To‘rga o‘ting, to‘rkunlagan kelin, turkona uylar – “to‘r” so‘zining axloqiy etiketdan qadriyatgacha bosib o‘tgan yo‘li


Saqlash
23:12 / 10.05.2023 1606 1

Bir qarashda har bir o‘zbek uchun kundalik hayotda tez-tez ishlatiladigan, har bir o‘zbek amal qiladigan “to‘r” tushunchasi barchamiz uchun shunchaki qo‘llanib kelinadigan urf-odatlardan biridek tuyuladi. Biroq bu odatning qachondan beri qo‘llanilib kelishi-yu, yana qaysi xalqlarda shunga o‘xshash an’ana borligini bir o‘ylab ko‘rsak, uning ildizi qanchalik teran, qo‘llanish ko‘lami esa qanchalik keng ekaniga taniq – guvoh bo‘lamiz. Ko‘pchilik bu an’anani islom inonchi bilan bog‘lab tushunadi va bu odat barcha musulmonlarda bor deb biladi. Biroq na arablarda va na forsiylarda bu so‘z yoki shunga yaqin biror atama uchramasligi o‘z-o‘zidan bizni “demak, “to‘r” turkiylarga xos tushuncha, ota-bobolarimizning ming yillar bo‘yi asrab-avaylab, bizga meros qoldirgan tushunchalardan biri” deyishga undaydi.

 

Qizig‘i shundaki, yaqin qo‘ni-qo‘shnilarimiz bo‘lgan qozoq, qirg‘iz, qoraqalpoq va turkmanlarda “to‘r” ko‘rinishida ishlatiladigan bu so‘z uzoqdagi turk, ozarboyjon kabi qardoshlarimizda deyarli unutilganiga guvoh bo‘lamiz. Qozoq yoki qirg‘iz qardoshlarimizning uyida qo‘noq bo‘lganimizda uy egalarining qayta-qayta “to‘rga o‘ting”, “to‘rlang” deb, uyning eng to‘riga o‘tirg‘izganda “bularda ham shunday odat bor ekan-da” deb quvonsak, ozarboyjon yoki turkiyalik qardoshlarnikiga borganda bu so‘zni eshitmagach, birdan “demak, ular bu odatni unutishgan, nega shunday ekan-a!” degan o‘yga tolamiz.

 

Boshqa turkiy ellarga qaraganda ko‘proq O‘rta Osiyo turklarida biror qadriyat darajasiga chiqqan “to‘r” tushunchasining negizini surishtira boshlasak, bu an’ananing musulmon bo‘lmagan turkiy elatlarda ham keng tarqalganini ko‘ramiz. Oltoy va Sibir turklaridan biri bo‘lmish xakaslarda tör “old burchak (xonaga kirilganda qarshidagi o‘rin)”, “uydagi ardoqli o‘rin” ko‘rinishida uchrab, kelgan qo‘noqqa qarata “törden irtinger” (to‘rga o‘tingizlar) deb iltifot ko‘rsatiladi. Yana xakaslarda bu bilan bog‘liq quyidagicha so‘z va iboralar saqlangan: izik isker, tör kider – “eshik oldda, to‘r orqada”, ya’ni “uyning kirishi – eshigi kunchiqarda, uyning to‘ri esa kunbotarda”. Bu bilan ular ota-bobolari uy qurishda eski turklarga xos o‘tov yoki uy eshigining kunchiqar tomonga qaratib qurishgani, uyning ardoqli yeri – to‘r esa xonaning burchagida, eshikka qarama-qarshi tomonda o‘rin olishiga urg‘u berganliklariga taniq bo‘lamiz. Shu o‘rinda aytib o‘tish kerak, o‘zbeklarda ham shunga o‘xshash irimlar uchraydi. Ular uy qurar ekan, bo‘sag‘ani kunchiqar yoki kuntushar tomonga qaratib qurishga intilganliklari, onda-sonda bo‘lsa-da bu an’anaga nisbatan “turkona uylar” iborasini ishlatganliklarini bilamiz.

 

Xakas turklari bilan yonma-yon yashaydigan Oltoy turklari – altay-kiji (oltoy-kishi)larda bu atamaga shu yo‘sinda ochiqlama berilgan: tör – 1) o‘tov kiraverishining qarama-qarshisi, uchoqning oldidagi bosh o‘rin; 2) ardoqli o‘rin; ayilchini törgö oturg‘izar – qo‘noqni ardoqli o‘ringa o‘tirg‘izish; 3) oldingi burchak; uyning oldingi qismi (Алтайско-русский словарь. 2018: 699).

 

Tilimizning ochiqlamali so‘zligi – “O‘zbek tilining izohli lug‘ati”da “to‘r” so‘zi quyidagicha tushuntiriladi: “to‘r II – Poygakdagi joyga nisbatan yuqoridagi joy, umuman, joyning yuqori, ya’ni quyiga qarama-qarshi tomoni”. Shu bilan birga, ushbu so‘zlikda “Ardoqli mehmonni to‘rga o‘tkazmoq” degan o‘rnak keltirilib, “G‘alchani izzat qilsang, chorig‘i bilan to‘rga chiqadi”, “Tentak to‘rini bermas” kabi maqol – otaso‘zlari keltirib o‘tiladi (O‘TIL. 2008: 344).

 

Bu so‘z bilan bog‘liq ko‘plab atama, ibora va otaso‘zlari ilk bor bundan ming yillar ilgari qog‘ozga tushirilgan Mahmud Koshg‘ariyning “Devonu lug‘atit-turk” (Turkiy so‘zlar devoni)da uchraydi. Quvonarlisi shuki, buyuk tilchimiz keltirib o‘tgan bilgi – ma’lumotlar oradan shuncha yillar o‘tganiga qaramay, deyarli o‘zgarishga uchramasdan saqlanib qolgan: “To‘r – uyning to‘ri. To‘rga kech – to‘rga o‘t” (Koshg‘ariy. 1963, III: 133); To‘rä – (ingichka ö bilan) to‘r, uyning to‘ri, yuqorisi. To‘rä yuqladi – to‘rga chiqib o‘tirdi. Bu so‘z to‘r shaklida ham qo‘llanadi” (Koshg‘ariy. 1963, III: 240).

 

Kezi kelganda aytib o‘tish kerak, bu so‘z “har qanday materialdan katak-katak ko‘zli yoki bejamdor qilib to‘qilgan narsa; asbob, buyum va shu kabilarning shunday narsadan iborat qismi” deb ochiqlanib (O‘TIL. 2008: 343), turkiy tillarda, ayniqsa, o‘zbek tilida ancha keng qo‘llaniladigan “to‘r”, ya’ni qattiq “o‘” unlisi bilan ishlatiladigan so‘zga o‘xshab ketsa-da, ham aytilishi, ham bildiradigan anglamiga ko‘ra butunlay boshqachadir. Mahmud Koshg‘ariy “to‘r” (tor) va “to‘r” (tör) so‘zlariga ayri-ayri to‘xtalgan bo‘lib, ulardan birinchisiga “tor (to‘r) – qattiq o (o‘) bilan; qush va baliq tutiladigan to‘r, ov to‘ri, matrap yoki yoyma kabi” deb ayricha urg‘u berib o‘tadi (Koshg‘ariy. 1963, III: 133). Qizig‘i shundaki, bu ikkala so‘z ko‘pchilik o‘zbek tilchilari tomonidan omonim so‘zlar, ya’ni aytilishi va yozilishi bir, ma’nosi turlicha deb qaralsa-da, o‘zbek shevalarida ularning o‘zaro farqli so‘zlar ekani, birinchisi – baliq yoki qush to‘ri qattiq, ikkinchisi – uyning to‘ri esa yumshoq  aytilishi ko‘zga tashlanadi.

 

“To‘r” so‘zining eski chog‘lardayoq “to‘ra” ko‘rinishida ham ishlatilganini yuqorida “Devonu lug‘atit-turk”dan keltirilgan o‘rnakda ham ko‘rib o‘tdik. Bu so‘z turkiy tillar orasida birmuncha boshqacharoq – “tuzuk, qonun, urf-odat” anglamida uchrasa-da, ayrim o‘rinlarda o‘zbek shevalarida “to‘ra – uyning to‘ri” ko‘rinishida ishlatilishiga duch kelamiz. Shu o‘rinda aytib o‘tish kerak, Mahmud Koshg‘ariy “to‘ra” so‘ziga ochiqlama bergach, undan keyingi so‘z  “to‘ru”ga rasm, odat ma’nolarini ilova qilgan. Maqolda shunday kelgan: el qalir to‘ru qalmas – mamlakat tashlanadi-yu, odat tashlanmaydi. Bu maqol oldingilarning odatlarini saqlashga undalgan odamga nisbatan qo‘llanadi” deb yozadi (Koshg‘ariy. 1963, III: 240). To‘ru so‘zi esa “Devonu lug‘atit-turk”dan deyarli 400 yil oldin toshga o‘yib yozilgan O‘rxun-Enasoy bitiktoshlarida “turkiylarning qonuni” o‘laroq tilga olinib, uning qutlug‘ (muqaddas) ekaniga urg‘u beriladi. O‘rnak keltiradigan bo‘lsak, 732 yilda o‘rnatilgan Kul Tegin bitiktoshida el-ulusga qarata quyidagicha o‘gitlar beriladi:

 

Uza Ko‘k Tangri asra yag‘iz yer qilintuqda ikin ara kishi o‘g‘li qilinmish, kishi o‘g‘linta uza echum, apam Bumin qag‘an, Istami qag‘an o‘lurmish, o‘lurupan turk bulun elin, to‘rusin tuta bermish – Ustta ko‘k osmon, ostda qo‘ng‘ir yer yaratilganda ikkisi orasida kishi o‘g‘li (inson)lar yaratilgan. Kishi o‘g‘illari (bolalari) ustidan ota-bobom Bumin xoqon, Istami xoqon (ulug‘ o‘run / taxtga) o‘rnashganlar. Ular (ulug‘ o‘run)ga o‘rnashibon turk xalqining eli (davlati)ni, urf-odat (to‘rasi)ini tutib turganlar” (Abdurahmonov, Rustamov. 1982: 101).

 

Turkiy tillarda “to‘r” so‘zi bilan bog‘liq yana bir atama – “to‘rkun” so‘zi saqlanib qolgan bo‘lib, bu so‘zning ham bir qator turkiy ellarda biror qadriyatga aylanganini ko‘ramiz. Qipchoq shevasida so‘zlashuvchi o‘zbeklarda “to‘rkun”, “to‘rkunlash” degan an’ana uchrab, unga ko‘ra, to‘ydan bir-ikki oy o‘tib  kelin ilk bor ota uyiga borgach, u bilan birga kelgan quda-andalar uchun kelin tomondagilar – ota-onasi ziyofat uyushtiradi. Qirg‘iz, qozoq, no‘g‘oy va yana bir qator turkiy xalqlarda “to‘rkunlav”, “to‘rkunnav” ko‘rinishlarida uchraydigan ushbu odat bilan bog‘liq ko‘plab irim-sirimlar saqlanib qolgan (Киргизско – русский словарь. 1985: 260; Керейтов. 2009: 353).

 

Ilk bor Mahmud Koshg‘ariy bu so‘zni “to‘rkun – qizning ota-onasining uyi” deb ochiqlab o‘tgan. Koshg‘ariy bu so‘z bilan bog‘liq “qïz to‘rko‘ӊä keldi” (“qiz to‘rko‘nga keldi”) – qiz otasining uyiga keldi” degan bilgi keltirgan bo‘lib (Koshg‘ariy. 1963, III: 414), bu atama “to‘r” va “kun” ko‘rinishida ikkita so‘zning birikuvidan kelib chiqqan. Chamasi, “to‘rkun” so‘zining ildizi “to‘r” eski turkcha “uydagi ardoqli burchak, o‘rin”; “kun” esa “el” anglamidagi so‘zga yoki -kun / -kin ko‘rinishlaridagi so‘z yasovchi qo‘shimchalardan biriga borib taqaladi.

 

Bugungi kunga kelib ko‘pgina turkiy el-uluslarda o‘z tilini saqlash, ota-bobolardan beri saqlanib kelayotgan so‘z va atamalarni asrab-avaylash va kelgusi urpoqlarga yetkazishga intilishlar kuzatilmoqda. O‘rnak uchun, qozoq bovurlarimiz tomonidan yaqin yillarda “kengashni olib boruvchi kishi”, “rais” anglamida “to‘rag‘a” (to‘rog‘a) atamasi yasalgan bo‘lib, borgan sari bu so‘z keng qo‘llanilmoqda. Qozoqlarning bu yondashuvi olqishga arzigulik bo‘lib, “to‘rog‘a” so‘zi ham aytilishi bo‘yicha ancha yoqimli so‘zga aylangan, anglamiga ko‘ra o‘zini to‘laqonli oqlaydi.

 

Dunyoning ko‘plab el-uluslarida minglab yillardan beri unutilmay, ardoqlanib kelayotgan o‘nlab, hatto yuzlab qadriyatlardan biri uy, bino, yalpi olganda turarjoy va kengash o‘tkaziladigan makonlar bilan bog‘liq an’analar saqlanib qolgan. Ular orasida, ayniqsa, turkiylarga xos bo‘lgan “to‘r” – “uydagi ardoqli yer” tushunchasi o‘zining to‘la-to‘kisligi bilan jamiyat hayotida o‘zgacha ko‘rinish olib, bugun ham iste’molda. Ota-bobolarimiz ham qo‘noq kutar ekan, ham el-yurt kelajagi ko‘rib chiqiladigan “kengash” va “qurultoy”larda kishilarning o‘rnini belgilash, shu orqali ham qo‘noqsevarlik, ham jamoatchilik yig‘inining tartibli o‘tishini ta’minlashga intilganlar. Shu yo‘sinda ming yillardir o‘ziga xos axloqiy etiket yuzaga kelib, “to‘r” tizimi turkiy ellar uchun yuksak qadriyatga aylangan. Biror yozilmagan qonunga – to‘ra-tuzukka aylangan bu tizimga qardosh ellar, ayniqsa, o‘zbeklar orasida bugungi kunda ham to‘laqonli amal qilinayotgani ko‘zlarni quvontiradi.

 

G‘aybulla BOBOYOR,

professor

1 Izoh

Sayyora

12:01 / 01.01.1970

O'qidim,menga yangiliklari "to'r","to'rog'a","to'rkun","to'ra" kasbiga so'zlarning turkey so'z ekanligi bo'ldi.

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi

Adabiyot

12:12 / 03.12.2024 0 275
Buyuklarning “maydalik”lari





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

San’at

16:08 / 28.08.2021 8 22613
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi

//