Bugun jahonning durdonalari sanaluvchi, klassikaga aylangan badiiy asarlar bir paytlar taqiqda boʻlganini bilasizmi? Ular ichida dunyoga mashhur yozuvchilar Mark Tven, Jeyms Joys, Selinjer kabi yozuvchilarning asarlari ham borki, ularni oʻqib koʻrib, nega oʻqish man etilganini tushunib yetasan. Quyida qachonlardir taqiqda boʻlgan va hozirda sevib oʻqiladigan 10 ta badiiy asarni eʼtiboringizga havola etamiz.
1. “Uliss” – Jeyms Joys
Gomerning “Iliada”sidan ilhomlanib yozilgan mazkur asarda Leopard Blumning Dublinda oʻtkazgan bir kuni haqida hikoya qilinadi. Kitob nashr etilishi bilanoq bahs-munozara va senzuraga duchor boʻladi. Asar Buyuk Britaniyada 1930-yillargacha taqiqda boʻlgan.
2. “Geklberri Finning sarguzashtlari” – Mark Tven
Mashhur amerikalik yozuvchi Mark Tvenning ushbu kitobida yosh qahramon – Geklberri Fin hamda Missisipi daryosi atrofida yashovchi aholi hayoti haqida soʻz yuritiladi. Kitob qoʻpol tilda yozilgani, irqiy stereotiplardan foydalangani uchun munozaralarga sabab boʻlgan va maʼlum muddat Amerikada oʻqilishi taqiqlangan.
3. “Kandid” – Volter
“Kandid” – optimizm nazariyasiga ishongan Kandid ismli qahramonning hayotidan soʻzlovchi satirik asar. Umri davomida koʻplab qiyinchiliklarga duch kelgan Kandid bir kun bu turmush tarzidan voz kechish fikriga keladi. Kitob Volterga katta shuhrat olib kelishi bilan birga katta janjallarga ham sabab boʻlgan. Asar yashirin chop etila boshlagach, darhol diniy kufr va siyosiy fitnada ayblangan va oʻqish taqiqlab qoʻyilgan.
4. “Moʻjizaviy, yangi dunyo” – Oldos Haksli
Asarda tasvirlangan dunyo utopiya, odamlar gʻam-tashvishsiz, tibbiyot va texnologiya yuksak darajada rivojlangan. Urushlar va qashshoqlikka barham berilgan, ustiga-ustak hamma baxtiyor. Ajablanarlisi shundaki, bu baxtga insonlar yashashida zarur boʻlgan oila, madaniyat, sanʼat, adabiyot, din va falsafa kabi muhim boʻlgan narsalarni yoʻq qilish orqali erishilgan. Kitob Irlandiyada til, oila va diniy qarashlarga zid deya taqiqlangan.
5. “1984” – Jorj Oruell
“1984” asarida Vinston Smitning totalitar, utopik mamlakatdagi xarob hayot haqida hikoya qilinadi. Mazkur asar turli sabablarga koʻra qayta-qayta tanqid qilingan. Kitob nashr etilishi bilan Amerikada “kommunizmni targʻib qilish” va ochiq sahnalar iddaosi bilan tanqidga uchraydi. Qizigʻi shundaki, oʻsha paytlar SSSRda ham “1984” asari kommunizmga hujum hisoblanib oʻqish man etilgan.
6. “Javdarzordagi xaloskor” – Selinjer
Asarda Golden Kolfildning tahsil olayotgan “Pensey Prep” kollejidan haydalganidan keyingi hayoti, Nyu-Yorkda boshiga tushgan hodisalar haqida soʻz boradi. “Javdarzordagi xaloskor” asari qoʻpol ifoda va soʻzlardan foydalanish, shuningdek, jinsiy hayot va oʻsmirlik muammolarini tasvirlaganlikda ayblanib maʼlum muddat taqiqda boʻlgan.
7. “Sichqonlar va insonlar” – Jon Steynbek
“Sichqonlar va insonlar” romani Nobel mukofoti sovrindori, taniqli yozuvchi Jon Steynbek tomonidan 1937-yilda yozilgan. Asarda Buyuk depressiya davridagi qahramonlar hayoti haqida qoʻpol ifoda etilgani uchun taqiqqa uchragan. U bir qator Amerika jamoat va maktab kutubxonalari hamda maktab darsliklarida “evtanaziyani targʻib qilish”, “irqiy kamsitishlarga koʻz yumish” hamda turli qoʻpol soʻzlarni oʻz ichiga olgan degan iddaolar bilan oʻqitilmagan.
8. “Tom togʻaning kulbasi” – Bicher Stou
“Tom togʻaning kulbasi” – amerikalik yozuvchi Garriyet Bicher Stouning qullikka qarshilikdan soʻzlovchi mashhur romani hisoblanadi. 1852-yilda nashr etilgan mazkur kitob Amerikada qullik va afro-amerikaliklarga boʻlgan munosabat oʻzgarishida katta ahamiyat kasb etgan. Asar koʻpchilikning olqishiga sazovor boʻlsada, tanqid qilganlar ham oz boʻlmagan. Kitob Amerika janubida “bekorchilik tashviqoti” sifatida taqiqlangan va quldorlik tarafdori boʻlgan bir qator yozuvchilar bunga javoban «Anti-Tom adabiyoti” turkumiga kiruvchi asarlar yozishgan.
9. “Pashshalar hukmdori” – Vilyam Golding
“Pashshalar hukmdori” asari Nobel mukofoti sohibi Vilyam Golding tomonidan yozilgan allegorik roman sanaladi. Unda baxtsiz hodisa natijasida nomaʼlum orolga tushib qolgan va shu yerda yashashga majbur boʻlgan bir guruh bolalar siymosida inson yaratgan sivilizatsiyaning barbod boʻlgani, odamlar abadiy vahshiyga aylangani haqida soʻz yuritiladi. Asar insonning hayvondan boshqa narsa emasligini taʼkidlagani, zoʻravonlik sahnalari, qoʻpol ifodasi, irqchilik va ayollar borasidagi beshafqat voqealari, shuningdek, Tangriga nisbatan qargʻishlari tufayli oʻqish mumkin boʻlmaganlar roʻyxatiga kiritiladi.
10. “Shayton oyatlari” – Salmon Rushdiy
1988-yili ilk marta nashr etilgan ushbu asar qisman Muhammad (s.a.v) paygʻambarning hayotidan taʼsirlanib yozilgan. Kitobda yozuvchi dinning baʼzi jihatlarini masxara qilish uchun Qurʼon oyatlaridan foydalanadi. Asar Buyuk Britaniyada ijobiy qabul qilingan, ammo Oyatulloh Humayniy fatvosiga ko‘ra Eronda “qora roʻyxat”ga kiritiladi.
Rahmat BOBOJON tarjimasi
Tarix
Jarayon
Tarix
Jarayon
Adabiyot
Ma’naviyat
Til
Jarayon
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Tarix
Tarix
Din
San’at
//
Izoh yo‘q