, tushkun kayfiyat, sirli voqealar bilan bogʻliq sahnalarga boy. Yunon afsonasidagi Ishtar va Tamuz, yer osti qarorgohi, oʻliklar saltanati kabi sahnalarni tasvirlash orqali muallif millatning bugungi muammolarini nishonga oladi. Ramzlar tilida bugungi jamiyat hayotidagi ogʻriqlar, insoniyat tarixidagi fojialar, milliy oʻzlikka qaytish masalalari asar tagmatniga singdirishga harakat qilingan. Asarda yer osti saltanati va yer ustida tirikchiligini oʻtkazayotgan odamlarning hayoti oʻzaro muqoyasa qilinadi. Spitak zilzilasi, covid oqibatlari, odamlar orasidagi diyonatning boy berilishi kabi muammolar fonida syujet kompozitsiyasida biroz tarqoqlik yuzaga kelgan. Holbuki, roman yaxlit organizm singari butun qurilma boʻlmogʻi lozim. “Xoʻtama”da juda katta muammolarni qamrab olishga harakat qilingani, publitsistik ruh ortib ketishi maqsaddan biroz chalgʻishga sabab boʻlgan boʻlishi mumkin.

 

Nazar Eshonqul “Taqiq mevasi” romanini “ikki novelladan iborat roman” deb qayd etadi. (1.Havo. 2.Malak hol). Asarda Odam Ato va Momo Havvo, Iblis kabi anʼanaviy timsollarning oʻziga xos talqiniga guvoh boʻlasiz. Falsafiy koʻlamdorlik, epik bayondagi shartlilik, aqliy va hissiy bilishdagi oʻzaro uygʻunlik mazkur asarda oʻz aksini topgan. Muallif asarda mazmunni metaforaga singdirib yuboradi, badiiy gʻoyani ramzga yuklaydi. Yolgʻizlik hissi, jamiyatdan qochish, begonalashuv, oʻzini-oʻzi tergash, gʻaybiy hodisalarning qahramon ruhiyatidagi izlariga nazar solish kabi holatlar mazkur romanning yetakchi xususiyati sanaladi. Muallif Odam Ato, Momo Havvo, Iblis bilan bogʻliq naqldan roman tagzamini uchun asos sifatida foydalangan. Ammo avvalgi talqinlardan farqli, naqlga yangi maʼno yuklashga harakat qilgan. Iblisning Malakni yoʻldan urib unga olma daraxtidan meva uzib berishini qahramon jim kuzata olmaydi. U Iblisga qarshi isyon koʻtaradi... Asar bir muncha murakkab ramziy majoziy tilda soʻzlaydi, ramzlar vositasida ishoralarga boy. Badiiy-falsafiy esselarini yodga soluvchi romanni tahlil qilish uchun “maxsus” tayyorgarlik talab etiladi. Oʻzimizni “xos”lardan sanamaganimiz bois asarni tahlil etishdan, muallif haqiqatiga zid borishdan tiyilamiz. Shu bois “Taqiq mevasi” yuzasidan hali koʻp izlanishlar olib borilishidan umidvormiz.

Kuzatishlarimizga koʻra, yaqin yillarda yozuvchilarimiz ijodida tarixiy mavzuga murojaat yetakchilik qilmoqda. Bunga nimalar sabab boʻlganini tahlil qilishga urinib koʻrdik:

 

1. Abdulla Qodiriyning “Moziyga qarab ish koʻrmak xayrlikdir” soʻzlari romannavislarimiz uchun adabiy anʼana shaklida qabul qilingan. Ijodkor zamon umumadabiy estetik ehtiyojidan kelib chiqib mavzuga yondashadi. Ehtiyoj zaruratni yuzaga keltiradi.

 

2. Milliy oʻzlikni anglashda tarixning oʻrni nihoyatda katta boʻlib, u millat uchun ibrat maktabidir. Ijodkor tarixdagi mashhur shaxs hayoti orqali bugunga “oyina soladi”. Oʻtmish – bugun uchun namuna. Qahramon tasvirida bu jihatlar birlamchi ahamiyat kasb etadiki, bu yil romanlarining muhim xususiyati sanaladi.

 

3. Jamiyat hayotidagi iqtisodiy, maʼnaviy, ijtimoiy ziddiyatning ortib borishi, maʼnaviy beqarorlik, oʻtkinchi gʻoyalardan saqlanish, estetik idealni yangilash istagi, adabiy tutimlarni oʻzgartirish ehtiyoji, ahloqiy va milliy qadriyatlarning qadrsizlanishi kabi muammolarni hal etishda muallif yechimni moziydan qidiradi. Ideallik muammosini tarix fonida yaratishga intilish seziladi.

 

4. Estetik ideal talqinida millat tarixiga yuzlanish milliy birdamlik ruhini yuzaga keltirishda asos boʻlib xizmat qiladi. Ijodkor komillikni, idealni oʻtmishning olis puchmoqlaridan izlaydi. Va bu albatta buguning ideali uchun oʻndirgi boʻlib xizmat qiladi.

 

Oʻzbek romanlari haqida tadqiqot olib borgan xorijlik adabiyotshunos Ahmet Ogʻir A.Qodiriy, Choʻlpon, Oybek asarlarini oʻrganib juda qiziq xulosaga keladi. Olimga koʻra “bu davr romanlarida adabiy qaygʻudan koʻra milliy qaygʻu ustun keladi”. Haqiqatdan ham mazkur romanlarda ijtimoiy dardning shaxsiylashganiga guvoh boʻlamiz. Ularda milliy va adabiy qaygʻu esh keladi. Bugungi oʻzbek nasrida esa na adabiy, na milliy qaygʻuni his qilasiz. Ularda muallif ijodiy “men”ining turli ohang tovlanishlarini eshitganday boʻlasiz, xolos. Ammo bugun turli gap-soʻzlar, tanqid-u olqishlarga qaramay, miqdor va sifatiy yangilanishlar aro milliy romanchilik karvoni asta-sekin yoʻlda davom etmoqda. Karvondan nelar qoladi, nelar Abadiyat manziliga yetib boradi, ulugʻ Vaqt izmi ila namoyon boʻladi. Biz esa oʻquvchi, kuzatuvchi boʻlib ularga munosabat bildirarkanmiz, niyatimiz karvonni toʻxtatish emas, milliy roman orzusida uni ogʻir, keraksiz yuklardan xalos qilish va boyliklarini asrashga hissa qoʻshish xolos...

 

 

Sanobar TOʻLAGANOVA,

adabiyotshunos

 

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

San’at

16:08 / 28.08.2021 8 23619
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi

//