Taniqli olim Vissarion Belinskiy “Xalqlarning o'ziga xosligi ularning fikrlashida, atrofga, narsalarga munosabatida, dini va tilida, ayniqsa, urf-odatlarida namoyon bo'ladi. Bu xususiyatlar orasida urf-odatlar eng muhimi bo’lib, xalqning eng xarakterli fazilatlarini o’zida ifodalaydi”, deya ta’kidlaydi[1]. Chindan ham millatni, xalqni o’rganarkanmiz, uning odatlari, an’analariga birinchi bo’lib e’tibor qaratish lozim. Bolalar folklori ham elning urf-odatlari va milliy udumlarining ajralmas qismi hisoblanadi. Xususan, qoraqalpoq xalqida ham shunday. Diyorimizda qoraqalpoq bolalar milliy o'yinlarining xorijlik olimlar tomonidan o'rganilish jarayoni XIX asrlardan boshlangan. Ayniqsa, 1928-1929-yillarda Qoraqalpog'istonda orenburglik o’lkashunos, etnograf olim Aleksandr Lavlentevich Melkov boshchiligidagi ekspeditsiya guruhi bu borada qiziqarli ilmiy-tadqiqot ishlarini olib borgan.
Ekspeditsiya davomida qoraqalpoqlarning kundalik hayoti, turmushini xarakterlovchi materiallar – eski uy buyumlari, milliy liboslar, zargarlik buyumlari, hunarmandchilik, dehqonchilik va chorvachilik, baliqchilik anjomlari, shuningdek, mingga yaqin fotosuratlar to'plangan[2]. Jumladan, qoraqalpoq milliy bolalar va o'smirlar o'yinlari ham tadqiqotchilar nazaridan chetda qolmagan. Melkov Qoraqalpog'istonning shimoliy tumanlari Kegeyli, Taxtako'pir va Chimboy tumanlarida bo'lib, milliy o'yinlar: “Áwelemen-dúwelemen”, “At-eshek”, “Gúres”, “Qazan”, “Iyt Quyrıq”, “Arqan tartıs”, “Ór-teke” va “Qaraqulaq” kabi o'yinlaridan fotolavhalar oladi. (Ushbu suratlar ayni paytda Rossiya Fanlar akademiyasining Buyuk Petr nomidagi antropologiya va etnografiya muzeyida saqlanadi[3])
Xo’sh, Melkov suratga olgan o'yinlarning ko'rinishi, o'yin qoidalari, ularning bolalar tarbiyasidagi o’rni qanday bo’lgan? Quyida shularni tahlil qilamiz.
“Áwelemen-dúwelemen”. Bu o‛yin kichik yoshdagi bolalarga mo'ljallangan bo‛lib, unda ikki yoki undan ortiq bolalar doira shaklida, oyoqlarini bir-biriga tekkizgan holda oldga cho’zib, tizilib o‛tirishadi. Ulardan biri oyoqlarni izma-iz:
Áwelemen-dúwelemen
Salqan iyttiń sanı menen
Áwez molla qayda ketti
Duzǵa ketti
Qashan keler
Jaz keler
Jaz kelmese
Gúz keler
Pállámpish
Sen tur, sen shıq! deya sanaydi.
Eng so‛nggi “Pállámpish, Sen tur, sen shıq!” buyrug‛i aytilganda barmoqqa to’g’ri kelgan oyoqlar chiqib ketadi. Shu tariqa eng so‛ngida kimning oyog‛i o’z o‛rnida qolsa shu bola yutgan bo‛ladi[4]. Ma’lum bo'ladiki, bu o‛yin bolalarning til boyligini oshirish bilan birga, ularni chaqqonlikka, topqirlikka undaydi.
Qazan (qozon) o‛yini bolalar orasida ikki tomonlama eshigi mavjud aylanma burchakli va yarim doira qozoni bor maydon (chiziq) orasida o‛ynaladi. O‛yinda qozon chiziqlarining kengligiga qarab, beshga-besh, yettiga-yetti va o’nga-o’n tarzida ikki guruhga bo‛linib o‛ynash mumkin. Unda bolalar to‛rtburchakning eng yuqori qismiga joylashadi. Ular raqib guruhning xonasiga ochiq yo‛l orqali kirib, belgilangan yerga oyoq bossa, upay (ochko) yoziladi. Bundan keyin o‛yin yana boshlanadi. Qozonda turib qolganlarni tashqaridagilar tortib chiqarsa ham bo‛ladi. Ammo, albatta, ular o‛z xonasini qo‛riqlab turadi. O‛yinda g‛olib guruh shu tariqa, ya’ni qaysi guruh raqib xonasiga kirib borib, belgilangan yerga ko‛p marotaba oyoq bosgani bilan aniqlanadi[5].
“Arqan tartıs”. (Arqon tortishuv) O‘yinni boshlash uchun 8-12 metr arqon kerak bo‘ladi. Hakamlar tomonidan qoq o‘rtadan chegara chizig'i chizilib, 6, 10 va 15 boladan iborat ikki guruhga bo‘lingan ishtirokchilar arqonni qarama-qarshi, ya’ni o‘zlari tarafga birlashib tortadi. Qaysi guruh arqonni o‘rtadagi chegara chizig‘idan o‘zlari tarafga o‘tkazsa, shu guruh g‘olib hisoblanadi. O‘yinni shu tarzda ikki-uch marotaba qaytarib o’ynash mumkin[6].
“Iyt quyrıq” (It dumi) o‛yinida o‘yinchilar ikki guruhga bo‘linib, ikki “kolonna”da bir-birining belidan quchoqlab ushlab turadi. Har guruh sardori eng so‘nggi o‘yinchisini ushlashga harakat qiladi. Bunda “kolonna” buzilmasligi kerak. Ko‘p o‘yinchini chiqargan guruh g‘olib bo‘ladi. O‘yin bolalarda bir bo’lib harakat qilish, do’stlik tuyg’usini kuchaytirishga xizmat qiladi[7].
“At-eshek” (ot-eshak) bolalarning chaqqonligini oshirishga qaratilgan. O‘yin shartiga ko‘ra, dastlab ikki juft bola o‘rtaga bir chuqur qazib, undan 3 yoki 4 metr uzoqlikda turadi. Keyin o‘rik danagidек keladigan 4 toshni olib chuqurga uloqtiradi. Chuqurga toshlarning bittasi tushsa eshak, ikkisida ot, uchtasida vazir, to‘rttala tosh ham tushsa shoh bo‘ladi. O’yin shartiga ko’ra, bitta tosh tushirib eshak bo‘lgan bolaning beliga faqat vazir mina oladi. Ikki toshni tushirib ot bo‘lgan bolaning beliga shoh mina oladi. O‘yin shu taqlid davom etadi. Bu o‘yin bolalar o‘rtasida shoh-vazir o‘yini deb ham nomlanadi.
“Gúres” – (kurash) xalqimizning eskidan kelayotgan, mardlik va botirlik timsoli bo‘lgan milliy o‘yinlardan biri hisoblanadi. Bellashuv qoidasi bo‘yicha polvonlar bir-birining choponi (chekmani), belbog‘i, yoqa va yengidan ushlab, qo-l-oyoqlarini ishlatgan holda raqibining yovurini (orqasi)dan yerga tekkizishga harakat qiladi. Milliy kurashda hakam tomonidan polvonlarga “kurash!”, “to‘xta!” buyruqlari, “tanbeh”, ”dakki” yoki “g‘irrom” ogohlantirishlari, “chala”, ”yonbosh” va umumiy g‘oliblikni bildiruvchi “halol” darajalari beriladi.
Melkov ekspeditsiyasi vaqtida bu o‘yinlardan tashqari bizga faqat o‘yin atamasi ma’lum bo‘lgan “Ór-teke” (O'r-taka) va “Qaraqulaq” (qoraquloq), shuningdek, yana nomsiz harakatli o‘yinlar rasmga olinganki, ular ham e’tibor berishga, tahlil qilishga arziydi.
“Ór-teke” (O‘r-taka) deb nomlangan suratda ikki bola bir-biriga qarama-qarshi o‘tirgan holda, o'rtadagi yerga ko‘zlari tikilgani aks etgan. O‘yin nomidan uni chorvachilikka bog‘liq o‘yin bo‘lishi mumkinligini taxmin qilish mumkin.
“Qaraqulaq” (qoraquloq). Qoraquloq bu – mushuklar sinfiga kiradigan yirik cho'l mushugi (qora qoli) bo’lib, qoraqalpoq oilalarida itni ham shu nom bilan ataydilar. Shu nomli suratda qumlikka yig’ilgan bir guruh o’yinchilar va o‘rtada tizzalagan holda qo‘llarini yengiga tiqib bukchayib o‘tirgan bola tasvirlangan. Bolaning choponi ichiga solingan nimadir orqasida do’ppayib turganini, boshiga ro’mol bilan ikki hurpaygan, qalin qora yungdan ishlangan “quloq” bog’langanini ko’rish mumkin. Bu yerda ular qoraquloqning ikki qulog‘i vazifasini o’tagani aniq. Afsuski, bu o‘yinning ham to’liq qoidasi ma’lum emas.
Nomi noma’lum bo‘lgan yana bir o‘yin surati odamni o‘yga toldiradi. Diniy marosimlarni eslatuvchi o’yinda bir guruh bola doira shaklida yig‘ilgan. O‘rtadagi bolakay esa ikki qo‘lini osmonga uzatib, hukm o‘qib turgan kishi sifatida ko'rinish bergan. Uning oyoqlari ostida esa boshqa bir bola chalqanchasiga yotibdi. Davrani o'rab turgan boshqa bolalar ham qo‘llarini oldinga cho‘zishgan. Bu o’yinni qaysidir diniy marosimlarni ko’rgan yoki eshitgan bolalarning kattalarga taqlidi deyish mumkindir, balki.
Suratlarda aks etgan bu o’yinlarning ba’zilari hozir ham qoraqalpoq bolalari o’rtasida o’ynalsa, ba’zilari hatto kattalarning ham yodidan ko’tarilgani rost. Bunga sabab faqatgina texnologiyalar rivoji, avlodlar o’rtasidagi ayrolik emas, balki ularning kam o’rganilishi, targ’ib qilinmasligida ham deyish mumkin. Milliy o’yinlar faqatgina oddiy o’yin emas, balki millat bolasining ruhini, xarakterini, tarbiyasini belgilashga ko’makchi ekan, nega ularga beparvo bo’lishimiz kerak. Afsuski, bugun bu narsa jamiyat nazaridan chetda, soyada qolgandek. Bugun qo’liga telefon “yopishib” qolgan, boshini internet o’yinlaridan ko’tarmaydigan avlod ertaga onlayn qimor o’ynovchi, ruhi siniq, harakatsiz, intilishsiz bolalarga aylanmaydi, deya olamizmi? Shunday ekan, milliy o’yinlarimizni o’rganish, farzandlarimiz hayotiga qaytarish borasida hali ko’p izlanishlar olib borilishi kerak, nazarimda. Chunki millat bolasining taqdiri o’yin emas.
Charjaubay ELMURATOV,
O'zJOKU 2-kurs magistranti
Foydalanilgan adabiyotlar:
1.B.G.Belinkiy. «Adabiy orzular», G'afur G'ulom nomidagi adabiyot va san’at nashriyoti. Toshkent – 1977, 6-bet.
2.Ámirlan.S.E. «Qaraqalpaq balalar folklorı úlgileriniń jıynalıw hám járiyalanıw máseleleri». «Xalıq awızeki dóretiwshiligi milliy hám ulıwmainsanıy qádiriyatlar sistemasında» Xalıqaralıq ilimiy konferenciya materialları. Nókis, 2015-jıl, 26-27-noyabr. 97-99-betlar
3.Экспонаты Кунсткамера (kunstkamera.ru)
4.K.Esemuratov, P.Serimbetov. Qaraqalpaq milliy háreketli oyınların úyreniw. Nókis, Qaraqalpaqstan – 2005. 16-bet.
5.K.Esemuratov, P.Serimbetov. Qaraqalpaq milliy háreketli oyınların úyreniw. Nókis, Qaraqalpaqstan – 2005. 16-bet.
6.K.Esemuratov. Denetárbiyası, Nókis, bilim -1994. 66-bet.
7.K.Esemuratov. Denetárbiyası, Nókis, bilim -1994. 63-bet.
Adabiyot
Til
Adabiyot
Adabiyot
Jarayon
Til
Til
Jarayon
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Tarix
Tarix
Din
San’at
//
1 Izoh
Gulsara
19:12 / 02.12.2023
Telefondagi o`yinlar emas, bolalarning o`zlari bir -birlari bilan o`ynagan o`yinlari bir umr ularning qalbida saqlanadi. Bu maqolani o`qib bolaligim esimga tushdi.Men aka ukalarim va singillarim bilan shu oyinlarni o`ynaganman.Charjaubay ELMURATOV sizga raxmat.