“Robinzon Kruzo” (1972) filmida qahramon tilidan aytilgan shunday bir jumla bor: “Qayiq dengizga kelmasa, unda dengiz qayiqning oldiga boradi”. Bugun bolalarimiz mingan zamon qayiqlari biz – kattalar istayotgan ta’lim-tarbiya dengiziga bormayotgan ekan, demak, o‘sha dengizning o‘zini ularning yoniga olib borish kerak. Buni amalga oshirishning eng samarali vositalaridan biri esa, shubhasiz, multfilmlardir. Ayni qiziqarli multfilm yordamida bolalar ruhiyatiga, ularning shaxs bo‘lib shakllanishiga katta ta’sir ko‘rsatish mumkinligi bugun dunyo olimlari tomonidan qayta-qayta isbotlanmoqda. Afsuski, bolalarimizni telefon, planshet yoki televizorga o‘zimizning multfilmlar emas, aksincha, turli g‘oyalar singdirilgan xorij animatsion mahsulotlari bog‘lab qo‘ygani bor gap. Beg‘ubor va mitti qalblarni “oziqlantirish” chet el multfilmlariga qolib ketayotgani xavotirli haqiqatdir. Tashvishlanarli tomoni chet el multfilmlarining foyda yo zarari, yutuq yoki kamchiliklarida emas, balki nima sababdan hozirga qadar milliy auditoriyani ta’minlashga yetarli milliy animatsion filmlar ishlab chiqilmayotgani, nega tarbiya urug‘lari qadaladigan, odob-axloq me’yorlari singdiriladigan, mehr-oqibat, rahm-shafqat, do‘stlik kabi insoniy sifatlar, millat tushunchasi, vatanparvarlik tuyg‘usi shakllanadigan yoshdagi farzandlarimiz uchun milliy multfilmlar tanqisligi hamon muammoligicha qolib kelayotgani bilan bog‘liqdir!
Vaholanki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 7-avgustdagi “Milliy kinematografiyani yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-3176-son qarori 2-bandida 2020-yildan boshlab har yili 50 tadan multiplikatsion filmlar ishlab chiqish topshirig‘i belgilangan. Qariyb 4 millionga yaqin to‘rt yoshgacha bolalar va 3,5 millionga yaqin 5–9 yoshdagi bolalar yashayotgan yurtimiz uchun, aslida, 50 ta mulfilm ham juda katta ko‘rsatkich emas. Shunday bo‘lsa-da, davlat rahbari tomonidan qo‘yilgan vazifani to‘liq amalga oshirish, ya’ni yiliga 50 tadan multfilm ishlab chiqarish orqali bolajonlarimizga ulkan yaxshilik ulashilgan, xorijning turli ta’sirga ega mahsulotlariga kunimiz qolmagan bo‘lar edi. Biroq mavjud vaziyat shuki, yurtimizda yiliga loaqal 10 ta multfilm ishlab chiqarish ham muammoli masalalardan bo‘lib turibdi. To‘g‘ri, yillik hisobotlar yoki yirik anjumanlarda multfilmlar soni ancha oshirib-toshirib ko‘rsatilayotgan bo‘lishi mumkin, lekin bu bilan faqat o‘zimizni, aniqrog‘i, qora ko‘z bolalarimizni aldayotganimiz qolyapti, xolos. Agar amalda mana shu raqamlardan ortiq multfilmlar yaratilayotgan bo‘lsa, ochiq platformalarga qo‘yilsin va haqiqatan ularning borligiga ishonaylik. Afsuski, hech bo‘lmaganda Kinematografiya agentligining rasmiy sahifalarida ham bu haqida ma’lumot topish amrimahol.
Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 28-dekabrdagi 1030-son qarori bilan tashkil etilgan “Multiplikatsion filmlar studiyasi” DUK faoliyati ko‘p o‘tmay (07.04.2021-yil, PQ-5060-son qaror bilan) to‘xtatilgach, O‘zbekistonda multfilmlar ishlab chiqish xususiy studiyalar bilan shartnomaviy asosda amalga oshiriladigan bo‘ldi. Lekin baribir qancha va qanday multfilmlar yaratish kerakligini hal etish masalasi moliyaviy dastakni o‘zida saqlab turgan davlat zimmasida qolmoqda. E’tiborli jihati shundaki, davlatning o‘zi animatsiya sohasini ma’naviy taraqqiyotni ta’minlovchi vosita sifatida tan olyapti. Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 28-yanvardagi “2022–2026-yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasi to‘g‘risida”gi PF-60-son Farmoni 1-ilovasi V bo‘limida shunga urg‘u berilib, milliy multiplikatsiya industriyasini shakllantirish, animatsion filmlar ishlab chiqarishga yosh multiplikator va animatorlarni keng jalb qilish zarurligi alohida qayd etilgan. Shu bois, bugungi milliy animatsiyamiz ahvoli haqida multiplikatsiya sohasida o‘n yildan ortiq faoliyat yuritib kelayotgan iste’dodli yosh animator, “Astir animation” studiyasi rahbari, “Eng yaxshi animatsion film” yo‘nalishi bo‘yicha 2021 va 2022-yilgi “Oltin Xumo” milliy mukofoti sovrindori, “Xasis baqqol”, “Sayyoh”, ko‘p qismli “Avtosarguzashtlar” va “Buyuk Ipak yo‘li bo‘ylab sayohat” singari 3D formatdagi multfilmlari bilan tanilgan Abdulatif Haydarovning fikrlarini bilishga qiziqdik va shu orqali milliy animatsiyaning rivojiga, multfilmlarning son va sifat jihatidan ko‘payishiga to‘sqinlik qilayotgan muammolar qaysi omillar bilan bog‘liqligi va ularning yechimi qayerda ekanligi to‘g‘risida ma’lum xulosalar chiqarishga harakat qildik.
Abdulatif Haydarov: Bolalar chet davlatnikiga o‘xshash multfilmlar ko‘rishni xohlayaptimi, ularda nima bor!? Birinchi afzallik, sifati judayam yuqori, ranglar judayam yorqin va o‘zgacha bir deformatsiyadagi, bolani hayron qoldira oladigan kutilmagan qahramonlar bor ularda. Buni O‘zbekistonda ham qilish mumkin. Bizda “Mutaxassislarimiz yo‘q yoki bizda unaqa rivojlanmagan” deyishadi, necha yildan beri shunaqa gaplarni eshitamiz. Mutaxassis ham bor, topiladi, faqat e’tibor kam desam to‘g‘riroq bo‘ladi. Agar o‘zimizning mahsulotlar ko‘proq bo‘lsa va ularni ko‘proq bolalarimizga ko‘rsataversak, bu yaxshi ma’noda bolalarga ta’sir o‘tkazadi. Hech bo‘lmaganda chetdan to‘g‘ridan-to‘g‘ri kirib kelayotgan mahsulotlardan qisman bo‘lsa-da, bolalarimizni himoya qila oladi.
Ijodkorning kadrlar masalasiga oid qarashlari ham ommanikidan farq qiladi, shu sohaning baland-pastini ko‘rgan, bilgan amaliyotchi sifatidagi fikrlari e’tiborli.
Abdulatif Haydarov: Kadrlar yo‘q yoki kadrlar kerak, degan masalaga men sal boshqacha fikrdaman. Deylik, o‘sha kadr o‘qidi, bitirdi, lekin o‘sha soha bo‘yicha ish yo‘q bo‘lsa yoki biror bir multfilm ishlab chiqarilmasa, kadrning nima keragi bor. Mening fikrim ko‘proq amaliy ishga e’tibor berish. Mayli, boshlang‘ich narsani bilsin-da, haqiqiy multfilmda ishlasin, mana shu yerning o‘zida (ya’ni multfilm ishlab chiqiladigan studiyada) o‘qigandan ko‘ra, o‘n baravar ko‘proq va tezroq bilim oladi. O‘zimda ko‘p sinadim, masalan, nechta yangi kelgan bolalarni haqiqiy loyihaga kiritamiz, birinchi shok holatida bo‘ladi, nima qilishni bilmaydi, keyin yo‘l-yo‘lakay o‘rgatib ketiladi. Bitirib keladi, lekin multfilmda umuman ishlamagan, u joylarda ham amaliyot kam bo‘lgandan keyin baribir studiyada boshqatdan o‘rganadi, tajriba oshiradi. Ularning ham aybi emas bu, faqat amaliyotni ko‘paytirish kerak, o‘qishdami, studiyadami farqi yo‘q, haqiqiy loyiha ishida qatnashsa, ko‘proq o‘rganadi.
Men o‘zim ko‘pincha mutaxassislarni biror animatsion loyiha tugagandan keyin 5–6 oygacha multfilm ololmay qolganimizda yo‘qotaman, keyin yana boshqatdan tayyorlaymiz mutaxassislarni, ular ham bitta loyihada oxirigacha ishlab yo ishlamay, bu sohada pul topish qiyin ekan, degan tushunchaga keladi. Chunki uzilish ko‘p, bitta multfilmni ishlash bilan ikkinchisining o‘rtasida uzilish bo‘ladi, o‘sha paytda mutaxassislar boshqa yo‘nalishga qarab o‘tib ketadi, ularni ham to‘g‘ri tushunish kerak, shunchaki yuravermaydi-ku. Bizda hali animatsiya rivojlanmagan ekan deyishadi, xuddi birov kelib rivojlantirib qo‘yadigandek, baribir o‘zimizdagilar rivojlantiradi-ku. Faqat men aytadiganim, imkoniyat ko‘p berilishi kerak. Va yana bir narsaki, yoshlarga ishonch yo‘q, “bunga bersak, qanaqa chiqarar ekan” deyishadi, lekin hali birorta loyihani berib ko‘rmagan, bermasdan turib, “qiloladimi-yo‘qmi” deyishadi. Oxir-oqibat bermaydi ham, qildirmaydi ham, imkoniyat berilmagach, sohaga endi kirib kelayotgan bo‘lajak mutaxassislar ham bu yo‘nalishdan uzoqlashadi. Lekin qiziqish bilan kirib keluvchilar oqimi judayam katta, o‘zimda ko‘p uchraydi.
Ushbu fikrlardan kalavaning bir uchi topilgandek, demak, mutaxassis bor, xohish-istak bor, faqat ularni yuzaga chiqarishga xizmat qiladigan imkoniyat yo‘q. Imkoniyat degani esa, shubhasiz, mablag‘ga borib taqaladi. Shundan kelib chiqib, bitta multfilmga o‘zi qancha pul sarflanishiga qiziqdik.
Abdulatif Haydarov: Bir sekundlik mahsulot tayyor bo‘lishi, misol uchun, hozirgi kunda 200–300 ming so‘mdan 1 million so‘m oralig‘ida. Shundan hisoblash mumkin 10 sekundiga qancha bo‘ladi, 1 minutiga qancha. Lekin aytilgan xarajat bo‘yicha multfilmning o‘ziga shuncha ketmaydi, ya’ni 15 foiz QQS yana qaytadi, 12 foiz daromad solig‘i, yana ijtimoiy soliqlar, bunday qarasangiz, 30–40 foizi yana qaytib ketadi. Mana, chet davlatlarda ko‘ramiz, o‘sha eng mashhur studiyalar, Disney deymizmi, Piksar deymizmi – bitta studiya daromadi ancha-muncha davlatning bir yillik daromadiga teng, ya’ni xarajatdan tashqari daromaddan shuncha foyda ko‘rishyapti, taxminan bitta katta multfilmga 200 mln dollar sarflayapti, 1 mlrd dan ko‘p topishyapti. Ularnikini ham aytish mumkin, nima hammasi zo‘r chiqyaptimi deb, yo‘q, ularning ichida ham omadsizlari bor, lekin ular bunga ko‘z yumadi, chunki zararini boshqasi qoplaydi, o‘shalarni ichidan yaxshi chiqib qolganlarini biz ko‘ryapmiz, ya’ni u yerda ham zarariga kirgan, omadsiz loyihalar bor, busiz bo‘lmaydi. Shuning uchun imkoniyat ko‘p berilishi kerak, moddiy tomondan zarariga yoki foydaga ishlaydiganlari bo‘ladi, harqalay o‘ntani ichidan yaxshi narsa chiqadi-ku baribir, hech bo‘lmasa ikkita yaxshisi chiqsin. Bizda yaxshi mutaxassis yo‘q deb shu ikkitani ham ishlamay o‘tiraversak, vaqt o‘tgani va orqada qolganimiz qoladi.
Deylik, kun kelib mas’ullar milliy animatsiyani rostdan ham rivojlantirish kerakligi, bolalar qalbiga hozirdan ezgulik va halollik urug‘larini qadash orqali jamiyatdagi ertangi ko‘plab muammolarning oldi olinishi mumkinligini tushunib qolishsa-yu katta-katta mablag‘larni shu sohaga yo‘naltirishni boshlasa, multfilmlar qanday talablarga javob berishi kerak, ularning asosiy xususiyatlari nimalarda aks etishi zarur degan savollarga ham oydinlik kiritdik.
Abdulatif Haydarov: O‘ylashimcha, birinchi navbatda, multfilm bolani jalb qila olishi kerak. Jalb qilib, tomosha qilishga majbur qildingizmi, uning ichida keyin aytilmoqchi bo‘lgan fikrni yetkazish, ya’ni toza va tiniq fikrlarni o‘shaning ichida berish kerak. Agar bolalarga faqat nasihat qilsak, ular ko‘rmaydi, ochig‘i, faqat gap bilan aytaversa ham bo‘lmaydi. Ularga yoqqan narsalarni qilib beraylik, deylik, o‘sha harakatlarda-yu ranglarda, ko‘rinishlarda bolalar xohlayotgan narsalar bo‘lsin, ichida esa ota-onalarimizga yoqadigan urf-odat, xarakter yoki tarbiyaviy jihatlar bo‘lsin.
Ishlanayotgan multfilm voqeasini bola ko‘chada ko‘rsin yoki ko‘chada ko‘rgan narsasini multfilmda ham ko‘rsin, ya’ni hozirgi zamon bilan hamnafas bo‘lsin. Multfilmda bolalar o‘zi ishlatayotgan narsalarni ko‘rsin, ya’ni bolalar tiliga yaqinroq bo‘lsin. Hozirgi paytda, misol uchun, 4–5 yoshli bola nima haqida gaplashyapti, o‘sha narsa multfilmga kiritilsin. Bir so‘z bilan aytganda, hozirgi bolalarni jalb qilish uchun multfilmda ularga yaqinroq narsalar bo‘lishi kerak.
“Har kim o‘z ishini qilsin” degan so‘zlarni ko‘p eshitamiz. Bu, albatta, to‘g‘ri gap. Lekin o‘z ishini qilishga yetarli sharoit bo‘lmasa yoki shunga imkoniyat berilmasa, har qanday mutaxassis ham o‘z ishi bilan jiddiy shug‘ullana olmaydi. Nafaqat o‘zimizning auditoriya, balki xorij maydonlariga, eng nufuzli mukofotlarga loyiq darajada milliy multfilm ishlashga tayyormiz deb turgan ishtiyoqmand ijodkorlar bugun nimalarga o‘ralashib qolganini ham intervyu bahona bilib oldik.
Abdulatif Haydarov: Bitta narsaki, menda multfilmni tayyorlashdan ko‘ra buyurtmalarni topish, hujjatbozlik ishlariga ko‘p vaqtim ketib qoladi, ya’ni doimiy bir xillik bo‘lmagani uchun shunaqa ishlarga ko‘p vaqt ajrataman, undan ko‘ra bizga: “Mana multfilm, hammasi tayyor, sizlar faqat ishlanglar” deyishsin. Kuchimizning taxminan 30–40 foizini ishlatyapmiz, qolgani esa ana shunaqa keraksiz yugur-yugurlarga ketib qolyapti. Bizdan ko‘proq foydalanish kerak.
Bolalarimiz ertasiga befarq bo‘lmagan har qanday insonda milliy multiplikasiyamiz haqida savollar tug‘ilishi tabiiy, nima uchun bizda multfilmlar kam ishlanadi, qachon chet elniki bilan raqobatlasha olamiz va yana shunga o‘xshash savollar!? Nazarimizda, bularning barchasiga javob bitta xulosada yashiringan: multiplikatorlarga ko‘proq imkoniyat berilishi kerak, ularni moddiy va ma’naviy jihatdan qo‘llab-quvvatlash kuchaytirilishi zarur. Yo‘qsa, shu kabi savollarni yana o‘n yil o‘tib ham beraveramiz, muammolarimiz ham “eski hammom, eski tos”ligicha qolaveradi. Agar muammolar ildizini moliyaviy imkoniyatlarga bog‘laydigan bo‘lsak, buning ham o‘ziga xos yechimlarini topish mumkin, albatta.
Xususan, har bitta davlat organi o‘z yo‘nalishidan kelib chiqib, hech bo‘lmaganda yiliga bitta multfilmga buyurtma bersa, bir kunlik to‘ydek o‘tib ketadigan yuzlab tadbirlarga sarflanadigan xarajatlarning loaqal bittasini yurtimiz kelajagi bo‘lgan, ertangi davomchilarimiz hisoblangan bolajonlarimiz uchun multfilm ishlashga yo‘naltirsa, animatsiya ishlab chiqarishdagi moliyaviy tanglik holati sezilarli darajada hal qilingan bo‘lar edi.
Deylik, Mudofaa vazirligi o‘z faoliyati bilan bog‘liq vatanparvarlik mavzusida, Diniy qo‘mita ham kichik yoshdagi bolajonlar qalbiga iymon-e’tiqod tushunchalarini to‘g‘ri singdira oladigan diniy-ma’rifiy yo‘nalishda, Madaniyat va turizm vazirligi esa yurtimizning behisob qadamjolari va tarixiy madaniyatga boy maskanlari haqida multfilmlar buyurtma qilishlari mumkin. Xuddi shu singari boshqa tashkilotlar ham bir yoqadan bosh chiqarib, harakat qilishsa, o‘sha tashkilot rahbarlarining o‘zi ham buning samarasini, foyda-yu ta’sirini o‘z farzandlari yoki nevaralari misolida ko‘rishar edi, ya’ni sarflangan mablag‘lar aylanib kelib, baribir shu millat bolalari uchun xizmat qilgan bo‘lardi. Ehtimol, shu yo‘l bilan mazmunli, ibratli va qiziqarli multfilmlarimiz ko‘payib, bolalarimiz mingan zamon qayiqlarining biz – kattalar xohlayotgan ta’lim-tarbiya dengiziga chiqib olishiga yanada kengroq imkoniyatlar ochilgan bo‘larmidi!?
Aziz MATYOQUBOV suhbatlashdi
Suhbatning videotasvirini ushbu havola orqali tomosha qilishingiz mumkin.
Adabiyot
Til
Adabiyot
Adabiyot
Jarayon
Til
Til
Jarayon
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Tarix
Tarix
Din
San’at
//
Izoh yo‘q