“Harakatda barakat, yelkadoshlik, so‘z erkinligi...” – o‘zbek xalqi uchun qadriyatlar ro‘yxati tuzish taklif qilinmoqda


Saqlash
15:25 / 12.05.2023 3991 1

Nima uchun bu qadriyatlar muhim? Milliy qadriyatlarning aniq shakllantirilgan ro‘yxati bormi yoki bo‘lishi kerakmi?

 

Keling, bu masalaga kengroq yondashaylik. Shu choqqa qadar olim-u mutaxassislar “qadriyat” tushunchasiga turlicha ta’rif bergan. Ulardan ayrimlarini keltirib o‘tamiz: “Qadriyat deyilganda inson va insoniyat uchun ahamiyatli bo‘lgan millat, elat va ijtimoiy guruhlarning manfaatlari va maqsadlariga xizmat qiladigan va ular tomonidan baholanib, qadrlanadigan tabiat va jamiyat ne’matlari, hodisalari majmuini tushunmog‘imiz lozim”[1]. “Qadriyatlar – jamiyatda kishilar o‘rtasida obro‘ga, e’tiborga, hurmatga, nufuzga ega kishilar, munosabatlar, holatlar, moddiy narsalar va ma’naviy boyliklar majmuasi”[2]. “Qadriyat inson va jamiyat ma’naviyatining tarkibiy qismi, olamdagi voqealar, hodisalar, jarayonlar, holatlar, sifatlar, talab va tartiblarning qadrini ifodalash uchun ishlatiladigan tushuncha”[3]. “Qadriyat – voqelikdagi muayyan hodisalarning umuminsoniy, ijtimoiy-axloqiy, madaniy-ma’naviy ahamiyatini ko‘rsatish uchun qo‘llanadigan tushuncha”[4].

 

Demak, bu ta’riflardan qadriyat – biz uchun qadrli bo‘lgan urf-odat va an’analarimiz, hayotiy prinsiplarimiz deb xulosa qilish mumkin. O‘z navbatida qadriyatlar milliy va umuminsoniy qadriyatlarga bo‘linadi, ya’ni millat, xalq uchun xos bo‘lgan qadriyatlar milliy qadriyatlar, butun bashariyat uchun xos bo‘lgan qadriyatlar esa umuminsoniy qadriyatlar hisoblanadi.

 

Milliy qadriyatlarni ham mohiyatiga ko‘ra, tabiiy, moddiy, ma’naviy, ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy, axloqiy qadriyatlarga ajratish mumkin. Masalan, minglab yillar davomida shakllangan boy ma’naviy xazinamiz biz uchun ma’naviy qadriyat, halollik, poklik, ishonchlilik esa iqtisodiy qadriyatdir. Shunday bo‘lsa-da, ko‘pchilik mutaxassislar insonning o‘zi, hayoti, huquqi va erki, sog‘lom va farovon turmushini qadriyatlarning eng oliysi, deb hisoblaydi.

 

Xo‘sh, bugungi kunda dunyo mamlakatlarida qadriyat masalasiga qanday qarashadi? Ayrim misollarni keltirib o‘tsak.

 

AQSh. Ma’lumki, Amerika Qo‘shma Shtatlari aholisini turli xil millat va elat vakillari tashkil etadi, aniqrog‘i bitta millatning yaqqol ustunligi ko‘rinmaydi, boshqacha aytganda qurama xalq. Bir qarashda ularning har biri uchun o‘ziga xos qadriyat bordek. Bu fikr ham to‘g‘ri, ammo millati va tilidan qat’i nazar, butun mamlakat xalqi uchun birdek taalluqli qadriyatlar ham bor. Hatto ularning aniq ro‘yxati ham shakllantirilgan. AQSh Davlat departamentining saytida berilgan ma’lumotga ko‘ra, qo‘yidagilar amerikaliklar uchun qadriyat hisoblanadi:

 

1. Independence (Mustaqillik);

2. Equality (Tenglik);

3. Individualism (Individuallik);

4. Democracy (Demokratiya);

5. Nationalism (Millatparvarlik);

6. Meritocracy (Meritokratiya);

7. Directness (To‘g‘rilik);

8. Innovation (Innovatsiya);

9. Consumerism (Iste’molchilik);

10. Informality (Norasmiylik);

11. Efficient use of time (Vaqtdan unumli foydalanish).

 

E’tiborlisi, saytdagi manziliga qaralsa, bu ma’lumot “qiyin savollarga javob berish” (answering difficult questions) qismida berilgan. Chunki bu rostdan ham juda qiyin savol. Yaqinlaringizdan biri “bizning qadriyatlarimiz nima?” deb savol berganda javob qaytarishga urinib ko‘ringchi.

 

Daniya. Endi Amerikadan Yevropaga o‘tamiz. Daniya – Yevropadagi mittigina mamlakat, ammo u ham o‘zining shonli tarixi, bugungi taraqqiyoti va farovonligi bilan g‘ururlana oladi. Daniyaliklar baxtiyorlik indeksi bo‘yicha dunyoda eng oldingi o‘rinlarda turadi. Ana shu kichkina mamlakat ham o‘z qadriyatlari ro‘yxatini aniqlab olgan. Bunda aholi orasida so‘rov o‘tkazish usulidan foydalanildi. So‘rovda 325 ming kishi ishtirok etdi va ulardan 2500 ta taklif kelib tushdi. 2016-yilning 12-dekabrida Denmark Canon daniyaliklar uchun qadriyatlar ro‘yxatini shakllantirgan . Ro‘yxat quyidagicha:

 

1. Welfare society (Jamiyat farovonligi);

2. Freedom (Ozodlik);

3. Trust (Ishonch);

4. Equality for the law (Qonun oldida tenglik);

5. Gender equality (Gender tengligi);

6. The Danish language (Daniyaliklar tili);

7. Associations and voluntary work (Uyushmalar va ko‘ngillilar ishi);

8. Liberality/tolerance (Erkinlik/tolerantlik);

9. Hygge. Hygge is seen as a special way of being together in a relaxing, nice atmosphere (Xyugg bu xotirjam qiluvchi yoqimli bir muhitda suhbat qurishning o‘ziga xos vositasi);

10. The Christian heritage (Nasroniylar merosi).

 

E’tibor qilgan bo‘lsangiz, daniyaliklar umuminsoniy ahamiyatga ega qadriyatlar bilan bir qatorda o‘zlarigagina xos bo‘lgan qadriyatlarni ham ilgari surmoqda. Buni ona tiliga, urf-odatlar va diniy e’tiqodga bo‘lgan hurmat misolida ham ko‘rish mumkin.

 

Buyuk Britaniya. Endi Yevropaning yirik mamlakatlaridan biri Buyuk Britaniyadagi holatga nazar tashlaymiz. Britaniyaliklar ham “Prevent” (“Oldini olish”) strategiyasi doirasida 2011-yilda o‘z qadriyatlarini aniqlab olgan. Mana ular:

 

• Democracy (Demokratiya);

• Rule of Law (Qonun ustuvorligi);

• Respect (Hurmat);

• Tolerance (Tolerantlik, bag‘rikenglik);

• Individual Liberty (Shaxsiy erkinlik).

 

Bu qadriyatlarni Britaniya maktablarida targ‘ib qilish bo‘yicha qo‘llanma ham rasman tasdiqlangan. Unda shunday deyilgan: “Biz har bir maktab Britaniyadagi asosiy qadriyatlar bo‘lgan demokratiya, qonun ustuvorligi, shaxs erkinligi va turli xil din vakillariga nisbatan hurmat va bag‘rikenglikni targ‘ib qilishini istaymiz”.

 

Rossiya. Rossiya ham o‘z qadriyatlarini aniqlab olgan. Rossiya Federatsiyasida 2025-yilgacha bo‘lgan davrda tarbiyani rivojlantirish strategiyasida insonparvarlik, adolatlilik, or-nomus, iroda, shaxsiy qadr-qimmat, e’tiqod va ezgulik, o‘zi, oilasi hamda Vatani oldidagi ma’naviy burchini bajarishga intilish rossiyaliklarning qadriyatlari sifatida belgilangan.

 

Qadriyatlar nima uchun kerak? Aytib o‘tganimizdek, dunyoda har bir millat va xalqning o‘zligini anglashi va asrashi, sha’nini ulug‘lashida qadriyatlarning o‘rni beqiyos. U o‘tmishni bugun bilan bog‘lab, kelajakka dadil qadam qo‘yishning muhim omili. Qadriyat millatidan qat’i nazar mamlakat xalqini jipslashtirish va yagona kuch sifatida ertangi kunga teran nigoh tashlash vositasi. Teran va aniq fikrlash esa rejalashtirish ufqini kengaytiradi, ertangi kun o‘zi bilan nima olib kelishiga oydinlik kiritadi. Bu esa hamma vaqt halovat beradi. Demak jamiyatdagi tinchlik, barqarorlik, taraqqiyot va farovonlik bevosita qadriyatlar bilan bog‘liq. Qadriyatlarni belgilash va targ‘ib qilishga qaratilgan sa’y-harakatlarni ham shu bilan izohlash mumkin.

 

Bizda ham qadriyatlar ro‘yxatiga ehtiyoj bormi? Umuman olganda, dunyoda o‘ziga xos qadriyatlari bo‘lmagan millatning o‘zi yo‘q. Biz ham istisno emasmiz. Biz ham tariximiz, yashash tarzimiz, ma’naviyatimiz, madaniyatimiz bilan uzviy bog‘liq bo‘lgan qadriyatlarga egamiz. Ammo ularning eng muhimlarini belgilab olish va targ‘ib etish zaruratini ham e’tibordan chetda qoldirmaslik kerak. Bizda ham bunga ehtiyoj bor, biroq hozircha bu borada aniq bir to‘xtamga kelingani yo‘q.

 

O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasida ham qadriyatlarimiz o‘z aksini topgan. Buni xususan, bunyodkorlik g‘oyalariga sodiqlik, yuksak mas’uliyat, ijtimoiy adolatparvarlik, insonparvarlik, milliy totuvlik, xalqimizning urf-odatlari va an’analari, mafkuralar xilma-xilligi va erkinligi, ijtimoiy adolat, fuqarolarning qonun oldidagi tengligi, vijdon erkinligi, adolatli mehnat kabi tamoyillar misolida ko‘rish mumkin. Konstitutsiya hujjat. Konstitutsiyada belgilangan moddalarning hayotdagi ijrosini ta’minlash uchun unda aks ettirilgan g‘oyalarni qo‘llab-quvvatlash kerak. Buning uchun qadriyatlar bir-biriga mos tushishi kerak. Bu yerda qadriyatlarimizni aniqlab olish va tagiga chizib qo‘yish fursati yetgandir.

 

Agar biz Andijon, Surxondaryo va Xorazmdagi yoshlardan qadriyatlarimiz nima, deb so‘rasak, ular bir-biriga 90% yaqin qadriyatlarni aytsa, demak bizda hammasi yaxshi. Ammo qadriyatlarimiz deb 100 marta eshitgan 14 yoshli bola, ularning to‘liq ro‘yxatini qayerdan ko‘rib o‘rganishi mumkin? Hammaga tanishtirilgan qadriyatlar ro‘yxati bormi, degan savol yuzaga keladi. Hozircha yo‘q. Bizda ham bu borada bir to‘xtamga kelib, aniq va tiniq qilib belgilasak, u yoki bu hodisa, qonun va xatti-harakatni baholashda qo‘l keladigan prizma yoki mezonni yaratib olgan bo‘lardik.

 

Chunki qonun va qarorlardan tashqari qadriyatlar maydoni ham bir yoqadan bosh chiqarish, u yoki bu masalada konsensusga kelishda muhim qo‘llab-quvvatlovchi omil bo‘lib xizmat qiladi. Eng muhimi, yoshlarning maktabni zamonaviy va Yangi O‘zbekiston jamiyatiga tayyor va mos bo‘lib bitirishida yordam beradi. Ya’ni uyg‘unlashtirish masalasini hal etadi.

 

Masalaning yana bir jihati shundaki, agar qadriyatlarimiz ro‘yxatini o‘zimiz aniqlab olmasak, kimdir chetdan turib uni biz uchun aniqlab berishga urinadi. Bunday holatda taqdirimizni biz emas, boshqalar belgilagan kun tartibiga ko‘ra yaratishimizga to‘g‘ri keladi.

 

Yana bir boshqa variant – qadriyatlar aniq belgilab bo‘lmaydigan murakkab mavhum tushuncha va bu aniqlashtirib olish borasidagi urinishlar ish bermaydi, bu sun’iy, yasama bo‘lib qolaveradi degan xulosaga kelish. Lekin nima uchun boshqa mamlakatlarda o‘z qadriyatlarini aniqlab olish va yozib qo‘yishga ehtiyoj tug‘ildi? Nima uchun Buyuk Britaniyada ular aniqlab olindi va maktablarda Britaniya qadriyatlarini targ‘ib qilish buyicha alohida qo‘llanma chop etildi? Chunki bu har bir mamlakat uchun bir qator muhim vazifalarni hal etadi: majoziy ma’nodagi DNKni saqlab qolish, dunyo ahliga biz kim ekanligimizni va kim bo‘lib qolishimizni bildirish, uyg‘unlikni yaratish, o‘tmishdan kelajakka foydali dars, omonat, tirgak va mezonlarni yetkazish.

 

Har tomonidan muhokama qilingan va tasdiqlangan qadriyatlar suv va havodek zarur bo‘ladi. Buni qanchalik tez aniqlab olsak, shuncha yaxshi. Keyingi bosqich bu qadriyatlarni yoshlar bilan baham ko‘rish va ularga shu qadriyatlarga suyanish va unga sodiq qolishni tavsiya etish, bu qadriyatlar ularga yuk emas, bo‘ron paytida boshpana, oyoqdagi tosh emas, kuch beradigan tirgak bo‘lishini tushuntirish.

 

Agar yoshlar bu haqda fikr yuritishni lozim topib, shu aniqlab olinadigan qadriyatlarni ongli ravishda qabul qilsa va ularning zamirida katta hikmat borligiga ishonsa, demak bu qadriyatlar yashab qoladi.

 

Bizning milliy qadriyatlarimiz

 

Dunyoda har bir millat va xalqning o‘zligini anglashi va asrashi, sha’nini ulug‘lashida qadriyatlarning o‘rni beqiyos. Xalqimizning minglab yillik boy tarixi, ma’naviy merosi, turmush tarzi, hayotiy qarashlari va e’tiqodidan kelib chiqqan holda muhim milliy qadriyatlarimiz ro‘yxati sifatida quyidagilarni taklif qilmoqchimiz:

 

1. Ota-onaga ehtirom;

2. Tozalik;

3. Harakatda baraka;

4. O‘zbek tili;

5. Diniy bag‘rikenglik;

6. So‘z erkinligi;

7. Lafz (qonun, burch va kelishuvga sadoqat);

8. Yelkadoshlik;

9. Mehmondo‘stlik;

10. Rozi-rizolik.

 

Albatta, ushbu qadriyatlar ro‘yxatini tugal deyish noo‘rin. Uni takomillashtirish uchun keng jamoatchilik, ommaning ham takliflari inobatga olinishi zarur. Ro‘yxat yurt ziyolilari, muhokamalar va tahlillar, milliy maslahat orqali qancha tez aniqlansa, shuncha yaxshi. Muhimi, dastlabki qadamni qo‘yish.

 

1. Ota-onaga ehtirom

 

Biroq qadriyatlar ro‘yxatining shu taxlit tuzilishi bejiz emas. Ma’lumki, murg‘akning ulg‘ayib kamol topishida ota-onaning roli nihoyatda katta. O‘z navbatida farzand tarbiyasi ham ota-onadan juda katta mas’uliyatni talab qiladi. Ana shunday mas’uliyatli vazifani uddalay olgan ota-onalar yurt koriga yaraydigan, bilimli va tarbiyali farzandlarni voyaga yetkazadi. Farzand ota-ona uchun ulug‘ bir ne’mat bo‘lgani kabi, o‘z navbatida farzandlar ham ota-onasini hurmat qilishi, e’zozlashi xalqimizga xos milliy qadriyatlardandir. Ota-ona bilan muloyim gaplashish, ehtirom ko‘rsatish, maslahatlashish, oziq-ovqati va kiyim-kechagidan xabar olish farzandlarning ota-ona rizoligini olishidagi muhim amallardir. Farzandlarning ota-onaga g‘amxo‘rlik qilishi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida ham belgilab qo‘yilgan.

 

Ota-onaga hurmat va inson kapitalining rivojlanishi orasida empirik bog‘liqlik mavjud. Keksalarga ehtirom insonni jismonan va ruhan sog‘lom, kuchli va ishonchli qiladi. U boshqalarni hurmat qiladigan yaxshi hamkor bo‘la oladigan (Maslou va Perls). G‘amxo‘rlik qilish qobiliyati shaxsiy o‘sish, o‘zlikni anglash uchun zarur shartdir (Erikson va Maslou).

 

2017-yilda AQShda o‘tkazilgan tadqiqot natijalariga ko‘ra, ota-onasini hurmat qiladigan insonlarda martaba va shaxsiy hayotda muvaffaqiyat qozonish ehtimoli ko‘proqligi aniqlangan[5]. Tadqiqot natijalari shuni ko‘rsatdiki, ota-onasini hurmat qiladigan odamlarning oliy ma’lumot olishi, yuqori maoshli ishga joylashishi, barqaror munosabatlarga kirishishi, baxtli va barqaror turmush qurishi bilan bog‘liq holatlar ko‘proq kuzatilgan. Bu shuningdek, ota-onasini hurmat qiladigan bolalarning jamiyatda sog‘lom turmush tarzi va mas’uliyatli xatti-harakatlarga (kognitiv va nokognitiv ko‘nikmalarga) moyilligi bilan bog‘liq. Bundan tashqari, tadqiqot shuni ko‘rsatdiki, ota-onaga hurmat yuqori darajadagi o‘z-o‘zini tarbiyalash va majburiyat bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin. Bu esa o‘z navbatida ish va shaxsiy hayotda muvaffaqiyat qozonish shartlaridan biri hisoblanadi.

 

2. Tozalik

 

Xalqimizning azaliy qadriyatlaridan yana biri – bu tozalikka rioya qilish. Tozalik, poklik, saranjom-sarishtalik bor joyda qut-baraka bo‘ladi. Eng muhimi tozalik salomatligimizni asrashning ham muhim shartidir. Bundan tashqari tozalik, ozodalikning estetik ahamiyatini ham unutmaslik kerak. Tozalik qalblarga ko‘tarinki kayfiyat, quvonch baxsh etib, kishini ruhlantiradi.

 

Sanitariya holati (tozalik) va xastaliklar o‘rtasida kuchli bog‘liqlik mavjud. JSSTning Makroiqtisodiyot va salomatlik bo‘yicha komissiyasi (2001) sog‘liqni saqlash va uzoq muddatli iqtisodiy o‘sish o‘rtasidagi bog‘liqlik odatdagi tasavvurdagiga nisbatan ancha kuchli deb ta’kidlaydi. Sanitariya arzon sog‘liqni saqlash siyosati deb ham yuritiladi. Chunki bu siyosatning foyda ko‘lami katta, xarajati kasalliklarni davolash uchun ketadigan xarajatlarga nisbatan ancha kam.

 

Sog‘liq esa inson kapitali tushunchasining 3 ta asosiy tarkibiy qismidan biri. Inson sog‘-salomat bo‘lmas ekan, ishlash va ijtimoiy-iqtisodiy jihatdan faol bo‘lish imkoniyatidan foydalana olmaydi. Inson salomatligi va uning ta’lim olishida toza suv va yaxshi sanitariya sharoiti qanday ahamiyatga ega ekanligini aniqlashga qaratilgan tizimli tadqiqotlarning 47 tasidan 20 tasida sanitariya talabiga javob bermaslik turli yuqumli kasalliklarga olib kelishi aniqlangan bo‘lsa, 8 tasida maktabda davomatning pasayishiga sabab bo‘lishi, 7 tasida oshqozon-ichak kasalliklarini keltirib chiqarishi, 7 tasida neyro-kognitiv tanqislikka olib kelishi ilmiy jihatdan aniqlangan (Jasper va b., 2012).

 

3. Harakatda baraka

 

Har bir insonning hayotda qanday yutuqlarga erishishi, qanday marralarni zabt etishi, jamiyatdagi o‘rni va obro‘si ko‘p jihatdan uning harakatlariga, ter to‘kishi va intilishiga bog‘liq. Agar bolakay yoki qizaloq yaxshi o‘qib, nufuzli oliy ta’lim maskanida tahsil olsa va yoki o‘z ustida tinimsiz ishlab yaxshi hunarmand bo‘lib yetishsa, avvalo o‘z oilasi farovonligi, qolaversa Vatani taraqqiyotiga ham munosib hissa qo‘shadi. Axir xalqimiz orasida “harakatda baraka bor” degan naql bejiz paydo bo‘lmagan. U minglab yillik hayotiy tajriba asosida paydo bo‘lgan.

 

Mehnatsevarlik mehnat qilishga, savdo bilan shug‘ullanishga, tejamkor bo‘lishga undaydi (Veber, 1958)[6], bu esa iqtisodiy o‘sishga ijobiy ta’sir qiladi. Xitoydagi jadal iqtisodiy rivojlanishni tushuntirishda yordam beradigan omillardan biri bu madaniy qadriyatlardir (Mao va Su, 201[7]). Tarixiy jihatdan Konfutsiyning mehnatsevarlik, tejamkorlik, ta’limning qadr-qimmati, oilaga hurmat madaniyati iqtisodiy samaradorlikni oshiradi. Bu nafaqat odamlarni mehnat qilishga undaydi, balki ta’lim va malaka oshirish orqali samaradorlikni oshiradi[8]

 

4. O‘zbek tili

 

Millatning birinchi ko‘rinishi bu til. Shu bois ham dunyoda o‘zini hurmat qiladigan, ulug‘laydigan har bir millat avvalo o‘z ona tilini ulug‘laydi. O‘zga bir til ona tilidan ustun bo‘lgan yurtda millatning o‘tmishi ham, buguni ham, kelajagi ham bo‘lmaydi. Chunki o‘tmish, bugun va kelajak til bilan birga yashaydi, saqlanib qoladi va rivoj topadi. Biz o‘z oldimizga dunyodagi rivojlangan mamlakatlar qatoridan joy olishdek maqsadni qo‘ygan ekanmiz, avvalo ona tili va unga bo‘lgan hurmatni qadriyat deb bilishimiz darkor. Boshqacha bo‘lishi ham mumkin emas. Milliy yuksalish haqida so‘z ketganda uning avvalo o‘zbek tili bilan bog‘liq ekanligini unutmaslik darkor.

 

O‘z ona tilini yaxshi o‘qitish inklyuziv va sifatli ta’limning asosiy omili bo‘lib, ta’lim natijalari va akademik yutuqlarni yaxshilaydi (UNESKO, 2022[9]). O‘z ona tilini mukammal bilish boshqa tillarni o‘zlashtirishni osonlashtiradi hamda jamiyatda ko‘p tilda gaplasha oladiganlar sonini oshirish orqali iqtisodiy o‘sishga ijobiy ta’sir qiladi. Ko‘p tillilik urf bo‘lgan mamlakatlarning xodimlari ko‘proq millat vakillari bilan erkin muzokaralar olib borish orqali muvaffaqiyatliroq eksport qilish va yangi texnologiyalarni tezroq o‘zlashtira olish kabi bir qator imtiyozlarga ega.  Masalan, Shveysariya[10] YaIMining 10% ini ko‘p tillilik merosi bilan bog‘laydi.

 

5. Diniy bag‘rikenglik

 

Bugun O‘zbekiston 130 dan ortiq millat va elat, 16 ta diniy konfessiya vakillari uchun vatan.  Garchi turli millat va elatlarga mansub bo‘lsa-da, ularning barchasi O‘zbekistonning bir butun xalqini tashkil qiladi. Yurtdagi tinchlik, farovonlik va ahillik millatlararo totuvlik va diniy bag‘rikenglik bilan chambarchas bog‘liq. Tinchlik-totuvlikning bardavom bo‘lishi esa ko‘p jihatdan diniy bag‘rikenglik tamoyili shu yurtda kamol topayotgan har bir yoshning ong-u shuuridan chuqur joy olishiga bog‘liq. 2022–2026-yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning Taraqqiyot strategiyasida ham Jamiyatda millatlararo totuvlik va dinlararo bag‘rikenglik muhitini mustahkamlash masalasi alohida maqsad sifatida bayon etilgani bejiz emas.

 

Diniy bag‘rikenglik tamoyiliga amal qiluvchi hududlarning turli xil jabhalardan kelib chiqqan muhojirlarni o‘ziga jalb qilishi sanoat sektorida ishchi kuchining o‘sishiga olib keladi (Cinnirella va Streb, 2017). Boshqacha aytganda, korxonalar turli dinlarni hurmat qilish orqali ko‘proq xaridorlar, ishchilar va hamkorlarni o‘ziga jalb qilishi mumkin. Buning natijasida, diniy bag‘rikenglik ishchi kuchi bozorida innovatsiyalar, kreativlik va xilma-xillikka yo‘l ochib beradi.

 

Diniy bag‘rikenglik ijtimoiy birlashishni kuchaytiradi, kelishmovchiliklarni kamaytiradi va inson huquqlarini qo‘llab-quvvatlaydi. Masalan, Somitra Jxa (2008)[11]ning fikriga ko‘ra, Hindistonning boshqa dinga mansub millatlar bilan savdo qiladigan port shaharlarida diniy bag‘rikenglik boshqa shaharlardagidan kuchliroq bo‘lgan. Shuning uchun 18501950-yillar davomida ushbu port shaharlarda diniy tartibsizliklar boshqa hududlardagiga qaraganda 25 foiz kamroq bo‘lgan. Keltirib o‘tilgan ushbu xususiyatlar rivojlanayotgan davlatlarda diniy bag‘rikenglikning mavjudligi diniy turizmni rivojlantirishda muhim ahamiyatga ega (Bilim va Sevde, 2015[12]). Shuningdek, har qanday davlatda ijtimoiy va madaniy sohalarda bag‘rikenglik tushunchasini to‘g‘ri anglash diniy turizmni yanada rivojlantiradi (Shinde, 2015[13]).

 

6. So‘z erkinligi

 

Ma’lumki, bugun dunyodagi har qanday demokratik jamiyatning asosiy ustunlaridan biri bu so‘z erkinligidir. So‘z erkinligi bo‘lmagan jamiyat taraqqiyotda ortda qolishi, korrupsiya girdobiga tushishi, ijtimoiy adolatsizlikning avj olishini hayotning o‘zi ko‘rsatib turibdi. Shuning uchun ham bugun va kelajakda so‘z erkinligini ta’minlash biz uchun ham eng muhim qadriyatlar sirasiga kirmog‘i darkor.

 

So‘z erkinligi bilimlarni tarqatish, mahsulot va xizmatlar sifatini yaxshilash orqali raqobatni kuchaytirishga hissa qo‘shadi, bozor iqtisodiyotining rivojlanishiga ijobiy ta’sir qiladi (Adam Smit, 1779). Shuningdek, so‘z erkinligi innovatsiyalarning rivojlanishiga olib keladi (Mill, 1859), innovatsiyalar esa, o‘z navbatida, iqtisodiy o‘sishning asosiy omilidir.

 

2016-yilda Pensilvaniya universiteti iqtisodchilari tomonidan olib borilgan tadqiqotda so‘z erkinligi va axborotning mavjudligi iqtisodiy o‘sishga ta’sir qilishi aniqlandi. Tadqiqot 100 dan ortiq mamlakatga oid ma’lumotlar tahliliga asoslandi. Natijalar so‘z erkinligi darajasi yuqori mamlakatlarda innovatsiyalarning rivojlanishi uchun imkoniyatlar ko‘p bo‘lgani va bu pirovardida iqtisodiy farovonlikka olib kelganini ko‘rsatdi.

 

McKinsey & Company xalqaro konsalting kompaniyasi tomonidan olib borilgan yana bir tadqiqot so‘z erkinligi va ma’lumotlarning mavjudligi sarmoya va biznesni kuchaytirishi mumkinligini ko‘rsatdi[14]. Tadqiqot dunyoning 25 ta mamlakatidan olingan ma’lumotlar tahliliga asoslangan bo‘lib, natijalar so‘z erkinligi yuqori bo‘lgan mamlakatlarda faoliyat yuritayotgan korxonalar o‘sish va rivojlanish uchun ko‘proq imkoniyatlarga ega ekanligini ko‘rsatdi.

 

7. Lafz (qonun, burch va kelishuvga sadoqat)

 

Adolatli boshqaruv, ijtimoiy adolat, lafz, rozi-rizolik shu zaminda yashayotgan xalq tarixining uzviy bir qismidir. Bu borada ko‘plab asarlar bitilgan. Xususan, ulug‘ mutafakkir Alisher Navoiyning hajman eng yirik epik asari bo‘lgan “Saddi Iskandariy”da markazlashgan kuchli davlat va adolat tantanasi uchun kurash, insoniylik, lafzi halollik, shartnoma va kelishuvlarni o‘z vaqtida va og‘ishmay bajarish kabi qarashlar talqin etiladi. Har bir ishda adolat bosh mezon qilib olinsa, mamlakat obod bo‘ladi, xalq farovon yashaydi. Shu bilan birga, inson va uning hayotiga bo‘lgan hurmat tarannum etiladi.

 

Rigobon va Rodrik (2004) qonun ustuvorligi iqtisodiy ko‘rsatkichlar, ayniqsa, daromadlarga sezilarli ijobiy ta’sir etishini aniqlagan. Rajkumar va Svarop (2002) korrupsiya darajasi past va byurokratik sifat darajasi yuqori bo‘lgan mamlakatlardagina sog‘liqni saqlash va ta’lim uchun xarajatlarning ortishi bolalar o‘limi va boshlang‘ich maktabga borish darajasining yaxshilanishiga olib kelishini aniqladi. Barqaror, halol va samarali ish olib boruvchi hukumat uzoq muddatda, ya’ni barqaror o‘sishni ta’minlashda muhim ahamiyatga ega (Jahon banki, 2008).

 

Adolatli jamiyatlar o‘z fuqarolariga jamoat tovarlari, ijtimoiy yordam va ijtimoiy kapitalni ko‘proq taklif qiladi. Bu esa rivojlanish xarajatlari va foydasini bo‘lishish va o‘z navbatida, o‘zaro kelishib hayot kechirish va qarorlar qabul qilishni ta’minlaydi (Deaton, 2003).

 

8. Yelkadoshlik

 

Jamoada ishlash madaniyatini rivojlantiradigan mamlakatlar biznes, tadqiqot institutlari va davlat idoralari o‘rtasidagi hamkorlikni rag‘batlantirish orqali iqtisodiy o‘sishni ham rag‘batlantiradi. AQShda ish beruvchilar o‘rtasida o‘tkazilgan so‘rov natijasida doimiy ravishda hamkorlik, muloqot va jamoada ishlash qobiliyati yangi ishga yollashdagi eng muhim talablar ekanligi aniqlangan (NACE 2019). 2017-yilda AQShda bandlikning 78 foizi jamoada ishlash “juda muhim” yoki “o‘ta muhim” sifatida baholangan kasblar ulushiga to‘g‘ri kelgan (ONET, 2020).

 

Deloitte (2014) tadqiqoti natijalariga ko‘ra, Avstraliyaning hamkorlik iqtisodiyoti ulushi 46 mlrd dollarga teng va hamkorlik strategiyalarini takomillashtirish orqali YaIMni yiliga qo‘shimcha 9 mlrd dollarga oshirish mumkin. 66 foiz holatda jamoalar individual shaxslarga qaraganda yaxshiroq qaror qabul qiladi va 87 foiz holatda turli vakillardan iborat jamoalar yaxshiroq qaror qabul qiladi (Cloverpop). Xodimlar hamkorlikda ishlaganda ish sur’ati o‘rtacha 15 foizga oshadi, innovatsion g‘oyalarning 60 foizi shakllanadi va xodimlarning 56 foizi o‘z ishidan ko‘proq mamnun bo‘ladi (Deloitte).

 

9. Mehmondo‘stlik

 

Mehmondo‘stlik “Maslou piramidasi” bo‘yicha muhimligi jihatidan insonning 3-darajadagi (fiziologik va xavfsizlikdan so‘ng) ijtimoiylashuv ehtiyojini qondirish imkoniyatlarini oshiradi, ya’ni insonning do‘stlar orttirishi, oila qurishi, o‘zi uchun qiziqarli odamlar bilan tanishishini yengillashtiradi.

 

Shaxsning ijtimoiylashuv jarayoni osonligi uning ishga joylashish uchun ko‘proq axborot olishi, yaxshi kayfiyat uchun sog‘lom bo‘lishi, oilasi uchun keraklik hissi kabilar orqali uning farovonligi oshishiga, jamiyatda esa kambag‘allik darajasining pasayishiga olib keladi. Insonning asab tizimi mehmondo‘stlikka xos ruhiy xususiyatlardan kuchli ta’sirlanishini neyrofank ham tasdiqladi[15].

 

10. Rozi-rizolik

 

Rozi-rizolik bu iqtisodiy farovonlikni doimiy ravishda tarbiyalaydigan va jonlantiradigan ijtimoiy omillardan biri.

 

Qiynalgan insonlarga yordam berish (altruism) va yaxshilikka yaxshilik qaytarish (positive reciprocity) o‘rtasidagi bog‘liqlik kuchli ekanligi va odamlar o‘zaro ijobiy munosabatda bo‘lgan jamiyatlarda ishonch darajasi ham yuqoriligi aniqlangan (Frank va b., 2018). Bundan tashqari, bu ko‘rsatkich, madaniyatdan qat’i nazar, yuqori kognitiv qobiliyat bilan o‘zaro bog‘liq. Ishonch darajasi yuqori davlatlar va kognitiv qobiliyati kuchli insonlar istiqomat qiladigan muhit iqtisodiy jihatdan farovon bo‘lishi ko‘p ilmiy ishlarda isbotlangan.

 

Jon Nesh o‘zining ilmiy ishlarida o‘zaro raqobatga asoslangan “o‘yinlar” har doim ham iqtisodiy jihatdan optimal natijaga olib kelmasligi va aksincha, o‘zaro kelishuv hamma uchun eng maqbul yechimga undashini ta’kidlab o‘tgan.

 

Xulosa qilib aytganda, bugun biz asosiy qadriyatlarimizni belgilashda minglab yillik tariximiz, hayot tarzimiz, urf-odat va an’analarimizga tayanmog‘imiz darkor. Joriy yilning 11-aprelida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti raisligida o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida ham yoshlar bilan ishlashning yangicha tizimini joriy etish borasidagi dolzarb vazifalar muhokama etildi. Unda qayd etilganidek, yoshlarni Vatanga sadoqat ruhida tarbiyalash, bandligini ta’minlash, ularni IT, xorijiy til, zamonaviy kasblarga o‘qitish, sportga jalb qilish, xorijdagi yoshlar bilan ishlash, milliy va oilaviy qadriyatlarni mustahkamlash Yangi O‘zbekistonni barpo etishning muhim shartidir.

 

 

 

Demak, qadriyatlar masalasini yana bir karra puxta o‘ylab ko‘radigan fursat yetdi.

 

Umid OBIDXO‘JAYEV,

Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar

instituti direktori, iqtisodiyot fanlari doktori

 


[1] Qadriyatlar va ijtimoiy taraqqiyot (ilmiy ishlar to‘plami). – T: “O‘zbekiston”, 1997. – B.198.

 

[2] Mustaqillik izohli ilmiy-ommabop lug‘ati. (A.Jalolov va Q.Xonnazarov umumiy tahriri ostida). – T: Sharq, 1998. – B. 279.

 

[3] Ma’naviyat: asosiy tushunchalar izohli lug‘ati. “G‘.G‘ulom nomidagi nashriyot-matbaa ijodiy uyi”. – T: 2010. – B. 707.

 

[4] Tarbiya ensiklopediyasi. “O‘zbekiston milliy ensiklopediyasi”. 2010. – B. 509.

 

[5] https://research.rug.nl/en/publications/the-role-of-the-relationship-with-parents-with-respect-to-work-or.

 

[6] Weber, M. (1958), The Protestant Ethic and the Spirit of Capitalism, Charles Scribner’s Sons, New York, NY.

 

[7] Mao, Y. and Su, D. (2012), “The hard-working culture is the root-cause of China’s Miracle”, The Financial Times, August 23.

 

[8] Shaomin Li, Seung Ho Park, David Duden Selover, (2017) The cultural dividend: a hidden source of economic growth in emerging countries, Cross Cultural & Strategic Management, https://doi.org/10.1108/CCSM-08-2016-0149.

 

[9] https://www.unesco.org/en/articles/why-mother-language-based-education-essential.

 

[10] https://www.weforum.org/agenda/2018/02/speaking-more-languages-boost-economic-growth/.

 

[11] https://dx.doi.org/10.2139/ssrn.948734.

 

[12] https://doi.org/10.1079/9781780645230.009.

 

[13] https://doi.org/10.1108/tr-10-2013-0056.

 

[14] https://muse.jhu.edu/article/623602.

 

[15]https://charterforcompassion.org/promoting-hospitality-as-a-way-of-life#:~:text=INTRODUCTION%3A%20THE%20VALUE%20OF%20HOSPITALITY,everyone%2C%20stranger%20and%20guest%20alike.

1 Izoh

Brgzodjon

16:12 / 24.12.2023

zo'r maqola bo'libdi

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

//