Adabiyot
Yoshi saksonni qoralagan buvilarimizning ertaklari bizni bolalikning cho‘p qo‘g‘irchoqlari-yu loy kulchalari xotirasiga oshno qiladi. Ko‘cha changitib, beg‘am, betashvish, mazza qilib o‘ynab yurgan kezlaringizni eslaysiz. Yana bir marta o‘sha sehrli davrga qaytgingiz keladi. O‘sha paytlar hozirgidek “Barbi”, “Bonny”, “Sammi”, “Beautiful girl”, “Трансформер”, “Супер рoбoт”, “Batman”, “Spiderman”, “Shrek”, “Ниндзя” kabi o‘zi gapirib-yig‘laydigan qo‘g‘irchoq, osmon-u falakka parvoz qiladigan vertolyot-u uchoqlar qayerda deysiz? Tuproqdan yasalgan chittakli hushtak, teri-yu qo‘rg‘oshindan yasalgan tepkich, rezin toshotar yo‘ldoshimiz edi. Ingalaydigan qo‘g‘irchoq, don cho‘qiydigan jo‘jacha, yumshoq o‘yinchoqlar orzumiz bo‘lgan. Insonning kelajagi va umuman qaysi kasbni tanlashi bolalikdagi o‘yinchoqlariga bog‘liq ekan. Bugun o‘yinchoq do‘konlarini aylanar ekanmiz, milliy o‘yinchoqlarga deyarli ko‘zimiz tushmaydi. Nahotki biz bolalarni boshqa millatlar madaniyati bilan ulg‘aytirayapmiz?
Jurnalimiz mehmoni – jahon bozorida milliy nomdagi “Toybola” o‘yinchoqlari bilan tanilayotgan, Rossiya, Turkiya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Ozarboyjon, Gurjiston, Moldova, Belarus, Efiopiya, Madagaskar, BAA bozoridan o‘z o‘rnini topgan va tadbirkorlikdagi yutuqlarini milliy qadriyatlarsiz tasavvur etolmaydigan Anvar Abduqayum bilan milliylik, milliy ruhni saqlash mavzusida suhbatlashdik.
“Bola boshdan” degan gap to‘g‘ri
Haliyam esimda, to‘rt-besh yoshlar edim chamasi, otam dunyoning yarmini egallab kuchli davlat qurgan Amir Temur va temuriylar saltanati, dunyo ilm-fanida yuksak cho‘qqilarni zabt etgan buyuk allomalarimiz haqida gapirib berardi. Hamma gapini tushunmasam ham o‘zbekligim bilan faxrlana boshladim. O‘sha ta’sir sababidan bo‘lsa kerak, ulg‘ayganimda o‘zimga uzuk yasatib, unga Amir Temur bayrog‘ining suratini tushirtirdim. Millatni sevish, vatanni e’zozlash bolalikdan boshlanadi. Ish yuzasidan dunyo kezib, ko‘p kuzatdim. Turkiya, Yaponiya, Germaniya, Italiya va Janubiy Koreya kabi davlatlarda bolalarga milliy g‘urur tinimsiz singdirib boriladi. Ularga asosan milliy qahramonlar ishtirok etgan multfilm, kinolar ko‘rsatiladi. Fikrimcha, yurtimizda ham bolalar ongiga bog‘chadanoq millatining buyukligi, millatparvarlik tuyg‘usini chuqurroq singdiradigan vaqt keldi.
Holbuki, bugun bozor peshtaxtalarini nomi ham, o‘zi ham boshqacha o‘yinchoqlar egallab olgan. Milliyligimizni targ‘ib qiladiganlarini topish mushkul. Nega shunday? Chunki bizda tariximizni yoritadigan kinolar, milliy qahramonlar qatnashgan multfilmlar deyarli yo‘q. Yosh avlodga bularni majburan singdirib bo‘lmasligini bilaman. Lekin majburan emas, qiziqtirib milliy g‘ururni singdirsa bo‘ladi-ku!
Buning uchun o‘zlikni anglashga, milliy ruhiyatga ko‘proq urg‘u berish kerak. Yoshlar ruhiyatini milliy g‘urur bilan bog‘lab tarbiyalay olsak, xalqimiz o‘zligini anglasa, kimligini, qaydan kelganini, tarixini bilsa milliy g‘urur paydo bo‘ladi. Tarix kitoblarini ko‘proq o‘qitib, kerak bo‘lsa, Hollivuddan professional rejissorlarni chaqirib, tarixiy seriallar, kinolar, multfilmlarni shu qadar ko‘p va sifatli ishlab chiqishimiz kerakki, bolalar tarix bilan birga o‘ssin, qalbi millatiga muhabbat ila to‘lsin, ongida yot informatsiyalarga o‘rin qolmasin.
Jumongni, Tangemni taniysiz-a? Nega biz ularni taniymiz? Chunki koreyslar milliy qahramonlarini jahonga tanita oldi. Hatto 2000-yillarda bozorni Jumongning o‘yinchoq qilichlari bosib ketgan, kichkina bolachalar ham Jumong kabi kuchli bo‘lgisi kelar edi. Betmen yo Spaydermenni oling, hanuzgacha shu qahramonlar libosi bozorlarimizda sotiladi, hamon bolalarimizga shu nomdagi o‘yinchoqlar olib beramiz. Nega biz ham milliy qahramonlarimizni bolalarimizga, millatimizga, qolaversa jahonga tanita olmaymiz? Nega bizning qahramonlarimizni dunyo bolalari izlamaydi? Demak, biz ularning qahramonligini ko‘rsatib berolmayapmiz, kuchimizni mayda narsalarga sarflayapmiz. Tarixchi, milliy brendimizni jahonga tanitishga intilayotgan bir tadbirkor sifatida o‘zbekni dunyoga tanitadigan buyuk kashfiyotlarimiz, dunyoni titratgan buyuk bobolarimiz haqida sifatli serial, film va multfilmlar yaratishni tavsiya qilaman.
Dunyo va o‘zbeklar
Yaqinda ikki qiziq voqea eshitdim. Indoneziyaning Achex viloyatiga (Sumatra orolida joylashgan) buxorolik savdogarlar borib, o‘zining Achex xonligini tuzgan ekan. Shulardan biri mahalliy qizga uylanib, mahalliy qabilalarni birlashtirib, Achex sultonligini qurgan va ularning avlodlari haligacha bor deyishadi. Ko‘pchiligining familiyasi Buxoriy emish.
Keniya, Mali va Nigeriyada ham Buxoro, Samarqand, Andijon, Marg‘ilondan savdo ishlari bilan borib qolgan tujjorlar umrguzaronlik qilishgan. Hozir ham o‘sha yoqlarda Buxoriy familiyali odamlar bor. Bu ularning buxorolik ekanidan dalolat.
Chunki yurtimiz dunyo savdogarlarini birlashtiradigan nuqta bo‘lgan. Ota-bobolarimiz turli tillarni yaxshi bilgan. Tafakkuri kuchli bo‘lgan. Tarixdan ma’lumki, Chingizxon ham o‘z elchilarini o‘zbeklardan tanlagan. Chingizxonning Xitoyga, Polshaga, Kiyev Rusiga, hatto Hindiston va Indoneziyaga jo‘natgan elchilari o‘zbek millatidan bo‘lgan. Deyarli barcha davlatlarning tarix kitoblari birma-bir varaqlansa, tarixchilarimiz o‘rgansa, ayon bo‘ladiki, o‘sha davlatlarga albatta o‘zbek savdogari borgan va tijorat qilgan.
Termizga yo‘lingiz tushsa, bir muzey bor, albatta borib ko‘ring. Shu muzeyda dunyodagi ilk simmetrik va xatosiz yasalgan ko‘zalar turibdi. Bunday nodir ko‘zalar ilk marta Surxondaryodan topilgan. Ularga termizlik hunarmandlar tamg‘asi bosilgan, asosan moy idish sifatida foydalanilgan. Ma’lumotlarga ko‘ra, qadimgi rimliklar ushbu ko‘zalardan yurtlariga olib ketishgan. Chunki ko‘zalar juda sifatli bo‘lib, taxlanganda bichimi bir tekis bo‘lganidan kemalar shamolda chayqalganda yiqilib yo sinib ketmagan. Bora-bora rimliklar shunday ko‘zalarni o‘zlarida ham yasay boshlashgan. Bugun Britaniya, Italiya yoki AQShdagi mashhur muzeylarga borsangiz, Surxonda ishlab chiqarilgan ana shu ko‘zalarni ko‘rasiz.
Atirsovun ilk marta Buxoroda kashf qilingan, duxoba ham Buxoroda ishlab chiqarilgan. Shoyi, atlas kabi matolarning vatani Marg‘ilon bo‘lsa, Chust pichoqlari, xanjarlari Namanganda paydo bo‘lgan. Toshkent o‘zining degrezlari – qozonchi ustalari bilan mashhur bo‘lgan.
Shu mavzular Hollivud darajasida kino, bolalarimiz uchun multfilmlar ishlashga arzimaydimi? Menimcha, bu masalalarni do‘ppini boshdan olib yaxshilab o‘ylab ko‘rish kerak.
Pul bo‘lsa bo‘ldimi?
Necha yillardan buyon tadbirkorlik bilan shug‘ullanayotgan bo‘lsam, bu sohada talay jihatlar meni o‘ylantirib qo‘yadi. Biz ishlab chiqargan o‘yinchoqlarimizga O‘zbekiston ramzlari yoki milliy qahramonlarimiz rasmini tushirmaymiz, aniqrog‘i tushira olmaymiz. Chunki shunday qilsak savdo susayadi. Yurtimizda yillar davomida milliylik targ‘iboti yetarlicha bo‘lmagani sabab yosh avlod Yevropa, AQSh, Rossiyada tayyorlangan multfilm va kinolarni ko‘rib ulg‘aydi, ularning ta’siriga tushib qoldi. Xuddi shu milliylikdan yiroqlashgan avlod bizning bugungi mijozimiz. Holbuki, hech bir tadbirkor xaridori bo‘lmagan mahsulotni ishlab chiqarmaydi. Qarangki, na mijozning va na tadbirkorning yuragi millat deb yonadi, yurtparvarlik, millatparvarlik hissi yo‘q. Millatini o‘ylamagan tadbirkorlar esa inson sog‘lig‘iga zararli, milliylik yo‘qolishiga ta’sir etuvchi mahsulotlarni ishlab chiqarishi mumkin. Bunday tadbirkorlarga pul bo‘lsa bo‘ldi, boshqa yo‘qotishlar ko‘zga ko‘rinmaydi.
Lekin oxirgi olti-yetti yilda o‘zgarishlar ko‘rinib qoldi. Milliy qahramonlarimiz va qadriyatlarimizga e’tibor boshlanganday. O‘zbek xalq ertaklari asosida talay multfilmlar, “Qo‘qon shamoli” badiiy filmi, Jaloliddin Manguberdi haqida serial tayyorlandi.
Bizning yo‘nalishda sifat va mablag‘ bilan bir qatorda chiqarayotgan mahsulotning nomi ham muhim. Ba’zi tadbirkorlar ma’nosini anglamay, tushunarsiz nomlarni ko‘chirishadi. Xalqaro nom qo‘yilgan tovar esa talabga javob bermaydi. Masalan “Infiniti”, “Venetto”, “Benedik”, “Marento” “Figinto” kabilar. Ko‘pgina tadbirkorlar mashhur chet el nomlarini soxtalashtirib, ichki bozorga mo‘ljallab sifatsiz mahsulot chiqaradi. Biznesmenlarimiz chet elliklarning yodida qoladigan o‘zbekcha nomlardan foydalanishi kerak. Dunyoda mashhur bo‘lishi oson zardo‘zi, atlas, xonatlas, duxoba kabi milliy nomlarimiz boshqa davlat va millatda yo‘q. Axir jahon bozoriga xalqaro nomlar bilan chiqib bo‘lmaydi. Odatda do‘konlariga inglizcha, turkcha nom bergan tanishlarimga o‘zbekcha ismlardan foydalaning deb maslahat beraman. Ular esa haligacha Yevropa, Yaponiya, AQSh, Rossiya, Turkiya bozoridagi brend nomlarini ko‘chirib olishadi.
Biznesni boshlaganimda “Toybola” brendi tanlovi oldidan turli qiyinchiliklar bo‘lgan. Jamoa bilan uch yuzdan ortiq o‘zbekcha nomni Davlat intellektual mulk agentligiga topshirganmiz. Afsuski, rad etishgan. “Best toys”, “Generation toys” kabi xalqaro nomlar bilan esa dunyo bozoriga chiqib bo‘lmasligini allaqachon anglab yetgandim. Chunki inglizcha so‘zlar Angliya yo AQShda patentdan o‘tgan. Mening maqsadim boshqa – yer yuzida “Lego”dan ham mashhurroq darajaga yetadigan o‘zbek o‘yinchoq brendini yaratish. Milliy qadriyatlarimizga uyg‘un, qisqa va jarangdor “Toybola” brendini tanladim. Toybola, ya’ni mard, jasur, harakatchan, ziyrak, toychoq bola. Yoki izzati aziz, taxtiravonda o‘tiradigan to‘ybola. Xaridorning ham yodida qoladi bu nom. Shu kungacha bir orzum bor edi, Temur bobomizning dubulg‘a-yu qilich-qalqonlarining o‘yinchoq variantini ishlab chiqarish. Bugunga kelib shu loyiha ustida ishlayapmiz, mashhur shaxslarimiz va jahongirlarimiz bilan bog‘liq o‘yinchoqlar ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yamiz.
Barakaning manbai qayerda?
Bugungi kun tadbirkori yelkasida katta mas’uliyat bor. Ayrimlar mo‘may daromad ilinjida oziq-ovqat, kiyim-kechak, xomashyoga sun’iy vositalarni qo‘llashadi. Afsuski, tovarning sifati, inson sog‘lig‘i va hayoti uchun xavfsizligi e’tibordan chetda qolmoqda. Ishlab chiqargan shu narsalarni ertaga millatdoshlaring kiyadi, iste’mol qiladi, ro‘zg‘orida ishlatadi. Buni vijdon qanday qabul qilishi mumkin? Masalan, biz o‘yinchoq, elektr jihozlari, doskalar ishlab chiqarish jarayonida xaridorga beixtiyor zarar berib qo‘ymaslikni o‘ylaymiz. Arzon plastmassa chiqindidan tayyorlangan yupqa o‘yinchoq o‘ynayotgan bolaning qo‘lini kesib ketishi yoki unda allergiya qo‘zg‘ashi mumkin. Natijada butun O‘zbekiston bolalarining sog‘lig‘iga ziyon yetkazamiz, to‘g‘rimi? Shirinlik tayyorlashda shakar o‘rniga arzon kimyoviy moddalar ishlatuvchilar bor. Bu kabi oziq-ovqatlar yillar davomida tanda to‘planib,insonda davolab bo‘lmaydigan kasalliklar paydo qiladi-ku!
Bolalikdan ongga insoniy fazilatlarni oiladagi muhit, multfilmlar, matbuot, badiiy filmlar orqali singdirish kerak. Biz xalqni emas, o‘zimizni aldayotganimizni anglamog‘imiz darkor! Insofli, inson qadriga yetuvchi tadbirkorning savdosida ham baraka bo‘ladi.
Qachongacha boshqalarni maqtab yuramiz?
Xorij safariga chiqsam, savdo rastalarini aylanib, odamlarning nimalarni ko‘proq sotib olishiga qiziqaman. Meni xursand qiladigani – hamma joyda ham milliy brend mahsulotini ko‘p olishadi. Chunki ular millatidan, vatanidan faxrlanadi, tadbirkorlariga ishonadi. Bizda esa buning aksi, chet elniki yaxshi degan tushuncha shakllanib qolgan. Endi millatimizni dunyoga tanitish vaqti kelmadimi? Qachongacha begonalarni maqtab yuramiz? Bizda dunyoda yo‘q narsalar bor. Masalan, milliy taomlarimizni dunyoga olib chiqish mumkin. Taom bilan milliylikni tanitish osonroq. Rishtonning spool-u chinni buyumlari, xonatlas-u adras, Chust pichoqlari... O‘zbekistonni mana shu kichik detallarda ham tanitish mumkin. Buning uchun vatanni sevish, millatni hurmat qilish kifoya deb o‘ylayman.
Qolaversa, milliy brend sifatida yaratilgan mahsulotni eksport qilish kerak. Yurtimizdagi har bir tadbirkor eksportni yo‘lga qo‘yishi zarur.
Eksport ham O‘zbekistonni dunyoga tanitadigan omillardan.
Shu o‘rinda tadbirkorlarimiz va xalqimizga ikki narsani taklif qilmoqchiman.
Hurmatli tadbirkor, qiyinchiliklarga qaramay tadbirkorlik bilan shug‘ullanayapsizmi, mahsulotingizga milliy nom qo‘ying va albatta sifatiga jiddiy e’tibor qarating. Shunday sifatli tovar ishlab chiqaringki, yegan, kiygan, foydalangan xaridor yana sizning mahsulotingizni izlab kelsin.
Aziz vatandoshim, sifati a’lo bo‘lmasa ham, lekin yaroqli bo‘lsa, o‘zimizda ishlab chiqarilgan mahsulotni oling. Qancha milliy mahsulotlarni olsangiz, ularda talabga yarasha ishlab chiqarish, eksport ko‘payadi va tovarning sifati ortadi. Dunyoda hamma narsa bir-biriga zanjir kabi bog‘langan. Shu bois sevishni, hurmatni o‘zimizdan boshlaylik.
Suhbatni Guljahon NAMOZOVA oqqa tushirdi.
“Ma’naviy hayot” jurnali, 2023-yil 1-son.
“O‘zimizning Toybola” suhbati
Adabiyot
Adabiyot
Til
Adabiyot
Adabiyot
Jarayon
Til
Jarayon
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Tarix
Tarix
Din
San’at
//
Izoh yo‘q