Ma’naviyat
“Ayol reja tuzadi” kitobiga bir soʻz bilan model va diyetolog Mey Maskning hayotiy muvaffaqiyatlar xaritasi deya ta’rif berish mumkin. Jami oʻnta bobdan iborat ushbu kitobda muallifning hayotiy tajriba va xulosalarini qamrab oladi. Muallif yaxshi anglaganki, hozirgi zamon kitobxonlari oʻta zukko ularga haqiqat va faktlar qiziqarli. Mey xonimning shaxsiy hayotiga nazar solganlar uning jamiyatda oʻz oʻrnini topgan farzandlarini koʻradi, bu esa kitobning mashhurlik sirlaridan biri ekanini anglash mushkul emas.
Mey Mask muvaffaqiyatli ona, uch nafar farzandni yetuk inson qilib tarbiyalay olish bilan birga omadli karyerasini ham qura olgan. Meyning oʻgʻli Ilon Mask dunyo tanigan tadbirkor, sulolaning eng innovatsion va nufuzli vakili, dunyoda uni tanimagan, u haqida eshitmagan insonni topish mushkul. Meyning qizi Toska Mask muvaffaqiyatli kino prodyuser, yana bir oʻgʻli Kimbal Mask tadbirkor va restavrator boʻlib, u bir nechta kompaniyalar asoschisi. Shuningdek, barqaror oziq-ovqat tizimlari himoyachisi hamda maktablarda sogʻlom ovqatlanish targʻiboti faollaridan.
Tabiiyki, ona va pedagog sifatida shunday farzandlarni voyaga yetkazgan ayolning asari menda ham qiziqish uygʻotdi. Hozirgi kunda ish va bola tarbiyasi bilan mashgʻul ayollar juda koʻp. Ularning barchasi oldida turgan eng katta dilemma bu bolalar tarbiyasi masalasidir. Xullas, kitobni izlab doʻkonlarimizdan topdim, oʻsha kuniyoq oʻqishga kirishdim. Kitob oddiy tilda, qiyin terminlarsiz, tushunarli uslubda yozilgan.
Bola tarbiyasi
Men kitobdan bola tarbiyasi boʻyicha moʻjizaviy maslahatlarni izladim, har bir bobni hijjalab oʻqidim, ammo TOPMADIM. Lekin eng muhim narsani angladim. Mey Maskning ona sifatidagi muvaffaqiyat siri ish va oilani muvozanatlash qobiliyatida, shuningdek, farzandlarining barcha qiziqishlarini qoʻllab-quvvatlaganida ekan. U farzandlarini maʼlum cheklov, qoidalar bilan emas oʻz hayoti, kurashuvchanligi va irodasi orqali tarbiyalaganligini angladim. U farzandlari koʻz oʻngida jonli namuna, kuchli inson obrazini yaratgan ayol. Mey Mask bolalarni ham hissiy, ham intellektual jihatdan qoʻllab-quvvatlash muhimligini taʼkidlaydi. Muallifga koʻra, ona oʻqish va oʻsishni ragʻbatlantiradigan qoʻllab-quvvatlovchi muhitni taʼminlash orqali oʻz farzandlarining hayotiga chuqur taʼsir koʻrsatishi mumkin. Muallif onalarga farzandlari uchun qanday maqsad qoʻyish, tinimsiz mehnat qilish va orzulariga erishish yoʻllarini koʻrsatib, kuchli namuna boʻlishni taklif qiladi. Uningcha, siz farzandingizga singdirish umidida boʻlgan qadriyatlar va xulq-atvorni ogʻzaki aytibgina emas, oʻzingizda koʻrsatib namuna boʻlishingiz muhim.
Kitobni oʻqib boshlar ekan oʻquvchida Mey xonim farzandlari, ayniqsa Ilon Maskni tarbiyasida nimalarga e’tibor bergan degan savolga javob izlaydi. Muallif shunday yozadi:
“Ilon tugʻilganda men 23 yoshda edim, 1971-yilda onalik uchun oʻrtacha, normal yosh. Dard uch kun davom etdi. Men ogʻriqsizlantiruvchi vositalarsiz tabiiy tugʻruqni yoʻlini tanladim. Ilon dunyoga kelgach barcha dardim unut boʻldi. Men hayotimda undan-da aziz ne’mat koʻrmagan edim. Bolamga tikilib charchamasdim. 24 yoshimda esa Kimbal tugʻildi. Uni emizishdan toʻxtatgan zahotim qizim Toskaga homiladorligimni bildim.Turmush qurgan yillarim men uchun eng qiyin davrlar edi”.
Mey xonim farzandlari hayotida erishgan eng yaxshi muvaffaqiyatlari ekanligini ta’kidlar ekan, turmushdagi tanlovi xato boʻlganini yozadi.
“31 yoshimda men yolgʻiz ona edim. Xuddi ota onamdek tinimsiz ishlaydigan ota-ona. Birgina farq men hammasini yolgʻiz uddalashim lozim edi. Haligacha farzandlarim hayotimning eng muhim qismi. Onam ham kuni boʻyi ishlardi va buning uchun hech qachon oʻzini aybdor his qilmagan. Men ham xuddi shunday, chunki menda boshqa tanlov ham yoʻq edi. Boshpanamiz boʻlishi, qornimiz toʻqligi va ustimiz butligi uchun ishladim. Farzandlarim ofisimga aylantirgan xonamda koʻrardi meni. Bular uchun aybdorlik his qilish kerak emas. Ishlamay, hayotdan norozi boʻlsangiz bu bolalar uchun ham yaxshi emas. Ishingizni rejalashtiring. Oddiy misol, qoʻshningiz bilan kelishing, bolalarini siz maktabga olib borishingiz u esa qaytarib olib kelishi mumkin. Bolalarim yosh vaqti uyga keluvchi bemorlardan voz kechganman. Modellik qilayotganimda esa enaga yollar edim. Gohida moda namoyishlarim chogʻida ular old qatorda, kitoblari bilan oʻtirishardi. Ular yoshligidan menga yordam berishga odatlangan. Qizim ishxonamga borib shifokorlar uchun xatlarni yozishga koʻmaklashardi. Ilon kompyuter dasturlari vazifalarini tushuntirar, Kimbal ham undan qolishmas edi. Men Blumfonteyda yashaganimda qizim men ishlaydigan modalar uyida ishlab, oʻquvchilarga oʻzini turish va etiketdan dars berar edi. Bu paytda u atigi 8 yosh edi. Nima ham qilardim. Menga yordam kerak edi.
Men farzandlarimni xuddi ota-onam meni tarbiyalagandek oʻstirdim: mustaqil, mehribon, halol, eʼtiborli va odobli boʻling, astoydil mehnat, yaxshilik qiling. Ularga goʻdakdek qaramaganman, hech qachon turtkilamadim. Nima oʻrganish kerakligini uqtirmaganman. Ular menga nima oʻqiyotganliklarini goho aytar yoki aytmas edi. Uy vazifalarini tekshirmasdim, bu ularning masʼuliyati. Bular, albatta, ularning kelajagiga zarar yetkazmagan. Oʻylaymanki, ukalarim va opa-singillarim – hammamiz masʼuliyatni ertaroq oʻz zimmamizga oldik, bundan foyda koʻrdik, farzandlarimda ham shunday boʻldi.
Ular ulgʻaygan sari oʻz kelajagi uchun masʼuliyatni oʻz zimmasiga olishda davom etdi”.
Muallif fikricha onalik shaxs hayotining oʻta muhim qismi, lekin yagona qismi emas. Onalar ham oʻz qiziqishlari bilan shugʻullanishi hamda bir vaqtning oʻzida bolalarini ham eʼtibordan chetda qoldirmasligi mumkin. Onalar shaxsiy rivojlanishi, farzandlariga namuna boʻlishi uchun bilim olish va oʻsishdan toʻxtamasligi kerak. Farzand hayotiga chuqur taʼsir koʻrsatishning eng yaxshi yoʻli esa ularni qoʻllab-quvvatlash va qabul qilishdir. Kitobing shu qismlarini oʻqir ekanman oʻzbek jamiyatidagi aksariyat konservativ oilalarda bolalar fikri koʻp hollarda eshitilmasligi, eʼtiborsiz qolishi millat farzandlari orasida qanchadan qancha olimlar yetishishiga toʻsqinlik qilishi haqida oʻylab qoldim. Darhaqiqat, bolalarni ruhlantira olish oʻta muhim masala. Kitob orzulari ijobati, shuningdek, muvaffaqiyatli farzandlarni tarbiyalashni istaydigan ayollar uchun ilhom manbaidir.
Ijobiy fikrlash kuchi
Kitobning boshidan oxirigacha mustahkam ijobiy fikr kuchidan iborat pishiq ishonch zanjirini sezish mumkin. Oʻqish jarayonida Mey xonimning iztiroblarini yonidan turib kuzatgandek boʻldim. Eng asosiysi muallif barcha qiyinchiliklardan yengilmay faqat oldingga harakat qiladi. Uning fikricha, ijobiy oʻylash muvaffaqiyatga erishish va hayot past balandliklarini yengish uchun muhim ahamiyatga ega.
Kitob davomida Mey Mask toʻsiqlarni yengib oʻtish va maqsadlariga erishish uchun ijobiy fikrlashdan qanday foydalangani haqida gapirib beradi. Misol uchun, u qiyin vaziyatlarda oʻziga ishonchni mustahkamlashda ijobiy usullardan qanday foydalanganini muhokama qiladi. Ijobiy fikrlash qanchalik qiyin boʻlmasin, har qanday vaziyatning yaxshi tomonlariga eʼtibor qaratish muhimligini taʼkidlaydi. Muallif hayot zarbalariga qaramay yumor hissini saqlab qolgan va koʻplab hayotidagi holatlarni oʻquvchiga yengil sarkazm bilan yetkazib berishidan ham anglash mumkin. Asarda har qanday yoshda ham insonning qobiliyatlari, aql-zakovati fidoyilik va mehnatsevarlik orqali rivojlanishi taʼkidlanadi. Muallif hatto yetmish yoshida ham uzluksiz oʻrganish va oʻsish boʻyicha oʻz tajribasi bilan oʻrtoqlashadi, oʻquvchilarni ham shunday qilishga undaydi. Mey xonimning oʻquvchi koʻz oldida namunali misol tariqasida gavdalanishi esa uning maslahatlariga ishonchni yanada oshiradi.
Goʻzallik, sogʻlik va toʻgʻri ovqatlanish
Kasbi diyetolog boʻlgan Mey Mask kitobda sogʻliq uchun bir qancha kerakli maslahatlar beradi. Jumladan, umumiy salomatlik va farovonlik uchun ovqatlanishning ahamiyatini muhokama qiladi.
“Ajrimdan keyin farzandlarimga bir oʻzim gʻamxoʻrlik qilishim kerak edi. Qoʻshimcha daromad sifatida modellikni davom ettirishim, buning uchun tugʻruqlardan keyingi ortiqcha vazndan xalos boʻlishim lozim edi. Toʻgʻri ovqatlanish haqida bilganlarimga tayanib, faqat ochlik his qilgan vaqtim va foydali taomlar: sabzavotlar, sut, loviya shoʻrva, baliq kabilarni tanovul qila boshladim. Shaxsiy hayotim ham omadsiz edi. Men uchratgan inson semizligim uchun vazn yoʻqotishimni istadi. Unga yoqish uchun ozdim ham. Ammo u xiyonat qildi, buni bilgach turmush qurish taklifiga rad javobini berdim. Har safar unga uzugini qaytarmoqchi boʻlganimda suitsid haqida gapirardi. Stress sabab qisqa vaqtda juda semirib ketdim.
Kunlardan bir kun dugonalarimdan biri meni qutqardi. U menga juda oddiy maslahat: kuniga yarim soat hayotimdagi baxtli onlarni eslash va bu keyingi qadamim uchun zamin yaratishini aytdi. Men avvallari hech qachon meditatsiya qilib koʻrmagan edim. Yarim soat oʻtirgach ham miyam boʻm-boʻsh. Baxtli kunlarimni oʻylashga harakat qilardim, ammo hech narsa eslolmasdim! Keyinchalik hayolimga maktab, universitet paytlari keldi. Afrikans tilida oʻqigan davrim esa stressga qaramay baxtli onlarim edi. Shundan keyin Blumfonteynga (Afrika) parhezshunoslik boʻyicha amaliyotga borishga qaror qildim. Men hamma narsani tashlab Durbandagi sevimli uyimdan uzoqqa, yosh bolalarim bilan afrikans tilida soʻzlashuvchi aholidan iborat kichik shaharga yoʻl oldim…”, deya xotirlaydi muallif.
U oʻz tajribasi bilan oʻrtoqlashib, sogʻlom ovqatlanish boʻyicha amaliy maslahatlar beradi. Xonimning 75 yoshida ham faol hayot tarzida ekani uning maslahatlariga alohida toʻxtalishga undadi. U qayta ishlangan ovqatlar, shakarli ichimliklar va ortiqcha miqdordagi spirtli ichimliklardan voz kechishni tavsiya qiladi. Terini parvarish qilishda Mey Mask har kuni tozalash, namlash va quyosh kremini qoʻllashni oʻz ichiga olgan oʻzining terini parvarishlash tartibi bilan oʻrtoqlashadi. Muallif oʻquvchilarni yoga, yugurish yoki ogʻir atletika boʻladimi, oʻzlariga yoqadigan mashqlarni topishga undaydi. U faollik muhimligini taʼkidlab kuniga kamida 30 daqiqa mashq qilishni tavsiya qiladi. Mey Mask inson oʻz ruhiy salomatligiga gʻamxoʻrlik qilishi kerak boʻlganda yaqinlardan yordam soʻrash muhimligini taʼkidlaydi. Shuningdek, stressni kamaytirish, ruhiy farovonlikni yaxshilash uchun meditatsiya va ongni rivojlantirish amaliyotlarini tavsiya qiladi.
Moda sohasida ham koʻp tajribaga ega Mey Mask oʻzining moda va uslub boʻyicha maslahatlarini ham ayamaydi. Jumladan, kiyim tanlashda moslashtirish mumkin boʻlgan yuqori sifatli matolarga eʼtibor berish, kiyimga jilo va oʻziga xoslik bagʻishlash uchun aksessuarlardan foydalanish kabilarni aytib oʻtadi.
Tashqi goʻzallikmi yoki ichki goʻzallik?
Qabr toshimga “U goʻzal edi” deb yozilganidan koʻra “u xushchaqchaq edi” deb yozishlarini afzal koʻrar edim!
Janubiy Afrikada oʻsgan Mey Mask Amerikaga kelgach goʻzallik haqida shunday yozadi: “Nimaga Amerikada hamma goʻzallik haqida gapirishini hech qachon tushunmaganman. Janubiy Afrikada, agar siz aqlli, hazil tuygʻusiga ega, qiziqarli boʻlsangiz koʻproq qadrlanasiz. Mukammal koʻrinishga ega boʻlmasangiz, tashqi goʻzallikka berilib ketish ishonchsizlikni keltirib chiqarishi mumkin. Bu sizni baxtsiz qilishi va boshqa koʻplab qirralaringiz rivojlanishiga toʻsqinlik qilishi mumkin”.
Kitobda muallifning quyidagi maslahatlari esa eʼtiborga molik:
Boshqalarga mehribon boʻling, ularni tinglang va koʻtarinki ruhda boʻling.
Oʻzingizning baxtsiz hayotingiz haqida gapiravermang.
Boshqalarga ishonch, hurmat, qiziqish koʻrsating va tabassumni unutmang, chunki u sizni maftunkor qiladi.
Har bir inson boshqalar bilan boʻlishishga qodir isteʼdodga ega. Agar hozir siz oʻzingizni isteʼdodsizman deya his qilsangiz oʻtmishga, hayotingizni oʻzingizga kuchli ishonch sezgan nuqtasiga xayolan qayting. Aynan oʻsha jihatlaringizni rivojlantiring, oʻqing, bilimlaringizni boshqalar bilan boʻlishing, qiziqarli insonga aylaning! Agar sizning sevimli kasb, mashgʻulot yoki alohida qiziqishingiz boʻlsa bu haqda suhbatlarda eslatib oʻting. Qiziqishlaringizdan zavqlansangiz, boshqalar uchun qiziqarli insonga aylanasiz.
Siz hamma sohada yaxshi boʻlishingiz shart emas, lekin qaysidir birida yaxshi boʻlishingiz kerak. Odamlar mendan taom retseptlari haqida soʻrashganda, men ularga yordam berolmayman, chunki men yaxshi oshpaz emasman. Men bundan uyalmayman, bu shunchaki mening isteʼdodim yoki qiziqishim emas. Hammani hayratda qoldirish uchun yangi taom tayyorlab tajriba qilmayman, behuda urinmayman. Oʻzingiz chin dildan yoqtirgan sohani tanlaganingizga ishonch hosil qiling.
Bundan tashqari, hazilga moyil boʻling, atrofdagi hammaning gapini oʻzingizga olmang. Meni uchrashuvga chaqirgan insonga rad javobini bersam, uning sendan yoshrogʻini topaman degan gapiga shunchaki kulib qoʻyaman. U kimni topishi qiziqmas, menga yoqmagan odamga yoʻq deyman va buni oʻylab xavotirlanmayman. Biz kelajakka intilishimiz va ichki baxtni topishimiz lozim. Yumor bilan gaplashing, oʻz xatolaringizdan kuling, quvnoqlikni yoʻqotmang. Agar boshingizdan qiyin kunlar oʻtayotgan boʻlsa, muammolar haqida gapirmaslik mushkul, biroq ruhingizni tushirmang!
Muallif tashqi koʻrinishdagi muvaffaqiyat uchun koʻp mablagʻ topish shart degan qarashni inkor etadi. U bu masalaga toʻxtalar ekan, shunday yozadi:
“Hozir eng soʻnggi modada kiyinsam-da, hayotimning koʻp qismi hozirgidek emasdi. Bolaligimda onam oʻzi va biz farzandlarini hamma kiyim-kechagini oʻzi tikardi. Oʻsmirlik chogʻimda tikuvchilikni oʻrgangandim, oʻzim uchun libos tika olaman, turli koʻylaklar hattoki kostyum ham. Moda jurnallaridagilardek kiyinishni istasam onam joʻnatgan bichimlarga qarab oʻzimga libos tikib olar edim. Ishda esa asosan kostyum kiyib oʻzimga ishonch bilan yurardim. Men har doim oʻzimga eʼtibor berganman. Afsuski, mening didim yaxshi emasdi. Buni oʻzim sezmasligim esa omadim edi. Ilmiy ish bilan mashgʻul boʻlib, insonlar sogʻligini yaxshilash boʻyicha bosh qotirar edim. Olim doʻstlarimga qaraganda zamonaviyroq edim. Ular kiyinishing ajoyib deyishar, bu esa meni oʻzimga boʻlgan ishonchimni oshirardi.
Keyinchalik dugonam stilist Juliyani uchratganimda u menga yaxshiroq kiyinishni maslahat berdi. Avvalo, koʻp kostyum oʻrniga bitta boʻlsa-da sifatli va oʻzimga yarashadiganini olishni maslahat berdi. U menga stilist yordamini taklif etganda unga toʻlashga pulim yoʻq edi. Shunda biz parhezshunos sifatida konsultatsiyamni uning stilist maslahatiga almashishga kelishdik. Uning ovqatlanish odatlarini oʻzgartirdim, buni oʻzi ham koʻp taʼkidlaydi. U bergan maslahatlarim esa meni ham hayotimni oʻzgartirdi.
Agar siz did bilan kiyinishni istasangiz-u ammo bu masalada men kabi qiynalsangiz oʻzingizga didi baland doʻstlar topa qoling.Ulardan birga doʻkon aylanish, kundalik liboslar, maxsus kunlar uchun kiyimlar tanlashda yordam berishni iltimos qiling. Shuningdek, ular sizga sirgʻalar, marjonlar, sumkalar, poyabzal kabi aksessuarlarni tanlashlari kerak. Ular koʻrinishingiz mukammal boʻlishida yordam beradi. Stilingizni oʻzgartiring, oʻzingizga mosini topa oling.
Hayotimning katta qismida men boy boʻlmaganman. Siz ham mendek oʻzingiz uchun liboslar tikishingiz mumkin. Odamlar har doim yaxshi koʻrinish uchun koʻp pul kerak deb oʻylashadi, ammo koʻp yillar davomida moliyaviy jihatdan qiynalgan odam sifatida ayta olamanki, rejalab sarmoya qilish orqali barchasiga erishish mumkin”.
Moliyaviy savodxonlik, taʼlim
Mey Mask moliyaviy muvaffaqiyatga erishish uchun taʼlimga sarmoya kiritishning ahamiyatiga alohida e’tibor bergan: Quyida uning bu boradagi baʼzi maslahatlari:
Oliy maʼlumotga intiling. Mey Mask oliy taʼlim bilan bogʻliq oʻz tajribasi va bu karyerasida qanday yordam bergani bilan oʻrtoqlashish orqali ayollarni oliy maʼlumot olishga undaydi.
Investitsiya haqida bilim oling. Muallif ayollarni investitsiya qilish, jumladan, aksiyalar, obligatsiyalar, investitsiya fondlari va boshqa investitsiya imkoniyatlari haqida oʻrganishga undaydi. U koʻproq maʼlumot olish uchun sarmoya kiritish haqida kitoblar, maqolalarni oʻqishni hamda seminarlarda qatnashishni taklif qiladi.
Oʻzingizga investitsiya qiling. Mey Mask ayollarga oʻz qiziqishlarini oʻrganish, oʻziga sarmoya kiritishni boylik va moliyaviy mustaqillikni oshirish yoʻli deb hisoblashni taklif qilib, oʻz bilimlarini oshirish muhimligini taʼkidlaydi. Bu orqali ayollar moliyaviy hayotlarini nazorat qilishi va moliyaviy maqsadlariga erishish uchun harakat qilishlari mumkin.
Musibat, maqsad, oʻziga ishonch
Muallif qiyinchiliklarni, jumladan, ajrim, kasallik va moliyaviy toʻsiqlarni yengish boʻyicha tajribasi bilan oʻrtoqlashadi. U har qanday holatda oʻziga ishonish muhimligini taʼkidlaydi. Oʻquvchilarni oʻzlarining kuchli tomonlariga eʼtibor berishga, oʻz oldiga erishish mumkin boʻlgan maqsadlarni qoʻyishga va muvaffaqiyatlarini nishonlashga undaydi. Maqsad bilan yashash va hayot mazmunini topish muhimligini taʼkidlar ekan, maslahatlari orqali ayollarni oʻz qadriyatlari, eʼtiqodlarini aniqlashga, maqsadlarini anglash va dunyoga ijobiy taʼsir koʻrsatishlari mumkinligiga ishontiradi.
Xulosa oʻrnida
Koʻp hollarda ajrimdan soʻng yolgʻiz onalar muammolar girdobida qoladi, ayniqsa biznikidek an’anaviy, konservatik jamiyatlarda. Muallif ham ogʻir turmushidan ajralgach koʻplab ayollar kabi qiyinchiliklarga uchragan. Ammo meni eʼtiborimni tortgan narsa boshqa, uning jamiyatda oʻz oʻrnini topa olgani boʻldi. Mey xonim katta toʻsiqlarga uchragan, biroq ular kundalik moliyaviy, maishiy holatlar edi. Kitobda jamiyat tomonidan ajrimga uchragan ayolga nisbatan bosim haqida fikrlar kuzatilmaydi.
Bu oʻrinda e’tiborlisi, uch farzand bilan deyarli hech narsasiz qolgan muallifning ushbu natijalarga erishishi va jamiyat uchun kerakli farzandlar tarbiyalashida unga nisbatan sogʻlom qarashning ham ahamiyati bor. Ba’zan yolgʻiz onalarga past nazar, egri koʻzda qarash kabi jamiyatdagi notoʻgʻri fikrlar ham farzand tarbiyasi, ham roʻzgʻor gʻami bilan mashgʻul onalarni sindirib qoʻyish mumkin. Ayol hayotiy muammolarga qoʻshimcha tarzda ruhiy bosimni ham boshdan kechiradi, natijada farzand tarbiyasiga imkoni qolmaydi. Bunday jamiyatda nafaqat ayol, balki farzandlar kelajagi ham yoʻqotiladi. Mey Maskning “Ayol reja tuzadi” kitobi chindan ham ruhlantiruvchi, koʻplab ayollar uchun oʻrnak boʻluvchi asar. Kitobda yaqqol sezilib turgan muallifga xos ichki kuch beixtiyor oʻquvchiga ham koʻchib, kitobxonga umid bagʻishlaydi.
Afsuski, dunyoning koʻplab tillariga tarjima qilingan, dunyo kitobxonlari, ayniqsa onalar tomonidan sevib oʻqilayotgan mazkur kitob hali oʻzbek tiliga tarjima qilinmadi. Men ham asarni dastlab rus tilida, keyinchalik asliyati – ingliz tilida oʻqidim. Noshirlarimiz kitob bilan qiziqsa, oʻzbek tiliga tarjima qildirib chop etsa, kitob kuchli ayol, kuchli ona istagida boʻlgan jinsdoshlarimiz javonidan joy oladigan sevimli asarga aylanar edi.
Laylo ISMAILOVA.
Oyina.uz
Ma’naviyat
Adabiyot
Tarix
Mafkura
Tarix
Til
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Jarayon
Tarix
Tarix
Din
San’at
//
1 Izoh
Mohinur
06:01 / 01.01.1970
Ajoyib fikrlar bòlibti yana boshqa kitoblar haqidagi fikrlaringizni kutib qolamiz