Ta’limdagi yana bir og‘riq: O‘zbekistonda gumanitar fanlarni jamiyat bilan uyg‘unlashtirish ibtidoiy bosqichda turibdi


Saqlash
21:28 / 10.05.2023 1650 0

Bolaligimdan tillarga, adabiyot va tarixga qiziqqanim bois oxir-oqibat professional faoliyatimni ham gumanitar soha bilan bog‘ladim. O‘smir tafakkurimni rom etgan ushbu yo‘nalish jamiyatga qanday foyda keltirishi haqida, ochig‘ini aytganda, o‘sha kezlari o‘ylab ko‘rmaganman. O‘ylashga majbur qilgan hodisa esa abituriyentlikdagi qizg‘in bahslar bo‘ldi: bir yoqda tarix va tilga mukkasidan ketgan “gumanitariy”lar; boshqa yoqda matematika, biologiya va kimyoga oshufta “texnar”lar darslik va “Axborotnoma”dan bosh ko‘tarib, suhbat qurganida, bot-bot o‘z fanlarining ahamiyati haqida tortishib qolishardi.

 

“Tarixni o‘rgangandan nima foyda?  – deb yozg‘irardi kimyogarlar. – Mana biz bir olam mahsulot ishlab chiqaramiz, hayotni yengillashtiramiz. Hech narsa ishlab chiqarmaysizlar, jamiyatga foydalaring ham tegmaydi!”

 

“Buni tushuna olmaysizlar, – deya himoyalanardi tarixchilar. – O‘tmishsiz kelajak yo‘q. Qorin bilan ish bitmaydi, undan muhimroq narsalar ham bor”.

 

Bunday dahanaki olishuvlar ko‘p holda hazil ohangida kechsa-da, hazil tagida zil borligini payqardim: hayotda tarix va adabiyotning, til va boshqa ijtimoiy-gumanitar fanlarning ham ahamiyati, o‘rni borligi bir qarashda shoyon ko‘rinib turganday bo‘lsa ham, aniqroq, teranroq javoblarga ehtiyoj sezardim. Dastlab talabalik yillarim, so‘ng ilmiy faoliyatim asnosida ustozlar, hamkasblarga shu savol bilan murojaat etdim. Bu o‘ziga xos surishtiruvim yakunida shunga amin bo‘lgandimki, o‘qituvchi, tadqiqotchi, professorlarning ham aksari faoliyat yuritayotgan sohasining jamiyatga manfaati haqida yo stereotipik tasavvurlarga ega, yoxud ishini befoyda deb hisoblaydi.

 

“Ma’naviyat, milliylik, o‘zlik, axloq­odob... suv bilan havodek zarur-ku. Mamlakat texnologik jihatdan rivojlanib ketgani bilan, xalq milliy qiyofasini yo‘qotsa, katta fojia emasmi?” – eng keng tarqalgan javob shunday mazmunda edi. Ushbu balandparvoz fikr zamirida ma’lum haqiqatlar yo‘q emas, albatta. Lekin unga ratsionallik yetishmaydi, chamamda.

 

Bir necha yil muqaddam chet el akademik muhitida malaka oshirish imkoniyati tug‘ilganida yana shu masalaga qaytib, amerikalik gumanitariylarning fikrini so‘rab-surishtirdim. G‘arb akademik fanidagi umumiy tendensiyalar, qarashlar, hukmron konsepsiyalar haqida tasavvurga ega esam-da, bevosita guvohi bo‘lganim manzara meni hayratda qoldirdi: kamina tadqiqot olib borayotgan Jorj Vashington universiteti olimlari gumanitar mavzularni pragmatik ruhda muhokama qilar, mazkur sohaning jamiyatga keltirayotgan moddiy manfaatini ham ishonarli tarzda asoslab-isbotlab berishar edi. Producing knowledge – bilim ishlab chiqarish istilohi anjuman va treninglarda qayta-qayta yangrardi. Bilim ishlab chiqarishga ketadigan xarajat, resurslar, undan keladigan daromad aniq iqtisodiy birliklarda ifodalanardi. Gumanitar sohaning iqtisodiy ahamiyati quruq romantika bilan emas, balki ilmiy fondlar, yirik korporatsiyalar, davlat tashkilotlari taklif etayotgan shartnomalar, loyihalar, grantlar asosida izohlanardi.

 

Davlat tashkilotlari moddiy evaz kutmay o‘qituvchi, tarixchi va jamiyatshunoslarga mablag‘ ajratishini postsovet kishi ham aqliga sig‘dira oladi. Biroq neft-gaz kompaniyasi dinshunoslarni o‘qitishga pul ajratishini qanday tushunsa bo‘ladi? Energetika shirkatlariga dinshunoslar nega kerakligini izohlash uchun gapni uzoqroqdan boshlashga to‘g‘ri keladi.

 

Tilshunoslik gumanitar fanmi?

 

Abituriyentlik yillarimdagi o‘sha bahslarda “tilshunos” o‘laroq, tabiiyki, “gumanitariy”lar lagerida edim va shunga yarasha matematika yoki biologiyaga qarshi biror so‘z aytishga chiranardim. Qizig‘i, u mahal tilshunoslik sof gumanitar soha emasligi, boz ustiga, gumanitar va ijtimoiy ixtisosliklar ham bir-biridan farq qilishini anglamas edim. Keyinchalik tilshunoslik to‘laqonli gumanitar fan emasligi, umuman, fanlar tasnifi nihoyatda olg‘a ketib, o‘zgarishlarga uchraganini bildim.

 

O‘zbekistonda hanuzgacha istifoda etib kelinayotgan ilmiy bloklar modeli eski sovet maktabining merosidir. Rivojlangan davlatlar akademik muhitida fanlar bir-biridan gumanitar, tabiiy yoki aniq qabilida tasniflanib, devor bilan ajratilmaydi; ularga o‘zaro chambarchas bog‘liq, bir-birini to‘ldiradigan bilish va tushunish metodikalari majmui sifatida qaraladi. Buni tilshunoslik namunasida ko‘rib chiqsak.

 

Keng ma’nodagi tilshunoslik umuman tillarni, ya’ni har qanday belgilar tizimini tadqiq etadi. Tor ma’nodagi tilshunoslik esa faqat odam tilini, lingvistik istilohda aytsak, verbal tilni o‘rganadi. Verbal til bir necha sathda tadqiq etiladi: so‘zlar tovushlardan iborat, tovush esa inson organizmining imkoniyatlari asosida yuzaga keladigan fizik hodisadir. Demak, tilshunoslikning zamirida fizik-biologik jarayonlar yotadi, ya’ni u tabiiy fandir.

 

Tillar evolyutsiyasi aniq matematik modellarga tayanadi. Ushbu modellar asosida muayyan til o‘tmishda qanday jaranglagani va kelajakda qanday tusga kirishini bilsa bo‘ladi. Shu yo‘l bilan til tarixi, til futurologiyasi va tillarning o‘zaro aloqalari o‘rganiladi. Demak, tilshunoslik aniq fan hamdir.

 

Til ijtimoiy muloqot vositasi o‘laroq odamlarning bir-birini tushunishi, axborot almashuviga xizmat qiladi. Suhbat asnosida ijtimoiy munosabatlar vujudga keladi. Ya’ni tilshunoslik ijtimoiy fandir.

 

Ilm tarmoqlarining mohiyati, tadqiqot obyekti o‘ylaganimizdan murakkabroq ekani ayon bo‘lmoqda. Bir fan o‘zak xususiyatlariga ko‘ra gumanitar, aniq, tabiiy, texnik, ijtimoiy-siyosiy, falsafiy guruhga nisbat berilishi mumkin. Shu sabab oxirgi o‘n yilliklarda mutaraqqiy dunyoda fanlararo tadqiqotlar urfga kirmoqda: tilshunoslar dasturchilar bilan, biologlar jamiyatshunoslar bilan hamkorlik qilmoqda; tarixni matematik modellashtirish, inson munosabatlari anatomiyasi, tarixiy voqealar ekologiyasi singari alomat tadqiqot yo‘nalishlari ilgari surilmoqda. Qolaversa, antropologiya singari yirik yo‘nalish shakllanmoqda. Antropologiya, bizga maktabda o‘rgatilganidek, insonning tashqi qiyofasi haqidagi fan emas – bu uning juda kichik, biologiyaga yondosh bo‘lagidir; u inson haqidagi bilimlar tizimi o‘laroq juda keng maydonni egallab, jamiyatshunoslik, sotsiolingvistika, psixologiya, madaniyatshunoslik, etnografiya, etnologiya, sharqshunoslik va boshqa ko‘plab yo‘nalishlarni qamrab olmoqda.

 

Ijtimoiy-gumanitar fanlar keltiradigan naf jillaqursa fanlararo tadqiqotlarda bo‘y ko‘rsatayotir. Ammo baribir oq-qora tasnifga o‘rgangan postsovetcha miyamizning bir chetida savol tug‘ilaveradi: fanlar tizimida gumanitar jabha qanchalik naf keltiryapti, balki u shunchaki dastyor, xizmatkordir?

 

Ikkiyoqlama muammo

 

Yaqinda faoliyat boshlagan O‘zbekiston innovatsion rivojlanish vazirligi ilmiy loyihalarga mablag‘ ajratishini e’lon qilib, munosib takliflarni qidira boshlaganida mamlakatda gumanitar soha to‘qnash kelayotgan ikkiyoqlama muammo ko‘zga yaqqol tashlanib qoldi.

 

Bir tomondan, ijtimoiy-gumanitar ixtisosliklar vakillari yetarli miqdorda innovatsion loyihalar taqdim eta olmasligi ma’lum bo‘ldi. Sovet davridan meros bo‘lib qolgan, bozor iqtisodiyoti va raqobatdan yiroq akademik tizim hozirga qadar isloh etilmayotgani buning sabablaridan biri bo‘lsa ajab emas. Loyihaviy faoliyatga o‘rganmagan, vazifasi ma’naviyatni oshirish va milliylikni targ‘ib qilish deb biladigan odamlardan qanday innovatsiya kutish mumkin?

 

Ikkinchi tomondan, O‘zbekiston akademik tizimida nisbatan ustunlik qiladigan, ilg‘orroq hisoblanadigan texnik sohalar, tabiiy va aniq fanlar vakillari ham gumanitar tadqiqotlarning mazmun-mohiyatini yanglish tushunishi oshkor bo‘ldi. Loyihaga qo‘yiladigan birlamchi talablardan biri mahsulot taqdim etishdir. Ana shu nuqtada gumanitar tarmoq vakillarida “biz ham mahsulot ishlab chiqaramizmi” qabilida taraddud, ikkilanish paydo bo‘ldi.

 

O‘z vaqtida men ham shu savolga javob qidirar ekanman, rossiyalik antropolog Valeriy Tishkovning teran mulohazalariga duch keldim. Bu olim SSSR parchalanib, Rossiya ilm-fani tushkunlikka uchraganida, akademik sohani qaytadan oyoqqa turg‘izish, sovet metodologiyasi va mavzular qamrovini qayta ko‘rib chiqish zarurati yuzaga kelganida ijtimoiy antropologiya haqida salmoqli maqolalar yozgan. “Gumanitar soha olimi yaratadigan asosiy mahsulot – kitob, maqola, sharh yoki taqriz ko‘rinishidagi ilmiy matndir” deydi V.Tishkov.

 

Ko‘lamni kengaytirib, olimlar, san’atkorlar, ekspertlar ishlab chiqaradigan mahsulot – matn yoki asardir, deyish mumkin. To‘g‘ri, ijtimoiy-gumanitar fanlarning missiyasi bu bilan cheklanmaydi, lekin, nazarimda, ushbu ta’rif bu boradagi bahslarga chek qo‘yadi.

 

Sifatli ilmiy matn, qo‘yingki, har qanday janrda arzirli matn yaratish – oson ish emas. Umrboqiy roman yozish, aqliy yetuklikdan tashqari, uzoq yillik mehnatni talab qiladi. Ilm-fanda o‘zgarishlar yasaydigan qarashlar ilgari surilgan va asoslangan ilmiy matnni yaratishga esa bir izlanuvchining umri yetmasligi mumkin. Sifatli tahliliy maqola yoki hisobot tayyorlash, qiziqarli ssenariy yozish, ijtimoiy tadqiqotlar, jurnalistik surishtiruvlar o‘tkazish ham ko‘p vaqt va ulkan intellektual mehnat talab qiladigan yumushlardir. Bugun yangi yirik adabiy shaxslar maydonga chiqmayotgani, tasavvurlarni o‘zgartirib yuboradigan tadqiqotlar dunyo yuzini ko‘rmayotgani, sifatli kinoasarlar suratga olinmayotgani, jurnalistlar chin ma’noda jamiyat sanitariga aylana olmayotgani shu xusus bilan izohlanadi. Sirasini aytganda, bitta salmoqli roman, ijtimoiy-gumanitar yo‘nalishdagi bitta yirik tadqiqotning qiymati aniq yoki tabiiy fanlardagi olamshumul kashfiyotning qiymatidan qolishmaydi.

 

Demak, gumanitar soha vakilining asosiy vazifasi bilim ishlab chiqarish hamda ularni tahlil qilib, ilmiy yoki ekspertlik matni yaratishdan iborat ekan. Endi bu intellektual mahsulot qanday moddiy manfaat keltirishini sharhlasak.

 

“Think tank” asri

 

Bu atama ingliz tilidan so‘zma-so‘z “fikr idishi” deb tarjima qilinadi; bizda esa ruscha “мозговой центр”ning kalkasi – “aqliy markaz” istilohi ishlatilyapti. AQShda vujudga kelgan bu faoliyat turi, ta’bir joiz bo‘lsa, ilm-fan namoyandalarining aqliy salohiyatidan moddiy manfaat bunyod etishga xizmat qiladi.

 

Deylik, bir bank keyingi o‘n yillikdagi faoliyatini rejalashtirmoqchi. Buning uchun bir guruh olim yollanadi yoki biror aqliy markazga buyurtma beriladi. Aqliy markaz yoxud olimlar guruhi masalani har tomonlama o‘rganib, ma’lumot to‘playdi: keyingi o‘n yilda jahon siyosatida qanday o‘zgarishlar ro‘y beradi; iqtisodiyotda nimalar kutilmoqda; bank ishlayotgan mamlakatlarda aholi (potensial mijozlar) qanday sur’atda ko‘paymoqda yoki kamaymoqda; ularning axloqiy, diniy va madaniy inonchlari qanday; moddiy ahvoli qay darajada va hokazo. Nihoyatda keng ko‘lamdagi masalalar taftish etiladi, tadqiqotda shunga yarasha turli soha mutaxassislari qatnashadi. Ishonchli ma’lumot yig‘ish maqsadida safar, ekspeditsiyalar uyushtiriladi; intervyu, ijtimioy so‘rovlar o‘tkaziladi. Shu tariqa bankka o‘n yillik ijtimoiy, siyosiy, demografik, iqtisodiy vaziyat hamda bu sharoitda qanday ishlash kerakligi borasida tavsiyalardan iborat batafsil hisobot taqdim etiladi.

 

Istiqbolli rejalar O‘zbekiston tashkilotlariga ham begona emas. Ammo aksar hollarda chuqur tadqiqot o‘tkazilmaydi. Zero, bunga kuchli ehtiyoj borligi hali anglab yetilgani yo‘q. Yirik miqyosdagi loyihaga ulkan mablag‘ sarflash pulni havoga sovurish deb qaralishi ham sir emas.

 

Maqola debochasida neft-gaz kompaniyasi dinshunos mutaxassislarni o‘qitishga pul ajratishi haqida so‘z ochgandik. Gap shundaki, musulmon mamlakatlarida ishlaydigan kompaniya uchun islom dini mohiyatini tushunish bozor iqtisodiyoti asoslarini bilishdan kam ahamiyatga ega emas. Neftga boy musulmon davlati ko‘pligini inobatga olib, bu tarmoqda faoliyat yuritadigan tashkilotlar diniy tadqiqotlarni moliyalashtirishi keng tarqalgan hodisa desak yanglishmagan bo‘lamiz.

 

AQSh, Yevropa, Yaponiya va boshqa tez rivojlanayotgan mamlakatlarda davlat tuzilmalari, biznes va fuqarolik jamiyati institutlari akademik fan xizmatiga ko‘p murojaat etadi. Xususiy universitetlar, tadqiqot institutlari, laboratoriyalar, aqliy markazlar buyurtmalarga ixtisoslashib, faoliyat yo‘nalishini belgilaydi, talabga qarab mutaxassis tayyorlaydi yoki to‘playdi. Men bir muddat malaka oshirish baxtiga muyassar bo‘lganim Jorj Vashington universiteti tizimidagi institut va markazlar ham ilmiy fondlar va davlat tashkilotlari bilan shartnomalar asosida uzoq yillik loyihalarni amalga oshiradi. Central Asia Program (CAP) dasturi ana shunday uzoq yillik loyihalardan biri edi: uning doirasida malaka oshirish kurslari, konferensiyalar tashkil etilar, yosh tadqiqotchilar dissertatsiya yozar edi. Ko‘zlangan pirovard maqsad esa Markaziy Osiyo davlatlari haqida bilimlar bazasini yaratib, bu bazani “monetizatsiya” qilish, ya’ni mintaqada ishlashni istagan tijoriy tashkilotlar, siyosiy tuzilmalarga sotish, qolaversa, Vashington elitasida mintaqa haqida aniq tasavvur hosil qilishdan iborat edi.

 

Aqliy markazlar – gumanitar fanlarning ijtimoiy missiyasini yorqin namoyish etadigan fenomendir. CAP loyihasi rahbari, fransiyalik olima Marlen Lyaruelga ko‘ra, birgina Vashingtonning o‘zida to‘rt yuzdan ziyod aqliy markaz mavjud. AQSh poytaxti, jahon diplomatiyasining markazi bo‘lmish Vashington bu jihatdan gumanitar soha vakillarini ohanrabo kabi o‘ziga tortayotgan maskan hisoblanadi, chunki u yerda ilmiy karera qurish va katta daromad ko‘rish imkoniyati mavjud.

 

Qizig‘i, u yerda fan ham bozor iqtisodiyotiga bo‘ysunib, raqobat sharoitida ishlamoqda. Markaziy Osiyo bo‘yicha tadqiqotlar olib boradigan aqliy markazlardan birining rahbari, o‘zbek o‘quvchilariga tanish bo‘lgan olim Frederik Starrning aytishicha, Vashington halqa yo‘lidan tashqarida faoliyat yuritadigan markazlar mijozlarga arzonroq narx taklif etib, ko‘pgina loyihalarni olib qo‘ymoqda ekan. Ular “Beltway bandits” – “halqa yo‘li yo‘lto‘sarlari” deb atalar ekan.

 

Fan va jamiyat uyg‘unligini ta’minlaydigan institutlar faqat aqliy markazlar, universitetlar bilan cheklanmaydi. Bu o‘rinda kompaniyalar buyurtmasiga ko‘ra yangi bozorlarni o‘rganishga qaratilgan konsalting xizmatini eslash kifoya. Jamiyat rivojlangani sayin gumanitar soha vakillarining ahamiyati, moddiy manfaatdorligi oshib boradi.

 

Jamiyatshunos, nomidan ham ma’lumki, jamiyatni har tomonlama tadqiq etadi; psixolog shaxsiy va ijtimoiy hayotda qiyinchilikka uchragan odamlarga yordam berish bilan birga omma psixologiyasini o‘rganadi; filologlarning o‘rni tarjima ishi, til o‘rgatishda (lingvodidaktika) namoyon bo‘ladi, ular siyosatchi, rahbar, san’atkorlarga chiroyli nutq so‘zlash, bahs yuritish, fikrni izchil bayon etishni, xodimlarga hujjat yuritishni o‘rgatadi (kompyuter lingvistikasi shiddat bilan rivojlanayotgan davrda filologlarning faoliyat yo‘nalishi ham kengaymoqda). Tarixchilar bugungi muammolarning ildizlarini aniqlaydi, ularni kasalga tashxis qo‘yuvchi sinchi mutaxassislarga o‘xshatish mumkin.

 

Gumanitar soha vakili bo‘lsangiz-u, bu faoliyat turlaridan qoniqmasangiz, o‘zga “maydon ichra” turishingiz ham mumkin: XXI asrda gumanitar ta’lim sohiblarining bilim va ko‘nikmalariga ehtiyoj boshqaruvda kuchaymoqda.

 

Qiziq paradoks

 

Dunyo to‘rtinchi sanoat inqilobiga yaqinlashib, biznes va davlat tuzilmalari yanada ko‘proq jarayonlarni robotlashtirishga urinmoqda. IT, kibernetika, texnik fanlar insoniyat taraqqiyotining markazida turgan bir pallada qiziq paradoks kuzatilmoqda: gumanitar ixtisosliklarga ehtiyoj ortib bormoqda. Ijtimoiy-gumanitar o‘quv yurtlari yopilib, texnik fakultetlar kengayib borayotgan, gumanitar olimlarning akademiyalardagi ulushi qisqarib ketayotgan bir vaqtda bu holatni qanday izohlash mumkin?

 

Ko‘p faoliyat turlarining sun’iy ong hamda katta ma’lumot (big data) texnologiyalari asosida olib borilishi tig‘iz jarayonlarni boshqara biladigan, ma’lumotlarni tahlil qila oladigan, tanqidiy fikrlash va metodik xulosalar chiqarishga qodir professionallarga ehtiyojni orttirmoqda. Shiddatli texnologik o‘sishdan his-hayajonga tushgan mutaxassislar, taraqqiyot inson aralashuvini ortiqcha qilib qo‘yadi, deya baralla bashorat qilgan edi. Hozir esa buning teskarisi bo‘y ko‘rsatmoqda – taraqqiyot, aksincha, gumanitar soha diplomiga bo‘lgan talabni oshirib yubordi.

 

Gumanitar ta’lim dargohlarida talabalarga tanqidiy fikrlash, ma’lumotlarni qiyoslash, tahlil qilish, qonuniyatlarni kashf etish borasida saboq beriladi, xolis baholash malakasi shakllantiriladi. Deylik, tarixchi faqat sanalarni yodlamaydi: u axborotni yaxlit tizimga solib, sabab va oqibatlar borasida ilmiy xulosa beradi. Bundan tashqari, gumanitar bilimlar sohibi tarix, san’at, xalqaro siyosatdagi gap-so‘zlardan baholiqudrat xabardor bo‘ladi, havasaki matnni professionalidan farqlay oladi, ishonchsiz axborotni oson payqaydi, faktlarni daqiq jihatlarigacha taftish etadi.

 

Shunday qilib, ijtimoiy-gumanitar fakultetlarda hosil qilinadigan ko‘nikmalar biznesni boshqarish, innovatsiyalar joriy etish, prognozlash, diplomatik va iqtisodiy robitalar o‘rnatish, manfaatli shartnomalar tuzishda qo‘l keladi. Ayni sababga ko‘ra yirik korporatsiyalar rahbar lavozimlarga gumanitar ta’lim vakillarini tayinlashni ma’qul ko‘rmoqda. Rossiya xalq xo‘jaligi va davlat xizmati akademiyasi 2019-yilda o‘tkazgan so‘rovga ko‘ra, ushbu mamlakatdagi yirik va o‘rta kompaniyalar direktorlarining qariyb 50 foizi gumanitar soha vakillari ekan. Yevropa, AQSh va Yaponiyada ham shunga yaqin ko‘rsatkich qayd etilgan.

 

Taassufki, postsovet davlatlari, jumladan, mamlakatimizda ijtimoiy-gumanitar fanlarning yangi metodika va mavzularini o‘zlashtirishda qiyinchilik kuzatilmoqda. Masalan, G‘arb ilmiy maktablari va akademik standartlarini qabul qilgan davlatlarda tarix, filologiya, siyosatshunoslik, jamiyatshunoslik singari fanlar boshqacha o‘qitiladi. O‘zbekiston oliy o‘quv muassasalarida esa tarixning siyosiy, harbiy va iqtisodiy jihatlariga, sana va voqealarga urg‘u berilgani holda, hodisalarni tahlil qilib, qonuniyatlarni yuzaga chiqarish, vaziyatni turli nuqtai nazardan baholash ko‘nikmasi o‘rgatilmaydi.

 

Shuningdek, xorijiy tarix va antropologiya o‘quv dargohlari ijtimoiy dolzarb mavzular – gender tadqiqotlari, milliy ozchiliklar marginallashuvi, migratsiya, etnik va irqiy mojarolar, kolonializm va globallashuv tarixi, xalqlar va davlatlarning tarixiy aloqalari, muammoli geosiyosiy vaziyatdagi mintaqalar antropologiyasiga diqqat qaratadi. O‘zbekiston tarixchiligi esa hali bunday mavzulardan uzoqda. Yurtimiz gumanitar soha vakillari go‘yo girdobga tushib qolgandek – ilmiy jamoatchilik, siyosiy elita ularning salohiyatiga, jiddiy g‘oya va innovatsiyalarni o‘rtaga qo‘ya olishiga ishonchsizlik bilan qaraydi; bunday munosabat soha mutaxassislarining o‘z layoqatsizligini bo‘yniga olib, dolzarb masalalardan uzoq yurishi va ishonchsizlikni beixtiyor tasdiqlashiga olib keladi. Pirovardida, gumanitar bilimlar faqat ma’naviyatli avlodni tarbiyalashga xizmat qiladi qabilidagi daqqi qarash o‘z kuchida qolaveradi... 

 

Olamni qanday tushunamiz?

 

Fikrimiz bahsli tuyulishi mumkin, ammo O‘zbekistonda hali gumanitar fanlarning missiyasini anglash, ularni jamiyat bilan uyg‘unlashtirish ibtidoiy bosqichda turibdi. Gumanitar bilimlarni dolzarblashtirish, soha vakillarini ijtimoiy muammolarni hal qilish jarayoniga jalb etish uchun avvalo munosabat o‘zgarishi lozim: jamiyatda o‘tkir akademik va ijtimoiy bahslar uyushtirilib, tarixchi, tilshunos, jamiyatshunos va boshqalarning faoliyati taftish etilishi, talablarga ko‘ra ijtimoiy buyurtma shakllanishi lozim. To‘g‘ri qo‘yilgan maqsad to‘g‘ri natijalarga olib borishi ma’lum.

 

Galdagi muammo – fanga pul ajratish, investitsiya kiritish. Nazarimizda, o‘zbek siyosati va fani gumanitar bilimlar ishlab chiqarish jiddiy moliyaviy ko‘mak talab etishini hali to‘liq anglagan emas. Paxtaning yangi navini yaratish yoxud yangi texnologiya ijod etish naqadar murakkab jarayon ekani ma’lum bo‘lgani bois bunday loyihalarga katta mablag‘ ajratiladi, lekin ilmiy matn yaratish ba’zida undan-da og‘ir mehnat talab qilishi mumkinligi doim ham e’tirof etilmaydi. Shu bois mamlakatimizda hozircha darsliklar, lug‘atlar, monografiyalar chop etishga katta sarmoya kiritilmayapti.

 

Ingliz tilida eng faol ishlatiladigan 4 mingta so‘zdan iborat ro‘yxat, ularni o‘rgatishga mo‘ljallangan darslik va dasturlar bor. O‘zbek tilida eng faol ishlatiladigan 4 mingta so‘z ro‘yxati bormi? Yo‘q. Bunday ro‘yxatni tuzish shunchalik qiyinmi? Ha, juda qiyin. Ingliz tilining eng faol so‘zlari lug‘atlarini tuzish uchun yuz millionlab odamning nutqi, internet va boshqa platformalardagi millionlab matn yillar davomida o‘rganilgan. To‘plangan matnlar murakkab dasturiy algoritmlar vositasida qayta ishlanib, har bir so‘z muayyan vaqt davomida qanchalik ko‘p yoki kam tilga olingani va yozilgani aniqlangan. Bir necha ming faol so‘zdan iborat lug‘atni tuzishga besh-o‘n yil vaqt, o‘n millionlab dollar pul ketgan. Shu kichkina ro‘yxat mashhur olim Devid Neyshn faoliyatining cho‘qqisi hisoblanadi.

 

O‘zbek tilshunoslariga ham shunday imkon beriladimi? Buning uchun avvalo tafakkur tarzimiz o‘zgarmog‘i, kichik bir ro‘yxat ortida ulkan mehnat yotganini anglamog‘imiz lozim bo‘ladi.

 

Bugungi kunda mamlakatimizda ijtimoiy-gumanitar ixtisosliklarning o‘zlikni shakllantirish, jamiyatni modellashtirish funksiyasidan foydalanilmoqda. To‘g‘ri, har qanday jamiyat o‘tmishidan shaxslar va ramzlar qidiradi, ularni o‘z ramziy kapitaliga aylantirib, shu asosda milliy o‘zligini “barpo” etadi. Lekin tarix va yondosh fanlarning bu ijtimoiy vazifasi bahslar keltirib chiqarmoqda: tarixni bugunga moslab o‘zgartirish, qayta talqin etish to‘g‘rimi? Bu hol tarixning propaganda ruhidagi qarashlar yig‘indisiga aylanib qolishi, reallik bilan bog‘liqligi yo‘qolishiga olib kelmaydimi? Ko‘plab ekspertlar tarixiy hodisalardan bugungi “men”imizni asoslaydigan dalillarni maqsadli qidirish xato, buning o‘rniga moziyni xolis o‘rganib, haqiqatlar negizida “men”imizni isloh qilaylik, degan fikrda.

 

Aslida bu – ijtimoiy-gumanitar fanlar missiyasining kichik bir bo‘lagidir. Mazkur fanlar bizga dunyoni va o‘zimizni anglashga ko‘mak beradi, tushuncha-tasavvurimizni kengaytiradi, yuksaklarga olib chiqadi. Bu esa har bir insonning hayotini yangi ranglarga burkaydi; uning baxtli yashashi, atrofdagilar, boshqa til, din, irq vakillari bilan til topishishini ta’min etadi; bag‘rikenglik va insoniylikni yuzaga chiqaradi. Insoniyat adabiyotsiz ham bomba yarata oladi, ammo bu kashfiyotni to‘g‘ri yo‘naltirish uchun adab-axloq kerak bo‘ladi.

 

Inson – shunchaki suyak va go‘sht qorishmasi emas, u o‘ylash va his etish qobiliyatiga ega mukarram xilqatdir. Hayotimiz faqat raqamlar va gadjetlardan iborat emas. San’atdan zavq olish, yaqinlar diydoridan baxt tuyish, sevish, sayohat qilish va dunyoni anglash ham umrimiz mohiyatiga daxldor hodisalardir.  Bunday shavqli mashg‘ulotlarsiz kechadigan hayotni hayot deb bo‘larmikan?..

 

Eldor ASANOV

 

Tafakkur” jurnali, 2021-yil 4-son.

“Gumanitar fanlardan nima naf?” maqolasi

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi

Adabiyot

15:11 / 20.11.2024 0 117
Abdulla Qodiriy – o‘zbek detektivi asoschisi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

San’at

16:08 / 28.08.2021 8 22032
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi

//