“Men harbiy odam emas, jadidman” – taraqqiyparvar Abdullabek Musabekov


Saqlash
17:05 / 26.05.2023 1124 0

Abdullabek Musabekov Chotqolning Sumsar qishlog‘ida dunyoga kelgan. Uning otasi Musabek qirg‘iz chorvador boylaridan bo‘lib, mingboshi lavozimida faoliyat ko‘rsatgan. Abdullabek 15 yoshgacha qishloqda yashab, mahalliy maktabda savod chiqaradi. Shundan so‘ng Qo‘qon shahriga kelib, Mullo Qosim qozidan ilm oladi. 19 yoshida Qo‘qondagi Hoji Qobul Eshon madrasasiga kiradi va 5 yil davomida madrasa tahsilini oladi. Abdullabek Musabekov 1912-1913-yillar Namangan shahridagi jadid maktabida dars berib, yuzlab iqtidorli o‘quvchilarni yetishtiradi.

 

Qo‘qonda Obidjon Mahmudovning “Sadoi Farg‘ona” gazetasi sahifalarida oliy ta’lim muammolari, ayniqsa, madrasa ta’limini isloh etish bilan bog‘liq munozaralarga keng o‘rin ajratilgan. Gazetaning ilk sonida e’lon qilingan maqolada ham madrasalarda ta’lim uslubining eskirgani, ularda o‘qitish, ijtimoiy turmush va milliy manfaatlardan uzoq ekanligi, talabalarning dunyoviy bilimlarni olishda orqada qolayotganligi yozilgan edi (Islohni nimadan boshlarg‘a // “Sadoi Farg‘ona”. 1914-yil 4-aprel. № 1.). “Sadoi Farg‘ona”ning 3-sonida mulla Abdullabek Musobek hoji o‘g‘lining “Isloh ul-isloh” maqolasi ham shu mavzuga bag‘ishlangan. Unda Sh.Muxtorovni tanqid etib, mavjud madrasalarni tanqid qilish deb, ularni yoppasiga yerga uraverish kerak emas, negaki, hozircha ushbu madrasalarimizdan boshqa oliy tahsil oladigan muassasalarimiz yo‘q, deydi. Buning ustiga, alloma darajasiga ko‘tarilgan buyuk ajdodlarimizning aksari madrasalardan chiqqan. Faqat qadimda mudarrislar to‘y, ziyofat, ta’ziya va hakozo deb darsni tashlab ketmaganlar. Muallif maqolasida talabalarning ko‘p vaqtini bekor o‘tkazishiga e’tibor qaratadi. Agar vijdon bilan yondashilsa, hozirgi madrasa ta’limi dasturidagi barcha fanlarni o‘zlashtirish mumkin (Isloh ul-isloh // “Sadoi Farg‘ona”. 1914-yil 10-aprel.), deydi.

 

Gazetaning 7-sonida Sh.Muxtorovning “Mo fi isloh ul-isloh” maqolasi yuqoridagi A.Musobekovning fikrlariga javob shaklida yozilgan bo‘lib, muallif “ulumi qadima”ni inkor etmasligini, faqat talabalarga dunyoviy ilmlar bo‘yicha asl manbalarni emas, hoshiyalarni o‘qitishga, eng mo‘tabar va kerakli kitoblar o‘rniga “Rivoyati mutanoqaza”, “Jome’ ar-rumuz” kabilarni o‘qitishga qarshiman, deydi. Darhaqiqat, keng muhokama etilgan bu munozaralar jamoatchilikda ijtimoiy fikrning uyg‘onishiga, ziyolilarimiz, xususan ulamolarimizning o‘z faoliyatlariga bir oz bo‘lsa-da, tanqidiy yondashishlariga sabab bo‘lgan edi. Abdullabek Musabekov 1916-yil “Talabalar jamiyati” nomli tashkilot tuzilishida ham faollik ko‘rsatib, jamiyat ko‘plab yoshlarni xorij va Markaziy Rossiya shaharlarida joylashgan oliy o‘quv yurtlariga o‘qishga yuborishga intiladi. Ayni paytda o‘qituvchilik faoliyatini ham davom ettirdi hamda Qo‘qonda chop etilgan A.Zohiriyning “Yurt” jurnalida qator maqolalari bilan ishtirok etdi.

 

Abdullabek Musabekov taraqqiyparvar ulamo sifatida “Sho‘roi Islom” jamiyatiga kirdi. “Turk adam Markaziyat” partiyasining ta’sis qurultoyida qatnashdi. Turkiston Muxtoriyati hukumatiga rasman a’zo bo‘lmasa-da, uning tadbirlarida faol ishtirok etdi. Aholini Muxtoriyat hukumatini qo‘llab-quvvatlashga chaqirdi. 1918-yil boshida Moskvadan Toshkentda Orif Klebleyev kelib, Turkiston Respublikasi Millatlar ishlari qo‘mitasi komissari bo‘ldi. Abdullabek Musabekov Maorif syezdida ishtirok etib, nima uchun qurultoyda mavjud 200 delegatning bor yo‘g‘i 4-5 nafarigina mahalliy millatlar vakillari, deb e’tiroz bildiradi. Natijada u qurultoydan so‘ng Qo‘qonga partiya tashkilotchisi etib yuboriladi. Lekin, Abdullabek Musabekov kompartiyaga kirishdan bosh tortadi va partiyaga a’zolarni ko‘paytirish ishiga aralashmaydi. Asosan xalq maorifini rivojlantirish, maktablar sonini oshirish, muallimlar kurslarini ko‘paytirish yo‘lida mehnat qiladi.

 

 

Abdullabek Musabekov 1919-yil Qo‘qonda N.To‘raqulov mas’ul muharrir bo‘lgan “Xalq gazetasi”da tahrir hay’ati a’zosi bo‘ldi. 1919-1920-yillar Qosim Sorokin mas’ul muharrir bo‘lgan “Mehnat bayrog‘i” gazetasida muxbirlik qiladi. Uning o‘lkadagi iqtisodiy, siyosiy va ijtimoiy hayotning dolzarb muammolariga bag‘ishlangan ko‘plab maqola va xabarlari tegishli davr tarixini o‘rganishda muhim manba hisoblanadi. Abdullabek Musabekov 1921-yil so‘ngida Qo‘qon shahriga xalq sudiga sudyalikka saylanadi. Ayni damda yaqin do‘sti taniqli eshonlar avlodi, Turkiyada o‘qib kelgan Abduqodir Qayumiy bilan Namangan madrasalarida mudarrislik qildi. Abduqodir Qayumiy undan avval ko‘p yillar Makkada yashab, ilm hosil qilgani uchun “arabiy olim” deb nom olgan edi. Bolsheviklar hokimiyati mustahkamlanib borishi jarayonida Abduqodir bir muddat sovet maktablarida o‘qituvchilik qildi. Biroq, keyinchalik uylarini sotib, Samarqand, Termiz orqali hijratga chiqib ketishga majbur bo‘ladi.

 

Abdullabek 1922-1923-yillar Namanganning Koson tumanida xalq sudida ishlaydi va “Farg‘ona” gazetasi muxbiri sifatida ham turli muhim masalalarda o‘z maqolalari bilan ishtirok etadi (“Farg‘ona” № 68. 1923-yil 15-aprel // Abdullabek (Namangan). Islohi madoris ham vaqf; “Farg‘ona” № 74. 1923-yil 13-may // Namangan mahkamai sha’riyasi muovini Abdullabek. Xitobnoma.).

 

1925-yil milliy chegaralanish vaqtida Zarkent xalq sudida ishlab yurgan Abdullabek Musabekov Qirg‘izistonga mehmonga borgani uchun ayblanib ishdan olinadi. U shundan so‘ng 8 oy mobaynida ishsiz qoladi. Biroq, o‘zining el orasidagi obro‘si, ilm-ma’rifati tufayli yana O‘zbekiston tumaniga xalq sudyaligiga saylanadi. 1927-yil aprelgacha shu lavozimda ishlagach, yana ishdan olinadi. Abdullabek Musabekov 1929-yil aprelgacha faqat dehqonchilik bilan shug‘ullanadi. 1929-yil aprel oyida Qo‘qonda okrug yer o‘lchovchilikda amaliyotchi bo‘lib ish boshlagan Abdullabek Musabekov bosmachilar bilan aloqador degan ayblov bilan qamoqqa olinadi...

 

Abdullabek Musabekov 1929-yil 19-dekabr kuni so‘roqda o‘zining qurolli qarshilik harakatida ishtirok etganligini rad etib, “Men harbiy odam emas, jadidman. Butun umr jadid bo‘lib, faqat yoshlarga ilm-ma’rifatni yoyganman. Qolaversa, dunyoning oltidan biriga egalik qilib turgan mamlakatga qarshi bir guruh tayoq ko‘targan insonlarning teng bo‘lishiga ishonadigan darajada jinni ham emasman. To‘g‘ri, ukam Beyki bir vaqtlar Yoqubbek qo‘rboshida yigit bo‘lib kirgan edi. Bunga qizil askarlar tomonidan uning oilasiga jabr yetkazilganligi sabab bo‘lgan edi. Keyin men shaxsan aralashib, ularning qurollarini tashlashiga ko‘ndirganman. Mening bosmachilik harakatidagi faol ishtirokim, bu men uchun ayni bo‘htondir”, deydi.

 

1929-yil 20-dekabr kuni so‘roqda esa o‘zining ulamo bo‘lgani holda sho‘ro hukumatiga qarshi aksilinqilobiy kurash olib bormaganini ta’kidlaydi va “Men kosonlik Davron ismli qashshoq kishining qiziga uylanib, qayinlarimni sho‘ro maktablarida o‘qitdim. Jumladan, xotinimning ukasi Jo‘ra Davronovni avval SAGUning ishchi fakultetida o‘qitdim. Hozirda Sharqshunoslik fakultetida o‘qiydi. Uning ukasi Abdurahim Davronov va singlisi Rahima Davronovalar Samarqandda texnikumda o‘qiydi. Otamirza esa Moskvada ishchi fakultetda o‘qiydi. Hammalari komsomol a’zolari, birortasiga qarshilik qilgan emasman”, deydi. O‘zining qamoqqa olinishi haqida so‘zlab, “...1928-yil yozida Koson tumaniga O‘zSSR MIK a’zosi Abdurazzoq Hakimboyev va To‘xtamurod ismli kishilar kelgan edi. Ko‘p o‘tmay ularni sho‘ro hukumatining “Hujum” kampaniyasiga qarshi chiqqan deb qamoqqa olishganini eshitdim. Meni ham aslida o‘sha ish bilan bog‘lab, kamiga bosmachilik harakatini qo‘llab-quvvatlagan degan soxta ayblovlar bilan qamoqqa olishgandi. “Milliy ittihod” tashkiloti masalasi mana endi ko‘tarildi va men bu tashkilot haqida mutlaqo ma’lumotga ega emasman”, deydi. Biroq, tergovchilar uchun haqiqat emas, Abdullabek Musabekovga “Milliy ittihod”ning Namangan sho‘basi a’zosi degan ayblovni tan oldirish muhimroq edi. Shu tufayli faqat uning ittihodchi ekanligini isbotlovchi dalillarga urg‘u beradilar.

 

Abdullabek Musabekov o‘zining hech qachon “Milliy ittihod” a’zosi bo‘lmaganligini isbotlashga intilar ekan so‘roq davomida quyidagilarni hikoya qiladi: “1929-yil yanvar oyida Namanganga Toshkentdan To‘lagan oxund ismli kishi keldi. U kishini mening oldimga Abdu Samig‘ sahhof olib keldi. To‘lagan oxundning sizga bir gapi bor ekan deb, uni men bilan hujrada qoldirib ketdi. To‘lagan oxund gapni sovet hukumatining 3 oylik umri qolganligidan boshladi. Men bu qanday gap, dedim. U bo‘lsa qandaydir yashirin tashkilot borligi va uning asosiy a’zolari va armiyasi sobiq oqlar, rus chinovniklaridan iborat ekanligi, shuningdek, tashkilotni Angliya kabi qudratli chet el mamlakatlarining qo‘llayotganligini gapirdi.

 

Xo‘sh, men nima qilay, dedim. To‘lagan oxund ular avvaliga hokimiyatni oqlarga berar ekan. Hukumatdagi mas’ul ishlarda ham bizning tashkilot a’zolari yetarli. Biz zudlik bilan mahalliy kuchlarni yashirin uyushtirib, hokimiyatni zudlik bilan qo‘lga olishimiz mumkin, deydi. Men sen ahmoq odammisan, shu gaplarni menga aytayapsanmi? deb so‘kib chiqarib yubordim. Shundan so‘ng uning qorasi o‘chdi. Oradan to‘rt oylar o‘tganida Abdu Samig‘ sahhofga “Ha, maxfiy tashkilotlaring yo‘q bo‘lib qoldimi” dedim. U bir tuturiqli gap ayta olmadi”, deydi. Abdullabek Musabekov shu tariqa o‘zining “Milliy ittihod” tashkilotiga hech qanday aloqasi yo‘q ekanligini ta’kidlaydi. Biroq, tergovchilar o‘zlarining iddaolarini asoslash maqsadida maxsus chaquvlar uyushtiradi. Ularda A.Musabekov go‘yoki 1929-yil 21-dekabr sanasi bilan To‘lagan oxundga xat chiqarib, unda men Qur’oni karim bilan qasam ichganman, shuning uchun sizni sotmadim, aks holda yanayam ko‘pchilik jabr chekib ketadi, degan. Shundan keyin To‘lagan oxund ham “Bo‘pti, men ham bo‘lmasa boshqa kirdikorlarimizni aytmayman” deb javob xati yo‘llagan emish. Aslida bu fitnalarning hammasi sho‘ro tergovchilarining ixtirolari edi. Uzoq davom etgan tergovlardan 1931-yil 25-aprel kuni Abdulla Musobekov oliy jazoga hukm qilindi va hukm Moskva shahrida ijro etildi.

 

Abdullabekning 1917-yil 18-avgust “Yurt” jurnalining 2-sonida bosilgan “Mashohiri Turkiston tarjimai hollari. Marg‘inoniy (sohibi hidoya) maqolasidan:

 

Tarbiya olimlarining bayonlariga va ham tajribasining dalolatiga qaraganda ulug‘ va mashhur odamlarning tarjimai hollari bilan oshno bo‘lgan zotlarning axloqlari tuzalur, dillari poklanur. Har narsaga ibrat ko‘zi bilan qarab, har harakatda jiddiy bo‘lurlar. Buning tub sababi shul tarjimai hollari zikr qilinmish odamlarning odat va siyratlaridan oling‘on darsning xosiyatidur. Ulug‘larning tarjimai hollarini bir marotaba o‘qub chiqqan kishi beixtiyor o‘z xulqini tahsin etar, tuzatur. Keyingi zamonlarda tarbiya olimlari xayoliy va faraziy bo‘lsa-da, bir tarjimai hol ravishida kitoblar tartib etib o‘qig‘uvchi shogirdlarning axloqini tuzatmoq, dillarinda oliyjanobliq hosil etdirmak fikrinda bo‘lmishlar. Shul mulohazalarni dilg‘a olub biz ham Turkistonda zuhr etgan, shuhrat topqon ulug‘ odamlarning tarjimai hollarini bilg‘onimiz qadar yozib turmoqni lozim ko‘rdik. Bilmaganlarimizni bilganlar yozsalar, barchasi qo‘shilub bizdan so‘nggi shogirdlarga yodgor, ham oson bo‘lur umidida bo‘ldiq va billahil tavfiq.

 

Mamlakatimizda fiqh bobinda eng mashhur kitob Hidoyadurki bu muborak kitob har hujrada topilur desak, shoyad mubolog‘a bo‘lmas. Marg‘inoniy hazratlarini biz shul kitob orqalig‘ina toniymiz. Yo‘qsa, Turkistonda tarix kitoblaridan uzoq qolg‘on. Bir yerda bunday odamning tarjimai holimas, ismini bilmak-da mahol darajasida edi. Xalqimiz orasinda ba’zi munoqiblar ismi shariflari yo‘qolmay yurmog‘i uchun bu asarning xosiyatidur. Kishidan nechuk bo‘lsa-da, bir asar qolsa, sohibining nomi xalq og‘zidan yo‘qolmasiga vaqti kelganida duo va fotiha qilmoqqa va ham ibrat olmoqg‘a zo‘r sabab bo‘lmog‘ida shubha yo‘q. Marg‘inoniy hazratlarining “Hidoya”dan boshqa tasnifoti ko‘p bo‘lib, bizga ismi ma’lum bo‘lganlari bunlardur: “Bidoyat ul mubtada’”, “Kifoyat ul muntahi”, “Kitob ul muntahi”, “Nashr al mazhab”, “Tajnis”, “Manosik al Haj”, “Al mazid”, “Muxtorot ul navozil”, “Kitob ul faroiz”.

 

Turkiston va Farg‘onamizdan yetishgan bu ulug‘ allomamizning “Hidoya”dan boshqa kitobin hanuz ko‘ra olganimiz yo‘q. Faqat Hindustoni Asomiyning kitoblarida ba’zi birlarining ismi ko‘rinib qoladur. Bizning uchun bu hol taassuf... Sohibi Hidoya hazratning ismi va oilasi Ali bin Abubakr, bin Abduljalil bo‘lib laqabi Burhonuddindir. Farg‘onaning Marg‘inon shahridan bo‘lg‘oni uchun al Marg‘inoniy al Farg‘oniy demak bilan ma’rufdur.

 

Mashhur Chingizning xurujida Buxoroda tadris bilan mashg‘ul ekanlar. Buxoroliklar tarafindan ushbu jahongir Chingiz bilan bir daraja aqd sulh bo‘lsa ham buxoroliklar yana xilofi ahd harakat etganlari uchun Chingiz Buxoro shahrini tamom kuydirib, aholisini qatli om etganida Sohibi Hidoya ham buxoroliklar birla talf bo‘lmishki, bu voqeaning jarayoni 616-sana hijriyda edi (r.a.). Ushbu rivoyatga nazaran sohibi Hidoya turbasining Samarqandda bo‘lmog‘i g‘alatdir.

 

Samarqandda istiqomat qilganimizda odamlarning so‘ziga ergashib maqbarani daf’alarcha Hidoya sohibi deb ziyorat etub edik. Bu e’tiqodimiz xatog‘a o‘xshoydur. Buxoroda o‘lgan bir mayitni Samarqandga 750 chaqirimga qadar masofag‘a yuklab yurmoq ehtimoli yo‘q...

 

Bahrom IRZOYEV,

tarix fanlari bo‘yicha falsafa doktori

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Adabiyot

18:04 / 05.04.2024 0 19271
Yaponiya sotuvga qo‘yiladi

San’at

11:08 / 28.08.2021 8 16334
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi