Ko‘katfurush grek, Venetsian ko‘chasi uchun janglar va ko‘krakdagi naqsh – Vatanni sevishga chorlovchi asar taassurotlari


Saqlash
20:15 / 10.05.2023 2026 1

“Ilk bora” so‘zi bir muncha badiiy, kitobiy so‘z. Ammo atoqli gruzin adibi Nodar Dumbadzening “Hellados” hikoyasi bolalik dunyoyimni ag‘dar-to‘ntar qilib yuborgan, ilk bora ulkan insoniy iztirob bilan yuzma-yuz qilgan asar, desam mubolag‘a bo‘lmaydi...

 

Nodar Vladimirovich Dumbadze 1928-yilda Gruziya poytaxti Tbilisi shahrida dunyoga kelgan. Yozuvchining ko‘pgina asarlarida ikkinchi jahon urushi yillaridagi gruzin qishloqlarining mashaqqatli hayot manzaralari bir-biriga o‘xshamaydigan taqdir egalari obrazida yorqin aks ettirilgan. Asarlarida odamiylik, oqibat, vijdon, fidoyilik kabi tushunchalar avvalgi o‘rinda turadi. Uning ayni shu kabi xislatlar tarannum etilgan “Abadiyat qonuni” romani nafaqat gruziyada, balki ko‘pgina boshqa davlatlarda ham izlab o‘qiladigan asarlar sirasidan. Adibning “Abadiyat qonuni” romanidan tashqari o‘nlab hikoyalari, “Kukaracha” qissasi, “Oq bayroqlar” romanlari mohir tarjimon Nizom Komil tomonidan o‘zbek tiliga tarjima qilinib, kitobxonlarga taqdim qilingan...

 

Adib asarlaridagi voqealar tizimi kuchli dramatizm bilan birga samimiy yumor ufurib turganligi tufayli o‘quvchi ongiga chuqur kirib boradi. Shuningdek, Nodar Dumbadze ijodidagi qadriyatlarga sodiqlik, keksalarni ulug‘lash, vatanga muhabbat kabi umuminsoniy g‘oyalar mujassamligi, yozuvchini ko‘plab o‘zbek kitobxonlarining sevimli mualliflaridan biriga aylantira oldi.

 

“Esimda, o‘sha damlar...”

 

Hikoyani birinchi marta akamning adabiyot darsligida o‘qib qolganman. Bola bo‘lganimdan asarda qanday tuyg‘u haqida gap ketayotganini, ikki o‘spirin aslida nimani talashib murosasiz mushtlashganini rosti idrok qila olmaganman. Bilganim: qiliqlari o‘zimning ayrim o‘rtoqlarimni eslatib yuboradigan ikkita bolaning bir-biriga bo‘lgan qarama-qarshiligi va ular har ikkisining nihoyatda yaxshiligi edi. Men ularning ikkisini-da birday yaxshi ko‘rardim: Jamolni ham, mushtumzo‘r Yangulini ham. Bolalar o‘rtasidagi olishuv jarayonini o‘qiyotganimda Jamolning yutib chiqishini istar va ayni paytda, xuddi shu ishqibozlik bilan Yangulining yutqazishini sira xohlamas edim. Yanguli kemaga minib jo‘nab ketishi oldidan Jamolning yoniga kelib eshagini olib qolishni so‘raganida ko‘zlarimga yosh qalqqan bo‘lsa, asar nihoyasida Kelasuri daryosidan baliqchilar topib olgan jasad haqida o‘qir ekanman, ho‘ng-ho‘ng yig‘laganim kechagiday yodimda...

 

Adovatning tug‘ilishi

 

Asar atrofdagi barcha bolalarga mushtumzo‘r Yanguli hukm o‘tkazuvchi Chalbash daryosi bo‘yidagi Venetsian ko‘chasiga Jamolning kelishi bilan boshlanadi. Jamol Yanguli bilgan boshqa bolalarga o‘xshamasdi. U irodali, ayni damda o‘ziga hukm o‘tkazishlariga yo‘l qo‘ymaydigan darajada mag‘rur bola edi. U birinchi marta o‘zining shunday hislatlari bilan Yangulini qiziqtirib qo‘yadi, qolaversa, adovat uyg‘otadi. Xo‘sh, aslida bu adovatning haqqoniy sababi nima edi? Yanguli nima uchun bunday olishuvni, murosasiz kurashni boshladi?

 

Yangulining Jamol bilan mushtlashuvga kirishish oldidan aytgan mana bu so‘zlariga e’tibor bering:

 

“Bolalar! Men, Yanguli Aleksandridi, sizlar saylagan sardor, sizlarga, Venetsian ko‘chasining hur farzandlariga murojaat qilaman! Ro‘parangizda tbilisilik rangpar laqma bilan uning jiyani – vatan va qabila xoini, mishiqi Koka turibdi. Mana bu rangpar kelgindi bizning mehmondo‘stligimiz va muruvvatimizdan bahramand bo‘lish o‘rniga – xudo siylagan yerimizni, dengizimizni, jamiki daryolarimiz, oltin va kumushlarimiz, o‘tloqlarimizni o‘ziniki qilib olmoqchi...”

 

Anglaganingizdek, hali bolalik dunyosini tark etmagan bezori o‘spirin o‘zi ulg‘aygan Venetsian ko‘chasini butun bir Vatan deb bilardi. U o‘z “vataniga” faqat o‘zi hukmron bo‘lishni istar, “vatanida” paydo bo‘lgan begona bolaning dadilligi g‘ashiga tegardi. Qolaversa, cho‘chitardi ham. “Vataniga” o‘zga bir bola “ega chiqishidan” cho‘chirdi u! Ha, bu yerda biz ikkita murg‘ak qalbning tub-tubida nish urgan, samimiy, shu bilan birga nihoyatda oxorli vatan tuyg‘usiga guvoh bo‘lamiz...

 

Sulh. So‘nggi ilinj

 

Yanguli uchun kutilmaganda “kelgindi” Jamol anchayin abjir chiqib qoladi. Bu o‘rtadagi adovatning yanada kuchayishiga olib keladi. Jamol hadeganda bo‘yin egavermas, orada Yanguli uning o‘zidan ko‘ra kuchliroq ekanini his eta boshlaydi. Ammo buni tan olish, boshqalarga bildirish Yanguliga o‘zining Venetsian ko‘chasini – yurtini boy berishning o‘zginasi emasmi? Shunda u kurash tusidagi g‘aroyib sulhni o‘ylab topadi. “Doim urishaveramizmi! – deydi bo‘sh kelmay. – Kel, ertadan boshlab so‘kishamiz! Kim yutsa, o‘sha g‘olib!” 

 

Mazkur taklif, ojizligini dildan sezgan bolakayning nainki sulhi, balki “vataniga” egalikni o‘zida saqlab qolish uchun qo‘llagan eng so‘nggi ilinji emasmikin...

 

“U seni yengdi, Jamol!..”

 

Yangulining taklifidan so‘ng bolalar bir muddat shunday – dahanaki tarzda jang olib boradilar. Bu voqealar adibning bolalikning beg‘ubor olamiga bergan buyoqlari, go‘zal topilmalari albatta. Shu tufayli ham asarda qo‘llanilayotgan quyidagi muomala uchun noboproq hisoblanuvchi so‘zlar endi haqorat emas, san’atkor mahorati tufayli ruhni erkalovchi, shirin hislarga chulg‘ovchi, bolalik kezlarimizni esga tushiruvchi sehrli iboralarga aylanadi.

 

“– Jamol – eshakmiya!

 

– Yanguli – ko‘katfurush grek!

 

– Tbilisilik mishiqi!

 

– Eshakboqar!

 

– To‘ng‘iz!

 

– Chirigan bodring!”

 

Lekin gap faqat shundagina, ya’ni dahanaki olishuv orqali o‘quvchining bolalik chog‘larini esga tushirib, totli xotiralarga oshno qilishdagina emas-da. Boshqa bir gap, adibning bo‘lak bir maqsadi ham bor. Asarni o‘qigan kitobxon eslasa, Jamolning haqoratli so‘zlari tugab qoladi. “Onasiga o‘t!” – deb maslahat beradi xolavachchasi Koka. Jamol onani aralashtirib bo‘lmasligini aytib bosh tortsa, Koka tag‘in qistaydi: “Sheni deda vatire, degin! Uyat joyi yo‘q buni!”. Jamol Kokaning maslahatiga amal qilgandan keyin, Yanguli ham uni onasiga til tekkizib haqorat qiladi... Shu kundan boshlab ularning haqorat repertuarida tanho shu so‘kishgina qolgan, Jamol Yangulini qachon ko‘rmasin gruzinchalab “Sheni deda vatire!”, desa, Yanguli grekchalab “Imana su ine prostikasa ineka, Jamol!” – deya javob qaytarardi. Biroq, bir kuni...

 

“...Koka ikkalamiz maktabdan qaytardik. Temiryo‘l kesib o‘tiladigan joyda, odatdagidek, Yanguli o‘rtoqlari bilan ivirsib o‘tirardi. Meni ko‘rdi-yu shartta o‘rnidan turib, istiqbolimga yura boshladi.

 

– Yanguli, sheni deda vatire! – deya o‘zg‘irlik qildim men.

 

U to‘xtab, ma’yus nigoh bilan uzoq tikilib turdi.

 

– Sheni deda vatire, Yanguli! – deb takrorladim yana.

 

Yanguli boshini egdi, keyin burilib, asta... uyi tomon keta boshladi. Men dong qotib qoldim.

 

– Ko‘rdingmi quyon bo‘lganini?! Endi xo‘jayinlik qilolmaydi! – dedim Kokaga.

 

– Yo‘q, endi boshlandi! – Koka miyig‘ida kulib qo‘ydi.

 

– Qanaqasiga?

 

– Shunaqasiga-da. U seni yengdi, Jamol!

 

– Nega so‘kinmadi bo‘lmasa!

 

– Kecha oyingni surishtirgan edi: kim, qayerda... Men nima deyin... Shunaqa, shunaqa... haligi... Yo‘q... o‘lgan, dedim. Shuning uchun ham so‘kmadi-da seni...”

 

Endi o‘zingiz ayting, bu parchada bola misolida insonga xos bo‘lgan eng baland tuyg‘ular jo‘ngina qilib ochib berilmayaptimi? Menimcha, shunday. Yuqoridagi voqealar Yanguli qalbida shakllanayotgan insoniy bag‘rikenglikning, odam dardiga, hayotning baland-pasti bilan kurashiga bosh egishning, taskinning nishonasi edi...

 

Ko‘krakdagi naqsh va yurakdagi muhabbat

 

Hikoya intihosida Suxumida yashayotgan yunonlarning o‘z yurtiga, Elladaga qaytishi kerakligi bayon qilinadi. Tabiiyki, Yanguli ham millatdoshlari bilan yurtiga qaytib ketishi lozim. O‘z yurtiga qaytish imkoni yaratilganini Suxumida yashayotgan barcha yunonlar katta xursandchilik bilan qarshi olishadi, ammo... mazkur xabar Yanguliga haqiqiy judolik, musibat bo‘lib tatiydi. Chunki bu judolik Yanguli uchun ko‘plab laziz tuyg‘ulardan – bolalikdan, muhabbatdan va ... va yana Vatandan ayro tushmoqlik edi. Muallif “na bir-biriga g‘anim, na yaqin do‘st” bo‘la olmagan ikki o‘spirinning xayrlashish oldi qilgan suhbatini yozar ekan, Vatan va Vatanga bog‘liqlik hissi haqida eng go‘zal so‘zni, eng haqqoniy haqiqatni aytadi.

 

“– Nega birga ketmoqchimassan? – deb so‘radim astoydil taajjublanib.

 

Yangulidan ancha vaqtgacha sado chiqmadi.

 

– Qandoq tushuntirsamikin... – deya gap boshladi u nihoyat. – Onam yo‘q, hatto eslolmayman ham. Otam uzzu-kun tomorqada yoki tirikchilik tashvishida... Men ko‘chada, Venetsian ko‘chasida katta bo‘ldim... Mening vatanim, mening Elladam bu – Suxumi, ko‘cha, Chalbash; bu – Koka, Petya, Kurlika, Fema, Qora dengiz, ko‘prik... – U bir yutinib olib, davom etdi: – Bu – Mida... qolaversa, sen...

 

...Azoyi badanim jimirlashib ketdi. Bunaqa so‘zlarni umrimda birinchi marta eshitayotgan edim.

 

– Bu nima bo‘lmasa? – Men Yangulining ko‘kragini ochib, baland ovozda o‘qidim: 

 

– Hellados.

 

– Bu – naqsh, Jamol. Vatan – ichkariroqda, naqd yurakning o‘zida! – Yanguli qo‘lini ko‘ksiga qo‘ydi.”

 

Darhaqiqat, Yanguliga ota-bobosi tug‘ilgan Yunoniston emas, o‘zi o‘sib ulg‘aygan Suxumi Vatan edi. Oxir-oqibat u o‘z jonini Jamoldan qizg‘anib ayovsiz mushtlashgan seviklisi – Suxumi uchun qurbon qiladi. Garchi muallif tomonidan uning kemadan sakragani yoki yunonlar mingan paraxodning halokatga uchragani oydinlashtirilmay, mavhum qoldirilgan esa-da, men o‘quvchi sifatida Yanguli kindik qoni tomgan diyordan ayrilishni istamay o‘zini suvga otganiga qattiq ishonaman. Hamda Yangulidagi bu fidoyilik urush asoratlari haqidagi boshqa bir qancha asarlardan farqli o‘laroq naqadar hayotiy, samimiy ifoda etilganini ta’kidlagim keladi. Axir o‘zining kichikgina vatani – Venetsian ko‘chasiga beqiyos mehr bilan yashayotgan Yanguli, tasavvurimda bunaqangi qurbonlikka shaksiz qodir edi...

 

Asar haqidagi ushbu xulosalarim bilan ehtimol Nodar Dumbadze o‘z hikoyasi orqali insonlarga aytmoqchi bo‘lgan gaplarning o‘ndan birini-da bildirolmagan chiqarman. Lekin hikoya mag‘zini oz-moz chaqib yetgan davrlarimdan boshlab kitoblarda, tengdoshlarim tomonidan yurtga bag‘ishlab yozilgan baqiroq she’rlarda, ko‘zim oldidan oqib o‘tayotgan hayotimiz jabhalarida har qanday soxta vatanparvarlikka duch kelsam, Yangulining Jamolga qarata aytgan olovli so‘zlari quloqlarim ostida bir qur yangraganday tuyiladi: “Bu – naqsh, Vatan bundan ichkariroqda.”

 

Bayram ALI

1 Izoh

Madina

20:02 / 21.02.2024

Juda ajoyib , cheksiz goʻza

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi

Ma’naviyat

11:11 / 01.11.2024 0 365
Millat qanday tarbiyalanadi?





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

San’at

11:08 / 28.08.2021 8 21464
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi

//