Yozuvchi va dramaturg Anton Chexovning “Fikrni loʻnda ifoda etish isteʼdodning singlisidir” degan gapi bor. Insoniyatga asrlar davomida hamroh boʻlib kelayotgan “qanotli soʻzlar” mualliflari orasida ilm va ijod ahliga nisbatan siyosatchilar, davlat arboblari yetakchilik qiladi. Bugun ilm-fanda iqtibos sifatida keltiriladigan, oʻzaro suhbatlarda fikrimizni asoslash yoki loʻnda ifoda etish uchun qoʻllaydigan quyma fikrlar egalari ham koʻp hollarda aynan siyosatchilardir.
Sharqning muhtasham saroylarida ham, Qadimgi Rim imperatorlari qasrlari yoyinki Uygʻonish davrining Yevropa qirollari hukumatida ham uzundan-uzoq maʼruzalar hech qachon ragʻbat topmagan. Voqea va holatni obrazli va falsafiy, shu bilan birga xotiraga mixlaydigan qilib loʻnda ifoda etish, davr xarakteriga baho berish, siyosiy muxolifga munosib javob qaytarish siyosatchining eng zarur xislati, fazilati hisoblangan. Bu anʼana oʻrta asrlardan to bizning kunlarimizgacha siyosiy iqlim va muhitda muhim va muqim talab boʻlib keldi.
Oʻrta asrlar Fransiyasi hukmdori Lyudovik XIV davlat amaldorlarining axborotlari va takliflarini tinglab boʻlgach, “Men oʻylab koʻraman” deb bir ogʻiz gap aytgan, xolos. Ammo ushbu axborot yoki taklif mamlakat hayoti uchun foydali boʻlsa, uni oʻz qarorlarida aks ettirgan. Hukumat aʼzolari ilgari surilgan gʻoya va takliflar boʻyicha uzundan-uzoq tavsiya va tuzatishlarni emas, qirolning aniq qarorlarini koʻrishgan.
Soatlab maʼruzalar qilish amaliyoti va anʼanasi esa sobiq sovet ittifoqida kommunistlar tomonidan joriy etilgan. Kommunistlarning plenum, konferensiya, syezd, partiya-xoʻjalik faollari yigʻilishi deb atalgan mashvaratlarida gazetalarning toʻrt sahifasiga sigʻmaydigan maʼruzalar yangragan. Partiya va davlat rahbarining maʼruzalari toʻplanib, tom-tom kitoblarga aylangan. Mamlakatga yangi rahbar kelishi bilanoq bu kitoblar koʻzdan panaga olinib, makulaturaga topshirilgan. Buning aksi oʻlaroq, notiqlik mahorati va bir ogʻiz gap bilan butun bir davr yoki voqeaning mohiyatni ochib bergan, baholagan mashhur siyosat arboblarining fikrlari esa insoniyat tarixida qoldi.
“Zarur deb oʻylaganingdan ham kam gapir” – bu qoida hayotda hammaga asqotadi, ammo siyosatchilar uchun “temir qonun”ga aylanmogʻi zarur, deydi amerikalik siyosatshunos olim Robert Grin. Ayrim hukmdorlar oʻz maqsadi va maslagini faqat soʻz bilan emas, amaliy harakati bilan ham ifoda etish isteʼdodiga ega boʻlishgan. Rus podshosi Nikolay birinchi “faxr” bilan, “Yozuvchilarni shunday yoʻlga soldimki, ular nafaqat gap-soʻzlarim magʻzini chaqadigan, hatto oʻy-xayollarimni ham ilgʻab oladigan boʻlishdi”, degan.
XX asrning 60-yillari boshida shundoq “burnining tagida” eng ashaddiy raqibi sobiq SSSR homiyligi va siyosiy mafkurasiga mos davlat – Kuba paydo boʻlayotganini koʻrgan Amerika Fidel Kastroning inqilobiy hukumatini agʻdarish uchun qurolli ekspansiya uyushtiradi. Ammo bu urinish muvaffaqiyatsizlikka uchraydi. Shundan soʻng butun Amerika – Kongress, ommaviy axborot vositalari, siyosat va jamoat arboblari, keng jamoatchilik vakillari magʻlubiyatga oʻsha paytdagi prezident Jon Kennidini ayblashadi. Oʻsha vaqtda prezident alam bilan “Gʻalabaning ming bitta otasi bor, magʻlubiyat esa hamisha yetim” degan bugun ham koʻp qoʻllanadigan aforizm bilan javob qaytargan.
Jon Kennedi oʻzining bu gapini shunday sharhlagan: mabodo mazkur operatsiya gʻalaba bilan yakunlanganida edi, albatta, Kongress “Biz oʻz vaqtida qabul qilgan qonun va qarorlar tufayli”, OAV esa “Biz jamoatchilik fikrini vatanparvarlik oʻzaniga burganimiz uchun”, yana allaqanday siyosatchilar “Biz oʻz vaqtida prezidentga shunday toʻgʻri taklif va maslahat berganimiz uchun ana shunday natijaga erishdik” der, har biri oʻzini “Gʻalaba meʼmori” sifatida taqdim etgan boʻlurdi. Yaʼni gʻalabaning “ota”si boʻlishga daʼvogarlar koʻpayib ketardi. Magʻlub boʻlganimiz uchun endi butun Amerika jamiyatini “Bunga bizning biror aloqamiz yoʻq”, “Hammasiga faqat prezident aybdor” degan vasvasa qoplab oldi. Kennidining shu gapidan soʻng tanqidlar hovuri bosilib, aybdorni qidirish emas, qanday yoʻl tanlash lozimligi ustida bosh qotirish boshlangan.
AQShda qulchilik tizimini bekor qilgani bilan mashhur boʻlgan prezident Avram Linkolnning “Otlar kechuvda almashtirilmaydi” degan gapi ham tarix qatlaridan munosib joy olgan. 1860-yil 6-noyabr kuni Avraam Linkoln AQShning 16-prezidenti etib saylanadi. U Amerikada qulchilikni tugatish tarafdori edi. Shu bois mamlakatning janubidagi yirik quldorlar 1861-yil 4-fevral kuni Konfederatsiya tuzib, oʻzlarini mustaqil davlat deb eʼlon qilishadi va shimoliy shtatlarga qarshi urush boshlaydi. Bu tarixga fuqarolar urushi sifatida kirgan. 1862-yil 22-sentabr kuni barcha qullar ozod deb eʼlon qilinadi. 1864-yil prezidentlik saylovlarida Linkoln ikkinchi marta oʻz nomzodini qoʻyadi. Bu paytda hali fuqarolar urushi davom etar, janubiy shtatlardagi qullar ozodlikka chiqmagan edi. Bir soʻz bilan aytganda, Linkoln boshlagan ishlar hali oʻz nihoyasiga yetmagandi. Shu bois saylov jarayonida prezident Linkoln oʻzining ikkinchi marta saylanishi lozimligini “Otlar kechuvda almashtirilmaydi” deb bayonot berish bilan izohlagan. Natijada 1865-yil Linkoln boshchiligida shimoliy shtatlar, yaʼni AQShning qonuniy hukumati urushda gʻalaba qozonadi.
Napoleon hukumatida tashqi ishlar ministri boʻlib ishlagan Taleyranning nazokati, aql bovar qilmas zukkoligi va zakovati oldida tarbiya koʻrgan har qanday asilzoda bosh egardi. Haqiqatan ham, u oqsuyak nasabli, demokratiya va respublika tuzumi tarafdori boʻlishiga qaramasdan, qirollik saroyining eng latif odatlari, odobini oʻzida mujassam etgandi. Ana shu zakiy vazirning amerikaliklar hayotini yaxshi oʻrgangandan keyin aytgan “Amerikada yagona va umumiy sigʻinish vositasi – pul” iborasi hamon AQSh ijtimoiy hayoti tadqiqotchilari uchun timsol soʻz boʻlib qolmoqda.
Tarixdan maʼlumki, magʻlubiyatga uchrab, surgun qilingan Napoleon 1815-yili yana taxtga qaytishga muvaffaq boʻladi va yuz kun hukmronlik qiladi. Taxtni qayta egallagan Napoleon birinchi kundanoq Taleyranga tashqi ishlar vaziri lavozimini taklif qilib, Fransiyani magʻlubiyatga uchratgan ittifoqchi davlatlar bilan yarashuv sulhini tuzish uchun muzokara olib borishini soʻraydi. Lekin zodagon Taleyran uning allaqachon “siyosiy murda” ekanini yaxshi bilar, taxtni uzoq ushlab qololmasligini sezardi. Va bu taklifga “Imperator vaqtdan adashdi. Kechikdingiz”, deb javob qaytaradi. Chunki u 1806-1807 yillardayoq Rossiya, Angliya, Prussiya bilan muzokaralar olib borishni, Yevropada tinchlikni saqlab qolish kerakligini Napoleonga aytgan edi. Sobiq vazir bu gapi bilan muzokaralar vaqti allaqachon oʻtib ketganini, Napoleon katta xatoga yoʻl qoʻyganini imperatorga eslatib qoʻyadi.
Fransiya qiroli Lyudovik XIV (1638–1715) esa “Boʻshab qolgan biror lavozimga koʻpchilik amaldorlar qirol meni tayinlasa kerak, deb umid qilib yurishadi. Shu vaziyatda biror kishi ishga tasdiqlangandan soʻng ayni mansabga faqat oʻzini munosib deb bilgan yuzlab daʼvogarlar qalbida norozilik paydo boʻladi. Eng qizigʻi, lavozimga tayinlangan kimsa ham yaxshilik va muruvvatning qadriga yetmay, koʻpgina hollarda koʻrnamaklik qiladi. Boʻshab qolgan lavozimga kimnidir tayinlab, har safar yuzlab norozi va bitta yaxshilikni bilmaydigan koʻrnamak odamni dunyoga keltiraman”, deya yozib qoldirgan.
Siyosiy yetakchi uchun xalq kayfiyatini teran ilgʻash, odamlarning ruhiy holatini sezib turish muhim. Chunki ikkilanib turgan, maqsadi mubham odamlar bilan hech narsaga erishib boʻlmasligi ayon haqiqat. Ammo odamlar kayfiyatini, ruhiyatini oʻzgartiradigan, eng muhimi, inson yuragiga yetib borib, harakatga undaydigan yoniq soʻzni topib ayta olish faqat salohiyatli va tajribali yetakchigagina xos.
Jaloliddin SAFOYEV
Ta’lim-tarbiya
Til
Til
Tarix
Tarix
Falsafa
Til
Ta’lim-tarbiya
Jarayon
Tarix
Tarix
Tarix
Din
Adabiyot
//
1 Izoh
Erkinjon
06:01 / 01.01.1970
Jaloliddin Safoyevning "Qanotli so'zlar" degan kichik kitobchasi ham bor.