Adabiyot
Ming mashaqqat bilan chop etgan kitobingiz sizdan beruxsat ko‘paytirib sotilsa, jahl otiga minasiz, albatta. Ko‘z nuri, yurak qo‘rini berib yozgan asaringizni birov o‘z nomidan e’lon qilsa-chi, fig‘oningiz falakka chiqishi aniq. Alhol, jamiyat g‘irrom kitobfurushlarning payini qirqib ulgurmay, mualliflik huquqi buzilishining boshqa bir turi – plagiat chuqur ildiz otmoqda.
Plagiat – fikr, g‘oya, ilmiy, badiiy, musiqiy asar, kashfiyot-u ixtironi o‘g‘irlamoq, xalqona aytganda, tayyor oshga bakovul bo‘lmoq, birovning tahoratiga namoz o‘qimoq degani.
Karl-Teodor su Guttenberg bundan o‘n yillar avval Germaniyadagi eng boobro‘ siyosatchilardan biri edi. Mudofaa vaziri lavozimida faoliyat yuritgan arbob tez fursatda kansler Angela Merkelning o‘rnini egallashi kutilayotgan edi. Ammo demokratiya qo‘riqchisi bo‘lmish jurnalistlar mudofaa vaziri huquqshunoslik bo‘yicha doktorlik dissertatsiyasida boshqa olimlar fikrini o‘g‘irlaganini fosh etdi. Ko‘p yillik “toat-ibodat” bir zumda yo‘qqa chiqdi, “istiqboli porloq” siyosatchi oshig‘ich ravishda iste’fo berdi. Olmon vaziri-ku iqtiboslar manbasi va mualliflarini to‘liq ko‘rsatmagani vajidan sharmisor bo‘ldi. Bizda esa butunboshli maqola, dissertatsiya, asarlar o‘zlashtirilmayaptimi?.. Xalqaro huquq me’yorlarida ham, milliy qonunlarimizda ham man etilganiga qaramay, nega ilm-u ijodga “o‘g‘ri mushukday tuynukdan tushadigan”lar safi tobora kengayib boryapti? Gapning dangaliga ko‘chsak, mualliflik huquqini to‘liq anglashimizga yana qancha qovun pishig‘i bor o‘zi? Mamlakat ravnaqida taqdirulamal ahamiyatga ega ushbu masalada oydinlarimizning fikr-mulohazalariga quloq tuting.
Boboqul TOSHEV,
San’atkor, ijodkor va ijrochilarning mualliflik huquqlarini himoya qilish palatasi boshqaruvi raisi, yuridik fanlar doktori, professor:
– So‘z avvalida muhokama etilayotgan mavzuga doir tushunchalarga huquqiy izoh bersam. Mualliflik huquqi fan, adabiyot va san’at asarlarini yaratish va undan foydalanishda yuzaga keladigan munosabatlarni tartibga soladi. Qonunchilikka ko‘ra mualliflik huquqi har qanday asarga nisbatan, uning maqsadi, qadr-qimmati, ifodalanish usulidan qat’i nazar, tatbiq etiladi. Shuningdek, u obyektiv shaklda bo‘lgan yozma (qo‘lyozma, mashinkalangan yozuv, notali yozuv), og‘zaki (omma oldida so‘zlangan, ijro etilgan), ovozli yoki videoyozuv (mexanik, magnitli, raqamli, optik), tasvir (rasm, eskiz, manzara, tarh, chizma, kino-, tele-, video- yoki fotokadr), hajmli-fazoviy (haykal, model, maket, inshoot) va boshqa shakllarda e’lon qilingan va e’lon qilinmagan asarlarga tatbiq etiladi. Bu huquqning yuzaga kelishi uchun asarni ro‘yxatdan o‘tkazish yoki boshqa rasmiyatchiliklar talab etilmaydi.
Hosila (tarjima, ishlanma asar, annotatsiya, referat, xulosa, sharh, inssenirovka, aranjirovka, fan, adabiyot va san’at asarlarining boshqa qayta ishlanmalari) va jamlama asarlar (ensiklopediya, antologiya, ma’lumotlar bazalari) ham mualliflik huquqi vositasida muhofaza qilinadi.
Ilmiy adabiyotlarda va axborot materiali tayyorlashda muallifning roziligisiz, haq to‘lamay, uning ism-sharifini, manbani ko‘rsatgan holda, asardan parcha olib ishlatish mumkin. Ammo reklama yoki daromad olish kabi tijoriy maqsadlarda bunga ruxsat etilmaydi.
Ilm-u ijod moddiy daromad, obro‘-e’tibor keltiradigan sohadir. Shuning uchun ham ayrim shaxslar yashirin daromad olish yoki jamoatchilik e’tiborini qozonish uchun o‘zgalarning asarlaridan noqonuniy ravishda foydalanishga urinadi.
Bugungi kunda plagiat asosan ilmiy ishlar, darslik, monografiya, qo‘llanma, maqola va boshqa asarlarni yaratishda uchramoqda. Gohida mualliflik huquqiga oid qonunchilikdan bexabarlik sabab xato sodir etiladi, gohida esa maqsadga erishishning oson yo‘li sifatida shu usulga murojaat qilinadi.
Xorijiy tildagi adabiyotlarni tarjima qilib, o‘zimniki deb chop etish plagiatning eng ko‘p uchrayotgan ko‘rinishidir. Ilmiy jamoatchilikning befarqligi ortidan bilimi sayoz tadqiqotchi-olimlar safi kengaymoqda. Vakolatli idoralarning plagiatga qarshi dasturlari, ilmiy ekspertizalar esa kutilgan natija bermayotir.
Ko‘p yillar oldin Samarqanddagi oliy ta’lim muassasasida dars bergan katta bir olimning shogirdi ustozining bir necha kitobini o‘z nomidan chop ettirgani aniqlandi. Ish sudda ko‘rilib, noqobil shogirdning g‘ayriqonuniy xatti-harakatiga huquqiy baho berildi. Olim bilan suhbatlashganimda, “Men kitoblarni ko‘p yillar davomida o‘tkazgan amaliy tajribalarim asosida yozganman, axir! Shogirdim qilmishi oqibatini his etsin, boshqalarga ham o‘rnak bo‘lsin deb masalani sud orqali hal etdik”, deya kuyunib gapirgan edi.
Kinoga mehr qo‘ygan bir tanishimiz (u kishi allaqachon olamdan o‘tgan) film ssenariysini yozib, poytaxtdagi taniqli mutaxassisga topshiradi va o‘zi viloyatga qaytib ketadi. Oradan yarim yilcha o‘tib, ssenariysini surishtirib kelsa, u asosda kinokartina suratga olinib bo‘lgan, ssenariy muallifi sifatida esa qo‘lyozmaga taqriz berishi lozim bo‘lgan boyagi mutaxassis ko‘rsatilgan ekan...
Ma’lumki, musiqiy asar shoir, bastakor va xonanda hamkorligida yaratiladi. Qonunchilikka ko‘ra, bunday asar yaratishdan avval mualliflar o‘rtasida shartnoma tuzilishi, uch tomon o‘zaro kelishib olishi kerak. Bugungi kunda aksar xonandalar o‘ziga ma’qul kelgan she’rni oladi-da, bastakorga murojaat qiladi. Qo‘shiq tayyor bo‘lgach, xonanda bastakor bilan og‘zaki kelishadi va go‘yoki o‘zini musiqiy asarning to‘liq egasi deb his qiladi. Ma’lum vaqtdan so‘ng she’ri ruxsatsiz qo‘shiq qilingan shoir xonandaga haqli da’vo bilan chiqadi.
Avval ijro etilgan kuy, qo‘shiq, musiqadan o‘zboshimchalik bilan foydalanish ham qonunga xilofdir. Ayniqsa, xorij musiqasiga o‘zbekcha so‘z qo‘yib kuylash odat tusiga kirib borayotir. Bu chet ellik huquq egalarining haqli e’tiroziga sabab bo‘lmoqda. O‘z davrida jahon miqyosida e’tirof etilgan kuy-qo‘shiqlar bugun ochiqdan-ochiq o‘g‘irlanib ijro etilayotgani va bunga jamoatchilik befarq ekani tashvishlanarli holdir.
Plagiat – o‘g‘rilikning kechirilmas turi. Chunki o‘zganing ilm va ijod mahsulini o‘g‘irlash uning qalbi, tafakkuri, orzularini o‘g‘irlash bilan barobardir. Jamiyat o‘z huquqini himoya qila olmayotgan muallifning mushkul ahvoliga tomoshabin bo‘lmoqdan uyalishi kerak.
Dilmurod QURONOV,
filologiya fanlari doktori, professor:
– O‘zbek ilm-fanida plagiat biz o‘ylagandan ko‘ra ham kengroq tarqalib ulgurdi. Bu illatning ommalashuvi o‘rta va oliy ta’limdagi islohotlar bilan bog‘liq. Maktabda va oliy ta’lim muassasasiga qabul imtihonida insho usuli bekor bo‘lgach, yozish malakasi ommaviy tarzda pasaydi. Oliy ta’limga reyting tizimi tatbiq etilgach, barcha fanlardan yakuniy nazorat tayanch iboralar asosidagi yozma ish tarzida o‘tkaziladigan bo‘ldi. Tasavvur qiling, ilgarigidek sessiya imtihonlari uchun maxsus vaqt ajratilmaydi-da, talaba semestr davomida o‘tilgan barcha fanlardan yakuniy nazorat ishi topshiradi. Hammaga talab bir xil – mutaxassislik fanidan tortib to jismoniy tarbiyagacha. Shuncha fandan yakuniy nazorat juda qisqa vaqt ichida o‘tkazilishi lozim. Talabada tayyorgarlikka vaqt yo‘q hisobi. O‘qituvchilar yaxshi eslasa kerak, o‘sha yillari kutubxonalardagi ko‘plab o‘quv adabiyotlarining varaqlari yirtib olingan... Keyinroq yangi texnologiyalar ommalashdi: osongina telefondan ko‘chiriladigan bo‘ldi. Tabiiyki, qisqa vaqt ichida yozilgan va uch kun ichida baholanishi talab etilgan yozma ishlarni tekshirish ko‘ngildagidek bo‘lmaydi. Deyarli hamma ishda bir boshdan ko‘chirish holatiga duch kelsangiz-chi!.. Haqiqiy bahoni qo‘ysangiz – “ishlamagan”ga chiqasiz, yangi tartibning nomaqbul jihatlarini aytsangiz – “taraqqiyot dushmani” atalasiz, xullas, noiloj ko‘nildi. Oqibatda esa ilmda plagiat odatiy holga aylandi.
Aslida, buning hech ajablanarli joyi yo‘q: hozir ko‘pchiligi bilim olishni testga tayyorlanishgina deb bilgan, qalam-ruchkadan ko‘ra klaviaturada tezroq yozadigan, savollarga sanoqli soniyalarda telefonidan mufassal javob topib beradigan avlod “ilm qilyapti”... Shulardan biri – doktorlik (DSc) yozayotgan olima tahririyatimizga kelib maqolasi taqdirini so‘radi. “Maqolangizning falon foizi ko‘chirilgan ekan, berib bo‘lmaydi” desam, “Kitoblardan oldim-da, hamma ham shunday qiladi-ku! Kitobdan foydalanmasam qanday yozaman?” deya taajjub izhor etdi. Hazilga yo‘yib xijolatdan chiqmoqchimi desam, yo‘q, jiddiy va samimiy gapiryapti. Ya’ni unda plagiat haqida tasavvurning o‘zi yo‘q, qilmishini maqbul-u manzur deb biladi... Negaki, talabalik davridan shunday qilib kelgan, unga birov tanbeh bermagan.
Ilmiy kengashlarni hozir shunday qarash-kayfiyat egallay boshladiki, plagiatga qarshi kurashishi lozim bo‘lganlar ham unga panja orasidan qarayotir. Yaqinda o‘tgan himoyalardan birida “Dissertant falon-falon sahifalarda rus tilidagi maqolani o‘zlashtirgan” deya aniq dalillar bilan e’tiroz bildirilsa, yangi doktorlardan biri “Dissertatsiya til nazariyasidan, bu yo‘nalishdagi ishlarda shunday bo‘lishi tabiiy” deya ko‘chirmakashni oqlamoqqa urindi. Nachoraki, ilmiy ishlar haqida huqm chiqarish endi shu yo‘sin o‘ylaydiganlarga qolmoqda... Yo‘q, men katta avlodni yoqlash, oxirgi so‘z shularniki bo‘lsin degan fikrdan mutlaqo yiroqman. Negaki, ayrim kattalar ham sharoitga binoyidek moslashgan: “Harholda o‘zi yozgan-ku!” deb xom-xatala ishlarni ham yoqlayveradi. Eng yomoni, muhokamadagi ishning mualliflik huquqiga doir kamchiliklarini ochsangiz, sizga badxohga qaragandek qarashadi. “Hay-hay, birovning yashirin aybini ochiqlash gunoh” deya kaminaga nasihat qilinganiga nima deysiz!
Aniqki, ilmiy kengashlar risoladagidek ishlasa, illat bunchalar maddalab ketmas edi! Kengash a’zolari ham odam-da – biri xesh, biri tabor bo‘lsa, ertami-indin shogirdi himoya qilaman deb tursa... – shularning rioyasiga ko‘z yumiladi. Xullas, ayrim kengashlar yangicha talqindagi “bag‘rikenglik” siyosatiga o‘tib olgan: “o‘zi yozgan...”, “ayol boshi bilan shuncha ish qipti-ya...”, “yoshlarni qo‘llab-quvvatlash kerak...” singari da’volarni ro‘kach qilgancha bo‘sh ishlarni ham o‘tkazib kelyapti...
Xo‘p, kengashlar o‘tkazsa o‘tkazayotgandir, lekin ularning ishini nazorat etuvchi OAK nima qilyapti? To‘g‘ri, OAK dissertatsiyalarni himoyaga qadar antiplagiat dasturida tekshiradi. Biroq bu dastur yo tekshiruvni ishonchli bajarmaydi, yo uni “aylanib o‘tish” yo‘li bor. Sababi – kamina ushbu tizimda tekshirib himoyaga qo‘yilgan dissertatsiyalarda ham plagiat holatlarini aniqlaganman...
Plagiat – o‘g‘rilik, bas, unga qo‘l urgan odam shunga yarasha jazo olishi shart! OAK Nizomida ham aniq-tiniq bayon qilingan: “O‘zganing materialidan uning muallifi va manbasini ko‘rsatmasdan foydalanilgan hollarda dissertatsiya, u qaysi bosqichda ko‘rilayotgan bo‘lishidan qat’i nazar, muhokamadan olib tashlanadi va talabgor ushbu mavzu bo‘yicha dissertatsiyani qayta himoya qilish huquqidan mahrum etiladi”. Afsuski, bu talabga to‘liq rioya etilmayapti. Yo‘qsa, ish kengashga topshirilib, kengash qoshidagi seminar himoyaga tavsiya qilganidan so‘ng antiplagiat tekshiruvi o‘tkazish va ko‘chirmakashlik holatlarini ko‘rsatgan holda yana kengashga qaytarish Nizomga zid emasmi?! Ish kengashga topshirilar ekan, himoya jarayoni boshlangan sanaladi-ku! OAK esa “bag‘rikengligi”dan dissertantga matndagi plagiatni dastur aniqlay olmaydigan tarzda tahrir qilish uchun sharoit yaratib beryapti. “Bag‘rikenglik” deya bejiz kinoya qilmadim: bu idora raisiga bir dissertatsiyadagi plagiat va ko‘chirib olingan manbani aniq ko‘rsatib yozgan xatim javobsiz qoldi...
Rosti, yigirma yillar narida aspiranturaga berilgan o‘rin bo‘sh qolmasin deb odam izlaganmiz. Hozir qabul rasmana tanlov asosida o‘tyapti, kezi kelganda bir o‘ringa o‘ntadan talabgor bor. Sababi – moddiy manfaatdorlik ikki-uch baravar o‘sgan. Lekin talabgorlar taqdim etgan maqola-yu tezislarning aksarida plagiat uchraydi. Ilmdagi ilk qadamini g‘irromlik bilan boshlaganlardan ertaga nima kutish mumkin?! Demak, talabgorlarning maqola va tezislari jiddiy ekspertiza qilinishi zarur.
Hozir moddiyatni o‘ylab ilm qiladiganlar ham ko‘paydi. To‘g‘ri-da, amallab dissertatsiya yoqlab olsa, mo‘may maosh tayin, kamiga falon foiz ustama, yana o‘rindoshlig-u soatbay... G‘irromlikka odatlangan odam boshqa “daromad”dan ham parhez qilmasa kerak... Achinarlisi, ular yana yigirma-o‘ttiz yil davlatning ilm-fanga ajratgan mablag‘ini kemirib yotadi. Bu esa insof-u adolatga xilofdir! Oliy ta’lim muassasalari moliyaviy mustaqillikka o‘tar ekan, bunaqa “olim”lar ilm dargohi oyog‘iga tushov bo‘ladi. Shunday ekan, elakni ko‘tarish, sarakni sarakka, puchakni puchakka ajratish darkor: so‘nggi besh yil davomida yoqlangan, himoya jarayonida yoki undan so‘ng e’tirozlarga sabab bo‘lgan dissertatsiyalarni qayta tekshirish zarur. Bu ish oliy ta’lim muassasalari ilmiy kengashlariga yuklangani ma’qul, chunki jamoalar kim asl olim ekanini yaxshi biladi.
Plagiat holati aniqlangan ishlar OAKka ma’lum qilinib, qoidabuzar ilmiy darajadan mahrum etilsa, shuning o‘ziyoq ko‘chirmachilikni keskin pasaytirishiga aminman. Eng asosiysi, “ilmiy darajalilar sonini oshirish” vazifasi “ilmiy darajalilar soni va sifatini oshirish” tarzida qo‘yilmog‘i kerak.
Shuhrat EGAMBERDIYEV,
akademik, O‘zFA Astronomiya instituti direktori:
– Plagiat muammosi ijod va fikr ahlini ko‘p zamonlardan beri tashvishga solib keladi. Hatto buyuk dramaturg Uilyam Shekspir boshqa ijodkorlarning she’r-u pyesalarini o‘z nomidan e’lon qilgan, degan gap yuradi. Tarixda o‘tgan voqealarga qozilik qilmoqqa da’vom yo‘q, keling, yaxshisi, o‘zim guvoh bo‘lgan hodisani so‘zlab beray.
1994-yili Mirzo Ulug‘bekning 600 yilligi xalqaro miqyosda nishonlangan, mamlakatimizda ham qutlug‘ sanaga bag‘ishlangan anjumanlar o‘tkazilgan edi. Poytaxtimizdagi nufuzli universitetda uyushtirilgan xalqaro anjuman uchun olti yuzga yaqin ma’ruza yuborilgani esimda. Tashkiliy qo‘mita a’zosi sifatida tezislarni sinchiklab o‘rganib chiqqanman. Buni qarangki, yuzlab matndan bironta pichoqqa ilinadigani topilmagan! Barcha ma’ruzalar uch asosiy manba – sharqshunos Vasiliy Bartold, akademik Toshmuhammad Qori Niyoziy va Astronomiya instituti direktori Vladimir Shcheglovning risola va maqolalaridan ko‘chirilgan edi... Bu holat, mana, salkam o‘ttiz yildan beri davom etmoqda. Ammo Mirzo Ulug‘bek merosi tadqiqiga bag‘ishlangan original maqolalarni sanasangiz, barmoqlaringiz ortib qoladi.
Raqobat avjiga chiqqan bugungi davrda ixtirochilar huquqlarini himoya qilish dolzarb ahamiyat kasb etmoqda. Hozir biron mahsulot tannarxini atigi bir necha foizga kamaytirish, uni takomillashtirish nainki yuqori malakali ixtirochilar mehnati, balki millionlab dollar mablag‘ talab qiladi. Masalan, har yili “iPhone” brendiga mansub mahsulotlarning yangi avlodi taqdim etiladi. Mehnat mahsuli va daromadni boshqa shirkatlar ilib ketmasligi uchun intellektual mulk, mualliflik huquqi, patent kabi tushuncha va himoya mexanizmlari joriy qilingan. Mutaraqqiy dunyoda birovning ixtirosini noqonuniy ravishda istifoda etishga, ya’ni plagiatga aslo yo‘l qo‘yilmaydi. Bu nafaqat sanoat, balki iqtisodiyotning barcha sohalariga tegishli talabdir.
Plagiatga qo‘l urgan tadqiqotchi jamiyatga mislsiz ziyon keltiradi. Ilmiy daraja olimga ilmiy muassasada rahbar lavozimlarda ishlash, kengash a’zosi bo‘lish imkonini berishi ma’lum. Nopok yo‘l bilan ilmiy darajaga ega bo‘lgan kimsa esa moddiy manfaat evaziga o‘zi kabi qo‘lbola olimlarni ko‘paytirishi aniq.
Mushtariylarda “Bunday holatlarning oldini oluvchi nazorat organi ‒ Oliy attestatsiya komissiyasi bor-ku! Nega chora ko‘rmaydi?” degan savol tug‘ilishi tabiiy.
Avvalo, OAK dissertatsiyalar mavjud tartib-qoidaga mos ravishda himoya qilinganini nazorat etadi. Bu idora antiplagiat dasturi orqali fikr, g‘oya, matn ko‘chirilmaganini ham tekshiradi. Dasturning ingliz, rus va nihoyat o‘zbek tilidagi matnlarni tekshiradigan talqinlari yaratilgan. Lekin matnni tarjima orqali o‘zlashtirish holatlarini aniqlash uchun yanada mukammal dastur kerak bo‘ladi.
So‘nggi yillarda xorijda “feyk”, ya’ni aldamchi nashrlar ko‘payib ketdi. Bu borada ayniqsa Hindiston oldingi o‘rinda. Internetda firibgarlarning SCOPUS ma’lumotlar bazasiga kiritilgan, yuqori impakt-faktorga ega jurnallarga ilmiy maqola qabul qilinishi haqidagi e’loniga bot-bot duch kelamiz. Bunday jurnallar 100-200 dollar evaziga mazmunan sayoz, ilmiy mezonlarga muvofiq kelmaydigan, hatto dangal o‘g‘irlangan maqolani chiqarib beradi. Surishtirib ko‘rsangiz, “nufuzli nashr” deganlari na SCOPUS ro‘yxatiga kiritilgan, na yuqori reytingga ega! Xayriyatki, xorijda sha’niga gard yuqtirmaydigan, soxtakorlikka murosasiz jurnallar ham bor.
Bir necha yil avval qo‘shni mamlakatdagi universitetning yubiley tantanasida ishtirok etdik. Odatda, bunday tantanalarga dongdor mehmonlar taklif qilinadi, ularning keldi-ketdi xarajatlari to‘liq qoplanadi, ishtirokchilar quyuq ziyofat, sovg‘a-salom bilan siylanadi. Mehmonlar ham mezbon muassasa sha’niga iliq so‘zlar aytib, intervyular beradi. Tarki odat – amrimahol, qo‘shni mamlakatdagi yubiley ham shunday o‘tdi. Tantanadan keyin tashkilotchilar ilmiy to‘plam uchun ishtirokchilardan ma’ruza matnini so‘radi. Anjuman jiddiy munozarasiz kechgani sabab biz ham aksar ishtirokchilar qatorida avval chop etilgan maqolalarimizdan “yig‘indi” ma’ruza tayyorlagan edik. Uni yana bir karra tahrir qilib berdik. Tashkilotchilar to‘plamni Niderlandiyadagi “Kluwer Academic Publishers” degan nufuzli nashriyotga taqdim etibdi. Bir oz vaqt o‘tgach, nashriyotdan “To‘plamga kiritilgan maqolalarning 85 foizi avval bosilgani sababli uni chop eta olmasligimizni ma’lum qilamiz. To‘plamni bizning nashriyotda chiqarmoqchi bo‘lsangiz, original maqolalar yig‘ib yuborishingizni so‘raymiz” degan mazmunda javob kelibdi. Mana, buni jiddiy yondashuv desa bo‘ladi! Aslida, to‘plam plagiat mahsuli bo‘lmagan. Mualliflarning aybi eski maqolalari asosida yangi material tayyorlagani, xolos. Buyurtma hisobidan kun ko‘radigan nashriyot nomni toza saqlamoq uchun naqd foydadan ham voz kechgan...
Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev bugungi kunda iqtisodiyot rivojida ilmiy ishlanmalar va innovatsiyalarning roli oshib borayotganini teran anglagan holda fan ravnaqi yo‘lida tizimli islohotlarni amalga oshirmoqda. Olimlarning maoshi ko‘paytirilgani, ular uy-joy bilan ta’minlanayotgani, zamonaviy laboratoriyalar barpo etilayotgani, yosh tadqiqotchilar jahonning yetakchi ilmiy markazlariga yuborilayotgani, ilm ahlining jamiyatdagi nufuzi mustahkamlanayotgani shu siradagi chora-tadbirlardir. Xo‘sh, ilmiy ishlarning samaradorligi shunga munosib tarzda oshyaptimi? Afsuski, unday emas.
Yetakchi olimlar, ziyolilar – millatparvar vatandoshlar o‘zbekona andishani bir chetga surib, saviyasiz ilmiy ishlar, o‘g‘rilik mahsuli bo‘lgan dissertatsiyalarga nisbatan ayovsiz munosabatni shakllantirmog‘imiz lozim. Shunday muhit yarataylikki, ilmga suqilib kirmoqchi bo‘lgan kimsalar “darvoza”danoq ortga qaytsin, minba’d nopoklikka jur’at etmasin!..
Shahnoza SOATOVA,
publitsist, jamoat faoli:
– Negadir intellektual o‘g‘rilikni yengil sanaymiz, befarq-loqaydmiz, kezi kelganda uni hatto oqlaymiz ham. Bu, ayniqsa, O‘zbekiston xalq shoiri Usmon Azim va qo‘shiqchi Sanjay mojarosida bilindi-qoldi. Umuman, mualliflik huquqi bilan bog‘liq sudlashuvlar jamiyatning bu muammoga munosabati yanglish ekanini ko‘rsatmoqda.
Biron shoirning she’rini so‘roqsiz o‘zgartirib, asl mantig‘i va falsafasini buzib kuylagan xonanda – qahramon (“yaxshi kuyladi, she’rni va shoirni mashhur qilib berdi”), haqqini da’vo qilgan muallif esa – aksilqahramon (“noshukr ekan, o‘zini birov tanimasa, pul uchun sudlashyapti-yov”) ataladi. Biz bu borada ters bir muhitda yashayotgandekmiz.
AQShda talaba kursdoshi ko‘chirmakashlik qilganini o‘qituvchiga aytib bersa, noma’qul ishni fosh etdi deya olqish oladi. Bizda esa ko‘chirmakashlik oddiy hol, qo‘lga tushib qolsa, nari borsa ogohlantirilar, lekin jiddiy jazolanmaydi. Bordiyu kimdir buni oshkor qilgudek bo‘lsa, sotqin ataladi.
Sho‘ro qatag‘onidan meros tarixiy an’ana biron bir ma’lumotni oshkor etishni qoralamoqqa undaydi. Muallifning o‘z haqini talab qilishi bilan xabarkashlik illati yer-u osmoncha farqlanishini esa tushungimiz kelmaydi. Ahvol shu darajadaki, intellektual mulkini himoya qilish uchun da’vo boshlagan mualliflar “Odamlar bilmasin, meni sazoyi qilishadi” deb qonuniy xatti-harakatini ham yashirishga urinadi. Biz teskari “qadriyat”lar hukmi ostida yashayapmiz!
Buning asosiy sababi – aqliy mehnatning qadrini bilmaslik. Albatta, xalqning iqtisodiy holati ham ahamiyatga ega. Deylik, asl poyabzal falon ming so‘m, uning nusxasi esa o‘n baravar arzon bo‘lsa, xalq kamxarjini oladi. Birovning haqqi, mualliflik huquqi deb har qancha bong urmang, cho‘ntak ko‘tarmas ekan, barcha urinishlar foydasiz. Bu hol yopiq doirani yodga soladi: aholi qo‘li yupqaligi vajidan muallif haqqiga rioya qilmaydi, boshqa tomondan, jamiyat muallif haqqiga rioya qilmagunicha kambag‘allikdan qutulolmaydi. Boz ustiga, mamlakatda mualliflik huquqiga rioya etilmayotgani, ishlab chiqaruvchi ham, iste’molchi ham bunga befarqligini ko‘rgan investor aslo sarmoya kiritmaydi.
Shu taxlit xorijning arzon, sifatsiz mollarini istifoda etib umr o‘tkazamiz. O‘zimizning oltinboshlar chetga hijrat qilib, u yerda moddiy ne’mat yaratadi. Biz esa ularning molini o‘n, yuz baravar qimmat narxda sotib olamiz. Shu tarzda “uchinchi dunyo” tamg‘asidan qutulolmay yuraveramiz.
Har gal xorij safariga chiqqanimda aeroportlarda hamyurtlarimning zil-zambil jomadon sudrab yurganiga guvoh bo‘laman. Vatandoshlarimiz chetdan kitob, antikvariat yoki biron madaniy atiqa keltirsa qani – asosan kiyim-kechak, yegulik tashiydi. XXI asrda-ya! Nega? Bizda brendlar kamligi sabab kim xorijga chiqsa, ko‘zi ochdek do‘konlarga chopadi, jomadonini ajnabiy mahsulot bilan to‘ldiradi. Fikr, g‘oya o‘g‘irlangan mamlakatdan brend egalari ham oyog‘ini tortadi-da!
Bu hol nafaqat sanoat va biznes, balki ilm, noshirlik, san’atga ham xos. Noshir yaxshi muallif topib, unga qalamhaqi berib asar yozdiradi, xorijdan nashr huquqini sotib oladi. Qancha xarajat va harakat qilib kitobni nashr etadi, bozorga chiqaradi, mahsulotini ovoza qilish uchun ham mablag‘ ayamaydi. Biroq kitob endi tilga tushganida qaroqchilar uni arzon-garovga pullab cho‘ntak qappaytiradi. So‘nggi yillari bu borada Telegram kanallar uchar bo‘lib ketdi. “Ma’rifat tarqatyapmiz” degan da’vo bilan kitoblarning elektron nusxasi kanallarga joylanadi. Asl maqsad – ming-ming obunachi yig‘ish va reklamadan pul ishlash! Sho‘rlik noshir chapak chalib qolaveradi.
O‘g‘riliklarning ortidan quvib, huquqbuzarlarni jazolab samaraga erishmoq mushkul. Telegram guruhi ma’murini topib javobgarlikka tortganingiz bilan, ertaga u anonim tarzda boshqa bir kanal ochib, qing‘ir ishini davom ettiraveradi. Ularni faqat ko‘pchilik bo‘lib, ma’nan yetuk xalq to‘xtata oladi. O‘g‘irlangan mahsulotlarni boykot qilib, o‘sha kanallarga obuna bo‘lmay, plagiatni ommaviy tarzda qoralab! Biroq buning imkoni bormikan?..
Ijtimoiy tarmoqlarda mualliflik huquqi borasida ko‘p bahslashaman. Goho o‘qimishli insonlar ham intellektual o‘g‘rilikni yoqlashidan hayron bo‘laman. To‘rt qator ohorli matn yozish mashaqqatini boshdan kechirgan odam aqliy mehnat mahsulining o‘g‘irlanishi naqadar alamli ekanini teran his etadi.
Muammo sabablari talaygina.
Birinchidan, zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari vositasida ma’lumotlarni uning muallifi, huquq egasi ruxsatisiz o‘zlashtirish oson hamda arzon ishga aylanib qoldi.
Ikkinchidan, davlat organlari va tashkilotlari intellektual mulk sohasi bo‘yicha o‘ziga yuklangan vazifalarni to‘liq bajarmayotir. Qolaversa, bu borada idoralararo hamkorlik yo‘lga qo‘yilmagan. Ya’ni davlatning o‘zi bu illatga qarshi bir mushtga do‘nib kurasha olmayapti.
Uchinchidan, intellektual mulk obyektlaridan qonunga xilof ravishda foydalanish natijasida yetkazilgan zararni aniqlash va qoplash bo‘yicha tegishli mexanizm joriy etilmagan.
To‘rtinchidan, aholi bu bo‘yicha yetarli bilim, ko‘nikma va huquqiy madaniyatga ega emas.
Axloq poydor bo‘lmagan jamiyatda qonun ustuvorligi ham, taraqqiyot ham yo‘q. Biz esa tobora axloqdan yiroqlashib boryapmiz: birovning haqqidan qo‘rqmaymiz, o‘g‘rilikka yengil qaraymiz, faqat o‘zimizni to‘nasalargina adolat talab qilamiz. Achchiq bo‘lsa-da tan olish kerakki, jamiyat deb atayotganimiz bu birlashma hali rasmana jamiyatga aylanmagan. Yopiq halqani buzish, jarayonni to‘g‘ri o‘zanga burish kerak, axir!
Intellektual mulk Yevropada yalpi ichki mahsulotning – 45, Xitoyda – 12, Rossiyada esa 7 foizini tashkil etadi. AQSh, Germaniya, Yaponiya singari mutaraqqiy davlatlarda YIM o‘sishining 80 – 95 foizi texnika va texnologiyalar hissasiga to‘g‘ri keladi. Demak, qayerda aqliy mehnat qadrlansa, o‘sha yerda inson sha’ni baland, qorni to‘q, adolat ustuvor bo‘ladi. Ilm-fan va innovatsiyani rivojlantirish, bu sohadagi yutuqlarni yuqori qiymatli mahsulotga aylantirish uchun ham intellektual mulkning ishonchli muhofazasi ta’minlanishi lozim.
Birovning tilla soatini o‘marish bilan o‘zganing asarini o‘ziniki qilish o‘rtasida farq mavjud emas. Ana shu nuqtai nazarni butun jamiyatga singdirish, plagiatning ulkan ziyonini tushuntirish, muxtasar aytganda, ijtimoiy ongni o‘stirish kerak. Eng asosiysi, davlat ham bu ishga jiddiy kirishmog‘i lozim. Garchi “populistik” bo‘lmasa-da, “ochko” keltirmasa-da, jazoni qattiqroq va muqarrar qilish, intellektual mulk himoyachilari hamjamiyatlarini rag‘batlantirish kabi choralarni ko‘rish vaqti keldi. Unutmaylikki, bu illat kosamizni oqartirmaydi, uning kasriga kuchlilar qarshisida zaif va tobe bo‘lib qolaveramiz.
Iqboljon QORABOYEV,
xalqaro huquq doktori (Tuluza universiteti, Fransiya):
– Plagiaire istilohi fransuz tilida bir necha asrdan beri mavjud. Bu so‘z ilk marta XVI asrga oid yozma manbalarda uchraydi. U boshqalarning qulini o‘g‘irlagan yoki hur insonlarni qul qilib sotgan shaxslarga nisbatan ishlatilgan. Endilikda mazkur atama akademik axloq o‘zak tamoyillarining poymol etilishini anglatadi.
G‘arb mamlakatlari bu illatga qarshi tizimli, murosasiz kurashadi. Fransiyadagi atoqli olimlardan Eten Klayn bilan bog‘liq hodisa ham jamiyat va ilmiy jamoatchilik plagiatdan qanchalik hazar qilishini ko‘rsatdi.
Fizika va fan falsafasi bo‘yicha yetuk mutaxassis bo‘lgan Eten Klayn ilm-fanni ommalashtirish yo‘lidagi xizmatlari tufayli ham mamlakatda obro‘-e’tibor qozongan edi. Uning fan yo‘nalishlari va mashhur olimlarga bag‘ishlangan kitob-u maqolalari qo‘lma-qo‘l o‘qilgan. 2016-yili Fransiya prezidenti Fransua Olland olimni jamiyatda ilm-ma’rifatga bo‘lgan rag‘batni oshirishga mas’ul Fan va texnologiyalar bo‘yicha tadqiqotlar instituti (IHEST) direktori etib tayinlagan edi. Ko‘p o‘tmay, “L’Express” nashri E.Klaynning Albert Eynshteyn hayotiga bag‘ishlangan kitobida fransuz va xorij olimlari asarlaridan ko‘chirilgan matnlar borligini aniqlab maqola e’lon qildi. Olim bu da’voni rad etgach, “L’Express” jurnali muallif boshqa asarlarida ham plagiatga qo‘l urganini fosh etuvchi navbatdagi surishtiruvni chop etdi. G‘isht qolipdan ko‘chgan edi, hukumat mazkur holatni o‘rganishni to‘rt nafar olimdan iborat mustaqil komissiyaga topshirdi. Komissiya o‘z hisobotida E.Klaynning xatti-harakatiga huquqiy baho bermagan bo‘lsa-da, u institut direktorligidan ketishi tavsiya etildi. Pirovardida fizik olim lavozimidan ozod qilindi.
Darhaqiqat, plagiat jamiyat ravnaqiga putur yetkazadi, ilm-fanga bo‘lgan ishonch va hurmatni poymol etadi, iqtisodiyot va innovatsiyalar uchun ajratilgan mablag‘lar havoga sovurilishiga olib keladi. Shu mavzuni ko‘p yillardan beri tadqiq etib kelayotgan shvetsariyalik professor Mishel Bergada plagiatning jamiyat, fan va ta’lim tizimiga zararlarini sanar ekan, bu illat akademik bilim muhofizlari – ilmiy jurnallarni ham yomonotliq qilishiga e’tibor qaratdi.
Aldam-qaldamga mukkasidan ketgan tadqiqotchi janoblari, garchi o‘zi nomunosib bo‘lsa-da, ilmiy daraja va akademik unvonlarga ega chiqadi. Intellektual o‘g‘rilik avj olgan tizimda soxtakorlar mukofotlanib, halol tadqiqotchilar panada qoladi.
Internet va axborot texnologiyalari shiddat bilan rivojlanayotgan bugungi davrda plagiat, ta’bir joiz bo‘lsa, pandemiyaga aylanib bormoqda. Avvalo, bu illatga qarshi kurash ko‘p vaqt va katta xarajat talab etishini qayd etish joiz. Qolaversa, fikr va g‘oya o‘g‘riligining oldini olish uchun ma’muriy, jinoiy choralar ko‘rish bilan birga jamiyatda ogohlikni oshirish ham talab etiladi. Bu borada Yevropa tajribasidan foydalanish maqsadga muvofiqdir.
Yevropa kengashi Ta’lim sohasida etika, ochiqlik va to‘g‘rilik platformasiga (ETINED) asos solgan. Fransiyada esa 2017-yili Ilmiy halollik idorasi tashkil qilingan. Uning asosiy vazifasi umummilliy darajada ilmiy halollik me’yorlarini muhofaza etish va targ‘ib qilishdan iborat. Ko‘hna qit’a professor-tadqiqotchilari tashabbusi bilan ta’sis etilgan Yevropa akademik halollik tarmog‘i (ENAI) ham ilm-fanda uchraydigan nomaqbul illatlarga qarshi kurashda namuna bo‘la oladi. Fransiya parlamentining yuqori palatasi (senat) 2021-yilda nashr qilgan “Ilmda halollik madaniyatini targ‘ib etish va himoya qilish” deb nomlangan 143 sahifali hisobot ham akademik halollik masalasi davlat uchun qanchalar muhimligini tasdiqlaydi.
“Ilm-fan va san’atda plagiat hodisasi intellektual soxtakorlik o‘laroq namoyon bo‘ladi. Agar talabalar orasida uchraydigan fikr o‘g‘riligini xomlik va g‘o‘rlikka yo‘yish mumkin bo‘lsa, olimlar va san’atkorlarning bunday qilmishini birodarkushlik jinoyati deb baholash mumkin”, deydi Renn universiteti professori Aleksandr Serres.
Olimning ta’kidlashicha, ilmiy soxtakorlik hech qachon beixtiyor sodir etilmaydi, g‘irrom usulni ma’qul ko‘rgan muallif ongli ravishda bu qilmishga qo‘l uradi. Ilmdagi soxtakorlikning badali esa boshqa sohalardagi qing‘irliklardan ko‘ra bir necha baravar og‘irroqdir.
Murakkab fenomen bo‘lgan plagiatga qarshi kurash xamirdan qil sug‘urgandek oson kechmasligi tabiiy. Tajribasizlik yoki ehtiyotsizlik sabab soxtakorlikka qo‘l urgan tolibi ilmni to‘g‘ri yo‘lga solmoq mumkindir, ammo bu qilmishni ongli ravishda sodir etganlarni qanday tarbiyalamoq kerak? Bizningcha, bu borada huquqiy, axloqiy va ijtimoiy choralarni uyg‘un holda qo‘llamoq lozim.
Behzod FAZLIDDIN,
shoir, filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori:
– Hozirgi kunda ijodkorlar mualliflik huquqi masalasida o‘zi kurashishi zarur bo‘lib qolyapti. Men ham adabiy-ilmiy ijodda plagiat holatiga ko‘p bora duch kelganman. Bir necha yil avval ko‘chirmachi qalamkash va qo‘shiqchilar bilan sudlashishgacha borganman, pirovardida ular javobgarlikka tortilgan. O‘tgan yili ham shunday mojarolar bo‘ldi.
Yana bir she’rim o‘g‘irlanib, qo‘shiq qilingan ekan. Aniqrog‘i, she’rim asosida yangi bir “shedevr” yozilib, kuyga solingan. Qo‘shiqchini topib, plagiatga qo‘l urgani, buning uchun qonuniy javobgarlik borligi, qolaversa, asar muallifning ruxsati bilangina ijro etilishi kerakligini batafsil tushuntirdim. Ammo tayinli javob ololmadik. Bu orada kechgan asabbuzarliklarni aytmay qo‘yaqolay...
Holat yuzasidan dastlab Intellektual mulk agentligiga (hozir departament) murojaat qilindi. Bir vaqtlar bor-yo‘qligi ham bilinmaydigan agentlik Adliya vazirligi tarkibiga o‘tgandan so‘ng bir qadar jonlanganini eshitib shunday yo‘l tutgandik. Ammo tashkilot xodimlarining, ayabroq aytganda, mas’uliyatsizligi oqibatida necha oylab shu g‘alva bilan andarmon bo‘ldik. Ajabo, huquq himoyachilarining o‘zi huquqini talab qilganlarni xushlamay tursa-ya!..
Kuzatishimizcha, Adliya vazirligi, uning viloyat boshqarmalari va boshqa idoralarda mualliflik huquqi bo‘yicha malakali mutaxassislar yetishmaydi. Hatto sudyalar orasida masalani tuzuk-quruq tushunmaydiganlari uchraydi. Aytaman desa, ancha gap bor... Darvoqe, Yozuvchilar uyushmasi, “O‘zbekkonsert” va boshqa ijodiy tashkilotlar ham bu masalaga jiddiyroq qarashi lozim emasmi?!
Sirasini aytganda, jamoatchilik nazorati sustligi, mas’ul tashkilotlar o‘z ishini risoladagidek uddalamayotgani, sudlarda mualliflik huquqi bilan bog‘liq tajriba shakllanmagani bois ayni ijod qiladigan, izlanib-o‘rganadigan pallada bunday g‘alvalar mualliflarning vaqt-u asabiga egov bo‘layotir.
Mualliflik huquqiga doir ishlarning OAVda yoritilishi ham ko‘ngildagidek emas. Keyingi vaqtlarda plagiat mavzusida biron jo‘yali, tahliliy material e’lon qilinganini eslay olmayman. Sayt va elektron nashrlar “falonchi sudga berildi” deya shov-shuv ko‘tarish bilan ovora. Havaskorlarcha yozilgan xabarlarni o‘qigan zamondoshda huquqbuzar emas, qonuniy haqini talab qilgan shaxs aybdor degan taassurot uyg‘onadi. Ha-ya, nima uchundir bizda hali ham sudga murojaat qilganlar xushlanmaydi. Axir, bu – masalani hal etishning eng madaniy yo‘llaridan-ku! Ijtimoiy tarmoqdagi muhokamalarda esa aksar odamlar mavzuni tushunib-tushunmay og‘ziga kelganini yozayotir. Afsuski, bugunning ijodkori ana shunday chalasavod, fikrlash ne’matidan benasib, kitob o‘qish tugul, o‘z ismini ham to‘g‘ri yoza olmaydigan to‘da bilan hisoblashmoqqa majbur. Bu bobda aksar ziyoliman deganining ham ahvoli behroq emas...
She’r o‘g‘riligi bo‘yicha sudlashuvimizda ham shu hol kuzatildi. Sud kamtarona jarima belgiladi, ma’naviy zarar summasini esa aytmoqqa ham uyalasiz... Fig‘onimiz oshib yurgan kezlarda plagiatga doir ushbu sud ishi natijasi hammayoqda ovoza bo‘ldi. Adliyaning viloyat boshqarmasi internetda “falonchi shoir she’rini ruxsatsiz qo‘shiq qilgani uchun falonchi xonandani sudga berdi va qo‘shiqchi jarimaga tortildi” degan mazmunda uzuq-yuluq xabar e’lon qildi. Aksar saytlar voqea tafsilotini o‘rganmay, vaziyatni surishtirmay o‘sha chalkash ma’lumotlarni ko‘chirib tarqatdi. Bu o‘rinda boshqarma xodimlari ham, OAV vakillari ham axborot yetkazishda kasb etikasiga rioya qilmaganini alohida qayd etish kerak. Oqibatda ko‘pchilik yanglish xulosa yasadi: go‘yo she’rim ruxsatsiz qo‘shiq qilinganini eshitib darrov sudga chopganman. Odam ham shu qadar anoyi bo‘ladimi! Asosiy masala she’r ruxsatsiz qo‘shiq qilinganida emas, ijodiy o‘g‘rilik yuz berganida-ku!
Plagiat sabab jarimaga tortilganlarni ko‘pchilik jabrdiyda o‘laroq ko‘rayotgani ajablanarli. Ba’zi ijod kishilarining bu boradagi ilmoqli gaplarini eshitib yana o‘ylanib qolasiz: aslida, shu qavmning o‘zi mualliflik huquqi buzilishiga qarshi kurashda oldingi safda bo‘lmog‘i kerak emasmi?!
Plagiat hodisasi oliy o‘quv yurtlari, ilmiy tadqiqot muassasalarida ham urchimoqda. Mana, yana bir misol. Viloyatlardagi universitetlardan birida himoya qilingan magistrlik ishida PhD dissertatsiyam materiallari, xususan, matbuot va internetda e’lon qilgan maqolalarimdan sahifa-sahifa ko‘chirib olinibdi. Magistrant-ku birovning mehnat mahsulini o‘zlashtirishdan uyalmabdi, unga yo‘l ko‘rsatadiganlar, ilmiy rahbar nega jim qarab turdi ekan?
Ushbu holat yuzasidan universitet rahbariyatiga murojaat qildik. Keling, tafsilotlarni dasturxon etib o‘tirmayin, ammo, ochig‘i, OTM rahbariyatining mas’uliyatni soqit qilishga uringani, pedagog-xodimlar esa ko‘chirmakashlik holatiga “Shunga ham ota go‘ri qozixonami!” qabilida munosabatda bo‘lganidan muztar-mutaassir bo‘ldim. Tasavvur qilingki, shu kabi ko‘chirmakashlar keyinroq doktorlik dissertatsiyasini yoqlasa, ilmiy darajaga ega bo‘lib, sohada javlon ursa! Kim bilsin, yana qancha yumaloq-yostiq qilingan “ilmiy ish”lar bor ekan?! Ilmga, ijodga yolg‘on bilan kirib kelayotgan yoshlarning kelajagi haqida yorug‘ so‘z aytish qiyin. Oliy ta’lim mas’ullari, ilmiy tadqiqot institutlari mutasaddilari bu masalaga alohida e’tibor qaratmog‘i darkor.
Intellektual mulk o‘g‘riligi insoniylikka ham, qonunchilikka ham zid, shar’an esa haromdir. Nahot shu oddiy haqiqatni anglab yetmaymiz?!
Rivojlangan davlatlarda mualliflik huquqini buzganlar katta jarimaga tortiladi, hatto qamaladi. Eng asosiysi, “ijodiy qaroqchi”lar jamiyat nafratiga uchraydi. Bizdagi “o‘g‘rigina ijodkor”lar esa hozircha yengil ta’zir bilan qutulib qolayotir.
Har bir inson, ayniqsa, ijodkorlar mualliflik huquqi buzilishiga murosasiz bo‘lmog‘i lozim. Intellektual mulkni himoya qiluvchi tashkilotlar hadeb ura-ura qilavermay, o‘z ishiga vijdonan yondashishi darkor. Ommaviy axborot vositalarida ham bu mavzu muntazam yoritilishi kerak. Shoyad, jamiyat buning qanchalar xavfli jinoyat ekanini anglasa!..
Rahmon QO‘ChQOR,
adabiyotshunos olim:
– Avvalo, bir masalani aniqlashtirib olishimiz kerakka o‘xshaydi: olim, shoir-yozuvchi bo‘lmoq, san’atkor rutbasiga erishmoq – belni og‘ritmay pul topish, yoqani kir qilmay tirikchilik o‘tkazish, jamiyatning hurmatga loyiq a’zosiga aylanish deb talqin qilinishi to‘g‘rimi? Jamiyatimizda ana shu qarash aksioma tusini olgani kamolotdan darakmi yoxud falokatdan?
Xoh Mashriq, xoh Mag‘rib tarixida ilm-u ijod yo‘li ravon va oson kechgan biron yirik olim, san’at va adabiyot namoyandasi topilarmikan? Arastuga oson bo‘lganmi yoxud Aflotunga? Balki bepoyon dashtning izg‘irinli shamolida Bilga xoqon toshbitigini darj etgan muallif rohat topgandir?! Ibn Sino yoki Forobiyning, Beruniy yoxud Mirzo Ulug‘bekning qay bir ilmiy kashfiyoti e’tirozsiz qabul qilingan? Bruno, Nasimiy va Mashrabni nega dasturxon to‘riga emas, olov va dor ostiga keltirdilar? Pol Gogen nechun moxovga chalindiyu Abdulla To‘qay va Usmon Nosir nega tongda qon tupurdi? Erkin Vohid yoki Rauf Parfining, Gulchehra Nurillayeva yo Shavkat Rahmonning beg‘am-betashvish yurganini birov ko‘rganmi?..
Shu yanglig‘ savollarga javob topmagunimizcha, har birimiz bu borada vijdoniy qarorga kelmagunimizcha ahvolning o‘nglanishiga umid qilib bo‘lmaydi. Zero, ilm yo‘lini tutmoq, adabiy va estetik ijod jabhasiga umrni fido etmoq – muntazam bedorlik, o‘zni tinimsiz mehnatga undash, boshqalar orom og‘ushida bo‘lganida ruh va jonning besaranjom qiynoqlariga tik qaray olish deganidir. Ana shundagina nedir ilmiy yangilik, badiiy kashfiyot dunyoga keladi.
Haminqadar bilim, chala-chulpa savod bilan ilmda biron yangilik kashf etib bo‘lmaganidek, odam bolasida rasida yoshida nish berib, keyin qovjirab qoladigan ijodga qiziqish hissi bilan o‘lmas badiiy asarlar yaratib bo‘lmaydi.
Afsuski, Yusufbek hoji o‘g‘li Otabekka “Onangga kelin qayg‘usi tushibdur” deganidek, yaqindan beri biz ham oliy ma’lumotlilar, olimlar, san’atkor-u ijodkorlar sonini ko‘paytirish orzusiga berilganmiz. Xo‘sh, ilm bobida uning ro‘yobiga qanday kirishamiz? Har galgidek eng oson tarzda, kampaniyabozlik usulida – qisqa muddatda kafedralarda fan doktorlari (DSc) va falsafa doktorlari (PhD) sonini oshirish, har bir o‘qituvchining xorijiy jurnallarda maqolalarini chiqarish, qanday bo‘lmasin, nomiki xalqaro atalgan ilmiy anjumanlarning sertifikatlarini ko‘paytirish va hokazo...
Ilm, ijod deganlari esa, boya aytilganidek, o‘lgudek qaysar, obi-tobiga yetmagunga qadar meva bermaydigan daraxt!
Magistr, falsafa doktori, fan doktori bo‘lmoqni havas qilgan mardum ko‘pincha tanlagan mavzusi doirasida yozilgan ilmiy ishlarning bir qismidan (koshki, ularning ham barchasi bilan tanishsa, yo‘q, bunga vaqt yo‘q!) goh sal “aft-angori”ni o‘zgartirib, ba’zan esa to‘g‘ridan-to‘g‘ri ko‘chirish – o‘zlashtirishga kirishadi. OAKning hatto sof milliy (masalan, o‘zbek adabiyotshunosligi) yo‘nalishdagi ilmiy ishlar uchun ham xorijiy jurnalda material chop etish talabiga ko‘ra, masalan, JARda ro‘yxatga olinib, yarim yil-bir yilda yopilib ketadigan oynomada maqola chiqarish uchun 500–800 dollarning bahridan o‘tiladi. O‘rtada turgan korchalonlar shu tariqa mamlakatdan har yili qancha valyutani olib chiqib ketayotganini birov hisoblab o‘tirmaydi. Nega hisoblasin, axir pul ketsa ketsin, obro‘ ketmasin! Axir, buning evaziga universitetlarimizning jahondagi nufuzi ortmoqda, har yili falon mingta maqola xorijda chop etilyapti, kafedralarning ilmiy salohiyati yuksalib, professor-o‘qituvchilarning ustama haqi oshmoqda!..
Ana o‘shanday “ilmiy o‘sish sharofati bilan” kamina “Tafakkur” jurnali o‘rtaga qo‘ygan muammo xususidagi fikrlarimni bir kunda besh-o‘n marta chiroq o‘chayotgan, gazo‘choqdagi olov ikki yashar bolajonning old tishlari yanglig‘ odamga irshayib turgan sovuq xonada guppi choponga o‘ranib yozib o‘tiribman. Holbuki, tagini surishtirsangiz, faqat mana shu – neft-gaz, energetika ilmi sohasida keyingi yillarda himoya qilingan dissetatsiyalarning sanog‘iga yetib bo‘lmas!..
Kamina hayotim davomida ancha-muncha ilmiy ishlar, maqola va dissertatsiyalarni gohida xolis o‘qib ko‘rish, ba’zida haq evaziga tahrir qilish uchun qo‘lga olganman. Ulardan taxminan yigirma foizini nedir yangiligi tufayli e’tirof etsa arziydi. Qolgan sakson foizi haqida esa o‘sha gap – sho‘rvasining sho‘rvasi!
Sun’iy ravishda olimlar sonini ko‘paytirishning “avvalgilarga o‘xshamas” usullariga ham guvoh bo‘layotirmiz. Yaqinda yosh tadqiqotchilardan birining nihoyatda o‘qishli ilmiy ishi qo‘limga tushib qoldi. Ne til bilan aytayki, uni o‘qir ekanman, qulog‘im ostida nuqul “Tafakkur” jurnalining faol mualliflaridan biri – taniqli olimning ovozi jaranglayverdi...
Shunday vaziyatda yana o‘sha mashhur Nikolay Chernishevskiy qo‘ygan savol ko‘ndalang bo‘ladi: nima qilmoq kerak?
Menimcha, boshqa jabhalarda bo‘lgani singari ilm-u fan, badiiy ijodda ham ma’muriy aralashuv usulidan voz kechib, soha egalari – professional mutaxassislar fikri, tashabbusi va takliflariga quloq tutmoq zarur.
Oliy o‘quv yurtlarida o‘qitishning modul tizimi bugungidek chala-chulpa emas, to‘liq joriy qilinishi, fan asoslarini puxta o‘zlashtirmagan talabaga diplom berish amaliyotiga chek qo‘yish lozim.
Magistraturaga faqat ilmiy salohiyati yetarli, bakalavriatda nedir ilmiy natijani namoyish qila olgan bitiruvchigina qabul qilinishi kerak.
Va nihoyat, qani edi, olimlik, san’atkorlik rutbasiga diplom-u sertifikat, unvon-u darajaga ko‘ra emas, balki fan va san’atda yangi yo‘l ochgani, kashfiyot, nazariy-amaliy natija qayd etganiga ko‘ra erishilmog‘i bosh talabga aylansa...
Sobirjon YOQUBOV
tayyorladi.
“Tafakkur” jurnali, 2023-yil 1-son.
“Tayyor oshga bakovul” davra suhbati
Adabiyot
Adabiyot
Til
Adabiyot
Adabiyot
Jarayon
Til
Jarayon
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Tarix
Tarix
Din
San’at
//
Izoh yo‘q