Adabiyot
Baʼzi filmlarni tomosha qilishimizga sabab aktyorlar jamoasi, syujeti yo janri boʻlsa, baʼzilariga ssenarist va rejissyor nomining oʻziyoq yetarli boʻladi. Oʻzbek kinematografiyasida shunday rejissyorlardan biri – Zulfiqor Musoqov. Haqiqatan ham, uning filmlari reklamasiga unchalik koʻp mablagʻ ajratilmaydi, chunki bu ism-familiyaning oʻzi piar. Misol uchun, kecha premyerasi boʻlib oʻtgan “Osmondagi bolalar 3” filmi taqdimotini minglab tomoshabin orziqib kutgani rost. Shu bilan birga, hadik ham bor edi. Chunki yigirma yil avval bizga eng toza tuygʻularni ulashgan, tabiiyligi, ich-ichimizga kirib boruvchi iboralari, qayta-qayta koʻrsak ham jonga tegmaydigan epizodlari bilan qadrdon boʻlib qolgan “Osmondagi bolalar”ning ulgʻayishi bu narsalarni parchalab yubormasmikin, degan xavotir oʻrmalardi koʻnglimizda. “Bu film ham oldingi qismlarning muvaffaqiyatini takrorlay olarmikin, axir jahon kino tarixida oz sonli rejissyorlargina bunga eplagan. Balki kinolarida kichik yumor bilan katta haqiqatlarni aytib ketuvchi maestro Musoqov yana bir karra qoyil qilar bizni”, derdim oʻzimga oʻzim.
Film syujeti toʻrt yigitning 20 yildan keyingi hayoti haqida hikoya qiladi: Hamdam oʻzi istagandek ssenaristga aylangan, biroq film suratga olishdagi muammolar oʻsha-oʻsha, balki kuchaygan ham. Sport treneri Javohirning esa “oʻtirib chiqqani” doim oyogʻidan chaladi. Shifokorlikni tanlagan Xurshid 20 yilki farzandsiz, otasi kabi boyib ketgan Baxtiyor esa Lolaga uylangan. Kartina oʻzlari kabi dardlari ham ulgʻaygan osmon bolalarining ana shu muammolari atrofiga qurilgan. Shuning uchunmi, ularni dabdurustdan tanishingiz qiyin boʻladi…
Ulgʻaygan va kinodan chiqib qolgan “Osmondagi bolalar”
Kino toʻrt doʻstning nahorgi osh uchun yoʻlga tushishi, ammo adashib boshqa toʻyxonaga borib qolishi bilan boshlanadi. Buni tushunib yetganda yigitlardagi oʻsha qadrdon “dovdirlik”ni koʻrib, yuzingizga beixtiyor tabassum yuguradi. Biroq bu dovdirlikka aslida ularning filmga kirishib ketolmagani sabab boʻlgani keyingi kadrlarda yaqqolroq namoyon boʻla boradi. Va bu kirishimsizlik film yakuniga qadar, hatto eng kulminatsion nuqtalarda ham boʻrtib koʻrindi. Ha, bolalar ulgʻaygan, endi ularda aktyorlik plastikasi, tuygʻulari va undanam yomoni xarakter, obrazlari yoʻqolib qolgan, afsuski. Bu narsa boshqa aktyorlarga ham yuqqandek butun film davomida siz voqealar ichiga kirib ketishga qancha harakat qilmang, nimadir, “bu – kino” deb turaveradi. Faqat bir nechta epizodlar, masalan, farzandsizlikdan qiynalayotgan Xurshid va xotiniga saratonga chalingan ayolning oʻz farzandini berib yuborish sahnasi tabiiy chiqqan. Bu yerda hech qanday zoʻrma-zoʻrakilik, yasamalik yoʻq. Voqelikni boricha koʻrsatadi rejissyor. Ammo shunga oʻxshash boshqa bir epizodda – Baxtiyor oʻgay qiziga uning otasi haqida gapirib berarkan, hech nimani his qilmaysiz. Balki rejissyorning oʻzi shuni istagandir, bilmadim, lekin menga bu yerda aktyorlik mahorati yetishmagandek tuyuldi. Musoqov qahramonlariga xos xarakter – personajlardagi biroz “oʻzbekona dovdirlik”, ayollardagi kutilmagan baqiriqlar, ensa qotishlarini bu filmda ham kuzatasiz. Ammo bir narsani aytib oʻtish kerakki, oʻttiz yillar ilgari “Abdullajon” filmida ham ishlatilgan bu suyumli, samimiy topildiqlar rejissyorning filmlarida oʻsib, boʻrtib, soxtalashib borayotgandek. Bir qarashda samimiyligi bilan yuzingizga tabassum yugurtiradigan bunday xarakterlar keyinroq oʻz vazifasini bajarmay qoʻyishidan xavotirdaman.
Ortiqcha epizodlar va oʻzbekcha zehniyat bilan yechilgan amerikacha muammo
Lolaning sobiq eri – Akromning qimorda bir dunyo pulni yutqazib qoʻyishi filmning tuguni boʻlib xizmat qilgan. Akrom buncha pulni topish uchun Amerika koʻchalari boʻylab izgʻiydi va oqibat yagona chora sifatida sobiq ayolining eridan pul undirish uchun Oʻzbekistonga keladi. Agar kartinada ham jarayon shu kabi juda tez va oddiy kechganida, rosti, tomoshabinga ancha oson boʻlardi. Chunki filmning ikkinchi yarmida bir nechta kadrdagina koʻrinib ketgan obrazga bu qadar koʻp oʻrin berilishi, asl qahramonlarni soyada qoldirgandek taassurot uygʻotadi kishida. Chindan ham, kadrlar juda tez almashgan kartinada Akromning Amerikadagi hayotiga ortiqcha urgʻu berilgan. Va shu jarayonda yana bir kamchilik eʼtiborimni tortdi. Allaqanday boy ishxonasining kattagina mablagʻini “uxlatgan” Bobur Yoʻldoshevni kuzatib yurish uchun tashkilot rahbarining davlat xavfsizlik xizmatida ishlaydigan qizi chaqiriladi. Davlat xodimi boʻlgan amerikalik ayol Akromning pulni topishiga imkon berishi, Oʻzbekistongacha izma-iz kelishi, uni qoʻlga olishi va bu jarayonda mansabini suiisteʼmol qilishi hayratlanarli tuyuldi menga. Nazarimda, bu yerda rejissyor amerikacha muammoga oʻzbekcha zehniyat bilan yechim topishga uringan. Ortiqcha kadrlar masalasiga qaytsak, film yakunidagi “indiyskiy” shou ham atay tiqishtirilgandek. Toʻgʻri, rejissyor nihoyat oʻzbek kinosi ham Bollivudni zabt etdi, degan mazmundagi gap bilan nimalarnidir taʼkidlashga uringan, ammo bu biz oʻrgangan mohirlik bilan qilinmagani sababmikin gʻashingizga tegadi.
Ssenariy…
“Osmondagi bolalar 3” filmi Zulfiqor Musoqovning shu vaqtgacha ishlagan asarlari aralashmasidek taassurot uygʻotadi kishida. Kinoni tomosha qilarkanmiz, sherigim, agar undan “Osmondagi bolalar 3” degan titr olib tashlansa, avvalgilarning davomi deya olmaysan, dedi. Chindan ham shunday, kartinani davom deb olsangiz, eski qahramonlarga film mobaynida juda kam vaqt berilgan. Goʻyo rejissyor jamiyatdagi, ijtimoiy hayotimizdagi oʻzi illat deb bilgan qusurlar haqidagi bor gapini toʻrtovlonning hayoti orqali yetkazib bermoqchi boʻlgan-u, natijada asl qahramonlarni esdan chiqarib, ortiqcha va keraksiz tafsilotlarga berilib ketgan. Natijada biz ularni his qilolmaymiz, avvalgidek yaxshi koʻrib qolmaymiz. Bunda hatto oʻsha tanish, sevimli musiqa ham yordam berolmaydi sizga, afsuski… Ha, bu jarayonda tomoshabinga baʼzi ishoralar qoldirib ketilgan. Masalan, film suratga olinish jarayonini olaylik. Kartinaning 1-2-fasllarida bu voqelik bor boʻyi bilan oʻsha davr kinematografiyasi nafasini ufurib turgani kabi, bu qismda ham bugungi oʻzbek kinosi jarayonlarini koʻrishingiz mumkin:
– Bu narsalar ssenariyda yoʻq-ku?!
– Shunaqasi Arslon Qoplonovichga yoqadi. Ssenariyni topshirdingmi, boʻldi, qolgani bilan ishing boʻlmasin…
Ssenariyda asosiy muammo sifatida koʻrsatilgan tugun osonlikcha yechilib ketadiki, siz buni hatto ilgʻamay ham qolishingiz mumkin. Shu sabab savol paydo boʻladi tomoshabinda: “Rejissyor nima demoqchi oʻzi? Hayotimizga, atrofdagi voqeliklarga biror munosabatmidi bu film, shunday boʻlsa qaysilariga? Yoki 20 yildan soʻng qayta uchrashuvda “Osmondagi bolalar”ning ham biz kabi tuygʻulari qolib, muammolari kattalashganini aytmoqchi edimi? Ular hamon oʻshandek ajralmas doʻstlar ekanini koʻrsatmoqchimidi yo? Bunga zarurat bormidi aslida? Filmni koʻrarkansiz, shunga yarasha javob beradigan biror detal, bir soʻz, bir kadr qidirasiz, ammo…
Darvoqe, detallar masalasida. Bir holat taʼbimga oʻtirishmadi, dedi tanish sanʼatshunos filmni muhokama qilarkanmiz. Hamdamning eʼtiborini tortgan yigit rus rejissyori Konchalovskiyning kitobini oʻqiyotgani koʻrsatildi. Holbuki, bugun uni dunyoda yuz berayotgan mudhish voqelikni oqlayotgan bir shovinist kimsa sifatida yangidan kashf etdik. Toʻgʻri, sanʼat boshqa, siyosat boshqa, biroq aynan Konchalovskiy-Mixalkovlar oilasi sanʼatni siyosatga aylantirishdi. Bunday paytda ijodkordagi gumanizm pozitsiyasi qalqib chiqishi kerak emasmi? Ulugʻ hamdardlik tuygʻusi Musoqovni muxlislik maqomidan ozod qilishi kerak emasmidi? Shu oddiy kadrda atrofimizda yuz berayotgan jarayonlarga Musoqovning eʼtiborsizligi yoki bu kabi haqiqatlarga beparvoligini koʻrgandek boʻldim... Oʻylanib qoldim, chindan ham, filmda shu kabi yana bir nechta siyosiy kadrlar, epizodlar ketgandek. Ammo balki ikkimizga ham shunday tuyulgandir, balki rejissyor ularni umuman boshqa mazmunda qoʻshgandir ssenariyga. Kim bilsin.
Yaxlit holda olganda esa, film bugun suratga olinayotgan kartinalarimiz oldida toʻyga boradi, qayta koʻrishli. Agarki, birinchi va ikkinchi qismlarini tomosha qilmagan boʻlsangiz, albatta. Chunki uchinchi qismdagi dublyaj, ssenariy, dialoglar, aktyorlik mahorati kabi kinoning muhim unsurlari sizni osmondan yerga tushirib qoʻyadi...
Premyeradan chiqqach, “Osmondagi bolalar 2” filmini qayta koʻrdik. Va shunda oʻtgan yigirma yil ichida oʻzbek kinosida juda koʻp narsalarni boy berganimiz haqida oʻyladim. Balki “Osmondagi bolalar 3” shu sabab ham parvoz qilolmagandir koʻz oldimizda. Ammo yaralangan boʻlsa-da, qushimizning parvoziga umidimiz bor hamon...
Feruza XAYRULLAYEVA
Adabiyot
Adabiyot
Til
Adabiyot
Adabiyot
Jarayon
Til
Jarayon
Tarix
Ta’lim-tarbiya
Tarix
Tarix
Din
San’at
//
Izoh yo‘q