Adabiyot
Bugungi kunda neologizm sifatida qaralayotgan axboriy savodxonlik, mediasavodxonlik, faktcheking kabi tushunchalarning aslida milliy tarixiy koʻrinishlari mavjud. Oyina.uz kolumnisti mazkur maqolada qadimiy manbalar, asarlar mediataʼlim kontekstida tahlil etdi.
Qadimiy manbalardan biri – “Avesto”da yolgʻon kabir gunoh sifatida qoralanadi, chin eʼtiqodga xiyonat deb baholanadi. Unda “Haqiqat eng ezgu neʼmat...”, “Haqiqat – eng aʼlo neʼmat...” sanalgan. Yashtning yakuniy duo aytimlari shu jumlalar bilan tugagan, oʻn qurdan takrorlangan. “Kulfat kelsin u zotga... Xor etsa haqiqatni”, “Aldovlarga uchmaydi, Yolgʻonlarga yurmaydi”, “Iymonsiz yolgʻon soʻzlar”, “Soʻz ustidan chiqmaslar Undan madad ololmas. Yolgʻonchi baxtdan mahrum, Savoblardan bebahra”, “Yolgʻon yaylovda sarson” kabi jumlalar haqiqatning bahosi va ahamiyatini koʻrsatadi, aldov, yolgʻon bilan keskin murosasizlikni bayon etadi.
Yolgʻon baribir
Iymonlilarning
Urugʻ aymogʻin
Qilolmay qirgʻin
Kelgan yeriga
Ketgaydir bir kun,
Yoʻqolgay badbin.
Yoki
Soʻzlaganda soʻz gʻolib,
Yolgʻon bilan chin bahsi,
Boʻlganda chin soʻz gʻolib
(Boʻlsin, deya yolbordi).
kabi satrlarda ezgulik va yovuzlik, rost va yolgʻon, ziyo va zulmat oʻrtasidagi azaliy kurash aks etgan.
“Avesto”da tuhmat, axborotni tekshirish muhimligi masalasi tilga olingan. Naql qilinishicha, Frangxrasyon tuhmatlarni tekshirmay, kuyovi Siyovush (Syavarshan)ni oʻldirishga buyurgan. Bu makr uchun qasd olish ilinjida tavallo qiladi. Ezgu oʻy, ezgu soʻz va savob ishlar tamoyili negativ axborotlarni cheklashga, adovat tilini qoʻllamaslikka chaqirishi bilan ahamiyatli.
Buyuk olim va mutafakkir Abu Rayhon Beruniy (973–1048) “Hindiston” asarida koʻz bilan koʻrilgan voqelik va boshqa birov orqali yetkazilgan xabarning, yaʼni reallik va reprezentatsiyaning farqini koʻrsatib beradi. “Xabar koʻz bilan koʻrgandek boʻlmaydi, degan kishining soʻzi juda toʻgʻridir. Chunki koʻrish koʻringan narsaning oʻzi bor paytida va oʻz joyida turganida qarovchi koʻzning uni uchratishidan iboratdir. Xabarga yolgʻon-yashiqlar qoʻshilmaganida, u koʻrishga nisbatan ortiqroq oʻrinda turgan boʻlar edi. Chunki koʻrish va qarash payti narsa bor vaqtning bir boʻlagi bilan cheklanadi. Xabar esa narsaning [qarovchiga] koʻringan vaqtdan ilgari oʻtgan va keyin keladigan hollaridan darak beradi; ana shuning uchun ham xabar bor narsalardan ham, yoʻq narsalardan ham darak beraveradi. Yozish xabar turlarining biri boʻlib, uni boshqa turlardan koʻra sharafliroq sanash mumkin; qalamning abadiy izlari boʻlmaganida xalqlarning xabarlarini qaydan bilar edik? Soʻngra odatda boʻlishi mumkin boʻlgan narsa haqida berilgan xabar bir xilda [farqsiz] rost va yolgʻon boʻlaveradi; xabar xabar beruvchilar sababli rostlik va yolgʻonlik tusini oladi. Chunki odamlarning maqsadlari xilma-xil, xalqlar oʻrtasida tortishish va talashish koʻp”. Manfaatlar toʻqnashuvi, axborot tarqatishning inson omili bilan bogʻliqligi talqin turli-tumanligi, yolgʻon axborot paydo boʻlishiga sabab boʻladi. Buyuk mutafakkir yolgʻondan ogohlantiradi.
Hozirgi zamonaviy fan tilida aytganda bu mediataʼlimdagi reprezentatsiya reallikning oʻrnini bosa olmasligi, u reallikka mos boʻlishi mumkinligi yoki uni inkor qilish prinsipining aynan oʻzidir.
Beruniy kishining yolgʻon xabar tarqatishi sabablariga koʻra turlarini ham keltirib oʻtadi:
•oʻz jinsini ulugʻlab,
•oʻzini koʻrsatish maqsadida boshqa zid bir jinsni ayblab,
•oʻzi sevadigan bir tabaqaga minnatdorchilik bildirmoqchi boʻlib,
•oʻzining past tabiatliligi sababli biron yaxshilikka erishish uchun,
•oʻzining yuraksiz va qoʻrqoqligi sababli yomonlikdan qutulib qolish uchun.
Beruniy yolgʻon xabar tarqatgan ilk manbani aybdor deb hisoblaydi: “Baʼzi kishi [yolgʻon xabar tarqatuvchiga] taqlid qilib, bilmasdan yolgʻon xabar tarqatadi. Garchi ular koʻp boʻlsa ham yoki bir guruh ketidan bir guruh [shu taxlit] ketaversa ham bu xabarchilar birinchi marta ataylab yolgʻon xabar tarqatgan kishi bilan eng keyin bu yolgʻon xabarni eshituvchi oraligʻida vositachi boʻladilar; oradan taqlidchilar tushirib yuborilsa, biz sanab oʻtgan yolgʻonchilarning oʻsha avvalgi bittasi qoladi, xolos.
Allomaning asarlari yolgʻonchilikdan chetlanish, toʻgʻri soʻzni soʻzlash, dalillash, isbotlash, ifodada taqlid qilmaslik, manbalarni solishtirish, sharhlashda haqqoniylik va xolislikka amal qilish kabi jihatlariga koʻra mediataʼlim, mediasavodlik kontekstida ahamiyatli. “Hindiston”, “Qadimgi xalqlardan qolgan yodgorliklar” asarlarida millatlar, dinlararo eʼtiqoddagi, urf-odatlardagi farqlarni nifoq qoʻzgʻamay, nihoyatda bagʻrikenglik bilan nozik ifodalaydi. “Hindiston” asarida yunon manbalariga murojaat etishda, hindlarning “Vera”, “Purona” kabi diniy kitoblariga bergan sharhlarida bu oʻz isbotini topgan. Buni allomaning oʻzi ham tilga olgan: “Bu bahslashish va tortishish kitobi emas, shuning uchun bu kitobda dushmanlar isbotini keltirmayman va haqiqatdan chetga chiqqanlarga qarshilik koʻrsatmayman. Bu faqatgina bayon qilish kitobidir, xolos”. Shu bois eshitgan narsalariga eshitganligi nisbatini beradi, oʻz fikrlarini “fikrimcha”, deya izohlaydi. Tolerantlik, boshqalar eʼtiqodi va qarashlariga bagʻrikenglik bilan qaraydi.
Ilmiy yondashuv, sogʻlom fikr, asoslash, sabab va oqibatlarga koʻra tahlil Abu Rayhon Beruniy asarlarida ustunlik qiladi. Masalan, dorilarning ogʻirligini bayon etishda nazm qilinmay, yakka-yakka ishlatilgan soʻzlar nusxa koʻchirish natijasida buzilib ketishi, hasad bilan kunichilik qiluvchi kishining ataylab mujmal qilib berkitib yozishi sababli ham buzilishini keltiradi. Oʻzi guvoh boʻlmagan, aniq dalili topilmagan holatlarda bu narsani aniq bayon etadi: “Shamaniylarning Meru togʻi haqida na birorta kitobini va na bu togʻ haqida ularning fikrlarini aytib beradigan birorta kishini uchratmaganim uchun men ularning soʻzlarini hikoya qilganimda Eronshahriy vositasi bilan hikoya qildim. Lekin bu, gumonimcha, aniq emas yoki aniqlamay gapiradigan kishidan koʻchirilgan hikoyadir”. Shuningdek, soʻzlarning algʻov-dalgʻovligiga omma, el ogʻzidan aytilgan mubolagʻalar sabab qilib koʻrsatiladi.
“Hindiston” asarining oʻn yettinchi bobida Beruniy sehrgarlik, koʻzboʻyamachilikni qattiq tanqid qilgan. Sehr taʼrifida uning yolgʻonligi aniq-ravshan koʻrinib turadi, shunday boʻlgach, sehr albatta ilmlar qatoriga kirmaydi, deb qatʼiy xulosa qiladi. Shu fikrining isboti uchun u bir necha hikoyalar keltiradi. Umuman olganda, “Hindiston” asari chuqur ilm, sogʻlom fikr, millatlararo, dinlararo, madaniyatlararo tolerantlikning yuksak namunasi.
“Kitob al-jamohir fi maʼrifat al-javohir” (Mineralogiya) asarining “Zumrad haqidagi hikoyalar” bobida Beruniy zumrad toʻgʻrisidagi turli voqea va afsonalarni keltirgan. Bu yerda Beruniy boʻlgan va boʻlmagan safsatalarning xayoliy uydirmalar ekani toʻgʻrisida soʻzlaydi. Xususan, zulmat yurti (goʻyo zumrad, zabarjadlar qorongʻilik mamlakatida boʻladi) xususidagi afsona. Beruniy butun Yer yuzida toʻla qorongʻilik boʻladigan birorta ham yer yoʻqligi, faqat toʻrt tomoni va usti berk joygina bundan mustasnoligi, biroq yilning olti oyida qorongʻi boʻlib turadigan joylar borligi haqida gapirilishi, qolgan olti oyi uzluksiz yorugʻ boʻlishini taʼkidlaydi. “Hayotim nomiga qasam ichamanki, zulmatdan olinadigan zumrad (zulmoniy) haqida gap ketganda chiroqsiz ishlab boʻlmaydigan konlarni koʻzda tutmoq mumkin, xolos”.
Zumradga qarasa, zaharli ilonlarning koʻzi oqib tushishi kabi gaplarni Beruniy uydirma sifatida rad qiladi. Hatto bu “Kitob al-xavvos” kabi manbalarda, Abu Nasr al-Utbiy asarlarida ham aks etgan. U juda koʻp tajribalar orqali shunday xulosaga kelganini bildiradi. Beruniy zumradli munchoqni ilonga oʻrab, zumrad donalarini ilonli savat tagiga sepadi, zumradni ipga bogʻlab, ilonning koʻz oldida silkitadi, bu ishni toʻqqiz oy issiqni issiq, sovuqni sovuq demay bajaradi. Hech qanday natija boʻlmaydi.
“Yomgʻir chaqiruvchi tosh” – “Hajar jolib lil matar” bobida ham faktchekingga oid misollar koʻplab uchraydi. Beruniy shunday xususiyatga ega deb ovoza boʻlgan toshlar toʻgʻrisida soʻzlaydi, u afsonalarning uydirma ekanini tajriba va nazariyadan olingan xulosalar bilan isbotlaydi.
Ar-Roziy “Xususiyatlar haqidagi kitob”da turklar mamlakatida qarluqlar, bajanaqlar va qipchoqlar oraligʻida bir dovon bor, deydi. U yerdan qoʻshin yoki poda oʻtganda, ulovning tuyogʻi kigiz bilan bogʻlanar ekan, aks holda ulovning tuyogʻi yoʻldagi toshlarga tegib qora chang koʻtarilar va yomgʻir yogʻa boshlar ekan. Yana deydilarki, odam qoʻliga bu toshni olib suvga tushsa yoki bu toshni ogʻziga solib, qoʻli bilan har xil harakatlar qilsa, yomgʻir yogʻa boshlar emish. “Kitob an-nuhob”da ham yomgʻir yogʻdiruvchi tosh haqida gapirilgan.
Beruniy uning huzuriga bir turk kelgani va uni xursandchilik bilan surishtirmay qabul qiladi deb shunday toshni keltirganini hikoya qiladi. “Yogʻingarchilik mavsumi boʻlmagan paytda u bilan yomgʻirni chaqir. Yoki yogʻingarchilik mavsumida men soʻragan paytda yomgʻir yogʻdir. Shunda men sening qoʻlingdan bu toshni olaman va sen istagan narsani, hatto ortigʻi bilan beraman”, deydi Beruniy. U odam toshni suvga solib suvni koʻkka socha boshladi, bu harakatlarni u turli qiyqiriq va duolar bilan olib borgan edi. Oʻsha odam sochgan suv yerga qaytib tushadi, ammo hech qanday yomgʻir yogʻmaydi. Shunga qaramay, odamlar bu toshning kuchiga ishonadi, hozir boʻlgan kishilar bu faqat turklar yerida yuz berishi mumkin, deydi. Bu yerda ommaga, tipik auditoriyaga xos xususiyatlar koʻzga tashlanadi. Zamonaviy auditoriyada ham shunday. Gyustav Lebon “Xalq va omma psixologiyasi”da yozganidek, “Ommaga eng oddiy va odmi hissiyotlar tanish, oʻzini ishontirgan istalgan fikr, gʻoya va maslakni mutlaq haqiqat yoki mutlaq xato deb qabul qilishi mumkin. Omma hech qachon haqiqatni bilishga harakat qilmaydi, kim uni ishontirsa, unga ergashadi, kim uni tafakkur qilishga undasa, uning qurboniga aylanadi”.
Shunday qilib, Beruniy har qanday uydirmalarni rad qiladi, har bir holatni ilmiy asosda izohlaydi. Doʻl qaytaruvchi toshlar haqida hikoya qilar ekan, Hindistonda brahmanlar soʻzini tekshirib koʻruvchi, tabiat hodisasini tushuntirib beruvchi hech kim yoʻqligini tilga olgan. Haqiqatgoʻy olim ham amaliy faoliyatida, ham ilmiy tadqiqotlarida haqiqatdan hech qachon chekingan emas. U hamisha rostgoʻylik bilan ish tutgani, chin fikrlarni izhor etgani axborot savodxonligi, madaniyati yuzasidan ahamiyatlidir.
Abu Ali ibn Sino (980–1037) “Hakimning uch quroli bor: soʻz, giyoh, tigʻ”, deganida soʻzning, axborotning qudratini yuksak baholaydi. Shuningdek, “Salomon va Ibsol” asarida yolgʻon rostga qorishtirilishi, senga maʼlum boʻlmagan va uzoq boʻlgan narsalarning xabari shu yoʻl bilan keltirilishi, inson rostni yolgʻondan ajratish bilan, soxtadan chinni farq qilish bilan sinalishini aytadi. Hatto rostning darajalarini keltiradi. Keltirilishicha, “Majhul sidq – nomaʼlum rost esa unchalik diqqatni oʻziga tortadigan hodisa ham emas. Mabodo toʻgʻri soʻz sal oʻzgartirilsa-yu, odatdagiday aytilmaydigan boʻlsa va buning ustiga unga uncha-muncha narsalar qoʻshilgan boʻlsa, u holda bu narsa inson ruhiga xush keladi”. Ibn Sino, shuningdek, yolgʻonchilik boshqa salbiy illatlar qatori kasallik keltirishini aytadi:
Xasisligu, hasad ham yolgʻonchilik,
Zaiflik, dardu yoʻqlikka boʻlish rom,
Yusuf Xos Hojib (1020 (21)-?)ning milodiy 1069-yilda – bundan qariyb ming yil oldin yozilgan “Qutadgʻu bilig” asarida keltirilishicha, “Soʻz tuya burniga oʻxshash – unga jilov solsa boʻladi. Yoxud u tuyaning boʻyni kabidir – yetovga yuraveradi”. Bu soʻz (axborot)ni turli mazmunda ifodalash mumkinligini koʻrsatadi. Yoki:
Birov chaqar boʻlsa, eshitgin soʻzin,
Chinu yolgʻonini surishtir oʻzing.
Juda yaxshi degan kishi sarasi:
“Eshitginu angla, ne soʻz sirasi”.
Yana yaxshi kelgan mana ushbu soʻz,
Bu ishga tutingin, ayo yetuk koʻz:
“Bor soʻzni tinglagin, keragini ol,
Nokerak soʻzlarni chegirgin darhol.
Soʻzin eshit, soʻra yolgʻon-chinini,
Chinin ol, yoʻqotgin bor yolgʻonini.
Yolgʻonchi kishidan buzilar jahon,
Chin aytar kishini yaqin tut har on”.
Turkiy xalqlar madaniyatining noyob durdonasida barcha aytilgan soʻzlarga ishonmaslik, chaqimchilik, yolgʻon, aldov, hiyla, fitna, ushoq (mayda soʻz, tuhmat, boʻhton, chaquv)ga uchmaslik; koʻni (toʻgʻri, tik, adl, haqqoniy), haqiqat, chinlik, rostlikka intilishga chaqiriladi. “Soʻz – oʻyinchoqmas”, “Barcha soʻzni eshit, ammo ishona qolmagin ”, “Yolgʻonchi kishida boʻlmagay vafo” kabi satrlarda rostlik xislat sifatida ulugʻlanadi. Masalan, “El orasida doim obroʻni saqlash uchun toʻrt narsa kerak: biri tili toʻgʻri, soʻzi chin, butun boʻlsin...”. Yolgʻonchilik qoralanadi: “Kishiga eng yovuz bu yolgʻon boʻlar, Yovuzdan yovuzi soʻz qiygan boʻlar”.
Yusuf Xos Hojib “Rost soʻz dagʻal boʻladi, u koʻngilga ogʻir botadi. Ammo bunday haqiqat koʻngilga joylansa, kishiga naf beradi. Sen dagʻal soʻzga, yaʼni toʻgʻri fikrga aslo gʻazab qilma”, deydi. Shuningdek, “Qutadgʻu bilig”da Oytoʻldining rostlik, toʻgʻrilik qanday boʻladi, degan savoliga Kuntugʻdi bergan javob ham ahamiyatli:
Tashidek ichiyu, ichidek tashi,
Bu yangligʻ boʻladi chin, rostgoʻy kishi.
Unsurul Maoliy Kaykovusning “Qobusnoma” (1082/83) asari hargiz yolgʻon soʻz demaslik, xatda uydirma qilmaslik, suxangoʻy boʻlish, lekin durugʻgoʻy (yolgʻonchi) boʻlmaslik, yolgʻonga oʻxshash rostni aytmaslik, behuda soʻzlamaslik, soʻzni uni xushlaganga soʻzlash, nooʻrin soʻzlashdan parhez qilish, manfaatli soʻzni eshitish, gumon aytmaslikka chaqirishi bilan ahamiyatli. “...Tilingni yaxshi hunar bila oʻrgatgʻil va muloyim soʻzdin boshqa narsani odat qilmagʻil... Hakimlar debdurlar: “Soʻz bir nashʼadur, undan xumor paydo boʻlur”, jumlasida bugungi kunda dolzarblashib borayotgan adovat tilidan saqlanish, muloqot, axborotga qaramlik kabi masalalar aks ettirgan. Asarda “tahqiq” atamasi keladiki, bu biror narsaning haqiqatini izlashni bildiradi. Bu faktcheking, asl manbani topish kabi koʻnikmalarning tarixiy koʻrinishi boʻla oladi.
Nosiriddin Rabgʻuziyning “Qisasi Rabgʻuziy” (1309-10) asarida kelgan ibratli hikoyatlar, rivoyatlar, avliyo va anbiyolar toʻgʻrisidagi qissalarda toʻgʻri soʻzning ahamiyati xususidagi didaktik materiallar mavjud.
Jaloliddin Rumiyning (1207—1273) “Ichindagi ichindadir” asarida keltirilishicha, “Soʻz haqiqatning soyasi va parchasidir”. Yaʼni oʻzi emas. Bu axborot voqelikni toʻliq emas, qisman yetkazish yoki talqin oʻzgarishini anglatadi. Bu, oʻz navbatida, axborotni qabul qiluvchidan ehtiyotkorlik, ogohlik talab etadi. “Bir haqiqat yuz dona shubhadan aʼlodir”, deyilganda esa haqiqatning bahosi, qiymati keltiriladi. Axborotning cheksizligi ham oʻz ifodasini topgan: “...soʻzning nihoyasi yoʻq... Nihoyasizlik, soʻngsizlik qogʻozga qanday sigʻadi?” Buni qogʻozda axborot ulashishga qaratilgan I.Guttenberg davri tugab, raqamli olam boshlanishiga ishora sifatida ham talqin qilish mumkin. Bu falsafiy qarashning ilmiyligi, axborotning cheksizligini tafakkurga sigʻdira olishdadir.
Amir Temurning axborot siyosati
Arab tarixchisi Shihobuddin ibn Arabshoh (1388-1450)ning yozishicha, Amir Temur (1336-1405) piri Abu Bakr Toyibodiyning “rasti-rusti”, yaʼni “haqgoʻy boʻlsang, najot topasan” hikmatini tamgʻasiga muhr sifatida oʻrnashtirgan edi. Ibn Arabshoh Amir Temur shaxsiga baho berar ekan, istehzo va soxtalikni yoqtirmasligi, masalaning mohiyatini darhol payqashi, farosati bilan haqgoʻy — yolgʻonchini darrov farqlab olishini taʼkidlaydi. Bu uning davlatda axborot siyosatini yuritishida ham aks etar edi.
Ijtimoiy adolat va haqiqat qadriyati Amir Temurning davlat boshqaruvida muhim oʻrin tutadi. Toʻgʻri soʻz, haqqoniy xabarning foydasi koʻpligi, yolgʻon davlatni yemirishini inobatga olgan Amir Temur oʻz tuzuklarida xabar beruvchilar kimligi, daʼvolarining rost-yolgʻonligini mahaktoshiga urib tekshirishni buyuradi. Mahaktosh oltinga surtib asl yoki soxtaligini aniqlab beradigan qora tusli tosh boʻlib, bu oʻrinda koʻchma maʼnoda ishlatilgan. Bu faktchekingning qadimiy koʻrinishi. “Chunki koʻp hollarda hasadchilar va gʻiybatchilar yo koʻrolmay yoki tamagirlik bilan yolgʻon toʻqib, chinday qilib yasab chiqaradilar va palid maqsadlariga yetishadilar. Davlat ichida talay olchoq, yomon odamlar bordurki, davlat dushmanlarini yaxshilab, uning jonfidolarini turli makr-hiylalar bilan xarob qiladilar”.
Amir Husayn Amir Temurning vazirlaridan birini aldab, davlatning tayanchi, ikki qoʻli boʻlgan amir Iki Temur va amir Jokuni unga qarshi qoʻymoqchi boʻlib, gap chiqarganida ham Amir Temur axboriy xuruj va dezinformatsiyani yaxshi anglagan. “Men uning xiyonatini farosatim-la sezib qoldim, shuning uchun ular xususida aytilgan hamma gaplarni eshitmaganga oldim”. Amir Temur odamlar oldida ulugʻ va eʼtiborli amirlardan boʻlgan amir Abbosga hasad va dushmanlik qilib, uning haqida boʻlmagʻur gaplar yetkazganida, yolgʻon soʻzlarga ishonib, gʻazab ustida gaplarini tekshirib koʻrmasdan amir Abbosni oʻlimga buyurganidan qattiq pushaymon boʻladi.
Amir Temur oʻz mamlakatida axboriy tizim yaratadi. Faqat bu shakl ommaviy axborot almashinuvi emas, Amir Temurning oʻziga axborot yetkazib berishga qaratilgan edi. Shunday boʻlsa-da, rostlik-toʻgʻrilik, yolgʻonga nisbatan murosasizlik prinsiplariga koʻra ahamiyatlidir. Amir Temur har bir sarhad, viloyat, shahar va lashkarda xabar yozuvchi (xabarnavis)lar tayin qiladi, ular hokimlar, raiyat, sipoh oʻzining va yot-begona lashkarning xatti-harakati haqida Amir Temurni xabardor qilishi zarur boʻlgan. “Temur tuzuklari”da shunday deyiladi: “Atrofdan kirgan-chiqqan mol-mulk, chetdan kirgan va chetga chiqqan yot kishilar, har mamlakatdan kelgan karvonlar va hukmdorlik haqidagi xabarlar, qoʻshni podshohlar, ularning gaplari, ishlari va uzoq oʻlkalardan boʻlib, mening dargohimga yuzlangan ulamo, fuzalo haqidagi batafsil xabarlarni rostlik-toʻgʻrilik bilan menga yozib tursinlar. Agar bunga xilof ish tutguday boʻlsalar, boʻlib oʻtgan voqealarni yozmasalar, yozuvchining xabar yozgan barmoqlari kesilsin. Agar xabar yozuvchi sipoh ishlarini yashirib, xabariga boshqa libos kiygizib (yaʼni yolgʻonni) yozgan boʻlsa, unda ham qoʻlini kessinlar. Agar yolgʻon xabarni tuhmat yoki biron gʻaraz bilan yozgan boʻlsa, uni qatl etsinlar. Va yana amr etdimki, ushbu xabarlarni kunma-kun, haftama-hafta, oyma-oy mening arzimga yetkazib tursinlar”.
Bu mamlakat ichidagi axborot siyosati, xalqaro miqyosda axborot olishga qaratilgan harakatlar qamrovi ancha keng boʻlganidan dalolat beradi. “Amr qildimki, mingta tezyurar tuya mingan, mingta ot mingan yelib-yuguruvchi kishini chopqunchi, ming nafar tezyurar piyodani (chopar) yetib tayinlasinlarki, turli mamlakatlar, sarhadlarning xabarlarini, qoʻshni hukmdorlarning maqsadlari va niyatlarini bilib, huzurimga kelib, xabar qilsinlar, toki biron voqea, kori hol yuz bermasidan burun chora va ilojini qilaylik”. Bu qamrov va yoʻnalishiga koʻra bugungi kundagi axborot agentliklari faoliyati oʻxshaydi, farqi omma uchun emas, davlat va hukmdor uchun ishlaydi, axborotni asosan ogʻzaki shaklda ifodalaydi. XIV asrda axborot almashish asosan choparlar orqali amalga oshirilgan.
Amir Temur xalq holidan xabardorlikka, boshqa mamlakatlardagi voqeliklardan boxabarlikka katta eʼtibor beradi. Bu bugungi zamonda ham dolzarb ahamiyatga ega. Nemis olimlari ushbu qonuniyatga tayanib muhim kashfiyot yaratishdi. “Muhim maʼlumotga ega boʻlish — hokimiyatga ega boʻlish; keraklisini keraksizidan ajratish — yanada koʻproq hokimiyatga ega boʻlish; kerakli maʼlumotni oʻz rejissurasiga asoslanib tarqatish yoki ushlab turish — ikki karra hokimiyatga ega boʻlish demakdir. Odamlarga axborot orqali psixologik taʼsir koʻrsatishning imkoniyatlari ana shunday”, deyiladi Germaniyaning asosiy politologiya darsliklaridan birida.
Urushlar axborot-psixologik kurashlar bilan birga kechadi. Amir Temurning Turkiya sultoni Boyazid Yildirim (1389–1402) bilan kechgan jangining kelib chiqishida axboriy kurash turli yozishmalar tarzida namoyon boʻladi. Avvalboshdanoq bu yetti yillik yurishning (1389–1402) sababi ham fitna, ivgʻo boʻlgan.
Soʻz kuchini anglagan, barcha voqelikdan voqif va ogoh boʻlishga eʼtibor qaratgan, har masalada koʻpdan kengash soʻragan, yaxshi yo yomon soʻzni eshitganda haqiqat ayon boʻlmaguncha shoshmasdan mulohaza bilan ish tutgan Amir Temur toʻgʻrisoʻz kishilarni qadrlaydi, toʻgʻri qalamli kishilardan axbornavislar, voqeanavislar belgilaydi, xabarchilarga ham oʻz holiga qarab suyurgʻol, vazifa va maosh belgilagan.
Mirzo Ulugʻbek (1394—1449)ning “Toʻrt ulus tarixi” asari ham haqiqatni manbalarni bir-biriga muqoyasa qilib sinchiklab oʻrganish va ular keltirgan maʼlumotlarni diqqat bilan tekshirish, yolgʻonni dalil orqali aniqlash, surishtiruv, kuzatuv orqali aniqlash, shubha, ikkilanishdan voz kechish kabi masalalar aks etgani nuqtayi nazaridan ahamiyatlidir.
Alisher Navoiy (1441-1501)ning shoh asari “Xamsa”ning birinchi dostoni “Hayrat ul-abrorning” oʻninchi maqolati rostlik taʼrifida keladi. Toʻgʻrilik haqiqatdan va egrilik yolgʻondan iboratligi, kimning qarashi toʻgʻri boʻlsa, u haqligi, Sulaymonning uzugida “Rosti rusti” yozuvi boʻlgani, toʻgʻrilikni kasb qilish zarurligi kabilar aks etgan. Masalan,
Boshtin-ayoq kimsaki, tuzdur soʻzi,
Yoki boʻyolgʻonu yovuzdur soʻzi
yaʼni bir kishining soʻzlari boshidan oxirigacha toʻgʻri boʻlishi mumkin. Aksincha, boʻyalgan, yovuz boʻlishi ham.
Ulki shior ayladi yolgʻon demak,
Boʻlmas ani eru musulmon demak.
Kimki yolgʻon gapirishni odat qilgan boʻlsa, uni eru musulmon deb boʻlmaydi. Yolgʻonchilar ummatim deyilmasligi kabi taʼsirchan misollardan foydalaniladi.
Yolgʻonchi oʻz gapini oʻtkazish uchun qancha urinmasin, gapini bir-ikki marta oʻtkaza olishi, bu xususiyat elga qancha maxfiy boʻlmasin, yolgʻon baribir oʻzini oxirida maʼlum qilishi, kimki oʻzini yolgʻonchi sifatida tanitgan boʻlsa, rost gapirsa ham xalq uning hamma gapini yolgʻon hisoblashi, kimki yolgʻonchi deb nom chiqargan boʻlsa, oʻzinikilar ham, begonalar ham uni shu ot bilan chaqirar ekan, toʻgʻrilik nomi unga hech qaytib kelmasligi kabi mavzular tilga olinadi. Xulosa beriladi:
Necha zarurat aro qolgʻon chogʻi,
Chin demas ersang, dema yolgʻon dogʻi.
“Sher va durroj” hikoyasi qirgʻovulning chin gapirish oʻrniga yolgʻon gapirib, bir falokat tuzogʻiga ilingani, chin soʻzni sher yolgʻon deb oʻylab, ovozini eshitib, yetib kelmagani va uni balo tuzogʻidan xalos etmagani xususida.
Soʻzda, Navoiy, ne desang, chin degil,
Rost navo, nagʻmagʻa tahsin degil.
Bu kabi misollar oʻzbek auditoriyasidagi tahsil oluvchilarga rostlik, haqiqatni qadriyat sifatida singdirishda yordam beradi, milliy mentalitetimizga koʻra pand-nasihat oʻz samarasini beradi.
“Boburnoma”da faktchekingga oid misollar
Zahiriddin Muhammad Bobur shoh, shoir, faqih, etnograf, hayvonot va nabotot olami bilimdoni kabi koʻp qirrali faoliyat va ijod sohibi boʻlgan. Shu bilan bir qatorda uning rost tili, toʻgʻri soʻzi, fikrini aniq, ravon, jumlalarni qisqa va tugal ifodalashi, mazmunni zich holda berishi, oʻziga zamondosh ijodkorlardan farqli ravishda boʻyoqdorlik, jimjimadorlikdan qochishi jurnalistika fanida haqqoniylik prinsipiga koʻra tadqiq etilishi lozim boʻlgan alohida jihatdir. “Boburnomada” shunday yozadi: “Bu bitilganlardan maqsad shikoyat emas, rost voqealarni yozayotirman. Bu yozilganlardan maqsad oʻzimning taʼrifim emas, haqiqiy voqea bayonini tahrir etganman. Chunki bu paytlarda shunga qaror qilinganki, har soʻzning rosti bitilgay va har ishning haqiqiy voqeiy bayoni tahrir etilgay. Zotan ota-ogʻadan har qanday yaxshilik va yomonlik koʻrgan boʻlsam yozdim. Qarindosh va begonada har qanday ayb va fazilatlar sodir boʻlgan boʻlsa, tahrir ayladim. Oʻquvchi maʼzur tutsin va eshituvchi eʼtiroz qilmasin”.
Yolgʻon, fitnachilik, ogʻmachilikka nisbatan murosasiz qarashlarini bayon etgan Zahiriddin Muhammad Bobur axborotlarni tekshirishga ham alohida eʼtibor qaratgan. U qoʻllagan usullar mazmunan bugungi faktchekingga juda oʻxshash. “Dedilarkim, Gʻaznining kentlarida bir mazor bordurkim, salavot aytgʻoch, qabr mutaharrik boʻlur. Borib mulohaza qilildi, qabrning tebrangani mahsus boʻldi. Soʻngra maʼlum boʻldikim, mujovirlarning tazviri ekandur. Qabrning ustigʻa bir julʼya yasabturlar, har zamon julʼyagʻa tegadurlar, julʼya tebrangach, qabr tebrangandek mahsus boʻladur. Nechukkim, kemaga kirmagan el kemaga kirgach sohil mutaharrik mahsus boʻlur. Buyurdumkim, mujovirlar julʼyadin yiroq turdilar, bir necha salavot ayttilar, qabrda harakate mahsus boʻlmadi. Buyurdumkim, julʼyani buzub, qabrning ustida gunbaz qildilar. Mujovirlarni bu harakattin tahdid bila manʼ qilildi”. Mazmuni shuki, Bobur harakatga keladigan qabr borligi haqida eshitganida uni oʻzi borib tekshiradi. Qabrning tebrangani seziladi. Maʼlum boʻlishicha, xizmatchilar qabrning ustiga arqon tortib, ustiga devorsimon qilib mato tashlab qoʻygan, har zamon arqon qimirlatilsa, mato tebrangani uchun ostidagi qabr qimirlagandek tuyulgan. Shunday qilib oddiy odamlarni hiylalari bilan aldayotgan xizmatchilarning yolgʻoniga chek qoʻyiladi.
Yana bir misol. “Kitoblarda bitibturlarkim, Gʻaznida bir chashma bordurkim, agar najosat va qozurotlarni bu chashmagʻa solsalar, oʻshul zamon toʻlgʻoq va toʻfon, yogʻin va chopqin boʻlarmish. Yana bir tarixda koʻrulubturkim, royi hind Sabuktiginni Gʻaznida muhorasa qilgʻonda, Sabuktigin buyururkim, bu chashmaga najosat bila qozurot solurlar. Toʻlgʻoq va toʻfon, yogʻin va chopqun boʻlur. Bu hiyla bila gʻanimni dafʼ qilur. Men Gʻaznida har necha tajassus qildim, bu chashmadin hech kim nishon bermadi”. Bu misolda ham shubhali boʻlgan axborotning rost yoki yolgʻonligini tasdiqlashga uriniladi. Va turli iflosliklar solinsa, toʻpolon va toʻfon, yogʻin va jala hosil qiladigan chashma mavjudligi hayotda oʻz tasdigʻini topmaydi.
Sanobar JUMANOVA.
Oyina.uz
Adabiyot
Adabiyot
Til
Adabiyot
Adabiyot
Jarayon
Til
Jarayon
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Tarix
Tarix
Din
San’at
//
Izoh yo‘q