Qonxoʻr “qahramon”lar. Tarixda “Georgiy lentasi”ni kimlar taqqan?


Saqlash
17:58 / 08.05.2023 1838 0

Keyingi yillarda 9-may – “Xotira va qadrlash kuni” arafasida joylarda “Georgiy lentasi”ni tarqatish, mashinalarga taqib yurishdek bir manzara koʻngilni xijil qilmoqda. Xoʻsh, bu tasmaning Ikkinchi jahon urushiga daxli bormi? Yoʻq! Negaki, tasmaning kelib chiqishi rus hukmdori Yekaterina II tomonidan 1769-yil rus-turk urushi paytida taʼsis etgan avliyo Georgiy ordeniga borib taqaladi. Ushbu orden qora-sariq ranglardan iborat tasma bilan bezatilgan edi. Shundan soʻng rus harbiylarining ordenlari ana shu bogʻich bilan bezatiladigan boʻldi. Keyinchalik rus armiyasi Xiva, Qoʻqon xonliklari, Buxoro amirligini zabt etib, unda qatnashgan zobit va generallarni ham “Georgiy ordeni” bilan taqdirlaydi. Va, albatta, bu ordenlarning bogʻichi bugun ayrimlar faxr bilan tarqatib yurgan “georgiy lentasi” bilan bezatilgan edi. Ushbu maqolada yurtimizga bostirib kelib, tinch aholini, ayollar hamda bolalarni shafqatsizlarcha oʻldirgani uchun “Georgiy ordeni” bilan mukofotlangan ayrim “qahramonlar” haqida hikoya qilinadi.

 

Toshkent shahrini suvsiz qoldirib, portlatgan “qahramon” general

 

XIX asr oʻrtalariga kelib Oʻrta Osiyoni bosib olish har kecha rus generallarining tushlariga ham kiradigan boʻldi. Shundaylardan biri M.A.Chernyayev edi. U Avliyoota va Chimkentni bosganidan koʻp oʻtmay, yaʼni 1864-yilning 27-sentabrida, 8 ta rota, 12 ta zambarak, 100 nafar kazak, 1500 askar va 400 nafar qozoq koʻngillilari bilan Toshkentga yuzlanadi. 1864-yil 2-oktabrda ertalabdan har ikki tomonda toʻplardan oʻq otiladi. Shundan keyin podpolkovnik Obux 2 rota askari va 4 ta toʻpi bilan hujumga oʻtib devorni teshishga erishadi. Bu haqida tarixchi Muhammad Solih Toshkandiy “Oʻruslar olgʻa chopib zovurga oʻzlarini urdilar; ularning ikkinchi guruhi yordamga kelmoqda edi. Shu onda devor ustidagi shertabiat va dovyuraklar oʻzlarini pastga tashlab, zovur ichida oʻruslar bilan yoqama-yoqa ushlashib,ularni xanjar bilan oʻldira boshladilar. Hatto baʼzi kishilar qochib ketayotgan dushman orqasidan quvib borib, xanjar va qilich bilan jang qildilar. Zovur ichidagi oʻruslardan urush va talash bilan 72 kishining boshi kesilib, yarogʻ-aslahalari gʻoziylarga boʻlib berildi”, deb yozadi.

 

Alalxusus, bu toʻqnashuvdan soʻng general sharmandalarcha chekinib, 4-oktabrda Chimkentga qaytib ketdi. 1865-yil aprel oyida Chernyayev yana Toshkentga yurish boshlaydi. Ammo bu urinishi ham behuda ketgach, zaruriy choralarni koʻradi. U avvalo, Toshkentga keladigan asosiy suv yoʻlini toʻsib qoʻyadi va amirning boshkentga yurishidan choʻchib, Chinoz qalʼasini egallab oladi. Ruslar vaqti-vaqti bilan shaharni toʻplardan oʻqqa tutib turishadi. Bu orada shahar himoyachilarining ishongan togʻi, xonning lashkarboshisi – Alimqul dodxoh qornidan oʻq yeb, jangda shahid boʻladi. Bu orada ruslar ayrim xoinlar yordamida Oʻrda ichidagi porox va qurol-aslaha saqlanadigan maxfiy omborni aniqlab, portlatib yuborishadi. Ustiga ustak, Kamolon darvozasidan bostirib kirgan dushman oʻz toʻplarini Shayxontohur, Beshogʻoch va boshqa dahalarga qoʻyib, taslim boʻlishmasa, butun shaharni vayron qilishlari bilan poʻpisa qiladi. Shundan soʻng hech qaydan madad va yordam ololmagan, uzoq muddat suvsiz va oziq-ovqatsiz qolgan shahar oqsoqollari taslim boʻlishga qaror qilgan.

 

Toshkent istilosi dunyo miqyosida, ayniqsa, Angliya va Turkiyada norozilik hamda shov-shuvlarga sabab boʻlgan. Generalning oʻylamay qilgan qaltis ishini oqlash va shov-shuvni yumshatish maqsadida rus matbuoti goʻyo toshkentliklar ixtiyoriy ravishda taslim boʻlgani, kerak boʻlsa, bu hududda Toshkent xonligini tuzish rejasi haqida maqolalar uyushtirgan. Ammo ajabki, xonlik tashkil etish haqida fikrlar aytila turib, ayni vaqtda shaharda harbiy istehkom qurish va qoʻshinni joylashtirish choralari koʻrilgan. Shaharni Rossiya tarkibiga kiritish tarafdori boʻlgan Chernyayev oʻz boshligʻi Krijanovskiyning “Mustaqil Toshkent xonligini” tashkil etish haqidagi koʻrsatmasiga ochiqdan-ochiq qarshilik koʻrsatadi. Natijada lavozimidan chetlatilgan Chernyayev 1882-yildagina Turkiston general-gubernatori etib tayinlandi. U bu lavozimda atigi 2 yil ishlay oladi. Chunki uning rus shovinistlariga xos feʼli, janjal va mojarolarga moyil tabiati rahbariyatning ham joniga tekkandi. Bu shuhratparast generalda boshqaruv layoqati ham, kadrlarni tanlash va joyiga qoʻyish salohiyati ham yoʻq edi. Shunga qaramay, Chernyayev 1864-yilda Chimkentni ishgʻol etgani uchun 3-darajali avliyo Georgiy ordeni bilan taqdirlangan. 1865-yilda esa “Toshkentni egallagani uchun” degan brilliant yozuvli oltin qilich bilan mukofotlangan. Biroq yaramas feʼli va yuqoridagi sabablar tufayli lavozimidan chetlatilgan sobiq general-gubernator 1898-yilda oʻz qishlogʻida dovruqsiz va shon-sharafsiz dunyodan oʻtgan.

 

Qirgʻin uchun ikki “Georgiy ordeni”

 

Turkistonda qilich oʻynatgan yana bir general Nikolay Nikitovich Golovachev 1823-yilda tugʻilgan. 1867-yil unga general-mayor unvoni berilib, Sirdaryo viloyati harbiy gubernatorligiga tayinlangan. 1868-yil Golovachev Buxoro amirligiga qarshi urushga kirib, Miyonkol vodiysi va Samarqanddagi qonli janglarda ishtirok etadi. Bu hududlar ishgʻolidan keyin Choʻponota tepaliklari va Zirabuloq urushlarida minglab oʻzbeklarning qoni toʻkiladi. General Golovachev bu yurishlardagi shonli “jasorati” uchun 4-darajali Georgiy ordeni bilan mukofotlanadi.

 

1873-yilgi Xiva yurishi vaqtida Uch oʻchoqda Golovachev bir guruh chegara himoyachilarini qirib tashlaydi. Shayxariq kechuvida esa artilleriya yordamida Xiva askarlari shtabini bombardimon qiladi. Bu shonli yurish uchun ham u 3-darajali “Georgiy ordeni”ni oladi. Shundan soʻng Rossiyaga tovon pul (kontiributsiya) toʻlashdan bosh tortgan yovmitlarni jazolash ham unga yuklatiladi. General yovmit va boshqa turkman urugʻlari bilan jang qilib, tinch aholini Qoraqum bagʻriga quvgʻin qiladi. Ayniqsa, 10 mingdan ziyod turkmanlar bilan boʻlgan qaqshatqich Chandir jangida koʻp qon toʻkiladi, Golovachev esa boshidan yaralanadi. Ketma-ket qilingan gʻalabalar sabab unga imperiyaning ishonchi ortib borardi. Shuning uchun u 1875-yilda Qoʻqonda koʻtarilgan xalq isyonini bostirishga safarbar etilgan. Bu yerda ham qurolsiz aholi qilichdan oʻqqa tutiladi, qoʻrquvdan oʻzini daryoga tashlab gʻarq boʻlgan turkiylarning esa sanogʻi yoʻq edi. Keyinchalik Golovachev Sirdaryo oblasti harbiy gubernatori lavozimida ishlarkan, poraxoʻrligi uchun ishini sudga oshirishni imperatorning oʻzi buyursada, ikki “Georgiy ordeni” va “harbiy jasorat”lari inobatga olinib, jazodan qutulib qolgan.

 

Xiva va Buxorodagi ommaviy bosqin

 

Oʻtgan asr boshlarida Turkistonda milliy ozodlik harakatini bostirishda faol ishtirok etgan qonxoʻr bosqinchilardan biri S.M.Budyonniy edi. Uning otliq armiyasi Xiva xonligi va Buxoro amirligini agʻdarishda katta xizmat koʻrsatgan. Ammo Turkistonda qarshilik harakati tobora keng yoyilib, Budyonniyning otliq askarlariga hujum qilar, tinkasini quritardi. Bunga javoban budyonniychilar qishloqlardagi barcha erkaklarni ommaviy qirgʻin qilishga oʻtadi. Qatllar shu qadar vahshiyona boʻlganidan shoʻro hukmronligi yillarida davrida ham turkistonliklar Budyonniy nomini tilga olishga jirkanardi. Ammo uning oʻzi bu “jasoratli” yurishlari uchun “Georgiy ordeni” bilan taqdirlangan.

 

Qonxoʻr general

 

M.D.Skobelev Turkistondagi eng qonxoʻr chor generallaridan biri boʻlgan. Uning har bir qadamidan qon hidi anqib turadi, desak xato boʻlmaydi. Oʻz harbiy tarjimai holini zulmga qarshi koʻtarilgan polyaklar isyonini qonga botirishdan (1864) boshlagan. Ushbu “xizmati” uchun u 4-darajali avliyo Anna nishoni bilan taqdirlangan. Xiva yurishi boshlanishidan avval u oʻrtoqlariga “Bu gal, albatta, “Georgiy kresti”ni olaman!” deya maqtangan ekan.

 

Xiva xoni Muhammad Rahimxon general Kaufmanga chopar yoʻllab, taslim boʻlganini bildirgach, harbiy harakatlar toʻxtatiladi. Shunga qaramay, polkovnik Skobelev va graf Shuvalov boshchiligida mingga yaqin rus qoʻshini Shoxobod darvozasini portlatib, yoʻlda duch kelgan odamni qirib, xon oʻrdasiga bostirib boradi. Bundan maqsad esa koʻproq oʻlja va yuqori martaba, nishon olish boʻlgan. Qoʻqon xonligida yuz bergan isyonni bostirishda Skobelev alohida “jasorat” koʻrsatadi. Qonxoʻr general yoʻlida uchragan barcha qishloqlarni kultepaga aylantirib, 1876-yil 8-yanvarda Andijon ostonasiga yetadi. Qaqshatqich janglarda andijonliklardan 20 ming nafar odam oʻldiriladi. Skobelevning yovuzi qilmishlari haqida tarixchi olima Zinaida Kastelskaya “Turkiston oʻlkasi tarixidan” nomli kitobida shunday yozadi: “Jazo otryadiga boshchilik qilgan Skobelev qoʻshinlari isyonchilarga qarata toʻplardan oʻt ochib, ularni chekintirdi. Skobelev Andijonni yondirib, Qoradaryo vohasidagi qishloqlarning hammasini yoʻq qilib tashladi”. Jangdan soʻng general boshliq harbiylar xarob etilgan qishloqni tark etayotgan bir toʻda tinch aholiga duch keladi. Skobelev aksariyati keksa chollar, ayollar va bolalardan iborat qochqinlarni qirib tashlashni ofitserlar – Nalivkin va Ionovga topshiradi...

 

1876-yil Skobelev boshliq chor askarlari oila aʼzolari va mol-mulklari bilan Qorateginga ketishga chogʻlangan 5 000 “isyonchi” joylashgan Uchqoʻrgʻon qishlogʻiga bostirib kiradi. Hujum kutilmaganda boʻlgani sababli “isyonchi”larning birortasi tirik qolmaydi. Oʻz xalqi ozodligi uchun kurashgan 33 yoshli Poʻlatxon ham asir olinib, dorga tortiladi. Skobelev Qoʻqon xonligida koʻrsatgan ushbu jasoratlari uchun 3-darajali “Georgiy ordeni” bilan taqdirlangan. Qonxoʻr general 1882-yil Rossiya mehmonxonalaridan birida sirli ravishda oʻlim topgan.

 

“Moziyga qaytib ish koʻrmoq xayrlidir”, deb yozgandi Abdulla Qodiriy. Aslida ham shunday. Chunki oʻtmishini unutgan xalq qilingan xatolarni qayta va qayta qilishga mahkum. Biz bugun qilayotgan harakatlarimiz bilan kimga sharaf aytyapmiz – yurt ozodligi yoʻlida qurbon ketgan ajdodlarimizgami yo ularni vahshiylarcha qirib yuborib, koʻksiga qoʻsha-qoʻsha “Georgiy tasmasi”ni taqqanlargami? Maqoladan maqsad, shuni anglatish edi. Chipor tasmaning ikkichi jahon urushiga umuman aloqasi yoʻqligi kabi, uni taqish yurt ozodligi yoʻlida bosqinchilar tomonidan oʻldirilgan ajdodlarimizga nisbatan haqorat ham, bizningcha.

 

Abdumajid AZIMOV,

Oyina.uz

 

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Adabiyot

18:04 / 05.04.2024 0 20454
Yaponiya sotuvga qo‘yiladi

//