
– Xurshid aka, avvalo ma’naviyat tushunchasiga lo‘nda izoh bersangiz...
– Siz o‘zbek xalqi, yurtimizdagi ko‘plab qardosh millatlar, ularning turmushi, o‘y-fikrlari, topgani-yu yo‘qotganlari, bu yurt, undagi odamlarning hayoti, hayotiki, risoladagidek hayoti haqida bir og‘iz so‘z bilan izoh berishimni aytayapsiz. Ya’ni, ilojsiz narsani so‘rayapsiz... Menga qarata “Xurshid aka, ismingiz nima edi, kasbingiz qanaqa kasb?” degan bilan barobar murakkab savol bu...
Chunki ma’naviyat insonning, Olloh aziz qilgan yaratiqning bor-u yo‘g‘i, inson tanasini tutib turuvchi suyaklar va paylar qanday haq-rost bo‘lsa, insoniy qiyofani tutib turuvchi narsa ham shu ma’naviyat!
Onore de Balzak “XIX asr fransuz yozuvchilariga maktub”ida Russoning bir hayqirig‘ini keltiradi: “Ma’naviyat! Ma’naviyat! Ma’naviyat!”. Uyg‘onish davrining ulug‘ ovozi edi bu!
Buni eslashdan muddao shuki, ma’naviyat so‘zi, tushunchasi qachon eng qimmat, eng qadrli boylikka aylansa, qayerda uning nufuzi o‘z o‘rniga qo‘yilsa, shu zamon va shu makonda xudo xohlagan, bandasi orzu qilgan muhit yaraladi. Odam orzu qilgan narsasiga doim yetolmaganidek, sof ma’naviy muhit hukmron bo‘lgan davrlar ham doim barqaror bo‘lavermaydi.
Ma’naviyat, umrni ma’no bilan to‘ldirish, sermazmun qilishdir. Shu yo‘ldagi zahmatli zavqdir. Ma’no inson ong-u shuurida, tafakkurida eng avvalo suyak suradi, so‘ngra bolalikdan boshlangan hayot saboqlari, tajribalari va undan keyin adabiyot, san’at, ilm-u fan vositasida paydo bo‘ladi. Bolaligida ezgulik va yomonlik haqida shakllangan ilk tushunchasi inson ma’naviy dunyosining poydevori bo‘lib qoladi. Demak, bolaligimizda oilaviy tarbiya va maktabda qanday muallimlardan saboq olishimiz juda muhim omil ekanini teran anglashimiz kerak.
E’tibor bergan bo‘lsangiz, xalqimiz ayrim kishilar haqida gap ketganda, uni “bema’ni” deb ataydi, ya’ni umrining ma’nosi, or-u nomusi, aniq ko‘z qarashi yo‘q, “menga bari bir” degan tushuncha bilan yashaydigan essiz kishi demoqchi bo‘ladi.
– Siz tumanda yoki hozirgi kunda o‘rta ta’lim maktablarida tashkil etilgan ijodiy-madaniy masalalar bo‘yicha targ‘ibotchi lavozimida ishlasangiz qanday uslubni yo‘lga qo‘ygan bo‘lardingiz? Umuman ma’naviyat vakilini qanday tasavvur qilasiz?
– Maktablardagi ma’naviyat targ‘ibotchisi, qaysi soha vakili bo‘lishidan qat’i nazar, eng avvalo pedagogika aqidalaridan, asrlar davomida shakllangan milliy axloqiy tushunchalar-u tuzuklardan yaxshi xabardor bo‘lishi shart. U yaxshi yozuvchi yoki iste’dodli adabiyotshunos deb ma’naviyat targ‘ibotchisi lavozimiga tavsiya qilish xato bo‘ladi. Menimcha, kimni tavsiya qilmaylik, u albatta ayni shu faoliyat uchun zarur tushunchalarni beradigan qisqa o‘quv kursini o‘tashi kerak. Faqat ana shundagina u farzandlarimizning tarbiyasi va savodi jarayonida ishtirok etish huquqiga ega bo‘ladi.
Men ma’naviyat targ‘ibotchisi bo‘lsam...
Bilasizmi, maktab o‘quvchisining oldidagi javobgarlik kelajakning oldidagi javobgarlik. Uning qarshisida har bir ziyoli kishi avvalo pokiza niyat bilan turishi kerak. Men birinchi navbatda maktab o‘quvchisining kitobxonlik darajasi bilan qiziqqan bo‘lardim. Chunki har bir bolaning saviyasi uning beradigan savoli bilan o‘lchanadi. Savoli yo‘q odamning umidi ham yo‘q. Kitobxon bolaning qalbi esa to‘g‘ridir-noto‘g‘ridir savolga to‘la bo‘ladi. Kitobxon bolagina nimagadir qiziqadi, sizdan nimadir undirishga intiladi.
Bundan tashqari, bolalarni bugun qiziqtirayotgan, ularni o‘ziga tortayotgan narsalardan xabardorlik muhim. Bugun axborot texnologiyalari sohasiga qiziqadigan bolaga dabdurustdan Navoiy g‘azaliyotidan ma’ruza qilish mumkin emas. Bu bilan bolalarni biz Navoiydan bezdiramiz. Deylik, o‘sha axborot texnologiyasiga qiziqadigan bolaga Navoiy g‘azallarini videofayl shaklida o‘qish, tayyorlashni topshirib ko‘rsak-chi... Bola o‘zi uchun ham bu ishni qiziqib bajaradi. Muhimi, “Navoiy kim?” degan savolga ayrim g‘arbparast bolalar kabi “viloyat nomi” deb gangib turmaydi. Bil’aks, ulug‘ shoirni, buyuk ajdodni bilib o‘sadi. Va hokazo...
– “Xalqimizning juda boy ma’naviy merosi bor!”. Bu gapni doim ishlatamiz. Bu chin gap aslida. Ammo bu meros nimalardan iborat, uni biz bugun qanday istifoda etayapmiz? Bu jarayondan qoniqasizmi?
– Xalqimizning boy ma’naviy merosi borligini dunyoning oydin qismi tan olgan va bu merosni butun insoniyat boyligi sifatida qabul qilgan. Ammo ko‘pchilik hamma vaqt ham ota-ona qadrini, ularning o‘gitlari zaruratini anglamaganidek, xalqimizning aksar qismi bu boy meros borligidan, uning tirikligimiz uchun ahamiyati nechog‘li ekanidan to‘liq xabardor desam, yolg‘on aytgan bo‘laman. Nima uchunligiyam ma’lum.
Bir skandinav filmida ko‘rganim bor: farzand otasidan “Vatan nima?” deb so‘raydi. Ota indamay, kafti bilan o‘g‘lining og‘iz-burnini mahkam qisadi, ya’ni uning nafas olishiga imkon bermaydi. O‘g‘il og‘ir ahvolga tushib, tipirchilab qolgandagina ota kaftini oladi. Bu bilan ota “Vatan bu havoday tirikliging manbai, usiz mushkul ahvolga tushishing mumkin. Vatan ko‘z ilg‘amas havoday qadrli” degan juda bir hayotiy o‘gitni aytishga urinadi.
Bizning ana shu havoday qimmatli vatan ravnaqi uchun shonli tariximiz, benazir merosimiz bor deb yurishimiz kamlik qiladi. Biz bugun emas, erta emas, kecha anglashimiz lozim bo‘lgan haqiqat shundaki, navqiron davlatchiligimiz taraqqiyoti yanada yuksalishini istasak, bugun – har soat-u har daqiqada zarurligi sezilayotgan milliy g‘oya – mafkuramiz va ideal – kamoli matlubimiz nimadan iborat ekanligini, har bir inson, eng avvalo saflarimizga qo‘shilgan nasllar uchun aniq-ravshan ko‘rsatishimiz shart.
Bu nima uchun kerak? Bu shuning uchun ham kerakki, zimmamizga tarix yuklagan vazifani va bugungi taraqqiyot yo‘limizni belgilamog‘i, ya’ni biz bu mafkura, bu kamoli matlub asosida yashamog‘imiz, farzand tarbiyalamog‘imiz, qonunlar tuzmog‘imiz, tashkilotlar qurmog‘imiz, istiqbol shukuhini ko‘nglimizda o‘stirib, avaylab-asrab kelajak avlodlarimizga yetkazmog‘imiz lozim.
O‘tgan yillar davomida biz ko‘p o‘zgarishlarga erishdik. Ammo yuksak taraqqiyot orzusi yurtdoshlarimiz ruhiyatida, ong-u tafakkurida o‘zgarish bo‘lishini talab qilmoqda. Bu ruhiyat vaqt talab qilayotgan islohotsiz qolar ekan, yangilanayotgan davlat va jamiyat uchun zarur islohotlar ham sust boradi. Ruhiyat islohotini muayyan g‘oya belgilaydi va u xalq ongini harakatga keltiradi. Biz ana shu g‘oyaga qarab intilmog‘imiz va har bir qadamimiz, harakatimizni milliy mafkura va kamoli matlub mezoniga moslamog‘imiz kerak.
Millat deganda ham, jamiyat deganda ham avvalo odamlarni tushunamiz. Ularning fazilatlari, kamchiliklari-yu yutuqlari, ko‘nglida nimalar borligi millat va jamiyat hayotini belgilab turadi. Shunday ekan, milliy taraqqiyotimizning bugungi muhim pallasida o‘zbek jamiyati hayotining ichki, ayni shu ma’naviy-ma’rifiy olamiga ko‘proq diqqat qilishimiz lozim.
– Xalqimiz sizni avvalo katta shoir sifatida biladi. Shoirning bitganlari barcha uchun, jumladan, ma’naviyat xodimi uchun ham zaxira, quvvat manbai. Demak, shoir ham, yozuvchi ham birinchi o‘rindagi ma’naviyatchi ekan-da...
– Butun ijodiy faoliyatim davomida men faqat she’riyat bilangina emas, tariximiz, ma’naviyatimiz muammolariga bag‘ishlangan publitsistika bilan ham mashg‘ul bo‘ldim. O‘sha maqola va esselarni yig‘sam, salmoqli kitob bo‘ladi. Bu bilan eski ma’naviyatchi ekanimni aytmoqchiman. Uzoq yillar burun Ma’naviyat va ma’rifat markazini tuzishda faol ishtirok etganim, bir necha yil bu tashkilotda ishlaganim bejiz emas.
Shoirlikka kelsak, boshqalarni bilmadim-u, men she’rning, so‘zning millat va vatan borligi uchun nechog‘li ahamiyatliligini anglagan o‘smirlik chog‘imdan ma’nosiz, milliy tuyg‘usiz satrlar bitmoqdan saqlanganman. Hatto o‘sha battol sovet tuzumi paytida bizdan talab qilingan mavzularda she’r yozganimda ham albatta tariximizga bo‘lgan mehr tuyg‘usi, millat ozodligiga da’vatlarni aks ettirishga uringanman.
She’r hamisha ma’naviy poydevorga ega bo‘lgandagina ta’sirga ega bo‘ladi. She’r yurakdagi tuyg‘ular tafsiridir. Bekorga “adabiyot” atamasi “odob” so‘zidan, tushunchalari va ma’nosidan paydo bo‘lmagan. Faqat shu hikmatni anglagan ijodkor ijodi, siz aytgandek, quvvat manbai bo‘lib xizmat qiladi. Faqat shu mas’uliyatni anglagan adibgina milliy va umuminsoniy ma’naviyat xizmatchisiga, uning targ‘ibotchisiga aylanadi.
– Milliy g‘urur tushunchasini bugun ayrimlar kibr bilan adashtirayotganga o‘xshaydi. Inson uchun o‘zidan, o‘zligidan g‘ururlanish aslida fazilat emasmi?
– Kimda milliy g‘urur bo‘ladi? O‘zining kimligini bilgan, millat oldida mas’uliyatini teran anglagan odamda bo‘ladi. O‘zining ichidan bexabar, demak, oq va qoradan bexabar, oilasi, bolalari, vatani oldida mas’uliyatini umuman his etmaydigan odamning nimadandir g‘ururlanishini tasavvur qilolmayman.
Har qanday xalq vakilining milliy g‘ururi eng avvalo o‘zi mansub xalqning shonli o‘tmishi bilangina emas, bugungi ravnaqi, iqtisodiy qudrati, o‘zi yashab turgan zamon-u makondagi ma’naviy muhit bilan chambarchas bog‘liq. Tariximiz shonli, bu tarixda o‘z ijodiy kashfiyotlari bilan ilmda, adabiyotda yorqin iz qoldirgan donishmand bobolarimiz nomlari insoniyatning tafakkur xazinasi zarvaraqlarida oltin harflar bilan yozib qo‘yilgan bo‘lsa-da, agar bugungi taraqqiyotimizda oqsash sezilsa, millatning eng birlamchi timsoli bo‘lmish ona tilimizga munosabat pajmurda ahvolda bo‘lsa, yigit-qizlar, oila boshliqlari tirikchilik uchun chet ellarda ishlasa, o‘z yurtida emas, yot o‘lkalarda sargardon yursa, milliy g‘urur tuyg‘usi ich-ichimizdan chiqishga, baralla hayqirishga uyalsa kerak.
Milliy g‘ururni bolalikdan tarbiyalash zarur. Maktab darsliklarini ayni shu tuyg‘uni shakllantirish vositasi deb bilaman. Faqat adabiyot va tariximizga oid darsliklar emas, arifmetika-yu matematika, fizika-yu kimyo, geografiya va biologiya darsliklari orqali oqilona tarzda yosh avlodga milliy g‘urur tuyg‘usini singdirish mumkin deb o‘ylayman.
– Xurshid aka, o‘zbekning fe’l-atvori, yutug‘i-yu nuqsoni, umuman, milliy mentaliteti yaxlit aks etadigan ilmiy asosga ega asarga ehtiyoj bordek tuyuladi. Siz qanday qaraysiz bu fikrga?
– Jahondagi barcha xalqlarning o‘ziga xos fe’l-atvori, ya’ni milliy sajiyasi, turmush tarzi, hayotiy aqidalari mavjud. Bu ularning diniy e’tiqodi, tili, ma’naviy boyliklari, turmush tajribasi, tabiati, tarixi, urf-odati, an’analari va yana bir qator milliy xosliklar bilan bog‘liq. Bularning barchasi zanjir bo‘lib bir-biriga shunday qattiq bog‘langanki, bitta zulfi uzilsa barchasi zaiflashadi, har qanday salbiy ta’sir ularni osonlikcha parokanda qiladi.
O‘ylashimcha, milliy atvorimiz xususida yaxlit, ilmiy asosga ega asardan oldin biz adabiyotimizda va ilm-u fanimizda shu xislat aks etgan, uni tadqiq etgan asarlardan olingan iqtiboslar to‘plangan majmuani yaratishimiz kerak.
Siz nazarda tutgan o‘zbekning fe’l-atvori, yutug‘i-yu nuqsoni, umuman, milliy mentaliteti yaxlit aks etadigan ilmiy asosga ega asarni yaratish birgina shaxsning ishi emas deb o‘ylayman. Bu katta jamoaning mehnati va o‘zbek ziyolilarining salohiyati bilan yuzaga kelishi mumkin.
– O‘zbekning fe’l-atvoriga begona bo‘lgan ishlar ham sodir bo‘lib turibdi. Maishiy hayotimizda ham, tashqi dunyomizda ham buni ko‘rish mumkin. Ma’naviyat va qadriyatlarga, an’analarga tahdidlar kundan-kunga ko‘payib bormoqda. Bu borada nima ishlar qilishni zarurat deb hisoblaysiz?
– Bu tahdid susaymaydi, aksincha, battar kuchayadi. Yovuz kuchlarning faqat bizga emas, butun ahli basharga, eng avvalo yoshlarga bo‘lgan ma’naviy tazyiqi kecha yoki bugun paydo bo‘lib qolgani yo‘q. Dunyoni ma’naviy qashshoqlikka yetaklab borayotgan, fikrlovchi insonni emas, tomosha va maishatga o‘ch iste’molchilar qavmini shakllantirish jarayoni salkam bir asrdan buyon davom etmoqda.
Bundan yetmish yilcha avval amerikalik adib Eyn Rend xonim “Davlat tabiati” falsafiy badiasida bugun dunyoni o‘rgimchak to‘riday qamrab olayotgan bu tajovuzkor kuchlar haqida shunday yozgan edi: “Ularning maqsadi insonni fikrsiz qulga aylantirish yoki uning mehnati samarasini tortib olish, erkin tafakkur qilishdan mahrum etish yoki aqlga zid harakatlarga undashdan iborat. Ularning maqsadi o‘zlari yaratgan qonunlar bilan insonning tabiiy talab-ehtiyojlari o‘rtasida qarama-qarshilik keltirib chiqarishdan iborat. Ularning maqsadi jinoyatchilar to‘dasi boshqaradigan yoki olomon hukmron bo‘lgan jamiyatlar yaratish va ularni o‘zlarining g‘arazli rejalariga xizmat qildirish. Barcha insoniy qadriyatlarni nobud qiladigan, odamlarni robotga aylantiradigan bunday jamiyatlar faoliyati alal oqibat insoniyatni ham nobud etadi”.
Yana takrorlayman, bu tahdid susaymaydi, u ham tashqarida, ham ichkarida battar kuchayadi. Biz faqat va faqat bugungi suhbatimizning o‘q tomiri bo‘lgan milliy qadriyatlar tushunchasi, bu tushunchalar poydevor bo‘lib xizmat qilgan milliy tarbiya imoratini qanchalik mustahkamlasak, qanchalik himoya qilsak, tashqi va ichki tajovuzkor ta’sirlardan shunchalik o‘zimizni saqlagan bo‘lamiz.
Yuqoridagi milliy g‘oya – mafkuramiz va ideal – kamoli matlubimiz haqidagi gaplarimga bir qo‘shimcha qilib aytsam, ularning har ikkisi shakllanishiga ta’sir etuvchi eng muhim omil axloqdir. Bu – milliy tafakkurning bosh mezoni. Milliy fikrning zaiflashuvi, boshqa mafkura qarshisida ojizligi ma’naviy-axloqiy sohaning tanazzuli tufayli yuz beradi. Jamiyatning barqarorligi ham axloqiy kamolot samarasidir.
– Xalqning yakdilligi hammasidan muhim. Shunday emasmi? Uning butunligini nimalarda ko‘rasiz? Bugun shu butunlik bizda mavjudmi, qoniqarlimi?
– O‘tmishda bir tilda so‘zlashgan yoki til jihatidan bir-biriga yaqin qavmlardan iborat davlatlar hukm surganini bilamiz. Ular nechog‘li ulkan va qudratli bo‘lmasin, oxiri tanazzulga yuz tutgan. Nega? Ularni halokatga olib kelgan sabablardan biri – o‘sha davlatlardagi elatlarning yagona millat tarzida shakllanmaganidir. Illo, davlat tuzish ishi qanchalik murakkab bo‘lsa, millatning shakllanishi undan-da og‘ir va qiyin jarayondir. Millat shunday mukammal birlik – uyushma, ittifoqki, u uzoq tarixiy jarayon natijasida yuzaga keladi. Ammo taniqli faylasuf Ivan Ilin ta’kidlaganidek, millatni tarkib toptirish murakkab ish bo‘lsa-da, uning taraqqiy etishiga imkon yaratish yoki aksincha – bunga yo‘l qo‘ymaslik, hatto uni yo‘qotish choralari ko‘p va xilma-xildir. Millat bir bor yo‘qolsa abadiy yo‘qoladi, uni qayta tiriltirish imkonsiz va chorasiz ishdir.
Shu kunlarda tez-tez, turli sabablar bilan “Boburnoma”da bitilgan bir voqea yodimga tushadi. Mirzo Bobur sarsonlik kezlarini tasvirlar ekan, bir gal dovon oshish mahalida kuchli qor bo‘roniga duch kelganini tasvirlaydi: “Bir haftaga yovuq qor tepib, kunda bir shar’iy-bir yarim shar’iydan ortiq ko‘chulmas edi. Qor tepar (ya’ni qorni tepib yo‘l ochadigan) kishi men edim, o‘n-o‘n besh ichki bila va Qosimbek edi, ikki o‘g‘li – Tangriberdi va Qanbar Ali bilan, yana ikki-uch navkari ham bor edi. Ushbu mazkur bo‘lg‘onlar yayoq yurib, qor tepar eduk, har kishi yetti-o‘n qadam ilgari yurub qor tepar edi. Har qadam qo‘yg‘onida beligacha, ko‘ksigacha bota-bota qor tepar edi... O‘zga tamom o‘bdon-o‘bdon yigitlar va bek otong‘onlar otlardin ham tushmay, tayyor tepilgan va bosilg‘on yo‘lga kirib, boshlarini quyi solib kelurlar edi. Mahal ul emas edikim, kishiga taklif va zo‘re qililg‘ay, har kimning himmat va jur’ati bo‘lsa, bundoq ishlarni o‘zi tilab qilur...”.
Aslida bu qadim voqeani eslashimga bugungi tashvishli kunlarimizda kechayotgan hodisalar-u jarayonlar sababchi. Yana ta’kidlash joiz, bu yodlov uzoq yillik istibdod siquvi tufayli jaholat botqog‘iga botgan odamlarni yangi yo‘lga olib chiqish uchun qilinayotgan mashaqqatli va ulug‘vor sa’y-harakatlar bilan ham bog‘liq. Biz qalin qor bosgan dovondan o‘tmoqdamiz. Ne-ne azamat insonlar farog‘atni unutib, “qor tepib” ortdagilar uchun yo‘l ochib bormoqda. Bu sinov dovonida har birimizdan, millatimiz va nasl-nasabimizdan qat’i nazar, hamjihat va hammaslak bo‘lib harakat qilish talab etiladi. Har birimiz ongimizga murojaat qilaylik, biz ona vatanimiz uchun hal qiluvchi pallada qay jabhada turibmiz: qalin qorni tepib yo‘l ochayotganlar orasidamizmi yoki bu yurt tashvishlaridan xoli kimsalardek tayyor tepilgan va bosilgan yo‘ldan boshimizni quyi solib bormoqdamizmi? Bugun ham Mirzo Bobur yozganidek, mahal ul emaskim, “kishiga taklif va zo‘re qililg‘ay, har kimning himmat va jur’ati bo‘lsa bundoq ishlarni o‘zi tilab qilur”.
Xalqning yakdilligi haqidagi savolingizga javob berishdan oldin shuncha gapni aytishimning sababi bitta: xalq va millatni faqatgina kuchli, komil shaxslar birlashtira oladi. Buyuk bobomiz hazrat Mir Alisher Navoiy “Elga qo‘shulg‘on esh topti” deb nasihat aytgan. Demak, hammaslak bo‘lgan xalq yashagan yurt ravnaq topadi va kelajagi porloq bo‘ladi.
Shodmonqul SALOM suhbatlashdi.
“Ma’naviy hayot” jurnali, 2023-yil 1-son.
“Umrni ma’noga to‘ldirmoq zavqi” suhbati
Falsafa
Jarayon
San’at
Vatandosh
Adabiyot
Adabiyot
Til
Jarayon
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Tarix
Tarix
Din
Til
//
Izoh yo‘q