Daryo yoqasidagi oyoq kiyimlar, 82 bola va oilaning otasiz suvrati – dunyo xalqlarining urush dahshati haqidagi yodgorliklari


Saqlash
18:13 / 05.05.2023 1510 0

Biz bilgan eng dahshatli urush – Ikkinchi jahon urushi. U yer aholisining 70 milliondan ziyodi qirilib ketishiga olib keldi. Birinchi jahon urushi bilan birga hisoblanadigan bo‘lsa, urush yer yuzidan 100 mln atrofida odamni supurib tashladi. Ehtimol, undan-da dahshatli janglarni odamizod ko‘rgan, chunki har bir urushning yakuni o‘zidan ma’lum formatdagi yodgorliklarni qoldiradi. Masalan, “Illiada”, “Mahobhorata” bo‘lib o‘tgan qonli janglarga atalgan yodgorliklarning matn holatidagi ko‘rishidir.

 

Ikki jahon urushida ham Angliya boshida turgan siyosatchi Uinston Cherchill urushga shunday ta’rif beradi: “U ayrimlarning manfaati uchungina begunoh odamlarning o‘lishidir”. Oyina.uz “Xotira va qadrlash kuni” munosabati bilan urush mavzusida yaratilgan yodgorliklarni bir sahifaga yig‘ishga urindi.

 

 

1. Xolokost qurbonlariga bag‘ishlangan yodgorlik

Haykaltarosh: Dyula Pauer. Vengriya, 2005-yil.

 

Dunay bo‘yiga mixlangan ushbu bronza poyabzallar urushning dahshatli bir voqeasini hikoya qiladi. 1944-yil venger natsistlari bunda ishga yaroqsiz juhudlarni yo‘q qilganlar. Natsistlar o‘qni isrof qilmaslik uchun ikki-uchta odamni bir-biriga bog‘laganlar va ular orasidan birini otganlar. Dunayga yiqilgan jasad esa o‘zi bilan bog‘langanlarni ham tubga tortib ketgan.

 

Natsistlar nazarida poyabzallar ularning egalari jonidan qimmatliroq edi, shu bois har bir o‘limga hukm qilingan oyoq kiyimini yechgan. Yodgorlik 60 poy erkak, ko‘plab ayol va bolalarning poyabzallaridan tashkil topgan.

 

 

2. Liditsa qishlog‘i aholisiga bag‘ishlangan yodgorlik

Haykaltarosh: M. Uxitilova. Chexiya, 2000-yil.

 

82 dona bolalar haykali. Ularning 40 donasi o‘g‘il, 42 donasi qiz boladan iborat va haykallarning bari bolalarning tabiiy tana kattaligini saqlagan.

 

Ushbu haykal fashistlarning bitta qishloq aholisini partizanlar bilan aloqa qilishda ayblab, butunlay yo‘q qilishini hikoya qiladi. 1942-yilning iyunida SS harbiylari qishloqning 172 nafar 15 dan oshgan erkagini otib tashlaydi, 195 nafar ayol Ravensbryukdagi konslagerga jo‘natadilar. Yodgorlikdagi bolalar esa gaz kameralarida o‘ldiriladi.

 

 

3. Urush jonivorlari

Haykaltarosh: Bekxaus. London, 2004-yil.

 

Urushning muhim qatnashchilari orasida hayvonlar ham bor. Ular yuklarni tortish, ma’lumot yetkazish, yaradorlarni jang maydonidan olib chiqish bilan shug‘ullangan.

 

Ushbu yodgorlikning Buyuk Britaniyada paydo bo‘lishi o‘z-o‘zidan emas. 1942-yildan beri Angliyada “Mariya Dikin” nomidagi hayvonlarga beriladigan oliy harbiy medal mavjud bo‘lib, birinchi marta u 60 nafar jonivorga taqdim etilgan.

 

 

4. Oila portreti

 Haykaltarosh: Buyte Horvat Istvan. Vengriya, 2014-yil.

 

Vengriyaning Vakratot qishlog‘ida oilaviy portret shaklida bunyod qilingan ushbu yodgorlik Birinchi va Ikkinchi jahon urushida vafot etgan askarlarga bag‘ishlanadi. Yodgorlik o‘zida xorvat oilasi va unda bir odamning, to‘g‘rirog‘i otaning yo‘qolishi haqida so‘zlaydi.

 

 

5. Millatlar fojeasi

Haykaltarosh: Zurab Sereteli. Rossiya, 1997-yil.

 

Moskva shahrida, Gʻalaba bog‘i yaqinida joylashgan ushbu yodgorlik o‘limga mahkum etilgan yalong‘och odamlar navbatini ko‘rsatadi. Ushbu navbatning oxiri yo‘qligidan tanalar soyalar kabi pastga egilib, qoyatoshlarga evrilib ketgan. Eng boshidagi erkak va ayol esa o‘z farzandini bu qatliomdan asrashni istaydilar, ammo ularning o‘g‘illari ko‘zini yopishdan bo‘lak imkonlari yo‘q.

 

Navbatdagi odamlarning barisi yalong‘och, ortda esa ularning kiyim-kechaklari, o‘yinchoqlari va shaxsiy buyumlari uyumi yotadi. Bu fashistlar o‘lganlarning buyumlarini qayta ishlatish maqsadida saqlab qolganidan darak beradi.

 

 

6. Xalqlar do‘stligi monumenti – Shomahmudovlar oilasiga bag‘ishlangan yodgorlik

Haykaltarosh: D. Ryabichev. O‘zbekiston, 1983-yil.

 

Toshkent markazidagi Xalqlar do‘stligi maydoniga o‘rnatilgan ushbu yodgorlik urush vaqti yetim qolgan bolalarni asrab olgan temirchi oilasiga – Shoahmad Shomahmudov va uning ayoli Bahriniso Akromovaga bag‘ishlanadi. 

 

Ikkinchi jahon urushining butun dahshatini boshidan o‘tkazgan avlod – ota-onasidan judo bo‘lgan bolalarning mamlakat bo‘ylab sarson-sargardonligi bilan bog‘liq muammo hal etilishi Shomahmudov kabi oilalarning himmatiga bog‘liq edi. 15 bolani asrab olgan Shomahmudovlar kabi boshqa o‘zbek oilalari ham poyezdlarda urush o‘chog‘idan tashilgan ming-minglab yetim bolalarni asrab oladilar va voyaga yetkazadilar.

 

 

7. O‘ldirilgan Yevropa juhudlariga bag‘ishlangan yodgorlik

Loyiha muallifi: Piter Ayzenman. Germaniya, 2005-yil.

 

Bu kabi memorial qurish g‘oyasi 1988-yildayoq paydo bo‘lgandi. Yodgorlik Berlin markazida, Brandenburg darvozalari orasida joylashgan. U 2 700 kulrang toshdan tashkil topgan ulkan daladan iborat.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

San’at

16:08 / 28.08.2021 8 23283
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi

//