KINOTAVSIYA. “Qush odam” – Mashhurlik ortidagi iztirob va sanʼatkor fojeasi haqida soʻzlovchi film


Saqlash
20:25 / 16.05.2023 1396 1

Alexandro Gonsales Inyarrutining 2014-yilda “Eng yaxshi film”, “Eng yaxshi rejissyorlik ishi”, “Eng yaxshi orginal ssenariy” nominatsiyalarida “Oskar” mukofotini qoʻlga kiritgan “Qush odam” (Birdman) filmi sanʼatkorning yoʻli va fojeasi haqida hikoya qiladi. Kartinani murakkab syujetli deb boʻlmaydi. Qahramon Riggan Tompson 20 yillarcha oldin “Birdman” nomli kinoda bosh rolni oʻynashi ortidan mislsiz shon-shuhratga koʻmiladi. Qizigʻi, filmda Riggan rolini ijro qilgan aktyor Maykl Kiton ham qachonlardir Tim Berton suratga olgan “Betmen” filmida bosh qahramonni oʻynagan va afsonaga aylangan, ammo shundan keyin boshqa jiddiy rolda oʻynamagani sabab tomoshabinlar yodidan butunlay unutilgandi. Iyarruti shu sabab Maykl Kitonni oʻz filmiga taklif qiladi. Chunki Kiton kinoqahramonning iztirobini his etish uchun koʻp kuch sarflamasdi, uning oʻzi ayni shu hayotni yashayotgan edi. Xullas, kartina syujetiga koʻra, bosh qahramon shon-shuhratli davrlarini doimo qoʻmsaydi, oʻz isteʼdodiga, hali sanʼatda noyob nimadir qila olishiga ishonardi. Shu sabab Nyu-York teatrlaridan birida tinimsiz spektakl sahnalashtiradi. Ammo hech omadi yurishmaydi, birorta sahna asari oʻzi kutgan bahoni olmaydi. Endi hamma unga isteʼdodsizligi, asli boshidanoq talantsiz boʻlgani, Birdmanni oʻynash esa shunchaki bir omad boʻlganini taʼkidlayveradi. Xotini tashlab ketadi, giyohvandlikka berilgan qizi esa davolanishdan soʻng otasiga yordamchi boʻlib teatrda ishlay boshlaydi. Lekin u dadasi qilayotgan ishlarni yoqlamas va ahmoqona deb bilishini yashirmasdi. Qiz oʻzini va boshqalarni qiynab qoʻygan xudbin rolida koʻrardi otani. Rigganning oʻzi ham buni inkor etmas, ammo miyasiga oʻrnashib olgan, uni soat sayin yeb bitirayotgan istakdan qutila olmasdi! U doim yillar ortida qolib ketgan “Birdman” – “qush odam” obrazi bilan gaplashardi. Sobiq aktyor oʻziga “qush odam” yordam berayotganiga, xuddi kinodagidek inson qodir boʻlmagan kuch-quvvat hamon unda mavjudligiga qattiq ishonardi. Shuning uchun ham hammasiga qoʻl siltab ketolmasdi.

 

 

Riggan teatrda yana yangi spektakl sahnalashtiradi. Repetitsiya jarayonida jamoaga yosh, Gollivudda shuhrat qozongan, ammo feʼli sabab uncha-muncha rejissyor bilan chiqisha olmagan aktyor kelib qoʻshiladi. Ammo yosh aktyor ham Rigganga davri oʻtganini, teatrda oʻynashga isteʼdodi yoʻqligini va qilmoqchi boʻlgan ishlari tomoshabinga mutlaqo qiziq emasligini aytib mazaxlayveradi. Filmda Riggan va aktyor oʻrtasidagi mana shu ziddiyatda bosh qahramon fojeasi teran ochiladi. Qizi ham otasiga hayotdan orqada qolganini, hozirgi internet zamonida odamlarni har kun nimadir qilib qoyil qoldirish kerakligi, uning hatto ijtimoiy tarmoqlarda sahifasi yoʻqligi, tomoshabin unga qiziqmasligini aytib, yarasiga tuz separdi. Ammo shunday kunlarning birida sobiq yulduz bir vaziyat sabab, koʻchada yalangʻoch yugurishga majbur boʻlib, internet yulduziga aylanadi. Uning videosi daqiqa sayin koʻrilar, foydalanuvchilar aktyor aqldan ozganini aytib kalaka qilishar, kinoyali izohlar yozishardi. Ammo uning qizi holatni yaxshi qabul qiladi, “Hozir odamlar piar boʻlish uchun xuddi shunday qilishyapti”, deydi. Rigganga esa bu aks taʼsir etar, tobora oʻz botqogʻiga tushib boraveradi. Oqibat, oʻziga boʻlgan ishonchi butunlay soʻngan sobiq yulduz teatr direktoridan spektaklni bekor qilishni iltimos qiladi. Biroq chiptalar allaqachon sotilgani uchun rahbar uning iltimosiga koʻnmaydi va Rigganni umidlantirish uchun tomoshaga mashhur kinorejissyor ataylab uning ijrosini koʻrish uchun kelayotganini aytib aldaydi. Qatim nur qidirgan kabi bir umid axtarib yurgan qahramon bu yolgʻonga ishonadi. Aslida ich-ichidan buning aldovligini oʻzi ham sezar, qolganlar unga naqadar achinib boqishidan boxabar, biroq ilinj oʻlmagan edi. Ilinj oʻlishi uchun esa oʻzi oʻlishi lozim – qahramonimiz nihoyat shu haqiqatni anglab yetgandi. Spektakl premyerasi kuni tongda u miyasiga oʻrnashib olgan “qush odam” bilan soʻnggi marta gaplashadi. “Qush odam” unga yana qanchalik nochorligi, xarobligini aytadi, doimgidek mazaxlaydi, lekin keyin rolni mukammal ijro etishiga, bu hayotidagi eng buyuk ijrosi boʻlishiga ishontiradi. Tomosha boshlanib, hamma oʻz rolini qoyilmaqom oʻynay boshlaydi. Spektakl soʻngida Rigganning qahramoni oʻzini otib oʻldirishi kerak edi. Hamma narsadan charchagan Riggan esa sahnaga haqiqiy toʻpponcha bilan chiqadi va oʻzini otadi. Odamlar bir zumga nima boʻlayotganini tushunmay, angrayib qoladi. Keyin esa butun zal oyoqqa turib uni olqishlay boshlaydi. Tomoshadan birinchi boʻlib yugurganicha teatr tanqidchisi chiqib ketadi. U ijroning naqadar mukammalligi, Riggan teatrda “superrealizm” degan yangi yoʻnalishga asos solgani haqida birinchi boʻlib maqola yozishi kerak edi.

 

 

Endi shaharda hamma u haqda gapira boshlaydi, ijtimoiy tarmoqlar super aktyor haqdagi xabarlar va spektakl haqida izohlar bilan toʻladi. Barcha uni olqishlardi. Ammo endi unga bularning qizigʻi yoʻq. Ilk bor “Birdman” rolini oʻynaganida ham boshiga koʻtargan shu olomon edi, keyin bir zumda unutgan ham, koʻchalarda ermak qilgan ham shu odamlar boʻldi. Hozir yana avvalgi shonli pallalari takrorlanyapti, ertaga yana hammasi unutiladi. Shu sabab Riggan kasalxonada koʻzini ochganida (ha, u oʻlmay qolgandi, oʻzini otishdan bir soniya oldin hushidan ketgan, oʻq esa moʻljalda adashib, burnini yalab oʻtgandi), kasalxona yoʻlagi muxbirlar va muxlislar bilan toʻlaligini eshitganida koʻpam hayajonlanmadi. Eng dahshatlisi, biror kim uning sahnada oʻz joniga qasd qilishga va hammasiga nuqta qoʻyishga uringanini payqamagandi. Hamma buni “superrealizm”, ijroni mukammal qilish uchun rol ichiga butunlay kirib ketish deb tushungan va uning mahoratiga tasanno aytardi. Oʻz kasbiga muhabbati va orzusi sabab hayot-mamot jangida qolganini, oʻlib ketishga rozi boʻlganini faqat uning oʻzigina bilardi, xolos. Boshqalar bilganida ham buning ularga qizigʻi yoʻq edi. Film soʻngida Riggan kasalxona derazasidan qush odamga aylanib uchib ketdi. Faqat bu safar manguga...

 

 

Biz buyuk sanʼat asari deb olqishlaydigan har qanday ijod namunasi ortida mahoratdan tashqari, insonning oʻlim ogʻrigʻidek dahshatli azobi turganini hatto anglamaymiz ham. Yoki tushunsak ham allaqachon bahosini olgan sanʼatkorlarga nisbatan bu taʼrifni qoʻllashimiz mumkin, ammo yonimizda shunday odam yashayotgan boʻlsa, biz unga hech qachon munosib baho bermaymiz, aksincha toptashga intilamiz. Ijodkor asarini olqishlayotganlar aslida sanʼatkorning dardini, azobini olqishlayotgan boʻladi. Biroq, tomoshabin faqatgina koʻrib hayratlanishi, olqishlashi mumkin xolos, hech qachon sanʼatkorning azobini tushuna olmaydi. Shuning uchun bir sohada professional boʻlaman, yaratuvchi boʻlaman deganlarga qiyin. Ular bu yoʻlda doimo yolgʻiz. Hamma ham shon-shuhratni, yaratuvchilikni istashi mumkin, ammo ozchilik buning azobiga toqat qila oladi. Va koʻpincha ular kutgan eʼtirof allaqachon azobdan toʻyib, oʻlimni boʻyniga olganida, hayotda hamma narsasini yoʻqotib boʻlgandagina keladi. Ammo endi buning nima keragi bor? Bu qanday taskin beroladi? Kafka “Sanʼat butun borligʻingni bagʻishlashni talab qiladi, shunisi bilan u fojea” deydi. Asli boshqalarning koʻziga shon-shuhratga erishish vositasi boʻlib koʻringan sanʼat mana shu fojealiligi bilan bu dunyoning yashashga, hatto oʻlimga arziydigan maʼnosiga evriladi. Ammo bunda atrofdagilar eʼtirofi juda muhim. Istaymizmi yoʻqmi, sanʼatkor ishi tan olinmas, sanʼat sifatida qadr topmaskan, u oʻz hayotidan rozi boʻlolmaydi. Darvoqe, sanʼatkor oʻzi hayotidan qachon rozi boʻladi, yaratgan asaridanchi? Hech qachon! Chunki oʻlim bilan olishib yaratilgan asar oʻz eʼtirofini olishi bilanoq ijodkor uchun muhim boʻlmay qoladi. Tomoshabin qanday unutsa, sanʼatkor ham yaratgan asarini shunday unutadi. U endi bundan buyukroq nimadir yaratishi kerak. Bu degani avvalgidanda koʻp azob, mashaqqat va ajal bilan qattiq olishuv degani. Shu sabab ham Riggan qush boʻlib uchib ketdi, shu yoʻl bilan bularning barchasiga nuqta qoʻyadi. Boisi bu doimiy istak, izlanish, yaratish hissidan faqat oʻlibgina qutulish mumkin. Inyarruti sanʼatkorning mana shu fojeasini ekranga olib chiqdi, biz olqishlayotgan, havas qiladigan “yulduzlar” shuhrati ortida oddiy inson toqat qilolmaydigan IZTIROB borligini tomoshabinga his qildirdi. Ammo biz ham bu filmni koʻrganda, doimgidek tomosha vaqtidagina qahramonga achinamiz, birozdan keyin esa xuddi Rigganni qachonlardir muxlislari unutgandek esdan chiqarib yuboramiz. Yonimizda ham sanʼat uchun oʻzini oʻlimga tikkanlar bordir, ammo biz ularni koʻrmaymiz. Insonning oʻzgarmas feʼli, hayotning oʻzgarmas qoidalari har joyda, har doim shunday. Buning uchun hech kimni ayblab boʻlmaydi. Ayblolmas ekansiz, dunyoni tuzatib, yaxshiroq qilish ham imkonsiz. Demak, fojea doim mavjud. Sanʼat esa shu fojeamizga koʻzgu tutaveradi.

Tillaniso ESHBOYEVA

 

1 Izoh

Доние'р

12:01 / 01.01.1970

Буу сужетни ман окламайман инсон хайотга бир келади у'зи ва яна у'зи учун оиласи учун яшаши керакк касб хунар ролы буу у'з йу'лигаа бу бизлардан олдингилардан хаам колган кейин хаам колади Одамларни олкиши еки карсакии учун у'з жонига касд килиш буу ахмокликк

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi

Adabiyot

15:11 / 20.11.2024 0 132
Abdulla Qodiriy – o‘zbek detektivi asoschisi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

San’at

16:08 / 28.08.2021 8 22037
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi

//