Tariximizda o‘z davrida mashhur bo‘lgan shaxslar ko‘p, lekin aksariyatining hayoti va faoliyati haqida bizgacha yetarli ma’lumot yetib kelmagan. Bunday shaxslar orasida O‘rta Osiyo hukmdorlari tomonidan boshqa davlatlarga jo‘natilgan mashhur elchilar alohida o‘rin tutadi. Chunki o‘rta asr sharoitida xalqaro yo‘llarda suvsizlik, ochlik, jazirama issiq yoki qahraton sovuqqa dosh berib, qaroqchilar hujumidan qo‘rqmay uzoq safarlar mashaqqatini zimmaga olishning o‘zi qahramonlik sanalgan. Bir necha oydan bir necha yillargacha cho‘zilgan safarlar elchidan kuchli iroda, o‘zga tillarni bilish, chuqur bilim va diplomatik qobiliyat talab etgan. XVIII asrda yashagan buxorolik elchi, yirik savdogar mulla Ernazar Maqsud o‘g‘li ana shunday shaxs bo‘lgan. Mulla Ernazar faoliyati haqida hikoya qilishdan oldin bu davrda xalqaro savdo va haj yo‘llaridagi vaziyat haqida qisqacha to‘xtalsak.
O‘rta Osiyodan yo‘lga chiqqan savdogar va haj ziyoratchilari turli davlatlar hududidan o‘tgan. Ma’lumki, hajga uch yo‘nalish bo‘yicha borilgan: (shimoliy yo‘nalish – Rossiya, markaziy – Eron va janubiy – Hindiston orqali). Begona davlatlar hududidan o‘tishga, siyosiy vaziyatga qarab, ba’zan ruxsat berilgan, ba’zan esa yo‘q. Xalqaro karvon yo‘llaridagi qatnovning qanday bo‘lishi ko‘pincha elchilar faoliyatiga bog‘liq bo‘lgan.
XVIII asrda shimoliy yo‘llardagi turli to‘siqlar O‘rta Osiyo hukmdorlari, hatto ayrim yirik savdogarlarini Rusiya imperatorlari bilan muzokaralar olib borishga majbur etgan. Ana shu vaziyat savdogarlar orasidan tadbirkor, ziyrak, uzoqni ko‘zlaydigan shaxslarning yetishib chiqishiga zamin yaratgan. Jumladan, mulla Ernazar Maqsud o‘g‘li XVIII asrda ikki mintaqani bog‘laydigan manzillardagi to‘siqlarni bartaraf etish yo‘llarini yaxshi bilgan.
Bizda mulla Ernazarning 1762-yili Sankt-Peterburgga Qozoq xoni Nuralixon nomidan elchi bo‘lib borganiga oid tarixiy ma’lumot mavjud. U Rusiya imperatori huzuriga butun Buxoro musulmonlari nomidan shaxsan o‘zi maktub yozib olib kiradi; bilim, tajriba, tadbirkorlik kabi shaxsiy xususiyatlar va jur’at unga kuch bergan edi. U imperatordan buxorolik musulmonlarning Rusiyaga qarashli Orenburg, Astraxan shaharlari va Mang‘ishloq (suv yo‘li bilan) orqali haj qilish uchun Makkaga borishlariga ruxsat so‘raydi (AVPRI. F-109/2, opis-1, d-2, l. 6). Tarixiy hujjatlar mazmunidan 1751 va 1762-yillar oralig‘ida O‘rta Osiyo elchilarining shu mazmundagi iltimoslari rad etilgani, mulla Ernazarning murojaati o‘n yil ichida ilk bor natija berganini bilish mumkin. Keyin ham to umrining oxirigacha, ya’ni 1780-yilgacha uning ham savdogar, ham rasmiy elchi sifatida olib borgan muzokaralari muvaffaqiyatli kechgan.
Mulla Ernazar savdo ishi bilan, shuningdek, rasmiy elchi sifatida Rusiya imperatorlari huzurida ko‘p marta bo‘lgan. U Yelizaveta Petrovna (1741‒1761), Pyotr III, Yekaterina II (1762‒1796) kabi hukmdorlar qabulida bo‘lgan. Rusiya imperiyasi Tashqi siyosat arxivi fondida saqlanayotgan 1762-yilning 6-iyuniga doir bir hujjatda yozilishicha, u 1745-yildan boshlab, yirik savdogar sifatida uzoq yillar davomida rus zaminiga o‘z karvoni bilan qatnab turgan. Deyarli 40 yil davomida imperatorlar, ayniqsa, Yekaterina II bilan savdo ishi yuzasidan faol hamkorlik qilgan. O‘rtadagi ishonch shu qadar kuchli bo‘lganki, hatto u hukmdorlarning shaxsiy topshirig‘iga binoan, “hayoti va mablag‘ini ayamasdan” Buxoro, Hind, Xuroson va boshqa o‘lkalarda bo‘lgan va ularning buyurtmalarini keltirib turgan (AVPRI. F-109/1, opis-1, delo-2, l. 4-5). Hatto imperatorlar buyurgan qimmatbaho toshlarni o‘z shaxsiy mablag‘i hisobidan keltirgan. Bir safar imperator unga O‘rta Osiyodagi rus millatiga mansub qullarni vataniga qaytarish ishi bo‘yicha alohida vazifa yuklagan. Mulla Ernazar shu topshiriqqa muvofiq 21 nafar qul qilingan rus kishisini Buxoro, Xiva shaharlaridan sotib olib, Rossiyaga yetkazgan.
Vatandoshimiz o‘zining mavjud vaziyatga to‘g‘ri baho berish va muammolarni hal qilishda asosli qaror qabul qila olish qobiliyati, shuningdek, O‘rta Osiyo va Rusiya shaharlarini o‘zaro bog‘lagan karvon yo‘llaridagi yo‘lto‘sar to‘dalar xavfini bartaraf etishga doir yaxshi takliflari bilan imperatorni qoyil qoldirgan edi. Chunki shu asosda ayrim yo‘lto‘sar to‘dalarga qarshi kurash borasida samarali natijalarga erishilgan.
Shu xil jasur, tadbirkor savdogarlar vositasida Rusiyaning O‘rta Osiyo va Hindiston bilan tashqi savdo aloqalari rivojlanishi mumkinligini anglagan Yekaterina II 1776-yilda Ernazar Maqsud o‘g‘lining Kaspiy orqali Mang‘ishloq‒Astraxan oralig‘ida qatnab, 5 yil muddatga 10 ming rubl miqdoridagi mollar bilan bojsiz savdo qilishiga ruxsat beradi. Ma’lumki, Mang‘ishloq‒Astraxan oralig‘ida, asosan, Rusiya kemalari qatnab turgan. Bu davrda O‘rta Osiyo savdogarlari Kaspiy dengizining Mang‘ishloqdagi Qarag‘an va Qaboqli bandargohlarida kemalar kelishini kutib uzoq vaqt qolib ketar edi. Tarixiy manbalar savdogarlarning rus hukumatiga Kaspiyda kemalar qatnovini ko‘paytirishni so‘rab tez-tez murojaat qilib turganini tasdiqlaydi. Rus imperatori esa mulla Ernazarga Kaspiy dengizi orqali o‘z mollarini tashish uchun bitta kema sovg‘a qiladi (qarang: AVPRI. F-109, opis-2, R.I. delo-3, l-129). Bizda Ernazar Maqsud o‘g‘lining bu kemadan foydalangan-foydalanmaganiga oid ma’lumot hozircha mavjud emas. Ehtimol, u Rusiya‒Buxoro o‘rtasida mavjud vaziyatlarga qarab ham karvonlarda, ham o‘z kemasida yuk tashigandir. Lekin oradan uch yil o‘tgach, ya’ni 1779/80-yili Rossiyaga ikkinchi bor elchi sifatida kelganda 24.953 rubl (so‘m) 27 kopeyka (tiyin) miqdoridagi mollarini o‘z kemasida emas, balki Orenburg orqali o‘tgan quruqlik yo‘li bilan karvonda olib kelgani ma’lum. Tarixiy ma’lumotlarga ko‘ra, o‘sha davrda Astraxan‒Mang‘ishloq o‘rtasida qatnaydigan kemalar manzilga bir marta borib qaytgach, ta’mirtalab bo‘lib qolgan yoki uni qaytadan qurishga to‘g‘ri kelgan. Kemasi ishdan chiqqach, mulla Ernazar ham, ehtimol, ta’mirlashga mablag‘ topolmagandir. Muhimi shuki, u o‘z aqli, tadbirkorligi va xizmatlari uchun imperatorning sovg‘asiga muyassar bo‘lgan edi.
Mulla Ernazar Buxorodan ikkinchi marta rasmiy elchi sifatida Rusiyaga kelib, poytaxtda turgan vaqtida (1780-yil, iyun) haj qilish uchun Usmoniylar davlati hududiga o‘tish hamda hajga yo‘l olgan buxoroliklarning Rusiya hududi orqali to‘siqlarsiz o‘tib ketishlari uchun imperatordan ruxsat so‘raydi. Chunki u Buxorodan biryo‘la ikki davlatga ‒ avval Rusiyaga, keyin u orqali Usmoniylar saltanatiga elchi sifatida jo‘natilgan bo‘lib, Makkaga yo‘l olgan buxoroliklarning rus hududi orqali erkin o‘tishi uchun ruxsat so‘rashi lozim edi. Elchining bu iltimosiga ijobiy javob qaytariladi, shuningdek, uning Xerson orqali Qora dengiz bilan Istanbulga o‘tib ketishi uchun ham barcha sharoitlar yaratib beriladi; rus hukumati tomonidan bitta tarjimon, bir nafar serjant, uch nafar oddiy askar kuzatuvida hamda 69 ta ot, oziq-ovqat, xarajatlar uchun pul bilan ta’minlanadi. U yana sovg‘aga bitta kareta, o‘g‘li va o‘ziga qunduz terisidan tayyorlangan ikki dona qimmatbaho po‘stin olib (qarang: AVPRI. F-109, opis-2, d-24, l-22, 60), Usmoniylar sultonligi hududiga o‘tib ketadi. Xullas, bu safargi elchilik missiyasi Buxoro bilan Usmoniylar davlati o‘rtasidagi savdo aloqasini rivojlantirish va Rusiya‒Usmoniylar chegarasi orqali haj ziyoratchilarining to‘siqlarsiz o‘tishini ta’minlashdan iborat edi. 1780-yilning oktabr-noyabr oylarida Ernazar elchi Usmoniylar davlati vaziri bilan siyosiy, tijoriy masalalarda muzokara olib boradi. Afsuski, haj amallarini bajarishga ulgurmay, 1781-yilning sentabrida Makkaga borish yo‘lida kasallanib vafot etadi.
Xullas, mulla Ernazar Maqsud o‘g‘li 40 yil davomida savdogarlik faoliyati bilan birga Buxoro, Qozoq xonlari, Rusiya va Usmoniylar imperiyasi hukmdorlari saroyida jiddiy masalalarda muvaffaqiyatli muzokaralar olib borgan, bu borada katta natijalarga erishgan mohir diplomat bo‘lgan.
Guldona TANIYEVA,
tarix fanlari nomzodi,
O‘zFA Tarix instituti
katta ilmiy xodimi
“Tafakkur” jurnali, 2022-yil 3-son.
Ta’lim-tarbiya
Til
Til
Tarix
Tarix
Falsafa
Til
Ta’lim-tarbiya
Jarayon
Tarix
Tarix
Tarix
Din
Adabiyot
//
Izoh yo‘q