Har gal mamlakatimizning Xotira majmuasini ziyorat qilar ekanman, Ona siymosi poyidagi “Sen doimo qalbimdasan, jigarim!” degan soʻzlar zamiridan qanchadan-qancha umidlar, intizorliklar, oʻkinchlar, faryodlar, sabr-u bardoshlar sukut saqlab turganday boʻladi. Ajdodlar ruhi oldidagi qarzdorlik va burch – xotira, bu yorugʻ kunlar uchun oʻz jonini fido qilgan otalarni yodlamoq – qadrdir. Urushdan qaytmagan vatandoshlarimiz nomlari bitilgan zarvaraqlarga koʻz tashlayman. Aksariyati 18-22 yoshli navqiron yigitlar...
Insoniyat tarixi – qanchadan-qancha donishmand-u oqillardan meros, bashariyatga baxtli saodatli yashash yoʻlini koʻrsatgan ulugʻ gʻoyalar, tafakkur yolqinlari jam ulkan kitobdir. Insoniyat tarixi – buyuk taraqqiyot, bunyodkorlik va yaratuvchanlik, fozillik va komillik sari boshlangan adoqsiz yoʻllardir. Insoniyat tarixi – odamzod, bashariyat ahlini ezgulikka, qalban, ruhan poklanish, ulgʻayishga chorlagan buyuk taʼlimotlar majmuasidir. Lekin, shu bilan birga, insoniyat tarixi bu – inson qalbi va ruhi, bunyodkorligining, tafakkur durdonalarining yoʻq qilinishi, vayron etilishi, kuli koʻkka sovurilishiga sabab boʻlgan ayovsiz urush va qirgʻinlar, bedodliklar, insoniy fojialari tarixi hamdir.
Dunyo adabiyotining eng sara namunalaridan qaysi biriga koʻz tashlamang, urush va jaholat olovida yonayotgan inson tafakkuri faryodini, yurak oʻrtanishini tuyasiz. Urush va tinchlik, ming afsuski, yer yuzidagi hayot shu ikki soʻzda jam boʻlgan mohiyat ichra oʻtadi. Qarangki, soʻnggi olti ming yil ichida Yer yuzi aholisi 5700 dan ortiq urushni boshdan kechiribdi. Xalqimizda “Bir kun janjal chiqqan uydan qirq kunlik fayz-baraka koʻtariladi”, degan gap bor. Urush, qirgʻinbarotlar boʻlgan joydan-chi?
Insoniyat tarixi bunyodkorlik va vayronkorlik, yaratuvchanlik va buzgʻunchilik, visol va ayriliq, baxtiyorlik va judolik, sevinch va ohu faryod ichra oʻtib kelmoqda. Eng ajablanarlisi, bularning sababchisi ham hazrati insonning oʻzidir. Baʼzan oʻyga choʻmasan, nahotki, dunyoda tinch-totuv yashash shunchalar qiyin? Nahotki, insoniyat shu bugungacha urush madaniyatsizligini bir chetga otib, tinchlik madaniyatiga eltuvchi ulugʻ yoʻlga chiqa olmagan? Afsuski, dunyoda boʻlayotgan qurolli toʻqnashuvlar, nizolar, etnik va millatlararo, diniy mojarolar mohiyatiga nazar solib, bu yoʻl hali qanchalar uzoqligini his qilasan. His qilasan-u, garchi yakuniga yetganiga 78 yil boʻlgan ersa-da, dogʻi, hijron va alami, ogʻrigʻi dillarni hali-hanuz zirqiratib turgan Ikkinchi jahon urushi, uning nafaqat mamlakatlar, xalqlar, insonlar, avlodlar qalbida qoldirgan jarohatlari hali ham toʻxtovsiz ogʻriq berayotganini yurakdan oʻtkazasan. Shubhasiz, bu urush ezgulik va yovuzlik, maʼrifat va jaholat oʻrtasidagi urush edi. Shuning uchun ham bu urushda qozonilgan gʻalaba insoniyatning, ezgu niyat va maqsadlarning yovuzlik va noinsoniylik ustidan qozonilgan gʻalabasi sifatida eʼtirof etiladi.
Ikkinchi jahon urushida halok boʻlgan boʻlgan ming-minglab yurtdoshlarimiz xotirasini yod etish, olovli janglardan omon qaytgan bobolarimizga, front ortida ogʻir kunlarni sabr-bardosh bilan yenggan, mashaqqatli sinovlarda oʻzligini yoʻqotmagan iymoni butun ajdodlarimizga mehr-oqibat koʻrsatish mamlakatimizda milliy anʼanaga aylandi. Mazkur beshafqat urushda qatnashgan, halok boʻlgan vatandoshlarimizni xalqimiz hech qachon yoddan chiqarmaydi. Front hududlaridan Oʻzbekistonga koʻchirilgan bir millionga yaqin oila va bolalarni qabul qilib, oxirgi bir burda nonini ular bilan baham koʻrgan xalqimizning olijanobligi, mehr-muruvvati hali hanuz insoniyatga ibrat va namuna sifatida koʻrsatib kelinayotgani bejiz emas.
Tarix solnomalarini varaqlar ekanmiz, Oʻzbekiston xalqi Ikkinchi jahon urushida fashizm ustidan qozonilgan gʻalabaga qanchalar katta va muhim hissa qoʻshganini eʼtirof etamiz. Front ortidagi ogʻir mashaqqatli yumushlar esa keksalar, ayollar va bolalar zimmasiga tushgan. Ular och-nahor, kecha-kunduz mehnat qilib, bu urushda gʻalabani taʼminlashga bebaho hissa qoʻshgan. Urush davrida Oʻzbekiston aholisi tomonidan mudofaa jamgʻarmasiga 649,9 million naqd pul, 4 milliard 226 million soʻmlik zayom, 52,9 kilogramm oltin hamda kumush topshirilgan. Frontga 7 million 518 ming 800 ta gimnastyorka, 2 million 636 ming 700 ta paxtalik, 2 million 221 ming 200 ta etik va qoʻnjli botinka yuborilgan. Yengil sanoat korxonalari tomonidan 246 million soʻmdan ziyod turli mahsulotlar, shuningdek, 1 million 282 ming tonna gʻalla, 482 tonna kartoshka hamda sabzavot, 1000 tonna poliz mahsulotlari, quruq va hoʻl mevalar joʻnatilgani mardlik, matonat, saxovat namunasidir.
Har qanday urushda jang taqdirini hal etishda mard va jasur erlar bilan birga qurol-aslaha, mudofaa tizimi katta rol oʻynaydi. Fashizmning tor-mor qilinishida, ayniqsa, Oʻzbekistonda urush yillarida ishlab chiqarilgan qurol aslahalar muhim ahamiyat kasb etgani alohida eʼtiborga molik. Dalillarga koʻra: 2100 ta samolyot, 17 342 ta samolyot motori, 17 100 ta minomyot, 60 000 ta harbiy kimyoviy anjom, 1 million dona granata, 3 milliondan ortiq radiolampa, 27 000 ta tankka qarshi otadigan qismi, 2 million 318 ming aviatsiya bombasi, 22 million dona mina, 560 000 dona snaryad, 5 ta bronepoyezd, 2 200 ta koʻchma oshxona qoʻshinlarga yetkazib berilgan. Bu maʼlumotlar ham keyingi paytlardagi tadqiqotlar hisobiga yangi raqamlar bilan toʻldirilib borilmoqda.
Albatta, bu xalqimiz matonati, fidoyiligi va jasoratining qanchalar ulugʻvorligini koʻrsatib turibdi. Lekin masalaning yana bir tomoni ham borki, bu haqda toʻxtalmay boʻlmaydi. Oʻzbekiston xalqining nafaqat jang maydonlarida, front ortidagi harakatlarida katta kuch va ruh bagʻishlab turgan maʼnaviy jihatidir. Urush yillarida oʻzining oʻtkir va taʼsirchan soʻzi bilan gʻayrat, shijoat, metin va yengilmas iroda bagʻishlagan adiblarimiz, qalam ahlining katta xizmatlarini alohida eʼtirof etmogʻimiz lozim. Beixtiyor yodimizga akademik shoirimiz Gʻafur Gʻulomning 1942-yil 6-dekabr kuni chop etilgan “Bizning koʻchada ham bayram boʻlajak” sheʼri keladi:
Yigitlar davra olib ayturlar qoʻshiq,
Hijronzada qizlar boʻlib joʻrovoz,
Visol kunlari bu va mukammal ishq,
Odamlik shaʼni-la qiladi parvoz.
Bizning koʻchada ham bayram boʻlajak!
Qarindosh, qondoshlar halqasin qoqib,
Erinmay ayturman: “Ayyom muborak!”
Afv etsin olamning posboni erlar,
Afv etsin gʻoliblar, kechiksam andak.
Bizning koʻchada ham bayram boʻlajak!
Urush yillarida Gʻafur Gʻulom, Oybek, Maqsud Shayxzoda, Hamid Olimjon, Zulfiya, Sharof Rashidov, Uygʻun, Mirtemir, Mirzakalon Ismoiliy, Sulton Joʻra, Ilyos Muslim, Sobir Abdulla, Chustiy, Matyoqub Qoʻshjonov, Odil Yoqubov, Mirmuhsin, Nazarmat, Adham Rahmat, Ibrohim Rahim, Nazir Safarov, Zohidjon Obidov, Zinat Fatxullin, Oʻtkir Rashid kabi qator shoir va yozuvchilar nafaqat Oʻzbekistonda, front chizigʻidagi koʻchma gazeta tahririyatlarida, balki jang maydonlarida bir qoʻlda qurolu bir qoʻlda qalam bilan dushmanga kurash olib bordilar. Ana shularni eslaganda beixtiyor Uygʻun domlaning “Bahorimiz kelur” sheʼri xayolimizdan oʻtadi:
Quroling qoʻlingdan tushmasin sira,
Dushman yakson boʻlsin urushlaringdan.
Sendan kelajakka qolsin xotira,
Yer larzaga kelsin yurishlaringdan.
Sizning zarbangizdan yov boʻlur barbod,
Kelur bahorimiz – gʻolib fasllar.
Shonli avlodimiz yana boʻlur shod,
Ming yillab unutmas sizni nasllar!
Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan madaniyat xodimi, tarix fanlari doktori, professor Rustambek Shamsiddinovning uch jildli, jami 1700 sahifadan iborat “Ikkinchi jahon urushi va front gazetalari” kitoblarini varaqlar ekanman, xalqimizning Ikkinchi jahon urushida qozonilgan gʻalabaga qoʻshgan hissasini koʻrsatuvchi hali biz bilmagan qanchadan-qancha maʼlumotlar, adiblarimizning oʻtligʻ sheʼr va dostonlari, qoʻshiqlari, chiqishlari borligiga amin boʻldim. Yuqoridagi sheʼrlar ham ilk bor ana shu front gazetalarida eʼlon qilingan.
Albatta, matbuot paydo boʻlibdiki, har bir davrning nafaqat ijtimoiy-iqtisodiy, balki madaniy hayotini, boʻlib oʻtgan voqea va hodisalarni koʻzgu yangligʻ oʻzida yorqin aks ettirib keladi. Ana shu maʼnoda matbuot Ikkinchi jahon urushi yillarida ham xalq va armiyani kurashga safarbar etishda, jang maydonlarida jon berib-jon olayotgan jangchilarning jangovar ruhini koʻtarishda qudratli maʼnaviy qurol boʻlib xizmat qilganiga shubha yoʻqdir. Kitobda taʼkidlanishicha, urush davrida frontlarda oʻzbek tilida 20 ga yaqin gazetalar muntazam chop etilib, oʻzbek askarlariga uzluksiz yetkazilib turgan. Bu gazetalardagi maqolalar, ocherklar, xat-xabarlar oʻzbek harbiylarining jasorati, jangovarligini, ruhiyatini koʻtarishga juda katta taʼsir koʻrsatgan.
Zahmatkash olimning kitoblarini varaqlar ekanmiz, garchi gazetalarning har bir sonida oʻsha davr ruhi, mafkurasi boʻrtib turgan boʻlsa-da, urush davri matbuoti, shu jumladan, front gazetalarida chop etilgan “Oʻzbek xalqi sharafiga”, “Oʻzbek qizining botirligi”, “Aloqachi Xalil Latipov”, “Qahramon Sharq farzandlari”, “Oʻtkir koʻzli yigitning oʻqi”, “Front jangchilariga sovgʻa ortilgan esholon joʻnatildi”, “Toʻpchi Qurbon”, “Biz yengilmas kuchmiz”, “Ikki qahramon” “Yaxshi razvedka natijasi”, “Marra mahkam ushlandi”, “Frontimiz bahodirlari” kabi minglab xabar va maqolalar, Gʻafur Gʻulomning “Bizning koʻchada ham bayram boʻlajak”, “Sen yetim emassan”, Hamid Olimjoning, “Jangchi Tursun”, “Roksananing koʻz yoshlari”, “Qadah”, Zulfiyaning “Qoʻlimda qurol-u ustimda shinel”, “Hijron kunlarida”, Maqsud Shayxzodaning “Olma”, Uygʻuning “Bahorimiz kelur”, Oʻtkir Rashidning “Gʻalaba bahori”, Chustiyning “Xush kelding, oʻgʻlim”, Adham Hamdamning “Olgʻa doʻstim, hamon olgʻa yur”, Yongʻin Mirzoning “Zafar karvoni”, Mirmuhsinning “Zebi”, Rustam Karimiyning “Boraman” kabi sheʼr va dostonlarining fashizm ustidan erishilgan tarixiy gʻalabaga koʻrsatgan taʼsirini dildan his etamiz.
Gazetalarning 1945-yil 20-may sonida akademik shoir Oybekning “Fashist Germaniyasining oʻlim soati” maqolasi beriladi: “...Toʻrt yildan beri qilgan umidimiz amalga oshdi. Insoniyat tarixida eng ulugʻ boʻlgan toʻla gʻalaba toʻgʻrisidagi xushxabar butun olamga yoyildi. Gʻolib askarlarimiz tomonidan kuli koʻkka sovrilgan Gitler Germaniyasi taslim boʻldi. Bizlar – tarixiy voqeaning zamondoshlari, ulugʻ kunlarni, maslagimiz, irodamizning, xalqimizning tantanasini kechirmoqdamiz”.
Taniqli adabiyotshunos olim, akademik Naim Karimov taʼkidlaganidek, Ikkinchi jahon urushi davrida oʻzbek tilida nashr etilgan bu gazetalar, afsuski,Oʻzbekiston tarixi bilan shugʻullanuvchi olimlar eʼtiborini jalb etmadi. Jonkuyar olim Rustam Shamsiddinovning va u rahbarlik qilayotgan ilmiy jamoaning turli shaharlardagi arxiv va kutubxonalarda chang bosib yotgan front gazetalarini oʻrganib, eʼtiborga molik materiallarning aksar qismini nashrga tayyorlagani katta sabot bilan zahmatli mehnat qilinganini koʻrsatib turibdi.
Ikkinchi jahon urushi davrida oʻzbek tilida chop etilgan bu gazetalar front va front ortidagi Oʻzbekiston xalqining gʻalabaga qoʻshgan ulkan hissasini yoritishda nihoyatda qimmatli, noyob manba boʻlib xizmat qilishiga shak-shubha yoʻq. Umuman, bu gazetalarda eʼlon qilingan materiallar, xususan, frontga yoʻllangan xatlar – jangchilarning ota-onalari, rafiqalari, farzandlari, qavm-qarindoshlariga yozgan maktublari, harbiy qoʻmondonlik tomonidan oʻzbekistonlik mard jangchilarga topshirilgan mukofotlar, suratlar Oʻzbekistonning Ikkinchi jahon urushi davridagi tarixini yanada kengroq yoritishda muhim manba boʻlib xizmat qiladi. Taʼkidlash kerakki, bu materiallarda oʻsha davr pafosi, ruhiyati oʻz aksini topganiga qaramay, oʻzbekona qalb, bagʻrikenglik, matonat, qahramonlik boʻrtib turadi.
Kitobda asosli manbalarga tayanilgan holda Oʻrta Osiyo, jumladan, Oʻzbekistondan mehnat armiyasiga safarbar etilganlar, ularning hayoti, mehnat faoliyati haqida ham koʻplab maʼlumotlar keltiriladi. Buni qarangki, 1941–1943-yillarning oʻzida Oʻzbekistondan 155 ming kishi mehnat armiyasiga safarbar qilingan ekan. Toshkent viloyati harbiy komissariatidan ekstremal holatda eshelonda 1700 kishi Boshqirdistonga joʻnatiladi. Uraldagi mudofaa sanoati va fabrikalarida 32 ming 620 nafar, Permda Molotov nomidagi zavodda 978 nafar, Kirov nomidagi zavodda 200 nafar, 90-sonli zavodda 800 nafar, 103-sonli zavodda 50 nafar, 12-qurilish trestida 70 nafar, Orsk shahrida 7000 nafar oʻzbek millatiga mansub kishilar mehnat qilgan ekan. Shu kabi misollar kitobda juda ham koʻp. Albatta, bu katta bir ezgu ishning muqaddimasidir. Kitob muallifi oʻz oldiga yuksak maqsad qoʻyadi. Nafaqat Rossiya harbiy davlat arxivi, Mudofaa vazirligi arxivida, Ukraina, Belarus, Latviya, Litva, Estoniya, Vengriya, Chexiya, Germaniya arxiv va muzeylarida ham qanchadan-qancha gazetalar saqlangan boʻlishi, ular ham oʻrganilishi zarurligini taʼkidlaydi.
“Ikkinchi jahon urushi va front gazetalari” nomli bu kitoblar insoniyat boshiga cheksiz kulfatlar keltirgan fashizm balosini yer yuzidan supurib tashlash, jar yoqasiga kelib qolgan insoniyat kelajagini taʼminlashdek buyuk tarixiy kurashda oʻzbek xalqining ham qanchalar katta hissasi borligini koʻrsatishda muhim manba boʻlib xizmat qiladi. Darhaqiqat, bugun dunyoning koʻpdan koʻp mamlakatlari hududidagi qabristonlarda, oq qayinlar ostida, zangor tepaliklar bagʻrida oʻzbek oʻgʻlonlari mangu orom topgan. Ularning qabri hamisha gullarga burkanadi. Bu ezgulikning ezgulikka taʼzimi, insoniyatning xaloskor ajdodlarga ehtiromidir. Front gazetalarida ularning jasoratlari, qahramonliklari tasvirlangan, muhrlangan. “Ikkinchi jahon urushi va front gazetalari” kitobining qimmati, qadri ham ana shunda.
Minhojiddin MIRZO
Ma’naviyat
Adabiyot
Ma’naviyat
Ta’lim-tarbiya
San’at
Adabiyot
Til
Jarayon
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Tarix
Tarix
Din
San’at
//
Izoh yo‘q