Adabiyot
Yangi Oʻzbekiston nafasi, soʻnggi yillarda mamlakatimizda kechayotgan tub yangilanishlar, izchil va faol tashqi siyosat, nafaqat Markaziy Osiyo, balki dunyodagi koʻplab davlatlar bilan yaqin qoʻshnichilik va doʻstona hamkorlik muhiti tobora mustahkamlanib borayotgani yurtimizning xalqaro nufuzini yanada oshirmoqda. Eng muhimi, Oʻzbekiston oʻzining mustaqilligi va suvereniteti, xavfsizligi va barqaror ijtimoiy-iqtisodiy, madaniy taraqqiyoti hamda barcha fuqarolarining farovonligi ishonchli tarzda taʼminlanishiga qaratilgan siyosat yuritmoqda. Bu siyosatning tub mohiyatini tinchlik va hamkorlikda yashash madaniyati tashkil etadi.
“Tinchlik va yaxshilik yoʻlida hamkorlik qilingiz”
Ajdodlarimizdan meros koʻhna va boqiy hikmatlarda “Urush va yomonlik yoʻlida emas, tinchlik va yaxshilik yoʻlida hamkorlik qilingiz”, deyiladi. Dunyo siyosati va iqtisodiyoti eng muhim rollardan birini oʻynayotgan Xitoy bilan Oʻzbekiston oʻrtasida yaqin qoʻshnichilik, doʻstlik va har tomonlama strategik sheriklik munosabatlari izchil mustahkamlanmoqda. Bugungi kunda ikki davlat oʻrtasidagi oʻzaro manfaatli hamkorlikning huquqiy bazasini “Doʻstlik, hamkorlik va sheriklik munosabatlari toʻgʻrisida”gi shartnoma, “Strategik sheriklik oʻrnatish toʻgʻrisida”gi qoʻshma deklaratsiya, “Ikki tomonlama strategik hamkorlikni yanada chuqurlashtirish va rivojlantirish haqida»gi qoʻshma deklaratsiya va boshqalar tashkil qilmoqda.
Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Xitoyning Sian shahrida Markaziy Osiyo–Xitoy birinchi sammitidagi ishtiroki Markaziy Osiyo va Xitoy oʻrtasidagi oʻzaro manfaatli hamkorlikni yanada kengaytirishga oid hamda xalqaro va mintaqaviy ahamiyatga molik dolzarb masalalarni muhokama qilishga puxta zamin boʻlib xizmat qildi. Sammitda Prezidentimiz keyingi yillarda mamlakatlarimiz oʻrtasidagi hamkorlikda misli koʻrilmagan darajaga erishilganini alohida taʼkidladi. Negaki, oʻtgan vaqt davomida oʻzaro tovar ayirboshlash ikki karra oshib, 9 milliard dollarni tashkil etdi. Oʻzbekistonda oʻzlashtirilgan Xitoy investitsiyalari hajmi ilk bor 11 milliard dollarga yaqinlashdi. Aholi turmush darajasini oshirish va kambagʻallikka qarshi samarali kurashishga ustuvor ahamiyat berayotgan mamlakatimizda Xitoyning ilgʻor tajribasidan faol foydalangan holda faqatgina soʻnggi bir yilda bir milliondan ortiq fuqaromizni ehtiyojmandlar toifasidan chiqarishga erishildi.
Bu boradagi hamkorlik yildan-yilga kengayib bormoqda. Bugun yurtimizda Xitoy sarmoyasi ishtirokida 1,7 mingdan ortiq korxona muvaffaqiyatli faoliyat yuritmoqda. Energetika, neft-gaz, kimyo, togʻ-kon, toʻqimachilik va boshqa tarmoqlarda qator yirik qoʻshma loyihalar amalga oshirilmoqda. Sammit doirasidagi tadbirlarda Shavkat Mirziyoyev ramziy tugmani bosib, jami 3,3 milliard dollarlik 15 ta loyihani – avtomobil va elektromobillar, qurilish materiallari, metalldan keng turdagi mahsulotlar, tibbiy buyumlar ishlab chiqarish quvvatlarini ishga tushirdi va yangi korxonalar qurilishiga start berdi.
Davlatimiz rahbarining bu anjumandagi nutqi, unda koʻtarilgan dolzarb masalalar jahon hamjamiyatining eʼtiborini tortdi. Ayniqsa, davlatlarimiz oʻrtasida hamkorlikni yanada rivojlantirishda madaniy aloqalarni yanada kengaytirishga katta eʼtibor qaratgani muhim ahamiyatga ega boʻldi. 2022-yilda Prezident Shavkat Mirziyoyev Markaziy Osiyo va Xitoy davlat rahbarlarining videoanjuman shaklidagi uchrashuvida 2023-yilni “Markaziy Osiyo va Xitoy xalqlari madaniyati va sanʼati yili” deb eʼlon qilishni taklif etgan edi. Sammit doirasidagi madaniy tadbirlar bilan “Markaziy Osiyo va Xitoy xalqlari madaniyati va sanʼati yili”ga start berilgani bu taklifning oʻzaro hamkorlik va doʻstlikni mustahkamlashdagi oʻrni va roli qanchalar ahamiyatli ekanining yorqin tasdigʻi boʻldi. Ayniqsa, davlatimiz rahbarining aeroportda buyuk davlat, tarix va madaniyat yaratgan elning eʼtiborli yoʻlboshchisi sifatida yuksak hurmat koʻrsatilgan holda kutib olinishi yangi Oʻzbekistonning jahon va mintaqadagi obroʻ-eʼtibori, nufuzi tobora ortib borayotganining yana bir eʼtirofi boʻldi.
Asrlar sinovidan oʻtgan hamkorlik
“Olam ahli bilingizkim ish emas dushmanligʻ, Yor oʻlung bir-biringizgakim erur yorligʻ ish”. Butun dunyoda nafaqat buyuk mutafakkir, balki dunyodagi barcha millatlarga birday yaxshilik sogʻinib, ularni yelkadosh yashash saodatiga daʼvat qilib kelgan, ana shu maʼnoda eng gumanist shoir sifatida eʼtirof etiladigan Alisher Navoiyning yuqoridagi baytlari ham nafaqat turkiy qavmlar, balki butun dunyoga ahliga qaratilgandir. Xitoy va Markaziy Osiyo xalqlari oʻrtasida iqtisodiy-madaniy hamkorlik ming-ming yillarga borib taqaladi. Avvalo, qayd etishimiz kerakki, har bir davlat taraqqiyotida nafaqat siyosiy, iqtisodiy, balki madaniy aloqalar muhim ahamiyat kasb etadi. Azaldan Markaziy Osiyo va Xitoyni Buyuk ipak yoʻli birlashtirib kelgan. Turon va Chin oʻrtasidagi doʻstlik aloqalari barcha zamonu davrlarda ham qizgʻin kechgan. Qadimgi manbalarda Markaziy Osiyodan Xitoyga argʻumoq otlar, sovut va beda urugʻi, uzum, 200 dan ortiq turdagi dorivor giyohlar, shisha va togʻ billuridan yasalgan buyumlar, mis va kumushdan yasalgan taqinchoqlar olib borilgan ekan. Oʻz navbatida, Xitoydan shoyi gazlamalar, chinni buyumlar olib kelingan.
Sanʼatshunoslarning taʼkidlashicha, Xitoy musiqa va raqs madaniyatiga gʻijjak, chang, nay singari musiqa asboblarining kirib borishiga Markaziy Osiyo musiqa sanʼati katta taʼsir koʻrsatgan. Buxoro, Samarqand va Choch raqqosalari va musiqachilari VII-VIII asrlarda Xitoyda juda mashhur boʻlib, hatto oʻsha davr Xitoy musiqasida ajdodlarimiz musiqa sanʼati yoʻnalishlari ustuvorlik darajasiga koʻtarilgan. Tarixchi olimlar tadqiqotlariga koʻra, Amir Temur saltanati va Min sulolasi oʻrtasida bir necha marta elchilar almashinuvi boʻlgan. Diplomatik va savdo aloqalari rivojlantirilgan. Mazkur elchilar orqali Xitoy imperatoriga ot, tuya va boshqa noyob sovgʻa-salomlar yuborilgan boʻlsa, Xitoy imperatori Sohibqironga kumush pul, ipak matolar yuborgan. Bu aloqalar Amir Temur vafotidan keyin ham davom etgan. Nizomiddin Shomiyning Sohibqiron amri bilan bitilgan “Zafarnoma” kitobida aytilishicha, saroyda Amir Temur ishtirok etgan oliy darajadagi tadbirlar, ziyofatlar, toʻy va boshqa tantanali marosimlarda turli davlatlarning musiqachilari ham sanʼatlarini namoyish etgan. “Olamning turli tarafidan yigʻilgan tillari va kiyimlari bir-birlaridan farqli har qaysi mamlakat sozandalari, har bir iqlimning sanʼat axllariyu hunar sohiblari guruh-guruh boʻlishib, har diyorning oʻzida rasm va odat qilingan zeb-ziynat buyumlari, taqinchoqlari, kiyim-kechak va matolari bilan yasanib, oʻzlariga oro berdilar. Xushnagʻma sozandalar va xushovoz xonandalar fors tariqasida, ajam tartibida, arab qoidasida, turk yoʻsinida, moʻgʻul ayolgʻusida, xitoy rusumida, oltoy uslubida soz chalmoq, ashula aytmoq va ohang bogʻlamoq ila mashgʻul edilar”.
Manbalarning guvohlik berishicha, Jamoliddin Buxoriy, Muhammad Buxoriy, xorazmlik Ahmad Fanakatiy va boshqalar matematika va astronomiya sohasidagi bilim va amaliy ishlari bilan Xitoyda mashhur boʻlgan. Shuningdek, XIII–XIV asrlarda tabobat ilmida peshqadam boʻlgan bir qancha ajdodlarimiz Xitoyda faoliyat koʻrsatib, ular yordamida Ibn Sinoning “Tib qonunlari” xitoy tiliga tarjima qilinadi hamda xitoy tabobati durdonasi hisoblangan “Xueyxuey yaofan” (“Musulmon dorivorlari”) hamda “Bensao ganmu” (“Giyoh dorivorlar qonuni”) asarlari yaratilishiga taʼsir koʻrsatadi. Bu hamkorlikning eng muhimi jihatlaridan yana biri shundaki, Markaziy Osiyo Xitoyning Janubi-gʻarbiy Osiyo va Yevropa mamlakatlari bilan savdo aloqalarida muhim oʻrin tutadi. Aynan markaziy osiyolik savdogarlar Xitoy mahsulotlarini Gʻarbga yetkazib berishda asosiy rol oʻynaydi. XVI–XVII asrlarda Xitoy poytaxti Pekinda buxorolik savdogarlarning maxsus savdo rastalari boʻlgani, Sibir va Rossiyaning ichki shaharlariga Xitoyda ishlab chiqarilgan mahsulotlarni yetkazib berishda buxorolik savdogarlarning asosiy oʻrin tutgani Markaziy Osiyo va Xitoy aloqalari uzluksiz va samarali davom etganidan dalolat beradi. Asrlar sinovidan oʻtgan hamkorlik aloqalari toʻgʻrisida bu kabi juda koʻplab dalillar keltirish mumkin.
Markaziy Osiyo va Xitoy xalqlari madaniyati va sanʼati yili
Tarixiy dalillarning oʻzi Markaziy Osiyo davlatlarining asrlar davomida Xitoy bilan aloqalari qanchalar mustahkam rivojlanib kelganini koʻrsatmoqda. Bu aloqalar, oʻz navbatida, barcha tomonlarning rivojida muhim ahamiyat kasb etgan. Xalqaro munosabatlarda ziddiyatlar va noaniqliklar kuchayib borayotgan bugungi sharoitda Markaziy Osiyo mamlakatlari va Xitoy bir-birini qoʻllab-quvvatlamoqda. Xitoyning Sian shahrida Markaziy Osiyo – Xitoy birinchi sammitida davlatimiz rahbari ilgari surgan tashabbuslar muhim ahamiyatga ega boʻldi. Avvalo, aytib oʻtilganidek, 2023-yil “Markaziy Osiyo va Xitoy xalqlari madaniyati va sanʼati yili” deb eʼlon qilindi. Sammitning qadimiy Sian shahrida boʻlib oʻtishi ham bejiz emas. Tarixda yirik ilmiy, madaniy va iqtisodiy markaz boʻlgan Sian shahri koʻp asrlar davomida butun Yevroosiyo qitʼasida sivilizatsion rivojlanish, oʻzaro bogʻliqlik va taraqqiyotga munosib hissa qoʻshgan Buyuk ipak yoʻliga tamal toshi qoʻyilgan qutlugʻ maskan hisoblanadi. Tarixchilarning aytishicha, Sian shahridan boshlangan Buyuk ipak yoʻli Samarqand shahrida yuksak maqomga koʻtarilgan. Ana shu maʼnoda Samarqandning “Buyuk ipak yoʻlining yuragi”, deb atalishi bejiz emas.
Davlatimiz rahbari aytganidek, bugun Markaziy Osiyo butunlay yangi – jipslashgan va kuchli, muloqot va keng koʻlamdagi sheriklik uchun ochiq mintaqaga aylanmoqda. Oʻtgan yili mintaqa mamlakatlari va Xitoy oʻrtasida diplomatik munosabatlarning oʻttiz yilligi nishonlandi. Hamkorlik ishonch, hurmat va bir-birining manfaatlarini hisobga olgan holda rivojlanmoqda. Shu maʼnoda, sammitda davlatimiz rahbarining Markaziy Osiyo va Xitoy mamlakatlari yetakchi “aql markazlari”ning birgalikdagi faoliyatini yoʻlga qoʻyish, tahlil institutlari, olim va mutaxassislar, strategik yondashuvlar, kompleks tavsiya va qarorlar, mintaqaviy va global miqyosda tub burilish yasaydigan loyihalarni ishlab chiqish, Samarqandda milliy strategiyalarni uygʻunlashtirish masalalari boʻyicha birinchi xalqaro ekspertlar konferensiyasini oʻtkazish va munozara maydonini yaratish borasidagi takliflari qizgʻin kutib olindi.
Taʼkidlanganidek, mamlakatlarimiz va xalqlarimiz milliy madaniyatlarni oʻzaro boyitib borish uchun katta sivilizatsion salohiyat va ulkan imkoniyatlarga egadir. Davlatimiz rahbari sammitda ezgu anʼanaga aylanib qolgan gumanitar almashuvlar, turli koʻrgazmalar, konsert va gastrollar, qoʻshma sport tadbirlarni yoshlarimizni keng jalb etgan holda doimiy oʻtkazib borishga alohida eʼtibor qaratdi. Shu maʼnoda, mamlakatlarimiz yosh isteʼdodlari forumi, Markaziy Osiyo davlatlari va Xitoy oʻrtasida akademik va talabalar almashinuvi dasturlari, yoshlar forumlari va sport musobaqalarini oʻtkazish yoʻlga qoʻyiladi. Xitoy va Markaziy Osiyoning tarixiy aloqalarida madaniyatlararo muloqot alohida oʻrin tutadi. Birgina Alisher Navoiyning “Farhod va Shirin” dostoni qahramoni Farhod Chin shahzodasi sifatida talqin qilinishi zamirida qadimdan ilm-fan-madaniyat va sanʼat markazi boʻlib kelgan Xitoy xalqiga nisbatan yuksak hurmatni koʻrishimiz mumkin.
Keyingi 5-6 yil davomidagi madaniy aloqalarimiz rivojiga qarar ekanmiz, Shanxayda oʻtgan “Shanxay bahori – 2016» forumi, Sian shahrida oʻtkazilgan “Buyuk ipak yoʻli” xalqaro koʻrgazmasi, Sinszyan sanʼat institutidagi Markaziy Osiyo besh mamlakati sanʼatini oʻrganish forumi kabi koʻplab anjumanlarda mamlakatimiz vakillarining faol ishtirok etganini koʻramiz. Bunga qoʻshimcha ravishda Xitoy milliy opera va raqs drama teatri ijodiy jamoasining “Milliy bahor kuni” munosabati bilan Alisher Navoiy nomidagi Oʻzbekiston davlat akademik katta teatrida konsert dasturini namoyish etishi, 2019-yil 25-dekabrda Pekin shahrida “Oʻzbekiston madaniyati kuni” muvaffaqiyatli oʻtkazilishi kabi oʻnlab tadbirlarni misol keltirish mumkin. Bugungi kunda Oʻzbekistondan minglab talaba-yoshlar Xitoy oliy taʼlim muassasalarida tahsil olishmoqda. Pekin, Shanxay, Lanchjou, Urumchi universitetlarida oʻzbek tili va adabiyoti fakultativlari ishlab turibdi. Toshkent davlat sharqshunoslik instituti, Oʻzbekiston davlat jahon tillari universiteti, Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti, Samarqand davlat chet tillar institutida va boshqa qator oliy oʻquv yurtlarida xitoy tili va adabiyoti, Xitoy tarixi va iqtisodiyoti hamda boshqa yoʻnalishlarda mutaxassislar tayyorlanmoqda.
Sammit jahon hamjamiyati nufuzli ommaviy axborot vositalari tomonidan kuzatib borildi. Ularda hamkorlikning yangi ufqlari, Oʻzbekiston Prezidentining tashabbuslariga alohida eʼtibor qaratildi. Jumladan, Su Yuxang, “Oman-China Investments” kompaniyasi ijrochi direktori (Oʻmon) bunday yozdi:
– Oʻzbekiston va Xitoy oʻrtasidagi tarixiy mushtaraklik koʻhna Buyuk ipak yoʻliga asos solinganidan buyon davom etib kelmoqda. Erishilgan kelishuvlarni hayotga izchil tatbiq qilish, turli darajadagi faol ishbilarmonlik aloqalari hozirda mutlaqo yangi bosqichga koʻtarilgan, Oʻzbekiston—Xitoy munosabatlari jadal rivojlanishida ijobiy natijalar bermoqda. Shu bois, hamkorlikning yangi formati — Markaziy Osiyo–Xitoy birinchi uchrashuvi mintaqadagi hamkorlikni har tomonlama mustahkamlashga qoʻshimcha turtki berishi shubhasiz.
Yenzo Padovan, Sen-Jermen siyosiy fanlar oliy maktabi tadqiqotchisi (Fransiya) bunday yozadi:
– Soʻnggi yillarda Oʻzbekiston-Xitoy munosabatlari oʻz rivojining yangi bosqichiga qadam qoʻydi. Xususan, mamlakatlar oʻrtasida tovar ayirboshlash darajasi ancha yuqori, iqtisodiy, madaniy va boshqa sohalardagi aloqalar tobora mustahkamlanmoqda. Oʻzbekiston-Xitoy hamkorligi uchun katta imkoniyatlar mavjud. Shu nuqtai nazardan, Markaziy Osiyo – Xitoy formati Oʻzbekiston va XXRning oʻzaro manfaatli strategik sheriklik aloqalarining davomi boʻlib, Oʻzbekistonning mintaqa mamlakatlari bilan oʻzaro munosabatlarini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.
Islom hamkorlik tashkiloti Xalqaro biznes markazi bosh ijrochi direktori (Malayziya) Muhammad Tolib bin Muhammad Raja Mohan taʼkidlaganidek, “Oʻzbekiston-Xitoy munosabatlarining bugungi holati yuqori darajadagi ishonch va bir-birini oʻzaro tushunish bilan ajralib turadi”. Sammitda Markaziy Osiyo va Xitoy oʻrtasidagi kelishuvlar, 2023-yilda “Markaziy Osiyo va Xitoy xalqlari madaniyati va sanʼati yili” doirasida boʻlib oʻtadigan tadbirlar, shubhasiz, Markaziy Osiyo va Xitoy xalqlari oʻrtasidagi tinchlik madaniyati asosidagi doʻstona hamkorlikni yangi bosqichga koʻtarishga xizmat qiladi.
Minhojiddin MIRZO,
Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat
markazi rahbari
Adabiyot
Adabiyot
Til
Adabiyot
Adabiyot
Jarayon
Til
Jarayon
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Tarix
Tarix
Din
San’at
//
Izoh yo‘q