Amir Temur va temuriylar davrida tabobat


Saqlash
11:09 / 30.09.2021 11879 0

Amir Temur jahon tarixi sahifalarida yirik davlat arbobi, mohir sarkarda, ilm-fan va madaniyat homiysi sifatida mashhur. Amir Temur va temuriylar davri tarixini har tomonlama chuqur o‘rganish hamda mavjud tarixiy haqiqatni xalqimizga yetkazish davr talabi.

Quyida biz Amir Temur va temuriylar davrida O‘rta Osiyo xalqlari turmush tarzi asoslarining umumiyligi va o‘ziga xos tomonlari hamda tibbiyot qanday rivojlanganligi haqida fikr yuritamiz. Tarixiy ma’lumotlarda ta’kidlanshicha, O‘rta Osiyoda temuriylar davridagi tibbiyot undan oldin o‘tgan somoniylar va qoraxoniylar davridagi tibbiyotning to‘g‘ridan to‘g‘ri davomi emas. Somoniylar va qoraxoniylar bilan temuriylar o‘rtasida butun bir asr vayronalik va turg‘unlik yotadi.

Ma’lumki, XII asr boshlarida mo‘g‘ul-tatar bosqinchilari O‘rta Osiyoga bostirib kirib, ko‘plab shaharlar va qishloqlarni yer bilan yakson qildilar, ekin maydonlariini toptadilar va barcha madaniy boyliklarni yo‘q qildilar. Kasalxonalar, dorixonalar, kutubxonalar vayron bo‘ldi. Ko‘p tabiblar quvg‘in qilindi va qatl etildi. Tibbiyot ham boshqa sohalar singari og‘ir tushkunlikni boshidan kechira boshladi. Natijada xalqning turmush darajasi pasayib kasalliklar avj oldi. Bunday ayanchli hol yuz yildan ortiqroq davom etdi.

XIV asrning 60-70-yillariga kelib, O‘rta Osiyo hududida yirik va kuchli temuriylar davlati vujudga keldi. Bu davlatga Sohibqiron Amir Temur asos soldi. U o‘z davlatini iqtisodiy, siyosiy va madaniy jihatdan  yuksak darajaga ko‘tarish uchun mamlakatda yirik qurilish ishlarini olib bordi. Amir Temur yurt obodonchiligi va aholi sog‘ligiga alohida e’tibor bergan. Bu haqda “Temur tuzuklari”da shunday deyiladi: “Yana amr etdimki, katta-kichik har bir shahar, har bir qishloqda masjid, madrasa va xonaqohlar bino qilsinlar, faqiru miskinlarga langarxona (yo‘lovchilar qo‘nib o‘tadigan joy; kambag‘al yetim-yesirga ovqat beriladigan joy; g‘aribxona) solsinlar, kasallar uchun shifoxona qurdirsinlar va ularda ishlash uchun tabiblar tayinlansinlar”.

Sohibqiron davrida har bir shaharda shifoxona bo‘lgan, ularda bilimli va tajribali tabiblar ishlaganlar. Jumladan, Samarqandda “Dor ush-shifo” nomli yirik kasalxona bo‘lib, unga o‘z zamonasining taniqli tabibi Mir Sayyid Sharif Sheroziy (1330–1414-y.y.) rahbarlik qilgan. Bu tabib asli jurjonlik bo‘lib, Amir Temurning taklifi bilan Samarqandga kelib, shu kasalxonaga boshchilik qilgan. Shu davrlar yirik tabiblardan Xisomiddin Ibrohim Kirmoniy, Mavlono Fayzulloh Tabriziy, Mansur ibn Muhammadlar yashab ijod etganlar. Tarixiy ma’lumotlarda ta’kidlanishicha, Mavlono Fayzulloh Tabriziy Amir Temurning shaxsiy tabibi bo‘lgan. U Sohibqironning barcha safarlarida birga bo‘lar edi.

Amir Temur davrida tibbiyot fani shu qadar yuksak darajaga ko‘tarilgan ediki, hatto o‘lgan odamning jasadini balzamlash usulini ham bilganlar. 1941-yilning 18-iyunida hukumat komissiyasi tomonidan Samarqanddagi Go‘ri Amir maqbarasida dafn etilgan Sohibqiron Amir Temur, Mironshox, Shohruh, Mirzo Ulug‘bek, Muhammad Sulton va Bibixonim maqbarasidagi bibixonimning daxmalari ochilib ko‘rilganda, ularning jasadi mumiyolangani aniqlangan.

Amir Temur o‘z zamonasidagi ijtimoiy guruhlarni o‘n ikki toifaga bo‘lgan. Shular ichida hakimlar, tabiblar, munajjimlar va muhandislarni sakkizinchi toifaga kiritgan. Ularni saltanat korxonasiga rivoj beruvchilar, deb atagan. Tabiblar haqida shunday deydi: “Hakimlar va tabiblar bilan ittifoqda bemorlarni davolatar edim” (Amir Temur. “Temur tuzuklari”. – T.: G‘.G‘ulom nomidagi nashriyot matbaa birlashmasi, 1991, 66-bet).

Shu o‘rinda fransuz temurshunoslaridan professor Marsel Brionning “Menkim, sohibqiron  jahongir Temur” kitobidan qisqacha parcha keltiramiz. “... vatanimga Xuroson orqali ketishga qaror qildim... Daraburjirdga yetgan chog‘imiz qo‘shinni to‘xtatdim. Otlarga dam berish maqsadida ikki kun shu yerda turadigan bo‘ldik. Birinchi kunning o‘ziyoq bir necha jangchilarimiz kasallangani, boshlari og‘rib, issiqlari baland ekanidan shikoyat qilishayotganini ma’lum qilishdi. Qo‘shin tabibidan ular o‘latga chalinishmadimikan, deb so‘radim. Tabib kasallik sababini aniqlay olmaganini, biroq o‘lat alomatlari ham kuzatilmaganini aytdi. Ikkinchi kuni kasallanganlar soni yana ko‘paydi. Birinchi kun kasallanganlar qo‘ltiqlari ostida va biqinlarida yong‘oqdek shish paydo bo‘lib, kuchli og‘riq berayotganini bildirishibdi. Shundan keyingina tabib qat’iy bir qarorga keldi – bu o‘lat edi.

Tabibdan so‘radim: “Bu kasallarni qanday davolasa bo‘ladi?” U dedi: “Bu kasallikning davosi yo‘q: ular endi yo o‘ladilar, yoki o‘z-o‘zidan tuzalishadi!”

...Quyosh botib, kechki namozni o‘qib, ...negadir o‘zimni lohas his qila boshladim. Ko‘p o‘tmay vujudimda kuchli qaltirash va holsizlik boshlandi. Tabib menga ”gavzabon” giyohidan damlama tayyorlab ichirdi. Yaxshi terlashim kerakligini aytdi. Biroq ko‘p o‘tmay og‘riq juda zo‘raydi... Tongga borib bosh og‘rig‘im va taftim shu qadar kuchayib ketdiki, hatto namoz o‘qishga holim qolmadi. Tabibni chaqirib, o‘latga chalinmadimmikin, deb so‘radim. U javob bermadi. Nega gapirmayotganligining sababini so‘radim. Uni dadillantirish uchun dedim: “Sen qo‘rqma, aytaver, axir men Amir Temurman-ku! O‘limdan qo‘rqmayman. Biz hammamiz ham bu dunyodan ketamiz. Hatto payg‘ambarimiz (s.a.v.) ham bu dunyoni tark etgan edilar, men ham qachondir o‘lishim kerak-ku, axir! Faqat bir narsadan afsuslanaman – tushakda jon berishimdan taassufdaman!”

Mana shu gaplarimdan keyin tabibga til kirdi: “Amirim, sening kasaling ham o‘sha... jangchilarning kasalidan!” “...Hammaga javob berib, joyimga cho‘zildim. Ertasi kuni qo‘ltig‘im ostida bez paydo bo‘ldi. Uchinchi kuni u ko‘kardi. Keyin jon talvasasiga tushdim. Issig‘im shu darajada baland ediki, ...atrofimdagilarni tanimay qolgandim – qaerda ekanimni ham bilmasdim: birda Samarqandda yurgandek his qilardim... Shu payt qulog‘imga bir tovush  chalindi: “Ochildi! Ochildi!..”  Shundan so‘ng og‘riq asta-sekin tindi – o‘layotgan bo‘lsam kerak, deb o‘yladim.

Ertasi kuni ko‘zimni ochib, atrofimni o‘rab turgan mamnun chehralarga ko‘zim tushdi.  Kechagi ovozlar ham shularniki bo‘lgan. Mening yaram, ya’ni paydo bo‘lgan shish yorilgan – yiring  va boshqa ixlar oqib tushgan va ahvolim yaxshi bo‘la boshlagan ekan. Biroq men hali ham holsiz edim – o‘rnimdan tura olmasdim. ...Mening huzurimga bir cholni olib kelishdi. Uni “Dastur” deb tanishtirishdi. U otashparastlarning bosh qohini ekan. U olib kelgan asaliga ishora qildi: “Ey Amir, eshitdimki, og‘ir kasalni yengib o‘tibsan. Mana bu asaldan yesang, kuchga kirasan”, deya u olib kelgan asaliga ishora qildi... Men unga bir necha oltin tangalar hadya qilgan edim, u olmadi: “Ey Amir, sening huzuringga asalimni sotish uchun kelmadim, bilakas, senga ozgina yordamim tegsin deb keldim”, dedi u samimiy.

Men bir necha kun o‘sha asaldan yedim va haqiqatdan ham foydasi tegdi. Tez kuchga kirdim. ...Yo‘lga chiqadigan kunimiz Dastur keldi. Qayoqqa ketayotganimni so‘radi. Men unga yurtimizga qaytayotganimizni aytdim. U dedi: “ Ey Amir! Agar shu alfozda uyga qaytsalaring, butun mamlakatga o‘lat oralaydi. Axir u yoqdagilar har kuni asal yemaydi-ku, to‘g‘rimi?”, deb so‘radi. Men dedim: “Biz tomonda umuman asal yeyish urf emas, faqat Xorazmda asal yeyishadi”,

Dastur dedi: “Unday bo‘lsa vataningga kirishdan oldin, askarlaringni yaxshilab tutunga to‘yintir! U o‘latning hidini o‘ldiradi!”

Men undan so‘radim: “Bu qanday qilinadi?”

Dastur javob qildi: “Yo‘lda biror manzilda to‘xtanglar. Uylari keng bo‘lsin, Cho‘ldan tikan terdirib, ustiga suv sepib ho‘llaysizlar. Keyin o‘sha uylarga odamlaringni kiritib, ost qismida ho‘l o‘tinni yoqasan. O‘tin yonmasin, balki tutasin. Odamlaring o‘n kun davomida, har kuni bir soatdan ana shu muolajani  o‘tashi kerak, o‘shanda top-toza bo‘lishadi!”

Men dedim: “Tutundan nafaslari bo‘g‘ilib qoladi-ku?”. Dastur bu savolga quyidagicha javob qildi: “Uylarning eshigini ochib qo‘yinglar, yoqiladigan o‘tin ham ko‘p bo‘lmasin. O‘n kun shu amalni qilsang, odamlarinni badanidagi o‘lat changi, hidi o‘ladi. Natijada Movarounnahrga o‘lat tarqalishining oldini olasan!”

...Men jangchilarimga tutunga to‘yintirish muolajasidan o‘tishlari uchun buyruq berdim. O‘n kun mobaynida jangchilarimiz har kuni bir soatdan tutun yutdilar. Tadbir tugagan kuni Samarqandga qarab ot surdik. Shundan keyin yo‘l bo‘yi hech kim kasallikdan shikoyat qilmadi. Samarqandga qaytgach Forsga maktub jo‘natdim va dastur cholga bizga ko‘rsatgan xizmatlari uchun minnatdorchilik bildirib, barcha otashparastlarni besh yil mobaynida hamma soliqlardan ozod qilishimni bildirdim (Marsel Brion “Menkim, sohibqiron – jahongir Temur”. – T.: “Yangi asr avlodi”, 2018, 378–384 betlar).

Bundan ko‘rinadiki, Temur qo‘shinlarida yarador va bemor jangchilarni davolovchi tabiblar bo‘lgan. Amir Temur tabiblarga nisbatan yaxshi munosabatda bo‘lgan va ularga hurmat bilan qaragan.

Amir Temur aholi o‘rtasida har xil kasalliklar paydo bo‘lishi va tarqalishiga qarshi tadbirlarni ham amalga oshirgan. Buning uchun shaharlarni va boshqa aholi yashaydigan joylarni ozoda saqlash, xalqni toza ichimlik suvi bilan ta’minlash choralarini amalga oshirgan. Suvni toza saqlash uchun usti yopiq suv quvurlari qurdirgan. Shaharlar o‘rtasidagi yo‘llarda sardobalar barpo ettirgan. Samarqandda va Toshkent yaqinidagi Shohruhiya shaharlarida olib borilgan arxeologik qazilmalar vaqtida shunday inshootlarni arxeologlar ko‘p uchratganlar.

Bunday yuksalish, ayniqsa, Amir Temurning nabirasi Mirzo Ulug‘bek (Muhammad Tarag‘ay Ko‘ragoniy) zamonasida ham davom etdi. Ulug‘bek Samarqand, Buxoro va boshqa shaharlarda o‘nlab masjidlar, hammomlar, karvonsaroylar, yo‘llar, shifoxonalar qurdirdi. Bularning ichida eng mashhuri 1424–1428-yillari Samarqand yaqinidagi Obi-Rahmat yoqasida qurilgan rasadxonadir.

Fan va madaniyat homiysi bo‘lgan Mirzo Ulug‘bek tibbiyot ilmiga ham katta ahamiyat bergan. Samarqandda bir kasalxona qurdirib, unda ishlash uchun Eronning Kirmon shahridan mashhur tabib Burhonuddin Nafis ibn Avaz (ba’zi manbalarda Ivaz) Hakim al-Kirmoniyni taklif etgan. Bu tabib Ulug‘bekning saroy tabibi vazifasini bajargan. U Samarqand kasalxonasida bemorlarni davolash bilan birga, tibbiyotga oid bir qancha asarlar ham yozgan. “Dori tayyorlash sa’nati” nomli kitobida muallif oddiy va murakkab dorilar retseptini tuzish, ularni tayyorlash va ishlatish usullarini bayon etgan.

Mirzo Ulug‘bek davrida tabiblar o‘rtasida mohir jarrohlar ham bo‘lgan. Ulardan biri Tojiddin Hakim edi. Bu jarroh ancha murakkab operatsiyalarni ham qilgan. Masalan, ko‘z kataraktasini jarrohlik yo‘li bilan muvaffaqiyatli davolagan. Shuni alohida ta’kidlash lozimki, bu tabib operatsiyadan oldin jarrohlik asboblarini o‘t (olov) ustida qizdirib olib, so‘ng ishlatgan. Operatsiya vaqtida esa qo‘lini tez-tez mayda qilib to‘g‘ralgan piyozga botirib olarkan. Ma’lumki, piyozda mikroblarni o‘ldiruvchi fitotsidlar bo‘ladi. O‘t ustida qizdirilgan asbob esa tamomila mikrobdan holi bo‘ladi (sterilizatsiyalanadi). Bundan ma’lum bo‘ladiki, Tojiddin Hakim yarani aynatuvchi jonzodlar mavjudligini bilgan va ularning rivojlanishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun yuqoridagi aytilgan chorani ko‘rgan. Bu jihatdan, Tojiddin Hakimni O‘rta Osiyoda antiseptika usulining asoschisi, desa bo‘ladi.

Demak, Ulug‘bek davrida ilm-fan ancha yuksalganki, yuqorida nomlari keltirilgan mashhur tabibalar paydo bo‘ldi.

 Bu an’ana temuriylar sulolasining yana bir vakili – Husayn Boyqaro hukumronlik qilgan davrda ham davom etdi. Husayn Boyqaro saroyida bosh vazirlik lavozimini egallagan buyuk shoir va davlat arbobi – Alisher Navoiyning xizmatlari katta. Bu haqida sharqshunos olimlar Mahmud Hasaniy va Surayyo Karimova muallifligida yozilgan “Navoiy davri tabobati” nomli asarda  batafsil bayon etilgan.

 Navoiy o‘zi tabib bo‘lmasa ham o‘tmishdagi buyuk tabiblarning asarlarini sevib o‘qigan, ular haqida o‘z fikr va mulohazalarini bildirgan. Uning shaxsiy kutubxonasida Abu Ali ibn Sino, Abu Bakr ar-Roziy va boshqa tabiblarning kitoblari bo‘lgan. Navoiy Ibn Sinoga juda yuksak baho bergan. Uni aql-idrok va tafakkur ramzi, deb atagan. Navoiyning tabiblar va tibbiyot haqidagi fikrlari asosan uning mashhur asari “Mahbub ul-qulub”da bayon etilgan. Bu asarda Navoiy tibbiyot va tabiblar masalasiga  maxsus bob (15-bobni) bag‘ishlagan. Asar Navoiy hayotining so‘nggi yillarida yozilgan bo‘lib, uzoq yillar davomida to‘plagan hayotiy tajribalari mahsulidir. Asarning asosiy g‘oyalari insonparvarlik, xalqparvarlik, adolat, yaxshilik va xalq farovonligi haqida qayg‘urishdir. Shu sababli, kitobning tabiblar haqidagi fasli unda asosiy o‘rinlardan birini egallaydi. Navoiy bu faslni bayon etishga kirishar ekan, avvalo tabibning o‘zi qanday kishi bo‘lishi kerak, u qanday fazilatlarga ega bo‘lishi lozimligi haqida to‘xtaladi. Navoiyning ta’kidlashicha, tabib o‘z fanining mohir bilimdoni bo‘lishi kerak. U donishmandlar so‘ziga amal qilib, ularga ergashmog‘i lozim, muloyim so‘z va bemor ko‘nglini ko‘taruvchi, andishali, xushfe’l bo‘lmog‘i kerak. Bundan ko‘rinib turibdiki, Navoiy tabiblar oldiga juda mas’uliyatli talablar qo‘ygan. Darhaqiqat, tabib o‘z kasbining mohir bilimdoni bo‘lishi kerak. Agar u o‘z kasbini yaxshi o‘zlashtirmagan bo‘lsa sayoz fikrli, tajribasiz tabib bo‘lsa, qanday qilib bemorning kasalini aniqlay oladi, kasallik aniqlay olmagan tabib, uni davolay oymaydi ham. Bunga Navoiy alohida e’tibor bergan.

Navoiy tabiblar oldiga qo‘ygan talablardan ikkinchisi “bemorlarga rahm-shafqat bilan muomila qilish lozim”ligidir. Bu yerda Navoiy tabiblik kasbini boshqa hamma kasblardan ajratib turuvchi asosiy sifati – insonparvarlik haqida so‘z yuritadi. Kishilar tabiblarga o‘zlarining eng bebaho boyliklari – hayotlarini ishonib topshirib qo‘yar ekanlar, demak ular ishonchni qadirlashlari, bemorlarga rahm-shafqat bilan muomala qilishlari, ularning hayotlari va salomatliklari haqida qayg‘urishlari zarur. Tibibning eng yuksak vazifasi – kishini xastalik azobidan xalos etishdir. Ammo tabiblar orasida bemorlarga nisbatan beshafqat va befarq munosabatda bo‘luvchilar ham uchraydi. Navoiy davrida ham shundaylar bo‘lganligi tabiiydir. Bunday tabiblarni Navoiy jallodga o‘xshatadi va shunday yozadi: “Tabobat fanida savodsiz tabib xuddi jallodning shogirdi kabidir. U tig‘ bilan o‘ldirsa, bu zahar bilan azoblaydi. Shubhasiz, jallod bunday tabibdan yaxshiroqdir. Zero u gunohsizlarni o‘ldiradi, bu esa gunohkorlarni halok qiladi. Hech bir gunohkor jallod qo‘lida xor bo‘lmasin, hech bir begunoh kasal bo‘lmasin, bunday noshud tabibga zor bo‘lmasin”.

Navoiy salomatlik va tibbiyot haqida so‘z yuritar ekan, ichkilikbozlik kishi salomatligiga zararli ta’sir etishini ham ko‘rsatib o‘tadi. Masalan, u “muttasil ichish salomatlikni kemiradi” deb yozgan. Sharobni zaharga o‘xshatadi va “odamiylikni, salomatlikni yo‘qotish uchun qadah-qadah zahar ichish qanday qoida” deb xitob qiladi. Navoiy sog‘-salomat bo‘lishni istagan kishi har xil buzuq, yaramas ishlar qilmasligi, o‘zini ehtiyot qilishi kerakligini ta’kidlaydi.

Tarixiy manbalarga ko‘ra, Navoiy tashabbusi bilan mamlakatda 300 dan ortiq turli madaniy-maishiy binolar, shifoxonalar, dorixonalar, tibbiy maktablar barpo etilgan. Kasalxonalarda tajribali tabiblar bemorlarni davolaganlar. Shulardan biri Ne’matulloh ibn Faxriddin Muborakshox Hakim Kirmoniy bo‘lib, u Husayn Boyqaroning shaxsiy tabibi edi. U faqat tabib emas, shu bilan birga chuqur bilimli faylasuf, olim va shoir edi. Shuning uchun ham uni zamondoshlari buyuk shoir va ikkinchi Ibn Sino, deb ataganlar.

1480–1482-yillarda Navoiy ko‘rsatmasi va ishtiroki bilan Hirotda maxsus tibbiy kompleks barpo etildi. Bu  majmua “Shifohiya”  nomli kasalxona, “Ixlosiya” nomli madrasa va “Safohil” nomli hammomdan iborat edi. Madrasaning shuhrati o‘sha vaqtda butun Sharq davlatlariga yoyilgan edi. Bu yerga boshqa mamlakatlardan ko‘plab tabiblar kelib, bilim olishgan va mutaxassis bo‘lib, o‘z yurtlariga qaytishgan.

Navoiy zamonida yashagan va Hirotning turli shifoxonalarida ishlab, talabalarga tib ilmidan dars bergan mashhur tabiblardan ba’zilari haqida to‘xtalib o‘tamiz.

Darvesh Ali  chuqur bilim va katta tajribaga ega bo‘lgan hakim edi. Tarixchilarning yozishicha, u kamtarin, xushfe’l va yoqimtoy kishi bo‘lgan. Darvesh Alida shoirlik iste’dodi ham kuchli bo‘lgan. U ba’zi tibbiy asarlarni nazm bilan yozgan. Darvesh Ali Hirotdagi “Dor ush-shifoh” (“Davo maskani”) kasalxonasiga rahbarlik qilgan va shu yerda talabalarga tibbiyotdan dars bergan. Uning “Kishilarga eslatma” nomli tibbiy asari mavjud. Bu asarda muallif salomatlikni saqlash va kasallikni davolash haqida so‘z yuritadi.

Mavlono Nizomiddin Abdulxay. Bu tabib o‘z zamonasida amaliy tibbiyotda yuksak tajribali va bilimdon mutaxassis bo‘lgan. Ba’zi ma’lumotlarga ko‘ra, u Navoiyning shaxsiy tabibi va yaqin kishisi bo‘lgan.

Shayx Husayn mohir jarroh bo‘lgan. U marakkab operatsiyalarni ham qila olgan. Tabib bemorni operatsiya qilishda og‘riqsizlantiruvchi modda ishlatgan. Operatsiya qilingan joyni tikishda qo‘y ichagidan tayyorlangan tor (ip) ishlatgan.

Sharq mamlakatlarida xususan O‘rta Osiyo shaharlarida shifoxonalar qoshidagi dorixonalardan tashqari alohida joylashgan dorixonalar ham bo‘lgan. Ularda tabiblarning retseptlari bo‘yicha bemorlarga dori tayyorlab berilgan. Shunday dorixonalardan biri haqida Alisher Navoiy bunday ma’lumot bergan: “Hirotda Hoji Ali Hasan Kirmoniy ismli dorishunos yashaydi. Uning dorixonasi bor. U o‘z kasbiga juda mas’uliyat bilan qaraydi. Dorilarni mohirlik bilan tayyorlaydi” (A.O‘rolov. O‘tmishdagi davolash va shifobaxsh muassasalar. – T.: “Fan” nashriyoti, 1990. 21-22-betlar).

  Demak, Husayn Boyqaro  davrida mamlakatda ilm-fan, ayniqsa tibbiyotning rivojlanishi bevosita Alisher Navoiy nomi bilan chambarchas bog‘liqdir. Bu haqida Zahiriddin Muhammad  Bobur o‘zining mashhur “Boburnoma” asarida quydagicha yozgan edi: “Fan va sa’nat ahllarini Alisherbekdek qo‘llab-quvvatlagan odam bo‘lmagan. ... Xalq uchun foydali binolarni Navoiydek ko‘p qurdirgan odam bo‘lmasa kerak.

Shunday qilib, yuqorida bayon etilgan tarixiy ma’lumotlar asosida biz Temur va temuriylar davrida mamlakatdagi umumiy yuksalish jarayonida tibbiyot ham yaxshi rivoj topganining guvohi bo‘ldik. Shaharlarda kasalxonalar, tibbiy maktablar, kutubxonalar qurildi. O‘nlab mashhur tabiblar yetishib chiqdi. Ular bemorlarni davolash bilan birga, tibbiyotga oid ilmiy asarlar ham yozishgan. Bu nodir va noyob asarlarni o‘rganish, ularni bugungi kun tibbiyot rivojiga tatbiq etish maqsadga muvofiqdir.

Ma’mura SULAYMANOVA,

tarix fanlari nomzodi

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

Adabiyot

18:04 / 05.04.2024 0 19260
Yaponiya sotuvga qo‘yiladi

San’at

11:08 / 28.08.2021 8 16138
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi