Pedofillarga xos ayrim xususiyatlar, jarrohlik va kimyoviy kastratsiya… – bolalarga nisbatan jinsiy zo‘ravonlik bilan kurashishning xorij tajribasi


Saqlash
21:16 / 17.05.2023 2551 0

Yaqinda ketma-ketlikda ro‘y bergan holatlar: Toshkentda o‘n ikki yoshli qizning fojiali o‘limi, Xorazmdagi  voqealar voyaga yetmaganlarga nisbatan jinsiy zo‘ravonlik mavzusidagi muhokamalarning salmoqli ko‘payishiga olib keldi. Ommada talay xato qarashlar, fikrlar kuzatildi, ikkala holatga ham bir nuqtadan qaraldi. Jamiyatda bu masalada bilimning yetishmasligi ko‘rindi, natijada muammo bilan kurashishda to‘siqlar vujudga kelishi mumkin. Oyina.uz kolumnisti ushbu mavzuning ko‘pchilikka noaniq, xato tushuniladigan va e’tibordan chetda qoladigan tomonlari haqida bosh qotirdi.

 

Tarixda pedofiliya deyarli doim mavjud bo‘lgan esa-da, unga jiddiy e’tibor va tadqiqotlar 1980-yillardan boshlandi va asosiy izlanishlar AQShda amalga oshirilmoqda. Shuning uchun matnda foydalanilgan ma’lumotlar ham asosan ushbu davlatda o‘tkazilgan tadqiqotlar va hisobotlarga doir. Pedofillarning umumiy tarqalishi noma’lum, biroq taxminlarga ko‘ra ushbu ko‘rsatkich umumiy aholi soning 5 foizini tashkil etishi mumkin. Albatta, bu o‘z nomi bilan taxmin, asl miqdor bundan ko‘proq bo‘lishi mumkin. Bir hisobotda ma’lum qilinishicha pedofillar sodir etgan jinoyatlarning atigi 29 foizi qo‘lga olingan. Bunga bir necha sabab bo‘lishi mumkin: atrofdagilar munosabatidan xavfsirash, qattiq qo‘rquv yoki jinoyatchining yashirinishga muvaffaq bo‘lishi.

 

Pedofil deganda xayolimizga bizda ko‘pchilik taniydigan Chikatilo kabi manyaklar keladi. Biroq pedofillar faqatgina bolaning maktabdan chiqishini poylab o‘tiradigan turqi sovuq chol yoki jinnixonadan qochgan jinsiy zo‘ravon emas. Pedofil qarindoshingiz, do‘stingiz, hamkasbingiz, maktab yoki bog‘cha bog‘boni, obro‘li mansabdor, ishbilarmon tadbirkor va shu kabi boshqa oddiy, gumondan tashqari toifa inson bo‘lishi ham mumkin. Qarindoshlar va tanish kimsalar tomonidan bolalarga nisbatan jinsiy zo‘ravonlik alohida o‘rganish va tahlillarni talab qiladi. AQShda e’lon qilingan bir hisobotga ko‘ra, 5 yoshgacha bo‘lgan bolalarga nisbatan jinsiy zo‘ravonliklarning 48,6 foizini qarindoshlar sodir etadi. Bunday zo‘ravonlikning 6-11 yosh oralig‘idagi bolalarga nisbatan sodir etilgan miqdorida 42,4 foizi, 12-17 yosh oraliqdagilarga nisbatan esa 24,3 foizi qarindoshlar tomonidan amalga oshiriladi. Oilaning yoki bolaning tanishlari tomonidan sodir etilgan jinsiy zo‘ravonlikning yosh toifalariga ko‘ra taqsimoti esa bunday, 5 yoshgacha 48,3 foiz, 6-11 yoshda 52,9 foiz, 12-17 yoshlilarda esa 66 foiz.

 

Pedofillar tarkibi masalasida ham bizda ayrim yanglish fikrlar mavjud, masalan pedofil deganda deyarli barchaning ko‘z oldiga qanday ko‘rinishidan xoli ravishda erkak kishi gavdalanadi. Albatta, bunday fikrning kelib chiqishi tabiiy hol, ya’ni, aniqlangan holatlarning deyarli barchasi erkaklar tomonidan sodir etilgan. Biroq ishonish mumkinki ayollar orasida ham pedofillar uchraydi, hatto o‘ylaganimizdan ko‘proq darajada. AQShning jinsiy jinoyatlar bo‘yicha federal ma’lumotlariga ko‘ra balog‘atga yetmagan bolalarga qilingan tajovuzlarning 6 foizi ayollar tomonidan sodir etilgan. Biroq bu aldamchi raqam bo‘lishi mumkin, jamiyatdagi stigmalar va “o‘g‘il bolacha” qarashlar ko‘p hollarda ayol pedofillarni aniqlanmay qolishiga sabab bo‘ladi. Bundan tashqari pedofillar gomoseksual yoki biseksual bo‘lishi ham mumkin, yosh bolaga jinsiy tajovuz qiladigan katta yoshli erkaklar ham uchraydi, bir necha tadqiqotlarga ko‘ra o‘z jinsidagi balog‘atga yetmagan bolalarga tajovuz qiluvchi katta yoshli odamlarning umumiy pedofiliyadagi ulushi 9-40 foiz oralig‘ida bo‘lgan. Bu kattalar o‘rtasidagi besoqolbozlikdan 10 baravarlab ko‘p degani. Pedofilga jamiyatda iliq qaralmasligi tabiiy hol, uning gomoseksualligi esa nafratni yanada oshirishi ham ma’lum. Bunday jinsiy orientatsiyadagilarning hammasi ham haqiqiy pedofil bo‘lmasligi ehtimol, o‘zining jismoniy kuchi va dadilligi yetadigan qurbonni izlash ortidan bolalarga tajovuz qilishlari mumkin.

 

Yana bir muhim narsa bu pedofiliyaning kasallik ekanligidir, jahon psixiatriyasida tan olinadigan kasallik. Shunchaki shaxsiy fikr yoki tasavvur ortidan boladagi jinsiy jozibaga intilish emas bu. Shuning uchun bolaga jinsiy zo‘ravonlik va pedofiliya o‘rtasidagi farqni bilish muhim. Ma’lumki bola deb xalqaro huquqda ham, milliy qonunchiligimizda ham 18 yoshga to‘lmagan shaxsga aytiladi. Ana endi pedofiliya diagnostikasi uchun e’tiborga olinadigan belgilar (Ruhiy kasalliklar diagnostik va statistik qo‘llanmasining beshinchi nashriga ko‘ra) haqida:

 

        13 yoshgacha bo‘lgan bolalarga nisbatan kuchli jinsiy istak, tasavvurlar;

        Pedofillikning minimal yosh chegarasi 16 yosh, uning harakatlari yo‘nalgan shaxs esa undan kamida 5 yosh kichik bo‘lishi kerak;

        Pedofilik istaklar, tasavvurlar va hatti-harakatlar kamida 6 oy davom etishi kerak;

 

Yuqoridagi belgilardan aniq bo‘ladiki, masalan katta yoshli erkakning 15 yoshli qiz bilan ishqiy munosabati, buning ortiqdan jinsiy yaqinlik qilishi yoki unga jinsiy zo‘ravonlik qilishi pedofiliya emas, qonun va axloq normalarining buzilishi. Bizdagi qonunlarga ko‘ra 16 yoshga to‘lmagan shaxs bilan jinsiy aloqada bo‘lish taqiqlanadi xoh ixtiyoriy, xoh zo‘ravonlik bilan bo‘lsin. Pedofiliya esa ichki ruhiy buzilish, xuddi shaxsiyat buzilishlari kabi. Umuman olganda pedofiliya shaxsda boshqa ruhiy buzilishlar va og‘ishlar bilan ko‘proq uchraydi. Tadqiqotlarga ko‘ra, pedofillarning taxminan 43 foizida C klasterdagi, 33 foizida B klasterdagi va 18 foizida A klasterdagi shaxsiyat buzilishlari aniqlangan. Bularning bari pedofiliyaga qarshi kurashish va uni davolashdagi to‘siqlardan biri, chunki xuddi shaxsiyat buzilishlarida bo‘lgani singari pedofillar ham o‘zlarini kasal yoki tamoyillarni buzuvchi sifatida ko‘rmaydi, o‘zini ruhiy sog‘lom baholaydi. Bunday fikrdagi inson uchun esa shifokorga murojaat qilish uchun hojat yo‘qday ko‘rinadi.

 

Pedofilning profili (namunasi)ga oid konkret xususiyatlar hozirgacha aniq emas. Shunday bo‘lsa-da, istisno holatlarini hisobga olib katta yoshli  pedofillarga xos ayrim xususiyatlarni keltirish mumkin:

 

        Ular bolalarni juda yaxshi ko‘rishadi, kattalarga nisbatan ko‘proq bolalar bilan birga bo‘lishga intilishadi;

        Bolalar bilan birga iloji boricha ko‘zdan holi, pana joylarda bo‘lishga harakat qilishadi;

        Aytarli zarurat bo‘lmagan hollarda ham bolalarga sovg‘alar berishadi;

        Sezilarli darajada ko‘p bolalar bilan jismoniy kontaktga intilishadi;

 

Yana bir e’tiborli jihat pedofilning hatti-harakatlari umuman zo‘ravonlik ko‘rinishida bo‘lmasligi ham mumkin. Bunda bir-biridan farq qiluvchi holatlar mavjud, xususan pedofil shaxs o‘z istagini qondirishda faqat jinsiy yo‘llardan foydalanmaydi. Yosh bola jinsiy zonalariga teginish, uni quchoqlash, kiyimlarini yechish, yalang‘och holida tikilish o‘pish bilan ham qanoatlanishi mumkin. Bu, albatta, shaxsni o‘zining harakatlarini nazorat qila olishiga, istaklarning ko‘rinishi va kuchiga bog‘liq bo‘ladi. Bu ishlar mehribonchilik, qayg‘urish niqobi ostida amalga oshiriladi odatda. AQSh Adliya vazirligining boshqa organlar bilan hamkorlikda o‘tkazilgan o‘rganishlari asosida ishlab chiqilgan qo‘llanmasida (1992) keltirilishicha qo‘lga olingan pedofillar o‘zlarining jinsiy aloqagacha yetib bormagan qilmishlari uchun himoya sifatida ushbu usullarni ishlatishadi:

 

        O‘z hatti-harakatlarini noqonuniy yoki axloqsizligini inkor etishadi, masalan “bolani quchoqlash yomonmi?”

        O‘z harakatlarini minimallashtirishadi, ya’ni “bu faqat bir marta sodir bo‘ldi”

        Asoslashga harakat qilishadi – “Men o‘g‘il bolani sevadigan odamman, ularning zo‘ravoni emas”

        Cho‘pchak to‘qishadi, masalan “harakatlarim ilmiy izlanishlar zarurati tufayli edi”

        Ehtimoliy tajovuzdan himoya, turli qo‘rqinchli holatlardan pana qilish.

 

Boshqa bir vaziyatlarda pedofil va bola o‘rtasidagi yaqin munosabat o‘rnatilishi kuzatilishi mumkin. Katta shaxs o‘zini sirdosh, do‘st yoki yor sifatida namoyon qiladi. Bunda birga o‘tkazilgan vaqtlarda, o‘yinlar davomida pedofil o‘z maqsadlarini amalga oshirishi mumkin.

 

Pedofil ayollarning 13 yosh yoki undan kichik bolalar bilan bunday munosabatlari esa yanada sezilmas va murakkabdir. Onalik instinkti va/yoki ko‘pchilikka ma’lum boshqa sabablar fonida bolani o‘pishi, quchoqlashi, cho‘miltirishi mutlaqo sog‘lom va tabiiy voqelik bo‘lib ko‘rinadi ko‘zimizga.

 

Pedofiliyaning sabablari va shakllanishi ham jiddiy munozaralarga to‘la nuqta bo‘lib qolmoqda. U irsiymi yoki atrof-muhit ta’sirida vujudga keladimi, tayinli kelishuvga erishilmagan. Irsiyatning bog‘liqligi boshqa qarindoshlardan meros bo‘lib o‘tuvchi kasalliklar singari aynan pedofil genini tashib o‘tilishi bilan tushuntirilmaydi. Ota-onadagi giyohvandlik, ruhiy va shaxsiyat buzilishlarining ta’siri haqidagina bir qancha fikrlar bor. Klinik jihatdan asoslar topilishi uchun qo‘lga olingan pedofillarda bir qator neyropsixiatrik tekshiruvlar olib borilgan. Tomografiya yordamida o‘tkazilgan o‘rganishlar pedofillarda oq va kulrang moddalarning sog‘lom odamlarga nisbatan sezilarli farqlanishlarini ko‘rsatgan. Shuningdek, miyada ham bir qancha o‘zgarishlar aniqlangan, biroq bu o‘zgarishlar miyaning tabiiy rivojlanishi yoki atrof-muhit ta’siri natijasimi bunisi ma’lum emas. Yana 30-55 foiz pedofillarda impulsiv buzilishlar (masalan piromaniya, kleptomaniya) bilan bog‘liqlik aniqlangan. Tadqiqotlarning ayrimlari pedofillarda aqliy ko‘rsatkichlarning pastligini ko‘rsatsa boshqalari normal ko‘rsatkichlarni qayd etadi.

 

Boshqa bir izlanishlar yakunida qiziq holat aniqlandi, gap shundaki pedofil qanchalik aqliy jihatdan past bo‘lsa uning qilmishi qurboni bo‘lgan bolaning yoshi ham shuncha kichik bo‘lgan. Miya bilan bog‘liq bunday anormalliklarning pedofillarda qanday vujudga kelishi ham chigal masala bo‘lib, bu masaladagi qarama-qarshi fikrlar turlicha. Boshqa bir tadqiqotlarda qo‘lga olingan pedofillarning deyarli hammasi bolaligida jinsiy zo‘ravonlikka uchraganini da’vo qilishadi. Bir tomondan ushbu hisobotlarda haqiqat borday ko‘rinadi, ammo chuqurroq o‘ylansa ushbu ko‘rsatuvlar shubha ostiga ham olinishi mumkin. Qaysi aybdor o‘zini oqlashga, o‘ziga nisbatan atrofdagilarning nafrati va berilishi kerak bo‘lgan jazoni yumshatishga urinmaydi?

 

Pedofiliyani davolash va uning ijtimoiy oqibatlarini oldini olish yo‘lidagi ishlar ham muhimdir. Avvalo davolash haqida, bu masalada eng asosiy va bosh fikr shundayki bu buzuqlikni davolab bo‘lmaydi. Turli ruhiy, kognitiv terapiyalar va boshqa tibbiy amaliyotlar yordam berishi mumkinligi aytilayotgan bo‘lsa-da, bundan tashqari bu fikr ayrim o‘rinlarda o‘z tasdig‘ini topayotganiga qaramay hech qanday kafolat yo‘q. Yana bir tadqiqotda bir yillik ikki yoqlama terapiyadan keyin ham pedofillar orasida bolalarga jinsiy ishtiyoq bildiruvchilar ko‘p bo‘lgan. Pedofiliyadan davolash uchun psixoterapiya, farmokologik terapiya (kimyoviy kastratsiya) va jarrohlik kastratsiyasi qo‘llanilishi mumkin.

 

Psixoterapiya o‘z-o‘zidan ma’lum, asosan suhbatlar orqali olib boriladi va buzilish mavjud odamda fikr, turli metodlar yordamida o‘zgarishga erishish umid qilinadi. Jismoniy kastratsiya (bichish) jarrohlik yo‘li bilan amalga oshiriladi, biroq bugunga kelib qo‘lga olingan pedofillarga majburiy jazo sifatida qo‘llanilmaydi. Faqatgina AQShning ayrim (Texas, Luiziana, Kaliforniya) shtatlarida va boshqa sanoqli davlatlarda balog‘atga yetmagan bolalarga jinsiy tajovuz qilgan jinoyatchilarga qamoq jazosiga muqobil tanlov sifatida taklif etiladi. Kastratsiyaning bu turi eng samarali usul hisoblanadi, biroq kamdan-kam bo‘lsa-da undan keyin pedofillar turli dorilar yordamida o‘zlarining kastratsiya orqali cheklangan gormonlarini qayta tiklab olishga urinishlar haqida ayrim ma’lumotlar bor. Kimyoviy kastratsiya ham ozodlikdan mahrum qilish jazosi uchun alternativa sifatida taklif etiladi va ko‘p davlatlarda qo‘llaniladi. Bunda ishlatiladigan kimyoviy vositalar ham tanada ishlab chiqariladigan testosteron va estrogen gormonini bostirishi orqali natijaga erishiladi, shuningdek jismoniy kastratsiyaga nisbatan nojo‘ya ta’sirlari kam. Biroq ushbu usul vaqtinchalik bo‘lib muntazam ravishda ko‘rikdan o‘tib har yili yangi inyeksiyani olishni talab etadi hamda davlat uchun ortiqcha xarajat bo‘lishi mumkin. Bitta pedofil uchun yillik xarajat bir necha mingdan yigirma ming AQSh dollarigacha yetishi mumkin.

 

Ijtimoiy oqibatlarni oldini olishga kelganda esa asosiy chora jazolarni kuchaytirish, pedofiliyaga qarshi samarali kurashning huquqiy asoslarini ishlab chiqish, rivojlangan davlatlarda aniqlangan pedofillarni ro‘yxatini shakllantirish bo‘lib qolmoqda. Masalan AQShning ko‘plab shtatlarida Jesika qonuni amal qiladi unga ko‘ra 12 yoshga to‘lmagan bolaga jinsiy zo‘ravonlik qilgan shaxs umrbod qamoq jazosi bilan jazolanishi mumkin. Qo‘shma shtatlarda yana bir – megan qonuni mavjud bo‘lib, ushbu qonun jazoni nazarda tutmaydi. Unga ko‘ra ushbu qonun amalda bo‘lgan shtatlarda aniqlangan pedofil shaxsiga oid ma’lumotlarni turli yo‘llar bilan ommaviy tarqatishi kerak. Ushbu norma 1994-yilda 33 yoshli qo‘shnisi tomonidan zo‘rlab o‘ldirilgan 7 yoshli Megan Kanka nomiga qo‘yilgan, qizning ota-onasi, yaqinlari va ijtimoiy faollar pedofil ma’lumotlarining tarqatilishiga qaratilgan qonun qabul qilinishiga erishish uchun harakat qilishgan. Biroq ushbu usulning samarasi haqidagi hisobotlarda turli chigalliklar mavjud, shuningdek ayrim ijtimoiy faollar bugunda ham qonunning foydasidan ko‘ra zarari ko‘proq ekanligini ta’kidlashadi.

 

O‘zbekiston sharoitida ushbu buzuqlik bilan kurashish ham ijtimoiy, ham psixiatrik jihatdan yanada qiyin va chigal muammo. Bizda ushbu yo‘nalishda turli ilmiy tadqiqotlar amalga oshirish uchun sharoitlar yetarli emas. Yuqorida keltirilganimiz turli izlanishlar va tadqiqotlarning deyarli hammasi AQShda olib borilgan. Hatto bizda pedofillar juda kam degan xayollar ham bor. Chunki ko‘p holatlar oshkor qilinmaydi, o‘rganilmaydi. AQSh va Yevropa kabi rivojlangan jamiyatlarda ham bolalarga nisbatan jinsiy zo‘ravonlik yoki buzuq harakatlar qilinganini xabar qilishdan tortinish holatlari uchraydi, o‘zimizdagi holatni tasavvur qilaverish mumkin. “Gap-so‘z” tushunchasi bizda qanchalik kuchli ekanligi hammamizga ma’lum. Pedofilning bolalarga xuruji jiddiy oqibatga olib kelmasa bu voqea hatto ota-ona tomonidan ham ko‘p hollarda ochiqlanmaydi. Toshkentdagi 12 yoshli qizning o‘limiga sababchi o‘sha voqea bo‘lmaganida, pedofil o‘z harakatlarini yengilroq ko‘rinishda (quchoqlash, o‘pish, badaniga teginish, yechintirish) amalga oshirganda hech kim bundan xabar topmasdi, ehtimol. Oila bu voqeani atrofdagilarning munosabatidan qo‘rqib biror joyga shikoyat qilmasmidi?

 

Yana bir jihati bizda ashaddiy zo‘ravon bo‘lmagan pedofillarni aniqlash qiyin kechishi mumkin. Yuqorida aytilganidek pedofillar bolalarni juda yaxshi ko‘radi, ular bilan ehtiyotkor va mehribonlik bilan munosabatda bo‘ladi. Bizning jamiyatda esa bolani yaxshi ko‘rmaydigan unga mehribonchilik qilmaydigan odamlar kam. Bu esa bir qancha murakkablik tug‘diradi, agar shaxsda pedofiliya antiijtimoiylik va sadizm bilan qorishib o‘tkir ko‘rinishga kirmagan bo‘lsa bu yanada qiyin. Shuning uchun ota-onalardan qattiq diqqat-e’tibor, bolani nazoratsiz qoldirmaslik, sergak bo‘lish talab etiladi.

 

Pedofilning harakatlari bolaga jismonan zarar yetkazmasligi mumkindir, lekin ruhiy ta’sir o‘tkazish ehtimoli katta. Yengil harakatlar bo‘lsa va hech qanday zarar bo‘lmagan taqdirda ham, o‘sha shaxs haqida axborot yetkazish lozim. Bu bilan kelgusida boshqalar bilan yuz berishi mumkin bo‘lgan yomon oqibatlarning oldi olinishi mumkin. Huquqiy tomoniga kelsak bizda ( O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksiga ko‘ra) voyaga yetmagan bolaga jinsiy tajovuz yoki ixtiyoriy jinsiy aloqaga nisbatan berilishi mumkin bo‘lgan eng og‘ir jazo 14 yosh nuqtasida. Ya’ni bu chiziqdan past yoshdagi bolalarga qilingan jinsiy yoki buzuq harakatlar alohida ko‘rib chiqilmaydi.

 

Yakunda aytish kerak bo‘lgan eng muhim fikr shuki, pedofiliya bilan kurashda hissiyotlarga berilish va vaqtinchalik choralar ko‘rish deyarli foydasiz. Bunday buzuqlikdan ehtiyotkorlikni hamda unga nisbatan bo‘ladigan har qanday yomon munosabatni xotirjamlik bilan barqaror ushlab turish kerak, pedofiliyaga qarshi kurashish uning fojiali oqibat keltirib chiqarishi yoki nazarga ilinadigan biror voqea sodir bo‘lmagandayam davom etishi kerak. Inson o‘z diqqati va junbushga kelgan hissiyotlarini katta konsentratsiyada uzoq muddat ushlab turishi qiyin, 12 yoshli qizning o‘limidan so‘ng odamlar qanday edi-yu, hozir qandayligining o‘zi katta bir muhokamaga arziydi. Pedofiliya esa doim mavjud bo‘lib kelgan, kecha, bugun va ertaga ham, u bilan bog‘liq ko‘ngilsiz voqeani o‘qisangiz ham o‘qimasangiz ham sodir bo‘lmoqda. Diqqatliroq, hushyorroq, muntazam ravishda qat’iyroq bo‘lish lozim. Bolalarni iloji boricha nazoratsiz qoldirmaslik kerak, ayniqsa uyingizdan uzoqroqqa ketayotganida.

 

Javohir ERGASHEV.

Oyina.uz

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

//