2022-yil, Toshkent, aeroport. Yarim soatdan keyin qoʻnadigan “Ural Airlanes” reysini kutib oʻtiribman. Shu samolyotda yuborilgan tobutni qabul qilib olishim kerak. Tashqarida qarindoshlar, “Gruz 200” kutib turardi. Keksalik yengib borayotgan otam, kasalliklar charchatgan onam hali bundan bexabar. Shumqargʻaday tobutli mashina bilan kirib borsam, hovlida nimalar boʻlishi mumkinligini oʻylab, boshimga ogʻriq kirdi. Novosibirskdagi qurilishda ishlayotgan akam bilan toʻrt kuncha avval gaplashgandim. Rus tanklari Ukraina zaminida ilk bor paydo boʻlgan mashʼum tongda bu shum xabarni eshitib, karaxt boʻlib qoldim. Nega bunday boʻldi, endi nima qilaman, bilmasdim. Hartugul Rossiyadagi insofli kishilar akamni topib, ortga qaytarishdi, biroq uning jonsiz jasadini... Koʻp oʻtmay taxta tobut koʻrindi. Uning ichida uch yildan beri Rossiyadan kelmagan, “qurilishdagi baxtsiz hodisa qurboni”, meni sogʻinch, armon va ming xil shubha-gumonlarda qoldirib ketgan, diydori qiyotmatga qolgan jigarim yotardi.
Akam pul ishlab kelib, yaxshiroq yashash uchun ketgan edi bu mamlakatga. Qishlogʻimizdan shu maqsadda ketgan yana oʻnlab odamlarni taniyman. Mamlakat boʻylab hisoblaganda esa ularning soni besh, balki, olti xonali katta raqamlarda aks etadi. Afsuski, shimolda yurtdoshlarimizning hammasiga ham omad kulib boqavermaydi. Ularning hammasi ham yaxshi sharoit, yaxshi maoshli ish topa olishmaydi. Lekin avvalo ilojsizlik, keyin shundan shuyoqqa kelib quruq qaytmaslik, oʻjarlik va balki yaxshi boʻlib ketar, degan unsiz bir ilinj bilan nohaqliklarga, qiyinchiliklarga chidab, tishini tishiga bosib ishlayverishadi. Natijada umr, sogʻlik, va hatto baʼzida shirin jonini ham sovuq oʻlkalarda qoldirib kelishadi.
Oʻttizni urib qoʻygan Jasur Sharipovning hayoti ham shu mardikorlikda havoga sovurilgan. Besh yil avval kirakashlik qilib yurganida tatar yigitni uchratgan kuniga laʼnatlar aytadi. Oʻshanda Xabarovskda tinchgina taksi haydab, tirikchilik qilib yurgandi. Bir kuni navbatdagi mijozi ikki yuz rubllik joyga saxiylik qilib, mingtalikdan qistirdi. Tamakini huzur qilib tortarkan, haydovchiga bukmeykerlikda futbol oʻyiniga pul tikib, katta pul foyda qilganini aytdi. Jasurning ichiga olov kirdi: ikki yildan beri ishi oʻxshamaydi, uyga kam pul joʻnatadi, uylanishi kerak, gʻidi-bidi jonga tekkan. Qani endi omadi kelib, uni ustidan kulayotganlarning ogʻziga bir dasta pul bilan tushirsa!
Darrov Almaz (omadli yigitning ismi shunaqa ekan) aytgan dasturni telefoniga oʻrnatdi. Ijara uyga borib, eshikni yopdi-da, internetga shoʻngʻidi. Birinchi kundayoq omad undan yuz oʻgirdi: bank kartasidagi bor pulni boy berdi. Ertalab oʻrnidan turdi-yu, yuragi orqaga tortdi, naq bir haftalik daromadini onlayn qimorga boy bergandi. Choʻntagiyam qurib qolibdi. Afanasiy Ivanovichdan qarz koʻtarish haqida oʻyladi. Afanasiy Ivanovich – katta amaldor. Jasur uning “dacha”sida ustachilik, keyin qorovullik qilgan, rohat-farogʻatda kun kechirgan edi. Amaldorning kayfiyati yaxshi ekan, anchagina “qizil qogʻoz”ni darrov chiqarib berdi.
“Endi kattaroq pul tikib, yutish va avvalgi zararlarni ham qoplash kerak”, deb oʻyladi yigit. Oʻshandan beri oʻtgan yillar davomida futboldan stol tennisigacha pul tikdi. Gohida uncha-muncha yutdi ham. Ammo yutqiziqlar juda katta boʻldi. Hatto ijaraga olgan mashinasining rulini aylantirib tashlab, bu dunyodan qoʻlini yuvib, qoʻltigʻiga urmoqchi ham boʻldi... Uydan chiqib ketganidan buyon bir bola tugʻilib, maktabga chiqadigan vaqt oʻtdi. Jasur esa hamon nima qilishini bilmay, arosatda yashayapti. Yelkasida esa bir dunyo qarz, pushaymonlik, eski xotiralar. Yana shu yelkasidagi shayton baʼzi-baʼzida “Yana bir urinib koʻr! Hali hammaga koʻrsatasan zoʻrligingni!” deya vasvasa qilib qoʻyadi...
Hozir universitetda sirtdan oʻqiyotgan jurnalist Nuriddin Toʻraqulov ham 2009-2020-yillar oraligʻida Rossiyada ishlagan. Sibir shaharlari, Sankt-Peterburgda pul toʻlanadigan nima halol ish boʻlsa bajarib koʻrgan: suvoqchilik, gʻisht terish, yer chopish, uy taʼmirlash. “Ammo oʻsha yillar tunda bostirib kelgan bosqinchilar va iyagiga tiralgan oʻtkir pichoq voqeasini hali-hanuz unuta olmayman”, deydi u. Oʻqishdan yiqilib, Rossiyaga ketdim. Birinchi yil “uxladim”. Klassik ssenariy: oʻz qarindoshim ishlatgani olib borib vaʼda qilingan pulning oʻndan birini ham bermadi. Bir yil Piterda xachirdek ishlaganim va achchiq saboqlar menga “sovgʻa” boʻldi. Keyin yoʻnalishni sharqqa qarab oʻzgartirdim. Irkutsk, Chita va Baykalortidagi kichik shaharchalarda ishladim. Bu taraflarda koʻp aholi punktlari tushkunlikka uchragan, jinoyatchilik yuqori, OITS koʻp uchraydigan hududlar. Ehtiyot boʻlmasang, biron baloga yoʻliqishing tabiiy. Ammo mehnatkash odam yaxshigina pul topishi mumkin.
Bir kuni sherigim Turobjon bilan yangi qurilayotgan vrachlik punktiga eshik-deraza oʻrnatgani bordik. Ishga kelishimizdan oldin bir tanishimiz ozroq qoʻrqitdi: bu yerda jinoyatchilar hech narsadan tap tortmasmish, ayollariga yaqinlashmagan maʼqul emish. Birinchi ish kunida yoshroq bir yigit atrofimizda oʻralashib yurib, bir nechta qurilish mahsulotlaridan berishimizni soʻradi. Yuzidan nimadir undirsa, sotib, aroq olib ichishi koʻrinib turibdi. Hech narsa bermasligimizni aytganimizdan soʻng indamay ketdi. Kechqurun eshik qattiq taqilladi, borib ochganimni bilaman, beshta niqobli odam bostirib kirdi. Hammasining qoʻlida pichoq, hatto toʻpponcha ham bor. Yuragim tovonimga tushib ketdi, Turobjon baqa boʻlib qotib qolgandi.
“Biz “Maga”ning odamlarimiz. Bor-yoʻqlaringni chiqarlaring, boʻlmasa soʻyamiz”, deb xirilladi bir bosqinchi.
“Maga” – butun muzofotga nomi ketgan “avtoritet” edi. Qorongʻida yaltiragan pichoqlarga termilgancha, faqat bir narsani oʻylardim: nahot begona yurtlarda soʻyilib ketsam? Nom-nishonsiz, izsiz... Bulardan hamma narsani kutsa boʻladi, vijdonsiz, ichkilikka ruju qoʻygan va iymonsiz kimsalar. Oʻzimni oʻlimga ruhan tayyorlay boshladim: biroz qiyin boʻladi, keyin ogʻriqni his qilmay qolaman. Shundan soʻng qoʻrquv, hayajon va boshqa tuygʻular barham topadi.
Shu payt telefonimga bizga ish bergan boshligʻimiz qoʻngʻiroq qilib qoldi. Uning jinoiy toʻdalar bilan tanishligi borligini eshitgandim. Xoʻjayin telefonni bosqinchilarga berishimni aytdi va allaqanday parolni soʻradi. Parol degan gapni eshitib, niqoblilar tipirchilab qoldi. Bilishimcha, ular soxta shotirlar ekan. Xoʻjayinning “besh minutda u yerda izlaring ham qolmasin. Boʻlmasa tafsilotlarni nomini sotgan odamlaringizga oʻzim yetkazaman” degan soʻzlaridan keyin bosqinchilar xayr-maʼzurni nasiya qilishdi. Ular ketgach, eshikni mixlab, tambalab tashladik...
Bu hikoyalardagi qahramonlarning biri sinfdoshim, biri doʻstim. Ularning kechmishini eshitganimda, Xudodan akamning omonligini soʻragandim. Musofirchilik, mardikorchilikni tugatib, tezroq bagʻrimizga sogʻ-omon qaytishini istagandim. Ammo... Mayyitni yuvarkanmiz, “Qurilishda baxtsizlikka uchragan” akamning tanasida biror jarohat izini koʻrmadim. Faqat boshining orqasida andak koʻkargan joylari bor edi. Aslida nima boʻlgan ekan? Melisalar quvlaganda, birontasi qattiqroq zarba berdimikan? Oʻzimizning qorakoʻzlar ichki janjalda urib oʻldirdimikan? Yo ichkilik, ayol, nasha kabi noxushliklar sabab boʻlganmikin? Savollarim koʻp, ammo ularning javobi qiyomatga qolgandi.
Kechga tomon qishloq qabristonida yangi qabr doʻppaydi. Sibir shaharlaridan birida sodir boʻlgan noxushlik janub oftobi taʼsirida uygʻonayotgan daraxtlari bor mozorda tugagandi. Keyin… Rossiyadan akamning oʻligi kelganiga koʻp boʻlmay, tugʻishgan ukam shu oʻlkaga ishlashga joʻnab ketdi. Hayron boʻlmang, oʻzbekning orzu-havasi oldida har qanday toʻsiq qiymatsiz, musofirlikning noni qattiq, ammo puli shirin boʻlarkan. Qaniydi bunday boʻlmasa, qaniydi...
Ulugʻbek ODIL oʻgʻli
Adabiyot
Til
Adabiyot
Adabiyot
Jarayon
Til
Til
Jarayon
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Tarix
Tarix
Din
San’at
//
Izoh yo‘q