O‘tmishimiz bilan bog‘liq birgina izlanuvchilar orasida emas, balki keng jamoatchilik o‘rtasida ham turli tortishuvlarga sabab bo‘lib kelayotgan bir qator chigalliklar bor. Shulardan biri O‘rta Osiyoning ilk tubjoy turg‘unlari qaysi elatlar bo‘lgani va ulardan bugungacha qanday bilgilar yetib kelgani bo‘yichadir. Keng yoyilgan qarashlarga ko‘ra miloddan oldingi so‘nggi mingyillikda O‘rta Osiyoda ko‘proq sharqiy eroniy tilli elatlar: sug‘diylar, qadimgi xorazmiylar, boxtariylar yashab, milodning ilk mingyilligi o‘rtalaridan, aniqrog‘i, ilk o‘rta asrlardan boshlab bu yerda turkiylar salmog‘i orta borgan. Yozma manbalardagi bilgilar, ayrim so‘z va atamalar, yer-suv nomlari va boshqalardan kelib chiqilsa, bu qarash to‘g‘ridek ko‘rinadi. Biroq ko‘plab tilchi olimlar eroniy elatlarning mintaqada tarqala boshlashi miloddan oldingi ikkinchi mingyillik boshlarida yuz berganini, hind-yevropa til oilasining hind-eron (hind-oriy) tarmog‘i Sharqiy Yevropadan O‘rta Osiyo va uning yaqin tegralariga ko‘chganliklarini aniqlagan bo‘lib, bu esa ular kelmasdan burun bu yerda kimlar yashagan edi, degan savol-u so‘roqlarni keltirib chiqaradi.
Ayrim izlanuvchilar hind-eroniylar kelishidan oldin O‘rta Osiyoda fin-ugor elatlari yashagan deyishsa [Vaynberg 1999], ayrimlar bu yerda dravidlar – Hindistonning hind-oriylardan oldingi elatlari yashagan, deb qaraydilar [Tolstov 1948: 72–73; Tolstov 1948: 68]. Yana bir turkum izlanuvchilar esa O‘rta Osiyoda Old osiyoliklar, ya’ni somiylar yashagan, keyinroq hind-eroniylar ularni bu yerdan siqib chiqargan, deb tushuntiradilar [Rtveladze 2001: 124]. Ushbu qarashlar qandaydir bilgilarga tayanib aytilgan bo‘lsa-da, ulardan birortasini to‘liq isbotlangan, deb bo‘lmaydi. Bu kabi chigalliklarni yechish uchun na eski xitoy yilnomalari va na yunon, rim, fors va boshqa tillardagi yozma manbalar yordam bera oladi. Bu masala yaqin yoki uzoq kelajakda oydinlashishini ko‘zda tutgan holda, mintaqaning eng eski el-uluslari to‘g‘risida uzoq o‘lkalar emas, o‘zimizdan yetishib chiqqan allomalarning qarashlariga to‘xtalib o‘tmoqchimiz. Ana shunday olimlardan biri Abu Rayhon Beruniy (973–1048) bo‘lib, olim o‘zining “Osor ul-boqiya” (Qadimgi xalqlardan qolgan yodgorliklar) asarida xorazmliklarning o‘tmishda bo‘lib o‘tgan voqeliklarni belgilashda qanday yondashganliklariga to‘xtalib, bu to‘g‘rida quyidagicha bilgilar keltirib o‘tgan:
“Xorazmga odamlar joylasha boshlaganidan tarix olar edilar, bu Iskandardan to‘qqiz yuz sakson yil ilgari bo‘lgan edi... Undan keyin Siyovush ibn Kaykovusning Xorazmga kelishidan, Kayxusrav va uning naslining Xorazmda podshohlik qilishlaridan tarix oldilar. Shu vaqtda Kayxusrav Xorazmga ko‘chib, turk podshohlari [ustidan] hukmronligini yurgizgan edi. Bu voqea Xorazmga odam joylashishidan to‘qson ikki yil keyin bo‘ldi... ” [Beruniy 1968: 71].
Ushbu bilgidan kelib chiqilsa, Xorazm o‘lkasida “odamlar joylasha boshlagan chog‘lar” miloddan oldingi XIII yuzyillikka – Iskandar (Aleksand Makedonskiy) O‘rta Osiyoga yurish qilgan 330-yillardan deyarli ming yil oldingi davrlarga to‘g‘ri keladi. Bu bilgilarni ko‘pchilik “qandaydir afsona”, “uni chin tarixiy voqeliklar bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri bog‘lab tushunmaslik kerak” deb yondashadi. Biroq o‘z asarlarini yozish chog‘ida Beruniy har bir masalaga jiddiy yondashgani, har qanday bilgini qayta-qayta tekshirgandan so‘nggina uni qog‘ozga tushirganini ko‘zda tutadigan bo‘lsak, alloma keltirib o‘tgan ushbu bilgilarni ham “shunchaki tasodif” deb qarash qanchalik o‘zini oqlaydi? Qolaversa, Beruniy tilga olgan Kaykovus, Kayxusrav kabi atoqli otlar to‘g‘ridan-to‘g‘ri Eron o‘tmishi bilan bog‘liq kishilar o‘laroq bilinadi.
Shu o‘rinda aytib o‘tish kerak, ayrim izlanuvchilar Beruniy “turklar” deganda Ural til oilasidagilar – fin-ugorlarni ko‘zda tutganini, arablar, forslar, yunonlar va boshqa Mag‘rib yurtlari vakillari o‘rta osiyolik elatlarni unchalik ajrata olmasdan, ularni “turk” deb atab ketaverganliklarini ilgari sursalar, boshqalar “nega shunday, bu yerda eski chog‘lardan beri qandaydir bir “turk izlari” bor bo‘lganki, ular shunga tayanib, ko‘pchilikni “turk ” deb atagan bo‘lsalar kerak” deb yozadilar [Boboyorov 2022: 24].
Keyingi yillarda qo‘lga kiritilgan ko‘plab arxeologik topilmalar miloddan oldingi mingyilliklarda O‘rta Osiyoning kungay tomonlari – janubi-g‘arbdan, Erondagi Xuroson va uning tegralaridan eroniy tilli elatlarning bir bo‘lagi Xorazm o‘lkasiga ko‘chganliklarini ko‘rsatmoqda. Qizig‘i shundaki, ayrim izlanuvchilar ushbu arxeologik bilgilarni Beruniy keltirgan bilgilar ham to‘g‘rilashiga urg‘u beradilar-u, biroq allomani “turk podshohlari ustidan o‘z boshqaruvini o‘rnatgan eronliklar” to‘g‘risida chuqur o‘ylab ko‘rmaydilar.
Beruniy “Kayxusrav Xorazmga ko‘chib, turk podshohlari [ustidan] hukmronligini yurgizgan edi. Bu voqea Xorazmga odam joylashishidan to‘qson ikki yil keyin bo‘ldi” degan bilgini to‘liqroq anglab yetish uchun Kayxusravning kim bo‘lganiga to‘xtalib o‘tsak. Bundan deyarli 3 ming yil oldingi Eron saltanatlari o‘tmishini yorituvchi “Avesta” va boshqa bir qator eski fors yozma manbalarida “Kavi Xoasrava” ko‘rinishida tilga olingan ushbu yarim afsonaviy shaxsga Eron yurtidan kunchiqar o‘lkalarga – Turonga yurish qilib, bir sira Xorazm o‘lkasini boshqargan, deb qaraladi. Shuningdek, Kavi Xoasrava (Kayxusrav) Ahomaniylar davlatining ilk boshqaruvchisi Kir II (boshqaruvi – mil. old. 559–530-yy.)ning xalq og‘zaki ijodida, ayniqsa, Eron va Turon ellarining folklorida keng tarqalgan afsonaviy otidir. Shu bilan birga, eski eronliklar tushunchasiga ko‘ra, u Kayoniylar sulolasidan bo‘lgan uchinchi Eron shohi bo‘lib, otasi eronlik Kaykovus o‘g‘li Siyovush, onasi Farangis esa o‘z kelib chiqishi bo‘yicha turonlik elatlarga borib taqalgan. O‘sha chog‘larda Turonni boshqargan Afrosiyob turonlik bahodirlardan biri – Pironga buyruq berib, Farangisga ko‘z-quloq bo‘lib turishini va tug‘iladigan chaqaloqni o‘ldirishni uqtiradi. Piron tushida Siyovushni ko‘radi, tushda Siyovush o‘g‘lining Eron taxtiga o‘tirishini bashorat qiladi. Piron “Kayxusrav” deb ot qo‘yilgan chaqaloqni cho‘ponlarga topshiradi. Bola pahlavon bo‘lib yetishadi. Eronliklar Kayxusravni topish uchun ko‘p ovora bo‘lishadi, 7 yillik izlanishdan so‘ng bahodir Kayxusravni onasi bilan birgalikda bobosi Kaykovus oldiga olib keladilar. Kayxusrav 60 yil podshohlik qiladi. Eron bahodirlaridan biri Rustam bilan birgalikda u otasining o‘chini olish uchun Afrosiyobga qarshi yurish qilib, Turonga bostirib kiradi. Urushda Afrosiyobning o‘g‘li Shid Kayxusrav tomonidan o‘ldiriladi, so‘ng Afrosiyob ham halok bo‘ladi. Kayxusrav Afrosiyobning boshqa bir o‘g‘li – Jaxnni tutqunlikdan bo‘shatib, unga Turon boshqaruvini topshiradi. Ammo Kayxusravning ko‘ngli o‘zidan xotirjam emas edi. Uning tomirlarida faqat yaxshilikka topinganning qonigina emas, yovuzlikka inonuvchi kishilarning ham qoni oqishini bilardi. U o‘zidagi yovuzlikning boshlang‘ichi undagi ezgulikni yengib qo‘yishidan qo‘rqar edi. Kayxusrav taxtni qarindoshi Luhrospga topshirib, o‘zi toqqa yo‘l oladi va tongda g‘oyib bo‘ladi. Bahodirlar izsiz ketgan Kayxusravni qidirishga otlanishadi, kuchli qor bo‘roni ularni ko‘mib yuboradi va ko‘pchilik bahodirlar Kayxusrav kabi yo‘qlikka yuz tutadilar. Bu yerda ayrim eroniy podshohlarning “qor bo‘ronli o‘lka”ga, ya’ni quzay – shimolga yurish qilib, kuchli sovuqdan qirilib ketganiga imo qilinmoqda.
Forsiy ellar orasida keng yoyilgan ushbu afsonadan ko‘rinadiki, Beruniy Kayxusrav deb tilga olgan Kavi-Xoasrava, ya’ni Kir II ning onasi turonlik bo‘lgan va Turonning dovruqli boshqaruvchisi Afrosiyobni yengib, uning o‘ldirgach, bu yerning boshqaruvini Afrosiyob o‘g‘li Jahnga topshirgan. Eronliklarning ushbu afsonasi bilan yaqin tanish bo‘lgan Beruniy Afrosiyob Turon yetakchisi Tujning boshqa bir oti ekanini yozib, har ikkala o‘lka boshqaruvchilarining o‘zaro qarindosh bo‘lgani, biroq yer talashib, bir-biriga yov bo‘lib qolgani to‘g‘risidagi yozma manbalarda o‘rin olgan bilgilar va xalq og‘zaki ijodi o‘rnaklarini o‘z asariga kiritadi [Beruniy 1968: 132]. Kayxusrav yashagan yillar bo‘yicha turlicha qarashlar bildirilib, ayrimlar miloddan oldingi XIII–XII yuzyilliklarda, ayrimlar esa VI yuzyilliklarda yashaganini ilgari surgan bo‘lsa-da, bizningcha, uni yolg‘iz bir kishi bilan tenglashtirib bo‘lmaydi. To‘g‘rirog‘i, u ushbu yuzyilliklar orasida yashagan yoki hind-oriylarning O‘rta Osiyoga kirib kelgan chog‘laridagi ilk eroniy boshqaruvchilardan biri yoki bir nechasi bilan bog‘lansa kerak.
Bu bilgilar qanchalik to‘g‘ri yoki cho‘pchak bo‘lmasin, negizida qandaydir bir tarixiy chinlik yotadi. Birgina eski fors yozmalarida emas, boshqa tillardagi bilgilarda ham Eron va Turon o‘rtasidagi ayovsiz urushlarga keng o‘rin ajratilgan. Beruniydan biroz keyin yashagan Mahmud Koshg‘ariy o‘zining “Devonu lug‘ati-t-turk” (Turkiy so‘zlar devoni) asarida (XI yuzyillik) Afrosiyob ilk turk xoqoni Alp Er To‘nganing forslar tomonidan atalishi ekaniga urg‘u berar ekan, o‘z xoqonining o‘ldirilishidan chuqur qayg‘uga tushgan turklarning unga atab o‘nlab alqovlar to‘qib chiqarganliklarini tilga oladi. “Alp Er To‘nga o‘ldimu. Esiz ochun (dunyo) qoldimu. O‘zlak o‘chin oldimi. Endi yurak yirtilur” [Koshg‘ariy 1960, I: 77; Koshg‘ariy 1963, III: 163] deya qayg‘uga cho‘kkan turk ellari uning boshqaruvi chog‘ida turk chegaralarining Xurosondagi Marv shahrigagina emas, Eronning ichki yerlarigacha cho‘zilgani to‘g‘risidagi yarim afsona bilgilarni aytib yurishgan. Bu bilgilarni keltirib o‘tgan Mahmud Koshg‘ariy Erondagi Qazvin, Qum kabi o‘zak shaharlar bo‘yicha “Qaz – Afrosiyobning qizining oti. Qazvin shahrini shu qurdirgandir. Qazvin – qaz o‘yini – g‘oz o‘ynaladigan yer, demakdir. Chunki u (Qaz) shu yerda turar va o‘ynar edi. Shuning uchun ayrim turklar Qazvinni turk shaharlaridan deb sanaganlar. Shuningdek, Qum shahri ham chegaradir. Afrosiyobning qizi bu yerda ov qilar va o‘ynar edi. Ayrimlar turk shaharlari chegarasini Marv ash-Shohijondan boshlanishini so‘zlaydilar. Chunki Qazning otasi Alp Er To‘nga – Afrosiyobdir. U Tahmurasdan uch yuz yil keyin Marv shahrini qurgan” degan cho‘pchakni keltirib o‘tadi [Koshg‘ariy 1963, III: 163]. Bundan ko‘rinadiki, Mahmud Koshg‘ariy turkiy va forsiy ellar orasida og‘izdan-og‘izga ko‘chib yurgan turli yarim afsonaviy bilgilarni yig‘ib, eng eski turk yurtining Eron bilan chegarasi qayerlarda tutashini aniqlashga intilgan. Ko‘pchiligi uydirma bo‘lishiga qaramay ushbu bilgilarning negizida qandaydir chin voqeliklar yotgani to‘g‘risidagi qarashimizni Beruniy keltirib o‘tgan quyidagi bilgilar yanada kuchaytiradi:
“Mazduron – Marz-i Turon “Turklarning chegarasi” deyishadi” [Beruniy 1973: 466].
Ko‘plab yozmalarda tilga olingan Mazduron Xurosondagi o‘lkalardan biri bo‘lib, bu yer bugungi kunda ham Eron va Turkmaniston chegarasidagi Saraxs shahri tevaraklariga to‘g‘ri keladi. Demak, Mahmud Koshg‘ariy “turklar chegarasi”ni Xuroson tegralarini ko‘rsatishi o‘z-o‘zidan bo‘lmagan. Beruniy keltirgan bilgilar ham uniki bilan yaqin o‘xshashlikka ega. Qizig‘i shundaki, Koshg‘ariydan birmuncha oldin yashab o‘tgan Beruniy Turon deganda turklar o‘lkasini tushunib, “turklar va eronliklar” chegarasini Amudaryo qirg‘oqlari – Balx yoki Xorazmda emas, ulardan ancha uzoqda – kunbotar yoki kungayroqdagi Mazduronni ko‘rsatadi. Kezi kelganda aytib o‘tish kerak, ko‘pchilik tarixiy asarlarda Afrosiyob bilan bog‘liq voqeliklar boshqa yerlarga qaraganda ko‘proq Buxoro tegralari bilan bog‘lab tushuntiriladi:
1) Buxoroni Afrosiyob qurdirgan;
2) Afrosiyob eronlik bahodirlarni Buxoroda tutqunlikda saqlagan;
3) Afrosiyobning qabri Buxoro yaqinlarida.
Shu o‘rinda Buxoro o‘tmishining yorqin bilimdoni, X yuzyillikda yashab o‘tgan Abu Bakr an-Narshaxiyning “Tarixi Buxoro”sida keltirib o‘tilgan quyidagi bilgilar ham Afrosiyobning Buxoro bilan bog‘liq tomonlari, ham Kayxusrav yuzasidan turli yozmalarda tilga olingan bilgilarga uyg‘un kelishini aytib o‘tish kerak:
“Romtin (Romitan). Bu katta bir kuhandizga ega va mustahkam bir qishloq bo‘lib, Buxorodan qadimiyroqdir. Ba’zi kitoblarda bu qishloqni Buxoro deb ataganlar. Bu qishloq qadim vaqtlarda podshohlarning turarjoylari bo‘lgan, (keyinroq esa) Buxoro shahari bino bo‘lgandan keyin, podshohlar qish faslidagina bu qishloqda turadigan bo‘lganlar. (Bu yerlar) islom davlatiga o‘tganda ham shunday bo‘lib turgan. Marhum Abu Muslim Buxoroga kelganida shu qishloqda turgan. Bu qishloqni Afrosiyob bino qilgan. Afrosiyob har vaqt bu viloyatga kelganida shu qishloqdan boshqa joyda turmagan. Forsiylarning kitoblarida aytilishicha, Afrosiyob ikki ming yil yashagan. U jodugar bo‘lib, Nuh podshohning bolalaridandir. U o‘zining Siyovush nomli kuyovini o‘ldirgan. Siyovushning Kayxusrav nomli o‘g‘li bo‘lib, u otasining qonini talab qilib ko‘p lashkar bilan bu viloyatga kelganida Afrosiyob shu Romtin qishlog‘ini hisor qilib turgan. Kayxusrav o‘z lashkari bilan ikki yil shu hisor atrofini o‘rab turdi va uning ro‘barasiga bir qishloq bino qilib, u qishloqni Romush deb atadi. Uni yaxshiligidan Romush deganlar. Bu qishloq hozirgacha obodondir. Qayxusrav Romush qishlog‘ida otashparastlar ibodatxonasini qurdi; otashparastlarning aytishlaricha, bu ibodatxona Buxorodagi otashparastlar ibodatxonalarining eng qadimiysidir. Kayxusrav ikki yildan keyin Afrosiyobni tutib o‘ldirdi. Afrosiyobning go‘ri Buxoroda Ma’bad darvozasida rahmatli Xoja imom Abu Hafs Qabir tepaligiga tutashgan katta tepali ustidadir” [Narshaxiy 1966: 11–12].
Shu bilan birga, Samarqand, Barsxon va yana bir necha O‘rta Osiyo yirik shaharlarining qurilishi Afrosiyob bilan bog‘lanadi. Xorazm to‘g‘risida yozgan Beruniy va Koshg‘ariy bu yerdagi turklarni eslab o‘tar ekan, Afrosiyob yoki Alp Er To‘nga shaxsiga to‘xtalmaydilar. Biroq ayrim forsiy yozmalarda Afrosiyobning Xorazmda ham bo‘lgani, u bu yerda turib eronlik yovlar bilan to‘qnashgani to‘g‘risida quyidagicha so‘z yuritiladi:
“Men forslar orasidan shunday (xabarlar) topdim: turk hukmdori Afrosiyob o‘z xazina va qimmatbaho buyumlarini Kerderning yuqorisida, Xorazm o‘lkasidagi dengizning o‘rtasiga ko‘mgan. Abarviz (Parviz) ibn Xurmuzgacha hech kimsa bu to‘g‘rida bilmagan. U ushbu xazinani topgan va 12 yil bo‘yi (o‘z yurtiga) tashib keltirilgan. Har oyda (bu yerdan) unga 10 xachirga ortilgan yuk kelib turgan, qimmatbaho buyumlarning katta bo‘lagini toza oltin quymalar tashkil etgan” [MITT 1939: 431]
Ushbu bilgilar ko‘p tomonlama Beruniy keltirgan Xorazmga Kayxusravning ko‘chib, turk podsholari ustidan o‘z boshqaruvini o‘rnatishi bilan bog‘liq bilgilarga uyg‘un keladi. Bu esa Beruniy “turk podshohlari” deganda eronliklar kelmasdan oldin Xorazm va uning tegrasida turkiylar yashagani, bu holat Afrosiyob yoki uning izdoshlari bilan bog‘lab tushuntirilmaganmikan degan qarashlarni keltirib chiqaradi.
Qisqasi, Afrosiyob yoki Alp Er To‘nga shaxsi qanchalik tarixiy yoki afsonaviy kishilikka ega bo‘lmasin, u bilan bog‘liq xalq orasida saqlangan bilgilar shunchaki cho‘pchak emas, balki bundan deyarli uch ming yil oldingi voqeliklarni o‘z bag‘riga yashirgan, bir necha xoqonlarning ish-harakatlarini bitta shaxs tegrasida birlashtirib yuborgan tarixiy chinlikdir, deb qarasak yanglishmagan bo‘lamiz. Boshqa tomondan esa bundan 4 ming yilcha oldin Sharqiy Yevropa–Qora dengiz qirg‘oqlaridan yo‘lga chiqqan hind-eroniy elatlar O‘rta Osiyoga kirib kelganlarida bu yerda turli tillarda so‘zlashuvchi elatlar – shimolroqda fin-ugorlar, kungay – janubroqda dravidlar va somiy tillilar bilan birga turkiylarning ota-bobolari ham yashagan bo‘lsalar kerak, deya olamiz. Yozma manbalarda fin-ugor, dravid yoki somiylarning Turon yurti (O‘rta Osiyo)da yashagani to‘g‘risida bilgilar deyarli uchramasdan, turkiylarga ko‘proq urg‘u berilishini “turkiylarning bu yerga ko‘chishlari uzluksiz bo‘lgan, Afrosiyob – Alp Er To‘nga bo‘yicha to‘qilgan cho‘pchaklar turklar bilan bog‘lab tushunila boshlagan, Turon va Turkiston tushunchalari keyinchalik birlashtirib yuborilgan” deb qarash bilangina cheklanmaslik kerakka o‘xshaydi.
Gʻaybulla BOBOYOR,
Feruza JUMANIYOZOVA
Qo‘llanilgan adabiyotlar:
1. Абу Райҳон Беруний. Қадимги халқлардан қолган ёдгорликлар / Таржимон А. Расулов / Танланган асарлар. I жилд. – Тошкент: Фан, 1968.
2. Абу Райхан Беруни. Канон Мас`уда/Избранные произведение. V. Часть первая. Перевод и примечания Б. А. Розенфельда и А. Ахмедова. – Ташкент: Фан, 1973.
3. Бобоёров Ғ. Ўзбек тили тарихи. I – Энг эски чоғлари. – Тошкент: Фан, 2022.
4. Вайнберг Б.И. Этногеография Турана в древности. VII в. до н.э. – VIII в. н.э.. – Москва: Восточная литература, 1999.
5. МИТТ 1939 – Материалы по истории туркмен и Туркменистана. Том I. VII – XV вв. Арабские и персидские источники. – М.-Л., 1939.
6. Кошғарий, Маҳмуд. Туркий сўзлар девони (Девону-луғот ит-турк) / Таржимон ва нашрга тайёрловчи С. М. Муталлибов. 3 томлик. – Тошкент: Фан, 1960–1963.
7. Наршахий, Абу Бакр Муҳаммад ибн Жаъфар. Бухоро тарихи / Форс тилидан А. Расулев таржимаси. – Тошкент: Фан, 1966.
8. Ртвеладзе Э.В. К вопросу о субстратном языке юга Средней Азии (III-II тыс. до н.э.) // Тарих, Мустақиллик, Миллий ғоя (Республика илмий назарий анжумани материаллари). – Тошкент: Академия, 2001.
9. Толстов С.П. Древний Хорезм. - М., 1948.
10. Толстов С.П. По следам древнехорезмской цивилизации. - М.: Л., 1948.
Ta’lim-tarbiya
Til
Til
Tarix
Tarix
Falsafa
Til
Ta’lim-tarbiya
Jarayon
Tarix
Tarix
Tarix
Din
Adabiyot
//
Izoh yo‘q