Kesh ummonidagi to‘rt javohir


Saqlash
11:09 / 28.09.2021 1399 0

Kesh    o‘zbekning juda katta ziyo ummoni. Nasaf olimlari bilan birga ko‘plab keshlik ijodkorlar, olimlar har ikki ummonni dur-u javohirlarga to‘ldirganlari bor haqiqatdir. Bu dur-u javohirlarni taniganinggiz sari ilmingiz, qarashlaringiz va hayratingiz ham oshib boradi.

 Shaxsan o‘zim ko‘plab keshlik allomalarning ilm-fan yo‘lidagi zahmatlari, mehnatlarini ko‘zdan kechirib, g‘oyat ta’sirlandim va ularning betakror, o‘ziga xos jozibali olamlaridan juda katta saboqlar oldim.

 Bu o‘rinda shuni alohida ta’kidlab o‘tish kerakki,  qaysi zaminda ilm-fan rivojlanib, fayz-u baraka atrofni nurafshon etgan bo‘lsa, o‘sha zamindan millatning ulug‘ shaxslari yetishib chiqqan va ular xalqni zulmdan ozod etib, farovonlikka boshlagan yoki o‘z ilmlari bilan millatni sharaflagan, nomini dunyoga doston etgan.

  Ana shunday shaxslardan biri Temurbekning oddiy bek farzandidan buyuk Sohibqiron Amir Temur darajasiga yetishishida Kesh asosiy zamin bo‘lgan. Zero, agar uning yurti tinch va osoyishta bo‘lganida, bu zot yo avliyo, yo ulug‘ shoir, yo buyuk olim darajasida dunyoga bo‘y ko‘rsatar edi. Lekin ulug‘vor Keshning ilm-fani, buyuk fazilati uni zulmga qarshi otlantirdi va u o‘smirligidanoq mamlakatini chingiziylar asoratidan ozod etishni o‘zining bosh maqsadi, deb bildi. Shunisi diqqatga sazovorki, buyuk hukmdor g‘oyat katta qiyinchiliklar evaziga buyuk Turonni qayta tiklagan bo‘lsa, Keshni dunyoning eng go‘zal shaharlaridan biriga aylantirish bilan birga bu yerda ilm-fanning rivojlanishiga ham alohida ahamiyat berdi.

  Bu boradagi fikrimizni muxtasar etib, aytish lozimki, Kesh allomalari hayoti va faoliyatini to‘rt qismga bo‘lib o‘rganish maqsadga muvofiqdir:

Birinchisi, Kesh allomalari merosining tarixiy ahamiyati;

Ikkinchisi, Kesh adabiyoti vakillari;

Uchinchisi, Amir Temurning keshlik elchilari;

To‘rtinchisi, keshlik xattotlar.

   Demak, biz birinchi qismga e’tibor beradigan bo‘lsak, ko‘ramizki, chindan ham keshlik allomalarning merosi juda katta tarixiy ahamiyatga ega va bu bizning noyob xazinamiz, boyligimiz deyishimiz mumkin.

   Mirzo Abdulqodir Bedil, Shamsiddin Kulol, Mavlono Xojagiy Imkanagiy kabi ulug‘ allomalarning nomi jahonga mashhur. Abu Muhammad al-Keshiyning  Keshda fiqhshunoslik maktabiga asos solganining o‘zi uning naqadar nufuzli shaxs bo‘lganidan dalolat beradi. (N.Muhammad. Nasaf va Kesh allomalari. G‘.G‘ulom nomidagi adabiyot va san’at nashriyoti, T., 2001, 7-b, 64-b.). Bundan tashqari, manbalarda uning yirik tilshunos, hadisshunos bo‘lgani ham qayd etilgan. Vafoti milodiy 863-yil deb ko‘rsatilgan. Demak, bu allomaning bugun 1256 yillik  yoshida biz nomini  mamnunlik bilan tilga olyapmiz. Kimki, insoniyat taraqqiyoti, millati sharafi uchun mehnat qilsa, unday inson nomi sira unutilmasligini oqsoch tarix qayta tasdiqlab turibdi.

 Keshlik alloma, ijodkorlar orasida Xoja Abulbaraka ijodi o‘zining teranligi bilan yarq etib ko‘zga tashlanadi. Hazratimiz Alisher Navoiyning “Majolis un-nafois” va Zahiriddin Muhammad Boburning “Boburnoma” asarlarida shoir haqida anchagina ma’lumotlar berilgan. Uning sulton Husayn Boyqaro davlatining ma’muriy xizmatchisi, olim va shoir bo‘lgani haqida ham manbalarda aniq qayd etilgan.

 Zahiriddin Muhammad Bobur  “Boburnoma”da qiziq bir voqeani keltirib o‘tgan. Xoja Abulbaraka bir davrada hatto iste’mol uchun g‘allasi, kiyish uchun ust-boshi yo‘qligi haqidagi arz-holi bayon etilgan ruboiysini o‘qiganda, Bobur Mirzo unga xo‘p o‘xshatib javob yozgan:

 

 Ishlar bori ko‘ngludag‘idek bo‘lg‘usidir,

 In’om-u vazifa bori buyrulg‘usidir.

 Ul g‘allav-u muhmalki deb erding, berdim,

 Muhmalg‘a bo‘y-u g‘alladin uy to‘lg‘usidir.

 

   Bobur Mirzoning tagdor qochirimlari, zukkolik bilan tanbeh berishlari, albatta, tahsinga sazovor. Ammo bu yerda yana bir masala mavjud. Gap shundaki, o‘sha davrning ko‘zga ko‘ringan shoirlaridan biri Binoiy  Bobur Mirzodan o‘zining kam emasligini ko‘rsatish maqsadida, mushoirada ishtirok etib, javob tariqasida bir ruboiy bitgan. U quyidagichadir:

 

   Mirzomki shohi bahru bar bo‘lg‘usidir,

   Olamda hunar birla sar bo‘lg‘usidir,

   Bir muhmal uchun muncha inoyat bo‘ldi,

   Musta’mal agar desam, nelar bo‘lg‘usidir.

 

 Davrada ishtirok etayotgan Xoja Abulbaraka  mushoira qoidasi buzilganini sezib, shoir Binoiyga e’tiroz tarzida bir  ruboiy bitadi:

 

 Bu javrki qildi davr so‘rg‘ulsidir,

 Sultoni karam bu uzrni qo‘lg‘usidir.

 To‘kulgon agarchi to‘lmas, ey soqiy,

 To‘kulgonimiz bu davrda to‘lg‘usidir.

 

  Bu mushoira  XV asr o‘zbek adabiy muhitining eng yorqin namunalaridan biri sifatida e’tirof etilgan va har asrda, har davrada ushbu ruboiylar hamon eslab turiladi. Bugun biz ham eslayapmiz, zero, oltin hech qachon qadrini yo‘qotmaydi.

 Shahrisazb adabiy muhitining taniqli vakillaridan biri Xoja Abubarakaning farzandi Ayyub Shahrisabziy bin Abulbaraka bo‘lib, u taniqli shoir sifatida tilga olinadi. “Muzakkiri ahbob” asarida uning ijodi haqida anchagina ma’lumotlar qayd etilgan. Xususan, uning XV asr oxiri XVI asr o‘rtalarida yashagani, dastlab Shahrisabz, so‘ngra Samarqandda ta’lim olgani, bir muddat Hirot va Iroqda istiqomat qilgani, Ozarboyjonda Shirvon shohning nadimi bo‘lgani  hamda Hindiston  podshohi Humoyun xizmatida bo‘lgani haqidagi ma’lumotlarni o‘qishimiz mumkin.

   Uning she’riyati juda nafis, juda shirali va jozibaliligi bilan ajralib turadi. Bir she’rida: “Yor qonimni to‘kdi-yu, dil dardidan xalos bo‘ldim, agar tabib hoziq bo‘lsa, kasal albatta shifo topadi”, deydi. Va bu xulosaning o‘zi ham uning  nihoyatda katta ilm egasi bo‘lganini e’tirof etadi.

 XVI asrda yashagan yana bir shoir Lozimiy Keshiy  bo‘lib, Mutribiy uni iste’dodli shoir sifatida tilga olib o‘tgan. Hakim Shahrisabziy, uning shogirdi Mir Tabiblar ijodini kengroq o‘rganish zarur. Mushtoq Shahrisabziyning Sankt-Peterburgdagi “Majmuai ash’or” bayozini tatbiq etish uchun yosh olimlarni jalb etish lozim, deb o‘ylayman. Farah Shahrisabziyning asl nomini tiklash uchun ilmiy izlanish olib borish ham maqsadga muvofiqdir.

  1878-yilda Shahrisabzda tug‘ilgan Mirzo Umrboqiy Shahrisabziy hayoti va ijodi vatanparvarlik tuyg‘ulari bilan to‘la. Uni kommunistik partiya safiga taklif etganlarida, bosh tortgan va shu tufayli Shahrisabzdan chiqib ketib, yashirincha umr kechirgan.

 Abdulla Rahmon gulshaniy haqida Sa’dulla Siyoyevning  “Guliston” jurnalida “Hukumatning avliyosi” maqolasi e’lon qilingan edi, 1998-yilda esa shoirning “Alvido” she’riy to‘plami nashr etilganini ham bilamiz. Uning “Gulistoni Gulshaniy” devoni, 3 jilddan iborat she’rlar to‘plami, muammo va dostonlarini o‘z ichiga olgan majmualarini xalqimizga yetkazadigan payt keldi.

 

  Orazing – masjid, qoshing – mehrob, ko‘zing muqtado,

  Ayladi ul muqtadoga iqtido mujgonlaring,

 

deb yozgadi u bir she’rida.

   1892-yilda Shahrisabzda tug‘ilgan Fayzulloxoja Ravnaqiy yetuk shoir bo‘lish bilan birga husnixatda ham yagona bo‘lgan. Jumladan, birgina “Bismillohir rahmonir rahim” oyatini 25 xil shaklda san’atkorona yozgan. Bu oyat har qanday muzeyning eng noyob eksponati bo‘lishi mumkin. Zero, bugungi kunda Boysung‘ur Mirzoning xattotlik ishlari Erondagi Imom Rizo kutubxonasini yulduzday bezab turibdi. Ulug‘ ajdodlarimizning bunday noyob ishlarini qadrlash, avaylash, elimizga yetkazish har birimizning burchimizdir.

  Albatta, yuqorida ta’kidlaganimizdek, keshlik elchilarning faoliyatini chuqurroq o‘rganishni davr taqozo etmoqda. Zero,   o‘zbek diplomatiyasining ildizlari juda qadimga borib taqaladi va u har tomonlama o‘rganishga, tatbiq etishga loyiqdir. Xususan, Sohibqiron Amir Temur davrida bu sohaning eng yuqori darajaga ko‘tarilganini va mazkur diplomatiyaning ezgulik va adolatli jihatlari hamon ko‘pchilikni qiziqtirayotgani aniqdir. XV asr jahon diplomatiyasining yorqin vakili  Muhammad al-Keshiyning faoliyati har jihatdan e’tiborli. U Kastiliya qiroli Henrix uchinchi hamda Fransiya va Angliya qirollari huzurida  bo‘lib, elchilik  ishlarini juda samarali olib borgan. Ayniqsa, musulmon diplomatlari orasida Yevropaga borib, diplomatik ishlarni o‘rinlatgan yagona shaxslardan biri sifatida e’tirof etiladi.

  Amir Temurning  nufuzli elchilaridan yana biri Mavlono Jaloliddin Keshiy bo‘lib, bu shaxs mamlakatlar, shohlar orasidagi nizolarni bartaraf etishda o‘ziga xos elchilik vazifalarini bajargan. Ayniqsa, uning Xorazm voliysi Husayn So‘fi bilan olib borgan muzokaralari diqqatga savzovorligi bilan ajralib turadi.

   Yuksak salohiyat sohibi bo‘lgan elchi Mavlono Abdulloh Keshiyning Misr Sultoni Faraj bilan olib borgan muzokaralari o‘z paytida muhim ahamiyat kasb etgan edi. Chunki Amir Temur necha marta elchi jo‘natgan bo‘lsa, Misr sultoni ularni ketma-ket qatl etishdan qaytmagan. O‘limni bo‘yniga olgan elchini qanday tasavvur etishimiz mumkin?! Misr tarixchisi Do‘qmoqning guvohlik berishicha,  keshlik elchi Misr sultoni bilan juda yuksak darajada muzokara olib borgan va uni sulhni imzolashga ko‘ndirgan, natijada, ikki o‘rtadagi qonli urushga chek qo‘yilib, Misr sultoni o‘zini Amir Temurning vassali deb e’tirof etgan.

   O‘tmishimizga nazar tashlasak, yorqin chizgilarga guvoh bo‘lamiz va bu yorqin chizgi nurlari sovet davri bo‘htonlarini tamoman yuvib ketib, bizga boy tariximizning yanada ulug‘vor jihatlarini namoyish etadi. Jumladan, Qashqadaryo vohasining ikki madaniy markazi – qadimiy Nasaf va Keshda boshqa sohalar singari Xattotlik ham jadal rivojlandi, taraqqiy etdi. Buni keshlik xattotlar faoliyati misolida ham ko‘rishimiz mumkin.

 Bundan avval aytish kerakki, har ikki markazda xattotlik ishlarining taraqqiy etishida o‘sha zamonning hokimlari, rahbarlari, qozilari, xalq boshida turgan ulug‘lari alohida e’tibor berdilarki, ona tarix bizga eng birinchi galda zamona peshvolarining yuksak salohiyatli kishilar bo‘lishlari lozimligini uqtiradi. Masalan, amir Umarxon hamda uning saroy a’yonlari  mashhur va nozik xattot Sarimsoq Jizzaxiyga har bir xattotlik ishlari uchun 14 tilla tangadan berganliklari tarixdan ma’lum  yoki Buxoro qozikaloni Mirzo Muhammad Sharif Sadr (Ziyo)ning “Kalila va Dimna”ni 15 ming tangaga, 7 jildli bir qomusiy asarni 30 ming tangaga xarid qilganini ham bilamiz. Demak, tarix ko‘rsatadiki, xalqqa ota bo‘lgan, yeng bo‘lgan rahbarlarning yuksak ma’naviyatli bo‘lishlari mamlakatning har tomonlama rivojlanishiga yetarlicha omil bo‘la oladi.

  Mavzuyimizga qaytadigan bo‘lsak, keshlik xattotlar – Mirzo Yunus Shahrisabziy, Ibrohim Devona, Domla Bobobek, Mirzo Abduvahhob, Imomuddin Shahrisabziy, Yormuhammad qori, Ergash devonai Keshiy, Ziyovuddin al-Keshiy, Muhammad Latif Keshiy, Abdumalik Shahrisabziy, Rahmatulla G‘izoliyi Keshiy, Mirzo Abdulqodir Keshiy,  Muhammad Sheralibek, Muhammad Obid, Abdulg‘afur Shahrisabziy, Muhammad Yusuf, Muhammad Latif,  Abdulg‘afur valadi Mullo Hotam Shahrisabziy, Muhammad Rahim al-Keshiy va biz bilmagan boshqa  ko‘plab ulug‘larimiz mehnatlari, yuksak xattotlik ishlari ko‘zimizga surtib o‘qiydigan, o‘rganadigan noyob manbalar, dunyoga ko‘z-ko‘z qilishga arziydigan san’at asarlaridir.

  Ular faqat xattotlar emas, balki turli sohalarda mahoratlarini namoyish etgan shaxslar, sharaf qozongan zotlar. Masalan, XIX asrda yashagan Imomuddin Shahrisabziy mashhur xattot bo‘lish bilan birga e’tiborli shoir ham edi. Xullas, nasaf va keshlik allomalarning bizga qoldirgan juda katta boy merosini, dur-u javohirlarini  bor bo‘yicha o‘rganish, tatbiq etish va ulkan xazinani ketma-ketlikda xalqimizga yetkazish bugungi vazifalarimizdan biriga aylanishi kerak.

To‘lqin HAYIT,

  Temruiylar tarixi davlat muzeyi ilmiy xodimi,

  O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Adabiyot

18:04 / 05.04.2024 0 19271
Yaponiya sotuvga qo‘yiladi

San’at

11:08 / 28.08.2021 8 16334
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi