Bizga kun-u tun hamroh boʻladigan musiqa salomatligimiz va ruhiy holatimiz uchun qanday taʼsirga ega ekani haqida hech oʻylab koʻrganmisiz? Masalan, siz uchun doimiy yangrab turuvchi bir qoʻshiq, jismoniy imkoniyati cheklanganlarning harakat funksiyasini tiklashda yordam berishi mumkin. Yoki toʻgʻri tanlangan kuy odamni stress holatidan olib chiqish xususiyatiga ham ega. Ushbu maqolada musiqaning inson salomatligi va ruhiyatiga taʼsiri haqida gaplashamiz.
Musiqa va inson oʻrtasidagi bogʻliqlik
Musiqa inson dunyoga kelishi bilanoq hamroh boʻladigan sanʼat, desak mubolagʻa boʻlmaydi. Eʼtibor bergan boʻlsangiz, yangi tugʻilgan chaqaloq maʼlum davriga qadar ona allasining kuyga solingan xonishi bilan tinchlanib, uyquga ketadi. Kattalar esa asosan boʻsh qolganida, biror jismoniy mehnat bilan shugʻullanayotganda yoki shunchaki biror manzilga yoʻl olganida musiqa va quloqchin bilan doʻst tutinadi. Yana kayfiyatga koʻra, shoʻx yoki sokin qoʻshiq tinglab, yengil tortadigan, oʻzini boshqa bir olamga tushib qolgandek his qiladigan vaziyatlar ham hech kimga begona boʻlmasa kerak.
Inson va musiqa oʻrtasidagi koʻrinmas bogʻliqlik balki uning paydo boʻlishi bilan bogʻliqdir?!
Turli manbalarda keltirilishicha, musiqa ijtimoiy rivojlanishning dastlabki bosqichlaridayoq paydo boʻlgan. Oʻsha davr musiqasi haqida aniq dalillar mavjud boʻlmasa-da, bu borada turli ilmiy farazlarga tayaniladi. Masalan, qushlarning sayrashi, hayvonlar sherigini chaqirishi, emotsional ohang, ibtidoiy odamlarning mehnat tovushlari va chaqirish usullari — musiqaning ilk manbalari sanaladi. Demakki, musiqa insoniyat bilan qadim davrlardan buyon birga.
Musiqadan ilk bor davo sifatida qanday foydalanilgan?
Musiqaning inson organizmiga samarali taʼsiri ham avvaldan maʼlum. Qadimgi yunon shifokorlari bemorlarni davolashda puflab chalinadigan asboblardan foydalangan. Faylasuf Demokrit nay nafaqat tinglash, balki, inson salomatligi uchun ham foydali ohang taratishini aytgan boʻlsa, oʻrta asr odamlari musiqaning asl maqsadi “Xudoni ulugʻlash, shaytonlarni quvib chiqarish, bemorlarni davolash va sevgini paydo qilish”dan iborat, deb bilgan.
Hindistonda ham Raga (hind klassik musiqasi) nazariyasiga asosan, musiqiy terapiyadan keng miqyosda foydalanilgan. Hind shifokorlariga koʻra, har bir raga maʼlum kayfiyat turiga mos kelib, inson holatining oʻzgarishiga sabab boʻla olgan. Ushbu oʻzgarish, oʻz oʻrnida bemorlardagi depressiya va boshqa ruhiy buzilish holatlarini davolashda yaxshi samara bergan.
Musiqa terapiyaning paydo boʻlishi
1950-yillarda musiqa va tibbiyot oʻrtasidagi oʻzaro aloqalar boʻyicha “Musiqiy terapiya” fani paydo boʻlgan. “Musiqa terapiya” atamasi yunon-lotin tillaridan kelib chiqib, tarjimasiga koʻra “musiqa bilan davolash” degan maʼnoni anglatadi. Koʻplab olimlar uni psixoterapiyaning yordamchi vositasi va bemorlarning murakkab terapevtik usullardan foydalanishga maxsus tayyorlash muolajasi, deb biladi. Boshqa mutaxassislar unga qoʻshimcha ravishda musiqaning quyidagi jihatlarini aniqlaydi:
· Somatik va ruhiy kasalliklarga uchragan bolalar va kattalarni kasallikdan keyingi tiklanish davrida (reabilitatsiya qilishda), oʻqitish va tarbiyalashda musiqadan nazorat ostida foydalanish;
· Bemorlarning ruhiy yoki psixosotsial buzilish holatlarida musiqadan tizimli foydalanish;
· Ijodiy quvvatni hamda pedagogik-tarbiyaviy faoliyatni optimallashtiruvchi vosita ekanini aytib oʻtadi.
Jismoniy va ruhiy salomatlikka musiqaning ijobiy taʼsirini ilmiy tomonlama oʻrgangan ilk mutaxassislardan biri faylasuf Pifagor boʻlsa, Sharqda esa tibbiyotning yetuk mutafakkiri Abu Ali ibn Sino oʻzining “Tib qonunlari” asarida ushbu sanʼat turini davolovchi vosita sifatida qayd etib, “Kitab Ash-shifa — Davolash kitobi” nomli qomusiy asarida toʻliq bir boʻlimni musiqa va puls oʻrtasidagi oʻzaro aloqalarga bagʻishlaydi.
Musiqiy terapiya bilan bogʻliq eng qadimiy masal qadimgi Ahdda keltiriladi — Dovud arfa chalib, Saulni depressiyadan davolaydi. Aristotel ham musiqani nafaqat davolash, balki ruhni tozalash (katarsis) vositasi deb hisoblagan. Qadimgi arab shifokorlari esa musiqa inson ruhidan oʻtib, uning tanasini davolashi mumkinligini taʼkidlagan va buni amaliyotda sinab, ijobiy tomonlama oʻzgarishlar guvohi boʻlgan.
Maʼlumot uchun, Qadimgi Ahd — Bibliyaning bir qismi boʻlib, uning tarkibiga 39 ta kitob kiritilgan. U iudaizmda ham, xristianlarda ham muqaddas yozuv deb eʼtirof etiluvchi qadimiy diniy bitiklardan biri sanaladi.
1913-yilda V.M.Bexterev musiqaning terapevtik taʼsiri borasidagi izlanishlari asnosida “Musiqaning davolovchi-tarbiyalovchi ahamiyati va uning gigiyenasi” jamiyatiga asos soladi. Ruhiy klinikalarda musiqa tinglash amaliyoti XIX asr boshlarida Fransuz psixiatri Eskirol tomonidan qoʻllanilgan.
Amerika va Shvetsiyaning ilmiy-amaliy yoʻnalishdagi maktablari
1950-60 yillarda musiqiy terapiyada ikkita asosiy — Amerika va Shvetsiyaning ilmiy-amaliy yoʻnalishdagi maktablari shakllanadi. Benedict (1958), Blanke (1961), Sutermeister (1964), Schwabe (1965) va boshqalar musiqaning shakli va mazmuni jihatidan klinik taʼsirini oʻrganib, “Musiqiy farmakopeya” nomli davolovchi musiqalar katalogini tuzishga harakat qilgan.
Trankle musiqa ijrosi boʻyicha tanlovni ragʻbatlantiruvchi yoki tinchlantiruvchi taʼsirga boʻlgan ehtiyoj bilan bogʻlaydi. Illing (1952), Douglas, Wagner (1965), Boenheim (1966), Steele (1967)lar esa musiqiqiy terapiyani umumiy terapiya tarkibiga kiritadi.
1955-yilda Shvetsiya maktabi vakillari musiqiy terapiyadan, ogʻzaki terapiya talab etilmaydigan yetakchi davolash usuli sifatida foydalanishni taklif etadi. A. Pontovik psixorezonans konsepsiyasini ilgari suradi. Unga koʻra, aynan musiqa inson ongining chuqur qatlamlarigacha yetib borish xususiyatiga ega. Musiqiy terapiya borasida Shvetsiya yoʻnalishining davolovchi effekti anʼanaviy psixoanaliz gʻoyalariga asoslanadi. Seans vaqtida psixoterapevt musiqa yordamida bemorni katarsis holatiga olib kelib, uning holatini yengillashtirishga erishadi. Shuning uchun ham, musiqa borasidagi tanlov katta ahamiyat kasb etadi.
Musiqaning inson organizmiga taʼsiri
Turli eksperimentlarga koʻra, musiqa odamning faqatgina kayfiyatiga emas, nafas olishi, pulsi, qon bosimi hamda ichki va tashqi energiyasiga ham taʼsir qiladi. U kishini stress holatidan olib chiqib, immunitetini oshiradigan, ruhiyatiga ijobiy taʼsir qilib, ijod qilishga unday oladigan ajoyib kuchga ega.
Maʼlumotlarga koʻra, tovush tebranishi hujayralarning “aks-sado” qaytarishiga olib kelib, tanadagi fiziologik jarayonlarga taʼsir koʻrsatadi. Baʼzi ritm va maʼlum chastotalar organizmdagi moddalar almashinuvining tezlashishiga yoki aksincha, sekinlashuviga ham taʼsir qiladi. Bixevioral fiziologiya boʻyicha mutaxassis Jorj Daymond, musiqa xususiyatiga qarab, tinglovchi mushaklaridagi kuch ham oʻzgarishini aniqlagan.
Muolajalar harakat funksiyasining tiklanishiga qanday yordam berishi mumkin?
Jamoat joylarida musiqa tinglayotib, qoʻshiq aytish yoki raqsga tushishga boʻlgan yengib boʻlmas xohishning paydo boʻlishi odamda diskomfort hosil qiladi. Biroq, nevrologik musiqiy terapiya mutaxassisi, amerikalik shifokor Brayan Xarris aynan yuqoridagi xohish travmadan keyin yurish imkoniyatini qaytarishi mumkinligini taʼkidlaydi.
Xarris Bostondagi reabilitatsion klinikada shifokor boʻlib ishlagan vaqtlarda u koʻplab insult va miya shikastlanishidan aziyat chekkan bemorlar bilan shugʻullangan. Ular bilan olib borilgan nevrologik musiqiy terapiya bemorlar ahvolini ancha oʻnglashiga sabab boʻladi.
Nevrologik musiqiy terapiya (NMT) nima?
NMT — musiqadan foydalanib, miya bilan jismoniy mashqlarni parallel olib borishga qaratilgan terapevtik tadqiqotlar yoʻnalishi hisoblanadi.
Terapiya mexanizmi
Musiqa tinglovchini maʼlum ritmga “tushiradi”. Ong osti, eshitish va harakat tizimi birlashadi. Shu tariqa, musiqa yangrashi bemorning ritm ostida harakatlanishini osonlashtiradi.
Musiqiy terapiya chuqur taʼsir koʻrsatishi uchun, avstriyalik shifokor, davolovchi pedagog Karl Kyonig yondashuviga koʻra, bemorning oʻzi ham musiqa bilan parallel harakatda boʻlishi yaʼni kuylashi, biror asbob chalishi yoki musiqani oʻz harakatlarida namoyon eta bilishi lozim.
Mutaxassislarning fikriga koʻra, musiqiy terapiya boshqa davolovchi terapiyalarga xalal bermaydi. Anʼanaviy davolash kurslari esa musiqiy terapiyaga zarar keltirmaydi. Muolajalar koʻproq foyda berishi uchun quyidagi umumiy tavsiyalarni taklif qiladi:
· Davolovchi seanslar qabuli uchun erta tong yoki kechki payt samarali vaqt sanaladi;
· Tinchlantiruvchi va profilaktik seanslar esa bemor uchun qulay va maʼqul vaqtda oʻtkaziladi;
· Muolajadan oldin qorin toʻq boʻlishi muhim sanaladi. Biroq, meʼyordan koʻp tanovul tavsiya etilmaydi;
· Bemor maʼlum vaqt bir joyda boʻlishi inobatga olingan xolda, qulay kiyimda boʻlishi va qulay joylashib olishi kerak;
· Terapiyaning boshlangʻich bosqichida musiqa davomiyligi 20-30 daqiqadan oshib ketmasligi zarur. Keyingi bosqichlarida esa bemorni charchatib qoʻymaydigan darajada, taklif etilgan kompozitsiya vaqtini oshirib borish mumkin;
· Seanslar har kuni 3-4 soatdan kam boʻlmagan vaqt oraligʻida, 1-2-marta seans oʻtkazish tavsiya etiladi;
· Musiqa tovushining balandligi oʻrtachadan yuqori yoki past boʻlmasligi kerak.
Katta ehtimol, boshingiz ogʻrib turgan vaqtda oʻzingiz yoqtirgan qoʻshiqni tinglab, ogʻriqdan xalos boʻlgandek hislar sizga ham tanish boʻlishi kerak. Bu shunchaki vaqtinchalik chalgʻish emas, ilmiy isbotini topgan oʻrganish ekan.
Musiqa ohangiga qarab bemordagi ogʻriq susayishi yoki tezlashishi mumkinligi haqida bir necha tajriba va tasdiqlangan ilmiy izlanishlar mavjud. Masalan, 2011-yilda Salimpur rahbarligidagi guruh aʼzolari, yoqimli musiqa miyada dofamin garmonini ishlab chiqarishini koʻrsatdi. Dofamin — ogʻriq qoldiruvchi taʼsir xususiyatiga ega.
2009-yilda soha mutaxassisi Roya boshchiligidagi bir guruh olimlar, inson oʻzi yoqimli deb bilgan musiqani tinglaganida, tanadagi ogʻriqlari kamayishi, yoqimsiz musiqada esa aksincha, kuchayishini isbotlaydi. Uning taʼsiri bemor narkozda boʻlganida ham seziladi. Olimlar xulosasiga koʻra, muolajada bemorning oʻz tanlovi bilan jaranglaydigan kuy, shifokor tanlab, qoʻyib bergan kompozitsiyadan koʻproq foyda beradi.
Maqolada musiqaning davolashdagi ahamiyati haqida bir nechta manbalardan maʼlumotlar olindi. Lekin, taʼkidlanganidek natija boʻlishi uchun shifokor yoki psixolog tavsiyasi va nazorati muhim sanaladi. (Ushbu eslatmaning esa sevimli musiqangizni tinglab, zavqlanishingizga hech qanday ahamiyati yoʻq).
Muqaddas MUSAYEVA.
Oyina.uz
Til
Til
Ma’naviyat
Ma’naviyat
Adabiyot
Ma’naviyat
Til
Jarayon
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Tarix
Tarix
Din
San’at
//
Izoh yo‘q