“Oʻlim minorasi”, “Qasamyod”, “Chayongul” – Bir asrlik oʻzbek kinosining yutugʻu tanazzuli jamlangan ensiklopediya


Saqlash
22:56 / 28.04.2023 2119 0

Choʻlpon “sanoyi nafisa”, deya taʼriflagan, Qodiriy esa adabiyot bilan bir pogʻonada koʻrgan kino sanʼati haqida oʻtgan yuz yildan ortiq vaqt ichida nimalar yozilmadi, deysiz... Ne kaltaklar sinmadi bu kinoning boshida... Goh qoʻrquv bilan, goh yolgʻon bilan bitildi, goh teran fikr, goh esa mahdudlik bilan yozildi necha-necha maqolalar, taqrizlar. Lekin oʻylab qaralsa, oʻzbek kinosining qariyb yuz yillik umri yutuqdan koʻra yutqiziqlarga boydek, qarsakbozliklar-u ura-uralardan iboratdek tuyuladi.

 

Kinoshunos Hamidulla Akbarov bir voqeani hikoya qilib bergandi: aspirantlik paytim edi, “Guliston” jurnaliga maqola berib, oʻzim Moskvaga uchib ketdim, kelgunimcha materialning aksar qismi oʻzgartirilgan, yaʼni barcha tanqidiy mulohazalarim olib tashlangan holda chop etilgandi... Jahlim chiqdi. Bosh muharrirga kirib nega bunday qildingiz, deb soʻrasam, pinagini ham buzmay javob berdi: agar oʻzgartirmasak, maqolangiz chiqmasdi... Ha, koʻp yillar oʻzbek kinosi va u haqidagi taqrizlarning taqdiriga mana shunday osongina hukm oʻqilgan... Yoʻqsa, Amerikaning oʻsha mashhur “Warner Brothers” yoki “Paramount Pictures” kinokompaniyalari bilan bir vaqtda, yaʼni 1920-yillari Toshkentda tashkil etilgan “Sharq yulduzi” kinofabrikasi bugun gullab-yashnab ketgan, kamida “Boʻzdagʻfilm” darajasida faoliyat yuritayotgan boʻlarmidi?

 

 

Har qanday film – davr mahsuli... Mutaxassislar esa oʻz davrining xronikasini yozib boruvchi ekran sinchilaridir. Bugun koʻryapmizki, yuz yildan oshiq vaqt oʻtgan boʻlsa ham, kino haqidagi taqrizlar, maqolalar yo u davrning, yo bu davrning siyosiy qarashlariga qurbon qilingan, hech boʻlmasa qaysidir bir amaldorning qosh-qovogʻiga qarab talqin etilgan. Haqiqiy maʼnodagi taqrizlar, chin vijdon bilan yozilgan maqolalar, kitoblar juda kam...  Yaqinda chop etilgan “Oʻzbekiston kino sanʼati” (1-jild) ensiklopediyasiga sanʼatimizning butun boshli tarixi, shoʻrish kechmishi haqida fikrlar va dalillar jamlangan. Umuman, bunday katta hajmdagi qoʻllanma kino tarixida birinchi marta yaratildi. Mazkur kitobning mualliflari esa sanʼatshunoslik fanlari doktori, taniqli kinoshunos olima Nigora Karimova va rejissor Eljon Abbosov. Loyihaning amalga oshishida Navoiy shahar kon-metallurgiya kombinati homiyligi hamda Shoyim Boʻtayev, Gulnora Muxtorova, Baxtiyor Yakubov, Iqbol Qo‘shshayeva, Aziz Matyoqubov, Muhayyo Muxtorova, Lobar Qobilova kabi ijodiy guruhning ham xizmati bor. 

 

Kitobga 1925-yili yaratilgan “Oʻlim minorasi” kabi ilk ovozsiz filmdan tortib, 2022-yili ishlangan “Baron 2. Sogʻinch” filmigacha jami 417 ta kino asar haqida maʼlumot jamlangan. Ushbu ulkan hajmdagi “Oʻzbekiston kino sanʼati” ensiklopediyasining ahamiyati shundaki, boʻlgʻusi sanʼatshunoslar uchun tayyor dastur, katalog vazifasini oʻtaydi. Kino tarixini oʻrganish uchun soatlab, kunlab muzeylarda yoki kinozallarda qolib ketadiganlar endi tayyor qoʻllanmadan foydalanaveradi... Shuningdek, bu kino qomus sanʼatning siyosatga taʼsirini yoki siyosatning sanʼatga taʼsirini bevosita fosh etib beradi.

 

 

Aka-uka Lyumerlarning olamshumul kashfiyoti paydo boʻlganidan ikki yil oʻtib Toshkentda ilk bor kinoteatr ochildi... Holbuki, oʻsha paytda bunday yangilik Yevropaning ham barcha hududlariga yetib bormagan edi. 1897-yili Toshkentda ilk bor omma qarshisida filmlar namoyish etildi. Oradan hech qancha vaqt oʻtmasdan bunday kinoteatrlar soni oʻn beshtaga yetdi. Ekran sanʼati hodisasini umrida uchratmagan, tasvirda yugurib kelayotgan otni koʻriboq yurak hovuchlab qochib qolgan tomoshabin nazari bilan qaralganda ham ijtimoiy hayotimizdagi bu voqea – chinakam katta hodisa boʻlgandi. “Ravot qashqirlari”, “Tong oldidan” kabi kinoasarlar ijodkorlarning qalb qoʻri mahsuli edi. Shu sabab ham Abdulla Qodiriy birinchilardan boʻlib kino sanʼati haqida maqolalar eʼlon qilishga kirishdi.

 

Vaqt oʻtib oʻsha paytda amaldagi hukumat filmlardan va kinoijodkorlardan qoʻrqa boshladi. Qatagʻonda Xudoybergan Devonov kabi Markaziy Osiyodagi birinchi kinooperator, Sulaymon Xoʻjayevdek professional rejissorlar otib tashlandi. Kino egasiz qoldi. Boshqalari esa ishdan boʻshatildi. Sohadan uzoqlashtirildi. Natijada kino sanʼati erkin rivojlanishdan ortda qoldi, gʻoyaviy-badiiy siqiqlikka uchradi. Vaholanki, bu paytda Yevropa filmlari yangi yoʻl, yangi uslub va yangi shakl qidirib, neorealizm bosqichiga koʻtarilayotgan edi. Butun Yevropa boʻylab yoyilayotgan italyan kinosining tamal toshini Dzavattini, Viskonte kabi rejissorlar allaqachon qoʻyib ulgurgandi. Bizda esa kino avvalboshdanoq mayib-majruh qilindi.

 

 

1937-yilning qatagʻonidan soʻng har bir chiqayotgan kinoasarga “sotsrealizm” yorligʻi yopishtirildi. “Kino oʻldi”, degan edi kuyunib Roberto Rossellini. Oʻzbek kinosining esa qachon oʻldirilganini ushbu kitobni sinchiklab oʻqib chiqqan odam yaxshi anglaydi. Sababi, aksariyat filmlar qaysidir mafkuraning quliga aylantirilgani izohlar va fotosuratlar bilan kiritilgan. Albatta, bu yerda sabablari ochib berilmaydi, lekin zakiy kitobxon tezda anglaydi. Bu kitobda ayol huquqi va erkini targʻib etuvchi “Ikkinchi xotin”, “Asal”, “Moxov” kabi ilk filmlardan tortib, “Qasamyod”, “Baxt quyoshi” kabi siyosiy vazifa bajargan, yaʼni “Turkistonning qoloq xalqlari” haqida soʻzlovchi ilk ovozli filmlargacha joy olgan. Davrlar silsilasidan oʻta olgan filmlar ham yoki oʻsha davrning oʻzida qolib ketgan filmlar ham qomusdan joy olgan...

 

 

1940-yillardan boshlab oʻzbek kinosi tarixida siyosiy buyurtmalar ortgandan ortib bordi. Barcha fikrlar aniq bir formulaga, aniq bir maqsadga boʻysundirilar, eng muhimi, bir hovuch amaldorlarga maʼqul boʻlsa boʻlgani... Buni qarangki, Yaponiyada Kurosava, Italiyada Fellini, Hindistonda esa Raj Kapur ajoyib filmlari bilan kino olamida allaqachon oʻziga haykal qoʻyib ulgurgandi, oʻsha davrlarda yaratilgan “Rasyomon”, “Yoʻl”, “Janob 420” kabi oʻlmas durdona asarlar hali-hamon insoniyat fitratini qalqitib kelmoqda. Bizning oʻsha vaqtda suratga olingan baʼzi filmlarimiz esa mahdudlik chegarasidan oshib oʻta olmagan. Hatto Chingiz Aytmatovdek katta yozuvchi ham “Sarvqomat dilbarim” filmi senariysini yozayotganida Asal va Ilyosning muhabbati vasfiga emas, qishloqda kolxozlashtirish siyosatini targʻib etish gʻoyasiga yoʻnaltirishga majbur boʻlgan ekan...

 

 

Bir kishi mashhur rassom Pablo Pikassoning kubizmga oid rasmlarini tomosha qila turib: “Siz mana shunaqa bir-biriga qorishib ketgan rang-barang shakllardan boshqa narsalarni chizolmasangiz kerak”, debdi. Shunda janob Pikasso qalamini olib yerga bittagina bugʻdoy donini chizibdi. Rasm shu darajada oʻxsharkanki, atrofda yurgan tovuq yugurib kelib donni choʻqimoqchi boʻlibdi. Buni koʻrgan boyagi kishi Pikassoga: “Shunchalik mahoratingiz bor ekan, nega isteʼdodni zoʻr narsalarga emas, qayoqdagi noaniq tasvirlarni chizishga sarflaysiz?” desa, rassom: “Chunki rasm degani tovuq uchun chizilmaydi-da”, deb javob bergan ekan. Muqoyasa qilib aytganda, har qanday isteʼdod bor kuchini biror buyurtma asarini bajarishga mahkum edi. Jahon kinosi har kuni yangi yoʻl, yangi talqin va shakl qidirib oʻylansa, bizning kinochilar qanday qilib kattalarga yoqadigan film ishlash haqida bosh qotirishardi. Bugungi yaratilayotgan filmlar ham koʻpincha oʻsha asarlar qismatini takrorlamoqda. Keyingi yillarda ishlangan baʼzi filmlarni olsangiz-da, finalida “yashnasin bogʻlarimiz, yashasin bogʻbonimiz” qabilidagi shiornamo hayqiriqlarga duch kelasiz.

 

 

 

 

Toʻgʻri, oʻzbek kinematografiyasida ham tafakkur qudrati bilan yaratilgan filmlar bor... “Abdullajon”, “Otamdan qolgan dalalar”, “Osmondagi bolalar”, “Chayongul”, “Oʻtov”, “Sogʻinch sohili”, “Erkak”, “Ilova”, “Parizod”, “Rangsiz tushlar”, “Issiq non” kabi filmlar isteʼdodning kuchi bilan ishlangan. Bular, shubhasiz, ekran sanʼatimiz durdonalari. Xalqaro toifadagi nufuzli festivallarda eʼtirof etilganlari qancha. Aynan mana shu kitobda ularga juda koʻp oʻrin ajratilgan. Lekin negadir bizda hamon Bergman filmlaridagi chuqurlik, Fellinidagi falsafiy kenglik, Antonionidagi novatorlik yetishmayotgandek...

 

 

 

Qaniydi, dunyo ahli oʻzbekni ham xuddi Jan Imou filmlari orqali xitoylikni, Kim Ki Duk asarlari orqali koreysni, Takeshi Kitano kartinalari orqali yaponni taniganidek taniganida edi, bugun bu fikrlarni yozishga ehtiyoj qolmasdi. Kino sanʼatimiz tarixi unutilgan fonotekalar, uloqtirilgan fototasvirlar, arxivlarda chang bosib yotgan plyonkalar misolida yoʻqolib borayotganidan koʻngilda bir hadik bor edi. Ularga “Oʻzbekiston kino sanʼati” toʻplami misolida qayta hayot bagʻishlangani esa koʻngilga taskin bermoqda.

 

Shohsanam XIDIROVA,

san’atshunos jurnalist

 

 

 

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

So‘nggi maqolalar

Barchasi

Adabiyot

15:11 / 20.11.2024 0 130
Abdulla Qodiriy – o‘zbek detektivi asoschisi





Ko‘p o‘qilgan

Barchasi

San’at

16:08 / 28.08.2021 8 22036
Dunyoning eng mashhur va qadimiy besh muzeyi

//