Oydin opam – O‘zbekiston xalq shoiri, ustoz ijodkor Oydin Hojiyeva, taqdir taqozosi bilan anchadan buyon yotib qolgan edilar. Lekin she’rlari matbuotda, kitob holida nashr qilinib turgani uchun, televideniye, radio to‘lqinlarida suvratlarini ko‘rib, ovozlarini eshitib turganimiz bois, bundan ham ko‘proq – biz “Saodat” jurnalining jamoasi u kishini tez-tez yo‘qlab turganimiz tufayli Opani hamisha faoliyatda his qilardik. Ular biz uchun avvalgi yillarda bo‘lganiday mehribon ustoz, samimiy maslahatgo‘y, jonkuyar do‘st edilar. Hayot ekan-da, Ollohning irodasiga bo‘ysunmay ilojimiz yo‘q. O‘zi to‘g‘ri deb bilgan paytda berganiday, to‘g‘ri deb bilgan soatda olib ketar ekan. Opani olib chiqib ketganlaridan so‘ng izlarida farzandlari qatori bo‘zlab qolar ekanmiz, yotgan karovatlari – bo‘m-bo‘sh karovatlariga qarab yuragimizga bir bo‘shliq “huv” etib kirganday bo‘ldi. Sovuq bir shamolni his etganday bo‘ldik. Nahot yana bir oldimizni shamollardan to‘sib turgan qo‘rg‘on ketdi? Halima opamlardan so‘ng o‘zi atrofimizda izg‘irinlarni his qilib, sovqata boshlagan edik. Yanami... Opalarimiz hayot paytlarida biz singil edik, shogird edik. Adabiyotda, she’riyatda qizlar haqida sal bundayroq gap oralasa, ular javob berishardi. Mas’uliyat ularning gardanida edi.
– Nahot endi biz Opa bo‘lib qoldik, ustozlik yuki yelkamizga tushdi... Biz bu yukni ular ko‘targandek ko‘tara olamizmi...
Sharifaxon ikkovimiz quchoqlashib, shunday deya bo‘zladik...
Oydin opamiz bu yukni halollik bilan ko‘targan insonlardan biri edilar. Men ustozni o‘ylaganimda eng avvalo “Shoir” degan ta’rif esimga keladi. Ha, Oydin Hojiyevaning kimligi, eng avvalo, she’riyatida namoyon edi. Shoira xalq og‘zaki ijodini juda yaxshi bilar, bolaligidan doston-u ertaklarni ko‘p o‘qigan, bu uning she’riyatida chiroyli aks etardi. “Satrlaringiz xuddi o‘ynoqi kuylarga raqs tushib kelayotganga o‘xshaydi”, derdim yangi she’rini o‘qib berganlarida.
Yor yengina gulkashta
Bo‘lsammikan-o...
Bilaguzuklarin rashki
Kelsamikan-o...
Dayrobodda turnami,
Gʻozlarmikin-a,
Yorning biza bayrami
Nozlarmikin-a...
Shoira tabiat tasvirlarini juda o‘ziga xos bir tarzda, qalbga yuqadigan bir tarzda beradi. Opani o‘qigach, o‘zing ko‘rgan, bilgan joylaring ko‘z o‘ngingda yarqirab ketadi.
Sap-sariq oltindek tovlanar tomda,
Qoqiga solingan xil-xil nav o‘rik.
Oftobning o‘zi ham ayni qiyomda,
Har zarrasi porloq, zarrasi tirik.
Chumchuq izlab topmas o‘tlar ichida,
Mast uyquda yotar mashshoq chirildoq.
Tikka teraklarning uchi-uchida
Kechki salqin, hatto, bekingan bu choq...
Oydin Hojiyevaning bor ijodi tabiat manzaralaridan iborat emas. “Qirqinchi yillar”, “Qarz”, “Dard” kabi she’rlari, “Najot”, “Ozod so‘z yolqinlari” kabi dostonlarini xalqimizning mashaqqat bilan yashagan yillari she’riy solnomasi, bu yillarning yuraklarga o‘ygan armon suvratlari, deyish mumkin. Oydin opadan adabiyot xazinasiga o‘nlab she’riy kitoblar, nasriy asarlar, tarjimalar, publisistik maqolalar meros bo‘lib qoldi. Bu asarlardagi fikriy teranlik, xalqchillik, go‘zal badiiy ifodalar hali ko‘p adabiyotshunoslar uchun tadqiqot manbalari bo‘ladi. Yana ko‘p adabiyotsevarlarga zavq-u surur beradi. Shoirlikka havasmandlarga namuna bo‘ladi.
Men Opa bilan “Saodat” jurnalida o‘n sakkiz yil birga ishlash baxtiga muyassar bo‘ldim va yaxshi bir maktabning tolibi ilmi bo‘ldim, deya faxr bilan ayta olaman. Ustoz o‘z zimmasiga yuklatilgan vazifaga nihoyatda mas’uliyat bilan qarardilar. Birorta ostyozuvni ham o‘qimasdan imzo qo‘ymasdilar. Ba’zan bizga bu o‘ta injiqlik bo‘lib tuyular:
– Oydin opa... – deb chimirilsam,
– Qutlijon, ruslarda “Ishon va tekshir!”, degan maqol bor. Xafa bo‘lmang, biron narsa o‘tib ketmasin, deyman-da... – derdilar muloyimlik bilan va ko‘pincha haq bo‘lib chiqardilar. Xotiralari juda yaxshiligi, ko‘p o‘qiganligi, ko‘p bilganligi bois ba’zi xatolarni tutib qolardilar.
Opa kabinet odami emasdilar. Salomatligi yaxshi paytlarida, hatto, oyoqlari og‘rigan mahalida ham ko‘p yurardilar. Men bir narsani alohida bir minnatdorlik bilan ayta olamanki, Opa meni respublikamizning barcha shahar-u qishloqlariga o‘zlari bilan birga olib borganlar. Faqat tomosha zallarida emas, paxta dalalarida, cho‘pon otarlarida ham she’r o‘qiganmiz. Ba’zan shoshilayotgan paytlarimizda muxlislar shoirani tinglagilari kelib turishsa ham ustoz:
– Mening mana bu qizim juda yaxshi she’r yozadi-da, tinglanglar-a... – deb o‘z navbatini menga berardilar. Avvalo Xudo, qolaversa, bugun ozmi-ko‘pmi, elga tanilgan bo‘lsam, bunda Oydin opamning katta hissalari bor.
Ustoz o‘zlari sag‘irlikda qiynalib o‘sganlari uchun odamning boshiga ish tushsa, darrov yordam qo‘lini cho‘zardilar. Miraziz aka og‘ir operatsiya bo‘lib, uch oylab boshida o‘tirishimga to‘g‘ri kelgan. Qizlar shifoxonaga ishlarni olib kelishar, yana tayyor bo‘lgach, olib ketishardi. Maoshimni ham xatosiz berib yuborganlar.
Opa aziz ustozimiz Zulfiyaxonimning an’analarini davom ettirib, iste’dodli qizlarning adabiyot maydonlariga chiqib olishlari uchun astoydil g‘amxo‘rlik qilganlar. Ularning tashabbuslari bilan “Saodat” jurnali qoshida “Gulchehralar” gazetasi tashkil qilingan. Bu yosh shoiralar, adibalarning shakllanishi uchun katta adabiy maydon bo‘ldi. Bugun adabiyotimizda o‘z ovozi, o‘z so‘ziga ega bo‘lgan Farog‘at Xudoyqulova, Muxtasar Tojimamatova, Adiba Umirova, Hamroxon Musurmonovalarning qalami “Gulchehralar”da charxlandi, desam to‘g‘ri gapni aytgan bo‘laman.
Opa yaxshi ustoz bo‘lganidek, sadoqatli shogird ham edilar. Hamisha Zulfiyaxonim, Saidaxonim, Muzayyana Alaviya kabi ustozlarini hurmat bilan eslardilar, ular haqida ajoyib xotiralar bitdilar. Xotira kunlari, tavallud sanalarida bizni qabristonga boshlab borardilar.
Ustozlar qabriga guldasta qo‘yardik, “Farzandlari yo‘q, o‘ksishmasin”, deya Maqsud Shayxzodaning ham qabrlariga guldasta qo‘yishni kanda qilmasdilar.
Opa faqat yaxshi shoira emas, yaxshi rahbar, yaxshi ustoz, shogirdgina emas, yaxshi ona va yaxshi ayol edi. Qizlari Malohat professor, olima. Nabiralarida ham ziyolilik davom etmoqda. O‘zbekiston Qahramoni, taniqli adabiyotshunos Ibrohim Gʻafurovga osuda ijod imkonini yaratib berish ham opaning zimmasida bo‘lgan va bu vazifani ham bir o‘zbek ayolichalik ado etganlar.
Bu – mening shoshib yozayotgan bitiklarim ustoz haqidagi xotiralarning debochasi, hali ko‘p yoziladi, ko‘p yozamiz. Ko‘p eslaymiz, ko‘p sog‘inamiz. Adabiyot uchun, iste’dodli yoshlar uchun, ayol, onalar uchun qilgan xizmatlaringiz chin dunyodagi rohatingizga vasila bo‘lsin, bizdan rozi bo‘ling, biz sizdan ming chandon rozimiz.
Qutlibeka RAHIMBOYEVA
Tarix
Jarayon
Tarix
Jarayon
Adabiyot
Ma’naviyat
Til
Jarayon
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Tarix
Tarix
Din
San’at
//
Izoh yo‘q