“Eskirgan” ota-ona, toʻqilmay qolgan oʻrmak, yolgʻiz yonmaydigan gugurt – ijtimoiy tragediya va goʻzal melodrama qorishuvi boʻlmish “Yakshanba” filmi taassurotlari


Saqlash
16:35 / 18.05.2023 2279 0

 

Soʻnggi vaqtlarda oʻzbek filmlarining oʻta mualliflik yoki oʻta ommaviy tarzda olinishi tomoshabinni ekrandan uzoqlashtirib qoʻydi. Omma saviyasiga tushib borayotgan rejissyorlar olqishlanib, fikrini qatma-qat rebus tarzida beruvchi kinoijodkorlar soyada qolib keta boshladi. Bu esa oʻzbek kinematografiyasida pasayish, ochiqroq aytadigan boʻlsak, tomoshabinga biror maʼlumotni boʻyab-bejab yetkazuvchi hujjatli filmsifat kartinalar davri boshlanib ketgandek taassurotni uygʻota boshlagani ham bor gap. Balki shu bois Shokir Xoliqovning “ikkiqatlamli” tarzda suratga olingan “Yakshanba” filmi kino mutaxassislar va tomoshabinlarda birday iliq taassurot qoldirdi. Oyina.uz muxbiri ularning kino haqidagi taassurotlari bilan qiziqdi.

 

Ayub SHAHOBIDDINOV, kinorejissyor, ssenarist:

 

Samimiylik rejissyorning eng muhim sifati. Tomoshabin film koʻrib, yigʻlagisi kelarkan, qahramonlarga qoʻshilib hayajonlanarkan, bunga shu his sabab boʻladi. “Yakshanba”da shu samimiylik, hayotni bilish bor. Filmni koʻrib, bir oʻzbek, bir oʻgʻil sifatida Shokirning ayol qahramoni oldida vijdonim qiynaldi. Ayni shu hol juda katta narsa, juda katta taassurotni beradi tomoshabinga. Bugun ayni zamonimiz emas, balki, yoppasiga tarix, “ur-sur” tarzidagidagi filmlar ishlanayotgan bir vaqtda ushbu film kinoyimizga toza havo olib kirgandek boʻldi. Kinematografiya agentligidan yiliga ikki-uchta “Yakshanba” kabi filmlarni suratga olishga imkon berishini soʻrardim. Shunda oʻzbek kinosida katta burilish boʻladi, deb oʻylayman.

 

Kartinada juda koʻp motivlar bor. Menga eng yoqqan jihat – asarni ijtimoiy tragediya deya koʻrarkansiz, ichida goʻzal bir melodramani ham tortiq qiladi rejissyor sizga. Asar insoniylik haqidagi film boʻlgani uchun na rassom, na operatorga eʼtirozim yoʻq, chunki asosiy gʻoya yetkazib berilgan. Yana bir narsani taʼkidlashni istardim, filmda yolgʻizlik, bir maromdagi hayot tasvirlangani bilan turmushning pozitiv tomonlar ham koʻp koʻrsatilgan. Yangi davr kirib kelgani, stereotiplar oʻzgara boshlagani, chekka joylarda ham zamonaviy standartlarga oʻtilayotgani kabi oʻzgarishlarni koʻrasiz unda. Shuning uchun   finalda qahramonlar hayotini yanada yaxshi koʻrsatishga hojat yoʻq. Yakunning shu tarzda qolishi tomoshabinga koʻproq narsa beradi.

 

 

Zabarjad BOBOJONOVA, sanʼatshunos jurnalist:

 

Shokir Holiqov goʻzallikni oddiylikdan topadi. Filmlari – samimiy, tabiiy, jimjimalardan holi. Uning eʼtiborini tortgan oddiyatlar yuragingizni chimchimay oʻtmaydi. Bolaligimda buvimning bobomga munosabatini hech tushuna olmasdim. Bir qarasa bir-biri bilan mutlaqo ishi yoʻq kishilarga, bir qarasa adashib yashayotgan begonalarga, arazlab olsa yovlarga oʻxshab ketardi... Lekin dasturxonga tortilayotgan tansiq taomlarni nevaralaridan oldin “boboy”iga ilinar, bozorga tushsa cholini oʻylab, oʻzini unutardi. Bobom oʻtgach, buvim ham koʻpga bormadi. Shundagina ularning tushunarsiz munosabati eng chiroyli, ohorsiz muhabbat boʻlganini angladim.

 

Filmda voqealar dinamikasi soddalikdan murakkablikka qarab oʻsib boradi. Gugurt topolmay, qoʻshnisidan yondirgich (zajigalka) soʻragan momo barmogʻini kuydirib oladi. Film soʻnggiga qadar har bir yangilangan buyumdan momoning yuragi, dili, nihoyat hayot shamining kuyib, soʻnishigacha yetadi. Buyumlariga qoʻshilib, oʻzlari ham eskirib borayotganini tushungan chol va kampir munosabatlarida haqiqiy romantikani koʻrish mumkin. Suvogʻi koʻchgan uy devorlari, kapoti yopilmaydigan Moskvich, oq-qora televizor, tugmachali telefon, shovqinidan uyqingiz qochadigan muzlatgich... hamma-hammasida ularning oʻzlari yaratgan, soʻzsiz anglaydigan MUHABBATi yashayapti. Negadir filmdan (biz oʻrganib qolgan standart) jamiyat ogʻriqlarini qidirishni ham yoki uning baxtli yakun bilan tugashini ham xohlamadim. Yoʻqsa, undagi men topgan tabiiylikka putur yetardi. Hammasi boricha, holicha goʻzal. Farzandlar munosabatida yasamalik yoʻq. Ular ham oʻz nazdida ota-onasiga yaxshilik, yengillik, qulaylik sogʻinadi. Shunchaki ularning olami – begona... 

 

 

Film ramzlarga boy. Qahramonlar koʻp gapirmaydi. Har bir ramzning oʻz matni, aytadigan gapi bor. Film tugagach, ana shular siz bilan ketadi. Rejissyorning boshqa ishlari kabi bu asar finali ham siz kutganday, siz qoʻrqqanday emas. Film davomida cholning ahvoli ogʻirlashib, omonatini avval u topshirsa kerak, deb oʻylaysiz. Har bir “xayrlashuv”ni chol ogʻir oladi, ogʻriqni esa momo... Garchi bunday ogʻriqlarning yonginasidan kunda oʻtsak-da, ekran orqali uni boshqacha his qildik. Bir yarim soat davomida voqealar asosan hovli ichida sodir boʻldi, hamma narsa ana shu hovlidagi detallar atrofida birlashdi. Lekin... chol aytgan oxirgi “eski narsa” (kampiri) ham tark etgach, chinakam qadriyat momo ekanini tushunib, oʻzi ham eskirganini tan oladi, kamera qahramon bilan birga asta hovlidan uzoqlashadi. Shokir Holiqov biz uzoqlashayotgan, uzoqlashtirayotganlarni koʻrsatdi...

 

Shohrux ABDURASULOV, sanʼatshunoslik fanlari boʻyicha falsafa doktori (PhD):

 

 

Shokir Xoliqov... Ochigʻi, koʻpchilik oʻzbek kinosining kelajagini shu yigit timsolida tasavvur qilayotir. U suratga olgan “Choy”, “Dilemma” singari qisqa metrajli filmlar yer sharini kezib, turli festivallarda gʻolib deb topildi. Ammo Shokir toʻliq metrajli film yaratib, katta kinoda ham oʻzini isbotlashi lozim edi va nihoyat, oʻsha uzoq kutilgan film ekranga chiqdi: “Yakshanba”.

 

Dabdurustdan eshitilganda, bu nom tomoshabinga filmning mavzusi va gʻoyasi haqida hech narsani ochiqlamaydi. Haftaning yakuniy kuni. Xoʻsh, nima qilibdi? Lekin kartinaning qatlariga kirganingiz sari oʻsha jumboqu savollar yechila boshlaydi. Rejissyor ikki qariya timsolida inson hayotining yetti kunlik kechmishida yuz beruvchi turfa kechinmalar, hissiyotu evrilishlarni misli musavvirdek chizadi, epizodlar goʻyo “ipga terilgan marvarid”dek gʻoyat did va tartib ila tizilganki, biror lahza film oqimidan chiqqingiz kelmaydi. Vaholanki, kartinada tomoshabinni ekranga mixlaydigan favqulodda qiziqarli syujet yoʻq, bori yoʻgʻi qishloqdagi cholu kampirning bir-biriga samimiyati, muhabbatu sadoqati va boshqa pokiza, ichkin tuygʻularini koʻrasiz. Kaminaga maʼqul jihati, Shokir faqat kino tilida soʻzlaydi, qahramonlarini huda-behuda gapirtirib, aktyorlarni ham, tomoshabinni ham charchatmaydi, filmda asosan tasvirlar, nigohlar, detallar, sukutlar “tilga kiradi”. Asli haqiqiy kino shunday boʻlishi kerakku! Rejissyorning topilmalariga alohida toʻxtalmoq lozim. Bugungi zamonning tezobini koʻrib turibmiz. Vaqtida qabul qilinmagan yangilik jamiyat uchun fojiaga aylanmogʻi ayni haqiqat. Umr shomiga yetib qolgan cholu kampir uchun eski narsalarning qadri boʻlak: daqqiyunusdan qolgan tandiru oʻchogʻ, televizor, telefon, muzlatgich, otameros kulba. Oʻgʻli yelib-yugurib, yangisini badastir qilsada, qariyalar, ayniqsa, cholning avzoyi ochilmaydi. Ular uchun loy tepkilashu oʻrmak oʻgirib, gilam toʻqish avloroq. Yangicha hayot urfiga moslasholmaslik alal-oqibat fojialargada sabab boʻladi: gaz plitani yoqmoq ilinjidagi chol boshidan jarohatlanadi yoinki plastik kartaning kodini bilmagani bois kampiri uchun zarur dori-darmonni vaqtida keltirolmaydi.

 

 

Shokir Xoliqov va ijodiy jamoaning yutuqlarini eʼtirof etgan holda, ayrim mulohazatalab oʻrinlarni ham aytib oʻtsak. Rejissyorning topilmalari zoʻr, oʻrnida ishlatilgan, biroq, ohorli emas. Masalan, inson psixologiyasini u koʻradigan televizor dasturlari orqali ochib berish jahon va oʻzbek kinematografiyasida anchayin keng tarqalgan topildiq. Tarkovskiy, Bergmann, oʻzimizdan Yolqin Toʻychiyev (“Ilova”), Ayyub Shahobiddinov (“Oʻtov”, “Parizod”) filmlarida bunga guvoh boʻlganmiz. Yangicha tafakkur ila maydonga chiqayotgan Shokirdan esa yangi topilmalar kutishga haqlimiz. Gaz plitaning portlashi bilan bogʻliq epizodni ham oʻylab koʻrish kerak. Shaxsan bu lavhada men zamonaviy hayotga moslasholmaslikni emas, qariyalarning soddayu doʻlvarligi ustidan achchiq piching qilinganini koʻrdim xolos. Nazarimda, filmda tugal, mantiqiy yechim yoʻq. Boshdan-oyoq ramzlarga qurilgan kartinaga favqulodda kuchli, falsafiy yakun kerak. Ushbu eʼtirozlarga qaramay, Shokir Xoliqovni katta kinodagi ilk muvaffaqiyati bilan qutlash mumkin. Oʻylaymanki, rejissyor oʻz soʻzini tugal aytganicha yoʻq, uning eng yaxshi filmlari hali oldinda.

 

Najmiddin ERMATOV, “Oʻzbekiston tarixi” telekanali muharriri:

 

Yakshanba – geografik makon kasb etsa, soʻngi manzil, biror jondorga doʻnsa, oʻrmon qoʻynidan xonishi eshitilayotgan haqqush, odamga evrilsa, moʻysafid qiyofasiga kirardi, ehtimol. Ammo u haftani nihoyalovchi oddiy kun boʻldi, odamlar ham undan ortigʻini koʻrolmadi. Kunlar ilmiy tadqiq qilinsa, kultlik ildizlarigada tutashar balki. Shokirning “Yakshanba”sini koʻrgach hayolga shu kabi oʻylar kelaveradi. Chunki, film tomoshabinni shunday holatga tayyorlaydiki, undagi har bir narsa-jarayondan ramz izlashga tushib ketasan kishi.

 

Oq va qora, kun va tun, yoz va qish olam posangisini mudom muvozanatda tutib turadi. Epik xususiyatga koʻra, ular butun olam hodisasini oʻzida mujassam qiladi. “Yakshanba” voqeasi ham ayni ildizdan boʻy choʻzgan, koʻhna va davomli tasavvurga yangi tirqishdan kamera tutgan. Shuning uchun ham uni koʻrgan odam istagiga koʻra, maishiy, ijtimoiy, siyosiy maʼnolar topa oladi, muhabbatni tuyadi. (Men “Yakshanba”dagi muhabbatga avval bir marotaba duch kelganman – M.M.Doʻstning “Dashtu dalalar”ida). Shu oʻrinda bir holatga toʻxtalib oʻtsam, namoyish vaqtida aytilgan va undan soʻng yozilgan bir qancha fikrlarda Shokirdan kino oxirida cholni “oʻldirmaganidan” yozgʻirganlar boʻldi. Biz koʻnikkan kinolarda yuragini changallagan chol, albatta, yakunda oʻlgan boʻlardi, tomoshabin ham rejissyordan oʻzi kutgan yechimni olib shodlanardi. Biroq goh biror keluvchiga, goh kampiriga ichidagi vulqon uchqunini sochib olgan chapani chol hovurini yengillatib yuribdi. Har kuni qoʻyini haydab qirga chiqqanida koʻzdan nari yigʻlab, kengliklarga baqirib, ichini boʻshatib ham kelar, ehtimol. Lekin na oʻgʻillariga ochilib gapira oladigan, na eriga koʻnglini yoradigan, bor sitamini ichiga yutib yashaydigan kampirning oxiri yorilishi “biz yomon yashamadiga” soʻziga suyanib oʻlishi oʻta tabiiy boʻldi va shunday boʻlmogʻi ham mantiqqa xos.

 

Ochigʻi, ayrim kitoblar, kinolar haqida tugashi bilan “sayrab” ketib boʻlmaydi. Chunki, u hali tugamagan, oʻquvchi-koʻruvchi onggida yangi umrini boshlagan boʻladi. “Yakshanba”ni ham shunday asarlar sirasiga qoʻshgan boʻlardim. Film voqeasini bayon qilib, undagi har bir holatdan ijtimoiy va siyosiy maʼno topsa boʻladi, buni eplashyapti ham. Ammo menda uni koʻrishga yana ehtiyoj bor, hali oʻrmakning, loʻlining, bobosini derazadan poylagan ikki bolaning qiyofasidan turli oʻylarga duch kelyapman, chuqur mohiyat izlayapman. Qoʻy qirqimidan boshlanib, qor ichida daraxtga osilib qolgan oʻrmak ipiga eshilgan oʻylar, yondirgichdan rivojlanib uygacha kelgan zamon nafasi, keksa va yosh oʻrtasidagi tafovut suratan ayon, ammo bu surat ortiga berkingan ruhiy evrilishlar iskanjasidan hali chiqib keta olganim yoʻq.

 

 

***

Film taʼkidlangani kabi chol-kampir turmushi misolida insoniyatning “eskirib” borayotgan qadriyatlari, tugab borayotgan, tobora ehtiyoj ortayotgan mehr-muhabbati va ularni mensimaygina kirib kelayotgan yangi odatlari haqida sokin hikoya qiladi. Filmda rejissyor hayqirmaydi, boʻrttirmaydi, rang bermaydi, natijada siz quloqlaringiz bilan emas, qalbingiz bilan sassiz ingroqni eshitasiz, umringiz tuslari koʻrasiz, ogʻir bir oʻyga aylanib qolasiz nihoyat. Namoyishdan soʻng fikr bildirgan tomoshabinlardan biri kartina soʻngida oʻgʻil qaytishini kutganini bildirib oʻtdi. Shokir Xoliqov Kinematografiya agentligi ham shuni soʻrayotgani, kinoning Jasur(qahramonlarning Rossiyadagi oʻgʻli) qaytgach, toʻy-tomosha bilan tugagan varianti ham borligi, ammo u rejissyorning emas, badiiy kengashning yechimi ekani haqida gapirdi. Koʻrinishidan rejissyor bu yakunni istamayotgani aniq, lekin negadir agentlik badiiy kengashi nihoyada odatiy oʻzbek filmlariga xos “happy end”ni istayotgan ekan. Ammo bir narsani taʼkidlash kerak, ayni vaqtda taqdim etilgan variant – yakunda ayolning oʻlimi, azadan bir hafta oʻtmay boshlanib ketgan uy “remont”i, yolgʻiz yongan gugurt, tugamay qolgan gilam – bularning barchasi kinoning shunday tugashini taqozo etadi. Agar kartina toʻy-tomosha bilan tugarkan, bu detallar oʻz ahamiyatini yoʻqotadi, umumiy mantiq buziladi va rejissyor aytmoqchi boʻlgan gap bekorchi hikoyalardan farq qilmay qoladi, nazarimda. Kartina keyingi oyda boʻlib oʻtadigan nufuzli xalqaro festivallardan biriga taqdim etilgan. Unda “Yakshanba” rejissyorning avvalgi ishlari kabi munosib eʼtirofini olsa, balki badiiy kengashimiz film nihoyasini oʻz holida qoldirar. Yana kim bilsin...

 

Feruza XAYRULLAYEVA,

Oyina.uz

 

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi

Ma’naviyat

09:10 / 01.10.2024 0 569
Olimlik va odamiylik uyg‘un ustozlar





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Adabiyot

18:04 / 05.04.2024 0 20444
Yaponiya sotuvga qo‘yiladi

//