Insoniyatning halokati haqida so‘zlovchi 7 film


Saqlash
22:45 / 26.05.2023 1328 0

Katta aql egalarini tashvishga soladigan bir falsafiy savol bor – odamzodning yakuni qanday bo‘ladi? Uning o‘limiga nima sabab bo‘ladi? Tasavvur qiling, xuddi Nuh payg‘ambar davridagi kabi ulkan falokat insoniyat taqdirida bo‘lsa (bu albatta suv yoki tabiat hodisalari bo‘lishining hojati yo‘q), tirik qolish uchun u nimalarni boshidan o‘tkazadi?

 

Bu borada olimdan ko‘ra ijodkorlar, masalan, yozuvchilar, rejissyorlar ko‘proq bosh qotiradigandek tuyuladi. Aslini olganda har qanday ijodkorni bulutga o‘xshab osmonda suzib yurgan xayollargina emas, olimlarning bu boradagi gipotezalari ham ilhomlantiradi. Quyida siz uchun postapokaliptik badiiy va multfilmlar ro‘yxatini keltiramiz.

 

 

1. Vall-i

 

Insoniyat yashashga yaroqsiz sayyoradan uchib ketadi va o‘z o‘rniga Vall-i kabi millionlab robotlarni yerdagi ifloslanishni bartaraf etish uchun qoldiradi. Multfilm o‘sha robotlarning oxirgi vakilining boshidan kechirganlari haqida.

 

Vall-i jonajon sayyoramizda qolgan yagona qimirlagan jonzot. Ha, u robot – u odamzodning turli-tuman chiqindilaridan iflos ahvolga kelib qolgan sayyorani tozalashi kerak, ammo u his qiladi. Xuddi odam kabi yolg‘izlikni his qiladi. Shuning hisobiga uni jonzot, ya’ni joni bor deb hisoblashimiz u qadar xato bo‘lmaydi.

 

 

2. To‘qqiz

 

Odamning qo‘lidan ko‘p narsa keladi, deylik u butun sayyorani urush va dahshat o‘chog‘iga otishi, so‘ng o‘zini va uni o‘rab turgan barcha narsani qutqarish uchun qo‘g‘irchoqlar yaratishi mumkin.

 

To‘liq metrajli ushbu multfilmda allaqanday tushuniksiz yo‘l bilan jonlangan mitti to‘qqiz qo‘g‘irchoq tirik qolish va urush kunpayakun qilgan sayyorani tiriltirish uchun kurash olib boradilar.

 

 

3. Terminator: qutqaruvchi keladi

 

Terminator – odamzodning o‘limiga boshqalarga qaraganda asosliroq sabab keltirgan film sanaladi. Film ijodkorlari texnologiya rivojlanishi oxir-oqibat insonning boshiga balo bo‘ladi, robotlar u bilan yer yuzida hukmronlik qilish uchun jang boshlaydi degan g‘oyani ilgari suradilar.

 

Terminatorning boshqa filmlarida voqealar yaqin o‘tmishda sodir bo‘lsa, ushbu filmda odamzod jangni allaqachon boy bergan payt hikoya qilinadi.

 

 

4. Matritsa

 

Matritsa – bu programma. Filmda reallikdan alohida, xuddi katakda bo‘rdoqiga boqilayotgan jo‘jalar kabi odamlar asralishi va bundan qutulish uchun isyon qilinishi haqida gap boradi.

 

Matritsa o‘ziga xos falsafiy filmlardan biri sanaladi. Masalan, Morfius, Neo, qizil va ko‘k dori, reallik va matritsa ichidagi hayot, programmalarning o‘zini takomillashtirishi – bularning bari hozirgacha mavjud bo‘lgan falsafaning ramzlarga o‘tib evrilib borishidir.

 

 

5. Men afsonaman

 

Sayyoraga tarqagan allaqanday kasallikdan so‘ng bittagina harbiy shifokor tirik qoladi. U kunduz kunlari iti bilan kimsasiz shaharni kezib tirik jon izlaydi, tunda esa kasallangan odamlar – zombilar bilan jang qiladi.

 

 

6. Oblivion

 

O‘zga sayyoraliklar hujumidan so‘ng yer yashashga yaroqsiz holga kelib qoladi. Biroq odamlar undagi har bir o‘zgarishni kuzatib boradilar va holatning yaxshilanishidan umid qiladilar. Kuzatuvchi mexaniklardan biri halokatga uchragan kemani ko‘rib qolganidan so‘ng bu haqdagi fikri o‘zgaradi, chunki yer o‘zga sayyoraliklar tomonidan qo‘lga olingan edi.

 

 

7. Vaqt mashinasi

 

Bir olimning o‘z muhabbatini qutqarish uchun vaqt mashinasi yaratgani va ko‘p bor qizni qutqarishga intilgani haqida. Bu yerda urg‘u berish mumkin bo‘lgan bir narsa bor – film taqdirdan qochib qutulishning iloji yo‘q degan fikrni oldingizga qo‘yadi.

 

Olim esa o‘tmishga qaytaverishni bas qilib, uzoq kelajakka o‘tib ketadi va u yerda odamzodning ikki turga bo‘linib ketgani guvohi bo‘ladi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi

Adabiyot

12:12 / 03.12.2024 0 303
Buyuklarning “maydalik”lari





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

San’at

16:08 / 28.08.2021 8 22622
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi

//