Hokimiyatni ilohiylashtirish, utopik orzular va ijtimoiy afsonalarga ishonib yashash – olomon jamiyati alomatlari


Saqlash
12:05 / 23.05.2023 986 1

Rivojlangan o‘lkalar yuksalish marralariga milliy qadriyatlariga suyangan holda yetib borganini yaxshi bilamiz. Albatta, bu yo‘llar ravon kechmaydi. Bu jarayonni so‘ngsiz mashaqqat, iztiroblarga to‘la, g‘alaba va alamli tanazzullarni boshdan kechirgan, yana qayta qad ko‘targan irodali ellarning kurashi tarixi deb atamoq mumkin. Ellar ulusdan xalqqa, so‘ng millatga do‘nib, o‘z davlatini barpo etadi. Milliy g‘urur va or-nomus xalqning mavjudlik timsoliga aylanadi. Iymon-e’tiqod, sadoqat va muhabbat kabi ezgu fazilatlar qadimiy ildizlarga tutashadi. Ma’naviy ildizlari baquvvat millatlar taraqqiyot yo‘lida sobitqadamligi bilan boshqalarda havas uyg‘otadi. Dunyoda tan olingan aksar taraqqiyot modellari zamirida milliy ma’naviyat – yetaklovchi kuch ekani bejiz emas.

 

Aslida, taraqqiyot qonuniyatlari barcha xalqlarga birdek xos bo‘lib, birov ulardan saboq olib, rivojlanish istiqbollarini ta’minlasa, boshqalar o‘z qadriyatlaridan mosuvo qolib, turg‘unlik girdobiga botadi. Millat tafakkuri va ruhiyatidagi holatlarni o‘rganish, xalqning ijtimoiy sa’y-harakatlari, ma’naviy mo‘ljallari, erkinlikka mayli, shuningdek, jamiyat tabiatiga ta’sir ko‘rsatuvchi illatlar, ijtimoiy omillarni tadqiq etish taraqqiyot istiqbollarini oldindan belgilab olish imkonini beradi. Bunday ilmiy tajriba fan doirasida allaqachon tadqiqot obyektiga aylanib ulgurgan. Zotan, insonning his-hayajoni, g‘azab-nafrati, sabr-qanoati, sevgi-muhabbati, sadoqat-vafosi, g‘ayrat-shijoati, iymon-e’tiqodi, jasorat-mardligi, ilm-ma’rifati jamiyatning axloqiy qiyofasini belgilab berguvchi unsurlar ekani sir emas. Ma’naviy asoslari mustahkam bo‘lgan jamiyat har qanday islohotni ro‘yobga chiqarishga qodir kuchga aylanadi. Inson ijtimoiy mavjudot o‘laroq jamiyatda muayyan funksiyalarni bajaruvchi va targ‘ib etuvchi subyekt sifatida davlat va uning siyosatiga bevosita ta’sir o‘tkazadi. Bu ta’sirning ijobiyligi ham yuqorida sanab o‘tilgan fazilatlar darajasiga bog‘liq. Bu ‒ masalaning bir tomoni. Ikkinchi tarafdan, insonning ruhiy sog‘lomligi jamiyatda shakllangan va qaror topgan ijtimoiy munosabatlar bilan ham uyqash-tutash keladi. Sog‘lom jamiyat asoslari yaxshini – yomondan, foydani ‒ ziyondan, halolni – haromdan, ezgulikni – yovuzlikdan, do‘stni ‒ dushmandan farqlash salohiyati bilan ajralib turadi. Demak, avvalo quyidagi dolzarb savollarga javob topish kerak:

 

Jamiyatda qanday qadriyatlar ustuvor?

 

Fuqarolarni qanday manfaatlar birlashtiradi?

 

Davlatsiyosati inson ehtiyoj-talablari bilanuyg‘unmi?

 

Adolattarozisiningposangisito‘g‘rimi?

 

Odamlar ma’rifiyintilishlarda yakdil­hamjihatmi?..

 

Bu savollarga javoblar jamiyatning umumtafakkuri, ma’naviyatini ifoda etib, ijtimoiy psixologik muhitni tashkil qiladi. Inchunin, davlat tirik mavjudot yanglig‘ milliy ma’rifatdan to‘yinadi, uni qayta ishlab boyitadi, jamiyatga tatbiq etadi – bu esa jamiyat rivojiga xizmat qiladi. Boshqacha aytganda, hokimiyat adolatli-yu, xalq ma’rifatsiz bo‘lsa yoki xalq ma’rifatli-yu, hokimiyat adolatsiz bo‘lsa, ijtimoiy muvozanat buziladi.

 

Abu Nasr Forobiy bobomiz jamiyatning ma’naviy xastaligiga nopoklik va mustamlakachilikni sabab qilib ko‘rsatgan (Abu Nasr Forobiy. Fozil odamlar shahri. Toshkent, “Xalq merosi”, 1993. 29-bet). Shu ma’noda, hayotda davlat ‒ zolim, xalq ‒ jabrdiyda bo‘lmaydi. Ertaklardagina shunday tasvirlanadi. Aslida, xalq qanday bo‘lsa, davlati ham unga munosib keladi.

 

Milliy-axloqiy qadriyatlar turg‘un yoxud to‘liq shakllanmagan jamiyatda fuqarolarning muqim ijtimoiy pozitsiyasi haqida gap ham bo‘lishi mumkin emas. Ma’naviy ildizlaridan uzilgan jamoa ko‘proq tashqaridan kiritilgan yoxud yaratilgan “qadriyatlar” itoatida yashaydi va birlashadi. Ma’naviy ildizidan uzilgan jamiyat – u ba’zan hatto zamonaviy nom ila “demokratik” deb sifatlansa-da – olomonlikka ko‘proq mos keladi. Bunday jamiyatda insonlar utopik orzular va ijtimoiy afsonalarga ishonib yashaydi. Turli chalg‘ituvchi mavzu-masalalar kundalik ongda sog‘lom fikrni siqib chiqaradi. Omma real voqelikka intilmaydi, ro‘yolarga asir bo‘ladi. Ular, sirtdan qaraganda, beozor miflar bo‘lib ko‘rinsa-da, olomonni ulug‘lash, hokimiyatni ilohiylashtirish jamiyatning yetakchi mafkurasiga aylanadi (Арендт Х. Вирус тоталитаризма // Новое время, 1991, № 11).

 

Ommaviy psixologiya individual psixologiyani qabul qilmaydi. Demak, bunday jamiyatda shaxslar yashay olmaydi, jon saqlab qolganlari ham vaqt o‘tib umumiy oqimga qo‘shilishga majbur bo‘ladi. Faylasuf Sa’dulla Otamurodov ta’rifiga ko‘ra, insonlarning muayyan millatga mansub ekanini ommaviy tarzda anglab yetmasligi, anglashni istamasligi yoxud millatga mansublikdan voz kechishi oxir-oqibatda ulug‘ qadriyatlardan mahrum bo‘lgan olomonni yuzaga keltiradi. Olomon – milliy his-tuyg‘ular, ma’naviy go‘zallik, ulug‘vor maqsadlar atrofida uyushish ishtiyoqi, milliy-ma’naviy joziba, kuch-qudrat va ilhom bag‘ishlovchi olijanob tuyg‘ular, sevgi-muhabbat, hamkorlik, og‘ir vaziyatda g‘amxo‘rlik, qo‘llab-quvvatlash, birodarlik va o‘zlikdan mahrum, parokanda holda hayot kechirishga mahkum insonlardir (Otamurodov S. Globallashuv: millatni asrash mas’uliyati. Toshkent, “O‘zbekiston”, 2018. 7-bet). To‘g‘ri, olomon hodisasi bu – jarayon emas, olomonlashtirishga qaratilgan maqsaddir. Unda insonni o‘zligidan mahrum etishga qaratilgan ko‘plab omillar va “mutaxassis”lar ishtirok etadi. Ustoz faylasuf bu masalaga global muammo sifatida qaraydi va ayni choqda, bunga olib borishi mumkin bo‘lgan ma’naviy-milliy qusurlarga e’tibor qaratadi. Tarixchi olim Qahramon Rajabov xushomadgo‘ylik va maqtov, laganbardorlik va dabdababozlik qon-qonimizga singib ketgani, “suyak suradigan” ijtimoiy kasallikka aylangani, XXI asrning dastlabki ikki o‘nyilligini bosib o‘tgan bo‘lsak ham qullik va mutelik psixologiyasidan to‘liq xalos bo‘la olmaganimiz haqida kuyunib yozadi (Rajabov Q. Nazir Rajabov. Toshkent, 2021. 3-bet). Demak, oqil hamda zakiy millat o‘laroq o‘zimizni vaqti-vaqti bilan taftish etib turishimiz lozim va lobid.

 

Dunyodagi jarayonlarni kuzatsak, ma’naviy illatlarni ijtimoiy kuchga aylantirgan “fuqaroviy ta’limot” zamirida yashirin katta siyosat mavjud ekaniga amin bo‘lamiz. Ularning siyosiy, iqtisodiy hamda jamoaviy boshqaruv murvatlari allaqachon shakllantirilgan va ma’naviyati zaif jamiyatlarga tatbiq etilayotir. Forobiy bobomiz ko‘p asrlar oldin aytgan bashorat bugun ham dolzarb ekanini yangi zamonning o‘zi tasdiqlab turibdi.

 

Olomon odami doimo o‘zidan ko‘ra zaiflarni itoat ettirish-u o‘zidan kuchlilar iskanjasiga tushmaslikka intiladi, chorasiz qolganda esa darhol tobelik izhor etadi. Bunday ruhiyatda barchaning ustidan hukmdorlik qilishga intilish yoki qullikka itoatda bo‘lish hamda fursat kutish xususiyati ustun keladi (Арендт Х. Вирус тоталитаризма // Новое время, 1991, № 11). Mazkur xususiyat fanda “sadomazoxizm” deb ataladi. Sadizm xastaligi boshqalarni o‘ziga tobe qilib, ular ustidan hukmronlik qilishdan lazzatlanish bo‘lsa, mazoxizm azoblardan taskin istamoqdir. Ammo bunday shaxslarning xatti-harakati aksar hollarda turli ezgu g‘oyalar bilan niqoblanadi.

 

Mutlaq hokimiyatga erishgan shaxslarda sadizm xastaligiga chalinish xavfi yuzaga keladi. Hokimiyat – vakolatlarning ko‘pligi, ta’sir kuchining cheksizligi, istaklarning zumda muhayyo etilishi bilan o‘ziga rom qiladi. Albatta, sog‘lom fikrli odam hokimiyatning mas’uliyatini, fuqarolar oldidagi javobgarligini teran his etadi. Sadistga esa bunday mas’uliyat begona. U – ruhiy mayllar qurboni, “hayotbaxsh” og‘u asiri. Shu ma’noda hokimiyatparastlik zamirida, aslida, kuch emas, balki insonning ruhiy zaifligi yotadi. Irodaning zaifligi hokimiyat kuchiga suyanish istagini yanada oshiradi. Psixologik jihatdan olib qaraganda, hokimiyat qudrati shaxsning kuchini emas, uning zaifligini namoyon etadi. Demak, psixologik jihatdan, kuch-qudrat bilan hukmronlik qilish o‘rtasida umumiylik yo‘q. U ko‘proq qobiliyat va salohiyatga suyanadi. “Ojiz odam” deganda biz o‘z hayotini idora etishga qurbi yetmagan insonni ko‘zda tutamiz. Shu sababdan, hokimiyat va kuch, hukmronlik va salohiyat – bir-biriga zid hamda turli-turli tushunchalar. Boshqacha qilib aytganda, zaif insonning borlig‘i hokimiyat resurslariga bog‘liq, kuchli iroda sohiblari esa hokimiyatni o‘zlari yaratadi (Фромм Э. Бегство от свободы. Мос­ква, “Прогресс”, 1990. Стр. 161). Shaxsning individual tarzda mustaqil yashash ko‘nikmasi, qarama-qarshiliklarga javob bera olish hamda o‘z faoliyatini tashkil eta olish salohiyati uning tabiiy hokimiyatini ifodalaydi.

 

Dunyo tajribasidan ma’lumki, ma’naviy xastalikka chalingan siyosiy yetakchilarda haqiqiy vaziyatni anglash, muammolarni tan olish, ayniqsa, kamchilik va nuqsonlarni e’tirof etish nihoyatda og‘ir kechadi; ayrimlari tanqid yoxud yangilikni qabul qilish xususiyatidan mahrum bo‘ladi. Olqishlar, hamd-u sano, yuksak iltifotlar, amrivojiblik – bular narsissizmni chuqurlashtira boradi. Shu vajdan uning atrofida laganbardor, labbaygo‘y, maddoh-riyokorlar to‘planadi. Ustiga-ustak, ana shu xastalik og‘riqlarini qoldirish uchun propaganda mashinasi ‒ matbuot, yozuvchi-shoirlar navbatchilik bilan “shifokorlik” qiladi. Biroq bu “shifokorlar”ning “bemor”ga taqdim etayotgan muolajasi vaqtinchalik malham bo‘ladi, xolos.

 

Ma’naviy xastalik olomon jamiyatini tashkil etuvchi jamoatchilik, ijtimoiy institutlar orasida chuqur ildiz otadi. Ular bir-biriga suyanadi, bir-biridan “ilhom” oladi va o‘zaro “umid” rishtalarini bog‘laydi. Qonunlarning bemalol buzilishi yoki ijro etilmasligi, korrupsion guruhlarning kuchayishi, oshna-og‘aynigarchilik, tarafkashlik bilan shaxsiy manfaatlarni qondirish “madaniyati” olomon jamiyatining falsafasini tashkil qiladi. Unga ko‘ra, fuqaro o‘z tobeligini mahorat bilan namoyon eta olishi lozim. Ma’naviy tubanlik hech kimni taajjubga solmaydi. Olomon jamiyati “qadriyat”lariga sadoqat esa muvaffaqiyat kafolati demakdir. Bu xastalikka duchor bo‘lgan “bemor” uchun mas’uliyat, vijdon, or-nomus, burch, sadoqat, muhabbat kabi axloqiy tuyg‘ular ‒ ortiqcha. Nafs bosh o‘rinda bo‘lgan olomon jamiyatida ajib bir qoida hukm suradi: o‘g‘ri o‘g‘ri emas, qo‘lga tushgan ‒ o‘g‘ri! Qo‘lga tushganlar esa ishonch va sadoqatni suiste’mol qilgan landovurlar sifatida safdan chiqariladi.

 

Olomon jamiyatining oliy mezoni   bu  ‒ sadoqat! Imtiyoz-u mukofotlar hayotning mazmuniga aylanadi. Ularga erishish ilinjida har qanday tubanlikka tayyor bo‘lgan omma ‒ mazkur jamiyat yaratgan “axloq”ning qulidir. Jamiyatning bu toifasi vakillarida g‘oyaviy zamin bo‘lmaydi. Ular uchun qizil bayroq, ko‘k bayroq, moviy bayroq, qora bayroqning farqi yo‘q. “Ko‘tar!” deyilsa bas. Ular shu qadar ojizki, hatto dushmanning ham farqiga bormaydi. Bu esa intellektni o‘ldiradi. Mash’um xastalik asrlar davomida irsiyatga o‘tib, tuzalmas moxovga aylanadi.

 

Olomon jamiyati davlat boshqaruv organlarini falaj holatiga olib keluvchi eng asosiy illatlar bu – hisobotbozlik, majlisbozlik va ulkan nazorat tizimi. Bular xizmatchilarni masalaning mohiyatiga kirib borish va o‘rganish imkonidan mahrum etadi. Mutaxassislik mahorati, malaka va tajriba hisobga olinmaydi. Inson ijrochi, uning fikri, tashabbus va g‘ayrati ortiqcha, u – shu talablar qurboni. Samarasiz yo‘qotilgan vaqt olomon falsafasining mohiyatini tashkil qiladi. Shu tariqa odamlar asosiy maqsaddan chalg‘itiladi, keraksiz mashvarat-u ma’nisiz topshiriqlar bilan ularning sillasi quritiladi. Bunday jamiyatda kelib turgan ne’matlardan mahrum bo‘lmaslik ilinjida tobelikka mukkasidan ketiladi.

 

Olomon jamiyatida oddiy insonlar doimo qo‘rquv va tahlikada yashaydi.  Shunday bo‘lishi kerak, deb qaraladi. Zarur bo‘lsa qo‘rquv muhiti atayin yaratiladi. Zero, tashqi va ichki dushmanlarning qiyofasi jamoaviy tartibotlarni jipslashtirishga xizmat qiladi. Ertangi kunidan mahrum bo‘lgan, o‘z mehnati bilan qadr topmagan insonlar ijtimoiy maqsadlar mo‘ljalini yo‘qotadi, begonalashuv, muammolar oldida yolg‘izlik, alamzadalik kayfiyati ortib boradi. Olomon jamiyatini tark eta olmaganlar tajovuzkorlik, xudbinlik, inkorchilik kabi ruhiy xastalik iskanjasida o‘z vatanlarini yo‘qotadi. Ular shu tarzda tuzumga nisbatan nafratini namoyon etadi. Bunday “isyon” yoshlar o‘rtasida keng quloch yoyib boradi. Erix Fromm bularni “nekrofil alomatlari” deb ataydi. (“Бегство от свободы”, 159-bet). “Nekrofil” atamasi ijtimoiy-siyosiy jarayonlardan uzilgan, qiziqish va intilishi qolmagan, umid va ishtiyoqlari so‘ngan, ruhiyati va ma’naviy olami real voqelikni qabul qilmaydigan, ilojsiz va arosatda qolgan ojiz toifalarga nisbatan ishlatiladi.

 

Xastalikning ikkinchi, zamonaviy belgisi shundan iboratki, vujud qullikdan qutuladi, ammo ruh undan chiqib keta olmaydi. Ya’ni odam o‘zini o‘zi ta’minlay oladi, maqsadlarini mustaqil belgilaydi, ma’naviy olamini ham anglash darajasiga yetib qolgan, ammo nafs va iymon o‘rtasida muvozanat buziladi. E’tiqoddan ko‘ra manfaat afzal ko‘riladi. Moddiy erkinlikni his etgan nafs yanada kuchli ishtiyoq bilan “isyon”ga beriladi.

 

Jamiyatda tuzumlar o‘zgarganda ham qiziq hol kuzatiladi. Shu vaqtgacha axloq va real hayot talablari tanlovida “qovurilib” kelgan inson ‒ endi ozod! Jamiyat ne’matlariga egalik qilishning huquqiy imkoniyatlari keng. O‘tgan tuzum mafkuraviy tazyiqlaridan omon qolgan kemtik, xasta ko‘ngillar erkin iqtisodiy munosabatlardan najot topadigandek go‘yo. Yangi davr talablariga osongina moslashgan toifalar yangi aristokratiyaga aylanadi. Ular uchun eng muhimi – siyosiy elita doirasiga kirib olish, g‘ayriaxloqiy sa’y-harakatlarni mashru’lashtirish. “Marhamat”lardan bebahra qolmaslik uchun or-nomus bir chetga suriladi. Tashqi ko‘rinishi, ne’matlar, siyosiy mavqei... – u erishgan omonat yutuqlarini ko‘z-ko‘z qiladi, o‘zgalardan ustun bo‘lishga urinadi, kibr domiga botadi, havoyi orzularga beriladi. U endi har qanday “musiqa” sadolari ostida o‘ynashga shay – dirijyor, ohang, ritm yoki janrning ahamiyati yo‘q.

 

Telbalar olamiga moslashmoq, e’tirof-u ne’matlardan bebahra qolmaslik ishtiyoqi odamni tobelik sirtmog‘ida saqlaydi. Vaholanki, unda bu qobiqdan chiqish ishtiyoqi ham bo‘lmaydi. Qul vujudi va ruhi bilan qul ekanini anglab, berganiga shukr qilgan bo‘lsa, endigi zamonaviy qul tipining qanoat chegarasi ‒ ko‘rib turganimizdek, ancha cheksiz. U ertaga och qolishdan, martaba va obro‘dan mahrum bo‘lishdan, undan-da navqiron va g‘ayratli “yirtqichlar” ulg‘ayayotganidan mudom tashvishda yashaydi. Xastalik vahimasi har soniya uni xuddi soyadek quvib yuradi. Shu iztiroblardan himoyalanish uchun har qanday g‘irrom va qabih ishdan tap tortmaydi. Kezi kelganda jinoyat va razillik uning ruhiyatiga sokinlik olib keladigan najotbaxsh muolajaga aylanadi.

 

Endi imkoniyatlar ‒ katta, ko‘ngil tusagan ishlarni qilib, “odamlardek yashash” mumkin. Uning uchun shukr, insof, me’yor, diyonat ‒ omilik zamonlari sarqiti. Ideal hayot namunasi sifatidagi orzular olomon jamiyatining kino va san’atida targ‘ib qilinadi. Matbuot va televideniye maishiy, ko‘ngilochar materiallar bilan olomon ishtiyoqini qondiradi, ijtimoiy vazifalar yukidan xalos etadi. Milliy madaniyatdan ko‘ra ommaviy madaniyatga intilish xasta qalblarga malham beradi. Ruhiyatda ulg‘aygan shaytoniy ishtiyoqni qondirish yangi-yangi dozalarni talab qiladi. Musiqiy nolalar qanchalik ajnabiy bo‘lsa, ruhiy parvozlar shunchalik yuksak bo‘ladi. Unda ko‘ngil ishtiyoqlari “tor” milliy qolipdan kengroq, “ommaviy” darajalarga ko‘tariladi. Bunday musiqa shahvoniy hirslarni junbushga keltiradi, mavhum g‘oyalarni singdiradi, olomonlik falsafasini mustahkamlaydi. Hamma narsa ana shu “falsafa” tantanasi uchun!

 

Ma’naviy xasta jamiyat a’zolari o‘z iyerarxiyasini yaratadi, unga kirish uchun mustaqil fikrdan voz kechmoq lozim.  Xabarkashlik olomon jamiyatining muhim talablaridan sanaladi. U xo‘jayinning amalini, orttirgan ne’matini himoya qilish, o‘zga xavf-xatardan doimo ogoh bo‘lish imkoniyatlarini beradi. Shunga xususiylashgan “mutaxassislar” armiyasi shakllantiriladi. Bunday hamkorlikning ikki taraflama manfaatdorligi bor. Qul uchun yuqori iyerarxiyaga chiqish shart-sharoitlari yuzaga keladi. Xo‘jayin esa “raqib”larning belini sindiradi, yo‘llar “tozalanadi”. Yana: tanish-bilishchilik ham o‘tkir himoya vositasiga aylanadi. Iyerarxiya begona fikr va qarash vakillarini davrasiga kiritmaslik, ulardan ogoh bo‘lish, ularni o‘z vaqtida aniqlash, tegishli tashkiliy chora-tadbirlarni joriy etishi lozim bo‘ladi. Bosh masala shundan iboratki, olomon jamiyati ichidan shaxslar chiqmasligi lozim. Shaxslar olomon jamiyatining barqarorligi va yaxlitligiga putur yetkazadi.

 

Olomon jamiyatida ijtimoiy tabaqalar bo‘lmaydi. Ularning barchasi ‒ teng. Otasi ‒ bolasiga, shogirdi ‒ ustoziga raqib. Otasining ustiga, ustozining o‘rniga chiqib olish muayyan ijtimoiy tizim orqali rag‘batlantiriladi. Rahbar o‘z atrofiga o‘zi kabilarni to‘playdi. Qarabsizki, jamiyat abgor holga tushib, bir-birini sotish va mahv etish bilan ovora bo‘lib qoladi. Shu sababdan olomon jamiyatidan chiqqan va uni saqlab turishdan manfaatdor “yangi qatlam” jamiyat rivojidan bahramand bo‘lmaydi. Rivojlanish bu ‒ taqsimlash, baham ko‘rish, demakdir. Bunday yondashuv olomon jamiyati falsafasiga zid. Shu sababdan, avvalo ta’lim, sog‘liqni saqlash, ijtimoiy ta’minot, xo‘jalik sohalari parokanda turmog‘i lozim. Mulklar “eshmat”lar tasarrufidan aslo chiqarilmaydi, “toshmat”larning uni tortib olishga esa qurbi yetmaydi.

 

Ma’naviy xastalikka giriftor jamiyat iskanjasidan chiqa olmay yurgan uchinchi toifa bu ‒ ziyolilar. “Arosatda qolganlar” toifasiga mansub bo‘lmish ziyolilar ham bir qancha ichki toifalarga bo‘linadi. Ular jamiyatning o‘zligini anglagan, ilm-ma’rifatli, ammo e’tiqodini yutib yashaydigan, irodasiga qarshi arosatda yurgan, oqni “qora” deb tasdiqlashga majbur bo‘lgan, ojiz va yolg‘iz qolgan a’zolari hisoblanadi. Narsissizm ijodkor-ziyolilar o‘rtasida ham keng tarqalgan xastalik bo‘lib qoladi. Olomon e’tirofi, imtiyoz-u amallar ‒ aslida iste’dod oldida hech narsa. Moddiy manfaat ilinjida maddohlik qilish ayb emas. U o‘zi haqli bo‘lgan narsalarni da’vo qiladi, xolos. Biroq ularning istak-mayllari ‒ turli-turli, ayni choqda, bir-biriga qarama-qarshi va o‘zaro ziddiyatli hamdir.

 

Bu toifaning ikkinchi guruhi o‘jarlik, qaysarlik va murosasizlik xislatlari bilan ajralib turadi. Ular ‒ o‘z adolati va haqiqatlari bilan tanho. Bu toifadagi “bemor”lar kichik bir g‘oya uchun o‘zini qurbon qilishga tayyor, e’tiqodining  quli. Ular uchun mavjudligiga xiyonat qilish ‒ o‘lim bilan barobar. Ozchilikni tashkil qilsa-da, ular xasta jamiyat uchun shubhali toifalarga kiradi; ular Chexovning “Oltinchi palata”si doimiy mijozlariga aylanadi; “beo‘xshov” qarashlari va “mavridsiz” g‘oyalari bilan jamiyat qolipiga sig‘may qoladi. Holbuki, ayni shu ziyolilar jamiyat ruhiyatini muolaja qilishi mumkin bo‘lgan birdan-bir shifokorlar hisoblanadi. Lekin “saraton” xastaligiga chalingan jamiyat ruhiyati hech qanday ma’rifiy muolajaga tortilmaydi.

 

Taniqli axloqshunos olim va shoir Abdulla Sher biz “xalq” deb ataydigan turli tabaqaga mansub aholini axloqiy jihatdan uch toifaga bo‘ladi: 1) ezgulik bilan ish ko‘ruvchi yuksak va mustahkam axloq egalari, ular aholi ichida taxminan 15 foizni tashkil etadi; 2) ezgulikning ustidan kuladigan, yovuzlikka moyil odamlar ‒ o‘rtacha 25 %; 3) aholining katta qismi, ular kam deganda 60 foizni tashkil etadi – ana shular axloqiylik bilan axloqsizlik o‘rtasidagi simobga o‘xshash o‘ynamol fe’lli odamlar bo‘lib, ularning qaysi tomonga o‘tishi mamlakat-u millat taqdirini hal qiladi. Agar ular ezgulik tomoniga o‘tsa, mamlakat yuksaladi, aksincha, agar yovuzlik tomonidagilarga qo‘shilsa, yurt xarob bo‘ladi (“Shoyad, tafakkur qilsak...” // “Tafakkur” jurnali. 2019-yil, 1-son). Olomon jamiyatida aynan ana shu katta qatlamning 15 foizga ergashib ketmasligi uchun barcha chora-tadbirlar ko‘riladi. Ma’rifatsizlik, savodsizlik, nochorlik sharoitini saqlab turishning barcha usullari qo‘llanadi va bu olomon jamiyati barqarorligini ta’minlovchi birdan-bir imkoniyat hisoblanadi.

 

O‘zbek jamiyatiga kelsak, oxirgi  yillarda ma’naviy xastalikning xalqimizni asrlar davomida tanazzul girdobiga tortib kelayotgan illat o‘laroq idrok etilayotgani milliy ruhiyatni poklash ishtiyoqidan nishona bermoqda. Bugun odamlar ilgarigilarga o‘xshamaydi: ular aytganni qilib, berganga ko‘nib o‘tiradiganlardan emas. Eng muhimi, ijtimoiy tafakkur uyg‘onmoqda. Bosh masala ‒ o‘sha ishtiyoqni ma’rifat va ilm bilan to‘ldirmoqdan iborat. Shunday ekan, jamiyatda milliy qadriyatlarning ijtimoiy asoslarini joriy etish, davlat va jamiyat maqsadlari axloqiyligini ta’minlash, aholi manfaatlariga qaratilgan ijtimoiy islohotlarni izchil davom ettirish, salohiyat va iqtidor ustuvorligini belgilash, samarali hokimiyat tizimini takomillashtirish, adolatli qonunlar va so‘zsiz ijro mexanizmlarini mustahkamlash, zamonaviy ta’lim tizimi, eng muhimi, ezgu amallar rivojini rag‘batlantirib borish sog‘lom jamiyat asoslarini yaratishga xizmat qiladi. Shu tariqa jamiyatda manfaatlarni halol yo‘l bilan qondirmoqning ma’rifiy imkoniyatlari paydo bo‘ladi. Birlikka intilish aholining burchiga aylanadi, fuqarolarda ommaviy mas’uliyat tuyg‘usi shakllanadi. Insonning qadr-qimmatiga bo‘lgan ishonch hayot qiyinchiliklarini mardonavor yengib o‘tishga undaydi. Iroda, or-nomus, burch va mas’uliyat tuyg‘ulari milliy e’tiqodni mustahkamlaydi. Buning uchun esa jamiyatga sog‘lom shaxslar kerak bo‘ladi.

 

To‘lqin ALIMARDONOV

 

“Tafakkur” jurnali, 2022-yil 2-son.

“Olomon jamiyati alomatlari” maqolasi

1 Izoh

Анвар

06:01 / 01.01.1970

Maqola tahsinga loyiq! Bunday maqolalar ko'proq chop etilsa, jamiyatimiz olomonlashuvdan o'zligini anglash, rivojlanish sari qadam tashlarmidik?

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Adabiyot

18:04 / 05.04.2024 0 19315
Yaponiya sotuvga qo‘yiladi

San’at

11:08 / 28.08.2021 8 16391
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi