1
Mashhur she’rlar, nafaqat o‘zining ma’no-mazmuni, balki yozilish shakl-shamoyili bilan ham ongimizda muhrlanib qoladi. San’atshunoslikda vizual xotira degan tushuncha borki, u ongimizda muhrlanib qolgan shaklning (bizda, she’riy shakl) proeksiyasi, aksi, tasvirini anglatadi. Ushbu buyuk she’rni odatlanib qolgan shakl, aytaylik, Shoirning mashhur she’rlari “Sog‘inish” yoki “Vaqt” kabi yoyib, tekis yozilgan tarzda tasavvur qila olmaymiz. Chunki she’r 6 va 5 hijoli qisqa misralar, o‘rni-o‘rni bilan Mayakovskiy usulidagi zinapoya satrlardan iboratki, ular ongimizda xuddi shu tarzda o‘rnashib qolgan. Vaholanki, agar she’rning hijo-turoq tizimiga e’tibor qilinsa, u yuqorida sanalgan she’rlar vaznida, ya’ni 6+5 =11 hijoli she’r ekani ma’lum bo‘ladi. Tajriba uchun ilk misralarni yoyib yozamiz:
Sen yetim emassan, tinchlan, jigarim,
Quyoshday mehribon Vataning – onang,
Zaminday vazminu Mehnatkash, mushfiq
Istagan narsangni tayyorlaguvchi
Xalq bor – otang bor. Cho‘chima, jigarim...
Va ko‘ramizki, biz bilgan va sevgan she’rning kuch-tarovatidan nimadir yo‘qolgan, asl shakldagi shiddat vazminlashib, o‘chganday go‘yo. Yoki biz ushbu misralarni beixtiyor ko‘zimiz o‘rgangan tarzda, 6 va 5 qisqa hijolarda o‘qiy boshlaymiz.
She’rning nomi “Sen yetim emassan” – ham xitob, ham nido bo‘lib, shu gapning o‘ziyoq magik qudratga ega. Ma’lumki, urushning dastlabki yilida nemislar vaqtincha bosib olgan yurtlardan ming-minglab aholi, xususan, ota-onasiz qolgan bolalar mamlakatning urushdan olis go‘shalariga evakuatsiya qilindi, ya’ni ko‘chirildi. Ular, jumladan, Markaziy Osiyodagi besh jumhuriyatdan boshpana topdilar.
Shu yerda haqli ikki savol tug‘iladi.
1. Nega aynan o‘zbek shoiri shunday she’r yozdi?
2. Nega bu she’rni aynan G‘afur G‘ulom yozdi?
Savollar bir-biriga bog‘liq, biri umumiy, ikkinchisi xususiy. Birinchi holda millatning qalb-sajiyasi, o‘zbekning mushfiq qalbi haqida gapirishga to‘g‘ri keladi. Mehmondo‘stlik, hamdardlik, musofirga rahm-shafqat – xalqimizning qon-qoniga singgan fazilatlardir. Ikkinchi savolga kelsak, G‘afur G‘ulom shu xalqning farzandi. Uning ich-ichidan chiqqan dilbandi edi. Buning ustiga, muallifning o‘zi ham, she’rda aytilganidek, yetim o‘sgandi. Va Alloh izmida bo‘lgan taqdir uni yigirmanchi yillardayoq yana yetimlarga ro‘baro‘ qildi. Shoirning “Kechmish va kechirmishlarimdan” deb nomlangan tarjimai holida yozilishicha, “1923 yillarda Maorif komissarligi bolalar boqimsizligi bilan kurash jamiyati bilan birlikda bolalar uyi – internatlar ochishini menga topshirdi. O‘rdada “Urfon” o‘rta maktabini tashkil qilishda ishtirok etdim. Uning yonida 150 bolalik internat – boqimsiz bolalar uyi ham ochildi”[1]. Ushbu dargohda ishlash paytida Shoir o‘zining ilk she’ri “Feliks bolalari”ni yozdi. U shunday boshlanadi:
Biz odam bolasimiz,
Odamning donasimiz,
Biz o‘sib ulg‘ayamiz,
Olim bo‘lish g‘oyamiz[2].
Bu yetimning arz-dodi, bir paytning o‘zida, faxr so‘zlari edi. Kelajakdagi “Men odam edim-ku, inson farzandi” satri shundan o‘sib chiqqan bo‘lsa, ajabmas. Bular tashqi hayotiy voqealar, she’r yaratilishida ularning ta’siri shaksiz. Lekin eng muhim omil G‘afur G‘ulom buyuk qalb sohibi ekanida. Biz hali buyuk qalb nima ekanini bilmaymiz. U sirli bir xilqatdir. Hindlar Hindistonni mustaqillikka olib chiqqan Mohandas Karmchand Gandiga bejiz “Mahatma” oliy unvonini berishmagan. Mahatma – buyuk qalb deganidir.
Biz “Sen yetim emassan” she’rini mutlaq o‘ziga xos quyma shakliga diqqat qaratar ekanmiz, asar zamiridagi mazmun-mohiyatni, ulug‘vor gumanizmni yoddan chiqarmaymiz. Buyuk musavvir va san’at nazariyotchisi Vasiliy Kandinskiy yozganidek, “Mukammal mazmunsiz mukammal shakl bo‘lmaydi: ruh materiyani belgilaydi, aksincha emas”[3]. Demak, G‘afur G‘ulomning qalb-ruhoniyati buyuk she’rning shakl-shamoyilini vujudga keltirgan, uning ta’sir kuchi va magik quvvatini tayin etgan. Zero, “Haqiqiy shoirning qalb tuzilishi to tinish belgilaridan tortib hamma narsada aks etadi”[4] deb yozgan edi buyuk rus shoiri Aleksandr Blok.
2
She’r sarlavhasidan keyin qavs ichida berilgan ma’lumot tarzidagi gap, bag‘ishlov sodda ko‘ringani bilan shu holga kelgunga qadar bir-ikki bosqichni o‘tgan. Dastlab mashinka nusxada “Ulug‘ Vatan urushining ota-onasiz qolgan yetimlariga!”, “Sovet O‘zbekistoni” gazetasida bosilgan nusxada “Ulug‘ Vatan urushida ota-onasiz qolgan go‘daklarga”, so‘ng qat’iy to‘xtamga kelingan variant: “Ulug‘ Vatan urushining ota-onasiz qolgan go‘daklariga”.
Xo‘sh, bunda nima o‘zgaradi? Birinchi holdagi “yetimlariga” o‘rinsiz takror bo‘lib, “ota-onasiz qolgan”ning o‘ziyoq yetimni bildiradiki, takrorga hojat yo‘q. Ikkinchi holdagi “urushida” oddiy xabar bo‘lib, biror ustama ma’noga ega emas. So‘nggi, uzil-kesil variantda qo‘yilgan “urushning” so‘zidagi qaratqich kelishigi ota-onasiz qolgan go‘daklarni Ulug‘ Vatan urushiga qat’iy bog‘lamoqda: urushning ota-onasiz qolgan go‘daklari. Shu shakl, shu o‘zgarishning o‘ziyoq badiiy axborot tashiydi: urush va go‘daklar. Bular orasida qanday bog‘liqlik bo‘lishi mumkin? Go‘daklar jangchi emaski, urushda ishtirok etsa. Lekin bog‘lanish shundaki, urushdan eng ko‘p aziyat chekadiganlar – begunoh go‘daklardir. Qanchasi o‘lib ketadi, tirik qolganlari YeTIM degan mudhish nomga ega bo‘ladilar. Qanchalik ayanch egalik!
She’rning Mustaqillik davridagi nashrida “Ulug‘ Vatan urushi” o‘rniga “1941–1945 yillar urushi”[5] so‘zlari qo‘yilgan. Bu, birinchidan, tarixiy faktni zamonaga moslashtirish kabi noo‘rin amal, chunki fakt – ma’lumki, dunyodagi eng qaysar narsadir, ikkinchidan 1941 yili (ayrim manbaalarda 1942 yili) yozilgan she’r muallifi shu yilda turib, urushning 1945 yilda tugashini qaydan biladi? Bu – nonsens, bema’nilik emasmi? Ustiga ustak, ushbu nashrdagi she’r ostiga “1942 yil” sanasi qo‘yilgan. Shuning uchun ham muallif so‘nggi to‘xtamga kelgan “Ulug‘ Vatan urushining ota-onasiz qolgan go‘daklariga” shakli tarixiy va badiiy fakt va u har qanday fakt kabi daxlsizdir.
Xullas, ko‘ramizki, she’r sarlavhasi ostiga qo‘yilgan ma’lumot tarzidagi bag‘ishlov asarning uzviy bo‘lagi, shu bois muqarrar badiiy yukka ega. Shundan so‘ng quyma misralar va tantanali ohang og‘ushida muazzam she’r boshlanadi.
3
Badiiy asar tuzilishini izchil va tarixiy qonuniyatlari asosida o‘rganish, jo‘nroq aytganda, poetika bo‘lsa, uning tarkibiy qismlaridan biri badiiy asar arxitektonikasi hisoblanadi. Arxitektonika, izohli lug‘atda yozilishicha, “San’atda, xususan, arxitekturada bir butunning ayrim qismlari o‘rtasidagi uyg‘unlik, mutanosiblik, moslik”dir. Odatda, ayrim qismlar birikib butunni, ya’ni badiiy asarni vujudga keltiradi. Bu vujud endi butunlik deganidir. Agar badiiy butunlik, yakvujudlik bo‘lmasa, badiiy asar, asl she’r dunyoga kelmaydi.
Alloma Maqsud Shayxzoda “Alisher Navoiy lirikasining ba’zi bir poetik usullari haqida” nomli tadqiqot maqolasida “Navoiy g‘azalining asosiy va birinchi xislati uning mantiqiy tarzda tuzilishi, bir momentning ikkinchi momentdan tug‘ilib kelishidir”, deydi hamda davom etib, “Shu ma’noda olganimizda bir qancha g‘azalnavislarning she’rlarida syujet ko‘rinmaydi”, deb yozib, bu gapga shunday izoh beradi: “Bu yerda syujetni keng ma’noda tushunish kerak. Ya’ni ma’lum bir fabula va hikoya ma’nosida emas, balki fikr va tuyg‘ularning bir-biriga mantiqiy ravishda bog‘lanib kelishligi (ta’kid bizniki – S.M.) ma’nosida anglash lozim”[6].
Hazrat Navoiy g‘azaliyoti haqidagi ushbu fikrlar to‘lig‘icha “Sen yetim emassan” she’riga ham taalluqli. Bizningcha, ijodkor qalbi va shuurini batamom qamragan tuyg‘u(lar) o‘ziga monand fikr va tasvirlarni yetaklab keladi hamda alal-oqibat ushbu tuyg‘u(lar) asar strukturasini yaratib boradi, asardagi “voqea” rivojini ta’minlaydi; so‘z va poetik tasvirlarni yo‘qdan bor qiladi, go‘yo. Ularni yaxlit badiiy tizimga uyushtiradi.
“Sen yetim emassan” she’ri ayni TUYG‘U, mehr-shafqat va oliy vatanparvarlik tuyg‘usining badiiy inkishofi va izchil taraqqiysidir. Ushbu tuyg‘u bir paytning o‘zida poetik konsepsiya, g‘oyaga aylanadi. Chindan ham, “She’riyatda har qanday fikr his-tuyg‘u bilan, miya katakchalari yurak qorinchalari bilan yonma-yon yashaydi”[7]. Tuyg‘u g‘oyaga jon va insoniy harorat bag‘ishlasa, g‘oya tuyg‘uni muayyan maqsad tomon yo‘naltiradi.
4
She’r kompozitsiyasi va strukturasi (bu ikki atama o‘zaro yaqin, faqat biri xususiy, ikkinchisi umumiy) mutlaqo o‘ziga xos. U olti struktur qismdan iborat, ularni she’rda yetti karra takrorlanuvchi poetik formula –
Sen yetim emassan,
Tinchlan, jigarim.
Sen yetim emassan,
Uxla, jigarim.
Sen yetim emassan,
Mening jigarim
asar badiiy vujudini ajratib, chegaralab, bir paytning o‘zida, birlashtirib, kavsharlab turadi. Aytilganidek, poetik formula dastlab “Tinchlan, jigarim”, o‘rta qismlarda “Uxla, jigarim” (besh karra), oxirda “Mening jigarim” shaklini oladi. Bundagi o‘zgarish aniq badiiy mantiqqa ega. Ota-onasiz qolgan go‘daklarni avvalo tinchlantirmoq, shundan keyingina orom uyqusiga chorlamoq mumkin edi. Asar so‘ngida to‘kib solingan shuncha mehr-shafqat so‘zlaridan keyin ular – “yetim emas” go‘daklar Shoirning, O‘zbekistonning o‘z farzandiga aylanadi. Ular endi “Mening jigarim”dir.
“Jigar(im)” izohli lug‘atimizda ko‘rsatilganidek, “eng yaqin kishi, tug‘ishganday yaqin birodar; farzand”ni anglatadiki, bu so‘zni boshqa tilga adekvat o‘girish deyarli mumkin emas. She’rning rus tilidagi tarjimasida “rodnoy” so‘zi berilgan bo‘lib, “jigarim”ga nisbatan ancha ojizdir.
“Sen yetim emassan, Tinchlan (Uxla, Mening) jigarim”ni an’anaviy ma’noda naqorat deb bo‘lmaydi. Birinchidan, u bir xil emas, juz’iy o‘zgarish bilan takrorlanadi. Ikkinchidan, u naqorat kabi muayyan masofada emas, she’rdagi tuyg‘u va fikr rivojiga monand har xil intervalda takrorlanadi. Bu narsa “Sen yetim emassan” she’rining o‘ziga xos yangi shakl-shamoyilidan ham darak beradi. Endi she’rdagi syujet bekatlari – struktur qismlar haqida fikr yuritsak.
5
Shunday qilib, poetik formula she’rni olti struktur qismga ajratadi. “Sen yetim emassan, Tinchlan, jigarim”, deb boshlangan she’r “Sen yetim emassan, Mening jigarim” deya tugallanadi. Yana qizig‘i shundaki, she’rning barcha o‘rta qismida poetik formula ikki jabhada ishlaydi, ya’ni ham pastga, ham tepaga birday xizmat qiladi.
Birinchi struktur qism begona joyga kelib qolgan ota-onasiz go‘daklarni tinchlantirishni maqsad qiladi, butun ifoda kuchi shu vazifaga yo‘naltiriladi: “Cho‘chima jigarim, O‘z uyingdasan”, degancha Shoir qisqa zinapoya misralarni tizadi. Undan avval “ota-onasiz qolgan go‘daklarga” ota-onaning o‘rnini bosuvchi narsa zarur edi, shu bois – “Quyoshday mehribon Vataning – onang” va “Zaminday vazminu Mehnatkash, mushfiq... Xalq bor – otang bor” misralari maydonga chiqadi.
Ikki zinapoya misralar tazod usulida bitilgan. Birinchi zinapoyadagi har bir so‘z keyingi zinapoyadagi so‘z bilan ziddiyatga kirishadi: g‘urbat – harorat, ofat – muhabbat, g‘am – shafqat. Ushbu so‘zlar har biri bir misrani tashkil qilib, ta’kid bilan aytilishi ziddiyatga qo‘shimcha kuch bag‘ishlaydi. Bu hodisani akademik Salohiddin Mamajonov “kesib tashlash” prinsipi deb atab, yozadi: “G‘afur G‘ulom “Sen yetim emassan”da 6+5=11 bo‘g‘inli misrani bo‘lib, birinchisini olti bo‘g‘inli, ikkinchisini besh bo‘g‘inli misraga aylantiradi. Bu – ikki vaznli she’r emas, balki ma’noni kuchaytirish uchun, so‘zlarni yanada ta’kidlabroq ko‘rsatish va uning ustiga qo‘shimcha vazifa yuklash uchun grammatik jihatdan yaxlit bo‘lgan misrani ongli ravishda “bo‘lib” yozishdir. Bunda, albatta, ritm xarakteri, intonatsiya o‘zgaradi, pauzaning roli kuchayadi va hokazo”[8].
Birinchi struktur qism – tekis yozilgan misra – “Va mehnat nonini ko‘ramiz baham” bilan yakunlanadi. Shundan keyin yangragan poetik formula, yuqorida aytilganidek, birinchi qismga shu’la tashlab, ikkinchi struktur qismni boshlab beradi. Birinchi qism zinapoyalardagi qisqa satrlar bilan hisoblaganda 17 misradan iborat.
Ikkinchi struktur qismda tazod usuli davom etadi. Bolalar boshidan kechirgan dahshatli voqealar tasviri hamda ular endi ortda qolgani haqidagi taskin misralar:
Bu yerda muzlagan
Ajdar halqumli
Vahshat to‘plarining
Qahqahasi yo‘q
va shundan so‘ng yana zinapoya usuli qo‘llanadi. Yuqoridagi qisqa misralar zinapoyali uzun misralar bilan almashadi. She’rning vizual qiyofasida o‘zgarish – ritmda keskin silkinish sodir bo‘ladi:
Bu yerda –
odamzod shaklida yurgan
la’nati devlarning
Manfur, yuqumli,
maraz namoyishi
topolmas huquq.
Bu she’rdagi nafrat tuyg‘usining birinchi portlashi, ikkinchi portlash beshinchi struktur qismda, Gitler haqidagi keskir misralarda yangraydiki, o‘z o‘rnida uni ham ko‘rib o‘tamiz. Shundan so‘ng yana sokin, taskin misralar tiziladi:
Ulug‘ jang kunidir,
Jangki, beomon.
Lashkar degan axir
Bexatar bo‘lmas
Otang o‘lgan bo‘lsa...
Shu yerda she’rda ikki bora takrorlanuvchi mashhur misralar yangraydi:
Qayg‘urma, qo‘zim,
Ko‘zim usti
Minnating boshimga durra.
Bu shoirga xos sof g‘afurona misralar bo‘lib, uni mantiq va ma’no jihatdan sharhlash qiyin, balki, samarasiz. Lekin unda mehr-shafqat oliy darajada ifoda etilayotgani ko‘ngil ko‘zi bilan seziladi – “Ko‘zim usti minnating boshimga durra”. Boshga durra kabi tang‘ilgan mehr-shafqat. U qism oxiridagi “Kiprigingga ilinmas Yig‘idan zarra” misralari bilan qofiyaviy munosabatga kirishadi: durra – zarra. Bunda yana birinchi misra yakunidagi “qo‘zim” keyingi misradagi “ko‘zim” bilan qofiyadoshligi ham totli bir ohang yasaydi.
Yirik shoir va olim Maqsud Shayxzoda she’r haqida “Hozir millionlab kitobxonlarga yod va ko‘p joylari xalqda zarbulmasalga aylanib ketgan “Sen yetim emassan” asari xalqlar do‘stligi uchun, og‘ir urush yillari sovet gumanizmining mustahkamligi uchun qo‘yilgan she’riy haykaldir”, deya yozar ekan, ushbu misralarga ham e’tibor qaratadi: “Bu satrlardagi “ko‘zim usti”, “minnating boshimga durra” kabi ta’birlar o‘zbek milliy xarakterini yaqqol ifodalaydi”[9].
Bu qism ham zinapoya satrlar hisobi bilan 26 misradan iborat.
Uchinchi struktur qism retro, ortga, o‘tmishga qaytish tarzda bitilgan. U asar syujetida vaqtincha to‘xtash bo‘lib, Shoirning bolalik yetim o‘tmishiga bir sayohat kabidir. 18 misradan tashkil topgan mazkur qism she’r tarkibidagi mustaqil asarga o‘xshaydi va shu holida she’rdagi asosiy “voqea”, urushning ota-onasiz qolgan go‘daklari qalbiga taskin malhamini qo‘yadi. Asarning ruscha tarjimasida (tarjimon – S.Somova) “Razve tы sirota?”[10] degan misra mavjud. Aynan shunday satr asliyatda bo‘lmasa-da, u mohiyatni aniq ifodalaydi. Bunda “Yetimlik nimadir – bizlardan so‘ra” misralari ushbu ma’noga mantiqiy tirgak bo‘ladi.
Nazariya tili bilan aytganda, bu qism to‘lig‘icha lirik chekinishdan iborat. Shoir ayni o‘rni kelganda she’rdagi asosiy tasvir va bayonni to‘xtatadi va o‘zining achchiq hayotiy tajribasini quyma misralarda to‘kib soladi:
O‘ninchi yillarning
Sargardonligi;
Isitma aralash
Qo‘rqinch tush kabi
Xayol ko‘zgusidan
O‘chmaydi sira.
Men yetim o‘tganman,
Oh u yetimlik...
Qizig‘i shundaki, bu parchadagi “Men yetim o‘tganman” misrasi ilk variantda “Men yetim o‘sganman”[11] bo‘lgan ekan. Bir harf (“s” o‘rniga “t”) o‘zgarishi bilan ma’no qanday kuchayganiga guvoh bo‘lamiz shu o‘rinda. “O‘sganman” oddiy axborot, “o‘tganman”da esa – aql bilan ilg‘ab bo‘lmas ma’nolar tarami. Lirik chekinish davom etadi:
Voy bechora jonim,
Desam arziydi.
Boshimni silashga
Bir mehribon qo‘l,
Bir og‘iz shirin so‘z
Nondek arzanda.
“Nondek arzanda” o‘xshatishi G‘afur G‘ulom kashfiyoti bo‘lib, keyinchalik boshqa asarlarga, o‘xshatish haqidagi maxsus lug‘atga “Nonday aziz, arzanda”[12] tarzida kirgan. “Nonday aziz” avvaldan ma’lum va mashhur ibora, “nonday arzanda” esa ohori to‘kilmagan yangi badiiy tasvir vositasi, ya’ni o‘xshatishdir. Masalan, Tohir Malikning “Shaytanat” romanidagi “Bu bosh, bu yelka necha yillar mobaynida silovchi bir mehribon qo‘lga muhtoj edi. Shirin so‘z nondek arzanda bo‘lgan kezlari haqorat eshitdi” gapi “Sen yetim emassan” she’ridagi mashhur misralarga allyuziya ekani kunday ravshan. Bu narsa she’rning o‘zbek milliy ongiga naqadar chuqur o‘rnashganidan dalolatdir.
Qism so‘ngida butun she’rning emotsional cho‘qqisi bo‘lmish misralar yangraydi:
Men odam edim-ku,
Inson farzandi...
Bu so‘zlardan barcha yetimlarning achchiq faryodi, alami ko‘zyosh kabi sizib turadi. G‘afur G‘ulomning xalafi, atoqli shoir Abdulla Oripov mashhur “Malomat toshlari” she’rida ushbu so‘zlarni keltirib, “Bu – yetim G‘afurning malomat bandi”[13] deb yozadiki, biz bunda alamli misralarning yangi ma’no tovlanishlariga guvoh bo‘lamiz. Buyuk she’rdagi g‘oyalarni davom ettirib, yangi pog‘onaga ko‘tarib, shogird Abdulla Oripov yana shu yerda deydi: “Yetim go‘daklarning ko‘zdagi yoshi, Bu – jumla jahonga malomat toshi”. So‘ng ushbu tushuncha she’rda yanada kengayib samoviy va ilohiy miqyos kasb etadi: “Baxtsiz kimsalarning ko‘zdagi yoshi, Asli, Yaratganga malomat toshi”. Ota-onasiz qolgan go‘dakdan baxtsizroq kimsa bormi? Shu bois bunday malomat, yozg‘irish toshlarini faqat mehr-shafqat bilan yumshatmoq mumkinki, biz tadqiq qilayotgan she’r shunday mehrning sehrli cho‘qqisidir.
To‘rtinchi struktur qismga kelibgina she’rdagi “voqea” sodir bo‘lish joyi va poetik roviyning payt-holati aniqlashadi. Shunda bot-bot takrorlanayotgan “uxla” so‘zining sababi ham ma’lum bo‘ladi. Ya’ni bu shoir, lirik sub’ektning yetim bolalar uyida, ularning orom olish damlaridagi holatidir:
Otalik hissining
Bebaho, laziz
To‘lqinlari ichra
G‘arq bo‘lib ketib,
Aziz boshing ustida
Telmurmakdaman.
Shundan so‘ng she’rni yagona ohang va ma’no mehvarida tutib turuvchi takror – “Sen yetim emassan, Uxla, jigarim” ham to‘rtinchi qismni yakunlaydi, ham navbatdagi, beshinchi qismga debocha bo‘ladi. Umuman olganda, poetik formula har bir struktur qismni chambarak kabi halqaga olib, o‘rab turadi. Ushbu halqa tufayli muazzam she’rning ritmik va ma’no aurasi shakllanadi, real badiiy kuch va voqelikka aylanadi. Asar badiiy yaxlitlik kasb etadi.
Bu eng qisqa struktur qism bo‘lib, bori-yo‘g‘i 11 misradan iborat. Lekin uning ahamiyati – she’r syujetining kechar makoni va vaqtini aniqlashda ko‘rinadi. Agar o‘sha paytlar joriy bo‘lgan birinchi gudok tong sahar 6 da yangrasa, she’rda qavs ichida aytilgan “Birinchi gudokka ikki soat bor” ko‘rsatadiki, lirik sub’ekt turgan vaqt aniq – tungi soat 4. Demak, she’r tun bilan tong oralig‘ida yozilgan.
Beshinchi struktur qism hajman eng katta, 44 misradan iborat bo‘lib, butun she’rning choragidan ortiqrog‘ini tashkil qiladi. Bu qism o‘z navbatida ikkiga bo‘linadi: go‘dak xayolidagi “murg‘ak tasavvur”ning shakl-shamoyili, fojialari ochilishi (dastlabki 20 misra) bo‘lsa, keyingi 24 misrada “ota-onasining tayini ham yo‘q... Gitler oqpadar”ning satirik tavsifi hamda uning muhaqqaq halokati bashorat qilinadi. Esdan chiqarmang, she’r urushning dastlabki yili, 1941 yilning dekabrida yozilmoqda, hali 1945 yilning mayigacha ancha muddat bor. Lekin hozirdanoq shoir “qonli intiqom” haqida bong urmoqda.
Ustoz adabiyotshunos Homil Yoqubov she’r haqida shunday yozadi: “Shoir “Sen yetim emassan” she’rida “muzlagan ajdar halqumli vahshat to‘plarining qahqahasini” eshitgan yosh bolaning “murg‘ak tasavvuri” haqida gapirar ekan, “murg‘ak” epiteti orqali ota-onasiz qolgan yetim bolaning voyaga yetmagan xotirasini xarakterlash bilan birga fashist gazandalarining himoyasiz tinch aholiga nisbatan ko‘rsatgan yovvoyiliklari dahshatini bo‘rttiradi. Bu o‘rinda ishlatilgan har bir so‘z emotsional ta’sir ko‘rsatish kuchiga ega, ayni chog‘da hodisaning mohiyatini ochishga xizmat qiladi”[14] (ta’kid bizniki – S.M.). Shu yerda ustoz adabiyotshunos she’rning bosh belgisi – unda emotsional ta’sir va hodisaning mohiyatini ochish yaxlit holda yuz ko‘rsatishini qayd etmoqda.
Qismning birinchi bo‘lagi ikkinchi struktur qismdagi yana bir poetik formula – “Qayg‘urma, qo‘zim, Ko‘zim usti, Minnating boshimga durra” takrori bilan yakunlanadi. Va bundagi cheksiz mehr asosiy aybdor “Sut ko‘r qilgur, haromi Gitler oqpadar”ga nisbatan nafratni alangalatadi. Dastxat nusxada bu ikki misra “Itdan tuqqan haromi, Gitler bachchag‘ar”[15] tarzida bo‘lgan. So‘nggi nusxada so‘kish ohangi yumshatilib, “Sut ko‘r qilgur” qarg‘ishi ifodani madaniy tomonga buradi.
Keyingi tasvir-ifodalarda Gitler nomi qayta tilga olinmaydi, u oddiy bir matoh, “mundir” darajasiga tushiriladi. Bundagi uch qisqa misrada nemis diktatorining quyma satirik portreti yaratiladi:
Bir qo‘ng‘iz mo‘ylovli,
Baroq soch mal’un,
Jigarrang bir mundir
Istagi uchun.
Xuddi shu yerda satr oralatib uch karra “Nahotki” bilan boshlanadigan misralar emotsional portlashni hosil qiladi:
Nahotki yerimiz
Chappa aylanib,
Nahotki daryolar
Oqar teskari,
Nahotki odamlar
Kezar darbadar?..
So‘roq va taajjub-shubha ma’nosini anglatuvchi “Nahotki”lar ortida va zimnida bu narsalar hech qachon bo‘lmaydi, degan qat’iy ishonch yotadi. Mazkur parchada uch tayanch tushuncha – Yer, daryolar va odamlar – mavjud. Yer hech qachon chappa aylanmaydi, daryolar teskari oqmaydi. Demak, tagmatnda xulosa qiladi Shoir, odamlar ham darbadar kezmaydi. Borliqdagi ilohiy intizomga qarshi kim daxl qilsa, uni buzmoqchi bo‘lsa, qasos, “qonli intiqom” muqarrardir. Shu bois ham “Axir, juda yaqin qonli intiqom” misralaridan keyin she’rda uchinchi marta portlash effekti sodir bo‘ladi. Bunga zinapoyaga bo‘lingan misralar ham imkon yaratadi:
Alhazar,
alhazar,
Ko‘pirar
tomirlarda qon
Va portlar hademay
Bu o‘tli vulqon.
“Farhangi zaboni tojiki” lug‘atida “Alhazar” nido kalomi bo‘lib, xatardan hushyor bo‘l, ogoh bo‘l ma’nolarini anglatishi ko‘rsatilgan. Bizning Izohli lug‘atda so‘zning diniy ma’nosi – “Xudo saqlasin” ham qayd etilgan. Ushbu nidoning zinapoya tarzda takrorlanishi unga qo‘shimcha kuch bag‘ishlaydi.
Shundan so‘ng poetik formula qismni yakunlaydi va bir paytning o‘zida, oltinchi struktur qismni boshlab beradi. Qism hajman kattagina bo‘lib (35 misra), faqat oldingi qismdan qisqaroqdir. Bunda asar syujeti to‘rtinchi qism “voqea”lariga qaytadi, ya’ni “Aziz boshing ustida Telmurmakdaman”ning bevosita davomi sifatida voqe bo‘ladi:
Sen kulayotibsan,
Balki bu kulgi
So‘nggi oylar ichra
Birinchi chechak...
Va bunda aks etar
Porloq kelajak.
Yana Shoirning tarjimai holiga murojaat qilamiz: “Bir kuni bolalar bog‘chasidagi yetim bolalardan 15 tasini bizning internatga o‘tkazdilar. Men bu go‘daklar bilan birga tunab qoldim. Kechasi uxlamay, kuzatuvchilik qilib chiqdim. Shu kecha o‘z yetimligim, boshimdan kechirganlarim va shu yetim bolalar ahvoli... to‘g‘risida she’r yozdim”[16]. She’r yaralish jarayonida salkam yigirma yillik xotiralar tiklanadi va mehr-shafqat inja lirika bilan uyg‘unlashgan yuqoridagi misralar qog‘ozga tushadi. Shundan so‘ng tong haqidagi zinapoya misralar yangraydi:
Tong yaqin,
tong yaqin,
oppoq tong yaqin.
Mazkur uch misra ikki jabhada ishlaydi. Esingizda bo‘lsa, muallif she’rini “otalik hissining bebaho laziz to‘lqinlari ichra” tong arafasida yozmoqda ediki, bu endi rostakam tongdir. Boshqa tarafdan “tong” ramziy ma’no kasb etib, kelajakdagi muqarrar g‘alabani bashorat qilmoqda. Bu tong subhi kozib, yolg‘onchi tong emas, haqiqiy tong, ya’ni subhi sodiq edi. Ham hayotda, ham ramziyotda. She’r davom etadi:
Bir nafas orom ol,
Uxla, jigarim.
Oq oydin
tong oldi,
Uxlamoqdasen.
Lablaring shivirlar,
Izlamoqdalar...
Balki bir erkalash,
Bir ona bo‘sa.
Shu yerda oltinchi struktur qismning birinchi bo‘lagi yakunlanib, oxirgi xulosa bo‘lakka o‘tiladi. Bunda g‘ayrioddiy bir ibora “Bir ona bo‘sa”ga e’tibor qaratgimiz keladi. “Bo‘sa” oldiga “ona” so‘zini (“bir” bilan birga) sifatlovchi-aniqlovchi qilib qo‘yish ona tilimizda yangi bir ibora, kashfiyot tushunchani qonuniylashtirishdir, hoynahoy. Onaning bo‘sasi – ona bo‘sadir.
She’rning xulosaviy bo‘lagi:
Ulug‘ oilaning
go‘dak farzandi,
bilib qo‘y endi
zinapoya misralari bilan boshlanadi.
Sirtdan oddiy ko‘ringan bu uch misraning siri, badiiy sehri nimada? Ikki misra boshida turgan “ulug‘” va “go‘dak” so‘zlari ziddiy ma’noviy aloqaga kirishmoqda, ulug‘ – katta, go‘dak – kichik. Lekin ular bir tanu bir jondir. “Farzandi” keyingi misradagi “endi” bilan qofiyadoshlik munosabatiga kirishmoqda. Buning ustiga, ushbu murojaatdagi yuqorida to‘kib solingan mehrga zid tuyuladigan keskin ohang – “bilib qo‘y endi” iboraga o‘ziga xos joziba baxsh etadi.
Shoirning mustabid Stalin tirikligida nashr etilgan “Tanlangan asarlar”ida she’rda ushbu satrlardan keyin dohiyni madh etuvchi yetti misradan iborat parcha keladi. Men bu haqda boshqa bir maqolamda yozganim bois hozir maxsus to‘xtalmayman. Lekin shu o‘rinda bir gapni aytmoq joiz. Ushbu misralar nafaqat siyosiy jihatdan, balki badiiy jihatdan ham noo‘rinki, keyingi nashrlarda olib tashlanishi ulug‘ she’rning poetik to‘kisligini ta’min etgan, deyish mumkin. Zukko va quv Shoir mazkur noo‘rin misralarni vaqtincha qo‘shgan bo‘lishi ham ehtimoldan uzoq emas. Shu yerdagi
Domovoy kniga
Bosh sahifasi
Stalin nomi-la boshlanur bizda,
Oila boshlig‘i
ota Stalin
Baxtli manglayingga
Bo‘sa qo‘ndirmish[17].
satrlari, ayniqsa, oxirgi misraning beo‘xshovligiga e’tibor bering – “Bo‘sa qo‘ndirmish”. Bu qo‘pol ibora qayda-yu, “bir ona bo‘sa” qaerda? Ushbu misralar “Sen tezda ulg‘ayib, Olam kezasan, Manglayda porlagan Toleing – quyosh”dagi “Toleing” o‘rnida “Bu bo‘sa” (Stalin qo‘ndirgan bo‘sa) o‘rin olgan ediki, bo‘sa ham quyosh bo‘ladimi, degan haqli savol tug‘ilardi. Na baxtki, she’r bunday qusurlardan xoli bo‘ladi, balki o‘zini o‘zi tozalaydi. Xuddi oqar suv kabi. Bundan keyin keladigan olti misra muazzam she’rning chinakam apofeozidir. Apofeoz – biror voqea yoi hodisaning zo‘r tantana va hashamat bilan tugallanishini anglatadiki, ushbu misralar aynan shundaydir:
Butun yer yuzini
Qilur munavvar.
Haqorat yemrilur,
Zulm yanchilur,
Jahonda bo‘lurmiz
Ozod, muzaffar.
She’r poetik formulaning o‘zgacha tovlanishi bilan yakunlanadi:
Sen yetim emassan,
Mening jigarim!
6
Poetika atamasi turlicha ta’riflanadi. Shulardan biri – badiiy asar qurilishi va strukturasi qonuniyatlari, ularning yalpi ma’no majmui yaralishidagi ishtiroki va xizmatini ilmiy-emotsional tadqiq etishdir. Gap she’riyat haqida ketganda misra, undagi turoqlar, bayt, band, turli struktur qismlar orqali badiiy asarni o‘rganish ham poetika vazifasiga kiradi.
Har bir badiiy asar, xususan, asl she’rning o‘z sir-sinoati, o‘z sirli eshigi bo‘ladi. Uni ochish uchun yolg‘iz o‘ziga mos keladigan kalitni topish lozimdir. “Sen yetim emassan” she’ri uchun shunday kalit, nazarimizda, unga naqorat bo‘lib, boshlab, yakunlab, barcha tuyg‘u va fikrlarni o‘z mehr qurshovida tutib turgan poetik formula “Sen yetim emassan, Tinchlan (uxla, mening) jigarim”dir. Har bir yangrashi bilan u asardagi syujet bekatlarini belgilaydi, shu bilan struktura, shakl yaratuvchilik vazifasini bajaradi. Yanayam aniqroq aytganda “Sen yetim emassan” so‘zi va nomining o‘ziyoq asarning butun borlig‘ini qisqa, lo‘nda va o‘ktam tavsiflab turadi.
Yana Aleksandr Blok yozadi: “So‘zga hurmati bor musahhih va noshirlar bilib qo‘ysinlarki, so‘z matematikasi (boshqa barcha san’atlar matematikasi kabi) mavjud, ayniqsa, she’riyatda”[18] (ta’kidlar Blokniki – S.M.). Xuddi shunday so‘z matematikasi ortiq darajada “Sen yetim emassan” she’ri uchun ham xos. Izohli lug‘atda yozilishicha, matematika “ob’ektiv borliqdagi miqdoriy nisbatlar va fazoviy shakllarni o‘rganadigan, aniq mantiqiy mushohadalarga asoslangan fan”dir.
Poetik so‘z cheksiz tovlanishlar, turli-tuman ko‘chimlarga boyligi bilan bir qatorda aniq shakl-shamoyilga, miqdoriy hisob-kitoblarga ega. Biz yuqorida struktur qismlardagi misralar sonini bejiz qayd etmadik, zero, miqdor va sifat, ularning badiiy ma’noga ta’siri, miqdorning sifat o‘zgarishga olib kelishi isbot talab qilmaydigan fanniy haqiqatdir.
“Sen yetim emassan” she’ri haqida akademik Salohiddin Mamajonov shunday yozadi: “Ulug‘ Vatan urushi davri sovet poeziyasining shoh asarlaridan biri bo‘lib qolgan bu she’r olijanob va qahramon sovet kishisi haqida, yangi inson haqida to‘qilgan bir madhiyadir, bir qo‘shiqdir. Bu she’r go‘daklarning peshonasini ota bo‘lib, ona bo‘lib siladi, ularning yuzidan tomgan ayriliq va alam tomchilarini sevinch qatralariga aylantirdi, frontda qon kechib jang qilayotgan otalar, akalar qalbiga taskin, dalda berdi, ularga orqa – pusht bo‘ldi. Dushmanlar boshiga esa bir og‘ir gurzi bo‘lib tushdi. Bu she’r qonli intiqom yillari bahodir bir jangchi kabi ona Vatan ozodligi uchun qahramonona kurashdi va g‘alabaga o‘z hissasini qo‘sha oldi. Yillar o‘tar, ulug‘ jang yillari hech kimning esidan chiqmaganidek, bu she’r (barcha o‘rinlarda ta’kid bizniki – S.M.) ham sira-sira yoddan ko‘tarilmaydi”[19].
Bu masalani birgina, tarixiy tomoni. Boshqa, achchiq haqiqat jihati ham bor. Ming afsuski, hayot va o‘lim bor ekan, yetimlik abadiy muammo. Insoniyat borki, yetimlik mavjud. Ushbu g‘amg‘usor holat she’rga mangulik baxsh etadi. Farg‘onalik Hotam Qo‘shoqov “G‘afur ota” deya Shoirga shunday noma yo‘llaydi:
Hali esimdadir, ota she’rlaring,
Yod etib yig‘ini qoyil qilganim...
Hali esimdadir, otam ko‘z yumib,
Yuragim ezilib yoshlar oqqani...
Esimda, o‘sha chog‘ G‘afurim kelib,
“Sen yetim emassan”, deb yupatgani[20].
Bu urushdan keyingi tinch zamonlardagi gap. O‘z uyida, o‘z yurtida otasidan ayrilgan (o‘lim haq!) o‘zbek yigiti “Ulug‘ Vatan urushining ota-onasiz qolgan go‘daklariga” qarata bitilgan mehrga to‘liq otashin so‘zni o‘qib taskin topmoqda, yupanmoqda. Bu mazkur ulug‘ she’r kecha ham, bugun ham ishlamoqda, kelajakda ham ishlaydi, o‘z insoniy vazifasini ado etaveradi, degan so‘zdir.
Muqaddas dinimizda mazlumlarga hamisha rahm-shafqat qilinadi. Yetimlar – taqdir hukmi bilan ota-onasidan ayrilgan mazlumlardir. Qur’oni karimda yetimlar haqida qator oyatlar borki, shulardan birida deyiladi: “Yetimlarning mol-mulklarini zulm yo‘li bilan yeydigan kimsalar, albatta, qorinlarida olov yegan bo‘lurlar va, albatta, do‘zaxda kuygaylar” (“Niso” surasi, 10-oyat). Bu ilohiy kalomning zimnidan kelib chiqadiki, yetimlarga rahm-shafqat, mehr-muruvvat ko‘rsatganlar eng ulug‘ ajr – jannatga sazovor bo‘lgaylar. Boz ustiga, “Sen yetim emassan”day shohona mehrni olamga yoygan ham, o‘qib zavq olgan, she’rdagi mehrga oshno bo‘lib, o‘z hayotida amal qilganlar ham shunday ajrga munosibdirlar, inshoolloh!
Suvon MELI
Aprel, 2023 yil.
Oyina.uz uchun maxsus
[1] Ғафур Ғулом. Мукаммал асарлар тўплами. Ўн икки томлик. 1-том. Т.: Фан, 1983. 16-бет.
[2] Шу ерда. 21-бет.
[3] Кандинский В. О духовном в искусстве. М.: ООО “Издательство “Э”. с. 137.
[4] Блок А. Собр. Соч. В восьми т. Т. 5. М.-Л.: ГИХЛ, 1962. С. 515.
[5] Қаранг: Ғафур Ғулом. Танланган асарлар. Т.: Ғафур Ғулом номидаги нашриёт-матбаа ижодий уйи, 2003. 42-бет.
[6] Шайхзода М. Асарлар. Олти томлик. 4-том. Т.: Ғафур Ғулом номидаги Адабиёт ва санъат нашриёти, 1972. 198-бет.
[7] Жан-Поль. Подготовительная школа эстетики. М.: Искусство, 1981. С. 278.
[8] Мамажонов С. Услуб жилолари (Ғ.Ғулом ҳақида). Т.: Адабиёт ва санъат нашриёти, 1972. 143-144-бетлар.
[9] Мақсуд Шайхзода. Шоир тили – халқнинг дили. – Ғафур Ғулом. Асарлар. Беш томлик. 1-том. Т.: “Тошкент” бадиий адабиёт нашриёти, 1964. 18-19-бетлар.
[10] Гулям Г., Айбек, Алимджан Х. Стихотворения и поэмы. Ленинград: Советский писатель, 1980. С. 84.
[11] Қаранг: Ғафур Ғулом. Мукаммал асарлар тўплами. Ўн икки томлик. 2-том. Т.: Фан, 1984. 332-бет.
[12] Маҳмудов Н., Худойберганова Д. Ўзбек тили ўхшатишларининг изоҳли луғати. М.: Маънавият, 2013. 146-бет.
[13] Абдулла Орипов. Танланган асарлар. Икки жилдлик. 1-жилд. Т.: Шарқ, 2021. 231-бет.
[14] Ёқубов Ҳ. Ғафур Ғулом. Ҳаёти ва ижоди. Т.: ЎзССР Давлат бадиий адабиёт нашриёти, 1959. 126-бет.
[15] Қаранг: Ғафур Ғулом. Мукаммал асарлар тўплами. Ўн икки томлик. 2-том. 333-бет.
[16] Ғафур Ғулом. Мукаммал асарлар тўплами. 1-том. 16-бет.
[17] Ғафур Ғулом. Танланган асарлар. Т.: Ўзбекистон ССР Давлат нашриёти, 1953. 99-бет.
[18] Блок А. Собр.соч. в восьми т. Т. 1. М.-Д.: ГИХЛ, 1960. с. 567.
[19] Мамажонов С. Услуб жилолари. (Ғ.Ғулом ҳақида). 66-67-бетлар.
[20] Ғафур Ғулом. Академик нашрга кирмаган асар ва мактублари. Т.: Ғафур Ғулом номидаги нашриёт-матбаа ижодий уйи, 2018. 278-279-бетлар.
Ma’naviyat
Adabiyot
San’at
Adabiyot
Tarix
Adabiyot
Til
Jarayon
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Tarix
Tarix
Din
San’at
//
Izoh yo‘q