Sohibqiron Amir Temur ismining turlicha atalishiga doir


Saqlash
16:32 / 28.09.2021 2395 0

Bugun istiqlolimizga o‘ttiz yil bo‘ldi, Mustaqil mamlakatimiz chindan ham shon-shukuh bilan jahonga chiqib bormoqda. Yangi O‘zbekistonda tarixni yangicha kashf etish davom etib, yangicha qarashlar paydo bo‘lyapti. Shunday bir paytda jahonda biz haqimizda, aniqrog‘i, bizning tariximizga, ulug‘ bobolarimizga, xususan, Sohibqiron Amir Temurga qanday qarashlariga bir nazar tashlab o‘tishni lozim topdim. Jahon matbuotida Amir Temur haqida pozitiv qarashlar ko‘payib, boshqa mamlakatlarda anjumanlar o‘tkazilib, ularda O‘zbekiston olimlari ishtirok etayotgani Amir Temur haqidagi haqiqatni dunyoga yoyishda minbar vazifasini o‘tayapti desam, mubolag‘a bo‘lmaydi. Bu quvonarli hodisa! Chunonchi, Rossiyaning “Аргументы и факты” nomli dunyoga mashhur gazetasi tarixda birinchi marta bobomizning ismini to‘liq yozib, “Амир Темур: узнат и отсенит” nomli katta maqola e’lon qildi. Unda Amir Temur davlat arbobi, reformator (islohotchi) sifatida talqin etildi. Sohibqironni reformator, uning nomini “Temur” emas (hatto o‘zimizda ham shunday deguvchilar bor!) balki hurmat bilan to‘liq “Amir Temur” deb yozdilar, u haqda yozganda, albatta, “bilib, keyin baho berish kerak”ligini ta’kidladilar.

Lekin bosqinchi mafkuraning uzoq yillar davomida Amir Temurga, demakki tariximizga munosabati qanchalar salbiy bo‘lgani doim esimizda turishi lozim.

 Yashirishning hojati yo‘q, jahonda chiqadigan turli kitoblarda, darslik va ensiklopediyalarda, ommaviy axborot vositalarida ataylab noto‘g‘ri, asosan, soya tashlaguvchi ma’lumotlar ko‘plab chop etildi, targ‘ib-u tashviq qilindi, bu hol davom etyapti.

Gapni cho‘zib o‘ltirmay, misollarga murojaat qilamiz. Tasavvur to‘laroq bo‘lishi uchun avvalroq nashr etilgan mashhur kitoblarni varaqlaymiz. Mana, qo‘limizda 1901-yilda bosib chiqarilgan F.A.Brokgauz va I.A.Yefronlarning mashhur “Ensiklopedik lug‘at”i o‘ttiz uchinchi tomi. “Temur (Tamerlan)”, deb yoziladi unda. – Jahonning buyuk jahongirlaridan biri. 1336-yil 11-martda(?) Buxoro xonligida yoki uning chekkarog‘ida Kesh (hozirgi Shahrisabz)da tug‘ilgan. Turklashgan barulas degan mongol qabilasidan... (“Turklashgan barlos qabilasi” degan ibora ana shunday paydo bo‘ldi. Ammo bu fikr qayerdan olinganligi aytilmaydi. Bu yog‘i surishtirilsa, barlos urug‘i o‘zbeklarda ham bor-ku). Temur Chingizxondan katta bilim sohibi ekanligi bilan ajralib turadi. ...Temur o‘z ona (turk) tilidan tashqari fors tilini ham bilardi. ...O‘zi faol ishtirok etib qurdirgan bino-imoratlari ko‘p. Ularda (Temurning) nozik didi, san’atni teran anglashi ko‘rinib turadi...”

 O‘ttiz tomlik “Britannika ensiklopediyasi” (1902) 23-tomida shunday ta’rif beriladi: “Temur. Temur Bey yoki Temur Lang, “Oqsoq Temur” – buzilib Tamerlan bo‘lgan – mashhur Sharq jahongiri... Uning otasi Tarag‘ay barlos qabilasining boshlig‘i bo‘lgan…” (399-bet). Shu kitobning uchinchi tomida Bobur haqida o‘qiymiz: “Baber. Zahiri-ad-din Muhammad… Nomi yo‘lbars yoki Baber, Hindistonning mashhur jahongiri va Mo‘g‘ul(?) sulolasi asoschisi... Chingizxon va Temurning avlodi…”

“Oksford Referens dikshioneri” (1986) kitobining sakkiz yuz o‘ttiz sakkizinchi beti: “Tamerlan (vafoti 1405), Temur lenk yoki lang (Oqsoq Temur), XIV asr oxiri XV asr boshlarida Osiyoning katta qismini zabt etgan mongol podshosi. Hindistonda mo‘g‘ul sulolasiga asos solgan...” (Ana xolos! – M.A.) “Babur (1483-1530) Tamerlanning avlodi bo‘lgan birinchi Mo‘g‘ul imperatori(!). U 1523-yilda Hindistonga bostirib kirib Oksusdan Patnaga qadar joylarni zabt etdi...”

Nyu-Yorkda nashr etilgan “O‘quvchining bezakli ensiklopediyasi” (1989): “Tamerlan… Tamburleyn yoki Taymur ham deyishadi(?). Mongol jahongiri. U o‘zining ko‘chmanchi o‘rdasini Markaziy Osiyodagi poytaxti Samarqanddan to Eron, Turkiya, Rossiya va Hindistongacha bo‘lgan katta maydonlarga boshlab bordi...” Bobur haqida: “Ba-ber yoki Ba-bar yoki Ba-bur, asil ismi Zahiriddin Muhammad. Hindistonning mongol jahongiri. Chingizxon bilan Tamerlanning avlodi... Hindistonda 1857-yilgacha hukm surgan mo‘g‘ul sulolasiga asos soldi...”

“Kolumbiya ensiklopediyasi” (1993) bunday yozadi: “Tamerlan yoki Temur – Mongol jahongiri... Samarqandga yaqin Keshda tug‘ilgan. …Uning ijobiy yutuqlari odamlar uchun san’at, adabiyot, ilm-fan va bunyodkorlik ishlarini qo‘llab-quvvatlash bilan bog‘liqdir...” “Babur (turk. yo‘lbars) Hindistondagi mo‘g‘ul imperiyasi asoschisi… U Tamerlan va Chingizxon avlodi...”

Endi o‘ttiz tomlik “Yangi Britannika ensiklopediyasi”ga nazar tashlaylik. Shuni aytish lozimki, ushbu nashr ilk marta 1768-yilda amalga oshirilgan. Biz 1994-yilda chiqarilgan o‘n beshinchi nashri haqida so‘z yuritamiz. “Temur… Temur Lenk, yoki Temurlenk (turkcha: “Temur oqsoq”). Inglizcha: Tamerlan yoki Tamburleyn… Islom diniga mansub turk jahongiri... Asosan, vahshiyona urushlari tufayli eslanadi...” “Babur (arabcha: yo‘lbars) Hindistonda mo‘g‘ul sulolasi asoschisi va imperatori, mongol jahongiri Chingizxonning, shuningdek, Temurning avlodi...”

“Rendom Xaus vebsters” (Nyu-York, 2000-yil): “Tam-yer-lan (Temur Lenk) – Janubiy va G‘arbiy Osiyodagi tartar jahongiri... Samarqandda hokimlik qilgan. Yana uni “Tamburleyn, Taymur, Temur” deb ham ataydilar...” Boburni bu yerda ham mo‘g‘ul sulolasi asoschisi deb ta’riflaydilar.

1829-yildan birinchi marta nashr qilina boshlagan o‘ttiz tomlik “Amerikana ensiklopediyasi”ning 2001-yildagi nashrini varaqlaymiz. “Temur… Chingizxon imperiyasini tiklamoqchi bo‘lgan Markaziy Osiyolik jahongir... Turklashgan mongol barlos qabilasiga mansub...” “Babur… Hindistonda mo‘g‘ul sulolasi asoschisi. “Yo‘lbars” ma’nosini berguvchi mongolcha so‘zdan Babar yoki Baber ham deyishadi. Chig‘atoy turk bo‘lgan Babur Temur (Tamerlan) va Chingizxon avlodidir...” (Fursatdan foydalanib, Bobur Mirzo haqidagi ma’lumotlarni ham ko‘rib qo‘yish foydadan holi emas, deb hisobladik – M.A.)

Fikrimizcha, jahon afkor ommasi tez-tez foydalanib turadigan yuqoridagi kitoblardan keltirilgan misollar yetarli deb o‘ylaymiz. Chamasi, mazkur nashrlarni tayyorlaganlar qo‘l ostida mavjud bo‘lgan manbalarni boshqalariga solishtirib o‘ltirmay foydalanib qo‘ya qolganlar. Yo‘q esa, Amir Temur ayni bir paytda ham mongol, ham turk, ham tartar (ya’ni Oltin O‘rda, oqibatda – mongol) jahongiri bo‘larmidi? Ismi ham Tamerlan, Tamburleyn, Timurlenk, Taymur, Temur, Temur oqsoq va hokazo shakllarda berilarmidi? Hatto, bundan yigirma yilgina oldin AQShda Nyu-Yorkda chiqqan yuqorida keltirilgan nashrda, uning nomi “Tamerlan” deb olinadi, keyin “Temur deb ham ataydilar” deb ta’kidlanadi. Uning nomini “Temur” ham deb atashar emish! Yoqangni ushlaysan kishi. Holbuki, jahonda keng tarqalgan Klavixoning mashhur kitobida Kastiliya (Ispaniya) elchisi olti yuz yil avval ayni shunga e’tibor berib, avlodlarni bunday ogohlantirgan edi: “...Tamurbekning haqiqiy ismi Tamurbek, zinhor biz atab yurganday “Tamorlan” emasdir. Tamurbek – temir bek (sen’or) deganidir. Tamorlan (degan nom) bek sha’niga to‘g‘ri kelmaydi, agar uni kamsitmoqchi bo‘lsalar shunday ataydilar, chunki Tamorlan – oqsoq deganidir...” (Rui Gonsales de Klavixo. “Samarqandga Temur saroyiga sayohat kundaligi”. I.S.Mirokova tarjimasi, M., 1990. 69-bet)

“Amerikana ensiklopediyasi”dagi maqola Jon Endryu Boyl (Manchester universiteti) qalamiga mansubdir. Muallif qanday manbalardan foydalanganligi ham hammamiz uchun qiziq bo‘lishi tabiiy. Maqola uchun ma’lumotlar Jin Du Bekning “Buyuk imperator Tamerlanning tarixi” (1597), Rene Grussening “Sahro saltanati” (1970-yil nashri), Beatrisa Manzning “Tamerlanning davlati va parvozi” (1989), David Nikollening “Mongol sarkardalari: Chingizxon, Qubilayxon, Xulagu, Tamerlan” (1990), Georgiy Vernadskiyning “Mongollar Rossiyada” (1953) kitoblaridan olingan... Ko‘rinib turibdiki, muallif asl manbalardan yiroq, uchinchi-to‘rtinchi manbalarga murojaat qilgan. Tasavvur uchun birgina misol keltirdik, xolos.

Xullas, bunday qaralsa, Amir Temur va Zahiriddin Muhammad Boburlarning ortidan go‘yo izlovchisi yo‘q, ular haqida kim nima bilsa shuni yozaverganday taassurot qoladi. Nima uchun, Sezar, Iskandar, Chingizxon yoki boshqalar haqida jahonda hamma ensiklopediyalarda bir xil ma’lumotlar berilib, nomlari hurmat bilan bir xil yoziladi-yu, Amir Temur haqida xuddi Klavixo aytganday, kamsitmoqchi bo‘lganday xilma-xil nomlar, ta’riflar keltiriladi?.. Tarixiy baholar ham xilma-xil beriladi?..

Bunday munosabatga ortiq yo‘l qo‘yib bo‘lmasligini anglab yetishimiz kerak. Nazarimizda, O‘zbekiston Fanlar akademiyasi, Xalqaro Amir Temur xayriya jamoat fondi va Temuriylar tarixi davlat muzeyi shu masalaga bag‘ishlab maxsus xalqaro konferensiya o‘tkazishlari va Amir Temurga uning vatanidagi yangicha qarashlar zamiridan kelib chiqib, yagona nuqtayi nazarni barqarorlashtirish, bir xillashtirish (identifikatsiyalash), Sohibqiron ismini “Amir Temur” shaklida to‘liq olish va jami axborot vositalarida bir xil berilishiga, ilmiy muomalaga kiritilishiga erishishlari lozim. Konferensiyaga o‘z tarixchilarimiz bilan birgalikda xorijiy olimlarni va mamlakatimizda mavjud elchixonalar xodimlarini taklif etish maqsadga muvofiqdir.

Muhammad ALI,

                                                 Xalqaro Amir Temur xayriya jamoat fondi raisi, O‘zbekiston xalq yozuvchisi, professor

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi

Adabiyot

16:11 / 22.11.2024 0 85
Maktab amma

Adabiyot

15:11 / 20.11.2024 0 272
Abdulla Qodiriy – o‘zbek detektivi asoschisi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

San’at

16:08 / 28.08.2021 8 22083
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi

//